Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

3-BOB

«Men Xudodan kelgan vahiyni ko‘ra boshladim»

«Men Xudodan kelgan vahiyni ko‘ra boshladim»

HIZQIYO 1:1

BU BOBDA: Hizqiyoning samoviy arava haqidagi bashoratini tahlil qilish

1–3. a) Hizqiyo ko‘rgan va eshitganlarini tasvirlab bering. (Bobning boshidagi rasmga qarang.) b) Hizqiyo ko‘rgan narsaning ortida qanday kuch turgan va bu unga qay yo‘sin ta’sir qilgan?

HIZQIYO uzoqdan, qumli tekislikdan kelayotgan bir narsani sinchiklab kuzatyapti. Uning ko‘zlari chaqchayadi. U ko‘zlariga ishonmaydi. Yer va osmon tutashgan joydan bo‘ron kelyapti. Lekin bu oddiy bo‘ron emas. Shimoldan esayotgan kuchli shamol singari u Hizqiyoning sochlarini to‘zg‘itib, kiyimlarini uchiradi. U ulkan va baland bulutni ko‘radi. Uning ichi yonayotgan olov bilan to‘lgan bo‘lib, yarqirashi eritilgan oltin va kumushni eslatadi. Bulut Hizqiyo tomon shiddat ila yaqinlashar ekan, ovozi balandlashib boradi — uning tovushi harbiy qo‘shinning shovqiniga o‘xshaydi. (Hiz. 1:4, 24)

2 Taxminan 30 yoshda bo‘lgan bu yosh kishi ilk bor unutilmas voqealarga duch kelyapti. U «Yahovaning qudratini», ya’ni Uning tengi yo‘q muqaddas ruhining ta’sirini o‘zida his etadi. U mazkur ruh ta’sirida ko‘radigan va eshitadigan narsalar hayratomuz bo‘lib, bugungi har qanday maxsus effektli filmdan o‘tib tushadi. Hizqiyo ko‘rgan vahiysi tufayli «yerga yuztuban tiz cho‘kadi» va butunlayin esankirab qoladi. (Hiz. 1:3, 28)

3 Lekin Yahova uni ehtirom hissiga to‘ldirishdan ko‘proq narsani niyat qilgan. Hizqiyo ko‘rgan ilk vahiy — bu kitobda yozilgan boshqa hayratomuz bashoratlar singari — ham u, ham Yahovaning bugungi sadoqatli xizmatchilari uchun ahamiyatga egadir. Shunday ekan, keling, Hizqiyo ko‘rgan va eshitgan narsalari bilan yaqinroq tanishaylik.

O‘sha paytdagi vaziyat

4, 5. Hizqiyo vahiy olgan paytda vaziyat qanday edi?

4 Hizqiyo 1:1–3 ni o‘qing. Keling, avvaliga vaziyat qanday bo‘lganini eslaylik. Mil. avv. 613-yil edi. Oldingi bobdan bilib olganimizday, Hizqiyo Bobilda, surgun qilinganlar orasida Kavor daryosi bo‘yida yashardi. Bu daryo, ehtimol, qayiqlar qatnaydigan va odamlar tomonidan qazilgan anhor bo‘lib, Furot daryosidan ajralib chiqqan, keyinchalik esa unga yana quyilgan.

Hizqiyo surgundagi odamlar orasida, Kavor daryosi bo‘yida yashagan (4-xatboshiga qarang.)

5 Surgun qilinganlarning uyi, ya’ni Quddus taxminan 800 kilometr uzoqlikda edi. * Hizqiyoning otasi ruhoniy bo‘lib xizmat qilgan ma’bad soxta topinish bilan bulg‘angan bo‘lib, butparastlik oddiy holga aylangan edi. Qachonlardir Dovud va Sulaymon ulug‘vorlik ila taxtda o‘tirib shohlik qilishgan Quddus endi sharmanda ahvolda edi. Sadoqatsiz shoh Yohayixin esa Bobilda, surgun qilinganlar bilan edi. Uning o‘rniga taxtni egallagan Zidqiyo Bobil shohi qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lib, yovuz inson edi. (4 Shoh. 24:8–12, 17, 19)

6, 7. Nega bu davr Hizqiyo uchun og‘ir bo‘lgan bo‘lishi mumkin?

