Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

1-BOB

«Allohing Yahovaga sajda qil»

«Allohing Yahovaga sajda qil»

MATTO 4:10

BU BOBDA: nima uchun pok topinishni tiklash kerak?

1, 2. Mil. 29-yili kuzda Iso qay yo‘sin Yahudiya cho‘liga keladi va bu yerda u bilan nima yuz beradi? (Bobning boshidagi rasmga qarang.)

MIL. 29-yil, ehtimol, oktabrning oxiri yoki noyabrning boshi. Iso O‘lik dengizning shimolidagi Yahudiya cho‘lida. Iso suvga cho‘mganidan va moylanganidan so‘ng muqaddas ruh uni bu yerga boshlab keldi. U ro‘za tutish, ibodat qilish va mulohaza yuritish uchun bu bepoyon qoyalar va jarliklar orasidagi tinch joyda 40 kun bo‘ladi. Balki bu vaqt davomida Yahova O‘g‘li bilan suhbatlashib, uni oldinda kutayotgan ishlarga tayyorlagandir.

2 Endi esa Iso ochlik tufayli holsiz bo‘lganida, Shayton unga murojaat qiladi. Bundan keyin bo‘ladigan voqealar pok topinishni sevadigan barchaga, jumladan, sizga tegishli muhim masalani oshkor etadi.

«Agar sen Xudoning o‘g‘li bo‘lsang...»

3, 4. a) Shayton ilk ikkita vasvasani qaysi so‘zlar bilan boshladi va u Isoda qanday shubhalarni uyg‘otishga harakat qilgan bo‘lishi mumkin? b) Qay yo‘sin Shayton bugun o‘xshash usullardan foydalanyapti?

3 Matto 4:17 ni o‘qing. Shayton ilk ikkita vasvasasini quyidagi makkorona so‘zlar bilan boshlagan: «Agar sen Xudoning o‘g‘li bo‘lsang». Xo‘sh, Iso Xudoning O‘g‘li ekanidan Shayton shubhalanganmi? Yo‘q. Xudoga isyon ko‘targan bu farishta Iso Uning to‘ng‘ich O‘g‘li ekanini yaxshi bilgan. (Kolos. 1:15) Qolaversa, Iso suvga cho‘mganida Yahova osmondan quyidagi so‘zlarni aytganini Shayton bilgani shubhasiz: «Bu Mening sevikli O‘g‘limdir, undan mamnunman». (Mat. 3:17) Ehtimol, Shayton Iso Otasidan gumonsirab, U ishonchlimi yoki chindan ham menga g‘amxo‘rlik qiladimi yo yo‘qmi, deb o‘ylashini istagandir. Shayton ilk bor vasvasaga solganida, ya’ni toshlarni nonga aylantirishni so‘raganda, go‘yoki shunday deganday bo‘lgan: «Xudoning O‘g‘li ekansan, unda nega Otang bu qaqragan cho‘lda seni to‘yg‘izib qo‘ymaydi?» Ma’badning eng yuqori joyidan sakrashni aytib, ikkinchi marta vasvasaga solganida esa, Shayton unga: «Xudoning O‘g‘li ekansan, Otang seni himoya qilishiga chindan ham ishonasanmi?» — deganday bo‘lgan.

4 Bugungi kunda ham Shayton xuddi shunday usullardan foydalanmoqda. (2 Kor. 2:11) Vasvasachi haq topinuvchilar holsiz yoki tushkun ahvolda bo‘lishini poylab, ularga hujum qiladi va ko‘pincha buni makkorona tarzda amalga oshiradi. (2 Kor. 11:14) U Yahova bizni aslo sevmaydi yoki bizdan mamnun bo‘lmaydi, deb o‘ylashimizni istab, bizni aldashga urinadi. Buning ustiga, Vasvasachi Yahova ishonchsiz ekaniga va Kalomida bergan va’dalarini amalga oshirmasligiga ishontirishga harakat qiladi. Lekin bu g‘irt yolg‘on! (Yuhan. 8:44) Qay yo‘sin bu yolg‘onlarga qarshi tura olamiz?

