16-BOB
«Makedoniyaga kel»
Biror topshiriqni quvonch ila qabul qilish va ta’qiblarni xursand bo‘lib yengish barakalar keltiradi
Havoriylar 16:6–40 ga asoslangan
1–3. a) Muqaddas ruh Pavlus va uning hamrohlarini qay yo‘sin yo‘naltirgan? b) Qaysi hodisalarni ko‘rib chiqamiz?
MAKEDONIYANING Filippi shahridan bir guruh ayollar chiqib ketdi. Ular birpasda kichik Gangita daryosi sohiliga yetib kelishdi. Odati bo‘yicha ular daryo bo‘yida o‘tirib, Isroilning Xudosiga ibodat qilishmoqda. Yahova ularni kuzatib turibdi. (2 Sol. 16:9; Zab. 65:2)
2 Shu vaqtning o‘zida Filippining sharqidan 800 kilometr uzoqlikda joylashgan Galatiya viloyatining janubidagi Listra shahridan bir guruh kishi yo‘lga chiqadi. Bir necha kundan keyin ular Rimning katta yo‘liga yetib kelishadi. Bu yo‘l ularni g‘arb tomon, ya’ni aholisi eng zich bo‘lgan Osiyo viloyatining hududiga, ya’ni Efesga va boshqa shaharlarga olib borardi. O‘sha guruhdagilar — Pavlus, Sila va Timo‘tiy Masih to‘g‘risidagi xushxabarni eshitishga muhtoj bo‘lgan minglab odamlarga va’z qilmoqchi. Ammo ular hatto safarga chiqishlaridan oldin muqaddas ruh ularga to‘sqinlik qiladi. Bu qanday yuz bergani noma’lum. Xudoning ruhi ularga Osiyo viloyatida va’z qilishga yo‘l qo‘ymaydi. Qiziq, nima uchun? Iso muqaddas ruh yordamida Pavlus va uning hamrohlarini Kichik Osiyo viloyati hamda Egey dengizi orqali Gangita nomli kichik daryoning sohiliga boshlab bormoqchi.
3 Iso Pavlus bilan hamrohlarini Makedoniyagacha bo‘lgan o‘zgacha sayohati davomida qay yo‘sin yo‘naltirganidan bir nechta muhim saboq olishimiz mumkin. Shunday ekan, keling, taxminan mil. 49-yili boshlangan Pavlusning ikkinchi va’zgo‘ylik safarida ro‘y bergan bir nechta hodisani ko‘rib chiqaylik.
«Xudo bizni... da’vat etdi» (Havoriylar 16:6–15)
4, 5. a) Pavlus va uning hamrohlari Bitiniyaga kirmoqchi bo‘lishganida nima yuz berdi? b) Birodarlar qanday qaror qabul qilishdi va buning natijasi qanaqa bo‘ldi?
4 Osiyo viloyatida va’z qilish man etilgani uchun Pavlus va uning hamrohlari Bitiniya shaharlarida xushxabarni aytish niyatida shimol tomon yo‘l olishdi. U yerga borish uchun ular bir necha kun mobaynida Frigiya hamda Galatiyaning aholisi kam bo‘lgan tumanlarini birlashtiruvchi so‘qmoqlardan yurishga majbur bo‘lishgandir. Biroq ular Bitiniyaga kirmoqchi bo‘lishganida, Iso yana muqaddas ruh orqali ularning yo‘lini to‘sdi. (Havor. 16:6, 7) Ehtimol, bu kishilar bundan esankirab qolishgandir. Ular nima haqda va qanday va’z qilishni bilishgan, ammo qayerda va’z qilishni bilishmagan. Ular Osiyo viloyatiga kirish uchun majoziy ma’noda eshikni taqillatishdi, biroq befoyda. Bitiniyaga ham kirishga urinishdi, lekin behuda. Shunga qaramay, Pavlus ochiladigan eshikni topmaguncha taqillatishda davom etishga qat’iy qaror qilgandi. Shunda bu va’zgo‘ylar go‘yo mantiqsiz qaror qabul qilishdi, ya’ni g‘arbga burilib, bir nechta shaharni chetlab o‘tib, 550 kilometr yo‘l yurishdi va Troas shahriga yetib kelishdi. U yerdan ular Makedoniyaga suzib o‘ta olishardi. (Havor. 16:8) Pavlus uchinchi marta eshikni taqillatganida, u oxir-oqibat keng ochildi!
