Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

2-BOB

Alloh ularning «in’omlarini ma’qul ko‘rgan»

Alloh ularning «in’omlarini ma’qul ko‘rgan»

IBRONIYLARGA 11:4

BU BOBDA: Yahova pok topinish uchun ko‘rgan choralarning tarixi

1–3. a) Qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz? b) Pok topinishning qaysi to‘rtta muhim talabi haqida gap boradi? (Bobning boshidagi rasmga qarang.)

HOBIL qo‘ylarini ko‘zdan kechiryapti. Ularni bolaligidan mehr ila boqib kelyapti. Endi esa, ba’zilarini tanlab, ularni so‘yadi va Allohga in’om sifatida taqdim etadi. Xo‘sh, bu nomukammal inson topinish maqsadida qiladigan ushbu xatti-harakatini Yahova qabul qiladimi?

2 Havoriy Pavlus Hobil haqida: «Alloh uning in’omlarini ma’qul ko‘rgan»,— deb yozgan. Lekin Yahova Qobilning in’omini ma’qul ko‘rmagan. (Ibroniylarga 11:4 ni o‘qing.) Shunday qilib, diqqatimizga sazovor savollar paydo bo‘lyapti. Nega Xudo Hobilning in’omlarini ma’qul ko‘rgan, Qobilnikini esa yo‘q? Ibroniylarga 11- bobda tilga olingan Qobil, Hobil va boshqalarning misollaridan qanday saboqlar olishimiz mumkin? Ushbu savollarning javoblari pok topinish nimani o‘z ichiga olishini yaxshiroq tushunishimizga yordam beradi.

3 Hobildan boshlab to Hizqiyoning davrigacha bo‘lgan hodisalarni qisqacha ko‘rib chiqamiz ekan, topinishning to‘rtta muhim talabiga e’tibor bering. Ularni birgalikda qilsakkina Xudo topinishimizni ma’qul ko‘radi. Bu quyidagilarni o‘z ichiga oladi: Yahovaga topinish kerak, sifati a’lo bo‘lishi lozim, Xudoga yoqadigan tarzda topinish darkor va topinuvchining niyati pok bo‘lishi kerak.

Nega Alloh Qobilning in’omini ma’qul ko‘rmagan?

4, 5. Qobil nazrni Yahovaga keltirishi kerakligini qanday tushungan?

4 Ibtido 4:2–5 ni o‘qing. Qobil in’omini qabul qiluvchi Yahova ekanini bilardi. Unda Yahovani tanib-bilishga vaqti hamda imkoni bor edi. Qobil bilan Hobil Allohga nazr keltirganda, taxminan 100 yoshda edi. * Ikkovi ham Adan bog‘i haqida xabardor bo‘lib ulg‘ayishgan va u juda serhosil bog‘ ekanini uzoqdan ko‘rishgandir. Xudo o‘sha bog‘ni qo‘riqlash uchun qo‘ygan karublarni ham ular ko‘rishgan. (Ibt. 3:24) Shubhasizki, bu ikkita bolaning ota-onasi Yahova barcha narsani yaratganini va insoniyat uchun ko‘zlagan ilk niyati hozirgi ularning ahvoli, ya’ni asta-sekin o‘limga yetaklayotgan holatidan farq qilishini ularga aytib berishgan. (Ibt. 1:24–28) Bularning barini bilgan Qobil nazrini Xudoga taqdim etishi kerakligini tushungandir.

5 Qobilga nazr keltirishga yana nima turtki bo‘lgan bo‘lishi mumkin? Yahova Momohavoni dahshatli tanlov qilishga undagan «ilonning» boshini ezib tashlaydigan «zurriyot» kelishini bashorat qilgan. (Ibt. 3:4–6, 14, 15) To‘ng‘ich sifatida Qobil o‘zini va’da qilingan «zurriyot» deb hisoblagandir. (Ibt. 4:1) Bundan tashqari, Yahova gunohkor odamlar bilan gaplashishda davom etgan; hatto Odamato gunoh qilgach, Yahova, ehtimol farishtasi orqali u bilan gaplashgan. (Ibt. 3:8–10) Qobil nazr keltirganidan so‘ng ham Yahova u bilan gaplashgan. (Ibt. 4:6) Qobil Yahova topinishga loyiq ekanini bilgani shubhasiz.

