Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

28-BOB

«Hatto yerning chetlariga qadar»

«Hatto yerning chetlariga qadar»

Yahovaning Shohidlari Iso Masihning izdoshlari birinchi asrda boshlagan ishni davom ettirishyapti

1. Ilk masihiylar va Yahovaning Shohidlari o‘rtasida qanday o‘xshashlik bor?

 ILK masihiylar g‘ayrat ila shohidlik berishardi. Ular yordamni va muqaddas ruhning boshqaruvini chin yurakdan qabul qilishga tayyor edi. Quvg‘unlar ularni to‘xtatmadi. Tangri ularga ko‘p barakalar yog‘dirdi. Hozirgi kunda Yahovaning Shohidlari to‘g‘risida ham shunday desa bo‘ladi.

2, 3. Havoriylar kitobi nimasi bilan diqqatga sazovor?

2 Shubhasizki, Havoriylarning faoliyati kitobidagi ko‘pgina ajoyib bayonotlar sizga dalda berib, imoningizni mustahkamladi. Bu kitob o‘zgacha, chunki faqat unda Isoning osmonga ko‘tarilganidan keyin ilk masihiylar nima qilgani haqida yozilgan.

3 Havoriylar kitobida 95 ta kishi, 32 ta mamlakat va hudud, 54 ta shahar va 9 ta orol tilga olingan. Qolaversa, undan turli odamlar — oddiy xalq, mag‘rur din peshvolari, manman siyosatchilar va ashaddiy ta’qibchilar to‘g‘risida bilib olyapmiz. Eng muhimi esa u yerda birinchi asrdagi va siz kabi qiyinchiliklarni boshdan kechirib, xushxabarni g‘ayrat ila va’z qilgan imondoshlar haqida aytilgan.

4. Nega bizni ilk masihiylar bilan o‘zgacha rishtalar bog‘lab turibdi desa bo‘ladi?

4 G‘ayratli havoriylar Butrus va Pavlus, sevikli tabib Luqo, saxiy Barnabo, jasoratli Stefan, mehribon Tavita, mehmondo‘st Lidiya va boshqa ko‘p sadoqatli masihiylar yashagan paytdan beri deyarli 2 000 yil o‘tdi. Ular ancha yillar oldin yashagan bo‘lsa-da, bizni o‘zgacha rishtalar bog‘lab turibdi. Nega deganda, bizga ham shogird tayyorlash ishi topshirilgan. (Mat. 28:19, 20) Bunday faoliyatda ishtirok etish katta sharaf!

«...Hatto yerning chetlariga qadar». (Havoriylar 1:8)

5. Isoning ilk izdoshlari u bergan topshiriqni qayerda bajarishni boshlagan?

5 Iso izdoshlariga topshirgan vazifa to‘g‘risida bir o‘ylab ko‘ring. U shunday degan: «Ustingizga muqaddas ruh tushganda, sizlar kuchga to‘lib, Quddusda, butun Yahudiya hamda Samariyada va hatto yerning chetlariga qadar mening shohidlarim bo‘lasizlar». (Havor. 1:8) Avval, muqaddas ruh shogirdlarga «Quddusda» shohidlik qilish uchun kuch bergan. (Havor. 1:1–8:3) Keyin, muqaddas ruhning boshqaruvi bilan ular «butun Yahudiya hamda Samariyada» shohidlik qilishgan. (Havor. 8:4–13:3) So‘ng esa ular «hatto yerning chetlariga qadar» xushxabarni tarqata boshlashgan. (Havor. 13:4–28:31)

6, 7. Xizmatimizni ado etish uchun birinchi asrdagi imondoshlarimizdan farqli ravishda nimalarga egamiz?

