Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

IKKINCHI BOB

Muqaddas Kitob Xudodandir

Muqaddas Kitob Xudodandir

1, 2. Nima uchun Muqaddas Kitobni bebaho sovg‘a desa bo‘ladi?

DO‘STINGIZDAN sovg‘a olsangiz, nimalarni his qilasiz? Sovg‘ani tezroq ochib ko‘rishni istaysiz. Do‘stingiz siz haqingizda o‘ylaganidan baxtiyor bo‘lasiz va unga minnatdorchilik bildirasiz.

2 Muqaddas Kitob * Xudoning sovg‘asidir. Unda boshqa hech qayerda uchramaydigan ma’lumot bor. Masalan, bu kitobda Xudo osmon, yer hamda birinchi erkak va ayolni yaratgani to‘g‘risida aytilgan. Shuningdek, Muqaddas Kitobda muammolarimizni yechishga yordam beradigan prinsiplar mavjud. Undan Xudo yer yuzida yaxshi sharoitlar o‘rnatish borasidagi niyatini qay yo‘sin amalga oshirishini bilib olamiz. Ha, Muqaddas Kitob bebaho sovg‘adir!

3. Muqaddas Kitobni tadqiq qilsangiz nimalarni bilib olasiz?

3 Muqaddas Kitobni tadqiq qilar ekansiz, Xudo Uning do‘sti bo‘lishingizni istayotganini bilib olasiz. U haqida qanchalik ko‘p bilim olsangiz, do‘stligingiz shunchalik mustahkamlanib boradi.

4. Nega Muqaddas Kitobga o‘xshash kitob yo‘q?

4 Muqaddas Kitob butunlayin yoki qisman 3 000 dan ziyod tillarga o‘girilgan va uning milliardlab nusxalari chop etilgan. Dunyoning 90 foizdan oshiq aholisi uni o‘z ona tilida o‘qishi mumkin. Har hafta milliontadan ziyod odam Muqaddas Kitobga ega bo‘lmoqda! Darhaqiqat, Muqaddas Kitobga o‘xshash kitob yo‘q.

5. Nega Muqaddas Kitobni «Xudo tomonidan ilhomlantirilgan», deb aytish mumkin?

5 Muqaddas Kitob «Xudo tomonidan ilhomlantirilgan». (2 Timo‘tiyga 3:16 ni o‘qing.) Ammo ayrimlar «Muqaddas Kitobni odamlar yozgan-ku, u qanaqasiga Xudodan bo‘lishi mumkin?» deb o‘ylashadi. Uning o‘zida bu savolga shunday javob bor: «Odamlar muqaddas ruh boshqaruvi bilan Allohning fikrlarini gapirishgan». (2 Butrus 1:21) Buni rahbar o‘z kotibiga xat yozishni buyurganiga o‘xshatish mumkin. Xatda rahbarning fikrlari va buyruqlari yozilgan. Demak, xat kotibniki emas, balki rahbarnikidir. Shunga o‘xshab, Muqaddas Kitobni yozishda Xudo odamlardan foydalangan bo‘lsa-da, kitobning asl Muallifi Uning O‘zi. Xudo bu kishilarni Uning fikrlarini yozishlari uchun yo‘naltirgan. Chindan ham, Muqaddas Kitob «Alloh kalomidir». (1 Salonikaliklarga 2:13; 2-ilovaga qarang.)

«Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi» ko‘p tillarga o‘girilgan

MUQADDAS KITOB ANIQ VA ISHONCHLI

6, 7. Nega Muqaddas Kitobda qalamga olinganlar bir-biriga uyg‘un deya olamiz?

6 Muqaddas Kitob 1 600-yildan ziyod vaqt mobaynida yozilgan. Uni yozgan odamlar turli davrda yashashgan. Ularning ayrimlari o‘qimishli bo‘lishgan, ayrimlari esa yo‘q. Masalan, ulardan biri tabib bo‘lgan. Boshqalari esa dehqon, baliqchi, cho‘pon, payg‘ambar, hakam va shohlar bo‘lishgan. Turli odamlar yozganiga qaramay, Muqaddas Kitobda qalamga olinganlar bir-biriga uyg‘un *.