6, 7. Muammo Qobil keltirgan nazrining sifati yoki uni qay tarzda keltirganida bo‘lganmi? Tushuntiring.

6 Unda nega Yahova uning in’omini ma’qul ko‘rmagan? Gap uning sifatidamikin? Muqaddas Kitobda bu haqida hech narsa yozilmagan. U yerda Qobil «yerning hosilidan» Yahovaga nazr keltirdi deyilgan. Yahova keyinchalik Muso payg‘ambarga bergan Tavrotda shu kabi nazrlarni ma’qul ko‘rishini aytib o‘tgan. (Sah. 15:8, 9) Shuningdek, sharoitlarni ham inobatga olaylik. O‘sha paytda insonlar faqat o‘simliklarni yeyishi mumkin edi. (Ibt. 1:29) Adan bog‘ining tashqarisidagi yer qarg‘ishga qolgani bois, Qobil o‘z nazrini keltira olishi uchun zahmat chekib mehnat qilgan. (Ibt. 3:17–19) U peshona teri bilan o‘stirgan, yashash uchun zarur bo‘lgan yegulikni nazr qilgan. Shunda ham Yahova uning in’omini ma’qul ko‘rmagan.

7 Balki Qobil in’omini qay tarzda taqdim etgani noto‘g‘ri bo‘lgandir? U nazrini noma’qul yo‘l bilan taqdim etganmi? Bunday bo‘lganga o‘xshamaydi. Nega? Chunki Yahova Qobilning nazrini rad etgan paytda, uni qay tarzda taqdim etgani uchun qoralamagan. Darhaqiqat, Muqaddas Kitobda Qobil ham, Hobil ham nazrni qay yo‘sin olib kelgani haqida aytilmagan. Unda muammo nimada edi?

Qobilning niyati yomon edi (8-, 9-xatboshilariga qarang.)

8, 9. a) Nega Yahova Qobilni va uning nazrini xush ko‘rmagan? b) Muqaddas Kitobda Qobil va Hobil haqida yozilgan ma’lumot siz uchun nimasi bilan ahamiyatli?

8 Pavlus Ibroniylarga yo‘llagan so‘zlarda Qobilning niyati pok bo‘lmaganini tilga oladi. U buni imon bilan qilmagan. (Ibron. 11:4; 1 Yuhan. 3:11, 12) Shuning uchun ham, shunchaki nazr emas, balki Qobilning o‘zi Yahovaga ma’qul kelmagan. (Ibt. 4:5–8) Yahova sevuvchi Ota bo‘lgani bois, o‘g‘lini mehr ila tuzatishga intilgan. Ammo Qobil Uning yordamini rad etgan. U bunday qilgani uchun ramziy qalbi «adovat, janjalkashlik, rashk-hasad» kabi illatlar bilan yiringlab ketgan. (Galat. 5:19, 20) Qalbi razillashib ketganidan uning topinish bilan bog‘liq yaxshi ishlari ham foydasiz bo‘lib qolgan. Qobilning misolidan pok topinish Yahovaga bag‘ishlanganimizni namoyon etishdan ko‘ra ko‘proq narsani o‘z ichiga olishini ko‘ryapmiz.

9 Muqaddas Kitobdan Qobil to‘g‘risida anchagina narsani bilib olishimiz mumkin. Masalan, Yahova unga gapirganini, Qobilning javoblarini va hatto avlodlarining ismlarini hamda ba’zi ishlarini bilamiz. (Ibt. 4:17–24) Hobilga keladigan bo‘lsak, farzandlari bo‘lganmi yoki yo‘qmi bilmaymiz va birorta so‘zi ham Muqaddas Kitobda yozilmagan. Shunday bo‘lsa-da, uning ishlari hozirgacha gapirmoqda. Qanday qilib?

