Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

6-BOB

«Tangrining marhamati va qudratiga to‘lgan Stefan»

«Tangrining marhamati va qudratiga to‘lgan Stefan»

Oliy Kengash oldida jasorat ila shohidlik bergan Stefanning o‘rnagi

Havoriylar 6:8–8:3 ga asoslangan

1–3. a) Stefan qanday vaziyatga tushib qoldi va u o‘zini qanday tutdi? b) Qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz?

 STEFAN mahkama a’zolari oldida turibdi. Hoynahoy, Quddus ma’badi yaqinida joylashgan katta bir zalda 71 ta kishi yarim doira bo‘lib o‘tiribdi. Oliy Kengash Stefanni hukm qilish uchun yig‘ildi. U yerdagi hakamlar obro‘li va azimkor kishilar bo‘lib, ulardan ko‘pi Isoning bu shogirdini yomon ko‘radi. Hakamlarni yiqqan oliy ruhoniy Kayafa ham shu yerda. Bir necha oy oldin Isoni o‘limga mahkum etishganida, u Oliy Kengashda boshchilik qilgan. Qiziq, Stefan qo‘rqyaptimi?

2 Ayni paytda Stefanning yuz ifodasi o‘zgacha. Hayratda qolgan hakamlar unga qarab, «yuzi xuddi farishtaning yuziga» o‘xshab qolganini ko‘rishyapti. (Havor. 6:15) Farishtalar Alloh Yahovaning xabarini yetkazishgani uchun hech narsadan qo‘rqishmaydi, tinch va xotirjam bo‘lishadi. Stefan ham o‘zini shunday his qilyapti. Hatto undan nafratlangan hakamlar buni ko‘ryapti. Qanday qilib Stefan xotirjamlikni saqlay olyapti?

3 Bugungi kunda masihiylar bu savolning javobidan ko‘p narsani o‘rganishi mumkin. Avvaliga, Stefan bunday murakkab vaziyatga tushib qolganining sababini bilib olishimiz kerak. U imonini ilgari qanday himoyalagan? Qay yo‘sin unga taqlid qilishimiz mumkin?

«Ular xalqni... qo‘zg‘atishdi» (Havoriylar 6:8–15)

4, 5. a) Nega Stefan jamoatga yordam bera olgan? b) U «Tangrining marhamati va qudratiga to‘lgani» nimadan ko‘ringan?

4 Yaqinda tashkil topgan jamoatga Stefanning yordami tekkanini bilib oldik. Oldingi bobda u havoriylarga chin yurakdan va kamtarlik ila yordam bergan yetti kishidan biri bo‘lganini ko‘rdik. Xudo unga ato etgan qobiliyatlari haqida o‘ylasak, uning kamtarlik borasidagi o‘rnagi bizga yanada ko‘proq ta’sir qiladi. Ba’zi havoriylar kabi Stefan ham «alomat-u g‘aroyibotlar» sodir etgan. (Havor. 6:8) Ustiga-ustak, u «Tangrining marhamati va qudratiga to‘lgan». Bu nimani anglatadi?

5 «Tangrining marhamati» deb tarjima qilingan yunoncha ibora «Tangrining inoyati» deb o‘girilishi ham mumkin. Shubhasizki, Stefan mehribon va muloyim bo‘lgan. Shuning uchun odamlar unga talpinardi. Uning so‘zlari shunchalik ishonchli ediki, tinglovchilarning ko‘pi uning samimiyligida va aytgan gaplari qadr-qimmatli ekanida amin bo‘lardi. Stefan Yahovaning ruhi unga ta’sir qilishiga kamtarlik ila yo‘l qo‘ygani uchun qudratga to‘lgan edi. U ega bo‘lgan in’om-u qobiliyatlardan mag‘rurlanmasdi. Aksincha, barcha maqtovni Yahovaga yo‘naltirib, tinglovchilarga mehrini namoyon etardi. Ana shu bois dushmanlar uni xavfli deb hisoblagan!

6–8. a) Dushmanlar Stefanga nima deb tuhmat qilgan va nega? b) Nega Stefanning misoli biz uchun foydali bo‘lishi mumkin?

6 Ba’zilar o‘rnidan turib Stefan bilan bahslashgan, «ammo uning donoligiga va gapirayotganda uni boshqarib turgan muqaddas ruhga qarshi chiqa olishmadi» a. Oxiri kuchi yetmaganidan ular ba’zilar bilan «yashirincha... til biriktirib», Masihning bu beozor shogirdiga tuhmat qilishdi. Shuningdek, «ular xalqni, oqsoqollar va ulamolarni» qo‘zg‘atib, uni Oliy Kengashga sudrab ketishdi. (Havor. 6:9–12) Xullas, ular Stefanga tuhmat qilib, Xudoni va Musoni haqoratlaganlikda ayblashdi. Qay yo‘sin?

