Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

26-BOB

«Hech bir jon halok bo‘lmaydi»

«Hech bir jon halok bo‘lmaydi»

Pavlusning kema halokatiga uchrashi, Allohga ishonch bog‘lashi va odamlarga bo‘lgan mehri

Havoriylar 27:1–28:10 ga asoslangan

1, 2. Pavlusni qanday safar kutyapti va uni nima bezovta qilayotgan bo‘lishi mumkin?

 PAVLUS: «Podshohning hukmini talab qildingmi, uning oldiga borasan»,— degan Festning gaplarini takror-batakror xayolidan o‘tkazyapti. Chunki bu so‘zlarga uning kelajagi bog‘liq. Pavlus ikki yil qamoqxonada bo‘lgach, Rimga boradigan uzoq safari tufayli hech bo‘lmasa sharoiti o‘zgarar. (Havor. 25:12) Pavlus dengiz bo‘ylab juda ko‘p safarlarga chiqqan, lekin ularning hammasi ham yoqimli xotiralar bilan bog‘liq emas. Podshoh oldida turishini tasavvur qilishning o‘zi ham unda jiddiy savollar tug‘dirayotgandir.

2 Pavlus ko‘p marta «dengizda... xavf-xatarga» duch kelgan. Masalan, uch marta kema halokatini boshdan kechirgan va bir kecha-yu kunduzni ochiq dengizda o‘tkazgan. (2 Kor. 11:25, 26) Bu galgi safari u ozod kishi sifatida qilgan safarlaridan butunlayin farq qiladi. Hozir u mahbus va Kesariyadan Rimgacha 3 000 dan ziyod kilometr yo‘l bosishi kerak. U hech qanday xavf-xatarsiz manzilga yetib boradimi? U hatto yetib borsa ham, bu uning oxirgi safari bo‘ladimi? Axir u Shaytonning dunyosidagi o‘sha paytning eng qudratli boshqaruvchisi tomonidan hukm etiladi.

3. Pavlusning istagi qanday edi va bu bobdan nimani bilib olamiz?

3 Pavlus haqida o‘qigach, sizningcha, u bo‘lajak hodisalar to‘g‘risida o‘ylab tushkunlikka tushganmi? Aslo! U boshiga qiyinchiliklar tushishini bilardi, ammo ular qanday bo‘lishini bilmasdi. Ta’sir qila olmaydigan narsalar to‘g‘risida haddan tashqari tashvishlanib, xizmat keltirishi mumkin bo‘lgan quvonchdan o‘zini mahrum qilishning nima keragi bor? (Mat. 6:27, 34) Pavlus shuni bilganki, Yahovaning unga nisbatan irodasiga ko‘ra, u har fursatdan foydalanib, hatto boshqaruvchilarga Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xushxabarni va’z qilishi kerak edi. (Havor. 9:15) Pavlus nima bo‘lishidan qat’i nazar vazifasini bajarmoqchi edi. Bizda ham bunday istak bormi? Keling, u bilan birga bu tarixiy safarga otlanib, undan qanday saboqlar olishimiz mumkinligiga diqqat qarataylik.

«Qarshimizdan shamol esgan» (Havoriylar 27:1–7a)

4. Pavlus qaysi kemada safarini boshladi va uning yonida kimlar bor edi?

4 Pavlus va boshqa ba’zi mahbuslar Yuliy ismli yuzboshining qo‘liga topshirildi. U Kesariyaga kelgan savdo kemasiga o‘tirishga qaror qildi. Bu kema Lesbos orolidagi Mitilina shahri qarshisida joylashgan Kichik Osiyoning g‘arbiy sohilidagi Adramitdan suzib keldi. Kema oldin shimolga, keyin esa g‘arbga yo‘l olib, yo‘l-yo‘lakay yukni tashlab va olib ketardi. Bunday kemalar odamlarni va, ayniqsa, mahbuslarni olib yurish uchun mo‘ljallanmagandi. (« Dengiz bo‘ylab sayohatlar va savdo yo‘llari» nomli ramkaga qarang.) Yaxshiyamki, mahbuslar orasida Pavlusdan tashqari kamida ikkita birodar ham bor. Ular — Aristarx bilan Luqo. U yerda bo‘lgani uchun ham bu voqeani Luqo bayon etgan. Bu ikkita sadoqatli hamrohlar yo‘l haqini o‘zlari to‘laganmi yoki Pavlusning xizmatkorlari sifatida hisoblanganmi bilmaymiz. (Havor. 27:1, 2)

