Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

21-BOB

«Men biron-bir insonning qoni to‘kilishida aybdor emas»man

«Men biron-bir insonning qoni to‘kilishida aybdor emas»man

Pavlusning xizmatdagi g‘ayrati va oqsoqollarga bergan maslahati

Havoriylar 20:1–38 ga asoslangan

1–3. a) Yevtix o‘lgan tunni tasvirlab bering. b) Pavlus nima qildi va bundan u haqda nimani bilib olyapmiz?

 PAVLUS Troasdagi ko‘p imondoshlar bilan boloxonada uchrashdi. U yerda Pavlus ancha vaqt davomida nutq so‘zladi, chunki ertasi kuni yo‘lga chiqishi kerak edi. Tun ham keldi. Boloxonada juda ko‘p moychiroqlar bor edi, shuning uchun havo yetishmasdi va juda issiq edi. Derazada Yevtix ismli bir bola o‘tiribdi. Pavlus gapirayotganda, Yevtix uxlab qolib, uchinchi qavatdan yiqilib tushdi.

2 Luqo tabib bo‘lgani uchun, ehtimol, birinchilardan bo‘lib ko‘chaga yugurib chiqdi va bolani ko‘rdi. Ularning qo‘lidan kelgan yagona bir narsa «uning o‘ligini ko‘tarish» edi, xolos. (Havor. 20:9) Biroq keyin mo‘jiza yuz berdi. Pavlus egilib, bolani quchoqladi va boshqalarga: «Vahima qilmanglar, u tirik»,— dedi. Pavlus Yevtixni tiriltirdi. (Havor. 20:10)

3 Bu hodisada Allohning kuchi namoyon bo‘ldi. Pavlusni Yevtixning o‘limida ayblab bo‘lmaydi. Ammo u o‘sha bolaning o‘limi tufayli bu muhim hodisa qayg‘uga aylanishini yoki kimningdir qoqinishiga sabab bo‘lishini xohlamagandi. Yevtixni tiriltirib, Pavlus imondoshlariga tasalli berdi va xizmatni davom ettira olishlari uchun ularni mustahkamladi. Pavlus boshqalarning hayotini juda muhim deb bilgani shubhasiz. Esimizga «Men biron-bir insonning qoni to‘kilishida aybdor emas[man]» degan so‘zlari kelyapti. (Havor. 20:26) Keling, bu borada Pavlusning o‘rnagi bizga qanday yordam berishi mumkinligini ko‘rib chiqaylik.

Pavlus «Makedoniyaga borish uchun yo‘lga chiqdi» (Havoriylar 20:1, 2)

4. Pavlus qanday og‘ir sinovni boshdan kechirdi?

4 O‘tgan bobdan bilib olganimizdek, Pavlus og‘ir sinovni boshdan kechirdi. Efesdagi xizmati tufayli anchagina g‘ala-g‘ovur ko‘tarildi. Tirikchiligi Artemidaga sig‘inish bilan bog‘liq zargarlar bu tartibsizliklarga aralashib qolgandi. Havoriylar 20:1 da aytilishicha, «g‘ala-g‘ovur bosilib qolgach, Pavlus shogirdlarni chaqirtirib, ularning ruhini ko‘tardi. So‘ng ular bilan xayrlashib, Makedoniyaga borish uchun yo‘lga chiqdi».

5, 6. a) Pavlus Makedoniyada qancha vaqt turgan bo‘lishi mumkin va u o‘sha yerdagi birodarlar uchun nima qilgan? b) Pavlus imondoshlariga qanday munosabatda bo‘lgan?

5 Makedoniyaga ketayotib, Pavlus Troasning dengiz portida to‘xtadi va bir muddat u yerda qoldi. Pavlus oldinroq Korinfga yuborilgan Titus u yerda unga hamroh bo‘lishiga umid qilgandi. (2 Kor. 2:12, 13) Lekin Titusning kelmasligi aniq bo‘lganda, Pavlus Makedoniyaga ketdi va u yerda, ehtimol, bir yilcha qolib, «ko‘pgina so‘zlar bilan shogirdlarga dalda berdi». (Havor. 20:2) a Oxiri Titus Makedoniyada Pavlusga hamroh bo‘ldi va Korinfliklarga yo‘llagan birinchi maktubiga ko‘rsatgan munosabati haqida yaxshi xabarlarni yetkazdi. (2 Kor. 7:5–7) Bu Pavlusni ularga yana bitta maktubni yozishga undadi. Bu Korinfliklarga yo‘llangan ikkinchi maktubdir.