5. Iso ilk ikkita vasvasaga qanday javob qaytardi?

5 Iso ilk ikkita vasvasaga qanday javob bergani ustida mulohaza yuritib ko‘ring. Iso Otasi uni sevishidan shubhalanmagan va Unga butunlayin ishongan. U hech ikkilanmay, Kalomdan Otasining ilhomlantirilgan so‘zlarini keltirib Shaytonga qarshi turgan. Darhaqiqat, Iso Muqaddas Yozuvlardan Xudoning muqaddas ismi — Yahova — keltirilgan oyatlarni qo‘llagan. (Qonun. 6:16; 8:3) Iso Xudoning ismini qo‘llab, Unga ishonishini ko‘rsatgan. Bu o‘zgacha ismning ma’nosi Yahova barcha va’dalarini amalga oshirishining garovidir. *

6, 7. Shaytonning makkorona hujumlariga qanday qilib qarshi tura olamiz?

6 Yahovaning Kalomiga tayanib va Uning muqaddas ismi nimani anglatishi ustida mulohaza yuritib, Shaytonning makkorona hujumlariga qarshi tura olamiz. Yahovaning O‘z topinuvchilariga, jumladan, qalbi o‘ksiganlarga bo‘lgan sevgisi hamda g‘amxo‘rligi to‘g‘risidagi oyatlarni o‘zimizga tegishli deb bilsak, U bizni aslo sevmaydi va bizdan mamnun bo‘lmaydi, degan Shaytonning yolg‘onlarini rad eta olamiz. (Zab. 34:18; 1 Butr. 5:8) Shuningdek, Yahova doim ismining ma’nosiga muvofiq tarzda yo‘l tutishini yodda tutsak, O‘z niyatlarining Bajaruvchisi Unga butunlayin ishonishimizga loyiq ekanidan shubhalanmaymiz. (Hik. 3:5, 6)

7 Ammo Shaytonning asosiy maqsadi qanday? Aslida u bizdan nimani istaydi? Shayton Isoni uchinchi marta vasvasaga solganida, buning javobi aniq bo‘ldi.

«Faqat menga bir marta tiz cho‘kib sajda qilsang bas»

8. Uchinchi vasvasani aytganda, Shayton asl niyatini qay yo‘sin oshkor etdi?

8 Matto 4:8–11 ni o‘qing. Uchinchi marta vasvasaga solganida, Shayton maqsadini ochiq-oydin aytdi. Shayton Isoga (ehtimol, vahiyda) «dunyoning barcha shohliklarini hamda ularning ulug‘vorligini» kamchiliklari yo‘qday qilib ko‘rsatdi. Keyin esa: «Bularning hammasini senga beraman, faqat menga bir marta tiz cho‘kib sajda qilsang bas»,— dedi. * Sajda qilish, ya’ni topinish — Shayton aynan mana shuni istagan edi! Ha, Shayton Iso Otasidan yuz o‘girib, Vasvasachini xudosi sifatida tan olishini xohlagandi. U Isoga osonday tuyulgan yo‘lni taklif qilgan. Shayton Iso hech qanday tikanli toj, qamchilanish-u azob ustunisiz qudratga va barcha xalqlarning boyliklariga ega bo‘lishiga hamda qiynalishiga hojat yo‘q ekaniga ishora qilgan. Bu quruq gap emasdi. Shayton bu dunyo hukmdorlari ustidan hokim ekanidan Iso shubhalanmagan. (Yuhan. 12:31; 1 Yuhan. 5:19) Chindan ham, Shayton Iso Otasiga xiyonat qilib, pok topinishdan og‘ishi uchun har narsaga tayyor edi.

9. a) Shayton haq topinuvchilar qanday yo‘l tutishini istaydi va bizni vasvasaga solish uchun u nima qiladi? b) Topinishimiz nimani o‘z ichiga oladi? («Topinish bu nima?» nomli ramkaga qarang.)

9 Bugungi kunda ham Shayton biz Yahovaning irodasiga qarshi borib, unga topinishimizni juda istaydi. Shayton «ushbu zamonaning xudosi». Shu bois, soxta xudolarga topinadiganlar, ya’ni Buyuk Bobilni tashkil etuvchi dinlarning a’zolari umuman olganda Shaytonga topinadi. (2 Kor. 4:4) Ammo u milliardlab soxta topinuvchilar bilan qanoat qilmay, haq topinuvchilarni ham vasvasaga solishni va ular Xudoning irodasiga qarshi borishlarini istaydi. Ehtimol, «odillik uchun azob chekishni» o‘z ichiga olgan Xudoning yo‘lidan yurmay, bu dunyoda boylik va qudrat izlashimiz uchun Shayton bizni tuzoqqa ilintirishga urinadi. (1 Butr. 3:14) Bordi-yu, vasvasaga berilib, haq topinishdan yuz o‘girsak va Shayton dunyosining bir qismiga aylansak, aslida, unga tiz cho‘kayotgan va uni xudoyimiz qilib, unga topinayotgan bo‘lardik. Xo‘sh, bu kabi vasvasaga qanday qarshi tura olamiz?

