Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

25-BOB

«Meni podshoh hukm etishini talab qilaman!»

«Meni podshoh hukm etishini talab qilaman!»

Pavlus xushxabarni himoya qilishda o‘rnak ko‘rsatdi

Havoriylar 25:1–26:32 ga asoslangan

1, 2. a) Pavlus qanday vaziyatda edi? b) Pavlus uni podshoh hukm etishini talab qilgani qanday savolni yuzaga keltiryapti?

 PAVLUS Kesariyada va uni qattiq qo‘riqlashyapti. Bundan ikki yil avval u Yahudiyaga qaytganida, bir necha kun davomida yahudiylar uni kamida uch marta o‘ldirmoqchi bo‘lishgan. (Havor. 21:27–36; 23:10, 12–15, 27) Dushmanlarining qo‘lidan hech narsa kelmagan bo‘lsa ham, ular taslim bo‘lmoqchi emas. Pavlus ularning qo‘liga tushishi mumkinligini tushunganda, Rim hokimi Festga: «Meni podshoh hukm etishini talab qilaman!» — dedi. (Havor. 25:11)

2 Pavlus bunday yo‘l tutishi Yahovaning irodasiga muvofiqmi? Bu savolning javobi biz — oxirzamonda Xudoning Shohligi to‘g‘risida keng shohidlik berayotganlar uchun juda muhim. «Xushxabarni himoyalash va qonuniylashtirish» yo‘lida biz ham Pavlusga taqlid qilishimiz kerakmi? Buni bilishimiz muhim. (Filip. 1:7)

«Podshohning hakamlik kursisi oldida turibman» (Havoriylar 25:1–12)

3, 4. a) Nega yahudiylar Pavlusni Quddusga olib borishni so‘rashdi va u qanday qilib o‘limdan omon qoldi? b) Pavlus bilan bo‘lganiday, Yahova hozir ham xizmatchilarini qay yo‘sin qo‘llab-quvvatlayapti?

3 Rim tomonidan tayinlangan Yahudiyaning yangi hokimi Fest a uch kundan keyin Quddusga yo‘l oldi. O‘sha yerda u Pavlusni jiddiy jinoyatlarda ayblayotgan bosh ruhoniylar-u mansabdor yahudiylarni tingladi. Bu kishilar yangi hokimdan ular va barcha yahudiylar bilan tinchlik saqlashi talab etilishini bilishardi. Shuning uchun ular Pavlusni Quddusga olib borib, o‘sha yerda so‘roqqa tutishni Festdan so‘rashdi. Biroq buning ortida yomon niyat yashirilgandi. Ular Pavlusni Kesariyadan Quddusga olib ketayotganda, uni o‘ldirishni rejalashtirishgandi. Fest esa bunga rozi bo‘lmay, shunday dedi: «Rahbarlaringiz men bilan birga [Kesariyaga] borib, u kishining qandaydir aybi bo‘lsa, aytishsin». (Havor. 25:5) Shu yo‘sin, Pavlus yana o‘limdan omon qoldi.

4 Hamma sinovlarda Yahova Pavlusni Hazrati Iso Masih orqali qo‘llab-quvvatlardi. Esingizda bo‘lsa, vahiyda Iso bu havoriyga: «Dadil bo‘l!» — deb aytgandi. (Havor. 23:11) Bugun ham Xudoning xizmatchilari turli qiyinchilik va ta’qiblarga duch kelishyapti. Yahova bizni har bir qiyinchilikdan himoya qilmayapti, ammo sabr-bardoshli bo‘lishimiz uchun donolik va kuch beryapti. Mehribon Allohimiz «insonlarnikidan ustun turgan kuch»ni bizga doim berishiga ishonsak bo‘ladi. (2 Kor. 4:7)

