Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

19-BOB

«Qo‘rqma, tinmay gapiravergin»

«Qo‘rqma, tinmay gapiravergin»

Pavlus o‘ziga g‘amxo‘rlik qilish uchun ishlagan bo‘lsa ham, asosiy diqqatini xizmatga qaratgan

Havoriylar 18:1–22 ga asoslangan

1–3. Havoriy Pavlus Korinfga nega keldi va qanday muammolarga uchradi?

 HAVORIY PAVLUS mil. 50-yilning o‘rtalarida aholisi yunon, rimliklar va yahudiylardan iborat bo‘lgan boy savdo-sotiq markazi bo‘lmish Korinf shahrida a. Biroq u bu yerga oldi-sotdi bilan shug‘ullanish yoki yaxshi ish topish uchun kelmadi. U Korinfga muhimroq ish, ya’ni Xudoning Shohligi to‘g‘risida keng shohidlik berish uchun keldi. Lekin Pavlusga boshpana kerak va u hech kimga og‘ir yuk bo‘lmoqchi emas. Pavlus odamlar u Kalomdan ta’lim bergani uchun unga pul to‘lash kerak, deb o‘ylashini xohlamaydi. Qiziq, u qanday yo‘l tutadi?

2 Pavlus chodir tikishni biladi. Bu mashaqqatli ish, lekin o‘ziga g‘amxo‘rlik qilish uchun u o‘z qo‘llari bilan mehnat qilishga tayyor. Xo‘sh, bu gavjum shaharda u ish topa oladimi? Yashashi uchun mos joy-chi? Pavlus bu muammolarga duch kelgan bo‘lsa ham, asosiy ishdan, ya’ni xizmatdan diqqatini qochirmadi.

3 Hoynahoy, Pavlus Korinfda bir muncha vaqt qolishga qaror qildi va u yerdagi xizmati yaxshi samaralar keltirdi. Uning Korinfda bajargan ishlaridan nimani o‘rganishimiz mumkin va bu hududimizda Xudoning Shohligi to‘g‘risida keng shohidlik berishda qanday qo‘l keladi?

«Ular chodir tikishardi» (Havoriylar 18:1–4)

4, 5. a) Korinfda Pavlus kimnikida yashagan va qanday ish bilan shug‘ullangan? b) Pavlus chodir tikish hunariga qanday ega bo‘lgan?

4 Korinfga kelgandan bir muncha vaqt o‘tgach, Pavlus mehmondo‘st juftlik — yahudiy Akila va uning xotini Priskilla yoki Priska bilan tanishdi. Imperator Klavdiy «barcha yahudiylarga Rimni tark etishlarini» buyurgani uchun ular Korinfga ko‘chib kelishdi. (Havor. 18:1, 2) Akila va Priskilla Pavlusni uyiga qabul qilibgina qolmay, birga ishlashni ham taklif qilishdi. Bayonotda quyidagilarni o‘qiymiz: «Ular hamkasb bo‘lishgani bois, birga yashab, ishlay boshlashdi. Ular chodir tikishardi». (Havor. 18:3) Korinfdagi xizmati davomida Pavlus bu mehmondo‘st va mehribon oilaning uyida yashadi. Keyinchalik Muqaddas Kitobning tarkibiga kirgan bir nechta maktubni u aynan Akila va Priskillanikida yashaganda yozgan bo‘lishi mumkin b.

5 «Shaxsan Gamaliyelning o‘zidan» ta’lim olgan Pavlus chodir tikish hunarini qanday o‘zlashtirgan? (Havor. 22:3) Birinchi asrda yahudiylar farzandlari hatto qo‘shimcha tahsil olgan bo‘lsa ham, biror hunarni o‘zlashtirishining uyatli joyi yo‘q, deb bilishgandir. Pavlus Kilikiya viloyatidagi Tars shahridan bo‘lgan. O‘sha hudud chodir tikishda foydalanilgan kilikium matosi bilan mashhur edi. Hoynahoy, Pavlus bu hunarni yoshligidan o‘zlashtirgan. Qiziq, bunday chodirlar qanday tayyorlanardi? Bu hunar oson emas edi. Chodir tikish bilan shug‘ullanganlar chodir matosini to‘qishardi yoki matoni bichib, so‘ng chodir tikishardi. Mato juda dag‘al bo‘lgani uchun buni qilish qiyin edi.

