Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

20-BOB

Yahovaning kalomi qarshiliklarga qaramay, «yoyilib, borgan sayin kuchayardi»

Yahovaning kalomi qarshiliklarga qaramay, «yoyilib, borgan sayin kuchayardi»

Apollos va Pavlus xushxabar yoyilishiga qanday hissa qo‘shishdi?

Havoriylar 18:23–19:41 ga asoslangan

1, 2. a) Pavlus va uning hamrohlari Efesda qanday xavfli vaziyatga yo‘liqishdi? b) Bu bobda nimani muhokama qilamiz?

 EFES ko‘chalari odamlarning baqir-chaqiri, qiy-chuvi va yugurayotganining dupur-dupuridan titrab ketyapti. Kattagina to‘da yig‘ilib, g‘alayon ko‘taryapti! Havoriy Pavlusning ikkita hamrohini ushlab, sudrab ketishyapti. Savdo-sotiq do‘konlari joylashgan ustunli keng ko‘cha bir zumda bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi, g‘azab o‘tidagi xaloyiq esa borgan sayin ko‘payib, shaharning ulkan amfiteatriga bostirib keldi. U yerga 25 000 tomoshabin sig‘ardi. Ko‘pchilik bu g‘alayonning hatto sababini ham bilmaydi, lekin ular ma’bad va sevimli ma’budasi Artemida xavf ostida deb o‘ylashyapti. Shuning uchun ular takror va takror: «Efesliklarning ma’budasi Artemida buyukdir!» — deya qichqira boshlashdi. (Havor. 19:34)

2 Shayton Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xushxabarning yoyilishini to‘xtatish niyatida g‘azabga mingan to‘dadan yana foydalanyapti. Lekin zo‘ravonlik Shaytonning yagona quroli emas. Bu bobda Shayton va’zgo‘ylik faoliyatini to‘xtatish va ilk masihiylarning yakdilligiga putur yetkazish uchun qanday hiylalarni qo‘llaganini ko‘rib chiqamiz. Eng asosiysi, bu barcha hiylalar ish bermaganini bilib olamiz, chunki «Yahovaning kalomi qudrat bilan yoyilib, borgan sayin kuchayardi». (Havor. 19:20) Qiziq, nega ular g‘olib chiqqan? Ular hozir biz muvaffaqiyatli bo‘la olayotganimizning o‘sha-o‘sha sabablariga ko‘ra g‘alaba qozongan. Albatta, bu bizning emas, Yahovaning g‘alabasi. Ammo birinchi asrdagi masihiylar kabi biz ham o‘z tomonimizdan harakat qilishimiz darkor. Yahovaning ruhi yordamida xizmatimizda asqatadigan fazilatlarni rivojlantirishimiz mumkin. Avvaliga, keling, Apollosning misolini ko‘rib chiqaylik.

«Muqaddas Yozuvlarni yaxshi biladigan Apollos» (Havoriylar 18:24–28)

3, 4. Akila va Priskilla Apollos borasida nimani payqashdi va unga qanday yordam berishdi?

3 Pavlus uchinchi va’zgo‘ylik safarida Efesga ketayotganida, u yerga Apollos ismli yahudiy allaqachon kelgandi. U Misrning mashhur Iskandariya shahridan bo‘lib, ajoyib fazilatlarga ega edi. Apollos gapga chechan bo‘lib, «Muqaddas Yozuvlarni yaxshi biladigan» edi. Bundan tashqari, u «ko‘tarinki ruhda» bo‘lib, ibodatxonada yahudiylarga g‘ayrat ila gapirardi. (Havor. 18:24, 25)

4 Apollosning nutqini Akila bilan Priskilla ham eshitishgan. Shubhasizki, ular u «Iso haqida to‘g‘ri gapirib, ta’lim» berganini eshitib xursand bo‘lishgan. Ha, u Iso to‘g‘risida gapirganlari rost edi. Lekin biroz vaqt o‘tgach, bu juftlik Apollos muhim bir narsani bilmasligini payqadi. «U faqat Yahyo payg‘ambarning suvga cho‘mdirishi borasida bilimga ega edi». Chodir tikkan bu kamtarin juftlikni Apollos gapga chechan yoki ma’lumotli ekani to‘xtatmadi. Aksincha, ular «uni o‘zlariga qo‘shib olib, Allohning yo‘lini aniqroq tushuntirib berishdi». (Havor. 18:25, 26) Xo‘sh, Apollos qanday munosabat bildirdi? Hoynahoy, u masihiylar rivojlantiradigan muhim fazilatlardan biri bo‘lmish kamtarinlikni namoyon etdi.

