Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

22-BOB

«Mayli, Yahova xohlaganiday bo‘lsin»

«Mayli, Yahova xohlaganiday bo‘lsin»

Pavlus Xudoning irodasini bajarishga qaror qilib, Quddusga yo‘l oladi

Havoriylar 21:1–17 ga asoslangan

1–4. Pavlus nega Quddusga yo‘l oldi va u yerda uni nima kutardi?

 MILET SHAHRIDAGI xayrlashuv juda ta’sirli. Pavlus bilan Luqo efeslik oqsoqollarga bog‘lanib qolgani uchun, ulardan ayrilish oson emasdi. Bu ikkita va’zgo‘y kemada turibdi. Ular sayohat uchun kerak bo‘lgan barcha narsaga ega. Shuningdek, ular Yahudiyadagi muhtojlikda bo‘lgan masihiylar uchun yig‘ilgan xayr-ehsonlarni olib ketishyapti. Ular bu hadyani eson-omon yetkazib berishmoqchi.

2 Yengil shabada yelkanlarini to‘ldirgan kema g‘ala-g‘ovur sohildan uzoqlashyapti. Bu ikki kishi va yettita hamrohi sohilda turgan birodarlarning ma’yus chehralariga qarab turibdi. (Havor. 20:4, 14, 15) Ular sohilda turgan do‘stlari ko‘zdan g‘oyib bo‘lmaguncha qo‘l silkitib xayrlashyapti.

3 Deyarli uch yil mobaynida Pavlus Efesdagi oqsoqollar bilan hamkorlik qilgan. Ammo u muqaddas ruhning boshqaruvida Quddusga ketdi. U yerda uni nimalar kutayotganini oz-moz biladi. Bundan oldin u o‘sha oqsoqollarga shunday degandi: «Muqaddas ruhning boshqaruviga itoat qilib Quddusga ketyapman. U yerda boshimga nimalar tushishini bilmayman. Lekin shuni bilamanki, shaharma-shahar yurganim sayin meni qamoq va qayg‘u-alamlar kutyapti. Bu haqda muqaddas ruh meni qayta-qayta ogohlantiryapti». (Havor. 20:22, 23) Xavf-xatarga qaramay, Pavlus «muqaddas ruhning boshqaruviga» itoat qilib, Quddusga borish haqidagi yo‘l-yo‘riqqa amal qilishi muhim ekanini tushungan va jon deb u yerga borgan. Albatta, u o‘z hayotini qadrlagan, biroq Allohning irodasini bajarish u uchun hamma narsadan ustun bo‘lgan.

4 Pavlusning tuyg‘ulari sizga tanishmi? O‘zimizni Yahovaga bag‘ishlaganimizda, Uning irodasini bajarish biz uchun hamma narsadan ustun bo‘lishiga va’da beramiz. Sadoqatli havoriy Pavlusning misolini ko‘rib chiqish juda foydalidir.

«Kipr orolini» yonlab o‘tishdi (Havoriylar 21:1–3)

5. Pavlus va uning hamrohlari Tirga qaysi yo‘l bilan ketishdi?

5 Pavlus va uning hamrohlari o‘tirgan kema «to‘g‘ri» Kos oroliga suzib ketdi, shamol yordamida ular o‘sha kunning o‘zida u yerga yetib borishdi. (Havor. 21:1) Hoynahoy, kema langar tashlab, keyingi kuni Rodos hamda Pataraga yo‘l oldi. Kichik Osiyoning janubiy qirg‘og‘idagi Patara shahrida birodarlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Finikiyaning Tir shahriga olib boradigan yuk kemasiga o‘tirishdi. Ular «Kipr orolini» chap tomondan yonlab o‘tishdi. (Havor. 21:3) Qiziq, Havoriylar kitobini yozgan Luqo nega bu haqda batafsil yozgan?

6. a) Pavlus Kipr orolini ko‘rganda nega ko‘ngli ko‘tarilgan bo‘lishi mumkin? b) Yahova sizga baraka berib, ko‘maklashgani borasida o‘ylash sizni nima qilishga undayapti?

