18-BOB
«Alloh, odamlar Uni astoydil izlab topishlarini xohlaydi»
Pavlus tinglovchilari bilan umumiylikni topib, ularga moslashadi
Havoriylar 17:16–34 ga asoslangan
1–3. a) Nega havoriy Pavlusning Afinada g‘ashi keldi? b) Pavlusning o‘rnagini ko‘rib chiqib nimani bilib olamiz?
PAVLUSNING g‘ashi kelib turibdi. U hozir Afinada (Yunoniston), bir vaqtlar Sokrat, Platon va Aristotel ta’lim bergan madaniyat markazida. Afina aholisi juda dindor. U hamma joyda — ma’badlarda, ko‘cha-ko‘yda va maydonlarda ko‘plab butlarni ko‘ryapti, chunki afinaliklar bir talay xudolarga sig‘inadi. Pavlus haq Tangri Yahova butparastlikka qanday qarashini biladi. (Chiq. 20:4, 5) Bu xudojo‘y havoriy ham Yahova kabi butlardan nafratlanadi!
2 Pavlus agorada, ya’ni bozor maydonida ko‘rganlaridan dahshatda. Bozorning asosiy kiraverishida, shimoli-g‘arbiy burchakda Germes xudosining jinsiy a’zosi tasvirlangan ko‘pgina haykallar turibdi. Bozor maydoni sajdagohlar bilan to‘la. Qiziq, butparastlikka botib ketgan bu shaharda g‘ayratli havoriy qanday va’z qiladi? U his-tuyg‘ularini jilovlab, tinglovchilari bilan umumiylikni topadimi? Haq Tangrini izlab topishga biron kishini unday oladimi?
3 Pavlusning o‘qimishli afinaliklarga qarata aytgan nutqi Havoriylar 17:22–31 da yozilgan bo‘lib, yaxshi notiq, xushmuomala va fahmi tez bo‘lishda o‘rnak bo‘la oladi. Bu borada fikr yuritar ekanmiz, tinglovchilarimiz bilan qay yo‘sin umumiylikni topish va ularga mulohaza yuritishga ko‘maklashish mumkinligini bilib olamiz.
«Bozor maydoni»da va’z qilish (Havoriylar 17:16–21)
4, 5. Pavlus Afinaning qayerida va’z qildi va qanday tinglovchilarni uchratdi?
4 Pavlus Afinaga mil. 50-yili o‘zining ikkinchi va’zgo‘ylik safari davomida tashrif buyurdi a. U Sila bilan Timo‘tiy Veriyadan qaytib kelishini kutayotib, o‘z odatiga ko‘ra «ibodatxonada yahudiylar... bilan muzokara» qila boshladi. Shuningdek, Pavlus agoraga, ya’ni «bozor maydoniga» chiqib, Afinadagi yahudiy bo‘lmagan kishilar bilan suhbatlashardi. (Havor. 17:17) Afinadagi agora Akropoldan shimoli-g‘arbiy tomonda joylashgan bo‘lib, taxminan 5 gektar maydonni egallardi. Bozor maydoni shunchaki oldi-sotdi qiladigan joy bo‘lmagan; u yer ijtimoiy hayot markazi ham edi. Bir kitobga ko‘ra, bozor maydoni shaharning «iqtisodiy, siyosiy va madaniy markazi» hisoblanardi. Afinaliklar u yerda yig‘ilib, aql-zakovatni rivojlantiradigan muzokaralar olib borishni yoqtirishardi.
5 Pavlus bozor maydonida muzokara qilish oson bo‘lmagan tinglovchilarni uchratdi. Ular qatorida epikurchilar va stoiklar — o‘zaro raqobat qilgan falsafiy maktablar tarafdorlari bor edi b. Epikurchilar, hayot tasodifan paydo bo‘lganiga ishonishardi. Ularning dunyoqarashini quyidagicha ifodalasa bo‘ladi: «Xudodan qo‘rqishga hojat yo‘q; o‘limdan keyin azob-uqubat yo‘q; huzur-halovatga erishish mumkin; yovuzlikni yengish mumkin». Stoiklar esa bilimga ega bo‘lish va mantiqan fikr yuritish muhim deb bilishardi, biroq Xudo mavjud Shaxs ekaniga ishonishmasdi. Epikurchilar ham, stoiklar ham Masihning shogirdlari aytgan tirilishga ishonishmasdi. Shunisi aniqki, bu ikkita maktabning falsafiy qarashlari Pavlus va’z qilgan ta’limotlardan, ya’ni masihiylarning e’tiqodidan farq qilardi.