5 Troasda Pavlus va uning hamrohlariga qo‘shilgan Injil yozuvchisi Luqo nima ro‘y berganini shunday ta’riflab berdi: «Kechasi Pavlus vahiy ko‘rdi. Vahiyda qandaydir makedoniyalik kishi undan: “Makedoniyaga kelib, bizga yordam bering”,— deb yolvorayotgan edi. Pavlus bu vahiyni ko‘rgandan so‘ng, Xudo bizni ularga xushxabar aytishga da’vat etdi, deya biz darrov Makedoniyaga otlandik». (Havor. 16:9, 10) a Endi, Pavlus qayerda va’z qilish kerakligini bilib oldi. U taslim bo‘lmay, boshlagan safarini davom ettirganidan juda xursand edi! O‘sha to‘rtta birodar zudlik bilan Makedoniyaga suzib ketdi.
6, 7. a) Pavlusning safari davomida sodir bo‘lgan voqeadan qanday saboq olishimiz mumkin? b) Pavlusning misoli bizni nimaga ishontirmoqda?
6 Ushbu voqeadan nimani o‘rganishimiz mumkin? E’tibor bergan bo‘lsangiz, Pavlus Osiyo viloyatiga yo‘l olganidan so‘nggina Xudoning ruhi uni boshqa yo‘lga yo‘naltirdi. U deyarli Bitiniyaga yetib borganidan so‘nggina Iso unga to‘sqinlik qildi va Troas shahriga yetib borganidan so‘nggina Iso uni Makedoniyaga yo‘naltirdi. Jamoat Boshi sifatida Iso bizni ham shunday yo‘naltira oladi. (Kolos. 1:18) Masalan, kashshoflik xizmatini boshlash yoki va’zgo‘ylarga ehtiyoj katta bo‘lgan hududga ko‘chib o‘tish haqida bir qancha vaqtdan beri o‘ylab yurgandirmiz. Biroq bu maqsadga erishish yo‘lida muayyan qadamlar qo‘yganimizdan so‘nggina Iso muqaddas ruh orqali bizni yo‘naltiradi. Nima uchun? Mana bir misol. Haydovchi mashinasi faqat harakatda bo‘lganida, uni o‘ngga yoki chapga bura oladi. Shunga o‘xshab, agar bor kuchimiz bilan xizmatimizni kengaytirishga harakat qilsakkina, Iso bizni yo‘naltiradi.
7 Urinishlarimiz darhol samara bermasa-chi? Xudoning ruhi bizni yo‘naltirmayapti, deb taslim bo‘lishimiz kerakmi? Aslo. Esingizda bo‘lsa, Pavlus ham maqsadga erishishda to‘siqlarga uchragan. Lekin u xizmat qilishga imkon ochadigan eshikni izlashda davom etgan. Agar faoliyat ko‘rsatish uchun «katta eshikni» izlashda davom etsak, Yahova harakatlarimizga baraka berishiga aminmiz. (1 Kor. 16:9)
8. a) Filippi shahrini tasvirlab bering. b) Pavlus «ibodat qiladigan joy»da va’z qilgani tufayli qanday ajoyib voqea yuz berdi?