Hobil pok topinish borasida namuna

10. Qanday qilib Hobil pok topinish borasida namuna qoldirgan?

10 Qurbonlikni qabul qilishga faqat Yahova loyiq ekanini bilib, Hobil Unga nazr keltirgan. In’omining sifati a’lo edi, u «o‘z podasidagi birinchi tug‘ilgan qo‘zilardan bir nechtasini» nazr qildi. Garchi nazrni qurbongohda keltirgani yoki keltirmagani haqida Muqaddas Kitobda aytilmagan bo‘lsa ham, nazrini qay tarzda taqdim etgani Xudoga ma’qul kelgani aniq. Lekin eng ahamiyatlisi — nazr qaysi niyat bilan keltirilganida. Taxminan 6 000-yil o‘tgach ham bu biz uchun o‘rnak bo‘lib kelmoqda. Hobil buni Xudoga ishongani va Uning adolatli me’yorlarini yaxshi ko‘rgani uchun qilgan. Buni qayerdan bilamiz?

Hobil pok topinishning to‘rtta muhim talabiga amal qilgan (10-xatboshiga qarang.)

11. Nima uchun Iso Hobilni odil kishi deb aytgan?

11 Avval, Iso Hobil haqida nima deb aytganiga e’tibor beraylik. U Hobilni yaxshi bilgan. Iso osmonda bo‘lganda, Hobil yer yuzida edi. O‘shanda u Odamatoning bu o‘g‘li bilan juda ko‘p qiziqardi. (Hik. 8:22, 30, 31; Yuhan. 8:58; Kolos. 1:15, 16) Iso Hobilni o‘zi kuzatgani uchun uni odil inson sifatida ta’riflagan. (Mat. 23:35) Negaki odil kishi nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri ekani borasidagi me’yorlarni Yahova o‘rnatishga haqli deb biladi. Biroq u bundan ham ko‘prog‘ini qiladi, ya’ni u ham so‘zda, ham amalda ushbu me’yorlarga qo‘shilayotganini ko‘rsatadi. (Luqo 1:5, 6 ni solishtiring.) Kimdir odil inson sifatida tanilishi uchun vaqt kerak. Demak, Hobil Allohga nazr keltirishdan oldin ham Uning me’yorlariga muvofiq hayot kechirgan deb ayta olamiz. Bu uncha oson bo‘lmagandir. Uning akasi unga ijobiy ta’sir qilgan deb bo‘lmaydi. Qobilning qalbi qabih bo‘lib ketgan. (1 Yuhan. 3:12) Onasi Momohavo Xudoning aniq amriga bo‘ysunmagan, otasi Odamato esa nima yaxshi va nima yomon ekanini o‘zi hal qilmoqchi bo‘lib, Yahovaga qarshi isyon ko‘targan. (Ibt. 2:16, 17; 3:6) Hobil oilasi tanlagan yo‘ldan yurmay, katta jasorat ko‘rsatgan!

12. Qobilning va Hobilning orasidagi asosiy farq nimada edi?

12 Endi, havoriy Pavlus imon bilan odillik fazilatini qay yo‘sin o‘zaro bog‘laganiga diqqat qarating. U quyidagicha yozgan: «Imon bilan Hobil Tangriga Qobildan ko‘ra yaxshiroq qurbonlik keltirgan. Shu imoni tufayli u odil kishi deb topilgan». (Ibron. 11:4) Bu so‘zlardan Qobildan farqli ravishda Hobil Yahovaning talablari va ishlari hamisha to‘g‘ri ekaniga butun umr, sidqidildan ishonganini ko‘rsak bo‘ladi.

13. Hobilning misolidan nimani o‘rganyapmiz?

13 Hobilning misolidan shuni ko‘ryapmizki, faqatgina pok niyatlarga to‘la qalb bilan Xudoga pok tarzda topinish mumkin. Boshqacha aytganda, Yahovaga to‘liq ishonish va Uning adolatli me’yorlari bilan butunlayin rozi bo‘lish kutiladi. Shuningdek, pok topinish inson Xudoga bag‘ishlanganini ko‘rsatuvchi birgina xatti-harakatdan ko‘ra ko‘proq narsani talab qilishini bilib oldik. U butun hayotimiz, butun yurish-turishimiz bilan bog‘liq.