10. Iso uchinchi vasvasa qanday javob berdi va nega?

10 Iso uchinchi vasvasaga qanday javob berganiga diqqat qarating. U Yahovaga mutlaq sadoqatli ekanini ko‘rsatib, Vasvasachiga shu zahoti: «Yo‘qol ko‘zimdan, Shayton!» — dedi. Ilk ikkita vasvasa bilan bo‘lganiday, Iso bu safar ham Qonunlar kitobidan Xudoning ismi keltirilgan quyidagi oyatni aytdi: «Muqaddas Yozuvlarda: “Allohing Yahovaga sajda qil, birgina Unga muqaddas xizmatni ado et”,— deb aytilgan». (Mat. 4:10; Qonun. 6:13) Iso bu dunyoda qisqa vaqt davomida mashhur bo‘lish va azoblardan xoli yengil hayotdan bosh tortib, vasvasaga qarshi turdi. U topinishga faqatgina Otasi loyiqligini va hatto bir marta Shaytonga «sajda qilish» unga bo‘ysunish ekanini tushungan. Iso yovuz Vasvasachini xudosi sifatida tan olishni qat’iylik ila rad etdi. Iso bunday yo‘l tutgach, «Iblis uni tark etdi». *

«YO‘QOL KO‘ZIMDAN, SHAYTON!» (10-xatboshiga qarang.)

11. Qanday qilib Shayton va uning vasvasalariga qarshi tura olamiz?

11 Biz ham Shayton va uning yovuz dunyosidagi vasvasalarga qarshi tura olamiz. Boisi, Iso singari biz ham tanlash imkoniga egamiz. Yahova bizga qimmatbaho hadyani — iroda erkinligini bergan. Shu bois, hech kim — hatto qudratli yovuz Vasvasachi ham — pok topinishdan yuz o‘girishga bizni majburlay olmaydi. Sadoqat ila «imonda mustahkam bo‘lib, unga [Shaytonga] qarshi tursak», go‘yoki «yo‘qol ko‘zimdan, Shayton», deganday bo‘lamiz. (1 Butr. 5:9) Iso Shaytonni qat’iylik ila rad etganida, u uni tark etganini unutmang. Shu singari, Muqaddas Kitobdagi mana shu so‘zlar bizga ishonch baxsh etadi: «Iblisga qarshi turinglar, o‘shanda u sizlardan qochadi». (Yoqb. 4:7)

Shayton dunyosining vasvasalariga qarshi turishni tanlashimiz mumkin (11-, 19-xatboshilariga qarang.)

Pok topinish dushmani

12. Adan bog‘ida Shayton pok topinishning dushmani ekanini qanday ko‘rsatdi?

12 Shayton so‘nggi bor vasvasaga solganida, pok topinishning ilk dushmani ekanini tasdiqladi. Minglab yillar avval Adan bog‘ida Shayton Yahovaga topinishdan nafratlanishini ilk bor oshkor etdi. Momohavoni aldash, keyin esa Odamatoni Yahovaning amriga itoatsizlik qilishga undash orqali, Shayton ularni o‘ziga bo‘ysundirib, nazorati ostiga oldi. (Ibtido 3:1–5 ni o‘qing; 2 Kor. 11:3; Vah. 12:9) Boshqacha qilib aytganda, Shayton ularning xudosiga aylandi. Odamato va Momohavo esa ularni yo‘ldan ozdirayotgan shaxs aslida kim ekanini bilishmasa-da, uning topinuvchilariga aylanishdi. Ustiga-ustak, Adan bog‘ida isyon ko‘tarish orqali Shayton nafaqat Yahovaning hukmdorligini yoki boshqarish huquqini shubha ostiga qo‘ydi, balki pok topinishga ham hujum qildi. Qanaqasiga?

