27-BOB
Pavlus keng shohidlik bergan
Pavlus Rimda qamoqda bo‘lsa-da, va’z qilishda davom etadi
Havoriylar 28:11–31 ga asoslangan
1. Pavlus bilan hamrohlari nimada amin va nega?
TAXMINAN mil. 59-yil. Tumshug‘ida «Zevs o‘g‘illari» shakli bor bo‘lgan katta kema O‘rta dengizdagi Malta orolidan Italiyaga suzib ketyapti. Hoynahoy, bu kemaga don ortilgan. Kemada havoriy Pavlus, imondoshlari Luqo va Aristarx hamda uni qo‘riqlab ketayotgan soqchilar bor. (Havor. 27:2) Dengizchilardan farqli ravishda bu va’zgo‘ylar yunon xudosi Zevsning o‘g‘illaridan, ya’ni egizak aka-uka Kastor va Polluksdan najot kutishmayapti. (Havor. 28:11) Pavlus bilan hamrohlari Yahovaga xizmat qilishadi. Yahova Pavlusga u Rimda haqiqat to‘g‘risida keng shohidlik berishini va podshoh oldida turishini aytgan edi. (Havor. 23:11; 27:24)
2, 3. Pavlus ketayotgan kema qayerga suzib bordi va butun yo‘l davomida uni kim qo‘llab-quvvatladi?
2 Sitsiliyaning go‘zal shahri Sirakuzada uch kun turgach, kema Italiyaning janubidagi Rigiyaga suzib ketdi. Sirakuza — Afina va Rim kabi muhim ahamiyatga ega. Rigiya Italiyadagi Puteol portidan 320 kilometr uzoqlikda (hozirgi Neapol yaqinida), biroq janubdan esgan shamol tufayli kema ikki kundayoq Puteolga yetib bordi. (Havor. 28:12, 13)
3 Pavlusning Rimga yetib borishiga oz qoldi. U yerda Pavlus imperator Neronning oldida turadi. «Tasalli beradigan Alloh» uni butun yo‘l davomida qo‘llab-quvvatladi. (2 Kor. 1:3) Xudo Pavlusni tashlab qo‘ymasligini va u to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y sifatida g‘ayratini yo‘qotmasligini bilib olamiz.
«Pavlus... Allohga shukrona aytdi va ko‘ngli ko‘tarildi» (Havoriylar 28:14, 15)
4, 5. a) Puteollik birodarlar Pavlus bilan hamrohlarini qanday kutib olishdi va u nega bunday erkinlikka ega edi? b) Masihiylarning yaxshi xulq-atvori hatto qamoqda ularga qanday foyda keltirishi mumkin?
4 Puteolda Pavlus va hamrohlari birodarlarni topishdi va ular iltimos qilgani uchun u yerda yetti kun qolishdi. (Havor. 28:14) Ular mehmondo‘stlik ko‘rsatishda ajoyib o‘rnakdir! Pavlus va uning hamrohlari esa bu mehmondo‘st birodarlarga ma’nan dalda berishgani shubhasiz. Qiziq, nega Pavlus mahbus bo‘la turib bunday erkinlikka ega? Ehtimol, u rimlik askarlarning ishonchini qozongan.
5 Yahovaning xizmatchilari ham qamoqda va konslagerlarda bo‘la turib, masihiylarga xos xulq-atvor tufayli ko‘proq erkinlikka va imtiyozlarga ega bo‘lishgan. Masalan, Ruminiyada o‘g‘rilik uchun 75 yilga qamalgan bir kishi Xudoning Kalomini tadqiq qila boshlagan va tubdan o‘zgargan. Qamoqxona rahbariyati buni ko‘rib, unga qo‘riqchilarsiz shaharga borishni va qamoqxona uchun bozor-o‘char qilishni ishonib topshirdi. Haqiqatan ham, yaxshi xulq-atvorimiz Yahovaga shon-sharaf keltiradi. (1 Butr. 2:12)
6, 7. Rimlik birodarlar Pavlusni qattiq yaxshi ko‘rishini qanday namoyon etishdi?
