Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

23-BOB

«O‘zimni himoyalash uchun... aytadigan so‘zlarimga quloq solinglar»

«O‘zimni himoyalash uchun... aytadigan so‘zlarimga quloq solinglar»

Pavlus quturgan to‘da va Oliy Kengash oldida haqiqatni himoyalaydi

Havoriylar 21:18–23:10 ga asoslangan

1, 2. Nega Pavlus Quddusga keldi va u yerda qanday sinovlarni boshdan kechiradi?

 QUDDUS! Pavlus yana tor va g‘ala-g‘ovur ko‘chalaridan ketyapti. Hali hech bir shahar Yahova xalqining tarixida bunchalik muhim o‘ringa ega bo‘lmagan. Umuman olganda, shahar aholisi uning o‘tmishi bilan faxrlanadi. Pavlus bu yerdagi ko‘pgina masihiylar o‘tmishga haddan tashqari ko‘p urg‘u berishini biladi. Bu esa ularga ochilib borayotgan Yahovaning niyatlari bilan hamqadam bo‘lishga xalaqit berardi. Pavlus ular nafaqat moddiy, balki ma’naviy tomondan ham qiyinchiliklarga duch kelishayotganini biladi. U hali Efesda bo‘lganida dong‘i ketgan Quddusga tashrif buyurmoqchi edi. (Havor. 19:21) Bu xavfli bo‘lishiga qaramay, Pavlus ushbu shaharga keldi.

2 Xo‘sh, Pavlus Quddusda qanday sinovlarni boshdan kechiradi? Ularning biri Pavlus haqidagi mish-mishlar to‘g‘risida tashvishlanayotgan Masihning ba’zi izdoshlari bilan bog‘liq. Eng og‘ir sinovlar esa Masihning dushmanlari tomonidan bo‘ladi. Ular Pavlusga qarshi ayblovlar chiqarib, uni kaltaklashadi va o‘lim bilan tahdid qilishadi. Bunday notinch paytda unda o‘zini himoyalash imkoni paydo bo‘ladi. Bu og‘ir vaziyatlarda uning namoyon etgan kamtarligi, jasorati va imoni bugungi masihiylar uchun ajoyib o‘rnakdir. Keling, undan qanday saboq olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqaylik.

«Ular Xudoni» ulug‘lashdi (Havoriylar 21:18–20a)

3–5. a) Pavlus Quddusda qanday uchrashuvda bo‘lgan va u yerda nima haqida gap ketgan? b) Pavlus va Quddusdagi oqsoqollarning uchrashuvi qanday o‘tganidan nimani o‘rganyapmiz?

3 Pavlus va uning hamrohlari Quddusga kelganda, ertasi kuni jamoatdagi mas’uliyatli oqsoqollar bilan ko‘rishishdi. Hech bir havoriy bu bayonotda tilga olinmayapti. Ehtimol, ular boshqa joylarda va’z qilish uchun ketishgandir. Lekin Isoning ukasi Yoqub Quddusda edi. (Galat. 2:9) Pavlus va yig‘ilgan «barcha oqsoqollar»ning uchrashuvida Yoqub raislik qilganga o‘xshaydi. (Havor. 21:18)

4 Pavlus oqsoqollar bilan salom-alik qilgach, «uning xizmati orqali Alloh boshqa xalqlar orasida nimalar qilganini batafsil aytib berdi». (Havor. 21:19) Birodarlar qanchalik dalda olganini tasavvur qilsak bo‘ladi. Shunga o‘xshab, biz ham boshqa mamlakatlardagi imondoshlarimizning soni oshayotganini eshitganimizda quvonamiz. (Hik. 25:25)

5 Pavlus Yevropadan olib kelgan xayr-ehsonlar to‘g‘risida aytib o‘tgandir. Uzoq yurtlardagi imondoshlarning qayg‘urayotganini bilgan bu birodarlar juda baxtiyor va minnatdor bo‘lganga o‘xshaydi. Ular Pavlusning so‘zlarini eshitgach, Xudoni ulug‘lashdi. (Havor. 21:20a) Bugungi kunda ham boshiga kulfat tushgan yoki og‘ir kasallikka chalingan imondoshlar ularga o‘z vaqtida ko‘rsatilgan yordam va dalda uchun minnatdor bo‘lib quvonadi.