7 Ayblovchilar Stefan «muqaddas joy» — Quddusdagi ma’bad to‘g‘risida yomon narsalarni aytib, Xudoga qarshi gapiryapti deyishgan. (Havor. 6:13) Ularning so‘zlariga ko‘ra, Stefan Muso o‘rgatgan urf-odatlarni o‘zgartirib, Tavrotga qarshi gapirgan va Musoga hurmatsizlik ko‘rsatgan. Bu jiddiy ayblov bo‘lgan. Chunki o‘sha paytda yahudiylar uchun ma’bad, Tavrotning tafsilotlari va o‘zlari unga kiritgan ko‘p urf-odatlar katta ahamiyatga ega edi. Shunday qilib, Stefanga qarshi aytilgan ayblovlar u xavfli va o‘limga loyiq ekanini ko‘rsatib turardi!

8 Ming afsuski, Xudoning xizmatchilariga qarshilik ko‘rsatish uchun dindor kishilar bunday usullardan tez-tez foydalanishadi. Bugun ham dindor kishilar ba’zida hukumatni Yahovaning Shohidlariga qarshi qayrashadi. Xo‘sh, odamlar bizga tuhmat qilganda qanday yo‘l tutishimiz kerak? Bunda Stefandan o‘rnak olishimiz mumkin.

«Ulug‘vor Alloh» haqida jasorat ila shohidlik berish (Havoriylar 7:1–53)

9, 10. Stefan Oliy Kengashda aytgan gaplari borasida tanqidchilar qanday fikr bildirgan va biz nimani yodda tutishimiz kerak?

9 Yuqorida aytilganidek, Stefanga qarshi ayblovlar qo‘yilganda, u xotirjam bo‘lib turgan va yuzi xuddi farishtaning yuziga o‘xshab qolgan. Keyin Kayafa unga qarab: «Bu gaplar rostmi?» — deb so‘ragan. (Havor. 7:1) Shunda Stefanda gapirish imkoni tug‘ilgan va u g‘ayrat ila gapirgan!

10 Ba’zi tanqidchilarning so‘zlariga ko‘ra, Stefan ko‘p gapirganiga qaramay, unga qarshi qo‘yilgan ayblovlarga javob bermagan. Aslida esa xushxabar haqida so‘ragan har bir kishiga qanday «javob berish» borasida Stefan yaxshi o‘rnak ko‘rsatgan. (1 Butr. 3:15) Uni ma’badga qarshi gapirib, Xudoga va Tavrotga hurmatsizlik ko‘rsatayotganlikda ayblashganini unutmang. O‘shanda Stefan Isroil tarixidagi uchta davr haqida gapirgan va ba’zi tafsilotlarga e’tibor qaratgan. Keling, ularni birma-bir ko‘rib chiqaylik.

11, 12. a) Stefan Ibrohimning misolidan qanday foydalangan? b) Nega Stefan Yusufni tilga olgan?

11 Bobokalonlar davri. (Havor. 7:1–16) Stefan yahudiylar imoni uchun hurmat qilgan Ibrohim payg‘ambar haqida gapirishdan boshlagan. Stefan ularni o‘zaro bog‘laydigan umumiy fikrni topib, «ulug‘vor Allohimiz» Yahova O‘zini Ibrohimga Mesopotamiyada oshkor etganini ta’kidlagan. (Havor. 7:2) Aslini olganda, Ibrohim va’da qilingan yurtda musofir edi. U yashagan davrda na ma’bad, na Musoning Qonuni bo‘lgan. Shunday ekan, inson Xudoga sodiq qolishi uchun ma’bad bo‘lishi yoki qonunlar chiqarilishi kerak, deb hech kim ayta olmasdi.

12 Stefanni tinglaganlar Ibrohimning avlodi bo‘lmish Yusufni ham hurmat qilishardi. Biroq Stefan Yusufning akalari — Isroil qabilalarining otalari bu odil insonni ta’qib qilib, qullikka sotishganini eslatgan. Shunday bo‘lsa ham Alloh Yusuf orqali Isroil xalqini ocharchilikdan qutqarib qolgan. Shubhasizki, Stefan Yusufning va Isoning o‘rtasidagi o‘xshashlikni ko‘rgan. Lekin tinglovchilarning e’tiborini saqlab qolish uchun ularni solishtirmagan.