Yaxshi namunaga ergashgan bobokalonlar

14. Nega Yahova Nuh, Ibrohim va Yoqubning in’omlarini ma’qul ko‘rgan?

14 Hobil Yahovaga pok tarzda topingan ilk nomukammal inson edi, lekin oxirgisi emasdi. Havoriy Pavlus Nuh, Ibrohim, Yoqub va boshqalarni ham bu insonlar qatorida sanab o‘tgan. (Ibroniylarga 11:7, 8, 17–21 ni o‘qing.) Ularning har biri Yahovaga qurbonlik keltirgan va U ularning in’omlarini ma’qul ko‘rgan. Nima uchun? Sababi, ular o‘zini Xudoga bag‘ishlaganini shunchaki ko‘rsatishdan ko‘prog‘ini qilishgan, ya’ni pok topinishning barcha muhim talablarini ham bajarishgan. Keling, ularning misollariga nazar solaylik.

Nuhning qurbonliklari muhim bir narsani ochib bergan (15-, 16-xatboshilariga qarang.)

15, 16. Qanday qilib Nuh pok topinishning to‘rtta muhim talabiga amal qilgan?

15 Nuh payg‘ambar Odamatoning o‘limidan 126-yil o‘tgach tug‘ilgan. U butun yer yuzi soxta topinishga to‘lib ketgan davrda ulg‘aygan. * (Ibt. 6:11) To‘fondan sal oldin yer yuzidagi barcha oilalar orasida faqatgina Nuh va uning oilasi Yahovaga ma’qul tarzda xizmat qilgan. (2 Butr. 2:5) To‘fondan so‘ng u Muqaddas Kitobda ilk bor tilga olingan qurbongohni qurgan va Yahovaga qurbonliklar keltirgan. Bu chin yurakdan qilingan ishi bilan Nuh o‘z oilasi va avlodlariga topinishga faqat Yahova loyiq ekanini yaqqol namoyon etgan. Qurbonlik qilishi mumkin bo‘lgan barcha hayvonlar orasidan u «halol jonivorlarning hamda halol qushlarning barcha turidan olgan». (Ibt. 8:20) Bu eng a’lo sifatli qurbonliklar edi, chunki Yahovaning O‘zi ularni halol deb e’lon qilgan. (Ibt. 7:2)

16 Nuh ularni o‘zi qurgan qurbongohda kuydirgan. U qay tarzda topingani Xudoga ma’qulmidi? Ha. Muqaddas Kitobda aytilganday, Yahova uchun ularning hidi yoqimli bo‘lgan va U Nuh bilan o‘g‘illarini qutlagan. (Ibt. 8:21; 9:1) Lekin eng asosiysi, Yahova Nuhning niyatini ko‘rib qurbonligini qabul qilgan. Nuhning qurbonliklaridan u Yahovaga hamda Uning talablari va ishlari hamisha to‘g‘ri ekaniga qattiq ishonganini ko‘rsak bo‘ladi. U doimiy ravishda Yahovaga bo‘ysungani va Uning me’yorlariga amal qilgani bois, Muqaddas Kitobda u haqida: «Xudoga hamroh bo‘lib yashardi»,— deyilgan. Natijada, Nuh odil inson sifatida obro‘ orttirgan. (Ibt. 6:9; Hiz. 14:14; Ibron. 11:7)

17, 18. Qanday qilib Ibrohim pok topinishning to‘rtta muhim talabiga amal qilgan?

17 Ibrohim payg‘ambar davrida soxta topinish keng tarqalgan edi. U yashagan Ur shahrida oy xudosi Nannaga atab qurilgan ibodatxonada sig‘inish oddiy hol edi. * Hatto uning otasi ham qachondir soxta xudolarga sig‘ingan. (Yoshua 24:2) Biroq Ibrohim Yahovaga topinishni tanlagan. U haq Tangri haqida Nuhning Som ismli o‘g‘li bo‘lmish ajdodidan eshitgandir. Ibrohim bilan Som 150-yil davomida zamondosh bo‘lgan.