Ko‘plar «Tavrotga astoydil amal qiladi» (Havoriylar 21:20b, 21)

6. Pavlus qaysi muammo haqida xabar topdi?

6 So‘ng oqsoqollar Pavlusga Yahudiyada shaxsan unga tegishli bo‘lgan muammoni aytishdi. Ular quyidagicha deyishdi: «Birodar, o‘zingiz ko‘rib turganingizday minglab yahudiylar Isoning shogirdi bo‘lishdi. Ularning bari Tavrotga astoydil amal qiladi. Ammo siz haqingizda ularning qulog‘iga turli mish-mishlar yetib kelibdi. Aytishlaricha, o‘zga xalqlar orasida yashaydigan yahudiylar farzandlarini sunnat qilmasin va urf-odatlarga rioya etmasin va Musoning Tavrot kitobidan voz kechishsin deya o‘rgatayotgan ekansiz». (Havor. 21:20b, 21) a

7, 8. a) Yahudiyadagi ko‘p masihiylar qanday noto‘g‘ri fikrda edi? b) Nega ayrim yahudiy masihiylarning bunday noto‘g‘ri fikrini murtadlik bilan bog‘liq deb bo‘lmaydi?

7 Musoning Qonuni bekor qilinganidan 20 yildan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, nega shunchalik ko‘p masihiy unga astoydil amal qilgan? (Kolos. 2:14) Mil. 49-yili havoriylar va oqsoqollar Quddusda uchrashib, o‘zga xalq vakillari bo‘lgan masihiylar sunnat qilinmasligi va Musoning Qonuniga amal qilish kerak emasligi to‘g‘risida jamoatlarga xat yuborishdi. (Havor. 15:23–29) Ammo xatda yahudiy masihiylar tilga olinmagan edi. Ularning ko‘pchiligi Musoning Qonuniga boshqa amal qilish kerak emasligini tushunmasdi.

8 Xo‘sh, bunday noto‘g‘ri fikrga ega bo‘lgan bu yahudiylar endi masihiy bo‘la olmasligini anglatarmidi? Yo‘q. Ular masihiy bo‘lishdan oldin ham soxta xudolarga sig‘inmagan, shuning uchun masihiy bo‘lishganidan keyin ham soxta din urf-odatlariga rioya qilishmasdi. Ular muhim deb bilgan Tavrotni aslida Yahovaning O‘zi bergandi va u jinlar bilan bog‘liq emas edi yoki noto‘g‘ri bo‘lmagandi. Ammo u eski ahdga tegishli edi, masihiylar esa endi yangi ahd ostida bo‘lgandi. Endi Xudoga ma’qul tarzda topinish uchun Qonun ahdiga amal qilish talab qilinmasdi. Unga astoydil amal qilgan yahudiy masihiylar buni oxirigacha tushunishmasdi. Ular fikrlash tarzini Yahova ochib borayotgan yangi haqiqatlarga binoan o‘zgartirishi kerak edi va masihiylar jamoatiga ishonishlari kutilardi. (Yerm. 31:31–34; Luqo 22:20) b

«Siz haqingizdagi mish-mishlar yolg‘on» (Havoriylar 21:22–26)

