24-BOB
«Dadil bo‘l!»
Pavlusni o‘ldirish fitnasi; Pavlus Feliks oldida o‘zini himoyalaydi
Havoriylar 23:11–24:27 ga asoslangan
1, 2. Nega Pavlus Quddusda quvg‘unlarga duch kelayotganidan hayron emasdi?
QUDDUSDA Pavlus g‘azabga mingan to‘dadan omon qolib, yana hibsga olindi. Bu g‘ayratli havoriy Quddusda quvg‘unlarga duch kelayotganidan hayron emasdi. Ushbu shaharda uni «qamoq va qayg‘u-alamlar» kutayotgani aytilgandi. (Havor. 20:22, 23) Garchi Pavlus boshiga nimalar tushishini aniq bilmasa ham, ilgarigidek Isoning ismi uchun azob chekishini biladi. (Havor. 9:16)
2 Hatto masihiy payg‘ambarlar ham Pavlus bog‘lanib «o‘zga xalqlarning qo‘liga» topshirilishi to‘g‘risida uni ogohlantirishgan. (Havor. 21:4, 10, 11) Yaqinda yahudiylar to‘dasi Pavlusni o‘ldirmoqchi edi, keyin esa uning dastidan janjal kuchayib borgach, Oliy Kengash a’zolari uni «tilka-pora qilib yuborishlari»ga sal qoldi. Endi esa u hibsda va Rim askarlari uni qo‘riqlashyapti, u yana hukm etiladi va ayblanadi. (Havor. 21:31; 23:10) Darhaqiqat, Pavlus daldaga muhtoj!
3. Va’zgo‘ylik ishini davom ettira olishimiz uchun daldani qay yo‘sin olyapmiz?
3 Ushbu oxirzamonda «Iso Masihning izdoshi sifatida xudojo‘y bo‘lib hayot kechirishni istaydigan barcha ta’qiblarga» duchor bo‘lishini bilamiz. (2 Tim. 3:12) Va’zgo‘ylik ishini davom ettirishimiz uchun vaqti-vaqti bilan daldaga muhtoj bo‘lamiz. «Ishonchli va aqlli xizmatkor» tomonidan taqdim etilayotgan adabiyotlar va yig‘ilishlar orqali olayotgan dalda uchun judayam minnatdormiz! (Mat. 24:45) Yahova xushxabarga qarshi chiqayotganlar muvaffaqiyat qozonmasligiga bizni ishontiryapti. Ular bizni guruh sifatida yo‘q qila olishmaydi hamda va’zgo‘ylik ishini hech qachon to‘xtata olishmaydi. (Ishayo 54:17; Yerm. 1:19) Qiziq, havoriy Pavlus bilan nima bo‘ldi? Qarshiliklarga qaramay, u keng shohidlik berishda davom etishi uchun dalda oldimi? Olgan bo‘lsa, bu qanday yuz berdi, u kim orqali dalda oldi va bu unga qanday ta’sir qildi?
Ichgan «qasam»ni bajara olishmadi (Havoriylar 23:11–34)
4, 5. Pavlus qanday dalda oldi va nega bu o‘z vaqtida edi?
4 Oliy Kengashdan ozod etilganidan keyingi kechasi havoriy Pavlus muhtoj bo‘lgan daldani oldi. Bayonotda shunday yozilgan: «Hazratimiz Pavlusga zohir bo‘lib: “Dadil bo‘l! Quddusda men haqimda qanday shahodat bergan bo‘lsang, Rimda ham shunday qilishing kerak”,— deb aytdi». (Havor. 23:11) Isoning bu daldali so‘zlari Pavlusni hammasi yaxshi bo‘lishiga ishontirdi. U Rimda ham Iso haqida shohidlik bera olishini biladi.
5 Pavlus o‘z vaqtida dalda oldi. Keyingi kuni 40 dan ziyod yahudiy «fitna uyushtirib, Pavlusni o‘ldirmaguncha yeb-ichmaslikka» qasamyod qildi. Bu «qasam» yahudiylar Pavlusni o‘ldirishni juda istayotganini ko‘rsatdi. Buni amalga oshira olishmasa, la’nati bo‘lishga qasam ichishdi. (Havor. 23:12–15) Oliy ruhoniylar-u oqsoqollar tomonidan ma’qul deb topilgan reja bo‘yicha, unga oid masalani batafsil ko‘rib chiqish uchun uni Oliy Kengashga olib borish kerak edi. U yerga yaqinlashib qolganda esa fitna uyushtirganlar Pavlusga hujum qilib, uni o‘ldirishga kelishib olishdi.