18 Hayoti davomida Ibrohim ko‘p qurbonliklar keltirgan. U doim bunday qurbonliklarni qabul qilishga faqat Yahova loyiq deb bilgan. (Ibt. 12:8; 13:18; 15:8–10) Ibrohim a’lo sifatli qurbonlikni Yahovaga berishga tayyormidi? Bu savolning javobi Ibrohim suyukli o‘g‘li Is’hoqni qurbonlikka keltirishga tayyor ekanini ko‘rsatganda ayon bo‘ldi. Bu safar Ibrohim qurbonlikni qay tarzda keltirishi kerakligini Yahova batafsil aytib o‘tgan. (Ibt. 22:1, 2) Ibrohim yo‘l-yo‘riqqa mayda-chuydasigacha amal qilishga tayyor edi. Ammo Yahovaning O‘zi uni o‘g‘lini o‘ldirishdan to‘xtatib qolgan. (Ibt. 22:9–12) Yahova Ibrohimning topinishini ma’qul ko‘rgan, sababi u qurbonlikni pok niyatlar ila qilgan. Pavlus: «Ibrohim Yahovaga ishondi va shuning uchun u odil deb tan olindi»,— deb yozgan. (Rim. 4:3)

Yoqub oilasiga yaxshi o‘rnak ko‘rsatgan (19-, 20-xatboshilariga qarang.)

19, 20. Qanday qilib Yoqub pok topinishning to‘rtta muhim talabiga amal qilgan?

19 Yoqub Yahova Ibrohimga va uning avlodlariga va’da qilgan Kan’onda deyarli butun umr yashagan. (Ibt. 17:1, 8) U yerda yashagan insonlar soxta topinishga botib ketganidan, Yahova bu yurt «ularni qusib tashlaydi» deb aytgan. (Lev. 18:24, 25) U 77 yoshida Kan’ondan ketib, uylangan va keyinchalik u yerga butun xonadon ahli bilan qaytib kelgan. (Ibt. 28:1, 2; 33:18) Lekin oila a’zolarining ayrimlari soxta topinishning ta’siri ostida bo‘lgan. Shunga qaramay, Yahova unga Baytilga borib, qurbongoh qurishni aytganda, u ikkilanmagan. Avvalambor u oila a’zolariga shunday degan: «Sizlarda bor bo‘lgan soxta xudolarning butlarini yo‘q qilib, poklaninglar». Keyin esa olgan yo‘l-yo‘riqlarga sadoqat ila amal qilgan. (Ibt. 35:1–7)

20 Yoqub va’da qilingan yurtda ko‘p qurbongohlar barpo etgan, ammo ularning barchasini faqat Yahovaga topinish uchun qurgan. (Ibt. 35:14; 46:1) Qurbonliklarining sifati, ularni taqdim etish tarzi va Yoqubning niyati shu qadar a’lo bo‘lganki, Muqaddas Kitobda u «odil kishi» deb atalgan. Bu ibora Xudo ma’qul ko‘rgan insonlarga nisbatan qo‘llangan. (Ibt. 25:27) Yoqubning butun hayoti undan kelib chiqqan Isroil xalqi uchun a’lo o‘rnak bo‘lgan. (Ibt. 35:9–12)

21. Bobokalonlarning misolidan pok topinish borasida nimalarni bilib olishimiz mumkin?

21 Xo‘sh, bobokalonlarning misolidan pok topinish borasida nimalarni bilib oldik? Ularga o‘xshab, biz ham Yahovaga mutlaq sodiq bo‘lib qolishimizga to‘sqinlik qilayotgan odamlar orasida yashayapmiz. Balki oila a’zolarimiz ham bunday yo‘l tutayotgandir. Bu kabi bosimga qarshi turish uchun, Yahovaga bo‘lgan ishonchimizni kuchaytirishimiz va Uning adolatli me’yorlari eng a’losi ekaniga amin bo‘lishimiz kerak. Bunday imonni Yahovaga bo‘ysunish, vaqt, kuch va mablag‘imizni Unga xizmat qilishga sarflash orqali ko‘rsatamiz. (Mat. 22:37–40; 1 Kor. 10:31) Eng yaxshi qobiliyatlarimizni qo‘llab, Yahova aytayotganday va pok niyatlar ila topinsak, U bizni odil inson deb hisoblaydi. Buni bilish juda daldali! (Yoqub 2:18–24 ni o‘qing.)