9. Musoning Qonuni borasida Pavlus nimalarni o‘rgatardi?

9 Pavlus o‘zga xalqlar orasida yashaydigan yahudiylar «farzandlarini sunnat qilmasin va urf-odatlarga rioya etmasin» degani haqidagi mish-mishlar to‘g‘risida nima desa bo‘ladi? U o‘zga xalqlarga yuborilgan havoriy bo‘lgan va Tavrotga amal qilmaslik borasidagi qarorni qo‘llab-quvvatlardi. Shuningdek, u o‘zga xalq vakillari bo‘lgan masihiylarni Tavrotga amal qilish ramzi sifatida sunnat qilinishga undagan kishilarni ham fosh qilardi. (Galat. 5:1–7) Boshqa shaharlarga tashrif buyurganda ham Pavlus u yerdagi yahudiylarga xushxabarni va’z qilardi. Shubhasizki, u samimiy insonlarga Isoning o‘limidan so‘ng Musoning Qonuni bekor qilinganini va odillikka unga amal qilish emas, balki imon tufayli erishish mumkinligini tushuntirardi. (Rim. 2:28, 29; 3:21–26)

10. Pavlus Musoning Qonuni va sunnat masalasida muvozanatli bo‘lgani nimadan ko‘ringan?

10 Ammo Pavlus ba’zi yahudiy urf-odatlariga amal qilgan insonlarni tushungan. Masalan, ular Shabbat kuni ishlamasdi yoki muayyan narsalarni yeyishmasdi. (Rim. 14:1–6) Bundan tashqari, u sunnat borasida qoidalar o‘rnatmagan. Pavlus yahudiylar Timo‘tiyning otasi yunon bo‘lgani uchun uni rad etmasin, deb uni hatto sunnat qilgan. (Havor. 16:3) Sunnat qilinish-qilinmaslikni har kim o‘zi hal qilardi. Pavlus galatiyaliklarga shunday degan: «Sunnat ham, sunnatsizlik ham hech qanday ahamiyatga ega emas, faqat muhabbat orqali amal qilayotgan imon ahamiyatga ega». (Galat. 5:6) Biroq Tavrotga amal qilish yoki Yahovaga ma’qul kelish uchun sunnat qilinish kerak deb bunday yo‘l tutgan kishi imoni sust ekanini ko‘rsatardi.

11. Oqsoqollar Pavlusga nimani taklif qilishdi va buning uchun nima talab qilinardi? (Izohga ham qarang.)

11 Garchi mish-mishlar bo‘rttirilgan bo‘lsa-da, yahudiy masihiylarni bu rosa tashvishlantirardi. Shu sababli oqsoqollar Pavlusga quyidagicha yo‘l tutishni taklif qilishdi: «Oramizda Tangri oldida ont ichgan to‘rt kishi bor. Ularni yoningizga olib, poklanish marosimini bajaringlar. Sochlarini oldirish uchun ketadigan xarajatni o‘z zimmangizga oling. Shunda hamma siz haqingizdagi mish-mishlar yolg‘on ekanini hamda o‘zingiz ham Tavrotga amal qilib, to‘g‘ri yo‘l tutayotganingizni bilishadi». (Havor. 21:23, 24) c

12. Pavlus Quddusdagi oqsoqollar bilan hamkorlik qilishga tayyor bo‘lganini qanday namoyon etdi?

12 Pavlus hamma gap u haqdagi mish-mishlarda emas, yahudiy masihiylarning Musoning Qonuniga bo‘lgan g‘ayratida, deb aytsa bo‘lardi. Lekin Xudoning prinsiplariga zid bo‘lmasa, u moslashishga tayyor edi. Oldinroq u shunday yozgandi: «O‘zim qonunga tobe bo‘lmasam ham, qonunga tobe bo‘lganlarni Masihning yo‘liga olib kelay deb, ular uchun qonunga tobe kishilarday bo‘ldim». (1 Kor. 9:20) Bu safar Pavlus Quddusdagi oqsoqollarning aytganini qilib, «qonuniga tobe kishilarday» bo‘ldi. Shu yo‘sin, u oqsoqollar bilan qanday hamkorlik qilishimiz va o‘zimiznikida turib olmaslik borasida yaxshi o‘rnak qoldirdi. (Ibron. 13:17)

Muqaddas Yozuvlardagi prinsiplar buzilmaganda, Pavlus moslashuvchan bo‘lgan. Siz-chi?