5. Fest Pavlus bilan qanday yo‘l tutdi?

5 Bir necha kun o‘tib, Fest Kesariyada «hakamlik kursisiga» o‘tirdi b. Uning oldida Pavlus va uning ayblovchilari turishibdi. Asossiz ayblovlarga javoban, Pavlus: «Men yahudiylarning Qonuniga ham, ma’badga ham, podshohga qarshi ham biror gunoh qilganim yo‘q»,— dedi. U beayb va ozod etilishga loyiq. Xo‘sh, Fest qanday qaror chiqaradi? Yahudiylarga yoqish maqsadida u Pavlusdan: «Quddusga borib, shu ayblar bo‘yicha o‘sha yerda hukm qilinishni xohlaysanmi?» — deb so‘radi. (Havor. 25:6–9) Naqadar bema’ni taklif! Pavlus Quddusga qaytsa, uning ayblovchilari hakamlik qilishadi va u o‘limdan qutula olmaydi. Bu vaziyatda Festni adolat emas, odamlarning ko‘nglini topish ko‘proq qiziqtirardi. Yillar avval boshqa hokim, Pontiy Pilat Isoga nisbatan xuddi shunday yo‘l tutgandi. (Yuhan. 19:12–16) Hozir ham sudyalar boshqalarga yoqish uchun adolatsiz qarorlar chiqarib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun sudlarda Xudo xalqining ishlari bo‘yicha mavjud bo‘lgan dalillarga zid qarorlar chiqarilsa, bundan hayron qolmasligimiz kerak.

6, 7. Nega Pavlus uni podshoh hukm etishini talab qildi va biz uchun bu qanday saboq?

6 Festning yahudiylarga yoqish niyati tufayli Pavlus hayotidan ayrilishi mumkin edi. Shu bois u Rim fuqarosi sifatidagi huquqidan foydalandi. U Festga shunday dedi: «Men podshohning hakamlik kursisi oldida turibman. Shunday ekan, shu yerda hukm etilishim kerak. Men yahudiylarga hech qanday yomonlik qilmaganman. Buni o‘zingiz ham yaxshi bilasiz. [...] Meni podshoh hukm etishini talab qilaman!» Odatda bunday talabni rad qilib bo‘lmasdi. Buni ta’kidlab Fest: «Podshohning hukmini talab qildingmi, uning oldiga borasan»,— dedi. (Havor. 25:10–12) Pavlus podshoh uni hukm etishini talab qilib, haqiqiy masihiylar shu kabi vaziyatda qanday yo‘l tutishi borasida o‘rnak ko‘rsatdi. Qarshi chiqayotganlar «qonundan foydalanib yovuzlikni» niyat qilganda, Yahovaning Shohidlari qonuniy yo‘llardan foydalanib, xushxabarni himoya qiladi. (Zab. 94:20) c

7 Shunday qilib, Pavlus sodir etmagan jinoyatlar uchun ikki yildan ko‘proq vaqt qamoqda o‘tirgach, Rimda o‘zini himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ammo u yerga borishidan oldin uni boshqa bir boshqaruvchi ko‘rmoqchi edi.

Bizga qarshi chiqarilgan qarorlar yuzasidan arz qilamiz

«Vahiyga binoan yo‘l tutdim» (Havoriylar 25:13–26:23)

8, 9. Nega podshoh Agrippa Kesariyaga tashrif buyurdi?

8 Fest Pavlus uni podshoh hukm etishini talab qilganini eshitganidan bir necha kun o‘tib, podshoh Agrippa d va singlisi Vernika bu yangi hokimni «tabriklash uchun rasmiy tashrif buyurishdi». O‘sha davrda Rim amaldorlarida yangi tayinlangan hokimlarning huzuriga tashrif buyurish odati bo‘lgan. Agrippa bu orqali o‘zining kelajagini ko‘zlab, siyosiy va shaxsiy munosabatlarini mustahkamlashga intilgani shubhasiz. (Havor. 25:13)

9 Fest podshohga Pavlus to‘g‘risida aytib berdi va u qiziqib qoldi. Ertasi kuni ikkala boshqaruvchi hakamlik kursisiga o‘tirdi. Lekin ularning hokimiyati va dabdabasiga qaraganda, mahbusning aytmoqchi bo‘lgan so‘zlari ko‘proq taassurot qoldiradi. (Havor. 25:22–27)

10, 11. Pavlus Agrippaga qay yo‘sin hurmat ko‘rsatdi va o‘zining o‘tmishi to‘g‘risida nima dedi?

