Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

17-BOB

Pavlus «ular bilan muqaddas yozuvlar asosida muzokara qildi»

Pavlus «ular bilan muqaddas yozuvlar asosida muzokara qildi»

Samarali ta’lim berishning asosi; veriyaliklarning ajoyib o‘rnagi

Havoriylar 17:1–15 ga asoslangan

1, 2. Filippidan Salonikaga kimlar ketyapti va ular, hoynahoy, qaysi voqeani eslashyapti?

 RIMLIK mohir muhandislar tomonidan qurilgan serqatnov yo‘l qoyali tog‘lar orasida joylashgan. Bu yo‘lda turli tovushlar: eshaklarning hangrashi, toshli yo‘l ustida arava g‘ildiraklarining taqir-tuquri, yo‘lovchilarning, jumladan, askar, savdogar va hunarmandlarning ovozlari eshitilardi. Ushbu yo‘ldan uchta hamkor — Pavlus, Sila va Timo‘tiy Filippidan Salonika shahriga ketyapti. Bu shaharlar orasidagi masofa 130 kilometrdan ko‘proq bo‘lgan. Safar, ayniqsa, Pavlus va Sila uchun qiyin kechyapti. Sababi, Filippida xivich bilan savalanishganida olgan jarohatlari hali bitmadi. (Havor. 16:22, 23)

2 Ushbu uzoq safar paytida tushkunlikka tushmaslikka ularga nima yordam beryapti? Albatta, ularga muloqot katta kuch baxsh etyapti. Filippida qamoqxona nazoratchisi va uning xonadonidagilari Isoning izdoshi bo‘lishgani to‘g‘risidagi hayajonli voqea hali ham ularning yodida. O‘sha hodisa bu sayohatchilarning Alloh kalomini va’z qilishda davom etish qarorini yanada kuchaytirdi. Biroq ular Salonika shahriga yaqinlashgach, u yerdagi yahudiylar ularga qanday munosabat ko‘rsatishar ekan, deb o‘ylashayotgandir. Filippida bo‘lganidek, ular bu yerda ham hujumga duch kelib, kaltaklanishadimi?

3. Pavlusning o‘rnagi jasorat ila va’z qilishimizga qanday yordam berishi mumkin?

3 Keyinchalik, Pavlus salonikaliklarga yo‘llagan maktubida o‘zini qanday his qilgani to‘g‘risida quyidagicha yozgan: «O‘zlaringiz bilganingizdek, avval Filippi shahrida azob chekib haqoratga duchor bo‘lganmiz. Lekin ko‘pgina qarshiliklarga qaramay Xudoning xushxabarini sizlarga gapirishimiz uchun Alloh bizga jasorat ato etdi». (1 Salon. 2:2) Demak, Pavlus Filippidagi voqealardan keyin Salonika shahriga kirishdan cho‘chigan bo‘lishi mumkin. Ha, uni tushunsa bo‘ladi. Xushxabarni e’lon qilish siz uchun ham qiyinmi? Pavlus Yahova uni mustahkamlashiga va u muhtoj bo‘lganida jasoratli bo‘lishga yordam berishiga ishongan. Pavlusning o‘rnagi sizga ham shunday yo‘l tutishga ko‘maklashadi. (1 Kor. 4:16)

Pavlus «Muqaddas Yozuvlar asosida muzokara qildi» (Havoriylar 17:1–3)

4. Nega Pavlus Salonikada uch haftadan ko‘proq bo‘lgan, deb xulosa qilish mumkin?

4 Bayonotga binoan, Pavlus Salonikada uch hafta davomida har Shabbat kuni ibodatxonada va’z qilardi. Bu Pavlus u yerda bor-yo‘g‘i uch hafta bo‘lganini anglatadimi? Yo‘q. Pavlus o‘sha shaharga kelganidan keyin, ilk bor qachon ibodatxonaga borganini bilmaymiz. Bundan tashqari, Pavlusning maktublaridan u hamrohlari bilan Salonikada mehnat qilib, kun kechirganini bilib olyapmiz. (1 Salon. 2:9; 2 Salon. 3:7, 8) Shuningdek, Pavlus u yerda bo‘lganida Filippidagi birodarlar unga ikki marta yordam yuborishgan. (Filip. 4:16) Demak, Pavlus Salonikada uch haftadan ko‘proq bo‘lgan, deb xulosa qilish mumkin.