«Uning yashashga haqqi yo‘q!» (Havoriylar 21:27–22:30)

13. a) Nega ba’zi yahudiylar ma’badda g‘alayon ko‘tardi? b) Qanday qilib Pavlus omon qoldi?

13 Ma’bad tinch emasdi. Bu to‘rtta kishi ontini bajarish vaqti o‘z yakuniga yetib qolganda, Osiyodagi yahudiylar Pavlusni ko‘rib qolishdi va uni o‘zga xalq vakillarini ma’badga olib kelganlikda ayblab, g‘alayon ko‘tarishdi. Rimlik mingboshi aralashmaganida, yahudiylar Pavlusni chala o‘lik qilib urishardi. Mingboshi uni hibsga oldi. O‘sha kundan boshlab u to‘rt yildan ko‘proq qamoqda o‘tirdi, keyin esa ozod etildi. Ammo xavf-xatar hali o‘tib ketmagandi. Mingboshi yahudiylardan nega Pavlusga hujum qilishganini so‘raganda, ular har xil da’volarni keltira boshlashdi. Baqir-chaqir dastidan mingboshi hech narsani tushunmadi. Oxiri Pavlusni u yerdan sudrab chiqarishdi. Pavlus va Rim askarlari harbiy qismga kirishdan avval u mingboshiga shunday dedi: «Iltimos, xalqqa gapirishimga ruxsat bering». (Havor. 21:39) Mingboshi rozi bo‘ldi va Pavlus imonini jasorat ila himoya qila boshladi.

14, 15. a) Pavlus yahudiylarga nimani tushuntirdi? b) Yahudiylarning nega achchig‘i chiqqanini bilish uchun mingboshi nima qildi?

14 Pavlus: «O‘zimni himoyalash uchun sizlarga aytadigan so‘zlarimga quloq solinglar»,— deb gap boshladi. (Havor. 22:1) U xaloyiqqa ibroniychada murojaat qilganida hamma jim bo‘ldi. Pavlus nega Masihning izdoshi bo‘lganini aniq qilib tushuntirdi. Shu bilan birga u yahudiylar tekshirishi mumkin bo‘lgan dalillarni keltirdi. U mashhur Gamaliyelning o‘zidan ta’lim olgan, Masihning izdoshlarini ta’qib qilgan va ba’zilar bundan xabardor edi. Biroq u Damashqqa ketayotganida tirilgan Masih unga gapirayotganini vahiyda ko‘rdi. Uning hamrohlari esa yorqin nurni ko‘rishdi va tovushni eshitishdi, lekin ma’nosini tushunishmadi. (Havor. 9:7; 22:9) So‘ng ular vahiy tufayli ko‘r bo‘lib qolgan Pavlusni Damashqqa yetaklab borishdi. U yerda yahudiylar orasida taniqli bo‘lgan Hananiya ismli kishi uning ko‘zlarini ochdi.

15 Keyin Pavlus Quddusga qaytib kelganida, ma’badda vahiy ko‘rganini aytib berdi. Yahudiylar esa jahl bilan: «Uni o‘ldiringlar, uning yashashga haqqi yo‘q!» — deb baqirishardi. (Havor. 22:22) Pavlusni qutqarish uchun mingboshi askarlarga uni harbiy qismga olib ketishni buyurdi. U nega yahudiylarning Pavlusga achchig‘i chiqqanini bilishni istardi. Shuning uchun uni qamchilab, so‘roq qilishni buyurdi. Ammo Pavlus o‘z huquqini talab qilib, Rim fuqarosi ekanini aytdi. Bugun ham Yahovaning Shohidlari e’tiqodini himoya qilish niyatida turli qonunlardan foydalanishadi. (« Rim qonuni va Rim fuqarolari» nomli 184-sahifadagi hamda « Bizning davrimizdagi sud ishlari» nomli ramkalarga qarang.) Pavlus Rim fuqarosi ekanini eshitib, mingboshi so‘roq-savolni boshqacha tarzda qilish kerakligini tushundi. Ertasi kuni u Oliy Kengash a’zolariga yig‘ilishlarini buyurib, Pavlusni u yerga, ya’ni yahudiylarning oliy sudiga olib bordi.