5. Pavlus Sidonda kimlar bilan ko‘rishdi va bundan nimani o‘rganishimiz mumkin?

5 Bir kunning o‘zida ular shimolga qarab taxminan 110 kilometr suzishdi va kema Suriya sohilidagi Sidonda to‘xtadi. Hoynahoy, Yuliy Pavlusni boshqa mahbuslarday ko‘rmagan va yomon munosabat ko‘rsatmagan, chunki u Rim fuqarosi bo‘lib, aybi ham isbotlanmagandi. (Havor. 22:27, 28; 26:31, 32) Yuliy Pavlusga sohilga tushib, boshqa imondoshlari bilan ko‘rishishga ruxsat berdi. Ular uzoq vaqt mobaynida qamoqda o‘tirgan bu havoriyga g‘amxo‘rlik qilishi mumkinligidan nihoyatda suyunishgandir! Ehtimol, sizda ham shu kabi mehrga to‘la mehmondo‘stlikni namoyon etish imkoniyatlari bordir, ular haqida o‘ylab ko‘rganmisiz? (Havor. 27:3)

6–8. Pavlusning Sidondan Knidosga bo‘lgan safari qanday davom etdi va u qaysi imkoniyatlardan foydalanib va’z qildi?

6 Kema Sidondan chiqib, shimolga qarab sohil bo‘ylab suzib ketdi va Pavlusning ona shahri Tars yonidagi Kilikiyadan o‘tdi. Luqo to‘xtagan boshqa joylar haqida hech narsa yozmagan, lekin xavfli bir tafsilotni, ya’ni qarshisidan «shamol esgani»ni tilga olgan. (Havor. 27:4, 5) Biroq yomon ob-havoga qaramay Pavlus har fursatdan foydalanib xushxabarni baham ko‘rishini tasavvur qilishimiz mumkin. Shubhasizki, u kemadagi boshqa mahbuslarga va odamlarga, jumladan, kema ekipajiga, askarlarga, to‘xtagan bandargohlardagi insonlarga va’z qilgan. Biz ham, har fursatdan foydalanib, odamlarga va’z qilyapmizmi?

7 Vaqt o‘tgach, kema Kichik Osiyoning janubiy sohilidagi Mira shahriga yetib keldi. U yerda Pavlus boshqalar bilan birga boshqa kemaga o‘tirdi. Bu kema ularni Rimga, kerakli manzilga yetkazishi kerak. (Havor. 27:6) O‘sha paytda bug‘doyni kemalarda Misrdan Rimga olib kelishardi va kemalar Mirada to‘xtardi. Yuliy bunday kemani topib, askarlarga va mahbuslarga unga chiqishni buyurdi. Bu kema oldingisidan ancha kattaroq bo‘lganga o‘xshaydi. U qimmatbaho yukni, ya’ni bug‘doyni, jumladan, Rimga ketayotgan 276 kishini — ekipaj, askarlar, mahbuslar va boshqa odamlarni tashirdi. Shunisi aniqki, Pavlus boshqa kemaga o‘tirganda, va’z qilish hududi kengaydi va u bu imkonni qo‘ldan boy bermagani shubhasiz.

8 Keyin kema Kichik Osiyoning janubi-g‘arbiy qismidagi Knidosda to‘xtashi kerak. Yo‘ldosh shamol esganda, kema bu masofani deyarli bir kunda o‘ta olardi. Biroq Luqo bayon etishicha, «bir necha kun qiynalib suzib, zo‘rg‘a Knidosga yetib keldik». (Havor. 27:7a) Havo aynidi. (« O‘rta dengizning o‘zgaruvchan shamollari» nomli 208-sahifadagi ramkaga qarang.) Kuchli shamolga qarshi va to‘lqinli dengizda suzayotgan kema yo‘lovchilari to‘g‘risida bir o‘ylab ko‘ring.