10 Pavlus podshoh Agrippa yahudiylarning urf-odatlari-yu bahs-munozaralarini yaxshi bilishini tan olib, unga o‘zini himoyalash imkoniyatini bergani uchun hurmat ila minnatdorlik bildirdi. So‘ng Pavlus o‘tmishini tilga olib: «Dinimizning qat’iy ta’limotlariga muvofiq yashab kelayotgan farziy ekanimni... hammasi biladi»,— deb aytdi. (Havor. 26:5) Farziy sifatida u Masihning kelishini kutgan. Endi esa masihiy bo‘lgach, u aynan Iso Masihni uzoq vaqtdan beri kutishayotganini jasorat ila aytyapti. Uni ayblovchilari bilan bog‘lab turgan imon — aniqrog‘i, ota-bobolariga bergan Allohning va’dasi bajarilishiga bo‘lgan umid — uni ayblashayotganining sababi edi. Pavlusni tinglagach, Agrippa yanada ko‘proq qiziqib qoldi e.

11 Masihiylarga shafqatsiz munosabat ko‘rsatganini eslab, Pavlus shunday dedi: «To‘g‘risini aytsam, o‘zim ham nosiralik Isoning ismi bilan atalgan guruhga qarshi kurashishim kerak, deb o‘ylardim. [...] Men [Masihning izdoshlaridan] darg‘azab bo‘lib, hatto boshqa shaharlarda ham ularni ta’qib qilardim». (Havor. 26:9–11) Pavlus bo‘rttirib gapirmadi. Ko‘plar u shafqatsizlarcha masihiylarni ta’qib qilganini bilardi. (Galat. 1:13, 23) Agrippa shunday o‘ylagandir: «Bu odam nima tufayli shunchalik o‘zgardi?»

12, 13. a) Pavlus qay yo‘sin masihiy bo‘lganini qanday tushuntirdi? b) Qaysi ma’noda Pavlus «govronga qarshi» tepgan edi?

12 Pavlusning quyidagi so‘zlaridan u javob oldi: «Shunday qilib yurganimda, bosh ruhoniylardan olgan vakolat va topshiriq bilan Damashqqa yo‘l olgan edim. Ey shoh hazratlari, tush payti, hanuz yo‘lda ekanman, osmondan quyoshdan ham yorqinroq bir nur porlab, mening va hamrohlarimning atrofini yarqiratib yubordi. Hammamiz yerga yiqilganimizda, men ibroniy tilida shunday deyayotgan bir ovozni eshitdim: “Shoul, Shoul, nega meni ta’qib qilyapsan? Axir, govronga qarshi tepib, o‘zingga ziyon yetkazyapsan-ku”. Shunda men: “Ey Hazrat, siz kimsiz?” — deb so‘radim. Hazratim esa shunday javob berdi: “Men, sen ta’qib qilayotgan Isoman”». (Havor. 26:12–15) f

13 Bularning bari yuz berishidan oldin Pavlus majoziy ma’noda «govronga qarshi» tepgan edi. Yuk hayvoni govronning o‘tkir uchiga tiralib, o‘ziga keraksiz ziyon yetkazgani kabi Pavlus ham Allohning irodasiga qarshi chiqib, ma’naviy jihatdan o‘ziga zarar keltirayotgandi. Pavlus Damashqqa ketayotganida tirilgan Iso unga zohir bo‘lib, bu samimiy, ammo adashgan kishiga fikrlash tarzini o‘zgartirishga yordam berdi. (Yuhan. 16:1, 2)

14, 15. Hayotida yuz bergan o‘zgarishlar to‘g‘risida Pavlus nima dedi?

