Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

6-BOB

«Mana endi kuningiz bitdi»

«Mana endi kuningiz bitdi»

HIZQIYO 7:3

BU BOBDA: Yahovaning Quddusga qarshi bashoratli hukmlarining amalga oshishi

1, 2. a) Hizqiyo o‘zini qanday tutgan? (Bobning boshidagi rasmga qarang.) b) Uning xatti-harakati nimaning bashorati edi?

HIZQIYO o‘zini g‘alati tutayotgani haqidagi xabar Bobil yurtida surgunda yashayotgan yahudiylar orasida tezda tarqalib ketadi. Bir haftacha u ularning orasida o‘ziga kelolmay, soqov bo‘lib o‘tiradi, lekin keyin qo‘qqisdan o‘rnidan turib, uyiga qamalib oladi. Buni kuzatayotgan qo‘shnilari juda hayron. Hizqiyo uyidan chiqib, g‘ishtni olib oldiga qo‘yadi va unga Quddus shahrining tasvirini o‘yadi. So‘ng esa lom-mim demay kichkina devorni barpo etishga kirishadi. (Hiz. 3:10, 11, 15, 24–26; 4:1, 2)

2 Soni ortib borayotgan tomoshabinlar: «Nima bo‘lyapti? Bu nimani bildiradi?» — deb bosh qotirishayotgandir. Vaqt o‘tibgina ular Hizqiyo payg‘ambar o‘zini g‘alati tutayotgani Yahova haqli ravishda g‘azablanayotganini ko‘rsatuvchi dahshatli voqeaning bashorati ekanini to‘liq anglab yetishadi. Qanday voqea haqida gap ketyapti? U qadimdagi Isroil xalqiga qay yo‘sin ta’sir qilgan? Bugungi kunda Yahovaga topinayotganlar uchun u qanday ma’noga ega?

G‘isht, bug‘doy, o‘tkir qilich

3, 4. a) Hizqiyo Xudo hukmining qaysi uchta jihatini ko‘rsatgan? b) Hizqiyo Quddusning qamal etilishini qanday qilib ko‘rsatib bergan?

3 Taxminan mil. avv. 613-yili Yahova Hizqiyoga Quddusga qarshi chiqargan hukmining uchta jihatini belgilar orqali ko‘rsatib berishni aytgan. Ular shulardan iborat: shaharning qamal etilishi, aholining azob chekishi va shahar-u xalqning barbod bo‘lishi. * Keling, har birini batafsil ko‘rib chiqaylik.

4 Quddusning qamal etilishi. Yahova Hizqiyoga shunday dedi: «G‘isht olib oldingga qo‘y... Shaharni qamalga ol». (Hizqiyo 4:1–3 ni o‘qing.) G‘isht Quddus shahrini, Hizqiyo esa Yahova foydalangan Bobil qo‘shinini bildirgan. Shuningdek, Yahova unga kichik devor barpo etishni, qiyalatib tuproq uyishni va devorteshar qurilmalar o‘rnatishni aytgan. Bularning barchasini u g‘isht atrofida qilgan. Ular Quddus shahrini qurshab oladigan va unga hujum qiladigan dushmanlarning qurollarini anglatgan. Dushman qo‘shinining temirday bo‘lgan kuchini ko‘rsatish uchun Hizqiyo «temir tovani» o‘zi va shahar orasiga o‘rnatgan. Keyin esa «shaharga yuzlangan». Hizqiyo hujumni tasvirlab bergani «Isroil xonadoni uchun» umuman kutilmagan voqeaning «alomati» bo‘lgan. Yahova ma’badi joylashgan va xalqining asosiy shahri hisoblangan Quddusni qamal qilish uchun dushman qo‘shinidan foydalanmoqchi edi.