5, 6. Nima tufayli Apollos xizmatda ko‘proq samara keltira oldi va undan qanday o‘rnak olishimiz mumkin?

5 Apollos Akila va Priskillaning yordamini qabul qilgani uchun xizmatda ko‘proq samara keltiradigan bo‘ldi. U Axayaga borib, imondoshlarga «katta yordam ko‘rsatdi». Apollos Iso va’da qilingan Masih ekaniga ishonmagan u yerdagi yahudiylarga juda yaxshi shohidlik ham berdi. Luqo quyidagicha bayon etgan: «U Isoning Masih ekanini Muqaddas Yozuvlardan ko‘rsatib, yahudiylarning nohaqligini hammaning ko‘zi oldida g‘ayrat bilan isbotlar edi». (Havor. 18:27, 28) Apollos jamoat uchun katta baraka edi! Ha, u tufayli ko‘pchilik «Yahovaning kalomi» to‘g‘risida eshitdi. Uning misolidan qanday o‘rnak olishimiz mumkin?

6 Barcha masihiylar kamtarlik fazilatini rivojlantirishi o‘ta muhim. Har birimiz turli in’omlarga — qobiliyat, tajriba yoki bilimga egamiz. Lekin kamtarlik bu in’omlardan ustun turishi darkor. Aks holda, ular zaif tomonlarimizga aylanib qolishi hech gap emas. Shunda ichimizda yovvoyi o‘t, ya’ni mag‘rurlik gurkirab ketishi mumkin. (1 Kor. 4:7; Yoqb. 4:6) Chinakamiga kamtarin bo‘lsak, boshqalarni o‘zimizdan ustun qo‘yamiz. (Filip. 2:3) Boshqalar bizni tuzatganda yoki ta’lim berganda jahlimiz chiqmaydi. Muqaddas ruh tashkilotimizni boshqacha tarzda yo‘naltirsa, mag‘rurlikdan qochamiz va bizning fikrimiz to‘g‘ri deb turib olmaymiz. Kamtarin bo‘lsakkina, Yahova hamda Uning O‘g‘li bizdan foydalanishda davom etishadi. (Luqo 1:51, 52)

7. Pavlus va Apollos kamtarlik borasida qanday o‘rnak ko‘rsatishdi?

7 Kamtarlik bizni boshqalar bilan raqobat qilishdan ham asraydi. Shayton ilk masihiylar orasida bo‘linishlarni yuzaga keltirish uchun qanchalik harakat qilganini bir tasavvur qiling. Qobiliyatli va ta’lim berishda usta bo‘lgan Apollos va havoriy Pavlus jamoatda ulardan qay biri muhimroq ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatishga intilib, bir-biri bilan raqobatlashganida, Shayton rosa xursand bo‘lardi! Bunga yo‘l qo‘yish ular uchun qiyin emasdi. Korinfda ba’zi masihiylar: «Men Pavlusning shogirdiman», boshqalari: «Men esa Apollosning shogirdiman»,— deyishardi. Pavlus bilan Apollos birodarlar tarafkashlik qilishlarini xohlashganmi? Aslo! Pavlus Apollosning va’zgo‘ylik faoliyatiga qo‘shgan hissasini kamtarlik ila tan olib, unga sharafli vazifalarni topshirdi. Apollos esa uning ko‘rsatmasiga amal qilgandi. (1 Kor. 1:10–12; 3:6, 9; Titus. 3:12, 13) Kamtarlik ila hamkorlik qilishda ular biz uchun zo‘r o‘rnak!