14 Ha, Pavlus hayotini tubdan o‘zgartirdi. Agrippaga u quyidagicha dedi: «Men osmondan kelgan vahiyga binoan yo‘l tutdim. Avvalo Damashqda, Quddusda va butun Yahudiyada yashovchilarga, keyin esa boshqa xalqlarga bordim. Ularga tavba qilish, tavbaga yarasha ishlar bajarish va Allohga qaytish kerakligini aytdim». (Havor. 26:19, 20) Ko‘p yillar mobaynida Pavlus Iso unga tush payti vahiy orqali bergan topshiriqni bajarib keldi. Bu qanday samara keltirdi? Pavlus va’z qilgan xushxabarni qabul qilganlar axloqsiz va nopok hayot kechirganidan tavba qilib, Xudoga yuz burishardi. Ular namunali fuqarolarga aylanib, qonun va tartibni hurmat qilardi.

15 Biroq Pavlusga qarshi chiqayotgan yahudiylarni bu umuman qiziqtirmasdi. Pavlus shunday dedi: «Shu ish uchun yahudiylar meni ma’badda ushlab o‘ldirishmoqchi edi. Ammo men Xudoning madadi bilan to hozirgacha kichigu ulug‘lar oldida shohidlik berib kelyapman». (Havor. 26:21, 22)

16. Sudya va boshqaruvchilar bilan e’tiqodimiz to‘g‘risida gaplashganda, Pavlusga qanday taqlid qila olamiz?

16 Haqiqiy masihiylar sifatida biz e’tiqodimiz «haqida so‘ragan har bir kishiga javob berishga doimo tayyor» bo‘lishimiz kerak. (1 Butr. 3:15) Sudya va boshqaruvchilar bilan e’tiqodimiz to‘g‘risida gaplashganda, Pavlusning Agrippa va Fest bilan gaplashganiga taqlid qilish foydali bo‘lishi mumkin. Muqaddas Kitobdagi haqiqatlar bizning hayotimizni va xushxabarni qabul qilganlarning hayotini yaxshilashga qanday yordam berganini ularga hurmat ila aytsak bo‘ladi. Shu yo‘sin, bunday lavozimli kishilarda qiziqish uyg‘ota olarmiz.

«Meni masihiy bo‘lishga ko‘ndirasan» (Havoriylar 26:24–32)

17. Fest Pavlusning so‘zlariga qanday munosabat bildirdi va buning hozirgi vaqt bilan qanday o‘xshashligi bor?

17 Pavlusning ishonchli dalillarini tinglayotib, bu ikkita boshqaruvchi befarq bo‘la olmasdi. E’tibor bering, «Pavlus bu gaplarni aytib turganda, Fest baland ovozda: “Es-hushingdan ayrilibsan, Pavlus! O‘qib, o‘qib, oxiri aqldan ozibsan”,— dedi». (Havor. 26:24) Bugun ham ko‘plar odatda Festga o‘xshab munosabat bildiradi. Ko‘pchilik Muqaddas Kitob haqiqatlari asosida ta’lim berayotganlarni fanatik deb hisoblaydi. Aksar hollarda bu dunyoning donishmandlari Muqaddas Kitobdagi tirilish borasidagi ta’limotni qabul qilishga qiynaladi.

18. Pavlus Festga qanday javob berdi va Agrippa bu borada nima dedi?

18 Pavlus esa hokimga shunday javob berdi: «Aqldan ozganim yo‘q, muhtaram Fest. Men fahm-farosat bilan haqiqatni gapiryapman. Aslida bularning barini podshohning o‘zi ham yaxshi bilgani uchun men bemalol gapiryapman. [...] Shoh Agrippa, siz payg‘ambarlarga ishonasizmi? Bilaman, ishonasiz». Agrippa unga javob berib: «Yana bir ozdan keyin meni masihiy bo‘lishga ko‘ndirasan, shekilli»,— dedi. (Havor. 26:25–28) Bu so‘zlar samimiy aytilganmi yoki yo‘qmi, nima bo‘lishidan qat’i nazar Pavlusning shohidlik bergani podshohga qattiq ta’sir qilgani aniq.