6 Yuz berayotgan voqealar dastidan surgunda bo‘lganlarning imoni susayib borayotganini ko‘rish Hizqiyo kabi imonli kishi uchun juda og‘ir bo‘lgandir. U bilan surgunda bo‘lganlarning ayrimlari shunday o‘ylagandir: «Yahova bizni butunlayin tark etganga o‘xshaydi. Qudratli va yovuz Bobilning behisob soxta xudolari Yahovaga bo‘lgan pok topinishni va Uning yer yuzidagi hukmdorligini nahotki yo‘qqa chiqarsa?!»

7 Buni yodda tutgan holda Hizqiyoning ilk hayratomuz vahiysini o‘qib, ushbu bobni tadqiq qilib ko‘ring. (Hiz. 1:4–28) Buni qilar ekansiz, o‘zingizni Hizqiyoning o‘rniga qo‘yib, u ko‘rgan va eshitgan narsalarni tasavvur qilishga intiling.

Karxemish yaqinidagi hududdan oqib o‘tgan Furot daryosi(5-7-xatboshilariga qarang.)

O‘xshashi yo‘q arava

8. Hizqiyo vahiyda nimani ko‘rgan va u nimani bildiradi?

8 Xo‘sh, umuman olganda, Hizqiyo nimani ko‘rgan? U bahaybat va ehtirom hissini uyg‘otadigan aravaga o‘xshash narsani ko‘rgan. Uning to‘rtta katta g‘ildiragi bo‘lib, yonida to‘rtta o‘zgacha ruhiy mavjudot turadi. Keyinchalik bu ruhiy mavjudotlar karublar ekani aytilgan. (Hiz. 10:1) Ularning tepasida muzga o‘xshash chegaralangan maydon yoki sahn turardi. Uning ustida esa Xudovand Yahova ulug‘vor taxtida o‘tirardi! Bu arava nimani bildirardi? Hizqiyoning vahiysi faqat bir narsani — Yahovaning ulug‘vor tashkilotining samodagi qismini bildiradi. Nega bunday deyapmiz? Bu xulosaga kelishimizga sabab bo‘lgan uchta omilga e’tibor bering.

9. Yahovaning osmondagi mavjudotlari bilan munosabatlari samoviy arava tasvirlanganida qanday aks etgan?

9 Yahovaning samoviy mavjudotlari bilan bo‘lgan munosabatlari. E’tibor bergan bo‘lsangiz, vahiyda Yahovaning taxti karublar ustida joylashgan. Muqaddas Yozuvlarning boshqa joylarida ham Yahova shunga o‘xshash tarzda, ya’ni karublar ustida yoki o‘rtasida taxtda o‘tirgan holda tasvirlangan. (4 Shohlar 19:15 ni o‘qing; Chiq. 25:22; Zab. 80:1) Albatta, U tom ma’noda karublar, ya’ni qudratli ruhiy mavjudotlar ustida o‘tirmaydi. Axir Xudo ular Uni ko‘tarishiga ham, tom ma’nodagi aravada yurishga ham muhtoj emas. Biroq karublar Xudoning hukmdorligini qo‘llab-quvvatlaydi va U irodasini bajarish uchun koinotning har qanday yeriga ularni yubora oladi. Barcha muqaddas farishtalar singari ular Yahovaning xizmatchilari yoki vakillari sifatida Uning qarorlarini amalga oshiradi. (Zab. 104:4) Shu ma’noda Yahova farishtalarning barchasi ustida «o‘tiradi», ya’ni hukmdori sifatida ularni boshqaradi va shu yo‘sin ular Yahovaning ulkan, birlashgan aravasini tashkil qiladi.

10. Samoviy arava to‘rtta karubdan ko‘proq ruhiy mavjudotlardan iborat ekanini qayerdan bilsa bo‘ladi?

10 Karublarning soni to‘rtta bilan chegaralanib qolmaydi. Hizqiyo vahiyda to‘rtta karubni ko‘radi. Bu son Muqaddas Kitobda to‘liqlikni bildirish yoki hech qanday istisnosiz barchani tasvirlash maqsadida ishlatiladi. Shu bois, to‘rtta karub Yahovaning barcha sadoqatli ruhiy o‘g‘illarini bildiradi deb aytish mumkin. Qolaversa, nafaqat g‘ildiraklar, balki karublar ham ko‘zlarga to‘la ekaniga diqqat qarating. Bu, vahiyda ko‘rsatilgan to‘rtta karubdan ko‘proq ruhiy mavjudotlar hushyor turganining belgisidir. Shuningdek, Hizqiyo aravani bahaybat deb tasvirlaganidan, hatto hayratomuz karublar uning oldida kichkina ko‘ringan deb xulosa qilsak bo‘ladi. (Hiz. 1:18, 22; 10:12) Shunga o‘xshab, Yahova tashkilotining samodagi qismi ulkan bo‘lib, to‘rtta karub bilan chegaralanib qolmaydi.