6, 7. Ayrim zakovatli yunonlar Pavlusning so‘zlariga qanday munosabat bildirdi va hozir ba’zilar e’tiqodimizga qanday munosabat bildiradi?
6 Bu zakovatli yunonlar Pavlusning so‘zlariga qanday munosabat ko‘rsatishdi? Ba’zilari unga «mahmadona» deb nom berishdi, bu so‘z yunonchada «don teruvchi» degan ma’noga ega. (Havor. 17:18) Bu yunoncha ibora haqida bir olim shunday fikr bildirdi: «Dastlab bu so‘z don cho‘qib yurgan kichkina qushchalarga nisbatan qo‘llanilardi, keyin esa u bozor maydonida ovqat qoldiqlarini va boshqa chiqindilarni terib yuradigan odamlarga qarata ham ishlatiladigan bo‘ldi. Vaqt o‘tib, bu so‘z ko‘chma ma’noda ma’lumotning turli bo‘laklarini tergan va, ayniqsa, ularni to‘g‘ri tushunmaydigan insonni anglatadigan bo‘ldi». Aslini olganda, bu zakovatli kishilar Pavlusni savodsiz ko‘chirmachi, deb hisoblashardi. Biroq bu masxarali nomdan Pavlusning ruhi tushmadi. Keling, bu haqda batafsil bilib olaylik.
7 O‘sha vaqtdan beri hech narsa o‘zgarmadi. Muqaddas Kitobga asoslangan e’tiqodimiz tufayli bizni ham tez-tez masxarali nomlar bilan atashadi. Masalan, ayrim muallimlar evolyutsiya nazariyasi fakt ekanini va aqlli bo‘lsangiz, uni qabul qilishingiz kerakligini ta’kidlaydi. Bunga ishonishni xohlamagan kishilarni esa savodsiz deb ataydi. Bu kabi zakovatli odamlar biz Muqaddas Kitobda nima deyilgani haqida aytib, barcha narsaning Yaratuvchisi borligini ta’kidlaganimizda, bizni «mahmadona»ga chiqarishga urinishadi. Ammo bu bizni qo‘rqitmaydi. Aksincha, yerdagi hayotni dono Parvardigor, Tangri Yahova yaratgani borasidagi e’tiqodimizni himoya qilganimizda ishonch bilan gapiramiz. (Vah. 4:11)
8. a) Ba’zilar Pavlusning so‘zlariga qanday munosabat bildirdi? b) Pavlusni Areopagga qaysi maqsadda olib borishgan bo‘lishi mumkin? (142-sahifadagi izohga qarang.)
8 Bozor maydonida Pavlusning so‘zlarini eshitgan boshqa kishilar umuman boshqacha munosabat bildirdi. Ular: «U yot xudolarning voiziga o‘xshaydi»,— deb aytishardi. (Havor. 17:18) Xo‘sh, Pavlus chindan ham afinaliklarga yangi xudolar to‘g‘risida gapirganmi? Bu jiddiy masala edi, negaki bir necha asr oldin shu kabi g‘oya uchun Sokrat o‘limga mahkum etilgandi. Shu bois Pavlusni Areopagga olib borib, afinaliklarga g‘alati tuyulgan ta’limotlarni tushuntirib berishini so‘rashgani ajablanarli emas c. Qiziq, Muqaddas Yozuvlarni bilmagan odamlarga Pavlus qanday va’z qiladi?
«Ey afinaliklar» (Havoriylar 17:22, 23)
9–11. a) Pavlus avvaliga nima haqida gapirdi? b) Xizmatda Pavlusga qanday taqlid qila olamiz?
