Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

15-BOB

Jamoatlarga dalda berish

Jamoatlarga dalda berish

Tuman nozirlari jamoatlarga imonda mustahkam bo‘lishga ko‘maklashishyapti

Havoriylar 15:36–16:5 ga asoslangan

1–3. a) Pavlusning yangi hamrohi kim va u haqda nimalarni bilamiz? b) Ushbu bobdan nimani bilib olamiz?

 TEPALIKLAR bo‘ylab shaharma-shahar yurib, havoriy Pavlus yosh hamrohiga o‘ylanib qaraydi. Uning ismi Timo‘tiy. Navqiron va kuchga to‘la Timo‘tiy ehtimol 20 yoshlarda. Bu safarda u borgan sayin o‘z shahridan uzoq joylarga ketyapti. Kun oxiriga borib Listra va Ikoniya asta-sekin ko‘zdan g‘oyib bo‘lyapti. Ularni oldinda nima kutyapti? Pavlus bu borada oz-moz biladi, chunki bu uning ikkinchi va’zgo‘ylik safari. U xavf-xatar va muammolar ko‘p bo‘lishini biladi. Qiziq, yosh hamrohi-chi, bunga qanday munosabatda bo‘ladi?

2 Pavlus yosh kamtarin bo‘lgan Timo‘tiyga u o‘ziga ishonganidan ham ko‘proq ishonyapti. Yaqinda bo‘lib o‘tgan voqealardan Pavlus ishonchli hamrohga muhtoj ekaniga amin bo‘ldi. U oldilarida kutayotgan ish — jamoatlarga tashrif buyurish va ularni mustahkamlash — tuman nozirlari sifatida ulardan qat’iy va hamfikr bo‘lishni talab etishini biladi. Nega Pavlus shunday fikrda bo‘lgan bo‘lishi mumkin? Sabablaridan biri, ehtimol, Pavlus va Barnabo o‘rtasidagi tushunmovchilikdir. Buni deb ular bir-biridan ayrilib ketishgandi.

3 Ushbu bobda tushunmovchiliklarni hal qilishning eng yaxshi yo‘li to‘g‘risida bilib olamiz. Bundan tashqari, nega Pavlus hamrohi sifatida aynan Timo‘tiyni tanlaganini hamda bugungi kunda tuman nozirlari qanday muhim vazifalarni bajarishayotganini yaxshiroq tushuna olamiz.

«Endi ketdik,... birodarlarni» yo‘qlab boraylik (Havoriylar 15:36)

4. Ikkinchi va’zgo‘ylik safarida Pavlus nima qilmoqchi edi?

4 O‘tgan bobdan to‘rtta birodardan iborat guruh, ya’ni Pavlus, Barnabo, Yahudo va Sila yetakchi kengash sunnat masalasida chiqargan qarorini Antioxiyadagi jamoatda aytib dalda berganini bilib oldik. Xo‘sh, undan keyin Pavlus nima qilgan? U keyingi safarni rejalashtirib, Barnaboga shunday degan: «Endi ketdik, Yahovaning kalomini va’z qilgan shaharlarimizdagi birodarlarni yo‘qlab, ulardan hol-ahvol so‘raylik». (Havor. 15:36) Pavlus yaqinda masihiy bo‘lgan o‘sha birodarlarnikiga shunchaki do‘stona tashrif bilan bormoqchi emas edi. Havoriylar kitobida Pavlusning ikkinchi va’zgo‘ylik safarining maqsadi batafsil ochib beriladi. Birinchidan, u yetakchi kengash chiqargan qarorlarni boshqalarga yetkazib berishni xohlagan. (Havor. 16:4) Ikkinchidan, Pavlus tuman noziri sifatida jamoatlarni ma’nan qo‘llab-quvvatlab, imonda mustahkam bo‘lishga ko‘maklashishga qat’iy qaror qilgan. (Rim. 1:11, 12) Havoriylar o‘rnatgan tartibga bugungi kunda Yahova Shohidlarining tashkiloti qanday taqlid qilyapti?