Hizqiyo Yahovaning samoviy aravasini ko‘rib, ehtirom hissiga to‘ladi (8–10-xatboshilariga qarang.)

11. Doniyor Hizqiyonikiga o‘xshash qanday vahiy ko‘rgan va qanday xulosaga kelsak bo‘ladi?

11 Doniyor payg‘ambar osmon haqida shunga o‘xshash vahiy ko‘radi. Doniyor payg‘ambar uzoq yillar davomida Bobilda asirlikda bo‘lgan. U osmon haqida vahiy olgan. Shunisi qiziqki, o‘sha vahiyda ham Yahova taxtining g‘ildiraklari bor edi. Doniyor ko‘rgan vahiyda Yahovaning osmondagi ruhiy oilasi qanchalar katta ekaniga e’tibor qaratilgan edi. Doniyor Xudoning «ming-minglar... lak-lak» ruhiy o‘g‘illari Uning huzurida turganini ko‘rgan. Ular sud majlisida bo‘lganiday, har biri, ehtimol, u uchun belgilangan o‘rinda o‘tirgan. (Don. 7:9, 10, 13–18) Hizqiyo vahiyda ko‘rgan arava o‘sha barcha ulug‘vor ruhiy mavjudotlarni bildirgan, deb xulosa qilish o‘rinli emasmi?!

12. Nega samoviy arava haqidagi vahiyga o‘xshash vahiylarni tadqiq qilish biz uchun himoya bo‘lib xizmat qiladi?

12 Yahova diqqatimizni «ko‘rinmaydigan narsalarga» qaratish biz insonlar uchun himoya ekanini biladi. Nega? Et va qondan yaratilgan ekanmiz, ko‘pincha «ko‘rinadigan narsalarga», ya’ni vaqtinchalik bo‘lgan jismoniy masalalarga diqqat qaratishga moyilmiz. (2 Korinfliklarga 4:18 ni o‘qing.) Shayton ko‘pincha bu moyilligimizdan foydalanib, diqqatimizni tana istaklariga qaratishga harakat qiladi. Bu bosimga qarshi turishimiz uchun, Yahova Hizqiyoning bu kabi bashoratida yozilgan oyatlarni sevgi ila taqdim etdi. Bu ajoyib oyatlar Yahovaning samoviy oilasi qanchalar ulug‘vor ekanini va ehtirom hissini uyg‘otishini eslatadi.

«Aylanadigan g‘ildiraklar»

13, 14. a) Hizqiyo vahiyda ko‘rgan g‘ildiraklarni qay yo‘sin tasvirlagan? b) Nega samoviy aravaning g‘ildiraklari bo‘lgan deb ayta olamiz?

13 Boshida Hizqiyo diqqatini to‘rtta karubga qaratdi. Bu mavjudotlar va ularning o‘zgacha ko‘rinishi Yahova to‘g‘risida nimani ochib berishini keyingi bobdan bilib olamiz. Shu bilan birga Hizqiyo o‘sha har bir karubning yonida bittadan g‘ildirakni ko‘radi. Balki ular to‘rt tarafda joylashgan bo‘lib, ulkan to‘rtburchakni tashkil qilgandir. (Hizqiyo 1:16–18 ni o‘qing.) Ular tiniq va shaffof qimmatbaho tosh bo‘lmish xrizolitdan tashkil topganga va rangi sariq yoki sarg‘ish-yashil bo‘lganga o‘xshaydi. U chiroyli bo‘lib yarqirardi.