5. Qanday qilib Pavlus odamlarda qiziqish uyg‘otardi?

5 Jasoratga to‘lib, Pavlus ibodatxonada yig‘ilganlarga murojaat qildi. Pavlus o‘zining odatiga ko‘ra, «ular bilan Muqaddas Yozuvlar asosida muzokara qildi. Masih azob chekib o‘lishi, keyin esa tirilishi kerak bo‘lganini tushuntirib, Muqaddas Yozuvlardan isbotlar keltirdi-da: “Bu Masih, men sizlarga va’z qilayotgan Isodir”,— deb aytdi». (Havor. 17:2, 3) E’tibor bergan bo‘lsangiz, Pavlus tinglovchilarning his-tuyg‘ularini junbishga keltirmadi; ularni fikrlashga undadi. Ibodatxonadagilar Muqaddas Yozuvlar bilan tanish bo‘lib, ularni hurmat qilishini Pavlus biladi. Ular Muqaddas Yozuvlarni yaxshi tushunishmaydi. Shuning uchun Pavlus nosiralik Iso va’da qilingan Masih ekaniga ishora qilib, Muqaddas Yozuvlar asosida tushuntirar, muzokara qilar va dalillar keltirardi.

6. Iso Muqaddas Yozuvlar asosida qay yo‘sin muzokara qilgan va natijasi qanday bo‘lgan?

6 Pavlus ta’limotlarini Muqaddas Yozuvlarga asoslagan Isodan o‘rnak olardi. Masalan, omma oldida va’z qilganida Iso izdoshlariga Muqaddas Yozuvlarga binoan, Inson O‘g‘li azob chekib o‘lishi va tirilishi kerakligini aytgan. (Mat. 16:21) Tirilgandan so‘ng Iso shogirdlariga ko‘ringan. Bu esa u aytgan narsalar haqiqat ekanini tasdiqlardi. Biroq bu hali hammasi emas. U ba’zi shogirdlariga qanday ta’lim bergani haqida quyidagilarni o‘qiymiz: «U Musodan tortib barcha payg‘ambarlar kitoblarida o‘zi haqida nima yozilganini ularga talqin qilib berdi». Buning natijasi qanday bo‘ldi? Shogirdlar shunday xitob qilishdi: «Yo‘l-yo‘lakay biz bilan gaplashib, Muqaddas Yozuvlarni tushuntirib berganda, yuraklarimiz zavq-shavqqa to‘lmaganmidi?» (Luqo 24:13, 27, 32)

7. Nega ta’limotlarimizni Muqaddas Yozuvlarga asoslash muhim?

7 Xudoning Kalomidagi xabar kuchli ta’sirga ega. (Ibron. 4:12) Shuning uchun bugun ham Allohning xizmatchilari Iso, Pavlus va boshqa havoriylar kabi ta’limotlarini Kalomga asoslashadi. Odamlar bilan Muqaddas Kitob asosida muzokara qilamiz va aytayotganlarimizni tasdiqlash uchun uni ochib ko‘rsatamiz. Biz yetkazayotgan xabar bizniki emasligini ko‘rsatish uchun bunday qilamiz. Muqaddas Yozuvlarni tez-tez qo‘llab, o‘z fikrlarimizni emas, balki Xudoning ta’limotlarini va’z qilayotganimizni ko‘rsatamiz. Bundan tashqari, biz e’lon qilayotgan xabar butunlay Allohning Kalomiga asoslanganini yodda tutish oqilonadir. Ha, u mutlaq ishonchga sazovor. Xo‘sh, buni bilish ishonch baxsh etib, sizni ham Pavlus kabi jasorat ila va’z qilishga undayaptimi?

Ba’zilar Isoning izdoshi bo‘ldi (Havoriylar 17:4–9)

8–10. a) Salonikadagi odamlar xushxabarga qanday munosabat bildirishdi? b) Nega ayrim yahudiylar Pavlusga hasad qilishgan? v) Qarshi bo‘lgan yahudiylar qanday yo‘l tutishdi?

8 Pavlus Isoning quyidagi so‘zlari haq ekaniga amin bo‘ldi: «Meni ta’qib qilgan bo‘lishsa, sizlarni ham ta’qib qilishadi. Agar mening so‘zimga rioya qilgan bo‘lishsa, unda sizlarning so‘zingizga ham rioya qilishadi». (Yuhan. 15:20) Salonikada Pavlus Iso aytganday, odamlarning turli munosabatiga duch keldi. Ba’zilar uning aytganlariga bajonidil rioya qilishdi, boshqalar esa yo‘q. Yaxshi munosabat bildirgan insonlar haqida Luqo shunday deb yozgan: «Yahudiylardan ba’zilari, shuningdek, Xudodan qo‘rqqan ko‘pgina yunonlar bilan bir qancha obro‘li ayollar ham Isoning izdoshi bo‘lib, Pavlus bilan Silaga qo‘shildilar». (Havor. 17:4) Albattaki, bu yangi shogirdlar Muqaddas Yozuvlarni yaxshiroq tushunishlariga yo‘l ochilganidan rosa xursand bo‘lishdi.