13. Qanday qilib hukmdorlik masalasi pok topinishni o‘z ichiga oladi?

13 Hukmdorlik masalasi pok topinishni ham o‘z ichiga oladi. Faqatgina haq Hukmdor, «butun borliqni yaratgan» Shaxs topinishga loyiqdir. (Vah. 4:11) Yahova mukammal Odamato va Momohavoni yaratib, ularni Adan bog‘ida joylashtirganida, Unga tayyorlik ila, ya’ni pok qalbdan pok tarzda topinadigan mukammal odamlar oxiri yer yuzini to‘ldirishini niyat qilgandi. (Ibt. 1:28) Shayton Yahovaning hukmdorligini shubha ostiga qo‘yganining sababi, u faqat Oliy Hukmdor Yahovaga tegishli huquqqa ega bo‘lishni juda istaganida edi. (Yoqb. 1:14, 15)

14. Pok topinishga hujum qilishda Shayton muvaffaqiyatga erishdimi? Tushuntiring.

14 Xo‘sh, Shayton pok topinishga hujum qilishda muvaffaqiyat qozondimi? Odamato va Momohavoni Xudodan uzoqlashtirish uning qo‘lidan keldi. O‘shandan beri Shayton haq topinishga qarshi jang qilyapti va iloji boricha ko‘proq odam Tangri Yahovadan yuz o‘girishiga urinyapti. Shayton Iso Masih yer yuziga kelishidan avval ham Yahovaga topinuvchilarni hamisha vasvasaga solib kelgan. Mil. I asrda Shayton yovuzlarcha murtadlikni tarqatdi. Bu esa masihiylar jamoati bulg‘anishiga olib keldi va oxiri pok topinish yo‘q bo‘lib ketganday tuyuldi. (Mat. 13:24–30, 36–43; Havor. 20:29, 30) Mil. II asrning boshida topinuvchilar soxta din imperiyasi bo‘lmish Buyuk Bobilga uzoq vaqtga ma’naviy asirlikka tushdi. Biroq Shayton Xudoning pok topinish borasidagi niyatini yo‘q qilishda muvaffaqiyatga erishmadi. Darvoqe, Xudo O‘z niyatini amalga oshirishiga hech nima to‘sqinlik qila olmaydi. (Ishayo 46:10; 55:8–11) Boisi, bu Uning ismi bilan bog‘liq va Xudo doim O‘z ismining ma’nosiga muvofiq tarzda yo‘l tutadi. Ha, Yahova O‘z niyatlarining Bajaruvchisidir!

Pok topinish Himoyachisi

15. Yahova Adan bog‘ida isyonchilar bilan bog‘liq qanday choralar ko‘rdi va niyati amalga oshishiga ishontirish uchun nima qildi?

15 Yahova Adan bog‘idagi isyon bilan bog‘liq masalani hal qilish va niyati albatta amalga oshishiga ishontirish uchun shu zahoti choralar ko‘rdi. (Ibtido 3:14–19 ni o‘qing.) Odamato va Momohavo hali bog‘daligida, Yahova bu uchta isyonchiga hukm chiqardi. U buni ular gunoh qilganining ketma-ketligi bo‘yicha amalga oshirdi, ya’ni avval Shaytonni, keyin Momohavoni va oxiri Odamatoni hukm qildi. Shaytonga — isyon ko‘targan ko‘rinmas shaxsga — aytgan so‘zlarida Yahova «zurriyot» kelishini va isyonning oqibatlarini bartaraf etishini bashorat qildi. Va’da qilingan «zurriyot» Yahovaning pok topinish borasidagi niyatini amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

16. Adan bog‘idagi isyondan so‘ng qay yo‘sin Yahova maqsadi sari olg‘a intilishda davom etdi?

16 Adan bog‘idagi isyondan so‘ng Yahova maqsadini amalga oshirish uchun olg‘a intilishda davom etdi. Nomukammal odamlar Unga o‘rinli tarzda topinishi uchun U choralar ko‘rdi va bu haqida kelasi bobda bilib olamiz. (Ibron. 11:4–12:1) Bundan tashqari, U pok topinish tiklanishi borasida ajoyib bashoratlarni yozish uchun Muqaddas Kitobning bir nechta yozuvchisini — shu qatorda Ishayo, Yeremiyo va Hizqiyoni — ilhomlantirdi. Bu tiklanish Muqaddas Kitobdagi asosiy mavzudir. Mazkur bashoratlar va’da qilingan «zurriyot» orqali amalga oshishi kerak edi. Bu «zurriyot»ning eng muhim a’zosi — Iso Masih. (Galat. 3:16) Iso uchinchi vasvasaga qanday javob berganidan, u pok topinish Himoyachisi ekanini ko‘ryapmiz. Ha, Yahova tiklanish borasidagi bashoratlarni amalga oshirishda tanlagan shaxslardan biri Isodir. (Vah. 19:10) U Xudoning xalqini ma’naviy asirlikdan ozod etib, pok topinishni o‘z o‘rnida tiklaydi.

Siz qanday yo‘l tutasiz?