9 Esingizda bo‘lsa, butparastlik keng tarqalganini ko‘rib Pavlusning g‘ashi kelgandi. Lekin u g‘azabga minmadi, aksincha, xotirjamlikni saqladi. Pavlus qo‘ldan kelgancha xushmuomala bo‘lib, tinglovchilari bilan umumiylikni topdi va diqqatini jalb qilishga intildi. U shunday gap boshladi: «Ey afinaliklar, sizlar boshqalarga qaraganda har tomonlama xudojo‘y kishilar ekansiz». (Havor. 17:22) Boshqacha aytganda, u: «Sizlar juda dindor ekansiz»,— deganday bo‘ldi. Pavlus donolik ila ularni xudojo‘y ekanlikda maqtadi. U soxta din ta’limotlari dastidan zehnlari ko‘r bo‘lgan ba’zilar xushxabarni tinglashga moyil bo‘lishi mumkinligini tushunardi. Chunki bir vaqtlar o‘zi ham xabarsiz yurgani uchun «imonsizlarcha yo‘l tutgan»i esida edi. (1 Tim. 1:13)
10 Keyin u afinaliklar xudojo‘y ekanini tasdiqlaydigan bir narsaga ko‘zi tushganini aytdi. Bu «Noma’lum Tangriga» bag‘ishlangan qurbongoh edi. Bir manbaga ko‘ra, «yunonlarda va boshqa xalqlarda qurbongohlarni “noma’lum xudolarga” bag‘ishlash odati bo‘lgan, chunki ular topinishida qaysidir xudoni unutib, uni ranjitishdan qo‘rqishardi». Bunday qurbongohlarni barpo etib, afinaliklar o‘zlari bilmagan Xudo borligini tan olishardi. Pavlus bu qurbongohni tilga olib, astagina xushxabarga o‘tdi. U shunday deb tushuntirdi: «Aynan sizlar bilmay turib sig‘inayotgan Xudo haqida men sizlarga va’z qilyapman». (Havor. 17:23) Pavlus ham xushmuomala, ham ta’sirli tarzda muzokara qildi. Ayrimlar ta’kidlaganiday, u yangi yoki yot xudo to‘g‘risida va’z qilmagandi. U o‘sha noma’lum Tangri — haq Xudo ekanini tushuntirdi.
11 Biz-chi, xizmatda unga qanday taqlid qilsak bo‘ladi? Ziyrak bo‘lsak, odamning taqqan yoki uyida yo hovlisida din bilan bog‘liq narsalarni ko‘rib, u xudojo‘y inson ekanini aniqlay olamiz. Keyin unga shunday deb aytarmiz: «Siz xudojo‘y ekansiz. Men aynan shunday inson bilan suhbatlashmoqchi edim». Odamning din bilan bog‘liq tuyg‘ularini inobatga olib, suhbat uchun umumiy mavzuni topa olamiz. Boshqalar haqida ularning e’tiqodiga qarab xulosa chiqarishni xohlamasligimizni unutmang. Imondoshlarimiz orasida o‘tmishda soxta din ta’limotlariga chin dildan ishonganlar ham oz emas.
Alloh «har birimizga yaqin» (Havoriylar 17:24–28)
12. Pavlus va’z qilish usulini tinglovchilariga qay yo‘sin moslashtirdi?
12 Pavlus tinglovchilari bilan umumiylikni topgach, buning asosida va’z qilishni davom ettira oldimi? Ular yunon falsafasini yaxshi bilishini, lekin Muqaddas Yozuvlardan bexabar ekanini inobatga olib Pavlus ularga va’z qilish usulini o‘zgartirdi. Birinchidan, u hech qanday oyat keltirmasdan Kalomdagi ta’limotlarni yetkazdi. Ikkinchidan, u gohida «biz» olmoshini qo‘llab o‘zini tinglovchilaridan ajratmadi. Uchinchidan, uning aytganlari yunon adabiyotlarida qisman aks etganini ko‘rsatish uchun u yerdan iqtibos keltirdi. Keling, endi Pavlusning ta’sirli nutqini ko‘rib chiqaylik. U afinaliklar Xudo haqida bilmagan qaysi muhim haqiqatlarni ochib berdi?
13. Koinotning paydo bo‘lgani to‘g‘risida Pavlus nima degan va so‘zlarining mohiyati nimadan iborat?
13 Alloh dunyoni yaratgan. Pavlus shunday dedi: «Dunyoni d va undagi barcha narsani yaratgan Alloh, yer-u osmonning Rabbi, qo‘l bilan qurilgan ma’badlarda yashamaydi». (Havor. 17:24) Koinot tasodifan paydo bo‘lmagan. Barcha narsani haq Tangri yaratgan. (Zab. 146:6) U osmon-u yerning Oliy Hukmdori bo‘lib, odamlar qurgan ma’badlarda yashamaydi va sharafga ega bo‘lish uchun sajdagohlar yoki ma’badlarga muhtoj bo‘lgan Afina yoki boshqa xudolarday emas. (3 Shoh. 8:27) Pavlus aytgan so‘zlarning mohiyati aniq: haq Tangri inson qo‘li bilan qurilgan ma’badlardagi yasama butlardan ancha ulug‘roq. (Ishayo 40:18–26)