9 Ba’zilar Pavlus aytgan gaplarni qadrlashardi, boshqalar esa unga qarshi tish qayrashardi. Salonikadagi ayrim yahudiylar Pavlusga hasad qilishgan, chunki u «ko‘pgina yunonlar»ni haqiqatga jalb qilgandi. Ular yunonlarni yahudiy diniga kiritishni xohlashgani uchun Ibroniycha yozuvlar bo‘yicha ta’lim berishgan va ularni xuddi o‘z shogirdlariday ko‘rishgan. Pavlus esa ularning ibodatxonasiga keldi va o‘sha yunonlarni Masihning izdoshi bo‘lishga undab, o‘z tomoniga og‘dirdi. Yahudiylar bundan g‘azabga mindi.

«Ular... Pavlus bilan Silani olomonning oldiga olib chiqmoqchi bo‘lishdi». (Havoriylar 17:5)

10 Luqo keyin nima yuz bergani haqida quyidagicha yozgan: «Hasadga to‘lgan yahudiylar, bozor maydonidagi bekorchilar orasidan ayrim yovuz kishilarni yig‘ib, bir to‘da bo‘lishdi-da, shaharda to‘polon ko‘tarishdi. Ular Yasonning uyiga bostirib borib, Pavlus bilan Silani olomonning oldiga olib chiqmoqchi bo‘lishdi. Ularni topolmay, Yasonni va ayrim birodarlarni shahar boshliqlarining oldiga sudrab borib, shunday deya baqirishdi: “Yer yuzini alg‘ov-dalg‘ov qilgan bu kishilar endi shu yerga ham kelishibdi. Yason esa ularga mehmondo‘stlik ko‘rsatibdi. Bu kishilarning bari Iso degan boshqa bir shoh to‘g‘risida gapirib, podshohimizning farmoniga qarshi chiqishyapti”». (Havor. 17:5–7) Xo‘sh, bu to‘daning harakatlari Pavlus va uning hamrohlariga qanday ta’sir qiladi?

11. Pavlus bilan uning hamrohlarini nimada ayblashdi va yahudiylar qanday farmonga ishora qilgan bo‘lishi mumkin? (Izohga qarang.)

11 Nazorat qilib bo‘lmaydigan to‘daning qo‘lidan hamma narsa keladi. To‘plangan odamlar jo‘sh urgan daryo kabi o‘z yo‘lida uchragan har narsani oqizib ketadi. Yahudiylar ular orqali Pavlus bilan Siladan qutulmoqchi bo‘lishdi. Keyin ular shaharda «to‘polon ko‘tarishdi» va Pavlus bilan Silaga qo‘yilgan ayblovlar adolatli ekaniga shahar boshliqlarini ishontirmoqchi bo‘lishdi. Birinchi ayblov Pavlus va uning hamrohlari «yer yuzini alg‘ov-dalg‘ov» qilgani haqida edi, vaholanki, ular Salonikada hech qanday to‘polon ko‘tarishmagan. Ularga qo‘yilgan ikkinchi ayblov bundan ham jiddiyroq edi. Yahudiylar ularni boshqa shoh — Iso to‘g‘risida gapirib, podshohning farmoniga qarshi chiqqanlikda ayblashdi a.

12. Salonikadagi masihiylarga qo‘yilgan ayblovlar jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi nimadan ko‘rinyapti?

12 Esingizda bo‘lsa, din rahbarlari Isoni ham shunday ayblashgan. Ular Pilatga: «Bu odam xalqimizni yo‘ldan ozdirayotganini... va o‘zini Masih, shoh deb atayotganini aniqladik»,— deyishgan. (Luqo 23:2) Pilat esa podshoh uni xiyonatda ayblashi mumkinligidan qo‘rqqani uchun Isoni o‘limga mahkum qilgan. Shunga o‘xshab Salonikadagi masihiylarga qo‘yilgan ayblovlar jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin edi. Bir kitobga binoan, «ularning vaziyati chindan ham xavfli edi, chunki “odatda podshohlarga xiyonat qilishda gumon qilinayotgan kishi ham o‘limga mahkum qilinishi mumkin edi”». Qiziq, yahudiylarning yovuz rejasi amalga oshadimi?