«Xudoning Shohligiga tegishli ishontirarli dalillar keltirardi» (Havoriylar 18:23; 19:1–10)

8. Pavlus Efesga qaysi yo‘l bilan qaytdi va nega?

8 Pavlus Efesga qaytish va’dasining ustidan chiqdi. (Havor. 18:20, 21) a Biroq u qanday qaytganiga e’tibor bering. U haqda oxirgi marta gap ketganida, u Suriyadagi Antioxiyada edi. Pavlus Efesga qaytish uchun undan uzoq bo‘lmagan Salavkiyaga borib, keyin kema orqali u yerga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetib borishi mumkin edi. Buning o‘rniga u «dengiz sohilidan olis joylashgan yerlardan» o‘tib bordi. Bir izlanish natijalariga ko‘ra, Havoriylar 18:23 va 19:1 da aytilganiday, u taxminan 1 600 kilometr yo‘l yurgan. Nega Pavlus bunday uzoq yo‘lni tanladi? Chunki u o‘sha yerda yashagan barcha shogirdlarga dalda bermoqchi edi. (Havor. 18:23) Oldingi ikkita va’zgo‘ylik safarida bo‘lganidek uchinchisida ham Pavlus juda charchagandi, ammo bundan hecham afsuslanmasdi. Bugun ham tuman nozirlari va ularning xotinlari xuddi shunday yo‘l tutishadi. Ularning fidoyi sevgisi uchun minnatdormiz.

9. Nega Yahyoning shogirdlari qaytadan suvga cho‘mishi kerak edi va ulardan nimani o‘rganyapmiz?

9 Efesga kelgach, Pavlus Yahyo payg‘ambarning taxminan o‘n ikkita shogirdini topdi. Ularni Yahyo suvga cho‘mdirgandi, lekin bu o‘z kuchini yo‘qotgandi. Buning ustiga, ular muqaddas ruh haqida kam bilimga ega bo‘lgan yoki umuman bilmagan. Pavlus ularga nega Iso nomi bilan suvga cho‘mish muhimligini tushuntirdi va ular Apollos kabi kamtarlik ko‘rsatib, o‘rganishga tayyor edi. Isoning nomi bilan suvga cho‘mgach, ular muqaddas ruhga va ba’zi mo‘jizaviy in’omlarga ega bo‘lishdi. Ha, Yahovaning tashkiloti bilan hamqadam bo‘lsak, ko‘p barakalar olamiz. (Havor. 19:1–7)

10. Nega Pavlus ibodatxonadan Tiranning maktabiga o‘tdi va biz unga qanday taqlid qilsak bo‘ladi?

10 Ko‘p vaqt o‘tmay, yana bir voqea yuz berdi. Pavlus ibodatxonada uch oy davomida g‘ayrat ila va’z qildi. Garchi u «Xudoning Shohligiga tegishli ishontirarli dalillar» keltirgan bo‘lsa-da, ba’zilar bag‘ritosh bo‘lib, xushxabarga qarshi chiqa boshladi. «Hazratimizning yo‘lini» haqoratlagan kishilarga vaqt sarflashning o‘rniga, Pavlus Tiranning maktabida har kuni ta’lim berardi. (Havor. 19:8, 9) Ma’nan o‘sishni xohlaganlar ibodatxonaga emas, u yerga borishi darkor edi. Pavlus singari biz ham, odamlar bizni tinglashni istamayotganini yoki biz bilan bahslashmoqchi ekanini ko‘rsak, suhbatimizga yakun yasashimiz mumkin. Dalda baxsh etuvchi xabarni eshitishi kerak bo‘lgan hali ko‘p kamtarin kishilar bor!

11, 12. a) Pavlus jonkuyar va moslashuvchan bo‘lishda qanday o‘rnak ko‘rsatdi? b) Yahovaning Shohidlari qay yo‘sin va’zgo‘ylikda jonkuyar bo‘lib, moslashishga intilishadi?

11 Hoynahoy, Pavlus har kuni ertalab taxminan 11:00 dan kunduzi 16:00 gacha Tiranning maktabida nutq so‘zlardi. (Havor. 19:9) Bu kunning eng tinch payti bo‘lganga o‘xshaydi, havo ham ayni qizigan bo‘lib, odamlar bu paytda ishni to‘xtatib, ovqatlanishardi hamda dam olishardi. Bir tasavvur qiling, Pavlus ikki yil mobaynida bu tig‘iz jadvalga rioya qilgan bo‘lsa, ta’lim berish uchun 3 000 dan ziyod soat sarflagan bo‘lishi mumkin b. Shuning uchun ham Yahovaning kalomi qudrat bilan yoyilib, borgan sayin kuchayardi. Pavlus jonkuyar va moslashuvchan edi. U o‘sha yerdagi odamlarning ehtiyojlariga qarab jadvalini moslashtirardi. Xo‘sh, buning natijasi qanday bo‘ldi? «Osiyo viloyatining butun aholisi — yahudiylar-u yunonlar Rabbimizning kalomini eshitdi». (Havor. 19:10) Ha, Pavlus chindan ham keng shohidlik berdi!