6 Birinchi asrdagi imondoshlaringiz va’zgo‘ylikda foydalanish uchun to‘liq Muqaddas Kitobga ega bo‘lmagan. Masalan, Matto bayon etgan xushxabar taxminan mil. 41-yili yozilgan. Pavlusning ba’zi maktublari esa Havoriylar kitobi taxminan mil. 61-yili bitkazilishidan oldin yozilgan. Ilk masihiylarda Muqaddas Yozuvlarning shaxsiy nusxasi va qiziquvchilar uchun turli adabiyotlar bo‘lmagan. Yahudiy masihiylar Isoning shogirdi bo‘lishidan oldin ibodatxonada Ibroniycha yozuvlar o‘qilganini tinglashgan. (2 Kor. 3:14–16) Lekin hatto ular ham Kalomni astoydil o‘rganishi kerak edi. Boisi, hoynahoy, ulardan oyatlarni yoddan aytish kutilgan.

7 Bugun aksariyatimizda Muqaddas Kitob hamda unga asoslangan ko‘pgina adabiyotlar bor. Biz xushxabarni 240 dan ziyod mamlakat-u hududlarda ko‘p tillarda va’z qilib, shogird tayyorlayapmiz.

Muqaddas ruh orqali kuchga to‘lamiz

8, 9. a) Isoning shogirdlari muqaddas ruhning yordamida nima qila olishardi? b) Ishonchli xizmatkor muqaddas ruh yordamida nimalarni taqdim etyapti?

8 Iso shogirdlariga shohidlari bo‘lishni tayinlaganda ularga: «Ustingizga muqaddas ruh tushganda, sizlar kuchga to‘l[asizlar]»,— deb aytgan. Isoning izdoshlari Xudoning ruhi, ya’ni faol kuchi boshqaruvi ostida butun yer yuzi bo‘ylab shohidlik qilishi kerak edi. Aynan muqaddas ruhning yordami bilan Butrus va Pavlus kasallarga shifo berishardi, jinlarni quvib chiqarishardi va hatto o‘lganlarni tiriltirishardi! Biroq muqaddas ruh orqali berilgan kuch ularga yanada muhim ish uchun zarur edi. Uning yordamida havoriylar-u boshqa shogirdlar odamlarga abadiy hayotga yetaklaydigan aniq bilimni yetkazishgan. (Yuhan. 17:3)

9 Mil. 33-yili Hosil bayramida Isoning shogirdlari «har xil tillarda gapira boshladi. Ular ruh ato etgan qobiliyatga ko‘ra gapirishardi». Shu yo‘sin, ular «Allohning ulug‘vor ishlari haqida» shohidlik berishardi. (Havor. 2:1–4, 11) Hozir mo‘jizaviy tarzda turli tillarda gaplasha olmaymiz. Ammo Xudoning kuchi yordamida ishonchli xizmatkor Muqaddas Kitobga asoslangan adabiyotlarni ko‘p tillarda nashr etyapti. Misol uchun, har oy «Qo‘riqchi minorasi» va «Uyg‘oning!» jurnallari millionlab nusxada chop etiladi. Shuningdek, jw.org saytimizda 1 000 dan ziyod tillarda Muqaddas Kitobga asoslangan adabiyotlar-u videolar chiqadi. Bularning yordamida barcha xalqdagi, qabiladagi va tildagi odamlarga «Allohning ulug‘vor ishlari haqida» e’lon qilyapmiz. (Vah. 7:9)

10. Muqaddas Kitobning tarjimasiga kelsak, 1989-yildan beri nima qilinyapti?

10 Ishonchli xizmatkor 1989-yildan beri «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi» ko‘p tillarda nashr etilishiga g‘amxo‘rlik qilyapti. Muqaddas Kitob 200 dan ziyod tillarga o‘girilgan va o‘n millionlab nusxada chop etilgan va bu hali xamir uchidan patir. Bunday yutuqlarga faqat Allohning va Uning ruhi yordamida erishilyapti.