«Bo‘ron kemani qattiq tebratgan» (Havoriylar 27:7b–26)

9, 10. Krit yaqinida qanday qiyinchiliklar paydo bo‘ldi?

9 Kema qo‘mondoni Knidosdan g‘arbga qarab suzishni rejalashtirgandi. Ammo Luqoning aytishicha, shamol ularga o‘sha yo‘nalishda ketishga «to‘sqinlik qilgan». (Havor. 27:7b) Kema sohildan biroz uzoqlashganida, shimoli-g‘arbiy tomondan esgan shamol tufayli uni janubga, ehtimol, katta tezlikda oqizib ketgan. Kema Kritning sharqiy qirg‘og‘idagi Salmondan o‘tib ketganda, havo sal ochildi. Nega? Sababi, kema bu orolning shamol uncha kuchli bo‘lmagan janubiy tomonida edi. Bundan sal oldin uni qarama-qarshi shamollardan Kipr oroli pana sifatida himoya qilgandi. Kemadagi odamlar endi ancha yengil tortganini tasavvur qilsak bo‘ladi! Lekin kema ekipajida tashvishlanish uchun sabab bor — dengizchilar yaqinda qish kelishini va o‘shanda dengizda bo‘lish xavfli ekanini bilishadi.

10 Luqo aniq qilib shunday yozgan: «Krit sohili bo‘ylab mashaqqat bilan suzib... Go‘zal bandargohlar degan joyga yetib keldik». Hatto orolga yaqin bo‘lishiga qaramay, kemani boshqarish qiyin. Oxiri, ular sohilning shimoliy burilishidagi kichik qo‘ltiqda langar tashlashdi. Qiziq, ular u yerda qancha vaqt turdi? Luqoning aytishicha, «ko‘p vaqt», lekin u yerda qancha ko‘p vaqt o‘tkazishsa, suzish ham shuncha qiyin bo‘lib borardi. Chunki sentabr–oktabrda kemada suzish yanada xavfli bo‘lgandi. (Havor. 27:8, 9)

11. Pavlus qanday maslahat berdi, lekin qanday qaror chiqarildi?

11 Ehtimol, ba’zi yo‘lovchilar Pavlusdan maslahat so‘ragandir, chunki u O‘rta dengiz bo‘ylab safarlarga chiqqan edi. Shunda u kema joyidan qo‘zg‘almasligini tavsiya qildi. Aks holda, bu ziyon keltirishi va hatto hayotdan ayrilishga olib kelishi mumkin. Ammo kema egasi va kapitani, hoynahoy, xavfsizroq joyni topish uchun safarni davom ettirmoqchi bo‘lishdi. Ular yuzboshi Yuliyni ham ko‘ndirishdi va ko‘pchilik Finikkacha — sohil bo‘yidagi bandargohgacha yetib borish kerak, deb hisoblardi. U yerdagi bandargoh kattaroq bo‘lib, qish chiqarish uchun yaxshiroq moslashtirilgandir. Shunday qilib, janubdan yengil shabada esganda, kema yo‘lga chiqdi. (Havor. 27:10–13)