6 Shunisi qiziqki, Luqo Pavlusning Efesdagi hamda Makedoniyadagi birodarlarni yo‘qlab borganini tasvirlaganda, ularning «ruhini ko‘tardi» va «dalda berdi» degan so‘zlarni qo‘llagan. Bu so‘zlar bilan u Pavlusning imondoshlariga bo‘lgan munosabatini naqadar aniq tasvirlagan-a! Boshqalarni mensimagan farziylardan farqli o‘laroq, Pavlus o‘sha qo‘ydek yuvosh imondoshlarini xizmatdosh deb hisoblagan. (Yuhan. 7:47–49; 1 Kor. 3:9) Hatto jiddiy pand-nasihat berganda ham, Pavlus ularga nisbatan munosabatini o‘zgartirmagan. (2 Kor. 2:4)

7. Nozirlar Pavlusning o‘rnagiga qanday taqlid qila olishadi?

7 Bugun ham oqsoqollar va tuman nozirlari Pavlusning o‘rnagiga taqlid qilishga intilishadi. Hatto jiddiy maslahat berganda ham ular yordamga muhtoj bo‘lganlarni mustahkamlash maqsadini ko‘zlashadi. Ular boshqalarni hukm qilishmaydi, aksincha, hamdard bo‘lib, ularga dalda berishadi. Tajribali tuman noziri shunday dedi: «Aksariyat birodar-u opa-singillar to‘g‘ri yo‘l tutishni istaydi, biroq ko‘pincha umidsizlik, qo‘rquv va o‘ziga yordam berish qo‘lidan kelmaslik hissini yengish uchun jon-jahdi bilan kurashadi». Nozirlar bunday imondoshlar uchun kuch manbaiga aylanishi mumkin. (Ibron. 12:12, 13)

«Unga qarshi fitna uyushtir»ishdi (Havoriylar 20:3, 4)

8, 9. a) Pavlusning Suriyaga ketish rejasi nega o‘zgardi? b) Yahudiylar Pavlusdan nega nafratlangan bo‘lishi mumkin?

8 Pavlus Makedoniyadan Korinfga yo‘l oldi b. O‘sha yerda u uch oy qolgach, Kenxreyaga borishni, so‘ng esa Suriyaga boradigan kemaga o‘tirishni rejalashtirgan edi. U yerdan Pavlus Quddusga borib, muhtoj birodarlarga xayr-ehsonlarni yetkazib berishi mumkin edi. (Havor. 24:17; Rim. 15:25, 26) c Ammo kutilmagan voqealar dastidan Pavlusning rejalari o‘zgardi. Havoriylar 20:3 da bayon etilishicha, «yahudiylar unga qarshi fitna» uyushtirishdi.

9 Yahudiylar Pavlusdan nafratlangani ajablanarli emas, chunki ular uni murtad deb hisoblashgandi. Bundan oldin, Pavlusning xizmati tufayli Korinf ibodatxonasida taniqli bo‘lgan Krisp Masihning izdoshi bo‘ldi. (Havor. 18:7, 8; 1 Kor. 1:14) Boshqa safar esa Korinfdagi yahudiylar Axaya viloyatining hokimi Gallion oldida Pavlusni ayblashgandi. Lekin Gallion bu ayblovlarni asossiz deb aytgandi. Shunda Pavlusning dushmanlari g‘azabga minishgandi. (Havor. 18:12–17) Ehtimol, Korinfdagi yahudiylar Pavlus yaqinda Kenxreyadan ketishini bilishgan, shuning uchun unga qarshi fitna uyushtirishga til biriktirishgan. Qiziq, u nima qilgan?

10. Pavlus Kenxreyaga bormay qo‘rqoqlik qildimi? Tushuntiring.

10 O‘zini va ishonib topshirilgan pulni himoya qilish uchun Pavlus Kenxreyaga bormasdan, yana Makedoniya orqali ketishni afzal ko‘rdi. Albatta, piyoda sayohat qilish ham xavfli edi. O‘shanda qaroqchilar yo‘l bo‘yida ko‘pincha pistirma qo‘yishardi. Hatto mehmonxonalar ham notinch edi. Ammo Pavlus Kenxreyada duch keladigan qiyinchiliklarga qaraganda, bu muammolarni yengish osonroq bo‘ladi deb hisoblagandi. Yaxshiyamki, u yolg‘iz o‘zi bo‘lmagandi. Ushbu va’zgo‘ylik safarida u bilan birga Aristarx, Gay, Sekund, Sopatr, Timo‘tiy, Tixik va Trofim bo‘lgandi. (Havor. 20:3, 4)

