13-BOB
Ular «rosa bahs-munozara qilishdi»
Yetakchi kengash sunnat masalasini ko‘rib chiqadi
Havoriylar 15:1–12 ga asoslangan
1–3. a) Ilk masihiylar jamoatidagi birlik nega xavf ostida qolgan? b) Havoriylar kitobidagi bu bayonotni ko‘rib chiqish bizga qanday foyda keltirishi mumkin?
PAVLUS bilan Barnabo birinchi va’zgo‘ylik safarini tugatib, Suriyadagi Antioxiyaga xursand bo‘lib qaytishdi. Yahova «o‘zga xalq vakillariga imon yo‘lini ochgani» uchun ularning quvonchi ichiga sig‘mayapti. (Havor. 14:26, 27) Darhaqiqat, xushxabar Antioxiyada ham e’lon qilinyapti va o‘zga millat vakili bo‘lgan «ko‘p kishilar» u yerdagi jamoatga qo‘shilyapti. (Havor. 11:20–26)
2 Bu ajoyib yangiliklar tez orada Yahudiyaga yetib bordi. Lekin hamma ham bundan sevinmadi va sunnat masalasi avjiga chiqdi. Yahudiylar bilan o‘zga xalq vakillari o‘zaro qanday munosabat qilishlari kerak va yahudiy bo‘lmagan masihiylar Musoning Qonuniga amal qilishlari lozimmi? Bu masala shunchalik jiddiy tus oladiki, hatto jamoatdagi birlik xavf ostida qoladi. Qiziq, u qanday hal qilinadi?
3 Havoriylar kitobidagi bu bayonotni ko‘rib chiqib ko‘p foydali saboqlar olamiz. Bu bizga jamoatda kelishmovchiliklarga sabab bo‘ladigan masalalar tug‘ilganida, dono qarorlar chiqarishimizga yordam beradi.
«Sunnat qilinmasangiz» (Havoriylar 15:1)
4. Yahudiy masihiylarning ayrimlari qanday noto‘g‘ri nuqtai nazarni olg‘a surgan va qanday savol tug‘ilyapti?
4 Luqo bayon etishicha: «Yahudiyadan [Antioxiyaga] kelgan ayrim odamlar birodarlarga: “Tavrot bo‘yicha sunnat qilinmasangiz, najot topolmaysizlar”,— deb uqtira boshlashdi». (Havor. 15:1) «Yahudiyadan kelgan ayrim odamlar» masihiy bo‘lishdan avval farziy bo‘lishganmi yoki yo‘qmi, aniqlashtirilmagan. Lekin ular haliyam Musoning Qonuniga qat’iy amal qilgan farziylar kabi o‘ylaganga o‘xshaydi. Bundan tashqari, ular hech qanday vakolatga ega bo‘lmasdan Quddusdagi havoriylar-u oqsoqollar nomidan gapira boshlashgandir. (Havor. 15:23, 24) Unda nega yahudiy masihiylar Xudo havoriy Butrus orqali sunnat qilinmagan o‘zga millat vakillarini jamoatga qabul qilish kerakligini aytganidan deyarli 13 yil o‘tgan bo‘lsa ham sunnat qilinishni talab etishgan? (Havor. 10:24–29, 44–48) a
5, 6. a) Nega ba’zi yahudiy masihiylar sunnat qilinishni talab etishgan? b) Sunnat to‘g‘risidagi ahd Ibrohim bilan qilingan ahdga kirganmi? Tushuntiring. (Izohga qarang.)