14 Hizqiyo ko‘rgan vahiyda aravaning g‘ildiraklariga katta urg‘u berilgan. Taxtning g‘ildiragi borligi o‘zgacha, shunday emasmi? Taxt biron yerga o‘rnatilgan bo‘ladi, deb o‘ylashga o‘rganganmiz va ko‘pincha ham shunday. Chunki yer yuzidagi boshqaruvchilarning ta’sir qilish chegarasi cheklangan. Ammo Yahovaning hukmdorligi har qanday insoniy boshqaruvdan farq qiladi. Hizqiyo bilib olganiday, Yahovaning hukmdorlik qilish qudrati cheksiz. (Naxim. 9:6) Yahova tom ma’noda har qanday yerda hukmdorlik qila oladi!

15. Hizqiyo g‘ildiraklarning tuzilishi va hajmi to‘g‘risida nima degan?

15 G‘ildiraklarning hajmi Hizqiyoni lol qoldirgan edi. U: «Ularning gardishlari shu qadar baland ediki, vahimaga solardi»,— deb yozgan. Hizqiyo bahaybat, yarqiragan va deyarli osmongacha yetganday ko‘ringan gardishlarni tomosha qilganini tasavvur qilishimiz mumkin. So‘ng u quyidagi qiziqarli tafsilotni qo‘shib qo‘ydi: «To‘rtala gardish ham gir aylanasiga ko‘zlar bilan qoplangan edi». Lekin, ehtimol, eng hayratda qoldiradigani o‘sha g‘ildiraklar o‘zgacha tarzda tuzilgani edi. U buni shunday deb tushuntirgan: «Ularning ko‘rinishi va tuzilishi, bittasi ikkinchisining ichida joylashgan g‘ildirakday edi». Xo‘sh, bu nimani anglatardi?

16, 17. a) Qaysi ma’noda g‘ildirakning bittasi ikkinchisining ichida joylashgan? b) G‘ildiraklar samoviy aravaning har tomonga harakatlanishi haqida nimani oshkor etmoqda?

16 Balki Hizqiyo ko‘rgan har bir g‘ildirak aslida ko‘ndalangiga o‘rnatilgan ikkita birlashgan g‘ildirakdan tashkil topgan. Bu nima sababdan Hizqiyo ularni quyidagicha tasvirlaganini tushuntiryapti: «Yurganda ular to‘rt tomonga qarab harakat qila olardi va yurib ketayotganda hech qayerga burilmasdi». Bu g‘ildiraklar Hizqiyo ko‘rgan samoviy arava haqida nimalarni ochib beryapti?

17 Bunday ulkan hajmdagi g‘ildiraklar bitta aylanganda katta masofani bosib o‘tardi. Bejizga vahiyda aravaning harakatlanishi chaqnayotgan chaqmoqday bo‘lmagan! (Hiz. 1:14) Bundan tashqari, har tomonga tezda harakatlana oladigan g‘ayrioddiy g‘ildiraklar haqida muhandislar faqat orzu qilishi mumkin. Bu arava har qanday tarafga tezligini pasaytirmay va hatto burilmay harakatlana oladi! Ammo u bu harakatlarini ko‘r-ko‘rona qilmaydi. Gardishlar ko‘zlar bilan qoplangani arava qaysi yo‘nalishda harakatlanmasin, atrofidagi barcha narsadan butkul xabardor ekanini ko‘rsatmoqda.

G‘ildiraklarning hajmi va ular qanchalik tez harakat qilgani hayratda qoldirgan (17-xatboshiga qarang.)

18. G‘ildiraklarning hayratga soluvchi hajmi va ko‘zlar bilan qoplanganidan nimalarni bilib olyapmiz?

18 Xo‘sh, Yahova Hizqiyoga — va barcha sadoqatli xizmatchilariga — tashkilotining samoviy qismi haqida nimani o‘rgatmoqchi edi? Hozirgacha nimalarni ko‘rib chiqqanimiz haqida mulohaza yuritib ko‘ring. G‘ildiraklarning yarqirashi va hajmidan ko‘rganimizday, Yahova tashkilotining samoviy qismi ulug‘vor bo‘lib, ehtirom hissiga to‘ldiradi. G‘ildiraklar ko‘zlarga to‘la bo‘lganidan Xudo barchasidan xabardor ekanini bildik. Ha, Yahova O‘z ko‘zlari bilan hammasini ko‘rib turibdi. (Hik. 15:3; Yerm. 23:24) Shuningdek, Uning koinotning har qanday yeriga yuborishi mumkin bo‘lgan millionlab farishtalari bor va ular barchasini ikir-chikirigacha o‘rganib, Hukmdoriga xabar bera oladi. (Ibroniylarga 1:13, 14 ni o‘qing.)