6. Pavlus unga qarshi uyushtirilgan fitna to‘g‘risida qanday bilib qoldi va yoshlar bu bayonotdan qanday saboq olishi mumkin?
6 Lekin Pavlusning jiyani fitna to‘g‘risida eshitib, buni unga yetkazdi. Pavlus esa rimlik mingboshi Klavdiy Lusiyga xabar berish uchun yoniga bu yigitni yubordi. (Havor. 23:16–22) Albatta, Yahova Muqaddas Kitobda ismi tilga olinmagan bu yigit kabi yo‘l tutayotgan yigit-u qizlarni yaxshi ko‘radi. Chunki ular o‘zining emas, balki Alloh xalqining farovonligini jasorat ila birinchi o‘ringa qo‘yib, Shohlik manfaatlarini olg‘a surish uchun sadoqat ila harakat qilishyapti.
7, 8. Klavdiy Lusiy Pavlusni qutqarish uchun nima qildi?
7 Qo‘li ostida 1 000 ta askar bo‘lgan Klavdiy Lusiy Pavlusga qarshi uyushtirilgan fitna to‘g‘risida eshitiboq, 470 kishidan iborat bo‘lgan qo‘shinni — askarlarni, otliqlarni va nayzabardorlarni to‘plab, o‘sha kechaning o‘zida Pavlusni eson-omon Quddusdan Kesariyaga olib borishni buyurdi. U yerda uni hokim Feliksga a topshirish kerak edi. Rimga tegishli bo‘lgan Yahudiyaning ma’muriy poytaxti Kesariyada ko‘p yahudiylar yashagan bo‘lsa-da, u yerda asosan o‘zga xalq vakillari istiqomat qilardi. U yerdagi tinchlik va tartib Quddusdagidan keskin farq qilardi. Chunki Quddusda ko‘pchilik boshqa dinlarga qarshi bo‘lib, g‘alayonlar ko‘tarardi. Kesariyada Yahudiyadagi Rim qo‘shinlarining asosiy idorasi ham joylashgan edi.
8 Rim qonuni bo‘yicha, Lusiy hokim Feliksga bu borada maktub yozdi. Lusiy Pavlus Rim fuqarosi ekanini eshitgach, uni yahudiylar o‘ldirishmoqchi bo‘lganida, uni qutqarib qolganini aytdi. Shuningdek, u Pavlusda «o‘limga yoki kishanga loyiq hech qanday ayb» topmaganini, ammo unga qarshi uyushtirilgan fitna tufayli uni Feliksga topshirayotganini aytdi. Toki hokim ayblovchilarning gaplarini eshitib, bu ish bo‘yicha qaror chiqarsin. (Havor. 23:25–30)
9. a) Rim fuqarosi bo‘lgan Pavlusning huquqlari qanday toptaldi? b) Qaysi vaziyatlarda huquqlarimizdan foydalanishimizga to‘g‘ri kelishi mumkin?
9 Lusiy yozgan narsalar rostmidi? Hammasi ham emas. U hokimda yaxshi taassurot qoldirmoqchi bo‘lganga o‘xshaydi. Lusiy Pavlus Rim fuqarosi bo‘lgani uchun yordam qo‘lini cho‘zmagandi. Bundan tashqari, Lusiy uni «ikkita zanjir bilan kishanlashni», keyinchalik esa «qamchilab, so‘roq qilishni» buyurganini aytmadi. (Havor. 21:30–34; 22:24–29) Shu yo‘sin, u Pavlusning Rim fuqarosi sifatidagi huquqlarini toptadi. Bugun ham Shayton ta’qiblarni kuchaytirish maqsadida dushmanlarning diniy fanatizmidan foydalanadi. Ular bizni Xudoga topinish huquqimizdan ham mahrum qilishga intilishi hech gap emas. Lekin Pavlus kabi Xudoning xizmatchilari odatda davlat tomonidan fuqarolariga kafolatlangan huquqlaridan foydalanib, qonunan himoyalanish yo‘llarini izlashi mumkin.