17. Nima sababdan tiklanish borasidagi Muqaddas Kitob bashoratlari qalbimizga yaqin?

17 Tiklanish borasidagi Muqaddas Kitob bashoratlarini o‘rganish juda qiziqarli va imonni mustahkamlaydi. Mazkur bashoratlar qalbimizga yaqindir. Chunki biz osmondagi va yer yuzidagi bor mavjudot bir yoqadan bosh chiqarib Oliy Hukmdor Yahovaga pok tarzda topinadigan vaqt kelishini intiqib kutyapmiz. O‘sha bashoratlar bizga umid beradi. Boisi, ularda Xudoning Kalomidagi qalbimizga iliqlik baxsh etadigan mustahkamlovchi so‘zlar yozilgan. Yahovaning va’dalari amalga oshadigan, jumladan, hayotdan ko‘z yumgan yaqinlarimiz tiriladigan, yer yuzi jannat bo‘ladigan va mukammal sog‘likka ega bo‘lib abadiy hayotdan zavq olib yashaydigan vaqt kelishini kim ham istamaydi deysiz?! (Ishayo 33:24; 35:5, 6; Vah. 20:12, 13; 21:3, 4)

18. Ushbu kitobda nimalarni ko‘rib chiqamiz?

18 Ushbu adabiyotda Hizqiyo kitobidagi ta’sirli bashoratlarni ko‘rib chiqamiz. O‘sha bashoratlarning ko‘pi haq topinish tiklanishi bilan bog‘liq. Qay yo‘sin Hizqiyoning bashoratlari boshqa bashoratlar bilan bog‘liq ekanini, qanday qilib ular Masih orqali amalga oshishini va qanaqasiga bizga taalluqli ekanini bilib olamiz. («Hizqiyo kitobining mazmuni» nomli ramkaga qarang.)

19. Nima qilishga qaror qildingiz va nega?

19 Mil. 29-yili Yahudiya cho‘lida Shayton Isoni pok topinishdan og‘dirishda muvaffaqiyatga erishmadi. Biz haqimizda nima desa bo‘ladi? Shayton bizni pok topinishdan og‘dirishga har qachongidan ham qattiq kirishgan. (Vah. 12:12, 17) Iloyo, ushbu adabiyot yovuz Vasvasachiga qarshi turish qarorimizni mustahkamlasin. Shuningdek, gaplarimiz-u ishlarimiz qalbimizda ham «Allohing Yahovaga sajda qil» degan so‘zlarga butunlayin qo‘shilayotganimizni ko‘rsatsin. Shunda Yahovaning ulug‘vor niyati — osmondagi va yer yuzidagi barcha birgalashib pok qalbdan pok tarzda topinadigan payt kelishini ko‘rish umidiga ega bo‘lamiz. Chunki faqat U bunday topinishga loyiq!

^ 5- x.b. Ba’zilarning tushunishicha, Yahova ismi «U bo‘ldiradi» degan ma’noni anglatadi. Bu, Yahova Yaratuvchi va O‘z niyatlarining Bajaruvchisi ekanini juda yaxshi yetkazib beryapti.

^ 8- x.b. Shaytonning so‘zlari borasida Muqaddas Kitob haqidagi bir manbada shunday deyilgan: «Odamato va Momohavo qarshi tura olmagan ilk vasvasada... Shaytonning yoki Xudoning irodasini bajarishni tanlash kutilardi va bu ulardan biriga so‘zsiz topinishni o‘z ichiga olardi. Shayton chindan ham yagona Xudoning o‘rnini egallamoqchi bo‘lib o‘zini yuqori qo‘ygan».

^ 10- x.b. Luqoning bayonotida vasvasalar turli ketma-ketlikda, ammo Mattoning bayonotida, aftidan, ketma-ket tartibda keltirilgan. Nega bunday ekanining uchta sababiga diqqat qarataylik: a) Matto ikkinchi vasvasani «keyin» degan so‘z bilan boshlab, bu navbatdagisi bo‘lganiga ishora qilgan. b) «Agar sen Xudoning o‘g‘li bo‘lsang» deb boshlangan ikkita makkorona vasvasadan so‘ng, ochiqchasiga O‘nta amrdan birinchisini buzish vasvasasi aytilgan, deb mantiqan xulosa qilish mumkin. (Chiq. 20:2, 3) v) Iso: «Yo‘qol ko‘zimdan, Shayton!» — degan so‘zlarni uchinchi, ya’ni oxirgi vasvasadan so‘ng aytgani tabiiyroq ko‘rinyapti. (Mat. 4:5, 10, 11)