6, 7. a) Pavlus chodir tikish ishiga qanday munosabatda edi va Akila bilan Priskilla ham bunday nuqtai nazarda bo‘lganini nimadan bilyapmiz? b) Bugungi kunda masihiylar Pavlus, Akila va Priskillaning o‘rnagiga qanday taqlid qilishyapti?

6 Chodir tikish Pavlusning hayotida birinchi o‘rinda bo‘lmagan. U buni faqat o‘z ehtiyojlarini qondirish va xushxabarni «tekinga» yetkazish uchun qilgan. (2 Kor. 11:7) Akila bilan Priskilla bu hunarga qanday munosabatda edi? Masihiylar sifatida ular ham bunga Pavlusdek munosabat ko‘rsatgani shubhasiz. Pavlus mil. 52-yili Korinfdan ketganda, Akila bilan Priskilla uning orqasidan Efesga borishgan. Ularning u yerdagi uyida mahalliy jamoat yig‘ilishlarni o‘tkazardi. (1 Kor. 16:19) Keyinchalik ular Rimga qaytishgan, so‘ng yana Efesga borishgan. Ushbu g‘ayratli juftlik Xudo Shohligining manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yib, boshqalar uchun jonini ayamagan. Bu tufayli «boshqa xalqlardan tashkil topgan jamoatlarning hammasi» ulardan minnatdor bo‘lgan. (Rim. 16:3–5; 2 Tim. 4:19)

7 Bugungi kunda masihiylar Pavlus, Akila va Priskillaning o‘rnagiga taqlid qilishadi. G‘ayratli va’zgo‘ylar boshqalarga «yuk bo‘lmaylik» deb tirishqoqlik bilan mehnat qilishadi. (1 Salon. 2:9) Ko‘p to‘la vaqtli va’zgo‘ylar xarajatlarini qoplash uchun haftada bir necha kun yoki yilda bir necha oy ishlaydi. Xizmat esa ular uchun eng muhim o‘rinda. Akila va Priskilla kabi ko‘pgina mehmondo‘st va’zgo‘ylar uyiga tuman nozirlarini taklif qiladi. «Mehmondo‘st bo‘linglar» degan so‘zlarga amal qilayotgan barcha bu juda daldali va orombaxsh ekanini biladi. (Rim. 12:13)

«Ko‘plab korinfliklar» ishondi (Havoriylar 18:5–8)

8, 9. Yahudiylarga g‘ayrat ila shohidlik berish ta’qiblarni yuzaga keltirganda, Pavlus nima qildi va u va’zgo‘ylik faoliyatini qayerda davom ettirdi?

8 Sila bilan Timo‘tiy Makedoniyadan saxiylik ila qilingan sovg‘alarni olib kelishganida Pavlus chodir tikish ishini xizmatini bajarish yo‘lidagi vosita deb bilgani ayon bo‘ldi. (2 Kor. 11:9) U shu zahoti «Allohning kalomi haqida aytishga astoydil kirishdi». (Havor. 18:5) Biroq yahudiylarga g‘ayrat ila shohidlik berish ta’qiblarni yuzaga keltirdi. Masih haqidagi hayotbaxsh xabarni qabul qilishdan bosh tortgan kishilar uchun mas’ul emasligini ko‘rsatish maqsadida Pavlus kiyimlarini qoqib, qarshi chiqqan yahudiylarga shunday dedi: «O‘z qoningiz o‘z bo‘yningizda. Men aybdor emasman. Endi boshqa millatlar oldiga boraman». (Havor. 18:6; Hiz. 3:18, 19)

9 Va’z qilish uchun keyin u qayerga bordi? Hoynahoy, yahudiy diniga kirgan Titas Yustus ismli kishi Pavlusni uyiga taklif qildi. Uning uyi ibodatxona bilan yonma-yon edi. Shuning uchun u ibodatxonadan chiqib, Yustusning uyiga bordi. (Havor. 18:7) Pavlus Korinfda bo‘lganida, Akila bilan Priskillanikida yashardi, biroq va’zgo‘ylik faoliyatini Yustusning uyida olib borardi.