13. Stefan Muso to‘g‘risida gapirib, ayblovlar noto‘g‘ri ekanini qanday isbotlagan va qaysi haqiqatni ochib bergan?

13 Musoning davri. (Havor. 7:17–43) Stefan Muso to‘g‘risida ko‘p gapirib oqilona yo‘l tutgan, boisi Oliy Kengashning aksariyat a’zolari sadduqiylar bo‘lgan va ular faqat Tavrotni tan olgan. Esimizda bo‘lsa, Stefan Musoga hurmatsizlik ko‘rsatganlikda ayblangan. U Musoni va Tavrotni hurmat qilishini ko‘rsatib, ularning ayblovi noto‘g‘ri ekanini isbotlagan. (Havor. 7:38) Stefan Muso qutqarmoqchi bo‘lgan odamlar uni ham rad etishganini aytgan. Musoning yoshi 40 da bo‘lganida, ular undan voz kechishgan. 40 yildan ziyod vaqt o‘tgach, Isroil xalqi bir necha marta Musoning boshchilik qilish huquqini shubha ostiga qo‘ygan b. Shunday qilib, Stefan asta-sekin Xudoning xalqi borasida muhim bir haqiqatni ochib bergan: ular Tangri Yahova tayinlagan kishilarni qayta-qayta rad etishgan.

14. Stefan Muso payg‘ambarning misolini keltirib qanday fikrni tasdiqladi?

14 Stefan tinglovchilariga Muso Isroil xalqidan unga o‘xshagan payg‘ambar kelib chiqishini bashorat qilganini eslatdi. U kim bo‘lar ekan va uni qanday qabul qilishadi? Stefan bu savollarga javob bergan. Qolaversa, u yana bir muhim fikrni aytgan: Muso har qanday joy muqaddas bo‘la olishini bilib olgan. Buni Yahova unga yonayotgan buta ichidan gapirgan vaziyatdan ko‘rish mumkin. Demak, Yahova odamlar Unga faqat muayyan binoda, masalan, Quddusdagi ma’badda topinishini xohlaydimi? Keling, buni ko‘rib chiqamiz.

15, 16. a) Nega Stefan muqaddas chodir to‘g‘risida aytgan? b) Stefan Sulaymonning ma’badini tilga olib nimani ta’kidlagan?

15 Muqaddas chodir va ma’bad. (Havor. 7:44–50) Stefan mahkamada yana bir narsani eslatdi. Quddusda ma’bad qurilishidan oldin Muso Allohning amriga binoan muqaddas chodir — Xudoga topinish uchun qo‘llaniladigan va ko‘chirish mumkin bo‘lgan inshoot barpo etgan. Uni tinglaganlarning hech biri muqaddas chodir ma’baddan kamroq ahamiyatga ega, deb ayta olmasdi. Sababi, u yerda Muso Allohga topingan.

16 Keyinchalik, Sulaymon Quddusda ma’badni qurib bo‘lgach, ibodatida muhim bir fikrni aytgan. Stefan bunga o‘xshash fikrni aytgan: «Alloh Taolo inson qo‘li bilan yasalgan joyda yashamaydi». (Havor. 7:48; 2 Sol. 6:18) Yahova niyatlarini amalga oshirish uchun ma’baddan foydalanishi mumkin, lekin buni usiz ham qila oladi. Shunday ekan, Allohning xizmatchilari inson qurgan joyda, masalan, faqat ma’badda topinish mumkin, deb o‘ylamasliklari kerak. Stefan oxirida Ishayo kitobidan iqtibos keltirib, ta’sirli fikrni aytgan: «Osmon Mening taxtim, yer esa oyoq qo‘yadigan kursimdir. Shunday ekan, Men uchun qanday uy qura olasiz? — demoqda Yahova. — Qaysi joy Menga maskan bo‘la oladi? Bularning hammasini qo‘llarim bilan yaratmadimmi?» (Havor. 7:49, 50; Ishayo 66:1, 2)

17. a) Qay yo‘sin Stefan tinglovchilari noto‘g‘ri fikrda ekanini ko‘rsatgan? b) U yomon ish qilmaganini qanday isbotlagan?