«Oldingizda bemalol o‘zimni himoya qilib gapiraman» (Havoriylar 23:35–24:21)
10. Pavlusga qarshi qanday jiddiy ayblovlar chiqarildi?
10 Kesariyada Pavlusni «Hirod saroyidagi soqchilar» qo‘riqlardi. U ayblovchilar Quddusdan kelishini kutardi. (Havor. 23:35) Besh kundan keyin oliy ruhoniy Hananiya, Tertul ismli huquqshunos va ba’zi oqsoqollar kelishdi. Boshida Tertul, hoynahoy, hokim Feliksga yaxshi ko‘rinish maqsadida yahudiylar uchun qilgan ishlarini maqtadi b. Keyin Tertul masalaga o‘tib, Pavlus haqida shunday dedi: «Pavlus deganlari tinchlikbuzar va yer yuzida yashovchi barcha yahudiylar orasida g‘alayon ko‘taradigan kishi bo‘lib, nasroniylar mazhabining yetakchisidir. U ma’badni harom qilmoqchi bo‘lganida biz uni ushlab oldik». Bu so‘zlarga boshqa yahudiylar ham qo‘shildi va «uni ayblab, aytilganlarni tasdiqlashdi». (Havor. 24:5, 6, 9) G‘alayon ko‘taradigan kishi, xavfli mazhabning yetakchisi va ma’badni harom qiluvchi — bu barcha jiddiy ayblovlar bo‘yicha o‘lim jazosini chiqarish mumkin.
11, 12. Pavlus barcha ayblovlarni qanday rad etdi?
11 So‘ng Pavlusga so‘z berildi. U shunday gap boshladi: «Men oldingizda bemalol o‘zimni himoya qilib gapiraman». U barcha ayblovlarni rad etdi. Ma’badni u harom qilmagan va g‘alayon ko‘tarmoqchi bo‘lmagan. U Quddusda «bir necha yil» bo‘lmaganini va, ehtimol, ocharchilik hamda ta’qiblar dastidan kambag‘al bo‘lgan masihiylarga «xayr-sadaqa», ya’ni xayr-ehson olib kelganini aytdi. Pavlus ma’badga kirishdan avval «poklanish marosimini» bajarishi kerakligini hamda «Allohga va bandalariga qarshi gunoh qilmay», vijdonini toza saqlashga intilganini ta’kidladi. (Havor. 24:10–13, 16–18)
12 Lekin Pavlus «“mazhab” deb atagan yo‘ldan» yurib, ota-bobolarining Xudosiga muqaddas xizmatni ado etganini tan oldi. Ammo u «Tavrot hamda payg‘ambarlar kitoblarida yozilganlarning bariga» ishonishini aytdi. Ayblovchilari kabi u «ham adolatli va adolatsiz odamlarning tirilishiga» umid bog‘laydi. So‘ng Pavlus ayblovchilar ham isbotlarini keltirishini talab qilib shunday dedi: «Oliy Kengash oldida turganimda mendan qanday ayb topishganini aytishsin. Men ularning orasida turib: “Tirilishga bo‘lgan umidim uchun hukm qilinyapman”,— deganimni hisobga olmasak, boshqa aybim yo‘q». (Havor. 24:14, 15, 20, 21)
13–15. Hukmron hokimiyatlarga jasorat ila shohidlik berishda nega Pavlusga taqlid qilsa arziydi?