6 Pavlus bu orolga ishora qilib, u yerda nimalarni boshdan kechirganini aytib bergandir. Bundan taxminan to‘qqiz yil oldin, birinchi va’zgo‘ylik safarida Pavlus hamrohlari Barnabo va Mark deb atalgan Yuhanno bilan va’zgo‘ylik ishiga qarshilik ko‘rsatgan sehrgar Elimoni uchratishgan. (Havor. 13:4–12) Ehtimol, bu orolni ko‘rganida va u yerda nima bo‘lganini eslaganida, Pavlusning ko‘ngli ko‘tarilib, bo‘lajak sinovlarni qarshi olish uchun kuchga to‘lgandir. Biz ham sinovlar paytida Xudo bizga qanday baraka bergani va bardoshli bo‘lishimizga ko‘maklashgani to‘g‘risida fikr yuritsak yaxshi bo‘lardi. Bu o‘zimizni quyidagilarni yozgan Dovud kabi his qilishimizga ko‘maklashadi: «Odil kishi ko‘p qiyinchiliklarga duch keladi, ammo Yahova ularning baridan uni xalos qiladi». (Zab. 34:19)

«Biz shogirdlarni izlab» topdik (Havoriylar 21:4–9)

7. Birodarlar Tirga yetib kelgach, nima qilishdi?

7 Pavlus imondoshlari bilan muloqot qilishni juda qadrlagan va xursand bo‘lib birga vaqt o‘tkazgan. Luqo bayon etishicha, u va boshqalar Tirga yetib kelishgach, «shogirdlarni izlab» topishdi. (Havor. 21:4) Ular Tirda masihiylar borligini bilgani uchun ularni izlab topib, uylarida mehmon bo‘lib qolgandir. Haqiqatni bilganimizning ulkan barakalaridan biri — imondoshlarimiz. Qayerga borishimizdan qat’i nazar, bizni quchoq ochib qarshi oladigan birodar-u opa-singillarni topa olamiz. Ha, Xudoni yaxshi ko‘radigan va Unga topinadigan insonlarning butun dunyo bo‘ylab do‘stlari bor.

8. Havoriylar 21:4 ni qanday tushunsa bo‘ladi?

8 Tirda o‘tkazgan yetti kuni borasida Luqo bir qarashda g‘alati bo‘lib tuyuladigan voqeani bayon etdi: «Ular [Tirdagi birodarlar] muqaddas ruh ta’sirida Pavlusga qayta-qayta Quddusga bormaslikni aytishdi». (Havor. 21:4) Qiziq, Yahova fikridan qaytdimi? Bu Yahova Pavlus Quddusga borishini xohlamayotganini anglatarmidi? Yo‘q. Muqaddas ruh Pavlusning Quddusga bormasligini emas, aksincha, u Quddusda azob chekishiga ishora qilgan. Tirdagi birodarlar, hoynahoy, muqaddas ruh yordamida to‘g‘ri xulosaga kelishgan, ya’ni Pavlus Quddusda azob chekishini tushunishgan. Shuning uchun ham ular Pavlus haqida qayg‘urib, u yerga bormaslikni iltimos qilishdi. Ularning uni xavf-xatardan himoya qilish istagini tushunsa bo‘ladi. Ammo Pavlus Yahovaning irodasini bajarishga qat’iy qaror qilib, Quddusga ketdi. (Havor. 21:12)

9, 10. a) Pavlus Tirdagi birodarlarning so‘zlarini eshitganda, nimani eslagan bo‘lishi mumkin? b) Hozir odamlar qanday yashashni xohlaydi va ularning hayoti Iso aytganidan nimasi bilan farq qiladi?

9 Pavlus birodarlarning so‘zlarini eshitganda, Iso ham Quddusga borishi, u yerda ko‘p azob chekishi va o‘ldirilishi haqida shogirdlariga aytganida, xuddi shunday vaziyatda bo‘lganini eslagandir. O‘shanda Butrus his-tuyg‘ularga berilib Isoga shunday degan: «O‘zingizga rahm qiling, Hazratim. Bu ko‘rgiliklar zinhor boshingizga tushmasin». Iso esa unga: «Yo‘qol ko‘zimdan, Shayton! Sen menga to‘sqinlik qilib, Xudo kabi emas, insonlarday fikr yurityapsan»,— deb javob bergan. (Mat. 16:21–23) Iso Xudoning irodasini bajarishga qat’iy qaror qilgan va hayotini bunga bag‘ishlagan. Pavlus ham shunday nuqtai nazarda edi. Tirdagi birodarlar Butrus kabi unga faqat yaxshilik tilashgani shubhasiz, lekin Xudoning irodasi nimadan iborat ekanini tushunishmagan.