12. Krit orolidan ketgach, kema qanday xavf-xatarga yo‘liqdi va kema ekipaji omon qolish uchun nimalar qildi?

12 So‘ng ko‘proq qiyinchiliklar paydo bo‘ldi: «kuchli shimoli-sharqiy shamol ko‘tarildi». Qaysidir vaqt ichida ular Go‘zal bandargohlardan taxminan 65 kilometr yaqinida joylashgan «unchalik katta bo‘lmagan Kavda orolini» panalab suzishdi. Lekin kema haliyam xavf ostida edi, chunki uni janubga oqizib ketishi va Afrika sohilidagi qumloq sayozlik yonida barbod bo‘lishi mumkin edi. Bunga yo‘liqmaslik uchun dengizchilar kema quyrug‘idagi qayiqni ko‘tarib olishdi. Ammo buni qilish oson bo‘lmadi, chunki qayiq suvga to‘lib-toshganga o‘xshaydi. Keyin ular bu katta kemani bog‘lab, yog‘ochlari bo‘shab ketmasligi uchun arqonlarni yoki zanjirlarni uning pastki qismidan o‘tkazishdi. So‘ng ular yelkanlarni tushirib, bo‘ronni yengib o‘tish uchun ko‘p ter to‘kishdi. Bu qanchalik qo‘rqinchli bo‘lganini bir tasavvur qiling! Biroq bu choralar yetarli emas edi, chunki bo‘ron haliyam «kemani qattiq tebratgan» edi. Uchinchi kuni esa, hoynahoy, ular cho‘kib ketmaslik uchun kema jihozlarini ham dengizga tashlashdi. (Havor. 27:14–19)

13. Bo‘ron paytida kemada nima bo‘lganini tasvirlab bering.

13 Kemadagilar dahshatga tushgandir. Biroq Pavlus va uning hamrohlari omon qolishiga amin edi. Bundan oldin Hazrati Iso uni Rimda shohidlik berishiga ishontirgan va keyinchalik farishta ham buni tasdiqlagan. (Havor. 19:21; 23:11) Shunday bo‘lsa ham, ikki hafta mobaynida kecha-yu kunduz bo‘ron to‘xtamasdi. Jala yoqqani va osmonni qora bulutlar qoplagani sababli na quyosh, na yulduzlar ko‘rinardi va kema boshqaruvchisi kema qaysi joyda ekanini yoki qayerga suzib ketayotganini tushuna olmayotgandi. Ovqatlanib olish ham hech kimning xayoliga kelmayotgandi. Bunday sovuq, nam, qo‘rqinchli va kema chayqalgan paytda hech kim ovqat haqida o‘ylamagan bo‘lsa kerak.

14, 15. a) Nega Pavlus avval aytgan so‘zlarni eslatdi? b) Pavlus umid haqidagi xabarni aytganidan nimani o‘rganishimiz mumkin?

14 Pavlus o‘rnidan turdi. U kemadagilarga bundan avval aytgan so‘zlarni eslatdi, lekin bu bilan: «Men sizlarga aytgan edim-ku»,— demoqchi emas edi. Bo‘layotgan hodisalar uning gapida jon borligini tasdiqlardi. Keyin Pavlus: «Tushkunlikka tushmanglar, chunki kemadan tashqari hech bir jon halok bo‘lmaydi»,— dedi. (Havor. 27:21, 22) Bu so‘zlar tinglovchilarga taskin bergan bo‘lsa kerak! Hoynahoy, Pavlus Yahova unga boshqalar bilan ham baham ko‘rishi mumkin bo‘lgan bunday xabarni yetkazganidan rosa quvongan. Yahova har bir kishiga g‘amxo‘rlik qilayotganini yodda tutishimiz o‘ta muhim. Har bir odam Xudo uchun qadrli. Havoriy Butrus: «Yahova... hech kimning halok bo‘lishini istamaydi, ammo hammaning tavba qilishini xohlaydi»,— deb yozgan. (2 Butr. 3:9) Shu bois Yahova bergan umid haqidagi xabarni imkon boricha ko‘proq insonlar bilan bo‘lishish uchun jon kuydirish zarur! Bu hayot-mamot masalasi.