5. Qanday qilib bugungi kunda Yetakchi kengash jamoatlarga yo‘l-yo‘riq va dalda beradi?

5 Bugungi kunda Masih Yahova Shohidlarining Yetakchi kengashidan foydalanib jamoatlarni boshqaryapti. Uning a’zolari bo‘lmish moylangan sodiq birodarlar dunyo bo‘ylab jamoatlarga xatlar, ham onlayn, ham chop etilgan adabiyotlar, yig‘ilishlar hamda boshqa muloqot vositalari orqali yo‘l-yo‘riq va dalda berishadi. Yetakchi kengash har bir jamoat bilan yaqin aloqada bo‘lishga ham intiladi. Bunda ular tuman nozirlaridan foydalanadi. Butun dunyo bo‘ylab minglab oqsoqollar Yetakchi kengash tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuman nozirlari sifatida tayinlanadi.

6, 7. Tuman nozirlarining ba’zi vazifalariga nimalar kiradi?

6 Bugungi kunda tuman nozirlari tashrif buyurayotgan jamoatlarga shaxsan e’tibor qaratib, ma’nan qo‘llab-quvvatlashga harakat qilishadi. Qanday qilib? Ular mil. birinchi asrdagi masihiylar, masalan, Pavlus ko‘rsatgan o‘rnakka taqlid qilishadi. U tuman noziri bo‘lgan Timo‘tiyga shunday degan: «Qulay paytda ham, noqulay paytda ham kalomni va’z et. Buni zudlik bilan bajar, tanbeh ber, jiddiy ogohlantir, sabr-toqat va ta’lim berish mahorati bilan nasihat qil. [...] Xushxabarni va’z etish bilan mashg‘ul bo‘l». (2 Tim. 4:2, 5)

7 Bu so‘zlarga muvofiq tarzda tuman noziri — agar u uylangan bo‘lsa, xotini ham — mahalliy va’zgo‘ylar bilan va’zgo‘ylik ishining turli sohalarida ishtirok etadi. Ushbu tuman nozirlari xizmatda g‘ayratli bo‘lib, mahorat ila ta’lim berishadi. Bu suruvdagilarga ijobiy ta’sir qiladi. (Rim. 12:11; 2 Tim. 2:15) Tuman nozirlari bo‘lib xizmat qilayotgan birodarlar avvalambor fidoyi sevgisi bilan taniqli. Ular o‘zini boshqalarga xizmat qilish uchun butunlay bag‘ishlab, ob-havo yomon bo‘lishiga qaramay va hatto xavfli hududlarda xushxabarni va’z qilishadi. (Filip. 2:3, 4) Bundan tashqari, ular Muqaddas Kitobga asoslangan nutqlar bilan chiqib, har bir jamoatga dalda, ta’lim va pand-nasihatlar berishadi. Jamoatdagilarning barchasi tuman nozirlarining o‘rnagi borasida fikr yuritib, imoniga taqlid qilib foyda oladi. (Ibron. 13:7)

«Qattiq tortishib qolishdi» (Havoriylar 15:37–41)

8. Barnabo Pavlusning taklifiga qanday javob berdi?

8 Barnabo Pavlusning birodarlarni yo‘qlash to‘g‘risidagi taklifini bajonidil qabul qildi. (Havor. 15:36) Ular ilgari tuman nozirlik ishida yaxshi hamkorlik qilishgan va tashrif buyurmoqchi bo‘lgan joylar hamda odamlar ularga tanish edi. (Havor. 13:2–14:28) Shuning uchun bunday topshiriqni birga bajarish, ehtimol, ular uchun oqilona hamda amaliy bo‘lib ko‘rindi. Biroq bir muammo yuz berdi. Havoriylar 15:37 da shunday yozilgan: «Barnabo bo‘lsa, Mark deb atalgan Yuhannoni o‘zi bilan olishga qaror qildi». Barnabo shunchaki fikr bildirgani yo‘q, balki jiyani bo‘lmish Markni va’zgo‘ylik safariga olishga «qaror qildi».