5. Hizqiyo Quddus aholisi bilan nima yuz berishini qanday ko‘rsatganini ta’riflab bering.

5 Quddus aholisining azob chekishi. Yahova Hizqiyoga quyidagicha buyurgan: «Bug‘doy, arpa, loviya, yasmiq, tariq va speltani [bug‘doy navi] olgin-da,.. ulardan o‘zing uchun non tayyorla», «sen har kuni 20 shekel [t. 230 g.] og‘irlikdagi nonni o‘lchab yeysan». Keyin esa Yahova: «Quddusdagi non zaxirasini yo‘q qilyapman»,— deb sababini tushuntirgan. (Hiz. 4:9–16) Bu yerda Hizqiyo Bobil qo‘shinini emas, Quddus aholisini bildirgan. Uning xatti-harakatlari shahar qamal etilishi, non zaxirasi kamayishiga sabab bo‘lishining bashorati edi. O‘shanda non turli mahsulotlar aralashtirib qilingan. Bu, aholi topgan narsasini yeb ketishini ko‘rsatgan. Ocharchilik qay darajada dahshatli bo‘ladi? Yahova Hizqiyo orqali Quddus aholisiga shunday degan: «Ota-onalar bolalarining, bolalar esa ota-onasining etini yeydi». Oxir-oqibat, ko‘pchilik «ocharchilikning halokatli o‘qlaridan» azob chekadi va odamlar «ozib-to‘zib ketishadi». (Hiz. 4:17; 5:10, 16)

6. a) Hizqiyo bir vaqtning o‘zida qanday ikkita rolni bajargan? b) Xudoning: «Sochlarni tarozida tort va uch qismga ajrat»,— degan buyrug‘i nimani ko‘rsatgan?

6 Shahar-u xalqning barbod bo‘lishi. Hizqiyo bu bashoratni tasvirlash jarayonida bir vaqtning o‘zida ikkita rolni bajargan. Birinchidan, u Yahova nima qilishini ko‘rsatgan. Yahova unga: «O‘tkir qilichni olgin-da, uni sartaroshning ustarasi sifatida ishlat»,— degan. (Hizqiyo 5:1, 2 ni o‘qing.) Hizqiyoning qilich ushlagan qo‘li Yahovaning qo‘lini, ya’ni Bobil qo‘shinidan foydalanib amalga oshirgan hukmini bildirgan. Ikkinchidan, u yahudiylar bilan nima bo‘lishini ko‘rsatgan. Yahova unga: «Soching bilan soqolingni qir»,— degan. Sochining qirilishi yahudiylarga qay yo‘sin hujum qilinishi va o‘ldirilishini bildirgan. Bundan tashqari, Yahovaning: «Sochlarni tarozida tort va uch qismga ajrat»,— degan buyrug‘i U Quddusga qarshi chiqargan hukmi tasodifiy emas, maqsadli va obdan o‘ylangan ekanini ko‘rsatgan.

7. Nega Yahova payg‘ambarga qirilgan sochni uch qismga ajratishni va har bir qismi bilan turlicha yo‘l tutishni aytgan?

 7 Nega Yahova payg‘ambarga qirilgan sochni uch qismga ajratishni va har bir qismi bilan turlicha yo‘l tutishni aytgan? (Hizqiyo 5:7–12 ni o‘qing.) Hizqiyo sochning bir qismini «shahar ichida» yoqqani tomoshabinlarga Quddusda yashovchilarning ayrimlari shahar ichida o‘lishini ko‘rsatgan. U sochning boshqa qismini «shahar atrofida» qilich bilan maydalab chiqqani shahardagilarning boshqa qismi uning tashqarisida o‘ldirilishini bildirgan. Hizqiyo sochning uchinchi qismini shamolda uchirgani aholining qolgan qismi boshqa xalqlar orasida tarqalib ketishini, lekin «ularning ortidan quvish uchun qilich yalang‘ochlanishini» ko‘rsatgan. Ha, ular qayerga qochishmasin, baribir tinchlik topa olishmaydi.

8. a) Hizqiyo tasvirlagan bashorat qanday umid borligiga shama qiladi? b) «Bir tutam soch» haqidagi bashorat qanday amalga oshdi?