Isoga ergashish uchun fidoyilik talab etiladi

10 O‘ziga rahm qilish va eng oson yo‘ldan yurish hozir keng tarqalgan. Umuman olganda, odamlar o‘ziga qulay bo‘lgan va ulardan ko‘p narsani talab qilmaydigan dinni qidirishga moyil. Iso esa umuman boshqacha tarzda fikrlashga undagan. U shogirdlariga quyidagicha degan: «Kimki mening ortimdan yurishni istasa, o‘zidan kechsin va o‘zining azob ustunini ko‘tarib, menga ergashib yursin». (Mat. 16:24) Isoga ergashish oqilona va to‘g‘ri, ammo bu oson emas.

11. Tirdagi birodarlar sevgisi-yu g‘amxo‘rligini Pavlusga qay yo‘sin namoyon etishdi?

11 Ko‘p o‘tmay, Pavlus, Luqo va ularning hamrohlari yo‘lga chiqishi kerak. Birodarlarning xayrlashgani juda ta’sirli tarzda bayon etilgan. Ko‘rinib turganiday, Tirdagi birodarlar Pavlusni yaxshi ko‘rib, uni xizmatda qo‘llab-quvvatlash uchun jon kuydirishgan. Erkaklar, ayollar va bolalar Pavlusni hamda uning hamrohlarini sohilgacha kuzatib qo‘yishdi. Hammasi tiz cho‘kib ibodat qilgach, xayrlashib ketishdi. Keyin Pavlus, Luqo va ularning hamrohlari boshqa kemaga o‘tirib, Ptolemey shahriga kelishdi va birodarlar bilan uchrashib, ularnikida bir kun qolishdi. (Havor. 21:5–7)

12, 13. a) Filip xizmat qilishda qanday o‘rnak qoldirgan? b) Xudojo‘y otalar Filipga qay yo‘sin taqlid qila olishadi?

12 So‘ng Luqo xabar berishicha, Pavlus va uning hamrohlari Kesariyaga ketishdi a. U yerda ular «xushxabar voizi Filipning uyiga borib, unikida» qolishdi. (Havor. 21:8) Ular Filip bilan ko‘rishganidan xursand bo‘lgani shubhasiz. Taxminan 20 yil avval Quddusda havoriylar uni yangi tashkil etilgan jamoatda kundalik rizq-ro‘zni taqsimlashga tayinlagandi. Filip ancha yillardan beri xushxabarni g‘ayrat ila va’z qilardi. Esingizda bo‘lsa, Quddusda shiddatli quvg‘unlar dastidan shogirdlar tarqab ketishganida, Filip Samariyaga borib, xushxabarni va’z qila boshladi. Keyinchalik, u habashistonlik amaldorga va’z qilib, uni suvga cho‘mdirgandi. (Havor. 6:2–6; 8:4–13, 26–38) Ha, u sadoqatli bo‘lib xizmat qilgan!

13 Filip xizmatda g‘ayratini so‘ndirmagan. U Kesariyada o‘rnashib, va’zgo‘ylikda faol qatnashgani uchun Luqo uni «xushxabar voizi» deb atagan. Bundan tashqari, uning to‘rtta qizi bo‘lganini va ular bashorat qilishganini bilib olyapmiz. Demak, ular otasidan o‘rnak olishgan. (Havor. 21:9) b Filip uyidagilarining ma’naviyligini mustahkamlash uchun anchagina ter to‘kkan bo‘lsa kerak. Bugun ham xudojo‘y otalar Filip kabi farzandlariga xizmatda yaxshi o‘rnak ko‘rsatib, va’zgo‘ylik ishiga mehr bog‘lashga ko‘maklashishsa, oqilona yo‘l tutgan bo‘lishadi.