5 Buning ko‘p sabablari bo‘lgandir. Masalan, sunnatni Yahovaning O‘zi joriy etgan va bu U bilan o‘zgacha munosabatda bo‘lishning ramzi edi. Qonun ahdidan oldin joriy etilgan, keyinchalik esa uning talablaridan biri bo‘lgan ushbu sunnat Ibrohim va uning xonadonidan boshlangan. (Lev. 12:2, 3) b Tavrotga binoan, hatto musofirlar ham muayyan huquqlarga ega bo‘lishdan avval, masalan, Fisih taomini yeyish uchun sunnat qilinishlari kerak edi. (Chiq. 12:43, 44, 48, 49) Yahudiy kishining fikricha, sunnatsiz odam nopok bo‘lib, Xudoga xizmat qila olmasdi. (Ishayo 52:1)
6 Yahudiy masihiylarga buni qabul qilishlari uchun imon va kamtarlik kerak bo‘lgan. Qonun ahdining o‘rniga yangi ahd kuchga kirgan edi, shuning uchun yahudiy bo‘lib tug‘ilganlar endi o‘z-o‘zidan Xudo xalqining a’zosi bo‘la olmasdi. Yahudiylar orasida yashagan yahudiy masihiylar hamda Yahudiyada masihiy bo‘lganlardan esa Masihni tan olish va o‘zga xalqlardan bo‘lgan masihiylarni qabul qilish uchun jasorat talab etilgan. (Yerm. 31:31–33; Luqo 22:20)
7. «Yahudiyadan kelgan ayrim odamlar» qanday haqiqatni tushunmasdi?
7 Allohning me’yorlari o‘zgarmasligi shubhasizdir. Yangi ahd Tavrotning ruhini saqlab qolgan. (Mat. 22:36–40) Misol uchun, havoriy Pavlus sunnat borasida keyinchalik shunday yozgan: «Qalbi yahudiy bo‘lgan asl yahudiydir hamda qonunlar orqali emas, balki muqaddas ruh orqali qalbga qilingan sunnat haqiqiydir». (Rim. 2:29; Qonun. 10:16) «Yahudiyadan kelgan ayrim odamlar» ushbu haqiqatni tushunmasdi va Alloh sunnat to‘g‘risidagi qonunni hech qachon bekor qilmagan, deb ta’kidlardi. Qiziq, ular bu sabablarni e’tiborga olarmikan?
«Bahs-munozara» (Havoriylar 15:2)
8. Nega sunnat masalasi Quddusdagi yetakchi kengashga yuborilgandi?
8 Luqo shunday davom etadi: «Ular [«Yahudiyadan kelgan ayrim odamlar»] Pavlus va Barnabo bilan rosa bahs-munozara qilishdi. Shunda Pavlus bilan Barnaboni va ayrim birodarlarni bu masala borasida Quddusdagi havoriylar va oqsoqollarning oldiga yuborishga qaror qilindi». (Havor. 15:2) c «Bahs-munozara»larda ikkala taraf ham kuchli tuyg‘ular va qat’iy ishonch namoyon etardi. Antioxiyadagi jamoat bu masalani yecha olmasdi. Lekin jamoatda tinchlik va hamjihatlikni saqlash uchun bu masalani ular «Quddusdagi havoriylar va oqsoqollar»dan iborat bo‘lgan yetakchi kengashga yuborib oqilona yo‘l tutishdi. Antioxiyadagi oqsoqollardan qanday o‘rnak olishimiz mumkin?
9, 10. Antioxiyadagi birodarlar hamda Pavlus bilan Barnabo bizga nimada o‘rnak ko‘rsatishdi?
9 Foydali saboqlardan biri, Allohning tashkilotiga ishonishimizdan iborat. Bir o‘ylab ko‘ring: Antioxiyadagi birodarlar yetakchi kengash yahudiy xalqidan kelib chiqqan masihiylardan tashkil etilganini bilishardi. Biroq ular sunnat to‘g‘risidagi masalani Muqaddas Yozuvlar asosida ko‘rib chiqishlariga ishonishardi. Nega deysizmi? Jamoat Yahova hamma narsani muqaddas ruhi hamda masihiylar jamoatining Boshi bo‘lmish Iso Masih orqali hal qilishiga amin edi. (Mat. 28:18, 20; Efes. 1:22, 23) Bugun ham jiddiy masalalar yuzaga kelsa, keling, Antioxiyadagi imondoshlarimizga taqlid qilib, Allohning tashkilotiga va bu tashkilotning moylangan masihiylardan iborat bo‘lgan Yetakchi kengashiga ishonaylik.