G‘ildiraklarning tuzilishi ular mukammal tarzda har tomonga harakatlanishini ko‘rsatardi (17-, 19-xatboshilariga qarang.)

19. Samoviy aravaning tezligi-yu har tomonga harakatlanishi Yahova hamda tashkilotining samodagi qismi haqida nimani ochib beryapti?

19 Shuningdek, arava nihoyatda tez va har tomonga harakatlana olishini ko‘ryapmiz. Yahova tashkilotining samodagi qismi bilan insoniy hukumatlar, tizimlar-u tashkilotlar orasida qanday farq borligi to‘g‘risida bir o‘ylab ko‘ring! Yahovaning aravasidan farqli ravishda insoniy hukumatlar dunyodagi muammolarni qanday hal qilishni va o‘zgarayotgan vaziyatlarga moslashishni bilmaydi. Shu bois, ular muvaffaqiyat qozonolmaydi va yo‘q bo‘lib ketadi. Ammo Yahovaning nazorati ostida bo‘lgan arava Uning mulohazakorligini va moslashuvchanligini mukammal tarzda aks ettiradi. Xudo O‘z ismining ma’nosiga ko‘ra, niyatini amalga oshirish uchun kim bo‘lishi kerak bo‘lsa O‘sha bo‘la oladi. (Chiq. 3:13, 14) Masalan, U xalqini himoya qilish maqsadida tezda qudratli Jangchi bo‘lishi va shu zahoti gunohlarni rahmdillik ila kechiradigan Shaxsga aylanishi, gunohidan tavba qilib, qalbi qattiq o‘ksiganlarga g‘amxo‘rlik qilishi va ularni oyoqqa turg‘izishi mumkin. (Zab. 30:5; Ishayo 66:13)

20. Nima uchun samoviy arava bizda ehtirom hissini uyg‘otishi kerak?

20 Bular ustida mulohaza qilar ekanmiz, Hizqiyoning vahiysi bizni o‘zimizga shunday savol berishga undaydi: «Yahovaning aravasi menda ehtirom hissini uyg‘otyaptimi?» Shuni unutmasligimiz kerakki, o‘sha arava hozir ham harakat qilyapti. Yahova, Uning O‘g‘li va barcha farishtalar bizni tushkunlikka tushirayotgan ayrim muammolarni ko‘rishmayapti, deb aslo o‘ylamasligimiz kerak. Qolaversa, Yahova bizga zarur bo‘lgan yordamni taqdim etishga kechikadi yoki Uning tashkiloti atrofimizdagi beqaror dunyoning ba’zi yangi qiyinchiliklariga moslasha olmaydi, deb tashvishlanmasligimiz zarur. Yahovaning tashkiloti faol va doim harakatda ekanini yodda tutsak, oqilona bo‘lardi. Darvoqe, Hizqiyo osmondan: «Aylanadigan g‘ildiraklar!» — degan ovozni eshitgan. (Hiz. 10:13) Ha, Yahovaning tashkiloti harakatda ekani ustida mulohaza yuritish ehtirom hissini uyg‘otadi, shunday emasmi?! Yahovaning O‘zi haqida fikr yuritganda esa, yanada ko‘proq ehtirom hissiga to‘lamiz.

Yagona Boshqaruvchi

21, 22. Arava bir butun bo‘lib turganini qanday tushuntirib bersak bo‘ladi?

21 G‘ildiraklardan so‘ng Hizqiyo diqqatini «haybatli muz kabi tovlanayotgan, sahnga o‘xshash bir narsa»ga qaratadi. (Hiz. 1:22) Karublarning boshlaridan ancha balandroqda yarqirayotgan shaffof maydon bor edi. Shunda mexanika sohasini tushunadigan o‘quvchida arava borasida ko‘plab savollar paydo bo‘lishi mumkin. Misol uchun, ba’zilar shunday o‘ylar: «Sahnni g‘ildiraklar ustida nima ushlab turibdi? Agar g‘ildiraklar o‘zaro biriktirilmagan bo‘lsa, ular qanday harakatlanadi?» Shuni yodda tutingki, bu arava fizika qonunlariga bo‘ysunmaydi, chunki u ramziy ma’noga ega bo‘lib, samodagi hayotni tasvirlaydi. Bundan tashqari, quyidagi muhim so‘zlarga diqqat qarating: «Tirik mavjudotlarda amal qilayotgan ruh g‘ildiraklarda ham amal qilar edi». (Hiz. 1:20, 21) Xo‘sh, o‘sha karublarda va g‘ildiraklarda qaysi ruh amal qilgan?