8 Lekin Hizqiyo tasvirlagan bashorat umid borligiga shama qiladi. Hizqiyo qirib olgan sochi haqida Yahova unga: «Bir tutam sochni olib, kiyiming etagiga tugib qo‘y»,— deb aytgan. (Hiz. 5:3) Bu buyruq boshqa xalqlar orasida tarqalib ketgan yahudiylarning oz qismi omon qolishini anglatgan. «Bir tutam»dan ayrimlari Bobilda 70-yil davomida surgunlikda bo‘lgandan keyin Quddusga qaytib kelganlar orasida bo‘ladi. (Hiz. 6:8, 9; 11:17) Bu bashorat amalga oshdimi? Ha. Bobil asirligi tugaganidan bir necha yil o‘tgach, Xaggey payg‘ambar tarqalib ketgan ba’zi yahudiylar Quddusga qaytgani haqida yozgan. Ular avvalgi uyni, ya’ni Sulaymon qurgan «ma’badni ko‘rgan yoshi ulug‘» kishilar edi. (Ezra 3:12; Xag. 2:1–3) Va’dasiga ko‘ra, Yahova pok topinish saqlanib qolishiga g‘amxo‘rlik qilgan. Tiklanish borasidagi tafsilotlarni 9-bobda ko‘rib chiqamiz. (Hiz. 11:17–20)

Bu bashorat bo‘lajak hodisalar haqida nimalarni ochib beryapti?

9, 10. Hizqiyo ko‘rsatib bergan narsalar bizga kelajagimizga oid qaysi muhim voqealarni eslatadi?

9 Hizqiyo ko‘rsatib bergan narsalar bizga Xudoning Kalomida bashorat qilingan kelajagimizga oid muhim voqealarni eslatadi. Bu qanday voqealar? Xuddi Quddus shahri bilan bo‘lganiday, Yahova aql bovar qilmaydigan bir narsa qiladi. U siyosiy kuchlardan foydalanib yer yuzidagi barcha soxta diniy tashkilotlarga hujum qiladi. (Vah. 17:16–18) Quddusning vayron qilinishi «misli ko‘rilmagan falokat» bo‘lgani kabi, «buyuk musibat» va uning avj nuqtasi bo‘lmish Armageddon jangi ham «bunaqasi hali bo‘lmagan» voqea bo‘ladi. (Hiz. 5:9; 7:5; Mat. 24:21)

10 Xudoning Kalomidan ayon bo‘layotganday, soxta dinni qo‘llab-quvvatlayotganlarning aksariyati kelajakda soxta din yakson qilinganda omon qoladi. Qo‘rquvda bo‘lgan o‘sha kishilar yashirinish uchun joy qidirayotgan turli mavqedagi boshqa kishilarga qo‘shilishadi. (Zakr. 13:4–6; Vah. 6:15–17) Ularning vaziyati bizga Quddus vayron qilinganda omon qolgan va «shamol» uchirib ketgan aholini eslatyapti.  7-xatboshida ko‘rib chiqqanimizday, o‘sha paytda ba’zilar omon qolgan bo‘lsa-da, Yahova «ularning ortidan quvish uchun qilich yalang‘ochladi». (Hiz. 5:2) Shu singari, soxta dinga qilingan hujumdan omon qolganlar Yahovaning qilichidan himoyalanish uchun yashirinadigan joy topa olmaydi. Ular echkilar bilan solishtirilgan insonlarga qo‘shilib Armageddonda o‘lib ketadi. (Hiz. 7:4; Mat. 25:33, 41, 46; Vah. 19:15, 18)

Xushxabarni aytish masalasiga kelsak, «soqov» bo‘lib qolamiz

11, 12. a) Hizqiyoning bashoratini tushunayotganimiz xizmatimizga bo‘lgan nuqtai nazarimizga qanday ta’sir qiladi? b) Voizlik faoliyatimiz va biz va’z qilayotgan xabar qanday o‘zgarishi mumkin?

