Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Yetakchi kengashning xati

Yetakchi kengashning xati

Qadrdon va’zgo‘y!

Faraz qiling, siz havoriylardan biri bo‘lib, Zaytun tog‘ida turibsiz. Qarshingizda Iso paydo bo‘lib, osmonga ko‘tarilishdan oldin shunday deyapti: «Ustingizga muqaddas ruh tushganda, sizlar kuchga to‘lib, Quddusda, butun Yahudiya hamda Samariyada va hatto yerning chetlariga qadar mening shohidlarim bo‘lasizlar». (Havor. 1:8) Xo‘sh, o‘zingizni qanday his qilardingiz?

Ehtimol, sizga qanchalik muhim vazifa topshirilgani borasida o‘ylab: «Qanday qilib biz — sanoqli shogirdlar “yerning chetlariga qadar” shohidlik bera olamiz?» — deb xavotirlangan bo‘lardingiz. Balki, Iso o‘limidan oldingi kechada aytgan quyidagi gaplar esingizga kelar: «Qul o‘z xo‘jayinidan buyuk emas... Agar meni ta’qib qilgan bo‘lishsa, sizlarni ham ta’qib qilishadi. Agar mening so‘zimga rioya qilgan bo‘lishsa, unda sizlarning so‘zingizga ham rioya qilishadi. Sizlarga qarshi qilinadigan bu barcha narsalar mening nomim tufaylidir. Boisi meni Yuborganni ular tanimaydi». (Yuhan. 15:20, 21) Bu so‘zlar ustida fikr yuritib, o‘zingizdan: «Bunday qarshilig-u ta’qiblarga duch kelib, qay yo‘sin keng shohidlik bera olaman?» — deb so‘ragan bo‘lardingiz.

Bugun ham o‘zimizga shu kabi savollarni beramiz. Yahovaning Shohidlari sifatida «barcha xalqlardan» bo‘lgan odamlarga «hatto yerning chetlariga qadar» keng shohidlik berish vazifasiga egamiz. (Mat. 28:19, 20) Xo‘sh, ayniqsa, bashorat qilingan qarshiliklarni e’tiborga olgan holda buni qanday bajara olamiz?

Havoriylarning faoliyati kitobida mil. birinchi asrdagi havoriylar hamda boshqa shogirdlar Yahovaning madadi bilan bu vazifani bajara olishgani to‘g‘risida qiziqarli voqealar yozilgan. Hozir siz o‘qiyotgan bu adabiyot mazkur bayonotni tadqiq qilib, undagi tez rivojlanib borayotgan hodisalarning mag‘zini chaqishingiz uchun tayyorlangan. Allohning birinchi asrdagi va hozirgi xalqi o‘rtasida qanchalik ko‘p o‘xshashliklar borligini bilib hayratda qolasiz. Faqatgina bajarayotgan ishimizda emas, balki u qay tarzda tashkil etilganida ham ko‘p o‘xshash tomonlar borligini ko‘rasiz. Ushbu o‘xshashliklar to‘g‘risida mulohaza qilsangiz, Tangri Yahova tashkilotining yer yuzidagi qismini boshqarishda davom etayotganiga bo‘lgan ishonchingiz mustahkamlanishi shubhasiz.

Havoriylar kitobini tadqiq qilish Yahova sizga yordam berishiga va muqaddas ruhi sizni qo‘llab-quvvatlashiga bo‘lgan ishonchingizni mustahkamlashi haqida ibodat qilamiz. Iloyim, bu kitob sizni bundan buyon ham Xudoning Shohligi to‘g‘risida keng shohidlik berishga va boshqalarga najot yo‘liga turishga yordam berishga undasin. (Havor. 28:23; 1 Tim. 4:16)

Birodarlaringiz,

Yahova Shohidlarining Yetakchi kengashi