8 Makedoniya viloyatiga yetib borgach, Pavlus hamrohlari bilan Filippiga yo‘l oldi. Uning aholisi Rim fuqarolari ekanligidan faxrlanardi. Filippidagi ko‘p narsalar Rimdagiday edi va iste’foga chiqqan Rim askarlari u yerda o‘zini go‘yo Rimda yashaganday his qilishardi. Shogirdlar shahar darvozasining tashqarisida, kichik daryo bo‘yida «ibodat qiladigan joy» topishdi b. Shabbat kuni ular o‘sha yerga borishganida, Xudoga topinish uchun yig‘ilgan bir nechta ayolni uchratishdi. Shogirdlar ularning yoniga borib, suhbat qurishdi. Lidiya ismli bir ayol ularni «tinglab o‘tirardi... Yahova uning yuragini ochdi». Shogirdlar aytgan xushxabar Lidiyaning qalbini zabt etgani tufayli u va uning uydagilari suvga cho‘mishdi. Keyin u Pavlus bilan hamrohlaridan uyiga kirib mehmon bo‘lishlarini iltimos qildi. (Havor. 16:13–15) c
9. Hozirgi paytda ko‘pchilik Pavlusning namunasiga qanday taqlid qilyapti va natijada ular qanaqa barakalarga ega bo‘lishyapti?
9 Lidiyaning suvga cho‘mgani qancha shodlik olib kelganini bir tasavvur qiling! Pavlus «Makedoniyaga kel» degan taklifni qabul qilganidan juda xursand bo‘lgandir. Shuningdek, Pavlus Yahova u va hamrohlari orqali o‘sha xudojo‘y ayollarning ibodatlariga javob berganidan suyungandir! Hozir ham ko‘pgina imondoshlarimiz — yosh-u qari, turmush qurgan va qurmaganlar — ehtiyoj katta bo‘lgan hududlarga ko‘chib o‘tishyapti. Albatta, qiyinchiliklar bo‘lishi turgan gap. Biroq bu va’zgo‘ylar Lidiya kabi haqiqatni qabul qiladigan kishilarni topishganida, bu qiyinchiliklar ular his qiladigan xursandchilik oldida ko‘rinmay ketadi. Siz ham muayyan o‘zgarishlar qilib, ehtiyoj katta bo‘lgan hududga ko‘cha olasizmi? Axir, «Sendan harakat — Xudodan barakat» deganlari bejiz emas. Keling, Eron ismli birodarning misolini ko‘rib chiqaylik. U yoshi 20 dan oshganda Markaziy Amerikaning bir mamlakatiga ko‘chib o‘tgan. Boshqa mamlakatda xizmat qiladigan ko‘plar kabi u shunday dedi: «Chet elda xizmat qilish ma’nan o‘sishimga yordam berib, Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarimni yanada mustahkamladi. Bu yerda va’z qilish menga judayam yoqadi. Hozir sakkizta kishi bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazaman».
«Xaloyiq ularga qarshi chiqdi» (Havoriylar 16:16–24)
10. Jinlar odamlarni Pavlus va uning hamrohlariga qarshi qayrab qo‘yish uchun nima qilishgan?
10 Shayton uning va jinlarining ta’siri ostida bo‘lgan joylarda xushxabar tarqalishni boshlaganidan g‘azablangani shubhasiz. Shu bois jinlar odamlarni Pavlus va uning hamrohlariga qarshi qayrab qo‘yish uchun qo‘lidan kelganini qilishgani ajablanarli emas! Ular ibodat qiladigan joyga yana borishganida, folchilik qilib, xo‘jayinlariga ko‘p daromad keltiradigan cho‘ri qiz ularning orqasidan yurib: «Bu odamlar Tangri Taoloning qullari. Ular sizlarga najot xabarini aytishyapti»,— deya baqirardi. Odamlar bu qizning bashorati va Pavlusning ta’limotlari Xudodan deb hisoblashi uchun jin uni o‘sha so‘zlarni aytishga undagandir. Shu yo‘sin, bu odamlarning diqqati Masihning haqiqiy izdoshlaridan chalg‘ir edi. Biroq Pavlus jinni haydab chiqargach, o‘sha qiz jim bo‘lib qoldi. (Havor. 16:16–18)