7 Muqaddas Kitobning ilk boblarida insoniyatning muammolari nimadan boshlangani hikoya qilinadi. Oxirgi boblarida esa Xudo qay yo‘sin bu muammolarni hal qilib, yer yuzini qaytadan jannatga aylantirishi to‘g‘risida bayon etiladi. Muqaddas Kitob insoniyatning bir necha ming yillik tarixini o‘z ichiga olgan va unda Xudoning irodasi hamisha amalga oshishi ochib berilgan.

8. Muqaddas Kitob ilmiy jihatdan aniq ekaniga misollar keltiring.

8 Muqaddas Kitob ilmiy kitob emas, ammo ilmiy masalalarga kelganda u doim aniq. Xudodan kelgan kitob aynan shunday bo‘lishi kerak emasmi?! Masalan, Levilar kitobida kasallik tarqalishini to‘xtatish uchun Xudoning isroilliklarga bergan yo‘l-yo‘riqlari yozilgan. Bu ma’lumot odamlar bakteriya va viruslar qanday qilib kasallikka sabab bo‘lishini bilib olishidan ancha oldin yozilgan. Shuningdek, Muqaddas Kitobda yer «bo‘shliqqa osib qo‘yilgani» haqida aniq aytilgan. (Ayub 26:7) Qolaversa, hali aksariyat odamlar yerni yassi deb yurganida, Muqaddas Kitobda u kurra ekani haqida aytilgan. (Ishayo 40:22)

9. Muqaddas Kitob yozuvchilarining rostgo‘yligi nimani ko‘rsatyapti?

9 Muqaddas Kitob tarixiy jihatdan ham nihoyatda aniq. Ko‘pgina tarixiy kitoblar butunlay aniq emas, chunki ularning yozuvchilari rostgo‘y bo‘lishmagan. Masalan, ular har doim ham o‘z xalqining mag‘lubiyatlari haqida yozishmagan. Muqaddas Kitob yozuvchilari esa, aksincha, Isroil xalqi mag‘lubiyatga uchragani haqida ro‘yirost yozishgan. Ular hatto o‘z xatolarini ochiqdan-ochiq bayon etishgan. Masalan, Muso payg‘ambar Sahroda kitobida jiddiy xatoga yo‘l qo‘ygani va Xudo bu uchun uni jazolagani haqida aytib o‘tgan. (Sahroda 20:2–12) Muqaddas Kitob yozuvchilarining rostgo‘yligi bu kitob Xudodan ekanini ko‘rsatyapti. Demak, unda yozilganlarga ishonishimiz mumkin.

AMALIY MASLAHATLARGA BOY KITOB

10. Nima uchun Muqaddas Kitobdagi maslahatlar bugungi kunda ham amaliy?

10 Muqaddas Kitob «Xudo tomonidan ilhomlantirilgan bo‘lib, o‘rgatish, tanbeh berish, tuzatish... uchun foydalidir». (2 Timo‘tiyga 3:16) Ha, Muqaddas Kitobdagi maslahatlar bugungi kunda ham amaliy. Yahova inson tabiatini bilgani uchun bizning o‘y-fikrlarimiz va tuyg‘ularimizni tushunadi. U bizni o‘zimizdan ham yaxshiroq biladi va baxtli bo‘lishimizni istaydi. Xudo biz uchun nima yaxshi va nima yomon ekanini biladi.

11, 12. a) Matto 5–7-boblarida Iso payg‘ambar qanday ajoyib maslahatlar bergan? b) Muqaddas Kitobdan yana nimalarni bilib olishimiz mumkin?