11. Yahovaning Shohidlari tarjima ishida qanday yutuqlarga erishdi?

11 Tarjima ishi minglab ixtiyoriy xizmatchilar tomonidan 150 dan ziyod mamlakat va hududlarda amalga oshirilyapti. Bundan hayron emasmiz, chunki yer yuzidagi faqat bizning tashkilotimizni muqaddas ruh boshqaryapti. Usiz Tangri Yahova, Masihiy Shoh va osmonda boshqarayotgan Shohlik to‘g‘risida keng shohidlik bera olmasdik! (Havor. 28:23)

12. Pavlus va boshqa masihiylar nima tufayli shohidlik qila olishardi?

12 Pavlus yahudiylarga va boshqa xalq vakillariga Pisidiyadagi Antioxiyada shohidlik berganida, «mangu hayotga eltuvchi haqiqatni qabul qilishga moyil bo‘lgan barcha Isoning izdoshi bo‘ldi». (Havor. 13:48) Luqo Havoriylar kitobini Pavlus «Xudoning Shohligi to‘g‘risida va’z qilib... hech qanday to‘sqinliksiz bemalol ta’lim berardi» degan so‘zlar bilan tugatdi. (Havor. 28:31) Qiziq, u o‘sha paytda qayerda edi? Jahon imperiyasining poytaxti — Rimda. Darhaqiqat, Isoning ilk izdoshlari har xil usullarni qo‘llab, muqaddas ruhning yordami va boshqaruvi bilan shohidlik qilishardi.

Ta’qiblarga qaramay bardoshli bo‘lamiz

13. Quvg‘unlarga duchor bo‘lganimizda nega ibodat qilishimiz zarur?

13 Isoning ilk shogirdlari quvg‘unlarga duch kelishganda, Yahovadan jasoratli bo‘lishni so‘rashgan. Natijada nima bo‘lgan? Ular muqaddas ruhga to‘lib, Allohning kalomi haqida jasorat ila gapirishgan. (Havor. 4:18–31) Biz ham ibodatda donolik va kuch so‘rab, ta’qiblarga qaramay shohidlik berishda davom etamiz. (Yoqb. 1:2–8) Xudo bizga barakalar yog‘dirib, muqaddas ruhi orqali yordam berayotgani uchun va’z qila olyapmiz. Shohidlik berish ishini hech narsa, na qarshiliklar, na shiddatli quvg‘unlar to‘xta olmaydi. Bizni ta’qib qilishganda, xushxabarni e’lon qila olishimiz uchun Xudodan muqaddas ruh, donolik va jasorat so‘rashimiz zarur. (Luqo 11:13)

14, 15. a) «Stefanning o‘ldirilishidan boshlangan quvg‘unlar dastidan» nima yuz berdi? b) Sibirdagi ko‘plar haqiqatni qay yo‘sin bilib oldi?

14 Stefan dushmanlar tomonidan o‘ldirilishidan oldin jasorat ila shohidlik bergan. (Havor. 6:5; 7:54–60) Bundan so‘ng «ashaddiy quvg‘unlar boshlandi» va havoriylardan tashqari barcha shogirdlar Yahudiya hamda Samariya bo‘ylab tarqab ketdi. Biroq bu shohidlik berish ishini to‘xtatmadi. Filip Samariyaga borib, «u yerdagilarga Masih haqida» va’z qildi va bu ajoyib samara keltirdi. (Havor. 8:1–8, 14, 15, 25) Bundan tashqari, quyidagilarni o‘qiymiz: «Stefanning o‘ldirilishidan boshlangan quvg‘unlar dastidan tarqab ketganlar Finikiya, Kipr va Antioxiyagacha borib, Tangrining kalomini faqat yahudiylarga gapirishardi. Ularning orasida Kipr va Kirineyadan bo‘lgan odamlar bor edi. Ular Antioxiyaga yetib kelib, u yerdagi yunonzabon kishilarga Hazratimiz Iso to‘g‘risidagi xushxabarni va’z qilishardi». (Havor. 11:19, 20) O‘sha paytda quvg‘unlar tufayli Shohlik to‘g‘risidagi xabar tarqalib ketgan edi.