17 Oliy Kengashga qarata aytgan so‘zlari bilan Stefan ayblovlar yolg‘on ekanini mohirona ko‘rsatib berdi, shunday emasmi?! U Yahova moslashuvchan bo‘lib, niyatini turli yo‘llar orqali bajara olishini ko‘rsatgan. U niyatini amalga oshirishiga hech qanday vaziyat yoki urf-odat to‘sqinlik qila olmaydi. Stefanning tinglovchilari Quddusdagi ko‘rkam ma’badni va Musoning Qonuniga insonlar qo‘shgan urf-odatlarni yaxshi ko‘rgan. Ammo ular Tavrotning asl mohiyatini va ma’badning maqsadini tushunmagan. Stefanning gaplari ortida jiddiy savol turgan: «Tavrot va ma’badni e’zozlashning eng yaxshi yo‘li Yahovaga itoatli bo‘lish emasmi?» Chindan ham, Stefanning gaplari u yomon ish qilmaganini tasdiqlagan, chunki u Yahovaga bo‘ysunish uchun jon kuydirgan.

18. Stefanga qanday taqlid qilishimiz lozim?

18 Stefanning nutqidan qanday saboq olishimiz mumkin? U Muqaddas Yozuvlarni yaxshi bilgan. Biz ham «haqiqat kalomini to‘g‘ri» yetkazishni istasak, uni puxta o‘rganishimiz lozim. (2 Tim. 2:15) Stefanga o‘xshab odamlar bilan muloyim bo‘lishimiz va ularga og‘ir botadigan gaplarni aytmasligimiz kerak. Uning tinglovchilari ashaddiy dushmanlar edi! Biroq Stefan ular uchun muhim bo‘lgan umumiy mavzuni topishga harakat qilgan. Ustiga-ustak, Stefan ularga hurmat ko‘rsatib, yoshi ulug‘ kishilarga «otalar» deb murojaat qilgan. (Havor. 7:2) Biz ham Allohning Kalomidagi haqiqatlarni «muloyimlik va kamoli ehtirom» bilan gapirishimiz kerak. (1 Butr. 3:15)

19. Stefan Oliy Kengash oldida Yahovaning hukmlari haqidagi xabarni qanday aytgan?

19 Ammo odamlarni xafa qilib qo‘yishdan qo‘rqish Xudoning Kalomidagi haqiqatlarni yetkazishdan bizni to‘xtatmasligi lozim. Qolaversa, boshqalarning ko‘nglini topish niyatida Yahovaning hukmlari to‘g‘risidagi xabarni yumshatmasligimiz darkor. Bunda Stefan biz uchun yaxshi o‘rnak. U Oliy Kengash oldida keltirgan barcha dalillar bag‘ritosh hakamlarni o‘zgartirmasligini tushungan. Shuning uchun u muqaddas ruh ta’siri ostida nutqining yakunida ular Yusuf, Muso hamda barcha payg‘ambarlarni rad etgan ota-bobolari kabi yo‘l tutishganini qo‘rqmasdan aytgan. (Havor. 7:51–53) Darhaqiqat, Oliy Kengashning bu hakamlari Muso va barcha payg‘ambarlar kelishini bashorat qilgan Masihni o‘ldirishgan. Ha, ular Musoning Qonuniga amal qilmay eng og‘ir gunohga qo‘l urishgan!

«Ey Hazratim Iso, hayotimni qo‘lingizga topshiryapman» (Havoriylar 7:54–8:3)

«Bu gaplardan ular nihoyatda g‘azablanib, tishlarini g‘ijirlata boshlashdi». (Havoriylar 7:54)

20, 21. Stefanning so‘zlari Oliy Kengashga qanday ta’sir qilgan va Yahova uni qay yo‘sin mustahkamlagan?

20 Stefan rad qilib bo‘lmaydigan haqiqatni aytganida, hakamlar g‘azabga mingan. Ular o‘zini yomon tutib, Stefanga qarshi tishlarini g‘ijirlata boshlashgan. Bu sadoqatli kishi Hazrati Iso bilan bo‘lganiday, unga ham rahm-shafqat ko‘rsatilmasligini anglab yetganga o‘xshaydi.

21 Yaqinda boshiga tushadigan narsalarga dosh berish uchun Stefan jasoratli bo‘lishi kerak edi. Shubhasizki, u Yahova mehr ila unga bergan vahiydan dalda olgan. Vahiyda Stefan Allohning ulug‘vorligini va Uning o‘ng tomonida turgan Isoni ko‘rgan! Stefan bu vahiy haqida gapirganda, hakamlar quloqlarini berkitib olishgan. Nima uchun? Boisi, bundan oldin Iso o‘sha mahkamada turib, Masih ekanini va yaqinda Otasining o‘ng tomonida bo‘lishini aytgan edi. (Mark 14:62) Stefan ko‘rgan vahiy buni tasdiqlagan. Ha, Oliy Kengash Masihga xiyonat qilib, uni o‘ldirgan! Hakamlar jamuljam bo‘lib Stefanga tashlanishgan va uni toshbo‘ron qilishgan c.