14. Pavlus imondoshlarnikiga borganda nimalar bo‘lgan va biz unga qanday taqlid qila olamiz?

14 Pavlus qayerga bormasin, imondoshlarni izlab topib, ular bilan vaqt o‘tkazardi. Shubhasizki, mahalliy birodarlar bu g‘ayratli va’zgo‘yga va uning hamrohlariga quvonch ila mehmondo‘stlik ko‘rsatishardi. Bunday uchrashuvlar ularga o‘zaro dalda bergani turgan gap. (Rim. 1:11, 12) Hozir ham bu kabi mehmondo‘stlikni ko‘rsatish imkoniyatlari bor. Qanchalik oddiy sharoitlarda yashashimizdan qat’i nazar, uyimizda tuman nozirlarini va ularning xotinlarini qabul qilsak, ko‘pgina foyda olamiz. (Rim. 12:13)

«O‘lishga ham tayyorman» (Havoriylar 21:10–14)

15, 16. Agav qanday xabar bilan keldi va bu tinglovchilarga qanday ta’sir qildi?

15 Pavlus Filipning uyida bo‘lganida, Agav ismli obro‘li bir mehmon keldi. Unikida yig‘ilganlar Agav payg‘ambar ekanini bilishgan. U Klavdiy boshqargan davrda yuz bergan ocharchilikni bashorat qilgandi. (Havor. 11:27, 28) Ehtimol, ular: «Agav nega keldi? U qanday xabar olib keldi?» — deb bosh qotirgandir. Ularning butun diqqati bu payg‘ambarda. U esa Pavlusning belbog‘ini oldi. U uzun matoga o‘xshardi va belga taqilib, ichiga pul hamda boshqa narsalar solish mumkin edi. Agav bu belbog‘ bilan o‘zining oyoq-qo‘llarini bog‘lab, muhim fikrni aytdi: «Muqaddas ruh menga shunday demoqda: “Yahudiylar Quddusda bu belbog‘ning egasini xuddi shunday bog‘lab, o‘zga xalqlarning qo‘liga topshirishadi”». (Havor. 21:11)

16 Bu bashorat Pavlus Quddusga borishini tasdiqlardi. Bundan tashqari, ushbu bashorat u yahudiylar dastidan «o‘zga xalqlarning qo‘liga» topshirilishiga ishora qilardi. Bu bashorat o‘sha yerdagilarning barini hayratda qoldirdi. Luqo shunday yozgan: «Buni eshitib, biz va mahalliy birodarlar Pavlusdan Quddusga bormaslikni o‘tinib so‘radik. Pavlus bunga javoban: “Bu nima qilganingiz? Axir yig‘lab yuragimni ezib yubordingizlar-ku. Men Hazratimiz Isoning ismi uchun nafaqat zanjirband bo‘lishga, balki o‘lishga ham tayyorman”,— deb aytdi». (Havor. 21:12, 13)

17, 18. Pavlus qat’iylikni qanday namoyon etdi va birodarlar bunga qanday munosabat bildirishdi?

17 Tasavvur qiling, barcha birodarlar, jumladan, Luqo Pavlusdan Quddusga bormaslikni o‘tinib so‘rashyapti. Ba’zilari yig‘layapti. Ularning bunday mehribonligidan ta’sirlangan Pavlus muloyim ohangda ular yuragini ezib yuborishganini aytdi. Biroq u qarorida qat’iy bo‘lib, Tirdagi birodarlar bilan bo‘lganiday, ko‘z yosh va o‘tinchlar uni yo‘ldan qaytarishiga yo‘l qo‘ymadi. Aksincha, u birodarlarga nega ketishi kerakligini tushuntirdi. Ha, Pavlus jasorat va qat’iylik namoyon etdi! Isoga o‘xshab u ham Quddusga borish qaroridan qaytmoqchi emas. (Ibron. 12:2) Pavlus o‘lishni istamagan, ammo kerak bo‘lsa, Iso Masihning izdoshi sifatida o‘lishni sharaf deb bilgan.

18 Birodarlar bunga qanday munosabat bildirdi? Ular Pavlusning qarorini hurmat qilishdi. Havoriylar 21:14 da quyidagilarni o‘qiymiz: «Uni ko‘ndira olmagach, biz tinchlanib: “Mayli, Yahova xohlaganiday bo‘lsin”,— dedik». Pavlusni Quddusga bormaslikka ko‘ndirishga uringanlar o‘zinikida turib olishmadi. Ular unga quloq solib, aytganlariga qo‘shilishdi. Buni qabul qilish qiyin kechgan bo‘lsa ham, Yahovaning irodasini qabul qilishdi. Pavlus oxir-oqibat o‘limga yetaklaydigan yo‘lni tanladi. Uni yaxshi ko‘rgan odamlar yo‘ldan qaytarishga urinmaganida u uchun yengilroq bo‘lardi.