15 Pavlus kemadagilarning ko‘pchiligiga «Allohning... bergan va’dasiga umid» qilish to‘g‘risida shohidlik berganga o‘xshaydi. (Havor. 26:6; Kolos. 1:5) Ammo ular yaqin orada kema halokatiga uchraymiz deb o‘ylaganda, Pavlus ular omon qolishga umid bog‘lashi uchun asosli sabab keltira oldi. U quyidagicha dedi: «Bu kecha men topinadigan Alloh O‘z farishtasini yubordi. U menga shunday deb aytdi: “Qo‘rqma, Pavlus. Sen podshohning oldida turishing kerak. Tangri sen bilan birga bo‘lganlarning hayotini saqlab qoladi”». Pavlus ularni shunday deb undadi: «Shuning uchun janoblar, bardam bo‘linglar. Sababi men, Xudo aytgan barcha narsalar ro‘yobga chiqishiga ishonaman. Faqat kemamiz qaysidir orol yaqinida halokatga uchraydi». (Havor. 27:23–26)

«Hamma quruqlikka eson-omon yetib oldi» (Havoriylar 27:27–44)

«Pavlus... hammaning oldida shukrona duosini ayt[di]». (Havoriylar 27:35)

16, 17. a) Pavlus qachon ibodat qildi va bu qanday samara keltirdi? b) Pavlusning bashorati qanday amalga oshdi?

16 Dahshatli ikki haftadan keyin kemani taxminan 870 kilometr uzoqlikka oqizib ketganda dengizchilar boshqa bir tovushni, ya’ni quruqlikka urilayotgan to‘lqinlarning shovqinini eshitib qolishdi. Ular kemani oqizib ketmasligi uchun langarlarni tashlashdi va kemani sayozlikka chiqarish niyatida tumshug‘ini quruqlikka qaratib qo‘yishdi. Bu paytda dengizchilar kemadan qochmoqchi bo‘lishdi, lekin askarlar bunga to‘sqinlik qilishdi. Pavlus yuzboshi va askarlarga: «Agar bu kishilar kemada qolishmasa, sizlar qutula olmaysizlar»,— dedi. Kema joyida mustahkamroq tura boshlaganda esa Pavlus barchani ovqatlanib olishga chorlab, omon qolishlariga ularni yana bir bor ishontirdi. Keyin Pavlus «hammaning oldida shukrona duosini» aytdi. (Havor. 27:31, 35) Shukrona duosi bilan u Luqoga, Aristarxga va bugungi masihiylarga o‘rnak ko‘rsatdi. Siz ham barchaning oldida ibodat qilganingizda, boshqalar bundan tasalli va dalda olyaptimi?

17 Pavlusning ibodatidan so‘ng «hamma dadil bo‘lib yeyishga kirishdi». (Havor. 27:36) Dengizchilar bug‘doyni dengizga tashlab kemani ancha yengilroq qilishdi, bu tufayli kema sohilga yaqinroq suzishi mumkin. Kun yorishganda esa kemani sayoz joyga chiqarishga harakat qilayotganda bemalol harakatlanish uchun ular langarlarni uzib tashlab, yo‘naltiruvchi eshkaklarning arqonlarini yechishdi va old qismidagi kichik yelkanni ko‘tarishdi. Keyin kema tumshug‘i, hoynahoy, qumloq sayozlik yoki loyda botib qoldi va quyrug‘i to‘lqinlarning kuchi bilan parchalana boshladi. Ba’zi askarlar mahbuslar qochib ketmasligi uchun ularni o‘ldirmoqchi bo‘ldi, lekin Yuliy aralashib, bunga yo‘l qo‘ymadi. U hammaga sohilgacha suzib yoki birorta narsadan foydalanib yetib olishni buyurdi. Pavlus bashorat qilganidek, 276 kishi qutqarildi va «hamma quruqlikka eson-omon yetib oldi». Qiziq, ular qayerga yetib kelishdi? (Havor. 27:44)

«Odatdan tashqari insoniylik» (Havoriylar 28:1–10)

18–20. Qanday qilib Malta ahli «odatdan tashqari insoniylik ko‘rsatdi» va Pavlus bilan qanday mo‘jiza yuz berdi?