13, 14. a) Nega to‘daning hujumi muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlandi? b) Pavlus Isoning maslahatiga rioya qilib, qay yo‘sin ehtiyotkor bo‘lgan va unga qanday taqlid qilishimiz mumkin?

13 O‘sha to‘da Salonikadagi va’zgo‘ylik faoliyatini to‘xtata olmadi. Nima uchun? Sabablaridan biri, ular Pavlus bilan Silani topa olishmadi. Bundan tashqari, shahar boshliqlari ayblovlar adolatli ekanidan shubhalanishdi. Ular «garov olgach», ularning oldiga olib kelingan Yason va boshqa birodarlarni ozod etishdi. (Havor. 17:8, 9) Isoning: «Ilonlarday ehtiyotkor, kaptarlarday beg‘ubor bo‘linglar»,— deb aytgan maslahatiga rioya qilib, Pavlus boshqa joylarda va’z qila olish maqsadida xavfli vaziyatlarga tushmaslik uchun ehtiyotkor bo‘lgan. (Mat. 10:16) Pavlus jasoratli bo‘lsa-da, o‘ylamay ish qilmasdi. Masihiylar undan qanday o‘rnak olishi mumkin?

14 Bugun ham xristian olamidagi ruhoniylar ko‘pincha to‘dani Yahovaning Shohidlariga qarshi qayrab qo‘yishadi. Ular hukumat a’zolari bizga qarshi chiqishsin, deya bizni isyonkorlikda va davlatga xiyonat qilganlikda ayblab kelishyapti. Birinchi asrda bo‘lganidek, hozir ham ta’qib qiluvchilar hasad qilib shunday yo‘l tutishyapti. Aslida Isoning haqiqiy izdoshlari muammo orttirishni istamaydi. Bunday jahldor, befarosat odamlardan imkon qadar uzoqroq yurishga intilamiz va, ehtimol, vaqt o‘tib vaziyat yumshagach, va’zgo‘ylik faoliyatimizni tinchgina davom ettiramiz.

«Ular Xudoning kalomini katta ishtiyoq bilan» qabul qilishdi (Havoriylar 17:10–15)

15. Veriyaliklar xushxabarni qanday qabul qilishdi?

15 Birodarlar xavfsizlikni ko‘zlab, Pavlus bilan Silani Salonikadan taxminan 65 kilometr uzoqlikda bo‘lgan Veriyaga yuborishdi. Veriyada Pavlus ibodatxonaga kirib, u yerdagilar bilan suhbatlashdi. Xushxabarni eshitishga tayyor bo‘lgan odamlarni topishdan u juda xursand bo‘lgandir. Luqoning aytishicha, Veriyadagi yahudiylar «Salonika aholisidan farqli ravishda xolisona fikr yuritishardi. Ular Xudoning kalomini katta ishtiyoq bilan qabul qilib, aytilganlar to‘g‘rimi yoki yo‘qmi deya, Muqaddas Yozuvlarni kunda sinchkovlik bilan o‘rganishardi». (Havor. 17:10, 11) Bu haqiqatni qabul qilgan salonikaliklar noto‘g‘ri nuqtai nazarga ega bo‘lishganini anglatmaydi. Keyinchalik Pavlus ularga quyidagilarni yozgan: «Sizlar Xudoning kalomini bizdan eshitganingizda, buni inson so‘zi sifatida emas, balki Alloh kalomi sifatida qabul qilganingiz uchun Xudoga tinmay shukronalar aytyapmiz. Haqiqatan ham bu, siz imonlilarga ta’sir qilib kelayotgan Alloh kalomidir». (1 Salon. 2:13) Xo‘sh, Veriyadagi yahudiylarni Xudoning kalomini katta ishtiyoq bilan qabul qilishga nima undadi?

16. Nega veriyaliklar «xolisona fikr yuritishardi», deb ayta olamiz?

16 Garchi veriyaliklar uchun eshitgan narsalari yangi bo‘lsa-da, ular shubhalanishmadi yoki buni tanqid qilishmadi, shu bilan birga darrov ishonib ham ketishmadi. Avval ular Pavlusni diqqat ila tinglashdi. So‘ng Pavlus ularga tushunishga yordam bergan narsalarni Muqaddas Yozuvlarda yozilganlar bilan solishtirishdi. Qolaversa, ular Kalomni nafaqat Shabbat kuni, balki har kuni sinchkovlik bilan o‘rganishdi. Ular buni «katta ishtiyoq bilan» qilishdi va yangi ta’limot borasida Muqaddas Yozuvlarda nima yozilganini bilish uchun vaqt ajratishdi. Bundan tashqari, ular kamtarin bo‘lib, hayotiga o‘zgarishlar kiritishdi, boisi «ulardan ko‘plari... Isoning izdoshi bo‘lishdi». (Havor. 17:12) Luqo ular «xolisona fikr yuritishardi», deb bekorga yozmagan!