11. Cho‘ri qizdan jin chiqib ketgach, Pavlus va Sila bilan nima yuz berdi?
11 Cho‘ri qizning xo‘jayinlari yengil daromaddan ayrilganini tushunishgach, rosa achchiqlanishdi. Ular Pavlus va Silani tutib, bozor maydonidagi shahar ma’murlari — Rim hukumatining vakillari oldiga sudrab borishdi. U yerda ular odamlarning masalalari bo‘yicha hukm chiqarishardi. Cho‘ri qizning xo‘jayinlari hakamlar yahudiylardan nafratlanishini hamda ularning vatanparvarlik tuyg‘usini inobatga olib, shunday deyishdi: «Bu odamlar shahrimizning tinchligini buzishyapti. Ular yahudiy bo‘lib, biz rimliklarga qabul qilish ham, ularga rioya qilish ham man etilgan urf-odatlarni e’lon qilishyapti». Bu so‘zlarning ta’siri ostida bozor maydonidagi «xaloyiq... [Pavlus va Silaga] qarshi chiqdi, shahar ma’murlari esa» ularni xivich bilan savalashga buyurishdi. Keyin Pavlus bilan Silani qamoqxonaga tashlashdi. Qamoqxona nazoratchisi savalangan bu kishilarni qamoqxonaning yaxshi qo‘riqlanadigan qismiga tashlab, oyoqlarini kundalab qo‘ydi. (Havor. 16:19–24) Nazoratchi eshikni yopganida, qamoqxona zulmatga burkangandi va Pavlus bilan Sila bir-birini zo‘rg‘a ko‘ra olardi. Ammo Yahova hammasini ko‘rib turardi. (Zab. 139:12)
12. a) Masihning shogirdlari ta’qiblarga qanday munosabatda bo‘lishgan va nega? b) Shayton va uning malaylari haliyam qaysi usullardan foydalanishyapti?
12 Bir necha yil oldin Iso izdoshlariga: «Sizlarni ham ta’qib qilishadi»,— deb aytgan edi. (Yuhan. 15:20) Shunday ekan, Pavlus va uning hamrohlari ta’qiblarga tayyor bo‘lib Makedoniyaga kelishgan. Ular duch kelgan qarshiliklarni Yahovaning noroziligi emas, balki Shaytonning g‘azabi deb bilishgan. Bugungi kunda Shaytonning malaylari Filippi shahrida qo‘llanilgan usuldan foydalanishyapti. Ashaddiy dushmanlar biz haqimizda maktabda yoki ishda tuhmat tarqatib, bizga qarshilik ko‘rsatilishiga hissa qo‘shishyapti. Ba’zi mamlakatlarda din rahbarlari sudda bizni go‘yo shunday ayblashyapti: «Bu Shohidlar “ota-bobolarimizning diniga” to‘g‘ri kelmaydigan narsalarni olg‘a surayotgani turli muammolarga sabab bo‘lyapti». Boshqa joylarda esa imondoshlarimizni do‘pposlab, qamoqqa tashlashyapti. Ammo Yahova hammasini ko‘rib turibdi. (1 Butr. 3:12)
«Darrov... suvga cho‘mdi» (Havoriylar 16:25–34)