10. Pavlus faqat boshqa millat vakillariga va’z qilishga qat’iy qaror qilmaganini nimadan ko‘rsak bo‘ladi?

10 Pavlusning «endi boshqa millatlar oldiga boraman» degan so‘zlari u barcha yahudiy va yahudiy diniga kirganlardan, hatto xushxabarni qabul qilishga moyil bo‘lganlardan yuz o‘girganini anglatadimi? Qaydam. Misol uchun, «ibodatxona boshlig‘i Krisp butun xonadoni bilan Hazratimizga ishondi». Hoynahoy, ibodatxonaga borganlarning anchaginasi Krispga qo‘shilgan, chunki Kalomda: «Xushxabarni eshitgan ko‘plab korinfliklar ham ishonib suvga cho‘mishdi»,— deyilgan. (Havor. 18:8) Shu yo‘sin, Korinfda yangi tashkil topgan jamoat Titas Yustusning uyida yig‘ilishlarni o‘tkazadigan bo‘ldi. Havoriylar kitobi Luqoga xos uslubda — xronologik tartibda bayon etilgan bo‘lsa, unda o‘sha yahudiylar yoki yahudiy diniga kirganlar Pavlus kiyimlarini qoqqandan keyin masihiy bo‘lgan, deb xulosa qilish mumkin. Bu Pavlus moslashishga tayyor bo‘lganidan dalolatdir.

11. Yahovaning Shohidlari o‘zini masihiy deb bilgan kishilar bilan suhbatlashganda Pavlusga qanday taqlid qilishadi?

11 Bugungi kunda ko‘p mamlakatlarda xristian olamining cherkovlari barqaror o‘ringa ega bo‘lib, a’zolariga kuchli ta’sir o‘tkazadi. Ba’zi mamlakatlarda va orolli hududlarda xristian olamining missionerlari nuqtai nazarini olg‘a surish uchun ancha hissa qo‘shdi. O‘zini masihiy deb biladigan odamlar birinchi asrda Korinfda yashagan yahudiylar kabi ko‘pincha urf-odatlarning quli bo‘lib yurishibdi. Ammo biz — Yahovaning Shohidlari Pavlus singari bunday odamlar bilan umumiylikni topib, ular Muqaddas Yozuvlardan biladigan narsalari asosida suhbat qurishga intilamiz. Hatto ular bizga qarshilik ko‘rsatishsa yoki ularning din rahbarlari bizni quvg‘un qilishsa, umidni aslo yo‘qotmaymiz. Xudoning xizmatida g‘ayrati bor, «ammo bu g‘ayrat aniq bilimga muvofiq» bo‘lmagan odamlar orasida ko‘pgina kamtarin kishilar bo‘lishi mumkin. Biz ularni izlab topishimiz kerak. (Rim. 10:2)

«Bu shaharda menga ishonadigan hali ko‘p odamlar bor» (Havoriylar 18:9–17)

12. Pavlus vahiy orqali qanday dalda oldi?

12 Pavlus Korinfda xizmatini davom ettirishi haqida shubhalangan bo‘lsa ham, Hazratimiz Iso kechasi unga vahiy orqali: «Qo‘rqma, tinmay gapiravergin. Men sen bilan birgaman, hech kim senga qo‘l tekkizib yomonlik qilmaydi. Chunki bu shaharda menga ishonadigan hali ko‘p odamlar bor»,— deb aytganda shubhalari g‘oyib bo‘ldi. (Havor. 18:9, 10) Bu vahiy unga dalda berdi! Isoning o‘zi Pavlusni xavf-xatardan himoya qilishiga ishontirib, bu shaharda haqiqatni qabul qilishga moyil bo‘lgan ko‘plar borligini aytdi. Xo‘sh, u keyin nima qildi? Bayonotda quyidagicha yozilgan: «Pavlus o‘sha yerda bir yil-u olti oy qolib, ularga Xudoning kalomini o‘rgatdi». (Havor. 18:11)

13. Pavlus hakamlik kursisiga yaqinlashayotib, nima haqida o‘ylagan bo‘lishi mumkin va u bunga duch kelmasligiga nega ishongan?