9. Nega Pavlus norozilik bildirdi?

9 Lekin Pavlus bunga rozi bo‘lmadi. Nega deysizmi? Bayonotda: «Pavlus uni o‘zlari bilan olishni o‘rinli deb hisoblamas edi. Chunki Mark ular bilan hamkorlik qilishdan bosh tortib, Pamfiliyada ularni tashlab ketgan edi»,— deb yozilgan. (Havor. 15:38) Ha, Mark Pavlus va Barnabo bilan birinchi va’zgo‘ylik safariga borgan, ammo ular bilan oxirigacha qolmagan. (Havor. 12:25; 13:13) Va’zgo‘ylik safarining boshida ular Pamfiliyada bo‘lishganda Mark topshiriqdan bosh tortib, Quddusga uyiga qaytib ketgan. Nima uchun Mark aynan bunday yo‘l tutgani to‘g‘risida Muqaddas Kitobda hech narsa yozilmagan. Ammo bunday yo‘l tutgani uchun Pavlus uni mas’uliyatsiz, deb hisoblagan. Hoynahoy, u Mark ishonchli ekanidan shubhalangan.

10. Pavlus va Barnabo o‘rtasidagi tushunmovchilik nimalarga olib keldi?

10 Shunday bo‘lsa ham Barnabo Markni va’zgo‘ylik safariga olishga qat’iy qaror qilgan. Pavlus ham o‘z qaroridan qaytmoqchi emas. Havoriylar 15:39 da quyidagicha aytilgan: «Shu sababli ular qattiq tortishib qolishdi-da, bir-biridan ayrilishdi». Barnabo Mark bilan birga Kipr oroliga uyga suzib ketdi. Pavlus esa safarini davom ettirdi. Bayonotda quyidagilarni o‘qiymiz: «Pavlus esa Silani tanladi. Birodarlar uni inoyatli Tangri Yahovaning qo‘liga topshirgandan so‘ng, u yo‘lga chiqdi». (Havor. 15:40) Birgalikda ular «Suriya va Kilikiyadan o‘tib borgan sari, jamoatlarga» dalda berishardi. (Havor. 15:41)

11. Bizni ranjitgan inson bilan do‘st bo‘lib qolishga qanday fazilatlar ko‘maklashadi?

11 Ushbu voqea bizga xom sut emgan bandalar ekanimizni eslatadi. Yetakchi kengash vakillari sifatida Pavlus hamda Barnaboga o‘zgacha topshiriqlar berilgandi. Pavlusning o‘zi ham keyinchalik yetakchi kengashning a’zosi bo‘lgani ehtimolga yaqin. Bunga qaramay, o‘sha vaziyatda nomukammallik Pavlus hamda Barnaboni yutib chiqdi. Lekin buning dastidan ular uzoq vaqt davomida bir-biridan ko‘ngli qolishiga yo‘l qo‘yishdimi? Yo‘q. Pavlus va Barnabo nomukammal bo‘lishlariga qaramay, kamtarin bo‘lib, Masih kabi fikr yuritishardi. Shubhasizki, vaqt o‘tib, ular bir-birini kechirishdi va do‘stligini tiklashdi. (Efes. 4:1–3) Keyinchalik Pavlus hamda Mark yana hamkorlik qilishdi. (Kolos. 4:10) a