14. Xudo odamlarga muhtoj emasligini Pavlus qanday ko‘rsatdi?
14 Xudo odamlarga muhtoj emas. Butparastlar sig‘ingan butlarini chiroyli liboslar bilan bezatib, ularga qimmatbaho hadyalar, yegulik va ichimliklar olib kelishgan. Ularning fikricha, butlar bularning bariga muhtoj. Biroq Pavlusni tinglagan ayrim yunon faylasuflari Xudo odamlarning hech narsasiga muhtoj emas, deb hisoblagan bo‘lsa kerak. Agar shunday bo‘lsa, ular Pavlusning Alloh «Biron narsaga muhtoj emaski, Unga inson qo‘llari bilan xizmat qilib bo‘lsa» degan so‘zlariga qo‘shilishgandir. Ha, Yaratuvchimiz insonning hech narsasiga muhtoj emas! Aksincha, odamlar muhtoj bo‘lgan «hayot, nafas va barcha narsani», jumladan, quyosh, yomg‘ir va hosildor yerni Xudo berib kelyapti. (Havor. 17:25; Ibt. 2:7) Demak, hamma narsani berayotgan Alloh bizga muhtoj emas, biz Unga muhtojmiz.
15. Pavlus afinaliklar boshqa xalqlardan ustun emasligini qay yo‘sin ko‘rsatdi va undan qanday saboq olsak bo‘ladi?
15 Tangri insonni yaratgan. Afinaliklar o‘zini boshqa xalqlardan ustun deb bilishardi. Lekin o‘z millati yoki irqi bilan mag‘rurlanish Muqaddas Kitobdagi haqiqatga zid. (Qonun. 10:17) Pavlus bu nozik masalani xushmuomala va mohirona tarzda ochib berdi. U: «Xudo barcha millatlarni bir odamdan vujudga keltirdi»,— deb aytgan so‘zlar tinglovchilarini o‘ylantirib qo‘ygan bo‘lsa kerak. (Havor. 17:26) Pavlus insonlarning ajdodi bo‘lmish Odamato to‘g‘risidagi Ibtido kitobida yozilgan bayonotga ishora qildi. (Ibt. 1:26–28) Barcha insonlar bitta odamdan kelib chiqqani uchun hech qaysi irq yoki millat boshqasidan ustun emas. Pavlusning tinglovchilari u nima demoqchi ekanini tushunishdi. Undan qanday saboq olsak bo‘ladi? Va’zgo‘ylikda xushmuomala va mulohazakor bo‘lsak ham, odamlarning ko‘nglini topish niyatida Muqaddas Kitobdagi haqiqatni o‘zgartirib ko‘rsatmaymiz.
16. Alloh odamlar uchun nimani niyat qilgan?
16 Allohning niyatiga ko‘ra, odamlar Unga yaqinlashishi kerak. Pavlusni tinglagan faylasuflar odamlar paydo bo‘lganining maqsadi haqida uzoq bahs-munozara yuritishgan bo‘lsa ham, ular buni hech qachon qoniqarli tarzda tushuntira olishmasdi. Pavlus esa: «Alloh, odamlar Uni astoydil izlab topishlarini xohlaydi. Zero U har birimizga yaqindir»,— deb Parvardigorning insonlarga nisbatan niyatini ayon qildi. (Havor. 17:27) Darhaqiqat, afinaliklar uchun noma’lum bo‘lgan Xudoni tanib-bilishning imkoni bor. Allohni chindan ham topib, U haqda bilmoqchi bo‘lgan har kimga U yaqindir. (Zab. 145:18) E’tibor bering, Pavlus «har birimizga» deb Allohni astoydil izlab topishi kerak bo‘lgan kishilar qatoriga o‘zini ham qo‘shdi.
17, 18. Nega odamlar Xudoga yaqin ekanini his qilish lozim va Pavlus tinglovchilarida qay yo‘sin qiziqish uyg‘otganidan nimani o‘rgansak bo‘ladi?