11 Bu bashoratni tushunayotganimiz xizmatimiz va uning shoshilinch ekaniga bo‘lgan nuqtai nazarimizga qanday ta’sir qiladi? Bu bizni odamlarga Yahovaning xizmatchisi bo‘lishga ko‘maklashish uchun qo‘limizdan kelgan eng yaxshisini qilishga undaydi. Nega? Chunki «barcha xalqlardan shogird tayyorlash» uchun belgilangan vaqt chegaralangan. (Mat. 28:19, 20; Hiz. 33:14–16) «Tayoq», ya’ni siyosiy kuchlar dinga hujum qilganda, najot baxsh etuvchi xabarni va’z qilmay qo‘yamiz. (Hiz. 7:10) Hozir va’z qilayotgan xushxabarni oladigan bo‘lsak, Hizqiyo xizmat qilayotgan paytida xabarini va’z qilishni to‘xtatganiday yoki «soqov» bo‘lib qolganiday, biz ham «soqov» bo‘lib qolamiz. (Hiz. 3:26, 27; 33:21, 22) Darhaqiqat, soxta din yo‘q qilingach, odamlar «vahiy qidirib payg‘ambar oldiga boradi», ammo hech qanday najotbaxsh yo‘l-yo‘riqlar ololmaydi. (Hiz. 7:26) Boisi bunday yo‘l-yo‘riq olish va Masihning shogirdi bo‘lish imkoniyati qo‘ldan boy berilgan bo‘ladi.

12 Biroq voizlik faoliyatimiz to‘xtab qolmaydi. Nima uchun? Chunki buyuk musibat paytida do‘l o‘latiga o‘xshash hukm xabarini e’lon qilishni boshlaymiz. O‘sha xabar bugungi yovuz dunyoning kuni bitganining belgisi bo‘ladi. (Vah. 16:21)

«Mana, u kelyapti!»

13. Nega Yahova Hizqiyoga chap, keyin esa o‘ng tomonida yotishni aytgan?

13 Hizqiyo Quddusning qanday vayron bo‘lishini bashorat qilibgina qolmay, bu qachon bo‘lishini ham ko‘rsatib bergan. Yahova unga chap tomonida 390 kun, o‘ng tomonida esa 40 kun yotishni aytgan. Har bir kun yilni bildirgan. (Hizqiyo 4:4–6 ni o‘qing; Sah. 14:34) Quddus vayron bo‘lishining aniq yiliga ishora qilib, Hizqiyo tasvirlash jarayonini har kuni bir necha soat ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. Isroil xalqining 390-yil davom etgan qilmishi ehtimol mil. avv. 997-yili, 12 qabilali shohlik ikkiga bo‘linganda boshlangan. (3 Shoh. 12:12–20) Yahudoning 40-yil davom etgan qilmishi mil. avv. 647-yili boshlangan bo‘lishi mumkin. O‘sha yili Yeremiyo payg‘ambar Yahudo shohligini uni kutayotgan vayronagarchilik haqida ochiqchasiga ogohlantirish topshirig‘ini olgan. (Yerm. 1:1, 2, 17–19; 19:3, 4) Bu ikkala davr mil. avv. 607-yili tugaydi. Aynan o‘sha yili, Yahova bashorat qilganiday Quddus qulab yo‘q bo‘lib ketadi. *

Hizqiyo Quddus vayron bo‘lishining aniq yilini qanday ko‘rsatgan? (13-xatboshiga qarang.)

14. a) Qanday qilib Hizqiyo Yahova o‘z vaqtida harakat qilishidan shubhalanmaganini ko‘rsatgan? b) Quddusning vayron bo‘lishidan avval qanday voqealar yuz bergan?

14 Hizqiyo 390 kun va 40 kun haqida bashoratni olganda, u Quddus aynan qaysi yili vayron bo‘lishini tushunmagan bo‘lsa kerak. Shunday bo‘lsa-da, Quddus vayron etilguniga qadar u yahudiylarni Yahovaning amalga oshadigan hukmi haqida qayta-qayta ogohlantirib kelgan. U: «Vaqt oz qoldi, o‘sha kun yaqin»,— deb e’lon qilgan. (Hizqiyo 7:3, 5–10 ni o‘qing.) Hizqiyo Yahova o‘z vaqtida harakat qilishidan shubhalanmagan. (Ishayo 46:10) Qolaversa, u Quddusning vayron bo‘lishidan avval qanday voqealar yuz berishini ham bashorat qilib: «Falokat ustiga falokat... keladi»,— degan. O‘sha voqealar ijtimoiy, diniy va davlat tuzumlarining vayron bo‘lishiga yetaklagan. (Hiz. 7:11–13, 25–27)

Qamal qilingan Quddus tagiga olov yoqilgan «qozonni» eslatardi (15-xatboshiga qarang.)