11. Masihiylar o‘zini himoyalash uchun qanday choralar ko‘rishadi va Iso bu borada qanday o‘rnak qoldirgan?

11 Hozir ham masihiylar Pavlus kabi xizmatda ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishadi. Ba’zi hududlarda ular guruh bilan yoki yakka o‘zi emas, hech bo‘lmaganda ikkitadan bo‘lib xizmat qilishadi. Quvg‘unlar payti haqida nima desa bo‘ladi? Masihiylar ta’qiblardan qochib qutulish ilojsiz ekanini tushunishadi. (Yuhan. 15:20; 2 Tim. 3:12) Shu bilan birga ular bila turib o‘zini xavf-xatarga solishmaydi. Keling, Isoning misolini ko‘rib chiqaylik. Bir kuni Quddusda dushmanlar uni toshbo‘ron qilish uchun qo‘llariga tosh olishganda, «u yashirinib, ma’baddan chiqib ketdi». (Yuhan. 8:59) Keyinchalik, yahudiylar uni o‘ldirmoqchi bo‘lishganda, «Iso yahudiylar orasida ochiqchasiga yurmaydigan bo‘ldi. U sahro yaqinidagi Efrayim nomli shaharga ketdi». (Yuhan. 11:54) Iso Xudoning irodasiga muvofiq bo‘lganda, o‘zini himoyalash uchun donolik ila ehtiyot choralarini ko‘rardi. Bugungi kunda ham masihiylar shunday yo‘l tutishadi. (Mat. 10:16)

Ular «rosa xursand bo‘lishdi» (Havoriylar 20:5–12)

12, 13. a) Yevtixning tirilishi imondoshlarga qanday ta’sir qildi? b) Muqaddas Kitobga asoslangan umid yaqinlaridan judo bo‘lganlarga qanday tasalli beryapti?

12 Pavlus va hamrohlari Makedoniyaga borishdi, keyin esa tarqalib ketganga o‘xshaydi. Hoynahoy, ular yana Troasda ko‘rishishdi d. Havoriylar 20:6 da: «Besh kunda Troasga yetib bordik»,— deb yozilgan e. Ushbu bobning boshida aytilganidek, o‘sha joyda Yevtix ismli yigit tiriltirilgan edi. Bu mo‘jizani ko‘rgan imondoshlar nimani his qilganini bir tasavvur qiling. Bayonotda ular «rosa xursand bo‘lishdi» deyilgan. (Havor. 20:12)

13 Tabiiyki, hozir bunday mo‘jizalar yuz bermaydi. Ammo yaqinlaridan judo bo‘lganlar Muqaddas Kitobga asoslangan tirilish umidi haqida eshitib «rosa xursand» bo‘ladi. (Yuhan. 5:28, 29) Bir o‘ylab ko‘ring, Yevtix nomukammal bo‘lgani uchun keyinchalik hayotdan ko‘z yumgandi. (Rim. 6:23) Biroq yangi dunyoda tiriladigan odamlar abadiy yashash imkoniga ega bo‘ladi! Qolaversa, Iso bilan birga osmonda boshqarish uchun tirilganlar boshqa o‘lmaydi. (1 Kor. 15:51–53) Hozirgi vaqtda moylangan masihiylarda ham, «boshqa qo‘ylar»da ham xursand bo‘lish uchun asosli sabab bor. (Yuhan. 10:16)

«El oldida hamda uyma-uy» (Havoriylar 20:13–24)

14. Pavlus Efesdagi oqsoqollar bilan Miletda uchrashib, ularga nima dedi?

14 Pavlus hamrohlari bilan Troasdan Assaga, so‘ng esa Mitilina, Xios, Samos va Miletga borishdi. Pavlus Hosil bayramigacha Quddusga yetib bormoqchi edi. Shuning uchun ham u o‘shanda Efesga kirib o‘tmadi. Ammo Pavlus Efesdagi oqsoqollar bilan gaplashmoqchi bo‘lgani bois, ulardan Miletda uchrashishni iltimos qildi. (Havor. 20:13–17) Ular yetib kelishganda, Pavlus quyidagilarni aytdi: «Osiyo viloyatiga qadam bosgan kunimdan buyon men doimo sizlar bilanman. Yahudiylar uyushtirgan fitna dastidan ko‘z yoshlar to‘kib, sinovlarga duch kelib, kamtarlik bilan Rabbimizga qulday xizmat qilib keldim. Foydali bo‘lgan hech bir narsadan sizlarni mahrum qilmay, deb el oldida hamda uyma-uy yurib ta’lim berish fursatini boy bermadim. Yahudiylar ham, yunonlar ham tavba qilib Xudoga qaytishsin va Hazratimiz Isoga ishonishsin, deya men ularga keng shohidlik berdim». (Havor. 20:18–21)