«Men farziyman» (Havoriylar 23:1–10)

16, 17. a) Pavlus Oliy Kengashga murojaat qilganida nimalar yuz berganini aytib bering. b) Pavlusning og‘ziga urishganda, u kamtarlikni qanday namoyon etdi?

16 Pavlus Oliy Kengash oldida o‘zini himoyalash uchun boshida shunday dedi: «Birodarlar, men shu kungacha Alloh oldida top-toza vijdon bilan yashab kelyapman». (Havor. 23:1) U boshqa narsa aytishga ulgurmadi. Bayonotda: «Shunda oliy ruhoniy Hananiya, Pavlusning yonida turgan kishilarga uning og‘ziga urishlarini buyurdi»,— deyilgan. (Havor. 23:2) Buni o‘taketgan kamsitilish desa bo‘ladi. Qolaversa, oliy ruhoniy odam ajratib, hatto ishni ko‘rib chiqmay Pavlusni yolg‘onchiga chiqardi! Shuning uchun ham Pavlus: «Ey oqlangan devor, Xudo seni uradi! Sen meni Qonun bo‘yicha hukm qila turib, tag‘in Qonunga zid ravishda meni urishlarini buyurasanmi?» — deb aytgan. (Havor. 23:3)

17 Ba’zilar Pavlusni urishgani uchun emas, balki uning so‘zlaridan hangu mang bo‘ldi. Ular: «Sen hali Tangrining oliy ruhoniysini haqorat qilyapsanmi?» — deyishdi. Pavlus esa kamtarin bo‘lib, Tavrotga bo‘lgan hurmatini namoyon etdi. U shunday dedi: «Birodarlar, men uning oliy ruhoniy ekanligini bilmabman. Axir, Muqaddas Yozuvlarda: “Xalq yo‘lboshchisini yomonlamang”,— deyilgan-ku». (Havor. 23:4, 5; Chiq. 22:28) d So‘ng Pavlus boshqacha yo‘l tutishga qaror qildi. U Oliy Kengash farziylar-u sadduqiylardan iborat bo‘lganini bilgani uchun quyidagicha dedi: «Birodarlar, men farziyman, farziy o‘g‘liman. Hozir esa tirilishga bo‘lgan umidim uchun hukm qilinyapman». (Havor. 23:6)

Biz ham Pavlus kabi turli din vakillari bilan suhbatlashganda, umumiylikni topishga intilamiz

18. Nega Pavlus o‘zini farziy deb aytgan va biz bundan nimani o‘rgansak bo‘ladi?

18 Nega Pavlus o‘zini farziy deb aytgan? Sababi, u «farziy o‘g‘li» bo‘lib, bu mazhabga tegishli oilaga mansub edi. Shunga ko‘plar uni haliyam farziy, deb hisoblagandir e. Lekin qanday qilib Pavlus o‘zini farziy degan, axir ular tirilish borasida noto‘g‘ri fikrda bo‘lgan-ku? Farziylar o‘limdan keyin jon yashashda davom etishiga va odil kishilarning joni insonlarning tanasida yana yashay olishiga ishonishardi. Pavlus bunga ishonmasdi. U Iso o‘rgatganiday, odamlarning tirilishiga ishonardi. (Yuhan. 5:25–29) Shunday bo‘lsa-da, Pavlus farziylarning o‘limdan keyin yashash umidi borligi haqidagi fikriga qo‘shilgan. Sadduqiylar esa bunga ishonishmasdi. Biz ham turli din vakillari bilan suhbatlashganimizda, umumiylikni topishga harakat qilamiz. Albatta, ular o‘z xudosiga ishonadi, biz esa Muqaddas Kitobda tilga olingan Allohga ishonamiz. Shunday bo‘lsa ham ular kabi Xudo borligiga aminmiz.