15 Bunga o‘xshash voqealar sobiq Sovet Ittifoqida yuz bergan. Ayniqsa 1950-yillarda minglab imondoshimiz Sibirga surgun qilingan. Ularni har xil joylarga tarqatishgani uchun o‘sha ulkan hududda xushxabar asta-sekin yoyilib borgan. Shuncha ko‘p Yahovaning Shohidi o‘z hisobidan pul sarflab, deyarli 10 000 kilometr yo‘l yurishi va xushxabarni va’z qilishi amrimahol edi! Biroq hukumatning o‘zi ularni u yerga yubordi. Bitta birodar shunday degan edi: «Hukumatning o‘zi Sibirdagi minglab samimiy odamlar haqiqatni bilib olishiga hissa qo‘shdi».

Yahova barakalar yog‘diryapti

16, 17. Havoriylar kitobiga ko‘ra, Yahova va’zgo‘ylik faoliyatiga baraka bergani nimadan ko‘rinyapti?

16 Yahova ilk masihiylarga baraka bergani shubhasiz. Pavlus va boshqalar ekib, sug‘orishgan, «ammo o‘stirgan Xudodir». (1 Kor. 3:5, 6) Havoriylar kitobidan bilib olganimizdek, bunday o‘sish Yahova va’zgo‘ylik faoliyatiga barakalar yog‘dirgani uchun bo‘lgan. Masalan, «Allohning kalomi keng yoyila boshladi va Quddusda Iso shogirdlarining soni g‘oyat oshib boraverdi». (Havor. 6:7) Va’zgo‘ylik faoliyati keng quloch yozgani sayin «Yahudiya, Jalila va Samariyadagi butun jamoatda tinchlik hukm sura boshladi. Jamoat Yahovadan qo‘rqib, mustahkamlanib borar va muqaddas ruhdan tasalli topib, shogirdlarning soni tobora ortardi». (Havor. 9:31)

17 Suriyadagi Antioxiyada yahudiylar va yunonzabon odamlar haqiqatni jasoratli kishilardan eshitishgan. Bayonotda shunday yozilgan: «Yahova ularni qo‘llab-quvvatlagani uchun nihoyatda ko‘p kishi imonga kirib, Hazratimizning izdoshi bo‘ldi». (Havor. 11:21) O‘sha shaharda qanday o‘sish bo‘lgani to‘g‘risida shunday deyilgan: «Yahovaning kalomi esa tobora yoyilib, samara keltirardi». (Havor. 12:24) Pavlus va boshqalar faol bo‘lib, o‘zga xalq vakillariga va’z qilishgani uchun «Yahovaning kalomi qudrat bilan yoyilib, borgan sayin kuchayardi». (Havor. 19:20)

18, 19. a) Yahova bizni qo‘llab-quvvatlayotganini qayerdan bilamiz? b) Yahova xalqini qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatadigan misol keltiring.

18 Yahova bizni ham qo‘llab-quvvatlayapti. Aynan shuning uchun ko‘plar Yahovaga ishonib, hayotini Unga bag‘ishlayapti va buning ramzi sifatida suvga cho‘myapti. Bundan tashqari, faqat Allohning yordami va barakalari tufayli Pavlus hamda boshqa ilk masihiylar kabi biz ham jiddiy qarshilikni — ba’zan dahshatli ta’qiblarni yengib, xizmatimizni muvaffaqiyat ila bajara olamiz. (Havor. 14:19–21) Tangri Yahova hamisha bizga ko‘maklashadi. Uning «abadiy qo‘llari» barcha sinovlarimizda bizni qo‘llab kelayotgani shubhasiz. (Qonun. 33:27) Keling, Yahova ulug‘ ismi haqqi xalqini hech qachon tashlab ketmasligini ham yodda tutaylik. (1 Shoh. 12:22; Zab. 94:14)