10 Boz ustiga, ushbu hikoyadan kamtarin va sabr-toqatli bo‘lish qanchalik muhim ekanini bilib olyapmiz. Garchi Pavlus va Barnabo boshqa xalqlarga shohidlik berish uchun muqaddas ruh tomonidan tayinlangan bo‘lishsa-da, sunnat to‘g‘risidagi masalani bu yerda, ya’ni Antioxiyaning o‘zida hal qilish imkonidan foydalanishmadi. (Havor. 13:2, 3) Ustiga-ustak, Pavlus keyinroq quyidagicha yozgan: «U yerga [Quddusga] borishimning sababi esa vahiy olganimdir». Demak, ushbu masalada Pavlus Xudoning ko‘rsatmasi bo‘yicha yo‘l tutgan. (Galat. 2:2) Hozir ham jamoatda bo‘linishlarga sabab bo‘ladigan masalalar yuzaga kelib qolsa, oqsoqollar bunday kamtarlikni va sabr-toqatni namoyon etishga harakat qilishadi. Ular bahslashmay, e’tiborini Muqaddas Yozuvlarga va ishonchli xizmatkorning ko‘rsatmalariga qaratib, Yahovadan yo‘l-yo‘riq izlashadi. (Filip. 2:2, 3)
11, 12. Nima uchun Yahovani kutish muhim?
11 Ayrim hollarda Yahova u yoki bu masalani yoritib berguncha kutishimizga to‘g‘ri kelar. Masalan, Pavlusning davrida birodarlarga mil. 36-yildan boshlab, ya’ni Korniliy moylangandan to mil. 49-yilgacha, aniqrog‘i Yahova o‘zga xalqlardagi odamlar sunnat qilinishi kerak-kerakmasligi to‘g‘risida aniq ko‘rsatma bermaguncha, qariyb 13 yil kutishlariga to‘g‘ri kelgan. Nega buncha uzoq? Ehtimol, Xudo ushbu muhim masala borasida samimiy yahudiylar fikrlash tarzini o‘zgartirishsin, deya ularga yetarlicha vaqt berishni xohlagan. Nihoyat, sevimli bobokalonlari Ibrohim bilan qilingan va 1 900 yil mobaynida kuchga ega bo‘lgan sunnat to‘g‘risidagi ahd o‘z yakuniga yetdi. (Yuhan. 16:12)
12 Shunday sabr-toqatli va mehribon samoviy Otamiz bizga ta’lim berib, shakllantirayotganidan boshimiz ko‘kka yetadi! Bu esa hamisha yaxshi natija keltirib, foydamiz uchun xizmat qiladi. (Ishayo 48:17, 18; 64:8) Shunday ekan, keling, hech qachon o‘z fikrlarimizni takkaburona o‘tkazmaylik yoki tashkilotdagi o‘zgarishlarga hamda Muqaddas Kitobning qaysidir oyatlariga aniqlik kiritilganda, bunga salbiy munosabat bildirmaylik. (Voiz 7:8) Bordi-yu, o‘zingizda zarracha bo‘lsa-da, bunday munosabatni payqasangiz, Havoriylar 15-bobdagi prinsiplar ustida ibodat ila mulohaza yuriting d.