15. Uyma-uy va’z qilishning afzalliklari qanday?

15 Bugungi kunda odamlarga xushxabarni yetkazish usullari ko‘p. Biz ham Pavlus kabi odamlar bor bo‘lgan joylarga, jumladan, bekatlar, serqatnov ko‘chalar va bozorlarga borishga harakat qilamiz. Biroq Yahovaning Shohidlari asosan uyma-uy va’z qilishadi. Nega, deysizmi? Birinchidan, uyma-uy va’z qilish barcha insonlarga Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xushxabarni doim eshitib turish imkonini beradi va shu yo‘sin, Alloh odam tanlamasligini namoyon etadi. Ikkinchidan, bu usul tufayli samimiy insonlarga alohida yordam ko‘rsatiladi. Uchinchidan, uyma-uy va’z qilish orqali imonimizni mustahkamlaymiz va yanada bardoshli bo‘lamiz. Darhaqiqat, «el oldida hamda uyma-uy» g‘ayrat ila va’z qilish Masihning haqiqiy izdoshlarini boshqalardan ajratib turadi.

16, 17. Pavlus hech narsadan qo‘rqmasligini qanday ko‘rsatdi va bugungi kunda masihiylar unga qanday taqlid qilyapti?

16 Pavlus Efesdagi oqsoqollarga Quddusda uni qanday xavf-xatarlar kutayotganini bilmasligini tushuntirdi. U shunday dedi: «Biroq men sira ham jonimni ayamayman. Faqat Allohning inoyati to‘g‘risidagi xushxabarni aytish orqali keng shohidlik berish uchun, shu masofani yugurib o‘tsam va Hazrati Isodan olgan xizmatimni oxirigacha yetkazib qo‘ysam bas». (Havor. 20:24) Pavlus jasoratli bo‘lib, uni hech narsa — yomon sog‘lik yoki shiddatli quvg‘un xizmatini ado etishga xalaqit berishiga yo‘l qo‘ymagan.

17 Hozir ham masihiylar turli qiyinchiliklarni boshdan kechiryapti. Ba’zilari hukumat tomonidan taqiq va qarshiliklarga yo‘liqyapti. Boshqalari esa og‘ir jismoniy yoki hissiy dard bilan chidam ila kurashyapti. Yosh masihiylar maktabda tengdoshlarining bosimiga duch kelyapti. Ha, Yahovaning Shohidlari har qanday vaziyatda Pavlus singari sabot-matonatni namoyon etishyapti. Ular «xushxabarni aytish orqali keng shohidlik berish»ga qat’iy qaror qilishgan.

«O‘zingizga va butun suruvga diqqat qilinglar» (Havoriylar 20:25–38)

18. Pavlus biron-bir insonning qoni to‘kilishida aybdor bo‘lmaslik uchun nima qilgan va Efesdagi oqsoqollar undan qanday o‘rnak olishi mumkin edi?

18 Keyin Pavlus o‘zini misol qilib, Efesdagi oqsoqollarga ochiq-oydin maslahat berdi. Dastlab, ular bilan, hoynahoy, oxirgi marta ko‘rishayotganini aytdi. So‘ng esa: «Men biron-bir insonning qoni to‘kilishida aybdor emasligimga bugun guvoh bo‘lishingizni istayman»,— dedi. Qiziq, bu oqsoqollar insonlarning qoni to‘kilishida aybdor bo‘lmay, Pavlusga qanday taqlid qila olishardi? U shunday dedi: «O‘zingizga va butun suruvga diqqat qilinglar. Sizlar, Xudo O‘z O‘g‘lining qoni evaziga sotib olgan jamoatga cho‘ponlik qilish uchun, muqaddas ruh orqali shu suruv ichida nozir etib tayinlangansizlar». (Havor. 20:26–28) Pavlus masihiylarni orasiga «yirtqich bo‘rilar» kirishi va ular «shogirdlarni ortidan ergashtirish uchun noto‘g‘ri ta’limotlarni» tarqatishi haqida ogohlantirdi. Xo‘sh, oqsoqollar nima qilishi kerak edi? Pavlus ularni quyidagicha ogohlantirdi: «Hushyor bo‘linglar. Men uch yil mobaynida kecha-yu kunduz tinmay har biringizga ko‘z yoshlar bilan nasihat qilganimni yodda tutinglar». (Havor. 20:29–31)