11 Matto kitobining 5–7- boblarida qay yo‘sin baxtga erishish, boshqalar bilan til topishish, ibodat qilish va pulga to‘g‘ri munosabatda bo‘lish haqidagi Iso payg‘ambarning ajoyib maslahatlari yozilgan. Bu maslahatlar 2 000 yil avval berilganiga qaramay, hozir ham amaliy va o‘z qadrini yo‘qotgani yo‘q.

12 Shuningdek, Muqaddas Kitobda Yahova oilada baxtga erishish, halol ishchi bo‘lish va atrofdagilar bilan tinch-totuv hayot kechirishga yordam beradigan prinsiplarni taqdim etgan. Muqaddas Kitobdagi prinsiplar kim ekanimizdan, qayerda yashashimizdan va qanday muammolarimiz borligidan qat’i nazar, bizga doim yordam beradi. (Ishayo 48:17 ni o‘qing; 3-ilovaga qarang.)

BASHORATLAR KITOBI

Ishayo payg‘ambar Bobilning qulashini bashorat qilgan

13. Ishayo payg‘ambar Bobil shahri to‘g‘risida nimani bashorat qilgan?

13 Muqaddas Kitobdagi ko‘pgina bashoratlar allaqachon amalga oshgan. Masalan, Tangri Yahova Ishayo payg‘ambar orqali Bobil shahri vayronaga aylanishini bashorat qilgan. (Ishayo 13:19) Bashoratda shahar qanday qilib zabt etilishi batafsil aytilgan. Shahar ulkan darvozalar va daryo bilan himoyalangan edi. Ishayo payg‘ambar esa daryo qurib, darvozalar ochiq qolishini bashorat qilgan. Hujumchilar shaharni jangsiz qo‘lga kiritishi ham aytilgan. Ishayo payg‘ambar hatto Bobil shahrini zabt etadigan kishining ismi Kir bo‘lishini karomat qilgan. (Ishayo 44:27–45:2 ni o‘qing; 4-ilovaga qarang.)

14, 15. Ishayo payg‘ambarning bashorati qanday amalga oshgan?

14 Bashorat yozilganidan 200 yil o‘tib, qo‘shin Bobilga hujum qilish uchun saf tortgan. Qo‘shinga kim boshchilik qilgan? Xuddi bashoratda aytilganidek, bu Fors shohi Kir bo‘lgan. Ishayo payg‘ambar bashorat qilganiday, Kirning qo‘shini Bobilga bostirib kira olganmi?

15 Hujum qilingan kechada bobilliklar ziyofat qilayotgan edi. Ular shaharning ulkan devorlari hamda daryo ortida o‘zlarini bexatar his qilishgan. Shahar tashqarisida esa Kir va uning qo‘shini daryo suvlarini boshqa tarafga burish uchun kanal kovlashgan. Suv sathi pasaygan va fors askarlari daryoni osongina kechib o‘tishgan. Biroq qo‘shin Bobil devorlaridan qanday oshib tushgan? Bashoratda aytilganiday, shahar darvozalari ochiq qoldirilgan va askarlar shaharni jangsiz qo‘lga kiritishgan.

16. a) Ishayo payg‘ambar Bobilning kelajagi haqida nimani bashorat qilgan? b) Ishayoning bashorati amalga oshganini qayerdan bilamiz?

16 Ishayo payg‘ambar vaqti kelib Bobilda hech kim yashamasligi haqida bashorat qilgan. U shunday deb yozgan: «Hech qachon unda odam yashamaydi, avlodlar osha hech kimsa maskan qurmaydi». (Ishayo 13:20) Bu so‘zlar amalga oshdimi? Iroqning Bag‘dod shahridan qariyb 80 kilometr janubda, avval Bobil shahri bo‘lgan joyda hozir faqat xarobalar qolgan. Hozirgi paytda u yerda hech kim yashamaydi. Yahova Bobilni «halokat supurgisi bilan supurib tashlagan». (Ishayo 14:22, 23) *