O‘zini pok topinishga bag‘ishlagan xalq

22–24. Isroilliklar qurbonliklarni kimga keltirishi, ularning sifati va ularni qay tarzda keltirishi kerakligining muhimligi Tavrotda qanday ta’kidlangan?

22 Yahova Yoqubning avlodlariga Tavrotni berib, ulardan nimani talab qilayotganini bildirgan. Agar ular Yahovaga itoat etganida, ular Uning «o‘zgacha mulki» va «muqaddas xalqi» bo‘lib qolardi. (Chiq. 19:5, 6) Pok topinishning to‘rtta muhim talabi Tavrotda qanday ta’kidlanganiga e’tibor bering.

23 Yahova isroilliklarga faqat Unga topinishlari kerakligini ochiq aytgan edi. U: «Mendan o‘zga xudolaringiz bo‘lmasin»,— deb aytgan. (Chiq. 20:3–5) Ularning qurbonliklari yuqori sifatli bo‘lishi kerak edi. Masalan, ular nuqsonsiz bo‘lishi zarur edi. (Lev. 1:3; Qonun. 15:21; Malaki 1:6–8 ni solishtiring.) Levilar Yahovaga keltirilgan hadyalardan foydalanishgan, lekin shaxsan o‘zlari ham qurbonliklar qilishgan. Ular «olib kelingan hadyalarning eng yaxshisidan» tanlab Yahovaga berishgan. (Sah. 18:29) Qay tarzda topinishi kerakligiga keladigan bo‘lsak, Isroil xalqiga Yahovaga nimani, qayerda va qanday qilib qurbonlik qilishlari kerakligi borasida muayyan yo‘l-yo‘riq berilgan edi. Umuman olganda, yurish-turish masalasida ularga 600 dan oshiq qonun berilgan va ularda: «Diqqatli bo‘lib, Tangringiz Yahova buyurganiday qilinglar. Bu amrlardan o‘ngga ham, chapga ham og‘ib ketmanglar»,— deyilgan. (Qonun. 5:32)

24 Isroilliklar qurbonliklarni qayerda keltirishi muhim ahamiyatga egamidi? Ha. Yahova ularga muqaddas chodir qurish borasida yo‘l-yo‘riqlar bergan va u pok topinishning markaziga aylangan. (Chiq. 40:1–3, 29, 34) O‘sha davrda isroilliklar nazrlari Xudoga ma’qul kelishini istashsa, ularni muqaddas chodirga olib borishlari kerak edi. * (Qonun. 12:17, 18)

25. Qurbonliklar masalasida nima muhimroq? Tushuntiring.

25 Lekin bundan-da muhimrog‘i, isroillik kishi buni qaysi niyat ila qilganida edi. Bunga uni Yahovaga va Uning me’yorlariga bo‘lgan chuqur sevgi undardi. (Qonunlar 6:4–6 ni o‘qing.) Isroilliklar Yahovaga shunchaki majburiyat yuzasidan topinganda, U ularning qurbonliklarini rad etardi. (Ishayo 1:10–13) Yahova hech kim o‘zini Unga bag‘ishlaganday ko‘rsatib, Uni alday olmasligi haqida Ishayo payg‘ambar orqali shunday degan: «Bu xalq... tildagina Meni hurmat qiladi, qalbi esa Mendan yiroqdir». (Ishayo 29:13)