19. Pavlus bilan yuz bergan voqeadan qanday muhim saboq olishimiz mumkin?

19 Pavlus bilan yuz bergan voqeadan muhim saboq olishimiz mumkin. Imondoshlarimizni Xudoga xizmat qilish yo‘lida fidoyiliklar qilishdan to‘xtatmasligimiz kerak. Bu saboqni nafaqat hayot-mamot masalasida, balki ko‘p vaziyatlarda qo‘llashimiz mumkin. Masalan, ko‘p ota-onalarga farzandlari Yahovaga xizmat qilish uchun uyini qoldirib, uzoq joylarga ketishsa qiyin bo‘lar. Ammo ular farzandlarini yo‘ldan qaytarmaslikka harakat qilishadi. Angliyada yashaydigan Fillis yakka-yu yagona qizi Afrikaga to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘lib xizmat qilish uchun ketganda nimalarni his qilganini eslaydi. U shunday dedi: «Bu men uchun og‘ir payt bo‘lgan. Qizim mendan yiroqda bo‘lishini bilish qiyin edi. Bir tomondan siqilardim, boshqa tomondan esa faxrlanardim. Bu haqda ko‘p ibodat qilardim. Ammo bu uning qarori edi va men uni hech qachon orqaga qaytarishga urinmaganman. Axir, Xudoning Shohligini birinchi o‘ringa qo‘yishni unga o‘zim o‘rgatgandim-ku! 30 yildan beri qizim chet elda xizmat qilyapti. Yahovaga har kuni ibodat qilib, uning sadoqati uchun minnatdorchilik bildiraman». Fidoyi birodar-u opa-singillarimizni qo‘llab-quvvatlasak yaxshi ish qilgan bo‘lamiz!

Fidoyi birodar-u opa-singillarimizga dalda berish yaxshidir

«Birodarlar bizni quvonch bilan qabul qilishdi» (Havoriylar 21:15–17)

20, 21. Pavlus birodarlar bilan muloqot qilishga intilganini qayerdan bilamiz va nega u imondoshlar bilan vaqt o‘tkazishni yoqtirgan?

20 Hozirlik ko‘rib Pavlus yo‘lga tushdi va Kesariyadagi birodarlar u bilan birga ketdi. Shu yo‘sin, ular sadoqatli va g‘amxo‘r ekanini namoyon etishdi. Quddusga ketayotib Pavlus va uning hamrohlari imondoshlar bilan muloqot qilish imkoniyatlarini izlashdi. Tirda ular shogirdlarni izlab topib, u yerda yetti kun qolishdi. Ptolemey shahrida esa ular birodar-u opa-singillar bilan ko‘rishib, bir kun ular bilan bo‘lishdi. Kesariyada ular Filipning uyida bir necha kun yashashdi. Keyin Kesariyadan bo‘lgan bir nechta shogirdlar Pavlus va uning hamrohlarini Quddusgacha kuzatib qo‘yishdi. U yerda ilk masihiy shogirdlardan biri Minason ularni mehmon qildi. Oxiri, ular Quddusga yetib kelishdi. Luqo: «Birodarlar bizni quvonch bilan qabul qilishdi»,— deb yozgan. (Havor. 21:17)

21 Ko‘rinib turibdiki, Pavlus imondoshlari bilan vaqt o‘tkazishni yoqtirgan. Havoriy Pavlus ham biz kabi birodar-u opa-singillardan dalda olgan. Shubhasizki, bunday daldali uchrashuvlar Pavlusga kuch baxsh etgan va bu tufayli u uni o‘ldirmoqchi bo‘lgan yovuz odamlarga qarshi tura olgan.

a « Kesariya — Rim imperiyasining Yahudiyadagi poytaxti» nomli 174-sahifadagi ramkaga qarang.

b « Ayollar jamoatda ta’lim bera olarmidi?» nomli 177-sahifadagi ramkaga qarang.