6 Pavlus bilan hamrohlari, hoynahoy, Puteoldan Rimgacha Appiya yo‘lidagi Kapuya shahrigacha taxminan 50 kilometr piyoda yurishdi. Vulqon ko‘chkisidan olingan katta yassi toshlar bilan to‘shalgan bu taniqli yo‘l Italiyaning chiroyli xo‘jalik hududidan o‘tardi, uning ayrim joylaridan esa O‘rta dengiz ko‘rinardi. Bu yo‘ldan sayohatchilar Rimdan taxminan 60 kilometr uzoqlikdagi Pontin botqoqlaridan va Appiya bozor maydonidan o‘tib ketishardi. Luqoning bayon etishicha, Rimdagi ba’zi birodarlar ularning u yerga borayotganini eshitib, hatto Appiya maydonigacha bordi, boshqalari esa Rimdan qariyb 50 kilometr uzoqlikda joylashgan yo‘lovchilar dam oladigan Uch mehmonxonada qoldi. Shu yo‘sin, ular Pavlusni qattiq yaxshi ko‘rishini namoyon etishdi. (Havor. 28:15)
7 Gap shundaki, holdan toygan sayohatchining Appiya bozor maydonida yaxshi dam olishi amrimahol edi. Rimlik shoir Goratsiyning yozishicha, bu bozor maydoni «kemachi-yu qo‘pol qovoqxonachilarga to‘lib-toshgan» edi. Shuningdek, u o‘sha joydagi «suv iflos va loyqa» bo‘lganini yozgan. Goratsiy u yerda hatto ovqatlanishdan irgangan! Ammo barcha bu noqulayliklarga qaramay Rimdan kelgan birodarlar Pavlus bilan hamkorlarini mushtoq bo‘lib kutishardi va ular bilan birga bo‘lib, ularni eson-omon manzilgacha yetkazib qo‘yishmoqchi edi.
8. Nega Pavlus birodarlarni «ko‘rib Allohga shukrona aytdi»?
8 Bayonotda aytilishicha, «Pavlus... [birodarlarni] ko‘rib Allohga shukrona aytdi va ko‘ngli ko‘tarildi». (Havor. 28:15) Ha, o‘sha qadrdon imondoshlarini ko‘rgach, u ruhan tetiklanib, tasalli topdi. Hoynahoy, u ularning ayrimlarini shaxsan tanigan. Qiziq, nega u Allohga shukrona aytdi? Beg‘araz sevgi muqaddas ruhning samarasi ekanini u bilardi. (Galat. 5:22) Bugun ham muqaddas ruh masihiylarni boshqalar uchun fidoyilik qilishga va muhtoj bo‘lganlarga tasalli berishga undaydi. (1 Salon. 5:11, 14)
9. Pavlusni kutib olgan birodarlarga qanday taqlid qila olamiz?
9 Masalan, muqaddas ruh mehmondo‘st masihiylarni tuman noziri, to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y va boshqa to‘la vaqtli xizmatchilarning ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilishga undaydi. Bu va’zgo‘ylar Yahovaga ko‘proq xizmat qilish uchun anchagina fidoyilik qilishyapti. O‘zingizdan so‘rang: «Tuman noziri tashrif buyurganda, ehtimol, unga va agar u uylangan bo‘lsa, xotiniga mehmondo‘stlik ko‘rsatib ko‘proq qila olamanmi? Ular bilan xizmat qilishni rejalashtiramanmi?» Natijada, cheksiz barakalarga ega bo‘lasiz. Misol uchun, rimlik birodarlar Pavlus bilan hamrohlari xizmatidagi ayrim daldali voqealarni aytib berishganda, juda xursand bo‘lishgandir. (Havor. 15:3, 4)
«Hamma yerda bu mazhabga qarshi» chiqishyapti (Havoriylar 28:16–22)
10. Pavlus Rimda qanday sharoitda bo‘lgan va manzilga yetib kelgach, u nima qilgan?
10 Pavlus va uning hamrohlari nihoyat Rimga kelishganida, «Pavlusga alohida yashash uchun ruxsat berildi va uni bir askar qo‘riqlab turardi». (Havor. 28:16) Uy qamog‘ida bo‘lgan mahbuslar qochib ketmasligi uchun odatda ularni soqchi bilan zanjirband qilib qo‘yishardi. Ammo hech qanday zanjirlar ham Pavlusga Xudoning Shohligi haqida va’z qilishga xalaqit qila olmasdi. Shu bois u safardan keyin atigi uch kun dam olib, o‘zi haqida aytish va shohidlik berish uchun Rimdagi yahudiylarning boshliqlarini chaqirtirdi.
11, 12. Pavlus yahudiylarga murojaat qilganda har qanday noto‘g‘ri fikrni bartaraf etish uchun nima qildi?