13. Xizmatda Yahovaning sabr-toqatini qanday aks ettira olamiz?
13 Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotgan kishi soxta ta’limotlardan yoki Muqaddas Kitobga zid bo‘lgan urf-odatlardan voz kechishga ko‘zi qiymayotgan bo‘lsa, sabr-toqat qilishimiz kerak bo‘ladi. Bunday holda Allohning ruhi qiziquvchining qalbiga ta’sir qilishi uchun muayyan vaqt talab qilinar. (1 Kor. 3:6, 7) Shuningdek, u haqida ibodat qilsak yaxshi bo‘lardi. Shunga amin bo‘lingki, Xudo o‘z vaqtida qanday yo‘l tutishimiz kerakligini ko‘rsatadi. (1 Yuhan. 5:14)
Ular dalda beruvchi voqealarni «batafsil» aytib berishdi (Havoriylar 15:3–5)
14, 15. Antioxiyadagi jamoat Pavlus, Barnabo hamda ularning hamrohlariga qay yo‘sin hurmat ko‘rsatdi va o‘sha birodarlar imondoshlarini qanday xursand qilishdi?
14 Luqoning bayonotida yana quyidagi so‘zlarni o‘qiymiz: «Pavlus va Barnabo jamoat tomonidan kuzatib qo‘yilgach, Finikiya va Samariya bo‘ylab yo‘l yurishdi. Yo‘l-yo‘lakay ular birodarlarga o‘zga xalq vakillari ham Allohga topinishayotgani haqida aytib berib, ularga katta quvonch baxsh etishardi». (Havor. 15:3) Jamoat Pavlus, Barnabo va ularning hamrohlarini kuzatib qo‘yganidan oralarida sevgi va hurmat borligi hamda ularga Allohning barakalarini tilayotgani ko‘rinardi. Antioxiyadagi birodarlar bizga juda yaxshi o‘rnak ko‘rsatgan! Siz-chi, imondoshlaringizga «ayniqsa Xudoning kalomi haqida gapirishda va ta’lim berishda zahmat chekayotgan oqsoqollar»ga hurmat ko‘rsatyapsizmi? (1 Tim. 5:17)
15 Yo‘l-yo‘lakay o‘sha birodarlar Finikiya va Samariyadagi imondoshlarinikiga kirib, o‘zga xalqlarga va’z qilayotganida qanday voqealar yuz berganini «batafsil» aytib berib ularni xursand qilishdi. Tinglovchilarning orasida Stefanning azobli o‘limidan keyin boshqa tumanlarga qochib ketgan yahudiy masihiylar ham bo‘lgandir. Shunga o‘xshab, bugun ham Yahova shogird tayyorlash ishiga qanday baraka berayotganini eshitish, ayniqsa, qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan imondoshlarimiz uchun dalda manbai bo‘ladi. Yig‘ilishlar-u anjumanlarda bunday daldali hodisalarni eshitganingizda yoki adabiyotlarimizda keltirayotgan tarjimai hollarni va xizmatda yuz bergan voqealarni o‘qiganingizda, foyda olyapsizmi?
16. Sunnat to‘g‘risidagi masalani zudlik bilan hal qilish kerakligini nimadan ko‘rsa bo‘ladi?
16 Janubga qarab taxminan 550 kilometr yo‘l yurib, Antioxiyadan kelgan birodarlar oxiri manzilga yetib kelishdi. Luqo quyidagicha yozgan: «Quddusga yetib kelishganda havoriylar, oqsoqollar hamda jamoat ularni yaxshi qabul qilishdi. Pavlus va Barnabo esa Tangri ular orqali nimalar qilganini aytib berishdi». (Havor. 15:4) Ammo «ilgari farziylar mazhabida bo‘lgan ayrim shogirdlar o‘rinlaridan turib: “Ulardan sunnat qilinishni va Musoning Tavrot kitobida yozilganlarga rioya qilishni talab qilish kerak”,— deyishdi». (Havor. 15:5) Ha, yahudiy bo‘lmagan masihiylarni sunnat qilish to‘g‘risidagi masalani zudlik bilan hal qilish kerak edi.