Ma’badda topinish

26. Sulaymon qurgan ma’bad boshida pok topinishda qanday ahamiyatga ega bo‘lgan?

26 Isroil xalqi va’da qilingan yurtda asrlar yashagach, shoh Sulaymon pok topinishning markaziga aylangan va muqaddas chodirdan ham yuksakroq bo‘lgan ma’bad qurdi. (3 Shoh. 7:51; 2 Sol. 3:1, 6, 7) Boshida bu ma’badda faqat Yahovaga qurbonliklar keltirilardi. Sulaymon va uning xalqi Tavrotda aytilganday yuqori sifatli va belgilangan tarzda ko‘pdan-ko‘p qurbonliklarni keltirishgan. (3 Shoh. 8:63) Ammo o‘sha ma’baddagi topinish Yahovaga ma’qul kelganining sababi uning hashamati va qurbonliklarning son-sanoqsizligi bilan bog‘liq emas edi. O‘sha qurbonliklar qaysi niyat ila qilinayotgani muhim ahamiyatga ega edi. Ma’bad bag‘ishlanganda Sulaymon bunga urg‘u bergan. U: «Iloyim, bugungi kungacha bo‘lganiday, butun qalbingiz bilan Allohimiz Yahovaga xizmat qiling. Uning farmonlari bo‘yicha yurib, amrlarini bajaring»,— degan. (3 Shoh. 8:57–61)

27. Isroil shohlari va xalq nimalar qilishgan va Yahova bunga qanday munosabatda bo‘lgan?

27 Ming afsus, Isroil xalqi shohning ushbu dono maslahatiga amal qilmay qo‘ygan. Ular pok topinishning muhim talablarining biriga yoki bir nechtasiga rioya qilmagan. Isroil shohlari va xalq qalbi razillashib ketishiga yo‘l qo‘yib, Yahovaga bo‘lgan ishonchini yo‘qotishgan va Uning adolatli me’yorlaridan yuz o‘girishgan. Yahova ularni to‘g‘ri yo‘lga solib, qilmishlarining asoratlaridan ogohlantirish uchun sevgi ila qayta-qayta payg‘ambarlarini yuborgan. (Yerm. 7:13–15, 23–26) Ularning biri sadoqatli Hizqiyo payg‘ambar bo‘lgani ahamiyatga sazovor. U pok topinish tarixidagi eng mushkul pallada yashagan.

Hizqiyo pok topinish bulg‘anganini ko‘radi

28, 29. Hizqiyo haqida nimalarni bilib oldik? («Hizqiyo — hayoti va yuz bergan voqealar» nomli ramkaga qarang.)

28 Sulaymon qurgan ma’baddagi topinish Hizqiyoga yaxshi tanish edi. Uning otasi ruhoniy edi va navbati kelganda Hizqiyoni ham ma’badga olib borardi. (Hiz. 1:3) Hizqiyoning bolaligi baxtiyor o‘tgan bo‘lishi mumkin. Otasi unga Yahova to‘g‘risida hamda Tavrot asosida ta’lim bergani shubhasiz. Hizqiyo taxminan bir yoshligida «Tavrot kitobi» ma’badda topilgan edi. * O‘shanda boshqargan yaxshi shoh Yo‘shiyo bu kitobdagi so‘zlardan ta’sirlanib, pok topinishni tiklashga jon-jahdi bilan kirishgan. (4 Shoh. 22:8–13)

Hizqiyoning otasi unga Yahova to‘g‘risida va Tavrot asosida ta’lim bergani shubhasiz (28-xatboshiga qarang.)

29 Hizqiyo ham undan oldin yashagan sodiq kishilarga o‘xshab pok topinishning to‘rtta talabiga amal qilgan. Hizqiyo kitobini tadqiq qilayotganda, u Yahovaga sadoqat ila xizmat qilganini, eng a’losini berganini, U talab qilgan narsalarga rioya qilganini va buni qay tarzda amalga oshirganini bilib olamiz. Hizqiyo bularning barini kuchli imonga ega bo‘lgani tufayli qilgan. Biroq zamondoshlarining aksariyati u kabi bo‘lmagan. Hizqiyo Yeremiyoning bashoratlarini eshitib ulg‘aygan. Yeremiyo mil. avv. 647-yili xizmatini boshlagan va Yahovaning hukm xabarlarini g‘ayrat ila e’lon qilgan.