13. Nega qamoqxona nazoratchisi shunday so‘radi: «Najot topishim uchun nima qilishim kerak?»
13 Pavlus bilan Sila o‘sha kuni bo‘lgan dahshatli voqealardan keyin o‘ziga kelish uchun biroz vaqt kerak bo‘lgandir. Yarim kechada ular o‘zini yaxshiroq his qilishdi va hatto «ibodat qilib, Allohga hamdu sanolar kuylab o‘tirishgandi». Qo‘qqisdan kuchli zilzila yuz berdi va qamoqxona silkinib ketdi! Shunda qamoqxona nazoratchisi uyg‘ondi va barcha eshiklar ochilganini ko‘rib, mahbuslar qochib ketdi, deb dahshatga tushdi. U buning uchun jazolanishini bilib «qilichini chiqarib o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘ldi». Ammo Pavlus unga baland ovozda: «Joningizga qasd qilmang, hammamiz shu yerdamiz!» — dedi. Dami ichiga tushib ketgan nazoratchi: «Janoblar, najot topishim uchun nima qilishim kerak?» — deb so‘radi. Na Pavlus, na Sila unga najot bera olardi, buni faqat Iso qila olardi. Shu sababli ular unga shunday javob berishdi: «Hazratimiz Isoga ishoning, shunda o‘zingiz ham, xonadoningiz ham najot topasiz». (Havor. 16:25–31)
14. a) Pavlus bilan Sila qamoqxona nazoratchisiga qanday yordam ko‘rsatishdi? b) Pavlus bilan Sila ta’qiblarni xursandchilik ila yengishgani uchun qanday barakaga ega bo‘lishdi?
14 Nazoratchining savoli samimiy bo‘lganmi? Pavlus uning samimiyligidan shubhalanmagan. Nazoratchi yahudiy bo‘lmagan va Muqaddas Yozuvlarni bilmagan. Masihiy bo‘lishdan avval u Xudoning Kalomidagi asosiy haqiqatlarni qabul qilishi lozim edi. Shu bois Pavlus bilan Sila «Yahovaning kalomini unga» va’z qilish uchun biroz vaqt ajratishdi. Ular Muqaddas Yozuvlardagi haqiqatlarni berilib tushuntirishganidan, hatto yaralar-u og‘riqlarini esdan chiqarishgandir. Biroq qamoqxona nazoratchisi ularning belida yaralarini ko‘rib, ularni yuvib tozaladi. Undan keyin «darrov o‘zi hamda butun xonadoni suvga cho‘mdi». Pavlus bilan Sila ta’qiblarni xursandchilik ila yengishgani uchun qut-barakaga ega bo‘lishdi! (Havor. 16:32–34)
15. a) Ko‘p Yahovaning Shohidlari Pavlus bilan Silaning o‘rnagiga qanday taqlid qilyapti? b) Nega hududimizdagi insonlarnikiga qayta-qayta tashrif buyurish muhim?
15 Bugun ham Pavlus bilan Sila kabi, imoni tufayli qamoqda bo‘lgan ko‘p Yahovaning Shohidlari u yerda xushxabarni bo‘lishib, yaxshi samara ko‘rishyapti. Masalan, bir vaqtlar faoliyatimiz taqiqlangan bir mamlakatda Yahova Shohidlarining 40 foizi haqiqatni qamoqxonada bilib olgan. (Ishayo 54:17) E’tibor bergan bo‘lsangiz, qamoqxona nazoratchisi zilzila bo‘lgandan so‘ng yordam so‘ragan. Shunga o‘xshab, bugun ham ilgari xushxabarni qabul qilmagan ayrim kishilar kutilmaganda hayotida qandaydir baxtsizlik yuz bergandan so‘ng xushxabarni eshitishga moyil bo‘lar. Hududimizdagi insonlarnikiga qayta-qayta tashrif buyurib ularga yordam berishga tayyor ekanimizni ko‘rsatamiz.
«Endi esa bizni yashirincha chiqarib yuborishmoqchimi?» (Havoriylar 16:35–40)
16. Pavlus bilan Sila savalangach, ertasi kuni nima yuz berdi?
16 Ertasi kuni shahar ma’murlari hibsga olingan Pavlus bilan Silani ozod qilishni buyurishdi. Ammo Pavlus shunday dedi: «Ular hammaning ko‘z oldida biz, Rim fuqarolarini hech qanday hukm chiqarmasdan savalab, qamoqxonaga tashlashdi, endi esa bizni yashirincha chiqarib yuborishmoqchimi? Yo‘q, o‘zlari kelib, bizni chiqarib yuborishsin». Ular bu ikkita mahbus Rim fuqarolari ekanini eshitib, qo‘rqib ketishdi, chunki ularning huquqlarini buzishdi d. Vaziyat keskin o‘zgardi. Shogirdlar hammaning ko‘z o‘ngida savalandi, endi esa shahar ma’murlari hammaning oldida ulardan uzr so‘rashi lozim. Keyin esa ular Pavlus bilan Siladan Filippini tark etishlarini yalinib-yolvorishdi. Ular rozi bo‘ldi, ammo u yerdan ketishdan avval yangi shogirdlardan iborat bo‘lgan ma’nan ulg‘ayotgan guruhni qo‘llab-quvvatlashdi. Bundan so‘nggina ular shaharni tark etishdi.