«Havoriylar va oqsoqollar... yig‘ilishdi» (Havoriylar 15:6–12)
17. Quddusdagi yetakchi kengash kimlardan iborat bo‘lgan va nimaga u yerda «oqsoqollar» ham bor edi?
17 Hikmatlar 13:10 da: «Donolik esa maslahat izlaganlar bilandir»,— deb aytilgan. Ushbu prinsipga asoslanib, «havoriylar va oqsoqollar bu masalani ko‘rib chiqish uchun yig‘ilishdi». (Havor. 15:6) «Havoriylar va oqsoqollar» bugungi Yetakchi kengash kabi barcha jamoatlarning vakili edi. Nega «oqsoqollar» havoriylar bilan birga bo‘lishgan? Yodingizda bo‘lsa, havoriy Yoqub qatl qilingan edi, havoriy Butrus esa muayyan vaqtga qamoqqa tashlangandi. Ehtimol, boshqa havoriylar bilan ham shunga o‘xshash voqealar bo‘lgandir. Unday bo‘lsa, faoliyatimiz yuritilishiga ko‘maklashish uchun yig‘ilishda boshqa moylangan birodarlar ham bo‘lishi juda muhim edi.
18, 19. Butrus qanday ta’sirli so‘zlarni aytgan va uni tinglaganlar qanaqa xulosa chiqarishi kerak edi?
18 Luqo quyidagicha davom etyapti: «Qizg‘in muhokamalardan keyin Butrus o‘rnidan turib shunday dedi: “Birodarlar, boshqa xalqlar men orqali xushxabarni eshitib, ishonishlari uchun Xudo dastlab oralaringizdan meni tanlab olgani sizlarga ma’lum. Qalblarni bilgan Alloh bizga bergan muqaddas ruhni ularga ham berib, ularni ham qabul qilganini tasdiqladi. Shuningdek, ular bilan bizning oramizda hech qanday farq yo‘qligini ko‘rsatib, qalblarini imonlari tufayli tozaladi”». (Havor. 15:7–9) Bir lug‘atga binoan, 7-oyatda «qizg‘in muhokama» deb tarjima qilingan yunoncha so‘z «izlanish», «muzokara» degan ma’noga ham ega. Aftidan, birodarlarning fikrlari turlicha bo‘lib, ularni ochiqchasiga bildirishgan.
19 Butrusning ta’sirli so‘zlari hammaga uning o‘zi ham yahudiy bo‘lmagan ilk sunnat qilinmagan kishilar — Korniliy va uning xonadoni mil. 36-yili muqaddas ruh bilan moylanganida u yerda bo‘lganini eslatdi. Demak, Yahova yahudiylar va o‘zga xalq vakillarini o‘zaro ajratmagan bo‘lsa, unda odamlarning bunday yo‘l tutishga qanday haqqi bor? Bundan tashqari, odamning qalbi Musoning Qonuniga amal qilishi bilan emas, balki Masihga bo‘lgan ishonchi orqali tozalanadi. (Galat. 2:16)
20. Sunnat qilish tarafdorlari Tangrini qanday ranjitishgan?
20 Alloh so‘zlarini inkor qilib bo‘lmaydigan shahodati va muqaddas ruh asosida Butrus oxirida shunday dedi: «Unday bo‘lsa, nega sizlar shogirdlarning bo‘yniga ota-bobolarimiz ham, biz ham ko‘tara olmagan bo‘yinturuqni solib, Tangrini ranjityapsizlar? Biz esa, ular singari Hazratimiz Isoning inoyati orqali qutqarilishimizga ishonamiz». (Havor. 15:10, 11) Aslida sunnat qilish tarafdorlari Tangrini ranjitishgan yoki boshqa tarjimaga binoan, Uning sabrini sinashgan. Ular o‘zga xalq vakillarining bo‘yniga yahudiylar butunlay bajara olmagan qonunlarni yuklamoqchi bo‘lishgan va buning uchun ular o‘limga loyiq edi. (Galat. 3:10) Butrusni tinglagan yahudiylar o‘sha qonunlarga amal qilishning o‘rniga Xudoning inoyati va U Iso Masihni yuborgani uchun minnatdor bo‘lishlari lozim edi.