13 Topinishimiz tufayli hukmron hokimiyat oldida gapirishimizga to‘g‘ri kelsa yoki bizni zo‘ravonlikka qo‘l urishda hamda hukumatga qarshi g‘alayon ko‘tarishda yo «xavfli mazhab» a’zolari deb ayblashsa, Pavlusdan o‘rnak olishimiz mumkin. Tertuldan farqli ravishda, u hokimning ko‘nglini topish uchun laganbardorlik qilmagan. U xotirjamlikni saqlab, hurmat ila gapirgan. Pavlus so‘zlarni tanlab, rostgo‘ylik ila aniq gapirgan. Pavlus uni ma’badni harom qilganlikda ayblagan «Osiyo viloyatidan bo‘lgan ayrim yahudiylar» u yerda bo‘lmaganini va qonun bo‘yicha ular bilan gaplashishi hamda ayblovlarini eshitishi kerakligini aytib o‘tdi. (Havor. 24:18, 19)
14 Eng muhimi esa Pavlus o‘z e’tiqodi to‘g‘risida shohidlik berishdan bosh tortmadi. U tirilishga bo‘lgan ishonchi haqida jasorat ila gapirdi. Aynan bu masala tufayli Oliy Kengashda baqir-chaqir boshlandi. (Havor. 23:6–10) O‘zini himoyalab, Pavlus tirilishga bo‘lgan umidni alohida aytib o‘tdi. Nega? Chunki u o‘lganlarning tirilishi hamda Iso to‘g‘risida shohidlik bergan, ayblovchilari esa bunga ishonmasdi. (Havor. 26:6–8, 22, 23) Ha, aynan tirilish — aniqrog‘i, Isoga va uning tirilishiga bo‘lgan ishonch — bahsning sababi edi.
15 Pavlus kabi jasorat ila shohidlik berishimiz va Iso shogirdlariga: «Mening nomim tufayli odamlar sizlardan nafratlanishadi. Faqat oxirigacha chidagan qutuladi»,— deb aytgan so‘zlaridan kuch olishimiz mumkin. Nima der ekanmiz deb tashvishlanishimiz kerakmi? Yo‘q, chunki Iso shunday deb ishontirgan: «Sizlarni mahkamaga yetaklab borishganda esa, nima deyman deb tashvishlanmanglar. O‘sha paytda muqaddas ruh tomonidan sizlarga nima berilsa, shuni gapiringlar. Negaki sizlar emas, balki muqaddas ruh gapiradi». (Mark 13:9–13)
«Feliks qo‘rqib ketdi» (Havoriylar 24:22–27)
16, 17. a) Feliks Pavlusning ishini qanday olib bordi? b) Feliks nega qo‘rqib ketgan bo‘lishi mumkin, lekin nima sababdan u Pavlus bilan bir necha marta gaplashgan?
16 Hokim Feliks masihiylarning e’tiqodi haqida bundan oldin ham eshitgan. Bayonotda shunday yozilgan: «Hazratimizning yo‘li [bu ibora ilk masihiylikni tasvirlash uchun qo‘llanilgan] to‘g‘risida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lgan Feliks: “Sizlarning masalangiz bo‘yicha qarorimni mingboshi Lusiy kelganida chiqaraman”,— deb tergov ishini keyinga qoldirdi. Yuzboshiga bo‘lsa Pavlusni hibsga olishni, lekin yengillik berib, unga xizmat qilmoqchi bo‘lgan do‘stlariga hech qarshilik ko‘rsatmaslikni buyurdi». (Havor. 24:22, 23)
17 Bir necha kun o‘tib, Feliks yahudiy xotini Drusilla bilan Pavlusni chaqirtirib, «uning Iso Masihga bo‘lgan e’tiqodi to‘g‘risidagi gaplarini tingladi». (Havor. 24:24) Lekin Pavlus «adolat, o‘zini tuta bilish hamda bo‘lajak hukm to‘g‘risida gapirganda, Feliks qo‘rqib ketdi». Ehtimol, Feliks ko‘p yomon ishlar qilgani uchun vijdoni qiynalgandir. Shu bois u Pavlusni qo‘yib yuborib: «Hozircha boraver, vaqtim bo‘lganda, seni yana chaqirtiraman»,— dedi. Bundan so‘ng Feliks chindan ham Pavlus bilan bir necha marta gaplashgan, ammo haqiqatni bilish emas, undan pora olish niyatida bunday qilgan. (Havor. 24:25, 26)
18. Nega Pavlus Feliks va uning xotini bilan «adolat, o‘zini tuta bilish hamda bo‘lajak hukm» to‘g‘risida gaplashdi?
18 Nega Pavlus Feliks va uning xotini bilan «adolat, o‘zini tuta bilish hamda bo‘lajak hukm» to‘g‘risida gaplashdi? Esingizda bo‘lsa, ular «Iso Masihga bo‘lgan e’tiqodi to‘g‘risida» bilmoqchi bo‘lishgan. Pavlus ular axloqsiz hayot kechirganini, zulmkor va adolatsiz ekanini bilgani uchun Isoning izdoshi bo‘lishni xohlagan barchadan nima talab etilishini aniq tushuntirdi. Uning gaplari Allohning adolatli me’yorlari hamda Feliks va uning xotini kechirayotgan hayot o‘rtasida katta farq borligini ko‘rsatdi. Bu ularga barcha odamlar Xudo oldida o‘y-fikrlari, gaplari va ishlari uchun hisobot berishi va U chiqargan qaror Feliks Pavlusga qarshi chiqargan qarordan ancha muhimroq ekanini tushunishga yordam berishi kerak edi. Shuning uchun ham Feliks qo‘rqib ketdi!