19. Birinchi asrning oxirida murtadlik qanday paydo bo‘ldi va keyinchalik bu nimaga olib keldi?

19 «Yirtqich bo‘rilar» birinchi asrning oxirida paydo bo‘ldi. Taxminan mil. 98-yili havoriy Yuhanno shunday deb yozgan: «Hatto hozir ko‘p dajjollar paydo bo‘lgan... Ular bizning oramizdan chiqishgan, ammo biz kabi emasdilar. Axir biz kabi bo‘lishganida edi, biz bilan qolishardi». (1 Yuhan. 2:18, 19) Uchinchi asrga kelib murtadlik keng yoyilishi oqibatida xristian olamining ruhoniylar tabaqasi yuzaga keldi va to‘rtinchi asrda imperator Konstantin bu soxta «xristian» dinini rasmiylashtirdi. Butparastlarning rasm-rusumlarini qabul qilish va ularni «xristian» diniga moslashtirish orqali din peshvolari chindan ham «noto‘g‘ri ta’limotlarni» tarqatardi. O‘sha murtadlikning ta’siri hozirgacha xristian olamining urf-odatlarida aks etyapti.

20, 21. Pavlus fidoyilik ruhini qanday namoyon etgan va oqsoqollar bu borada unga qanday taqlid qila olishadi?

20 Pavlus keyinchalik suruvga hokimlik qila boshlagan kishilardan farq qilardi. U jamoatdagilarga og‘ir yuk bo‘lishni xohlamay, o‘zi ishlardi. Pavlus birodarlarga xizmat qilib, ular pul berishini kutmasdi. U Efesdagi oqsoqollarni fidoyilik ruhini namoyon etishga chorlardi. Pavlus ularga shunday degan: «Bunday mehnat qilib, muhtojlarga yordam berishingiz kerakligini men sizlarga har sohada ko‘rsatganman. Shuningdek, Hazratimiz Isoning: “Olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta”,— degan so‘zlarini unutmasligingiz lozim». (Havor. 20:35)

21 Bugungi kunda ham oqsoqollar Pavlus kabi fidoyilik ruhini namoyon etishyapti. O‘z suruvini talon-toroj qilayotgan xristian olamining ruhoniylaridan farqli o‘laroq, Alloh tomonidan «jamoatga cho‘ponlik qilish uchun» tayinlangan kishilar o‘z vazifalarini xolisona bajaryapti. Masihiylar orasida mag‘rurlik va manmanlikka o‘rin yo‘q, zero «o‘ziga sharaf izlagan» insonlar oxir-oqibat muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. (Hik. 25:27) Ha, manmanlik sharmandalikka olib keladi. (Hik. 11:2)

«Barchasi zor yig‘lagan». (Havoriylar 20:37)

22. Nega Pavlus Efesdagi oqsoqollar uchun qadrli bo‘lib qolgan?

22 Pavlus birodarlarga chin sevgi namoyon etgani tufayli ular uchun qadrli bo‘lib qoldi. Shu sababli u bilan xayrlashish vaqti kelganda, «barchasi zor yig‘lagancha Pavlusni quchoqlab mehr ila o‘pishardi». (Havor. 20:37, 38) Pavlus kabi, suruvning foydasi uchun vaqt hamda kuchini sarflaydigan fidoyi oqsoqollarni masihiylar juda qadrlaydi. Pavlusning ajoyib o‘rnagini ko‘rib chiqib, u «biron-bir insonning qoni to‘kilishida aybdor emas»ligini aytganida, maqtanmagan va bo‘rttirib gapirmagan deb aminlik bilan ayta olamiz. (Havor. 20:26)

a « Pavlus Makedoniyadan yo‘llagan maktublar» nomli ramkaga qarang.

b Hoynahoy, Pavlus Korinfga bu safar kelganda, Rimliklarga yo‘llangan maktubni yozgan.

c « Pavlus xayr-ehsonlarni yetkazib beryapti» nomli 169-sahifadagi ramkaga qarang.

d Havoriylar 20:5, 6 da Luqo birinchi shaxs nomidan yozgani u Filippida Pavlus bilan yana uchrashganiga ishora qilyapti, sababi bundan avval Pavlus uni muayyan muddatga qoldirib ketgan edi. (Havor. 16:10–17, 40)

e Filippidan Troasga borish uchun besh kun ketgandi. Hoynahoy, bu safar qattiq shamol esgan, chunki bundan oldin xuddi shunday sayohatga bor-yo‘g‘i ikki kun ketgandi. (Havor. 16:11)