15. Mil. avv. 609-yili Hizqiyo bashoratining qaysi qismlari amalga osha boshlagan?

15 Hizqiyo Quddus vayron bo‘lishini e’lon qilganidan bir necha yil o‘tgach, bu bashorat amalga osha boshlagan. Mil. avv. 609-yili Hizqiyo Quddusga hujum boshlanganidan xabar topgan. O‘shanda odamlar karnay tovushini eshitganda shaharni himoya qilish uchun birga yig‘ilishi kerak edi, lekin Hizqiyo bashorat qilganiday, «hech kim jangga chiqmagan». (Hiz. 7:14) Quddus aholisi shaharni Bobil qo‘shinidan himoya qilish uchun jang qilmagan. Ba’zi yahudiylar Yahova ularni qutqaradi deb o‘ylagan bo‘lishi mumkin. Zero, ossuriyaliklar qachonlardir Quddusga xavf solganda, Yahova farishtasini yuborib, qo‘shinning aksariyat qismini yakson qilgan. (4 Shoh. 19:32) Bu safar esa, yordamga farishta yuborilmadi. Ko‘p o‘tmay, qamal qilingan shahar — tagiga olov yoqilgan «qozonni», uning aholisi esa qozon ichidagi «go‘sht bo‘laklarini» eslatardi. (Hiz. 24:1–10) 18 oy davom etgan azobli qamaldan so‘ng, Quddus vayron bo‘ldi.

«Xazinani osmonda to‘planglar»

16. Yahova o‘z vaqtida harakat qilishiga amin ekanimizni qay yo‘sin ko‘rsata olamiz?

16 Hizqiyo bashoratining bu qismidan nimani o‘rganyapmiz? Bu biz va’z qilayotgan xabar va unga nisbatan odamlarning munosabati bilan bog‘liqmi? Yahova soxta dinni yo‘q qilish vaqtini belgilab qo‘ygan. Bu safar ham U o‘z vaqtida harakat qilishini isbotlaydi. (2 Butr. 3:9, 10; Vah. 7:1–3) Bu qachon bo‘lishining aniq sanasini bilmaymiz. Hizqiyo kabi biz ham: «Mana endi kuningiz bitdi»,— deb qayta-qayta ogohlantirish borasidagi Yahovaning topshirig‘ini bajarib kelyapmiz. Nega bu xabarni qayta-qayta aytishimiz kerak? Hizqiyo qaysi sababdan buni qilgan bo‘lsa, biz ham aynan shu sababdan bunday qilyapmiz. * Quddus vayron bo‘lishi haqidagi Xudoning bashoratiga ko‘pchilik ishonmagan edi. (Hiz. 12:27, 28) Lekin keyinchalik Bobildagi surgunda bo‘lgan ayrim yahudiylar Xudoning nazarida to‘g‘ri ishlar qilishni istashgan va ona yurtiga qaytib kelishgan. (Ishayo 49:8, 9) Bugun ham ko‘p odamlar bu dunyoning oxiri kelishiga ishonmaydi. (2 Butr. 3:3, 4) Shunday bo‘lsa-da, Xudoning xabarini e’lon etish ishi o‘z yakuniga yetmagan ekan, samimiy insonlarga hayot yo‘lini topishga yordam berishni xohlaymiz. (Mat. 7:13, 14; 2 Kor. 6:2)

Ko‘plar bizni tinglamasa-da, samimiy insonlarni qidiryapmiz (16-xatboshiga qarang.)

Nega Quddus aholisi «kumush-u oltinlarini ko‘chalarga uloqtirgan»? (17-xatboshiga qarang.)

17. Yaqinlashib kelayotgan buyuk musibatda ahvol qanday bo‘ladi va qanaqa voqealar yuz beradi?

17 Shuningdek, Hizqiyo payg‘ambarning bashorati diniy tashkilotlarga qarshi hujum boshlanganda, o‘sha tashkilotlarning a’zolari dinni himoya qilish uchun «jangga chiqmasligini» eslatmoqda. Ular: «Hazratim, Hazratim»,— deb xitob qilgani javobsiz qolganini tushungach, «qo‘lidan quvvati ketib», «ularni qaltiroq bosadi». (Hiz. 7:3, 14, 17, 18; Mat. 7:21–23) Qiziq, ular qanday yo‘l tutadi? (Hizqiyo 7:19–21 ni o‘qing.) Yahova shunday degan: «Kumush-u oltinlarini ko‘chalarga uloqtirishadi». Quddus aholisi haqidagi bu ma’lumot buyuk musibatda bo‘ladigan voqealarni yorqin tarzda tasvirlayapti. O‘shanda odamlar pul yaqinlashib kelayotgan musibatdan ularni qutqara olmasligini anglashadi.