12. Pavlus bilan Barnaboga ergashishni istaydigan oqsoqollar qanday xislatlarga ega bo‘lishlari lozim?

12 Tortishib qolish Pavlus bilan Barnaboga xos emasdi. Barnabo mehribon va saxiy kishi tariqasida tanilgan bo‘lib, shu xislatlarni hayotida shunchalik namoyon etganki, hatto havoriylar uni Yusuf emas, balki Barnabo deb atashardi. Uning bu ismi «tasalli o‘g‘li» degan ma’noni anglatadi. (Havor. 4:36) Pavlusni ham yumshoq muomalali va mehribon kishi deb bilishgan. (1 Salon. 2:7, 8) Bugun ham barcha oqsoqollar, jumladan, tuman nozirlari Pavlus bilan Barnabo kabi doim kamtarlikni namoyon etishlari hamda boshqa oqsoqollarga va butun suruvga yumshoq muomalada bo‘lishlari kerak. (1 Butr. 5:2, 3)

«Yaxshi nom qozongandi» (Havoriylar 16:1–3)

13, 14. a) Timo‘tiy kim edi va Pavlus u bilan qanday tanishgan bo‘lishi mumkin? b) Nega Pavlus Timo‘tiyga o‘zgacha e’tibor qaratgandi? d) Timo‘tiyga qanday mas’uliyat yuklangandi?

13 Ikkinchi va’zgo‘ylik safarida Pavlus Rimning Galatiya viloyatiga kelganida, u yerda allaqachon bir nechta jamoat tashkil topgan edi. Keyinchalik u «Derbega, keyin esa Listraga» bordi. Bayonotda yana shunday aytilgan: «O‘sha yerda Timo‘tiy ismli shogird bor edi. Uning onasi imonga kirgan yahudiy, otasi esa yunon edi». (Havor. 16:1) b

14 Hoynahoy, Pavlus Timo‘tiyning oilasi bilan taxminan mil. 47-yili u yerga birinchi bor kelganida tanishgandi. Endi esa ikki-uch yil o‘tib, Pavlus ikkinchi va’zgo‘ylik safarida yosh bir yigit Timo‘tiyga o‘zgacha e’tibor qaratdi. Qiziq, nima uchun? Chunki Timo‘tiy «birodarlar orasida yaxshi nom qozongandi». U nafaqat ona shahridagi jamoatda, balki boshqa yerdagi jamoatlarda ham yaxshi nomga ega edi. Bayonotda yozilishicha, Listradagi va undan taxminan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan Ikoniyadagi birodarlar Timo‘tiyni yaxshi so‘z bilan tilga olishardi. (Havor. 16:2) Muqaddas ruh boshqaruvi ostida oqsoqollar Timo‘tiyning zimmasiga jiddiy mas’uliyat yuklashgandi, ya’ni u tuman noziri sifatida Pavlus bilan Silaga yordam berishi kerak edi. (Havor. 16:3)

15, 16. Timo‘tiy nima tufayli yaxshi nom qozongan?

15 Yosh bo‘la turib Timo‘tiy nima tufayli yaxshi nom qozongandi? Aqli, qomadi yoki qobiliyatlari tufaylimi? Ko‘pincha odamlar bunday xususiyatlardan hayratda qolishadi. Bir kuni Shomuil payg‘ambarda ham bir kishining tashqi ko‘rinishi katta taassurot qoldirgandi. Biroq Yahova unga quyidagilarni eslatgan: «Alloh odam qaraganday qaramaydi, odam tashqi ko‘rinishga qaraydi, Yahova esa insonning qalbiga qaraydi». (1 Shoh. 16:7) Timo‘tiy tashqi ko‘rinishi yoki qobiliyatlari tufayli emas, balki fazilatlari uchun imondoshlari orasida yaxshi nom qozongandi.