17 Odamlar Xudoga yaqin ekanini his qilishi lozim. Pavlusning aytganiday, aynan U tufayli «yashaymiz, harakat qilamiz, bormiz». Ba’zi olimlarning ta’kidlashicha, Pavlus mil. avv. oltinchi asrda yashagan kritlik shoir va «Afinaning diniy an’anasida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan» Epimenidning so‘zlariga ishora qilgandi. Pavlus odamlar Xudoga yaqin ekanini his qilishi kerakligining yana bir sababini keltirdi: «O‘z shoirlaringizdan ba’zilari aytganidek: “Biz ham Uning avlodimiz”». (Havor. 17:28) Odamlar Xudoga yaqin ekanini his etishi lozim, chunki U barcha insonlar kelib chiqqan odamni yaratgan. Tinglovchilarida qiziqish uyg‘otish niyatida Pavlus donolik ila ular hurmat qilgan yunon asarlaridan iqtibos keltirdi e. Unga o‘xshab biz ham gohida ensiklopediya, ma’lumot beruvchi adabiyot yoki tarixiy kitoblardan me’yorida iqtibos keltirsak bo‘ladi. Masalan, ishonarli manbadan iqtibos keltirib, Yahovaning Shohidi bo‘lmagan kishini muayyan an’analar yoki urf-odatlar soxta dindan kelib chiqqaniga ishontirsa bo‘ladi.
18 Shu paytgacha Pavlus tinglovchilarini inobatga olib, mohirlik ila so‘zlar tanlagan va Alloh to‘g‘risidagi asosiy haqiqatlarni ochib bergan. Xo‘sh, u afinaliklar bu muhim ma’lumotni qanday qo‘llashini istaydi? U buni nutqining davomida aytdi.
«Har yerdagi insonlar» tavba qilishi darkor (Havoriylar 17:29–31)
19, 20. a) Pavlus xushmuomalalik ila butlarga sig‘inish bema’nilik ekanini qanday ko‘rsatdi? b) Pavlusning tinglovchilari nima qilishi kerak edi?
19 Pavlus tinglovchilarini harakatga undashga tayyor edi. U yana yunon asarlaridan iqtibos keltirib, shunday dedi: «Bizlar Tangrining avlodi ekanmiz, Uni inson aqli va ustaligi bilan yasalgan oltinga, kumushga yoki biror toshga o‘xshatmasligimiz kerak». (Havor. 17:29) Darhaqiqat, agar odamlarni Alloh yaratgan bo‘lsa, unda qanday qilib U inson yasagan butlarga o‘xshab qolishi mumkin? Pavlusning xushmuomalalik ila yuritgan muzokarasi odam yasagan butlarga sig‘inish bema’nilik ekanini ko‘rsatdi. (Zab. 115:4–8; Ishayo 44:9–20) Pavlus «o‘xshatmasligimiz kerak» degani tufayli tinglovchilar uning maslahatini qabul qilishga qiynalmagandir.
20 Pavlus nima qilish kerakligini aniq tushuntirdi: «Xudo bir zamonlar odamlar bilimsiz yurishiga [butlarga sig‘inish orqali Allohni mamnun etish mumkin degan fikrga] yo‘l qo‘ygan bo‘lsa-da, hozir har yerdagi insonlarni tavbaga chaqiryapti». (Havor. 17:30) Ba’zi tinglovchilari tavba qilish kerakligini eshitib hayron qolgandir. Ammo uning ta’sirli nutqi ular hayoti uchun Xudo oldida qarzdor ekanini va Unga hisobot berishini ko‘rsatdi. Ular Xudoni izlab, U haqda haqiqatni bilib olishi va bunga muvofiq yashashi zarur edi. Afinaliklar butparastlik gunoh ekanini tan olib, bu yo‘ldan qaytishi kutilardi.
21, 22. Pavlusning nutqi qanday ta’sirli so‘zlar bilan yakunlandi va ular biz uchun qanday ma’noga ega?
21 Pavlus nutqini quyidagi ta’sirli so‘zlar bilan tugatdi: «[Tangri] O‘zi tayinlagan zot orqali, butun yer yuzini adolat bilan hukm qiladigan kunni belgilab qo‘ygan. Barcha odamlar bu kun kelishiga amin bo‘lishlari kerak, chunki Tangri o‘sha zotni tiriltirdi». (Havor. 17:31) Bo‘lajak hukm kuni Allohni izlab topish uchun jiddiy sababdir! Pavlus tayinlangan Hakamning ismini aytmadi. Lekin u haqda ajoyib tafsilotlarni ma’lum qildi: u yer yuzida yashagan, o‘lgan va Xudo uni tiriltirgan!