19 Harald Abta ismli birodarimizning misolini olaylik. Ikkinchi jahon urushi paytida natsistlar uni va’zgo‘ylik qilgani uchun Zaksenxauzen konslageriga jo‘natishdi. 1942-yili mayda gestapo xodimlari uning uyiga kelib, xotini Elzani hibsga olishdi, qizalog‘ini esa olib ketishdi. Elza turli lagerlarda bo‘ldi. U quyidagilarni aytib berdi: «Germaniyadagi konslagerlarda yashab, juda muhim saboq oldim. Dahshatli sinov paytida Yahovaning ruhi bizni rosa qo‘llab-quvvatlashi mumkin! Hibsga olinishdan oldin men bir opamizning xatida og‘ir qiyinchilikda Yahovaning ruhi xotirjam bo‘lishimizga yordam berishini o‘qigandim. U sal bo‘rttirib yuborgan, deb o‘ylardim. Lekin sinovlarni boshdan o‘tkazgach, u haq ekaniga amin bo‘ldim. Bu rostdanam shunday. Bunga duch kelmasangiz, buni tasavvur qilish oson emas. Ammo bu men bilan yuz berdi».

Keng shohidlik berishda davom eting!

20. Pavlus uy qamog‘ida bo‘lganida nima qildi va bu ba’zi imondoshlarimizga qay yo‘sin dalda berishi mumkin?

20 Havoriylar kitobi Pavlus «Xudoning Shohligi to‘g‘risida» g‘ayrat ila va’z qilgani bilan tugayapti. (Havor. 28:31) Uy qamog‘ida bo‘lgani uchun u Rimda uyma-uy va’z qila olmasdi. Bunga qaramay, uni yo‘qlab kelganlarning barchasiga u shohidlik berardi. Bugun ham ba’zi qadrdon birodar-u opalarimiz, ehtimol, yoshi o‘tgani yo kasal bo‘lgani uchun to‘shakka mixlangandir yoki qariyalar uyida yashayotgandir. Biroq Xudoga bo‘lgan sevgisi va keng shohidlik berish istagi so‘nmayapti. Biz ular haqda ibodat qilib, samoviy Otajonimiz ularning oldiga samimiy kishilarni keltirishini so‘rashimiz mumkin. Ular Xudo va Uning ajoyib niyatlari haqida bilim olishni xohlayotgandir.

21. Nega va’zgo‘ylik faoliyatini shoshilinch deb bilishimiz lozim?

21 Ko‘pchiligimiz uyma-uy hamda xizmatning boshqa turlarida ishtirok etishimiz mumkin. Keling, «hatto yerning chetlariga qadar» shohidlik berib, qo‘limizdan kelganicha Shohlik to‘g‘risidagi xabarni e’lon qilaylik. Bu ish shoshilinch, chunki biz oxirzamonda yashayotganimizning belgisini yaqqol ko‘rib turibmiz. (Mat. 24:3–14) Har bir fursat g‘animat. Shunday ekan, «Rabbimizning ishi bilan band bo‘linglar». (1 Kor. 15:58)

22. Yahovaning ulug‘ kunini kutayotib, nima qilishga qat’iy qaror qilishimiz kerak?

22 «Yahovaning ulug‘ va mudhish kuni kelishi»ni kutayotib, jasorat va sadoqat ila shohidlik berish qarorimiz qat’iy bo‘lsin. (Yo‘el 2:31) «Xudoning kalomini katta ishtiyoq bilan» qabul qilgan veriyaliklarga o‘xshagan ko‘p odamlarni yana topa olamiz. (Havor. 17:10, 11) Keling, har birimiz ramziy ma’noda «Barakalla, sen yaxshi, ishonchli qul ekansan» degan so‘zlarni eshitmagunimizcha keng shohidlik berishda davom etaylik. (Mat. 25:23) Hozir shogird tayyorlash ishida g‘ayrat ila qatnashib, Yahovaga doim sadoqatli bo‘lsak, Uning Shohligi to‘g‘risida «keng shohidlik» berish sharafiga muyassar bo‘lganimizdan toabad quvonamiz.