40-DARS
Dovud va Go‘liyot
Yahova Shomuilga: «Essayning xonadoniga bor, uning o‘g‘illaridan biri Isroilning keyingi shohi bo‘ladi»,— deb aytdi. Shomuil Essayning xonadoniga bordi. U Essayning to‘ng‘ich o‘g‘lini ko‘rib: «Mana shu yigit bo‘lsa kerak»,— deb o‘yladi. Ammo Yahova bu yigitni tanlamaganini aytdi. Yahova shunday dedi: «Men insonning tashqi ko‘rinishiga emas, uning qalbiga qarayman».
Essay Shomuilning oldiga yana oltita o‘g‘lini olib keldi. Lekin Shomuil unga: «Yahova ulardan hech birini tanlamadi. Yana o‘g‘illaring bormi?» — dedi. Essay: «Dovud ismli kenja o‘g‘lim bor. U qo‘ylarni boqib yuribdi»,— deb javob berdi. Dovud kelganida, Yahova Shomuilga: «Mana shu bolani tanladim!» — deb aytdi. Shomuil Dovudning boshiga moy quyib, uni Isroilning bo‘lajak shohi sifatida tanladi.
Birmuncha vaqtdan keyin isroilliklar bilan filistimliklar jang qilmoqchi bo‘lishdi. Filistimliklar tomonida Go‘liyot ismli pahlavon jangchi bor edi. U har kuni isroilliklarni mazax qilardi. Go‘liyot shunday deb baqirardi: «Orangizdan bittasini yuboringlar, u men bilan jang qilsin. Bordi-yu, u meni yengsa, biz sizlarga qul bo‘lamiz. Ammo men uni yengsam, sizlar bizga qul bo‘lasiz».
Dovud isroilliklarning qo‘shinida askar bo‘lib xizmat qilayotgan akalariga oziq-ovqat olib keldi. U Go‘liyotning gaplarini eshitib: «Men u bilan jang qilaman!» — dedi. Shoh Shoul unga: «Sen hali yosh bolasan-ku!» — deb aytdi. Dovud esa: «Yahova menga yordam beradi»,— deb javob qaytardi.
Shoul Dovudga o‘zining qurol-aslahasini kiydirishga urindi. Ammo Dovud unga: «Bu qurol-aslahalar bilan jang qila olmayman»,— dedi. Dovud palaxmonini olib, soy bo‘yiga tushdi va o‘sha yerdan beshta silliq tosh tanlab, to‘rvasiga soldi. Keyin Go‘liyot tomonga yugurib ketdi. Pahlavon unga: «Buyoqqa kel, bolakay. Seni osmondagi qushlarga va yirtqich hayvonlarga yem qilaman»,— deb baqirdi. Dovud qo‘rqmadi va unga javoban shunday dedi: «Sen qilich-u nayza bilan kelayotgan bo‘lsang, men Yahovaning ismi bilan kelyapman. Sen bizga qarshi emas, Xudoga qarshi jang qilyapsan. Bu yerda turgan barcha Yahova qilich-u nayzadan ko‘ra qudratliroq ekanini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. U hammangizni qo‘limizga beradi».
Dovud palaxmoniga toshni joylashtirdi-da, bor kuchi bilan uni uloqtirdi. Yahovaning yordami bilan tosh uchib borib Go‘liyotning peshonasiga botib kirdi. U yerga qulab tushib, jon berdi. Keyin filistimliklar qochib ketishdi. Siz ham Dovud kabi Yahovaga tayanasizmi?
«Bu odamlar uchun imkonsizdir, ammo Alloh uchun emas. Chunki Alloh uchun hamma narsaning imkoni bor». (Mark 10:27)