19, 20. a) Haqiqatga qiziqish ko‘rsatganday tuyulgan, aslida esa o‘z manfaatini ko‘zlaydigan odamlarga qanday munosabatda bo‘lishimiz kerak? b) Feliks Pavlusga do‘st bo‘lmaganini qayerdan bilamiz?
19 Xizmatda Feliksga o‘xshagan odamlarni uchratishimiz mumkin. Bir qarashda ularni haqiqat qiziqtirganday tuyular, aslida esa ular o‘z manfaatini ko‘zlagan bo‘lishadi. Bunday odamlar bilan ehtiyotkor bo‘lsak, oqilona yo‘l tutgan bo‘lamiz. Ammo Pavlus kabi ularga Xudoning adolatli me’yorlari haqida xushmuomalalik ila gapirishimiz mumkin. Ehtimol, haqiqat ularning qalbini zabt etar. Lekin ular Yahova nafratlanadigan hayot tarzini o‘zgartirishni istamasa, ularni qoldirib, haqiqatga muhtoj bo‘lgan kishilarni qidiramiz.
20 Hokim Feliksning asl niyatini quyidagi so‘zlardan ko‘rish mumkin: «Ikki yildan keyin Feliksning o‘rniga Porsiy Fest keldi. Feliks yahudiylarning ko‘nglini olmoqchi bo‘lib Pavlusni qamoqda qoldirdi». (Havor. 24:27) Aslida Feliks Pavlusga do‘st bo‘lmagan. U «Hazratimizning yo‘li»dan yurganlar isyonkor yoki ig‘vogar bo‘lmaganini bilgan. (Havor. 19:23) Shuningdek, u Pavlus Rim qonunlarining hech birini buzmaganini bilgan. Shunday bo‘lsa-da, Feliks «yahudiylarning ko‘nglini olmoqchi bo‘lib Pavlusni qamoqda qoldirdi».
21. Feliksning o‘rniga Porsiy Fest kelganda Pavlus bilan nima yuz berdi va u qayerdan kuch olardi?
21 Havoriylar 24-bobning oxirgi oyatidan Feliksning o‘rniga Porsiy Fest kelganda, Pavlus hali ham qamoqxonada bo‘lganini bilyapmiz. Bir necha marta Pavlus turli amaldorlarga shohidlik berishiga to‘g‘ri keldi. Ha, bu jasoratli havoriyni «shohlar-u hokimlar qoshiga» olib borishgan. (Luqo 21:12) U o‘sha paytdagi judayam obro‘li boshqaruvchiga ham shohidlik berishini bilib olamiz. O‘sha vaziyatlarning hech birida Pavlusning imoni zaiflashmagan. Shubhasizki, u Isoning «Dadil bo‘l!» degan so‘zlaridan kuch olishda davom etgan.
a « Feliks — Yahudiyaning hokimi» nomli 193-sahifadagi ramkaga qarang.
b Feliks xalqqa «tinch-totuvlik» keltirgani uchun Tertul unga minnatdorchilik bildirdi. Aslida esa Feliks hukm surgan davrda undan oldingi boshqaruvchilarning paytidan Rimga qarshi ko‘tarilgan g‘alayongacha Yahudiyada tartibsizliklar ko‘proq bo‘lgan edi. Shuningdek, yahudiylar Feliksning islohotlari uchun «katta minnatdorchilik» bildirishgani ham rost emas edi. Aslini olganda, aksariyat yahudiylar Feliks hayotini baxtsiz qilgani va g‘alayonlarini shafqatsiz tarzda bosdi-bosdi qilgani uchun undan nafratlanardi. (Havor. 24:2, 3)