13 Pavlus Korinfda deyarli bir yil bo‘lgach, Hazrati Iso uni qo‘llab-quvvatlashiga ishontirgan yana bir voqea yuz berdi. «Yahudiylar birlashib, Pavlusga qarshi chiqishdi-da, hakamlik kursisi joylashgan yerga olib kelishdi». U yer bema deb atalardi. (Havor. 18:12) Ba’zilarning fikricha, bema havorang va oq rangli, o‘yilgan naqshli marmartoshdan yasalgan kursi bo‘lib, ehtimol, Korinfning bozor maydonida joylashgan. Hakamlik kursisining old tomonida katta olomon sig‘adigan joy bor edi. Arxeologik qazilmalar asosida bu kursi ibodatxonadan bir-ikki qadam uzoqlikda, demak, Yustusning uyiga yaqin joylashgan deb taxmin qilsa bo‘ladi. Pavlus bemaga yaqinlashayotib, Iso haqida shohidlik bergani uchun o‘ldirilgan ilk masihiy Stefanni eslagan bo‘lishi mumkin. O‘sha paytda u Shoul deb atalgan va uning «o‘ldirilishini ma’qullagan edi». (Havor. 8:1) Pavlusni ham o‘ldirishadimi? Yo‘q, chunki Iso «hech kim» unga qo‘l tekkizmasligini va’da qilgan. (Havor. 18:10)

«So‘ng ularni hakamlar o‘tiradigan joydan haydab yubordi». (Havoriylar 18:16)

14, 15. a) Yahudiylar Pavlusni nimada ayblashdi va nega Gallion masalaga yakun yasadi? b) Sosten bilan nima yuz berdi va, ehtimol, u bilan keyinchalik nima bo‘ldi?

14 Xo‘sh, Pavlus hakamlik kursisi yoniga kelganida nima bo‘ldi? O‘sha paytda Gallion hakam edi. U Axaya viloyatining hokimi va Rim faylasufi Senekaning akasi edi. Yahudiylar Pavlusni shunday deb ayblashdi: «Bu kishi odamlarni Tangriga o‘zgacha tarzda sig‘inishga undab, qonunni buzyapti». (Havor. 18:13) Boshqacha aytganda, ular Pavlus odamlarni noqonuniy tarzda o‘z diniga og‘diryapti, deb ta’kidlashdi. Biroq Gallion Pavlusni hech qanday «qilmish» yoki «og‘ir jinoyat»da aybdor deb topmadi. (Havor. 18:14) Gallion yahudiylarning bahs-munozarasiga aralashmoqchi emasdi. Pavlus o‘zini himoyalash uchun endi og‘iz ochmoqchi bo‘lganida, Gallion masala yakunlanganini aytdi! Ayblovchilarning qoni qaynab ketdi. Ular, ehtimol, Krispning o‘rniga ibodatxona boshlig‘i etib tayinlangan Sostenga qahrini sochishdi va uni ushlab, «hakamlik kursisi oldida urishdi». (Havor. 18:17)

15 Nega Gallion ular Sostenni do‘pposlaganida bunga aralashmadi? Hoynahoy, Gallion bu to‘dani Sosten boshqargan va shuning uchun qilmishiga yarasha jazosini olyapti degan fikrda edi. Nima bo‘lganda ham, bu voqea ijobiy natija bilan yakunlangandir. Bundan bir necha yil o‘tib, Pavlus Korinfdagi jamoatga yo‘llagan birinchi maktubda ismi Sosten bo‘lgan birodarni tilga oldi. (1 Kor. 1:1, 2) U Korinfda do‘pposlangan o‘sha Sosten bo‘lganmi? Agar shunday bo‘lsa, og‘riqli o‘sha voqea tufayli Sosten masihiy bo‘lganga o‘xshaydi.

16. Iso: «Qo‘rqma, tinmay gapiravergin. Men sen bilan birgaman»,— deb aytgan so‘zlari xizmatimizga qanday ta’sir qilyapti?

16 Esimizda bo‘lsa, yahudiylar Pavlus aytgan xabarni rad etishganidan keyin Hazrati Iso uni: «Qo‘rqma, tinmay gapiravergin. Men sen bilan birgaman»,— deb ishontirgan. (Havor. 18:9, 10) Biz ham bu so‘zlarni, ayniqsa, boshqalar xushxabarni rad etganida yodda tutishimiz lozim. Yahova odamning qalbidagilarni ko‘rishini va samimiy insonlarni O‘zi jalb qilishini hech qachon esingizdan chiqarmang. (1 Shoh. 16:7; Yuhan. 6:44) Bu bizga dalda berib, bundan keyin ham xizmatda band bo‘lishga undayapti! Har yili yuz minglab, ya’ni kuniga yuzlab kishilar suvga cho‘myapti. «Barcha xalqlardan shogird tayyorlanglar» degan amrga amal qilganlarni Iso: «Zamonaning oxirigacha men doimo sizlar bilan bo‘laman»,— deb ishontiryapti. (Mat. 28:19, 20)

«Agar Yahova xohlasa» (Havoriylar 18:18–22)

17, 18. Pavlus Efesga ketayotganda nima haqda o‘ylagan bo‘lishi mumkin?