21. Pavlus bilan Barnabo muhokamaga qanday hissa qo‘shishdi?
21 Shubhasizki, Butrusning gaplari tinglovchilarini o‘ylantirib qo‘ydi, sababi «u yerdagilar jim bo‘lib» qolishdi. Keyin Pavlus bilan Barnabo «Xudoning o‘zlari orqali boshqa xalqlar orasida ko‘rsatgan ko‘plab alomatlar-u mo‘jizalari haqida aytib» berishdi. (Havor. 15:12) Oxir-oqibat, havoriylar-u oqsoqollar barcha dalillarni o‘rtaga tashlab, sunnat to‘g‘risidagi masala bo‘yicha Allohning irodasi yaqqol aks etgan qaror chiqarishdi.
22–24. a) Yetakchi kengash birinchi asrdagi yetakchi kengashdan qanday o‘rnak olyapti? b) Barcha oqsoqollar tashkilotdagi tartibni hurmat qilishini qanday ko‘rsatishi mumkin?
22 Bugun ham Yetakchi kengash birga yig‘ilganda, Xudoning Kalomidan yo‘l-yo‘riq izlab, muqaddas ruh so‘rab ibodat qiladi. (Zab. 119:105; Mat. 7:7–11) Bundan oldin Yetakchi kengashning har bir a’zosiga ibodat ila mulohaza yuritishi uchun muhokamada ko‘rib chiqiladigan masalalar ro‘yxati beriladi. (Hik. 15:28) O‘sha uchrashuvda bu moylangan birodarlar bemalol va hurmat ila o‘z fikrini bildirishadi. Muhokama paytida ular tez-tez Muqaddas Kitobdan foydalanishadi.
23 Jamoat oqsoqollari ulardan o‘rnak olishlari kerak. Bordi-yu, oqsoqollar ko‘rib chiqqan jiddiy masala hal qilinmay qolsa, oqsoqollar kengashi mahalliy filialga yoki uning vakillaridan biri bo‘lmish tuman noziriga murojaat qilishlari mumkin. Agar filial lozim deb bilsa, Yetakchi kengashga xat jo‘natadi.
24 Darhaqiqat, tashkilotdagi tartibni hurmat qilib, kamtarlik, sadoqat va sabr-toqat kabi fazilatlarni namoyon qilgan kishilarga Tangri Yahova barakalar yog‘diradi. Shunday barakalar qatorida tinchlik, ma’naviy farovonlik va hamjihatlik bo‘lishi mumkinligini kelasi bobda ko‘rib chiqamiz.
a « Soxta birodarlarning ta’limotlari» nomli 103-sahifadagi ramkaga qarang.
b Sunnat to‘g‘risidagi ahd bugungi kungacha kuchini yo‘qotmagan Ibrohim bilan qilingan ahdga kirmagan. Ibrohim bilan qilingan ahd mil. avv. 1943-yili u (o‘shanda Ibrom) Furot daryosidan o‘tib, Kan’onga yo‘l olganida kuchga kirgan. O‘sha paytda u 75 yoshda bo‘lgan. Sunnat masalasida esa keyinchalik mil. avv. 1919-yili Ibrohimning yoshi 99 da bo‘lganida ahd qilingan. (Ibt. 12:1–8; 17:1, 9–14; Galat. 3:17)
c Ulardan biri keyinchalik Pavlusning hamrohi hamda vakili bo‘lgan yunon masihiy Titus bo‘lgandir. (Galat. 2:1; Titus. 1:4) Titus sunnat qilinmagan odam ham muqaddas ruh bilan moylanishi mumkinligining yorqin misoli. (Galat. 2:3)
d « Yahovaning Shohidlari o‘z ta’limotlarini Muqaddas Kitobga asoslashadi» nomli 105-sahifadagi ramkaga qarang.