Odamlar bilan turli joylarda va ularga qulay paytda suhbatlashamiz

12 Bugun ham biz, Yahovaning Shohidlari, jonkuyar bo‘lib, moslashishga intilyapmiz. Odamlar bilan turli joylarda va ularga qulay paytda suhbatlashamiz. Biz ko‘chalarda, bozorlarda va avtoturargohlarda shohidlik beramiz. Odamlar bilan telefon orqali muloqot qilamiz va xatlar yozamiz. Uyma-uy va’z qilganda esa insonlar uyda bo‘lishining ehtimoli ko‘proq bo‘lgan paytda ularnikiga boramiz.

Jinlar Yahovaning kalomi «yoyilib, borgan sayin» kuchayishiga to‘sqinlik qila olmagan (Havoriylar 19:11–22)

13, 14. a) Yahova Pavlusga nima qilishga yordam berdi? b) Skevaning o‘g‘illari qanday xato qilishdi va hozir xristian olamidagi ko‘plar shunga o‘xshash qanday xatoga qo‘l uryapti?

13 Luqo bayon etganiday, keyin ajoyib payt boshlandi, ya’ni Yahova Pavlusga «qudratli ishlarni» sodir etishga ko‘maklashdi. Hatto uning kiyimi va peshbandlarini c kasal odamlarning yoniga olib kelishganda, ular dardidan forig‘ bo‘lishardi. Uning kiyimlari yordamida yovuz ruhlarni ham quvib chiqarishardi. (Havor. 19:11, 12) Shaytonning malaylari ustidan qozonilgan bunday g‘aroyib g‘alabalar ko‘plarning e’tiboridan chetda qolmagandi, lekin hamma ham bundan xursand bo‘lmagandi.

14 «O‘sha yerda yurib jinlarni quvib chiqarayotgan ayrim yahudiylar» Pavlusning mo‘jizalarini takrorlamoqchi bo‘ldi. Ayrimlari Hazratimiz Isoning va Pavlusning nomini tilga olib, jinlarni quvib chiqarmoqchi edi. Masalan, Luqo yahudiylarning Skeva ismli bosh ruhoniyning yettita o‘g‘lini tilga olgan. Jin ularga shunday dedi: «Isoni bilaman, Pavlusni ham taniyman. Sizlar kim bo‘lasizlar?» Shunda jinga chalingan kishi o‘sha yolg‘onchilarga yovvoyi hayvondek tashlandi. Ular esa yarador va yarim yalang‘och holda qochib ketishdi. (Havor. 19:13–16) Bu «Yahovaning kalomi» erishgan g‘alaba edi, chunki Pavlusga berilgan qudrat va soxta din tarafdorlarining kuchsizligi o‘rtasidagi farq ayon bo‘ldi. Hozir millionlab odamlar Isoning nomini tilga olish yoki o‘zini masihiy deb atash yetarli degan fikrda. Lekin Isoning o‘zi aytganidek, faqat Otasining xohishini bajargan kishilargina kelajakka nisbatan haqiqiy umidga ega bo‘ladi. (Mat. 7:21–23)

15. Sehr-jodu va u bilan bog‘liq narsalar haqida gap ketganda, efesliklardan qanday o‘rnak olishimiz mumkin?

15 Skeva o‘g‘illarining qo‘lidan hech narsa kelmasligi fosh bo‘lganda, ko‘plar masihiy bo‘lib, sehr-jodu bilan shug‘ullanishni bas qildi. Efesliklarning ko‘pchiligi sehr-joduga berilib ketgandi. Kuf-suflar, tumorlar va sehr-jodu bilan bog‘liq kitoblar keng tarqalgandi. Xudoga endi ishongan o‘sha efesliklar sehr-jodu bilan bog‘liq kitoblarini, hatto ular qimmatbaho bo‘lsa ham yig‘ib, hammaning oldida yoqib yuborishdi. Bu kitoblarning narxi hozirgi vaqtda o‘n minglab dollarni (AQSH) tashkil etgan bo‘lardi d. Luqo shunday yozgan: «Shu tariqa Yahovaning kalomi qudrat bilan yoyilib, borgan sayin kuchayardi». (Havor. 19:17–20) Bu yolg‘on va jinlar ustidan erishilgan ajoyib g‘alabadir! Ha, o‘sha sodiq kishilar bizga zo‘r o‘rnak ko‘rsatishdi. Biz ham sehr-joduga to‘lib-toshgan dunyoda yashayapmiz. Agar sehr-jodu bilan bog‘liq narsa bizda borligini aniqlasak, efesliklar kabi undan darrov qutulishimiz shart! Keling, bu oson bo‘lmasa ham, bunday jirkanch narsalardan uzoqroq yuraylik.