19. Fest bilan Agrippa Pavlusga nisbatan qanday qaror chiqarishdi?

19 Keyin Agrippa va Fest o‘rnidan turishdi, bu bilan rasmiy qabul tugaganini ko‘rsatishdi. «U yerdan chiqib ketayotib, ular bir-biriga: “Bu odam o‘limga yoki zanjirband bo‘lishga loyiq biron ish qilmagan”,— deyishardi. Shuningdek, Agrippa ham Festga: “Agar podshohning hukmini talab qilmaganida, uni qo‘yib yuborardik”,— dedi». (Havor. 26:31, 32) Ular qarshisida beayb kishi turganini bilishgandi. Ehtimol, o‘sha vaqtdan boshlab ular masihiylarga ko‘proq iltifot ko‘rsata boshlashgandir.

20. Pavlus mansabdor kishilarga bergan shohidlik qanday samara keltirdi?

20 Bu boshqaruvchilarning hech biri Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xushxabarni qabul qilmaganga o‘xshaydi. Qiziq, Pavlus ularga gapirib oqilona yo‘l tutdimi? Ha. Pavlusni Yahudiyada «shohlar-u hokimlar qoshiga» olib borishgani tufayli boshqa yo‘l orqali uchrashish qiyin bo‘lgan Rim boshqaruvchilariga shohidlik berildi. (Luqo 21:12, 13) Boz ustiga, uning o‘rnagi va sinovlar paytida sodiq qolgani imondoshlariga dalda berardi. (Filip. 1:12–14)

21. Qarshiliklarga qaramay va’z qilishda davom etish qanday hosil keltirishi mumkin?

21 Hozirda ham shunday bo‘lyapti. Sinovlar-u qarshiliklarga qaramay, Shohlik ishida qatnashib anchagina yaxshi hosil o‘rib olishimiz mumkin. Ehtimol, biz boshqa yo‘l orqali uchrata olmaydigan mansabdor kishilarga shohidlik berarmiz. Sadoqat ila sabr-bardosh qilganimiz birodar-u opa-singillarimiz uchun daldali bo‘lib, ularni Xudoning Shohligi to‘g‘risida keng shohidlik berish ishida yanada g‘ayratli bo‘lishga undaydi.

a « Rim hokimi Porsiy Fest» nomli 199-sahifadagi ramkaga qarang.

b «Hakamlik kursisi» tepalikda o‘rnatilgan o‘rindiq edi. Bu sudyaning qarorlari jiddiy ahamiyat kasb etib, uzil-kesil ekaniga ishora qilardi. Pilat Isoga qarshi qo‘yilgan ayblovlarni ko‘rib chiqayotganda, hakamlik kursisida o‘tirgandi.

c « Haq topinishni himoya qilish uchun sudlarga murojaat qilamiz» nomli 200-sahifadagi ramkaga qarang.

d « Podshoh Hirod Agrippa II» nomli 201-sahifadagi ramkaga qarang.

e Masihiy sifatida Pavlus Isoni Masih deya tan olgan. Isoni rad etgan yahudiylar esa Pavlusni murtad deb hisoblashgan. (Havor. 21:21, 27, 28)

f Pavlus «tush payti» sayohat qilgani borasida bitta olim shunday degan: «Faqat rosa shoshayotgan sayohatchi kunduzgi jaziramada dam olmay yurishga majbur edi. Bundan Pavlus masihiylarni ta’qib qilish burchini ado etishni juda xohlaganini ko‘ryapmiz».