16 Yillar o‘tib, havoriy Pavlus Timo‘tiyning ba’zi fazilatlarini tilga olgan. U Timo‘tiyning ijobiy munosabatini, fidoyi sevgisini hamda ilohiy topshiriqlarni qunt bilan bajarayotganini ta’kidlab o‘tgan. (Filip. 2:20–22) U «samimiy imoni» bilan ham tanilgan. (2 Tim. 1:5)

17. Bugungi kunda yoshlar Timo‘tiyga qanday taqlid qilishlari mumkin?

17 Bugun ham ko‘p yoshlar Timo‘tiyga taqlid qilib, ilohiy fazilatlarni rivojlantirishyapti. Shu yo‘sin, ular yoshlik chog‘idanoq Tangri Yahova hamda Uning xalqi oldida yaxshi nom orttirishyapti. (Hik. 22:1; 1 Tim. 4:15) Ular ikki xil hayot tarzini kechirmay, samimiy imonni namoyon etishyapti. (Zab. 26:4) Natijada, ko‘pgina yigit-u qizlar Timo‘tiy kabi jamoatga katta hissa qo‘sha olishyapti. Ular xushxabarni va’z qilib, o‘zini Xudoga bag‘ishlab, suvga cho‘mishganda, Yahovaning do‘stlariga dalda baxsh etishadi!

«Jamoatlar imonda mustahkam» bo‘lishardi (Havoriylar 16:4, 5)

18. a) Tuman nozirlari sifatida Pavlus bilan Timo‘tiyda qanday vazifalar bo‘lgan? b) Jamoatlar qanday barakalarga ega bo‘lgan?

18 Pavlus bilan Timo‘tiy ko‘p yillar davomida birga hamkorlik qilishgan. Tuman nozirlari sifatida ular yetakchi kengashdan olgan turli topshiriqlarni bajarishardi. Xudoning Kalomida shunday deyilgan: «Shaharma-shahar yurib, ular Quddusdagi havoriylar-u oqsoqollar chiqargan qarorlarni yetkazib, ularga rioya qilish kerakligini ko‘rsatishardi». (Havor. 16:4) Bundan yaqqol ko‘rinib turganidek, jamoatlar havoriylarning hamda Quddusdagi oqsoqollarning yo‘l-yo‘riqlariga amal qilishardi. Bunday itoatkorlikning oqibatida «jamoatlar imonda mustahkam bo‘lib, kundan-kunga imonlilarning soni ortib borardi». (Havor. 16:5)

19, 20. Nega masihiylar «rahbarlikni o‘z zimmasiga olganlar»ning ko‘rsatmalariga itoat qilishlari kerak?

19 Xuddi shunday Yahovaning Shohidlari ham bugungi kunda ko‘p qut-barakalarga ega bo‘lishyapti. Boisi, ular oralarida «rahbarlikni o‘z zimmasiga olganlar»ning ko‘rsatmalariga itoat qilishyapti. (Ibron. 13:17) Bu dunyoning sahnasi o‘zgarib borar ekan, «ishonchli va aqlli xizmatkor» adabiyotlarda taqdim etayotgan ko‘rsatmalarga rioya qilishimiz o‘ta muhim. (Mat. 24:45; 1 Kor. 7:29–31) Bu esa haqiqat yo‘lidan qaytmasligimizga hamda bu dunyoda o‘zimizni pok saqlashga yordam beradi. (Yoqb. 1:27)

20 To‘g‘ri, oqsoqollar, jumladan, Yetakchi kengash a’zolari Pavlus, Barnabo, Mark va birinchi asrdagi boshqa moylangan oqsoqollar kabi nomukammal. (Rim. 5:12; Yoqb. 3:2) Biroq ular Alloh Kalomidagi qonun-qoidalarga qat’iy rioya qilishgani va havoriylarning o‘rnagiga ergashgani uchun ishonchli ekanini namoyon etishyapti. (2 Tim. 1:13, 14) Buning natijasida jamoatlar dalda olib, imonda mustahkam bo‘lishyapti.

a « Mark ko‘pgina sharafli vazifalarni bajargan» nomli 118-sahifadagi ramkaga qarang.

b « Timo‘tiy “xushxabar yoyilishida” jon kuydirgan» nomli 121-sahifadagi ramkaga qarang.