17. Nega veriyaliklarning o‘rnagiga taqlid qilishimiz kerak va qanchadan beri haqiqatda bo‘lishimizga qaramay, qay yo‘sin bunday qilishda davom eta olamiz?

17 Veriyaliklar xushxabarga nisbatan ijobiy nuqtai nazarda bo‘lgani to‘g‘risida Allohning Kalomida yozilishi va biz uchun xolisona fikr yuritishda o‘rnak bo‘lishi ularning xayoliga ham kelmagandir. Ular Pavlus umid qilganidek va Tangri Yahova xohlaganidek yo‘l tutishdi. Biz ham odamlarni shunday yo‘l tutishga, ya’ni ularning imoni butunlay Xudoning Kalomiga asoslangan bo‘lishi uchun uni sinchkovlik bilan o‘rganishga undayapmiz. Isoning izdoshi bo‘lganimizdan keyin ham xolisona fikr yuritishimiz kerakmi? Albatta, bu juda muhim, sababi Yahovadan ta’lim olish va buni darrov amalda qo‘llash nihoyatda dolzarb bo‘lib boryapti. Bunday yo‘l tutib, Yahova bizni shakllantirishiga va irodasiga muvofiq ta’lim berishiga yo‘l qo‘yamiz. (Ishayo 64:8) Shu yo‘sin, samoviy Otajonimizga foydamiz tegib, Uni to‘la-to‘kis xursand qilamiz.

18, 19. a) Nega Pavlus Veriyadan ketdi? Lekin u nima qilishda davom etdi va biz unga qanday taqlid qila olamiz? b) Pavlus yana kimlarga va’z qilmoqchi va qayerda?

18 Pavlus Veriyada ko‘p vaqt bo‘lmadi. Bayonotda quyidagilarni o‘qiymiz: «Pavlus Veriya shahrida ham Xudoning kalomini va’z qilayotganini eshitgan Salonikadagi yahudiylar u yerga ham kelib, xaloyiqni gijgijlab, Pavlusga qarshi qilib qo‘yishdi. Shunda birodarlar Pavlusni zudlik bilan dengiz sohiliga kuzatib qo‘yishdi. Sila bilan Timo‘tiy esa o‘sha yerda qolishdi. Pavlusni kuzatib qo‘ygan birodarlar u bilan Afinagacha borishdi. Sila bilan Timo‘tiy imkon qadar tezroq kelishsin, degan topshiriqni olgach, ular orqaga qaytishdi». (Havor. 17:13–15) Va’zgo‘ylik ishiga qarshilik ko‘rsatganlar taslim bo‘lmoqchi emasdi! Ular Pavlusni Salonikadan haydashgani yetmaganidek, Veriyaga borib xuddi shunday qilmoqchi edi, ammo bu ish bermadi. Pavlus qiladigan ishlari hali ko‘pligini bilardi, shuning uchun boshqa joyga borib, u yerda va’z qildi. Keling, va’zgo‘ylik faoliyatini to‘xtatmoqchi bo‘lganlarga yengilmaslik qarorimiz qat’iy bo‘lsin!

19 Pavlus Salonika hamda Veriyadagi yahudiylarga keng shohidlik berib, jasorat ila va’z qilish va Muqaddas Yozuvlar asosida muzokara yuritish juda muhim ekanini tushundi. Biz ham buni tushunyapmiz. Endi esa Pavlus boshqa turdagi tinglovchilar bilan — Afinadagi o‘zga millat vakillari bilan uchrashadi. Qiziq, bu shahardagilar xushxabarga qanday munosabat bildiradi? Buni keyingi bobdan bilib olamiz.

a Bir olimning aytishicha, o‘sha paytda podshohning farmoniga binoan, «ayniqsa boshqarayotgan podshohning o‘rnini egallashi yoki uni hukm qilishi mumkin bo‘lgan yangi podshohning yoki shohlikning paydo bo‘lishi» haqida gapirish man etilgan. Pavlusga qarshi chiqqanlar uning gaplarini noto‘g‘ri talqin qilib, u ushbu farmonni buzganlikda ayblashgani ehtimoldan yiroq emas. « Havoriylar kitobidagi podshohlar» nomli 137-sahifadagi ramkaga qarang.