17. Pavlus bilan Sila bardoshli ekanini ko‘rgan yangi shogirdlar qanday muhim saboq olishgan?
17 Agar Pavlus bilan Silaning huquqlariga Rim fuqarolari sifatida hurmat ko‘rsatilganida edi, hoynahoy, ularni savalamagan bo‘lishardi. (Havor. 22:25, 26) Ammo Filippidagi shogirdlar Pavlus bilan Sila Masih uchun azob chekmaslik niyatida o‘z huquqlaridan foydalanishyapti, degan fikrga borishi mumkin edi. Rim fuqarosi bo‘lmagan shogirdlarning imoniga bu qanday ta’sir qilardi? Chunki qonun ularni savalinishdan himoya qilmas edi. Shu bois Pavlus va uning hamrohi bardoshli bo‘lib, o‘rnagi orqali yangi shogirdlarga Masihning izdoshlari ta’qiblarda mustahkam bo‘la olishini ko‘rsatishdi. Ustiga-ustak, Pavlus bilan Sila fuqarolik huquqini talab qilib, shahar ma’murlarini omma oldida noqonuniy ish tutishganini tan olishga majburlashdi. Bu esa, hoynahoy, Pavlusning imondoshlarini ma’murlarning yomon munosabatidan asragan va kelajakda shu kabi hujumlardan qonuniy himoya sifatida xizmat qilgan.
18. a) Oqsoqollar Pavlusning o‘rnagiga qanday taqlid qilishyapti? b) Qay yo‘sin xushxabarni himoyalab, qonuniylashtiryapmiz?
18 Hozir ham oqsoqollar o‘z o‘rnagi bilan ta’lim berishadi. Imondoshlaridan kutiladigan narsani ular o‘zlari ham astoydil bajarishadi. Biz ham Pavlusga o‘xshab himoyaga ega bo‘lish uchun qonuniy haq-huquqlarimizdan qayerda va qay yo‘sin foydalanish mumkinligi haqida yaxshilab o‘ylab ko‘ramiz. Yuridik himoyaga ega bo‘lish va topinishimizni davom ettirish uchun kerak bo‘lsa, mahalliy, milliy va hatto xalqaro sudlarga murojaat qilamiz. Maqsadimiz ijtimoiy islohot o‘tkazish emas, balki Pavlus Filippida qamoqda bo‘lganidan deyarli o‘n yil o‘tgach, u yerdagi jamoatga yozganidek, «xushxabarni himoyalash va qonuniylashtirish». (Filip. 1:7) Sud qanday qaror chiqarmasin, Pavlus va uning hamrohlari kabi Xudoning ruhi bizni yo‘naltiradigan har joyda «xushxabar aytish» qarorimiz qat’iy. (Havor. 16:10)
a « Havoriylar kitobini yozgan Luqo» nomli 128-sahifadagi ramkaga qarang.
b Ehtimol, Filippi harbiy shahar bo‘lgani uchun yahudiylarga ibodatxona qurish man etilgan. Yoki bu shaharda ibodatxonani barpo etish uchun talab qilingan kamida o‘nta yahudiy erkak bo‘lmagandir.
c « Lidiya qirmizi buyumlar sotardi» nomli 132-sahifadagi ramkaga qarang.
d Rim qonuniga ko‘ra, fuqarosi uni o‘rinli tarzda hukm qilishlarini talab qilish huquqiga ega edi va u aybdor deb tan olinmaguncha omma oldida jazolanmasligi kerak edi.