«Katta g‘alayon ko‘tarildi» (Havoriylar 19:23–41)

«Do‘stlar, bizning farovonligimiz shu ishga bog‘liq ekanini yaxshi bilasizlar». (Havoriylar 19:25)

16, 17. a) Dimitriy Efesda g‘alayon ko‘tarilishiga qay yo‘sin sababchi bo‘lganini tasvirlab bering. b) Efesliklar diniy fanatik bo‘lgani nimadan ko‘ringan?

16 Keyin Shayton qo‘llagan yana bir usul haqida bilib olyapmiz. Luqo: «Hazratimizning yo‘li tufayli katta g‘alayon ko‘tarildi»,— deb yozgan. Shuni aytish joizki, u bo‘rttirib yozmagan. (Havor. 19:23) e Bu g‘alayonni Dimitriy ismli zargar ko‘tardi. Boshida u hunarmandlarga farovonligi butlarni sotish bilan bog‘liq ekanini eslatdi. Keyin u Pavlus va’z qilayotgan xabar dastidan ular daromadsiz qolishini aytdi, chunki masihiylar butlarga sig‘inishmasdi. So‘ng esa u tinglovchilari shahri va millati bilan faxrlanishini bilgani uchun agar ular Pavlusga quloq solishsa, ma’budasi Artemida va dong‘i butun dunyoga taralgan ibodatxonasi «e’zozlanmay qolishi» borasida ogohlantirdi. (Havor. 19:24–27)

17 Dimitriy oxiri maqsadiga yetdi. Zargarlar: «Efesliklarning ma’budasi Artemida buyukdir!» — deb qichqira boshladi va shaharda g‘ala-g‘ovur ko‘tarildi. Bu esa yuqorida tilga olingan tartibsizliklar yuz berishiga olib keldi f. Pavlus juda jasoratli edi va xalqqa murojaat qilish uchun amfiteatrga bormoqchi bo‘lgandi, ammo shogirdlar u o‘zini xavf ostiga solmasligini iltimos qilishdi. Omma ichidan Iskandar ismli kishi so‘zga chiqdi va gapirishni boshladi. U yahudiy bo‘lgani uchun, hoynahoy, yahudiylar masihiylardan qanday farq qilishini tushuntirmoqchi bo‘ldi. Lekin xaloyiqqa buning keragi yo‘q edi. Ular uning yahudiy ekanini bilib qolishgach, hammasi bir ovozda: «Efesliklarning ma’budasi Artemida buyukdir!» — deya ikki soatcha qichqirib turishdi. Diniy fanatizm bugun ham avjiga chiqqan. Buning dastidan odamlar es-hushini yo‘qotyapti. (Havor. 19:28–34)

18, 19. a) Shahar kotibi Efesdagi xaloyiqni qanday tinchlantirdi? b) Yahovaning xizmatchilari ba’zida hukmron hokimiyat tomonidan qanday himoya qilinadi va biz bunga qanday hissa qo‘sha olamiz?

18 Nihoyat shahar kotibi xaloyiqni tinchlantirdi. Bu mulohazakor kishi ularni ishontirib, ushbu masihiylar ma’badga ham, ma’budalariga ham hech qanday ziyon yetkazmasligini, Pavlus hamda uning hamrohlari Artemida ibodatxonasiga qarshi hech qanday jinoyat qilmaganini va bunday masalalar qay yo‘sin hal qilinishini aytdi. Hoynahoy, xaloyiq uchun eng asosli isbot — shu kabi noqonuniy va betartib yig‘in Rimning g‘azabini keltirishi mumkinligida edi. Shu yo‘sin, u xaloyiqni tarqatib yubordi. Uning mulohazali so‘zlari tufayli odamlar qanchalik tez g‘azabga mingan bo‘lsa, shunchalik tez tinchlandi. (Havor. 19:35–41)

