Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Yetakchi kengashdan xat

Yetakchi kengashdan xat

Aziz birodar-u opa-singillar!

Xudoga va odamlarga bo‘lgan sevgi bizni «boringlar, barcha xalqlardan shogird tayyorlanglar. Ularni... suvga cho‘mdiringlar» degan amrga quloq solishga undaydi. (Mat. 28:19, 20; Mark 12:28–31) Fidoyi sevgi katta kuchga ega. Bu sevgi yordamida «mangu hayotga eltuvchi haqiqatni qabul qilishga moyil bo‘lgan»larning qalbiga ta’sir qila olamiz. (Havor. 13:48)

Oldinlari diqqatimizni muqaddimalarni yodlashga va adabiyot qoldirishga qaratganmiz. Endi esa suhbat boshlash mahoratimizni yaxshilash ustida ishlashimiz kerak. Boshqalarga qiziq bo‘lgan mavzular haqida suhbatlashib, ularga bo‘lgan sevgimizni ko‘rsatishni istaymiz. Bu moslashuvchan bo‘lishni va har bir insonning xavotirlari-yu qiziqishlari haqida chuqur o‘ylashni o‘z ichiga oladi. Xo‘sh, qay yo‘sin mazkur risola bunda bizga yordam bera oladi?

Bu risolada 12ta dars keltirilgan bo‘lib, ularning har birida odamlarga sevgi ko‘rsatishimizga va shogird tayyorlashimizga ko‘maklashadigan fazilatlar ochib beriladi. Har bir dars Muqaddas Kitobdagi biron voqeaga asoslanadi. Unda Iso yoki birinchi asrdagi xushxabar voizlari xizmatda namoyon etgan muayyan fazilat yoritiladi. Maqsadimiz muqaddimalarni yodlash emas, balki odamlarga sevgimizni ko‘rsatishning yo‘llarini izlashdir. Har bir fazilat xizmatimizning barcha sohasida zarur. Shunga qaramay, suhbatlar boshlaganda, takroriy tashriflar qilganda va Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazganda qanday qilib muayyan fazilatlar ayniqsa muhim ekanini ko‘rib chiqamiz.

Har bir darsni o‘qir ekansiz, hududingizdagi odamlar bilan gaplashganda o‘sha fazilatni qanday namoyon eta olishingiz to‘g‘risida chuqur mulohaza yuriting. Yahovaga hamda odamlarga bo‘lgan sevgingizni oshirish uchun jon kuydiring. Bunday sevgi, har qanday uslubdan ko‘ra, shogird tayyorlash maqsadingizga erishishingizga ko‘maklashadi.

Siz bilan yelkama-yelka xizmat qilish sharafini qadrlaymiz. (Zaf. 3:9) Odamlarni sevishda va shogird tayyorlashda davom etar ekansiz, Yahova sizga mo‘l-ko‘l barakalar yog‘dirsin!

Birodarlaringiz,

Yahova Shohidlarining Yetakchi kengashi