19. Nimaga Oliy Kengashda bo‘linish yuzaga keldi?

19 Pavlusning gaplari Oliy Kengashda bo‘linish yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Bayonotda shunday yozilgan: «Keyin baqir-chaqir boshlanib ketdi. Farziylar orasidan chiqqan ba’zi ulamolar o‘rinlaridan turib, qattiq bahs-munozara ko‘tarishdi. Ular shunday deyishardi: “Bizningcha, bu odamning hech qanday aybi yo‘q. Agar u bilan biron-bir ruh yoki farishta gaplashgan bo‘lsa, unda...”». (Havor. 23:9) Farishtalar borligiga umuman ishonmagan sadduqiylar uchun Pavlus bilan farishta gaplashgani haqidagi taxminning o‘zi jirkanch edi! (« Sadduqiylar va farziylar» nomli ramkaga qarang.) Janjal kuchayganida mingboshi yana Pavlusni qutqarib qoldi. (Havor. 23:10) Biroq Pavlus baribir xavf ostida edi. Qiziq, u bilan nima yuz beradi? Buni kelasi bobdan bilib olamiz.

a Anchagina yahudiy masihiylarning ma’naviy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilish uchun ko‘p jamoatlar yig‘ilishlarni o‘z uylarida o‘tkazganga o‘xshaydi.

b Bir necha yil o‘tgach, Pavlus Ibroniylarga yo‘llangan maktubni yozib, yangi ahdning afzalliklarini isbotladi. Bu maktubda Pavlus eski ahdning o‘rniga yangisi bo‘lishini aniq ko‘rsatdi. Uning fikrlari masihiylarga ularga qarshi bo‘lgan yahudiylar bilan muzokara qilishga ko‘maklashdi. Shu bilan birga, uning so‘zlari Musoning Qonuniga haddan tashqari ko‘p urg‘u berayotgan ba’zi masihiylarning imonini mustahkamlagan bo‘lsa kerak. (Ibron. 8:7–13)

c Olimlarning aytishicha, bu erkaklar o‘zini nazr qilish borasida ont ichgan. (Sah. 6:1–21) To‘g‘ri, ular Musoning Qonuni bo‘yicha ichgan bu onti o‘sha vaqtga kelib o‘z kuchini yo‘qotgan. Shunday bo‘lsa-da, Pavlus ular Yahovaga bergan ontini bajarishining yomon joyi yo‘q, deb hisoblagandir. Shuning uchun ularning xarajatini qoplab, ular bilan ketgani noto‘g‘ri emas edi. Qanday ont ichilgani bizga noma’lum, lekin Pavlus gunohdan pok bo‘lish maqsadida (nazr qilingan kishilar qilganiday) biron hayvonni qurbonlikka keltirishni ma’qullamagan bo‘lardi. Masihning mukammal qurbonligi tufayli bunday qurbonliklar gunohlarni boshqa qoplay olmasdi. Qanday bo‘lmasin, shunga amin bo‘lishimiz mumkinki, Pavlus vijdoniga qarshi yo‘l tutmagan bo‘lardi.

d Ba’zilarning fikricha, Pavlusning ko‘zi yaxshi ko‘rmagani uchun oliy ruhoniyni tanimagan. Yoki, ehtimol, Quddusda ancha vaqt bo‘lmagani bois o‘sha paytda kim oliy ruhoniy ekanini bilmagan. Yoki odam ko‘pligidan uni kim urishni buyurganini ko‘rmay qolgandir.

e Mil. 49-yili havoriylar va oqsoqollar o‘zga xalq vakillari Musoning Qonuniga amal qilishi kerak yoki kerak emasligini muhokama qilishganda, oralarida «ilgari farziylar mazhabida bo‘lgan ayrim shogirdlar» ham bor edi. (Havor. 15:5) Bundan ko‘rinib turibdiki, kelib chiqishi tufayli ularni qaysidir ma’noda haliyam farziy deb hisoblashardi.