Bobil xarobalari

17. Nega Xudoning barcha va’dalariga ishonishimiz mumkin?

17 Muqaddas Kitobdagi ko‘plab bashoratlar amalga oshgani unda kelajak borasida yozilgan so‘zlarga ham ishonishimiz mumkinligini ko‘rsatyapti. Yahova yer yuzini jannatga aylantirish haqidagi va’dasini ham bajarishiga amin bo‘lishimiz mumkin. (Sahroda 23:19 ni o‘qing.) Darhaqiqat, abadiy hayotga bo‘lgan umidimiz bor. «Yolg‘ondan xoli bo‘lgan Xudo bu umidni azaliy vaqtlardanoq va’da qilib bergan». (Titusga 1:2) *

MUQADDAS KITOB HAYOTINGIZNI O‘ZGARTIRISHGA QODIR

18. Pavlus «Xudoning kalomi» to‘g‘risida nima degan?

18 Shuni bilib oldikki, Muqaddas Kitobga o‘xshash kitob yo‘q. U uyg‘un va ilm-fan yoki tarixiy masalalar haqida gap ketganda doim aniq. Bu kitobda biz uchun ajoyib maslahatlar bor va unda yozilgan ko‘plab bashoratlar allaqachon amalga oshgan. Ammo Muqaddas Kitob bundan ham ko‘prog‘iga qodir. Uning yozuvchilaridan biri bo‘lmish Pavlus shunday degan: «Xudoning kalomi jonli bo‘lib, kuchli ta’sirga ega». Bu so‘zlar nimani anglatadi? (Ibroniylarga 4:12 ni o‘qing.)

19, 20. a) Qay yo‘sin Muqaddas Kitob o‘z-o‘zingizni anglashga yordam beradi? b) Muqaddas Kitobdek sovg‘a uchun minnatdor ekaningizni qanday ko‘rsata olasiz?

19 Muqaddas Kitob hayotingizni o‘zgartirishga qodir. U o‘z-o‘zingizni anglashga, ya’ni qalbingiz tubidagi o‘y-fikrlar va his-tuyg‘ularni tushunib yetishingizga ko‘maklashadi. Masalan, biz Allohni yaxshi ko‘ramiz deb o‘ylashimiz mumkin. Biroq Uni yaxshi ko‘rishimizni isbotlash uchun Muqaddas Kitobda yozilganlarni amalda qo‘llashimiz lozim.

20 Haqiqatan ham Muqaddas Kitob Xudodandir. U sizdan bu kitobni o‘qishni, tadqiq qilishni va qadrlashni kutadi. Bu sovg‘a uchun minnatdor bo‘ling va uni tadqiq qilishda davom eting. Shunda Xudoning insoniyatga nisbatan niyati qanday ekanini tushunasiz. Ushbu niyat haqida kelasi bobda ko‘proq bilib olamiz.

^ 2- x.b. Muqaddas Kitob tarkibiga ko‘pchilikka Tavrot, Zabur va Injil sifatida tanish bo‘lgan kitoblar kiradi.

^ 6- x.b. Ayrim odamlar Muqaddas Kitobda ziddiyatlar bor deyishadi, ammo bu haqiqatdan yiroq. Yahovaning Shohidlari tomonidan nashr etilgan «Muqaddas Kitobda qanday xabar yozilgan?» nomli risolaning 3- va 31-sahifalariga qarang.

^ 16- x.b. Muqaddas Kitob bashoratlari to‘g‘risida ko‘proq bilishni istasangiz, Yahovaning Shohidlari tomonidan nashr etilgan «Hammabop Kitob» deb nomlangan risolaning 27–29-sahifalariga qarang.

^ 17- x.b. Bobilning vayron bo‘lishi haqidagi bashorat Muqaddas Kitobdagi amalga oshgan bashoratlardan biri, xolos. Iso Masihga oid bashoratlar haqidagi ma’lumotni 5-ilovadan topishingiz mumkin.