22, 23. Qaysi ma’noda Stefanning o‘limi Isonikiga o‘xshash edi va qay yo‘sin masihiylar u kabi Yahovaga ishona oladi?

22 Stefan o‘limi paytida Xo‘jayini Iso kabi xotirjam qalb bilan Yahovaga umid bog‘lagan va qotillarini kechirgan. Ehtimol, u hali ham vahiyda Inson O‘g‘lini Otasi bilan ko‘rgani uchun shunday deb aytgan: «Ey Hazratim Iso, hayotimni qo‘lingizga topshiryapman». Stefan Isoning: «Men tirilish va hayotdirman»,— degan daldali so‘zlarini eslagani shubhasiz. (Yuhan. 11:25) So‘ng u baland ovozda shunday degan: «Ey Yahova, ularni bu gunohi uchun jazolama». Bularni aytgach, u o‘lim uyqusiga ketgan. (Havor. 7:59, 60)

23 Shu yo‘sin, Stefan dushmanlar tomonidan o‘ldirilgan Masihning izdoshlaridan birinchisi sifatida Muqaddas Kitobda tilga olingan. (« Nega Stefanni azob chekkan masihiy desa bo‘ladi?» nomli 48-sahifadagi ramkaga qarang.) Afsuski, u oxirgisi bo‘lmagan. Bizning vaqtimizga qadar Yahovaning ba’zi sodiq xizmatchilari diniy va siyosiy fanatiklar hamda boshqa ashaddiy dushmanlar tomonidan o‘ldirilgan. Lekin Stefanga o‘xshab Yahovaga ishonsak bo‘ladi. Hozir Iso osmonda Shoh va Yahova unga ulkan kuch bergan. Sodiq izdoshlarini tiriltirishga unga hech nima to‘sqinlik qila olmaydi. (Yuhan. 5:28, 29)

24. Shoul Stefanning o‘limiga qanday hissa qo‘shgan va uning o‘limi masihiylarni nima qilishga undagan?

24 Shoul ismli yosh kishi bularning barini kuzatib turgan. U Stefanning o‘limini ma’qullab, toshbo‘ron qilganlarning kiyimlarini qo‘riqlab turgan. Ko‘p o‘tmay, uning o‘zi ham masihiylarni ta’qib qila boshlagan. Ammo Stefanning o‘limi uzoq vaqt mobaynida masihiylarga yordam bergan. Uning o‘rnagi tufayli ular o‘limigacha Xudoga sadoqatli qolgan. Bundan tashqari, Shoul — keyinchalik asosan Pavlus deb tanilgan — Stefanning o‘ldirilishida qatnashganidan rosa afsuslangan. (Havor. 22:20) Ha, u Stefanning o‘limiga hissa qo‘shgan, ammo keyinchalik: «Men ilgari shakkok, ta’qib qiluvchi va surbet bo‘lganman»,— deb tan olgan. (1 Tim. 1:13) Pavlus Stefanni va o‘sha kungi nutqini unutmagani aniq. U ba’zi nutq va maktublarda Stefan aytib o‘tgan mavzularni yoritib bergan. (Havor. 7:48; 17:24; Ibron. 9:24) Vaqt o‘tib, Pavlus «Tangrining marhamati va qudratiga to‘lgan» Stefanning imon va jasoratiga taqlid qilishni o‘rgangan. Biz ham uning o‘rnagiga ergashamizmi?

a Stefanga qarshi chiqqanlarning ayrimlari «Ozodlar ibodatxonasiga» mansub edi. Hoynahoy, ularni qachondir rimliklar asirlikka olib, keyin qo‘yib yuborishgan. Yoki ular yahudiy dinini qabul qilgan ozod etilgan qullar bo‘lishgan. Ba’zilari tarslik Shoul kabi Kilikiyadan bo‘lgan. Bu bayonotda Shoul Stefanga qarshi chiqa olmagan o‘sha kilikiyaliklar orasida bo‘lgan-bo‘lmagani haqida aytilmagan.

b Stefan aytgan ma’lumotlar, masalan, Musoga misrliklar tomonidan ta’lim berilgani, u yerdan birinchi marta qochib ketgani va Midiyonda qancha vaqt yashagani haqida Muqaddas Kitobning boshqa hech qayerida yozilmagan.

c Rim qonuniga ko‘ra, Oliy Kengash o‘limga mahkum qilish huquqiga ega bo‘lmaganga o‘xshaydi. (Yuhan. 18:31) Stefan o‘lim jazosiga qonunan mahkum etilmagan. Uni quturgan to‘da o‘ldirgan, deb aytish haqiqatga yaqinroq.