22 Nutqining yakuniy qismi biz uchun ham chuqur ma’noga ega. Alloh tayinlagan Hakam tiriltirilgan Iso Masih ekanini bilamiz. (Yuhan. 5:22) Hukm kuni ming yil davom etishi va u shiddat bilan yaqinlashib kelayotgani ham bizga ma’lum. (Vah. 20:4, 6) Biz Hukm kunidan qo‘rqmaymiz, chunki u sodiq deb topilgan insonlarga ulkan qut-barakalar keltirishini tushunamiz. Porloq kelajakka bo‘lgan umidimizning ro‘yobga chiqishini eng bebaho mo‘jiza — Iso Masihning tirilishi kafolatlaydi!
«Ba’zilar... Isoning izdoshi bo‘lishdi» (Havoriylar 17:32–34)
23. Odamlar Pavlusning nutqiga qanday munosabat ko‘rsatishdi?
23 Odamlar Pavlusning nutqiga turlicha munosabat ko‘rsatishdi. «Tirilish haqida eshitgandan keyin ba’zilari uni» masxara qildi. Boshqalari esa muloyimlik ila: «Mayli, keyingi safar bu haqda gapirganingda, seni tinglaymiz»,— deb qo‘ydi. (Havor. 17:32) Biroq ijobiy munosabat bildirganlar ham bor edi: «Ba’zilar Pavlusning orqasidan borib, Isoning izdoshi bo‘lishdi. Ularning orasida Areopagda hakamlik qiladigan Dionis, Damar ismli ayol va boshqalar bor edi». (Havor. 17:34) Hozir ham xizmatda shunday bo‘lib turadi. Ba’zilar ustimizdan kulishi, boshqalari esa muloyimlik ila befarq ekanini ko‘rsatishi mumkin. Ammo kimdir Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xabarni qabul qilib, Isoning izdoshi bo‘lsa, juda quvonamiz.
24. Pavlusning Areopagda aytgan nutqidan qanday saboq olishimiz mumkin?
24 Pavlusning nutqi ustida fikr yuritar ekanmiz, mantiqiy va ishonchli dalillar keltirib, ularni tinglovchilarimizga moslashtirishga o‘rganishimiz mumkin. Bundan tashqari, soxta din ta’limotlari zehnini ko‘r qilgan insonlarga nisbatan sabrli bo‘lib, xushmuomalalik ila munosabat ko‘rsatishni o‘rganamiz. Quyidagi muhim saboqni ham uqib olishimiz mumkin: tinglovchilarning ko‘nglini topish uchun hech qachon Muqaddas Kitobdagi haqiqatni o‘zgartirmasligimiz lozim. Pavlusdan o‘rnak olib, va’zgo‘ylik faoliyatida yanada mohirona tarzda ishtirok eta olamiz. Oqsoqollar ham jamoatda yaxshiroq ta’lim bera olishadi. Shu yo‘sin, boshqalarga Xudoni izlab topishga yordam bera olamiz. (Havor. 17:27)
a « Afina — qadim zamondagi madaniy poytaxt» nomli 142-sahifadagi ramkaga qarang.
b « Epikurchilar va stoiklar» nomli 144-sahifadagi ramkaga qarang.
c Akropoldan shimoli-g‘arbiy tomonda joylashgan Areopagda odatda Afinaning boshqaruvchilari yig‘ilardi. «Areopag» so‘zi boshqaruvchilarni yoki tepalikni bildirgandir. Shuning uchun olimlar Pavlusni o‘sha tepalikka yoki boshqaruvchilar yig‘ilgan boshqa joyga, ehtimol, bozor maydoniga olib borishgani borasida aniq fikrga kelishmagan.
d «Dunyo» deb tarjima qilingan yunoncha kosmos so‘zini yunonlar koinotga nisbatan qo‘llashardi. Hoynahoy, Pavlus yunonlar bilan umumiylikni topib, bu so‘zni aynan shu ma’noda ishlatgan.
e Pavlus stoik shoir Aratning qalamiga mansub bo‘lgan «Ko‘rinishlar» nomli astronomik dostonidan iqtibos keltirdi. («Phayenomena») Bunga o‘xshash iboralar boshqa yunon asarlarida, masalan, stoik shoir Kleanf yozgan «Zevsga atalgan madhiya» nomli asarda ham uchraydi. («Hymn to Zeus»)