30. a) Hizqiyo yozgan bashoratlar nimalarni oshkor etmoqda? b) Bashorat qilish nima degani va Hizqiyoning bashoratlarini qanday tushunishimiz kerak? («Hizqiyoning bashoratlarini tushunish» nomli ramkaga qarang.)

30 Hizqiyoning kitobi Xudoning xalqi Unga xizmat qilishdan nihoyatda uzoqlashib ketganini oshkor etmoqda. (Hizqiyo 8:6 ni o‘qing.) Yahova Yahudoni jazolay boshlaganda, Hizqiyo Bobilga surgun qilinganlar orasida bo‘lgan. (4 Shoh. 24:11–17) Surgun qilingan bo‘lsa-da, u jazolanmagan edi. Yahova unga u yerda topshiriq bergan. Hizqiyo ko‘rgan hayratomuz vahiylar va yozgan bashoratlaridan pok topinish Quddusda qay yo‘sin tiklanishini bilib olamiz. Lekin eng muhimi ular shuningdek, Yahovani sevadigan barcha uchun oxir-oqibat qanday qilib pok topinish butkul tiklanishini ko‘rsatmoqda.

31. Bu adabiyot nima qilishimizga yordam beradi?

31 Bu adabiyotdagi keyingi bo‘limlarda Yahovaning huzuri joylashgan samolar, pok topinish qanday qilib tamomila bulg‘angani, U O‘z xalqini qay yo‘sin qo‘llab-quvvatlab, himoya qilgani va kelajakda har bir inson Unga topinishi haqida gap boradi. Navbatdagi bobda Hizqiyo ko‘rgan birinchi vahiy to‘g‘risida so‘z yuritamiz. Bu hayratga soluvchi vahiy Yahovaning ulug‘vorligini hamda tashkilotining samodagi qismini tasavvur qilishimizga ko‘maklashadi va nega faqat U mutlaq hamda pok tarzda topinishimizga loyiq ekaniga urg‘u beradi.

^ 4- x.b. Hobil Odamato bilan Momohavo Adan bog‘idan haydalganidan so‘ng tug‘ilgan. (Ibt. 4:1, 2) Ibtido 4:25 da yozilganiday, Xudo «boshqa o‘g‘il», ya’ni Shisni berdi. Hobil vahshiylarcha o‘ldirilganidan keyin Shis tug‘ildi, Odamato 130 yoshda edi. (Ibt. 5:3) Demak, Qobil Hobilni o‘ldirganda, Hobil taxminan 100 yoshda edi.

^ 15- x.b. Ibtido 4:26 ga binoan, Odamatoning nevarasi bo‘lgan Eno‘shning davrida «odamlar Yahovaning ismini aytib chaqiradigan bo‘lishdi». Ehtimol, ular Xudoga hurmatsizlik ko‘rsatib, butlarini Yahova ismi bilan atagan bo‘lishi mumkin.

^ 17- x.b. Nanna nomli but, shuningdek, Sin deb ham atalgan. Garchi Ur shahrining aholisi son-sanoqsiz xudolarga sajda qilgan bo‘lsa-da, u yerdagi ibodatxonalar-u qurbongohlar asosan unga bag‘ishlangan edi.

^ 24- x.b. Ahd sandig‘i muqaddas chodirdan olib ketilgandan keyin, Yahova qurbonliklar muqaddas chodirdan tashqari boshqa joylarda ham olib kelinishiga ruxsat bergan bo‘lishi mumkin. (1 Shoh. 4:3, 11; 7:7–9; 10:8; 11:14, 15; 16:4, 5; 1 Sol. 21:26–30)

^ 28- x.b. Mil. avv. 613-yili payg‘ambarlik qilishni boshlaganda Hizqiyo 30 yoshda bo‘lgandir. Demak, u taxminan mil. avv. 643-yili tug‘ilgan. (Hiz. 1:1) Yo‘shiyo mil. avv. 659-yili boshqarishni boshlagan. Tavrot kitobi esa, ehtimol, uning asl nusxasi u hukm surayotganining taxminan 18-yilida yoki mil. avv. 642–641-yillarda topilgan.