18. Hizqiyo bashoratidan hayotimizda nima ustuvor ekani borasida qanday saboq olishimiz mumkin?

18 Hizqiyo bashoratining bu qismidan qanday saboq olishimiz mumkinligini tushundingizmi? Hayotimizda nima eng ustuvor ekanini aniqlab olishimiz kerak. Quyidagilar borasida fikr yuritaylik: Quddus aholisi shaharning vayron bo‘lishi yaqin ekanini, ularning kuni bitganini va moddiy narsalar qutqara olmasligini tushungandan keyingina, hayotida nima ustuvor ekani borasida keskin o‘zgarishlar qila boshladi. Ular bor narsasini tashlab, «vahiy qidirib payg‘ambar oldiga borgan», lekin juda kech bo‘lgan. (Hiz. 7:26) Bundan farqli ravishda, biz bu yovuz dunyoning kuni bitganini yaxshi bilamiz. Shuning uchun, Allohning va’dalariga bo‘lgan ishonchimiz hayotimizda eng ustuvor narsalar payida bo‘lishga undaydi. Ma’naviy boyliklar payida bo‘lish bilan bandmiz. Negaki, ular abadiy qadr-qimmatga ega bo‘lib, hech qachon «ko‘chalarga» uloqtirilmaydi. (Matto 6:19–21, 24 ni o‘qing.)

19. Hizqiyoning bashoratli so‘zlari bizga qanday taalluqli?

19 Xullasi kalom, Hizqiyoning Quddus vayron bo‘lishi haqidagi bashoratli so‘zlari bizga qanday taalluqli? Ular bizga boshqalarga Xudoning xizmatchilari bo‘lishga yordam berish uchun ajratilgan vaqt chegaralanganini eslatmoqda. Shu sababli, shogird tayyorlash ishini shoshilinch tarzda bajaryapmiz. Samimiy insonlar Otamiz Yahovaga topina boshlaganda juda ham quvonamiz. Lekin hatto bunday yo‘l tutmayotgan insonlarni uchratsak ham, Hizqiyo o‘z davridagi odamlarga: «Mana endi kuningiz bitdi»,— deganidek, ogohlantirish so‘zlarini aytishda davom etyapmiz. (Hiz. 3:19, 21; 7:3) Shu bilan birga, Yahovaga tayanish qarorimiz qat’iy bo‘lib, pok topinishni hayotimizda birinchi o‘ringa qo‘yyapmiz va eng muhim ahamiyatga ega deb bilyapmiz. (Zab. 52:7, 8; Hik. 11:28; Mat. 6:33)

^ 3- x.b. Hizqiyo bu barcha belgilarni tomoshabinlar oldida ko‘rsatgan, deb xulosa qilsak bo‘ladi. Nega? Chunki masalan non yopish va tugunni yelkaga ortish kabi ba’zi tasvirlash jarayonlarida, Yahova Hizqiyoga bularni «hammaning ko‘z o‘ngida» qilishni buyurgan. (Hiz. 4:12; 12:7)

^ 13- x.b. Yahova Quddus vayron bo‘lishiga yo‘l qo‘yib, nafaqat ikki qabilali Yahudo, balki o‘n qabilali Isroil shohligiga chiqarilgan hukmini ma’lum qilgan. (Yerm. 11:17; Hiz. 9:9, 10) («Muqaddas Kitobni anglamoq» ensiklopediyasi, «Хронология», «С 997 г. до н.э. до опустошения Иерусалима» sarlavhasi ostiga qarang.)

^ 16- x.b. Yahova xabarni ta’kidlash uchun Hizqiyo 7:5–7 da «yaqinlashmoqda», «kelyapti», «keldi» va «yaqin» degan so‘zlarni qo‘llagan.