17 Korinfdagi jamoat uchun tinchlik davri boshlaganiga Gallionning qarori sabab bo‘lgan-bo‘lmaganini bilmaymiz. Ammo Pavlus o‘sha yerda «yana ancha kun» turganidan keyin Korinfdagi birodarlar bilan xayrlashib ketdi. Mil. 52-yili bahorda u Korinfning sharqidan taxminan 11 kilometr uzoqlikda bo‘lgan Kenxreyadan Suriyaga borishni rejalashtirdi. Kenxreyadan ketishdan avval Pavlus «Xudo oldida ont ichgani uchun» sochini qirqtirdi. (Havor. 18:18) c So‘ng u Akila va Priskilla bilan birga Egey dengizidan Kichik Osiyodagi Efes shahriga ketdi.

18 Pavlus Kenxreyadan ketayotganda, hoynahoy, Korinfda yuz bergan voqealar haqida mulohaza yuritgan. U ko‘p yoqimli xotiralarni eslagan va chuqur mamnuniyatni his qilgan. Bir yarim yillik xizmati ajoyib samaralar keltirdi. Korinfda birinchi jamoat tashkil etilib, yig‘ilishlar Yustusning uyida o‘tkazilardi. Masihiy bo‘lganlar orasida Yustus, Krisp va uning xonadoni hamda boshqa ko‘plar bor edi. Pavlus bu yangi imondoshlarini yaxshi ko‘rardi, chunki ularga masihiy bo‘lishga yordam bergandi. Keyinchalik, u bu imondoshlariga xat yozgan va ularni qalbida yozilgan tavsiyanoma deb atagan. Biz ham Yahovaga topinishga ko‘maklashgan odamlarga bog‘lanib qolganimizni sezamiz. «Tavsiyanoma» kabi bo‘lgan birodar-u opa-singillarimizni ko‘rishdan juda xursandmiz. (2 Kor. 3:1–3)

19, 20. Pavlus Efesga keliboq nima bilan shug‘ullandi va ma’naviy maqsadlarga intilishda unga qanday taqlid qilishimiz mumkin?

19 Pavlus Efesga keliboq xushxabarni va’z qila boshladi. U «ibodatxonaga kirib, yahudiylar bilan suhbatlashdi». (Havor. 18:19) Bu safar Pavlus Efesda uzoq vaqt qolmadi. Garchi undan ko‘proq vaqt qolishini iltimos qilishsa-da, «u ko‘nmadi». Efesliklar bilan xayrlashganida u: «Agar Yahova xohlasa, yana qaytib kelaman»,— dedi. (Havor. 18:20, 21) Pavlus Efesda hali ko‘plar xushxabarni eshitishi kerakligini tushungani shubhasiz. U bu yerga qaytib kelishni rejalashtirgan bo‘lsa-da, barchasini Yahovaning qo‘liga topshirishni ma’qul ko‘rdi. Biz uchun naqadar zo‘r o‘rnak, shunday emasmi?! Ma’naviy maqsadlarga intilayotib, tashabbuskorlik ko‘rsatishimiz lozim. Biroq doim Yahovaning ko‘rsatmasiga amal qilib, Uning irodasiga muvofiq yo‘l tutsak, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. (Yoqb. 4:15)

20 Akila va Priskillani Efesda qoldirgach, Pavlus kemaga o‘tirib Kesariyaga ketdi. Hoynahoy, u Quddusga «bordi» va u yerdagi jamoat bilan ko‘rishdi. (Havor. 18:22) So‘ng Pavlus tez-tez to‘xtab o‘tadigan Antioxiyadagi (Suriya) uyga qaytdi. Shu bilan Pavlusning ikkinchi va’zgo‘ylik safari muvaffaqiyat ila nihoyasiga yetdi. Qiziq, oxirgi va’zgo‘ylik safarida uni nima kutyapti?

a « Ikkita portga ega Korinf shahri» nomli 149-sahifadagi ramkaga qarang.

b « Ilohiy ilhom ostida yozilgan daldali maktublar» nomli 150-sahifadagi ramkaga qarang.

c « Pavlusning onti» nomli 152-sahifadagi ramkaga qarang.