22 Shubhasizki, bu koinotdagi eng qudratli kuch — Yahovaning muqaddas ruhi edi. Bu faol kuch aravani bir butun qilib ushlab turadi, unga ta’sir qiladi va mukammal uyg‘unlikda harakat qilishi uchun uni boshqaradi. Buni yodda saqlagan holda, keling, Hizqiyo diqqatini aravaning yagona Boshqaruvchisiga qaratishiga e’tibor beraylik.

Hizqiyo payg‘ambar tasvirlashga til ojiz bo‘lgan narsalarni tushuntirish uchun so‘z topishi kerak edi

23. Hizqiyo Yahovani tasvirlashga harakat qilib qanday iboralarni qo‘llagan va nega?

23 Hizqiyo 1:26–28 ni o‘qing. Mazkur vahiyni tasvirlayotganda Hizqiyo «o‘xshash», «singari», «o‘xshardi» kabi so‘zlarni tez-tez qo‘llagan. Lekin yuqoridagi oyatlarda u bu so‘zlardan yanada ko‘proq foydalangan. U tasvirlashga til ojiz bo‘lgan narsalarni aytmoqchi bo‘lganga o‘xshaydi. Hizqiyo «sapfir toshi kabi, taxtga o‘xshash bir narsa»ni ko‘rdi. Ulkan to‘q ko‘k rangli sapfirdan o‘yilgan taxtni tasavvur qila olasizmi? Uning ustida bir Shaxs o‘tirardi va uning «qiyofasi insonnikiga o‘xshardi».

24, 25. a) Yahovaning taxtini qurshab turgan kamalak bizga nimani eslatadi? b) Bu kabi vahiylar ba’zida payg‘ambarlarga qanday ta’sir qilgan?

24 Bu ulug‘vor siymoni faqat umumiy tarzda ko‘rish mumkin edi. Chunki Yahovaning beli va yuqori qismidan ulug‘vorlik nurlari taralib turardi. Payg‘ambar bu ulug‘vorlikni kuzatar ekan, ko‘zlarini qisib, qo‘lini ko‘zlariga soyabon qilib qarashiga to‘g‘ri kelganini tasavvur qilishimiz mumkin. Nihoyat Hizqiyo vahiyning avj nuqtasini ko‘radi: «Taralib turgan nur, yomg‘irli kunda bulutlar orasidan chiqqan kamalakka o‘xshardi». Kamalakka ko‘zingiz tushganida, zavqqa to‘lganingizni his etganmisiz? Bu Yaratuvchimizning ulug‘vorligini eslatib turuvchi naqadar yorqin tasvir! Shuningdek, osmondagi rangli kamalak bizga Yahova To‘fondan keyin qilgan tinchlik ahdini eslatishi mumkin. (Ibt. 9:11–16) U ham Qudratli Tangri, ham Qodir tinchlik Xudosidir. (Ibron. 13:20) Uning qalbida tinchlik hukm suradi va bu tinchlik Unga sadoqat ila topinadigan barchaga ta’sir qiladi.

Yahovaning taxtini o‘rab turgan ulug‘vor kamalak tinchlik Xudosiga xizmat qilishimizni eslatib turadi (24-xatboshiga qarang.)