11 Pavlus ularga shunday dedi: «Birodarlar, men xalqqa yoki ota-bobolarimizning urf-odatlariga qarshi hech narsa qilmagan bo‘lsam ham, meni Quddusda hibsga olib, rimliklarning qo‘liga topshirishdi. Ular mendan o‘limga loyiq hech bir ayb topolmagach, ozod qilmoqchi bo‘lishdi. Ammo yahudiylar menga qarshi chiqishgani uchun, meni podshoh hukm etishini talab qildim. Lekin buni, xalqimni biror narsada ayblash maqsadida qilganim yo‘q». (Havor. 28:17–19)
12 Pavlus yahudiylarni «birodarlar» deb ular bilan umumiylikni topishga va, ehtimol, ularda bor bo‘lgan har qanday noto‘g‘ri fikrni bartaraf etishga intilgandi. (1 Kor. 9:20) Shuningdek, u bu yerga yahudiy birodarlarini ayblash uchun emas, balki podshohning oldida turish niyatida kelganini aniq qilib aytdi. Biroq ular Pavlus uni podshoh hukm qilishini talab etganidan xabardor emasdi. (Havor. 28:21) Nega ular Yahudiyadan bu borada hech qanday xabar olmagan? Bir kitobda shunday deyilgan: «Pavlus o‘tirgan kema qishdan keyin birinchi bo‘lib Italiyaga kelganga o‘xshaydi. Quddusdagi yahudiylarning hukumat vakillari esa, ehtimol, hali yetib kelmagan va bu ishga oid maktubni ham yubormagan».
13, 14. Pavlus Shohlik mavzusini qanday taqdim etdi va biz unga qay yo‘sin taqlid qila olamiz?
13 Keyin Pavlus oldiga kelgan yahudiylarning qiziqishini uyg‘otib, Shohlik haqidagi mavzuga o‘tdi. U quyidagicha dedi: «Aynan Isroil xalqining umidi tufayli zanjirband bo‘lganim uchun, sizlar bilan ko‘rishib, gaplashishni iltimos qilgan edim». (Havor. 28:20) Bu umid masihiylar Iso Masih va uning Shohligi to‘g‘risida va’z qilgan xabar bilan bog‘liq edi. Yahudiy oqsoqollar shunday deyishdi: «O‘z nuqtai nazaringizni o‘zingizdan eshitmoqchimiz. Lekin hamma yerda bu mazhabga qarshi chiqishayotgani bizga ma’lum». (Havor. 28:22)
14 Xushxabarni kimdir bilan baham ko‘rish imkoni tug‘ilganda, biz ham Pavlus kabi savollardan yoki Muqaddas Kitob borasida ko‘proq bilib olish xohishini uyg‘otadigan fikrlardan foydalansak bo‘ladi. Ajoyib maslahatlarni, masalan, «Muqaddas Kitob asosida muzokara», «Voizlik maktabi» hamda «O‘qishda va ta’lim berishda davom eting» nomli adabiyotlarda topsa bo‘ladi. Muqaddas Kitobni tadqiq qilishga mo‘ljallangan bunday adabiyotlardan siz ham foydalanyapsizmi?
Pavlus «keng shohidlik berishda» biz uchun yaxshi o‘rnak (Havoriylar 28:23–29)
15. Pavlus va’z qilgan usuldan qanday to‘rtta narsani bilib olyapmiz?
15 Belgilangan kunda mahalliy yahudiylar «ko‘pchilik» bo‘lib, Pavlusning oldiga kelishdi. U «ertadan kechgacha Xudoning Shohligi to‘g‘risida keng shohidlik berar, Musoning Tavrot kitobi va payg‘ambarlar kitoblaridan Iso haqida ishontirarli dalillar keltirar va shu yo‘sin masalaning mohiyatini tushuntirardi». (Havor. 28:23) Pavlus va’z qilgan usuldan to‘rtta narsani bilib olyapmiz. Birinchidan, u Xudoning Shohligiga e’tibor qaratdi. Ikkinchidan, u «ishontirarli dalillar keltir»ib tinglovchilarda qiziqish uyg‘otmoqchi edi. Uchinchidan, u Muqaddas Yozuvlar asosida muzokara qilardi. To‘rtinchidan esa, u tinglovchilarning ehtiyojlarini o‘zinikidan ustun qo‘yib «ertadan kechgacha» shohidlik berardi. Biz uchun zo‘r o‘rnak! Bu qanday samara keltirdi? «Ayrimlar uning gaplariga ishon»di, boshqalar esa yo‘q. Luqo bayon etganiday, oralarida kelishmovchilik yuz berdi va odamlar «tarqala boshlashdi». (Havor. 28:24, 25a)
16–18. Nega Pavlus Rimdagi yahudiylarning salbiy munosabatidan hayron qolmadi va odamlar xushxabarni qabul qilmasa, bunga qanday munosabatda bo‘lishimiz kerak?