18 Omon qolganlar Sitsiliyaning janubida, Malta orolida edi. (« Qaysi Malta?» nomli ramkaga qarang.) Mahalliy xalq ularga «odatdan tashqari insoniylik ko‘rsatdi». (Havor. 28:2) Rosa ivib, sovuqdan titrab sohilgacha yetib kelgan musofirlar uchun ular gulxan yoqishdi. Sovuq bo‘lishiga va yomg‘ir yog‘ayotganiga qaramay, ular isinib olishdi. Keyin bir mo‘jiza yuz berdi.

19 Pavlus yordam bermoqchi bo‘ldi. U bir quchoq o‘tin terib keldi va uni gulxan ustiga qo‘yayotganida, zaharli ilon issiqdan qochib uning qo‘liga o‘ralib oldi. Malta ahli bu xudolarning jazosi deb o‘yladi a.

20 Pavlusni ilon chaqqanini ko‘rgan mahalliy xalq «uning qo‘li shishib ketadi» deb o‘yladi. Bir manbaga ko‘ra, bu oyatda qo‘llanilgan so‘z asl nusxada tibbiy atamani bildiradi. «Sevikli tabib Luqo» aynan bu so‘zni qo‘llagani ajablanarli emas. (Havor. 28:6; Kolos. 4:14) Ammo Pavlus hech qanaqa ziyon ko‘rmay zaharli ilonni silkitib yubordi.

21. a) Qaysi misollar Luqoning bayonoti ishonchli va aniq ekanini ko‘rsatyapti? b) Pavlus qanday mo‘jizalar yaratdi va bu Malta ahliga qanday ta’sir qildi?

21 O‘sha hududda Publiy ismli boy bo‘lgan yer egasi yashardi. Hoynahoy, u Maltada rimlik bosh amaldor bo‘lgan. Luqo uni «orol boshqaruvchisi» deb tasvirlagan va Maltada topilgan ikkita yozuvda aynan bu unvon qo‘llanilgan. U Pavlus bilan hamrohlarini uch kun mehmon qildi. O‘shanda Publiyning otasi qattiq kasal edi. Bu safar ham Luqo bemorning holatini aniq qilib tasvirlagan. U Publiyning otasi «ichburug‘ kasalligiga yo‘liqib, isitmasi chiqib yotgandi» degan. Pavlus ibodat qildi va qo‘llarini ustiga qo‘yib unga shifo berdi. Bu mo‘jizadan hayratda qolgan aholi Pavlusning oldiga boshqa bemorlarni keltirdi va u bilan hamrohlarida kerakli barcha narsa bo‘lishi uchun ko‘p sovg‘alar berdi. (Havor. 28:7–10)

22. a) Luqoning bayonoti haqida bir olim qanday fikr bildirdi? b) Keyingi bobdan nimani bilib olamiz?

22 Hozir ko‘rib chiqqanimizdek, Pavlusning safari to‘g‘risidagi bayonot juda aniq va ishonchli. Bir olim shunday dedi: «Luqoning bayonoti... Muqaddas Kitobda mayda tafsilotlarigacha yozilgan bayonotlardan biridir. Birinchi asrdagi kemalarning dengizda yurishi haqidagi tafsilotlar aniq-ravshan bo‘lib, O‘rta dengizning sharqiy sohilidagi sharoitlarning tavsifi ishonchli» va, hoynahoy, kemadagi jurnalda yozilganlarga asoslanadi. Luqo Pavlus bilan sayohat qilayotib, shu kabi tafsilotlarni yozib borganga o‘xshaydi. Agar shunday bo‘lsa, unda u safarining davomida bo‘lgan voqealar haqida anchagina tafsilotlarni yozgan. Xo‘sh, Pavlus bilan hamrohlari oxiri Rimga yetib borishsa, u bilan nima yuz beradi? Keling, buni bilib olaylik.

a Odamlar bunday ilonlar haqida bilishi, o‘sha paytda bu orolda ilonlar bo‘lganini ko‘rsatyapti. Hozir Maltada ilonlar yo‘q. Ehtimol, yuzlab yillar davomida iqlim sharoitlarining o‘zgarishi bunga sabab bo‘lgandir. Yoki, hoynahoy, orolda aholi soni oshgani tufayli ilonlar bartaraf qilingan.