19 Bu hokimiyatga ega, mulohazakor kishi Iso izdoshlarining tarafini olgan birinchi va oxirgi vaziyat emas. Havoriy Yuhanno keyinchalik ko‘rgan vahiyda yer daryoni yutib yuboradi. Bu daryo Isoning izdoshlariga qarshi Shaytonning ta’qiblarini, yer esa bu dunyoning barqaror tizimlari anglatadi. (Vah. 12:15, 16) Bu chindan ham yuz beryapti. Ko‘p hollarda mulohazakor sudyalar Yahovaning Shohidlari yig‘ilishlarni o‘tkazish hamda xushxabarni boshqalar bilan bo‘lishish huquqlarini himoyalaydi. Albatta, bunday g‘alabalarda xulq-atvorimiz muhim ahamiyat kasb etadi. Hoynahoy, Pavlus Efesdagi ba’zi amaldorlarning hurmatini qozongan va ular unga biron-bir zarar yetkazilishini xohlamagan. (Havor. 19:31) Iloyim, bizning ham rostgo‘ylik va hurmat ila qilgan muomalamiz uchratayotgan odamlarda o‘chmas iz qoldirsin. Bu qanday samaralar keltirishini bilmaymiz.

20. a) Bu bobda sizga ayniqsa nima yoqdi? b) Yahovaning g‘alabalariga qay yo‘sin o‘z hissangizni qo‘sha olasiz?

20 Birinchi asrda qay yo‘sin «Yahovaning kalomi qudrat bilan yoyilib, borgan sayin» kuchaygani haqida fikr yuritish juda daldali. Yahova bizga shu kabi g‘alabalarni berayotganini ko‘rish ham bizni to‘lqinlantiradi. Bunday g‘alabalarda oz bo‘lsa ham, o‘z hissangizni qo‘shishni xohlarmidingiz? Unda, ko‘rib chiqqan misollardan o‘rganing. Kamtarin bo‘ling, Yahovaning tashkiloti taqdim etayotgan ko‘rsatmaga darrov amal qiling, qunt ila xizmat qiling, sehr-jodudan uzoqlashing va rostgo‘y bo‘lish hamda hurmat ko‘rsatish orqali yaxshi shohidlik berish uchun jon kuydiring.

a « Efes — Osiyoning poytaxti» nomli 161-sahifadagi ramkaga qarang.

b Pavlus Efesda bo‘lganida Korinfliklarga yo‘llangan birinchi maktubni ham yozgan.

c Kiyimlar ostida, hoynahoy, Pavlusning teri ko‘ziga oqib tushmasligi uchun u boshiga o‘ragan ro‘mollar nazarda tutilgan. Pavlus peshbandlardan foydalangani esa u bo‘sh vaqtida, ehtimol, sahar ertalab chodir tikish bilan shug‘ullanganini anglatadi. (Havor. 20:34, 35)

d Luqo o‘sha kitoblarning narxi 50 000 kumush tanga bo‘lganini aytgan. Agar u dinorni nazarda tutgan bo‘lsa, unda o‘sha paytlarda ishchi bunday pulni topish uchun 50 000 kun, ya’ni taxminan 137 yil mobaynida haftasiga yetti kun ishlashi kerak edi.

e Ba’zilarning fikricha, Pavlus korinfliklarga: «Hatto tirik qolishga umidimizni yo‘qotgan edik»,— deb yozganida aynan bu voqeani nazarda tutgan. (2 Kor. 1:8) Biroq u bundan ham xavfliroq vaziyatni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin. «Efesda yirtqich hayvonlar bilan kurashganimda»,— deb aytganda, ehtimol, u arenada hayvonlar bilan kurashganini yoki insonlar tomonidan ko‘rsatilgan qarshiliklarni nazarda tutgandir. (1 Kor. 15:32) Bu iborani ham so‘zma-so‘z, ham majoziy ma’noda tushunsa bo‘ladi.

f Hunarmandlarning bunday guruhlari kuchli ta’sirga ega edi. Masalan, taxminan 100 yil o‘tgach, bir guruh novvoylar Efesda shu kabi g‘alayon ko‘targandi.