16 Pavlus bunday munosabatdan hayron qolmadi, chunki bu Muqaddas Kitobda bashorat qilingandi va oldin ham bunday vaziyat yuz bergandi. (Havor. 13:42–47; 18:5, 6; 19:8, 9) Pavlus uni eshitishni xohlamay ketayotgan kishilarga shunday dedi: «Muqaddas ruh Ishayo payg‘ambar orqali ota-bobolaringizga shunday deb behuda aytmagan ekan: “Borib bu xalqqa ayt: tinglashga tinglaysizlar, ammo ma’nosini tushunmaysizlar. Qarashga qaraysizlar, ammo ko‘ra olmaysizlar. Chunki bu xalq qalbini tosh qilgan”». (Havor. 28:25b–27) Asl nusxada qo‘llanilgan so‘z «semiz» yoki «yog‘ bosgan» yurakni bildiradi. Shu bois Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xabar ularning qalbiga singmagan. Bu juda ayanchli holat!
17 Pavlus oxirida bu yahudiylardan farqli ravishda boshqa xalqlar «albatta tingla»shini aytdi. (Havor. 28:28; Zab. 67:2; Ishayo 11:10) U bunga amin edi, chunki ko‘p o‘zga xalq vakillari Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xabarga qanday munosabat bildirganini shaxsan o‘zi ko‘rgan! (Havor. 13:48; 14:27)
18 Odamlar xushxabarni rad etganda, Pavlusga o‘xshab buni ko‘nglimizga yaqin olmaylik. Bilamizki, hayotga yetaklaydigan yo‘lni nisbatan kamchilik topa oladi. (Mat. 7:13, 14) Ammo xushxabarni qabul qilishga moyil bo‘lganlar haq topinish tarafini egallasa, xursand bo‘lib, ularni chin dildan qabul qilamiz. (Luqo 15:7)
Havoriylar 28:30, 31)
«Xudoning Shohligi to‘g‘risida» va’z qilish (19. Pavlus uy qamog‘ida bo‘lganda nima qildi?
19 Luqoning bayonoti ijobiy va daldali tarzda yakun topgan. U shunday deb yozgan: «Pavlus ijaraga olgan uyda ikki yil qolib, yoniga kelganlarning hammasini yaxshi kutib olardi. Ularga Xudoning Shohligi to‘g‘risida va’z qilib, Hazratimiz Iso Masih borasida hech qanday to‘sqinliksiz bemalol ta’lim berardi». (Havor. 28:30, 31) Pavlus mehmondo‘st bo‘lish, imon va g‘ayrat namoyon etishda ajoyib o‘rnakdir!
20, 21. Pavlus Rimda bo‘la turib kimlarga yordam bera oldi?
20 Pavlus ochiq chehra bilan kutib olgan kishilardan biri Kolosadan qochib kelgan qul O‘nisim edi. Pavlus unga masihiy bo‘lishga ko‘maklashdi, u esa Pavlus uchun «ishonchli va aziz birodar» bo‘lib qoldi. Ha, Pavlus O‘nisim haqida: «Menga o‘g‘il kabi bo‘lgan»,— deb yozgandi. (Kolos. 4:9; Filim. 10–12) O‘nisim Pavlus uchun dalda manbai bo‘lganga o‘xshaydi! a
21 Pavlusning o‘rnagi boshqalar uchun foyda keltirdi. U filippiliklarga shunday yozgandi: «Men bilan ro‘y bergan hodisalar aslida xushxabarning yoyilishiga sabab bo‘ldi. Mening Masih uchun zanjirbandligim imperatorning hamma soqchilariga va boshqalarga ma’lum bo‘ldi. Hazratimizning xizmatidagi talaygina birodarlar mening zanjirbandligimdan o‘zlarini dadil his etib, Xudoning so‘zini yanada jasorat bilan, qo‘rqmasdan gapirishmoqda». (Filip. 1:12–14)
22. Pavlus Rimda uy qamog‘ida bo‘la turib yana nima qildi?
22 Pavlus Rimda uy qamog‘ida bo‘lishiga qaramay, hozir Yunoncha yozuvlar tarkibiga kirgan muhim maktublarni yozgan b. Ular birinchi asrdagi masihiylarga ko‘p foyda keltirgan. Ular biz uchun ham foydali, chunki ilohiy ilhom ostida yozilgan maslahatlar hozir ham xuddi o‘sha paytdagiday amaliy. (2 Tim. 3:16, 17)
23, 24. Nohaq qamalgan ko‘p masihiylar Pavlus kabi qay yo‘sin ijobiy nuqtai nazarni saqlayapti?
23 Garchi Havoriylar kitobida yozilmagan bo‘lsa ham Pavlus taxminan to‘rt yildan keyin ozodlikka chiqdi. U ikki yil Kesariyada qamoqda, yana ikki yil Rimda uy qamog‘ida bo‘ldi. (Havor. 23:35; 24:27) c Ammo u ijobiy nuqtai nazarni saqlab, qo‘lidan kelganicha Allohga xizmat qilgandi. Shunga o‘xshab, Yahovaning ko‘p xizmatchilari nohaq qamalgan bo‘lishsa-da, quvonchni yo‘qotmay, va’z qilishda davom etishyapti. Keling, betaraflik uchun Ispaniyada hibsga olingan Adolfoning misolini ko‘rib chiqaylik. Bitta soqchi unga: «Senga qoyilmiz. Qamoqda senga qancha ko‘p jabr-zulm o‘tkazmaylik, bizga shuncha ko‘p tabassum qilib, muloyim gapirarding».
24 Vaqt o‘tib, Adolfoga rosa ishonadigan bo‘lishdi va hatto kamerasining eshigini ochiq qoldirishardi. Uning yoniga soqchilar kirib, Muqaddas Kitob haqida savollar berishardi. Bitta soqchi kamerasiga kirib, Muqaddas Kitobni o‘qirdi, Adolfo esa boshqalar uni ko‘rmasligi uchun qo‘riqlab turardi. Ha, mahbus soqchini «qo‘riqlab turardi»! Iloyim, bunday sadoqatli Shohidlarning misoli bizni hatto og‘ir paytlarda ham «Xudoning so‘zini yanada jasorat bilan, qo‘rqmasdan» gapirishga undasin.
25, 26. Oradan 30 yil o‘tar-o‘tmas, Pavlus qaysi bashorat amalga oshganini ko‘rdi va bizning vaqtimizda u qanday amalga oshyapti?
25 Masihning havoriysi uy qamog‘ida ham uning oldiga kelgan barchaga «Xudoning Shohligi to‘g‘risida va’z qil»ardi — shu tarzda Havoriylar kitobi yakuniga yetdi! Birinchi bobda Iso izdoshlariga bergan quyidagi topshirig‘i haqida o‘qigandik: «Ustingizga muqaddas ruh tushganda, sizlar kuchga to‘lib, Quddusda, butun Yahudiya hamda Samariyada va hatto yerning chetlariga qadar mening shohidlarim bo‘lasizlar». (Havor. 1:8) Oradan 30 yil o‘tar-o‘tmas, Shohlik to‘g‘risidagi xabar «falak ostida bor jonzotga» va’z qilindi. (Kolos. 1:23) d Bu Allohning ruhi qanchalik ta’sirli ekanining yaqqol isboti! (Zakr. 4:6)
26 Hozir ham Xudoning ruhi moylangan masihiylar-u «boshqa qo‘ylar»ga 240 ta mamlakat va hududlarda «Xudoning Shohligi to‘g‘risida keng» shohidlik berishda davom etishga kuch beryapti. (Yuhan. 10:16; Havor. 28:23) Xo‘sh, siz ham bu ishda faol qatnashyapsizmi?
a Pavlus O‘nisim u bilan qolishini xohlardi, ammo bu Rim qonuniga zid bo‘lib, O‘nisimning xo‘jayini bo‘lgan masihiy Filimo‘nning huquqlarini poymol qilish bilan teng edi. Shu sababli O‘nisim Filimo‘nning oldiga qaytib, unga Pavlusning maktubini yetkazdi. U yerda Pavlus Filimo‘nni quli O‘nisimni suyukli birodari sifatida yaxshi kutib olishga undagandi. (Filim. 13–19)
b « Pavlus Rimda birinchi marta qamoqda bo‘lganida yozgan beshta maktubi» nomli 212-sahifadagi ramkaga qarang.
c « Pavlusning mil. 61-yildan keyingi hayoti» nomli 214-sahifadagi ramkaga qarang.
d « Xushxabar “bor jonzotga va’z qilingan”» nomli ramkaga qarang.