25 Tangri Yahova ulug‘vorligining tasvirini ko‘rish Hizqiyoga qanday ta’sir qilgan? Nima bo‘lgani haqida Hizqiyo quyidagicha yozgan: «Buni ko‘rganimda, yerga yuztuban tiz cho‘kdim». Hizqiyo Xudodan qo‘rqib, ehtirom hissiga to‘lgan va yerga yuztuban tiz cho‘kkan. Boshqa payg‘ambarlar ham Yahovadan vahiylar olganda, shunga o‘xshash munosabat ko‘rsatgan; bundan ular Xudoning oldida qanchalar ojiz ekanini tushunib, hatto esankirab qolgan bo‘lsa kerak. (Ishayo 6:1–5; Don. 10:8, 9; Vah. 1:12–17) Ammo vaqt o‘tgach, bu kishilar Yahova ularga ochib bergan narsalar tufayli kuchga to‘lgan. Shubhasizki, Hizqiyo haqida ham shunday desa bo‘ladi. Xo‘sh, u holda Muqaddas Yozuvlardan bu kabi voqealarni o‘qish bizga qanday ta’sir qilishi kerak?

26. Hizqiyo ko‘rgan vahiy uni qay yo‘sin qo‘llab-quvvatlagan?

26 Bordi-yu, Hizqiyo Xudo xalqining Bobildagi vaziyati tufayli shubha yoki xato fikrlarga borgan bo‘lsa ham, o‘sha vahiy unga kuch baxsh etgan bo‘lsa kerak. Darhaqiqat, Xudoning sadoqatli xizmatchilari Quddusda, Bobilda yoki boshqa yerda bo‘ladimi, bu muhim ahamiyatga ega emasdi. Zero, Yahovaning ulug‘vor aravasi yeta olmaydigan joy aslo yo‘qdir! Sadoqatli ruhiy mavjudotlardan iborat bo‘lgan ulug‘vor samoviy aravani Xudo boshqarar ekan, Shaytonning kuchi unga yetarmidi?! (Zabur 118:6 ni o‘qing.) Qolaversa, Hizqiyo samoviy arava insoniyatdan uncha uzoqda emasligini ko‘rdi. Axir uning g‘ildiraklari yerga tekkandi! (Hiz. 1:19) Sababi Yahova surgunlikda bo‘lgan sadoqatli xizmatchilari bilan astoydil qiziqardi. Ha, ular doim Otasining sevgiga to‘la g‘amxo‘rligi ostida bo‘ladi!

Arava hamda siz

27. Hizqiyoning vahiysi bugungi kunda biz uchun qanday ma’noga ega?

27 Hizqiyoning vahiysi bugungi kunda bizga tegishlimi? Bo‘lmasam-chi! Unutmang, hozirda Shayton pok topinishga har qachongidan ham ko‘proq hujumlar uyushtirmoqda. U bizni yolg‘iz va yakkalanib qolganimizga, samoviy Otamiz va Uning tashkiloti bizga yordam bera olmasligiga ishontirishni xohlaydi. Ongingizda yoki qalbingizda bu kabi yolg‘onlar ildiz otishiga aslo yo‘l qo‘ymang! (Zab. 139:7–12) Bizda ham Hizqiyo kabi ehtirom hissiga to‘lish uchun sabablar bisyor. Balki u kabi yerga yuztuban tiz cho‘kmasmiz. Lekin Yahova tashkilotining samodagi qismi naqadar qudratli, tez, har tomonga harakatlanadigan, moslashuvchan va ulug‘vorlik taratishidan hayratda qolib, ehtirom hissiga to‘lamiz, shunday emasmi?!

28, 29. Yahovaning aravasi o‘tgan asr davomida ham harakatlanganini nimadan ko‘rsak bo‘ladi?

28 Bundan tashqari, Yahova tashkilotining yer yuzidagi qismi ham borligini yodda tuting. Albatta tashkilotining yer yuzidagi qismi nomukammal odamlardan iborat. Biroq Yahova yer yuzida nimalarni amalga oshirgani haqida bir o‘ylab ko‘ring! Dunyo bo‘ylab Yahova oddiygina odamlarga aslida ular qila olmaydigan ishlarni bajarishlariga ko‘maklashdi. (Yuhan. 14:12) Birgina «Xudoning Shohligi boshqarmoqda» kitobini varaqlab, o‘tgan asrda va’zgo‘ylik ishi orqali ajoyib natijalarga erishilganini eslashimiz mumkin. Shuningdek, Yahovaning tashkiloti masihiylarga ta’lim berish uchun harakat qilayotgani, huquqiy yutuqlarga erishgani va hatto zamonaviy texnologiyalardan foydalanib Uning irodasini bajarishi haqida bir o‘ylab ko‘ring!

29 Ushbu yovuz zamonaning oxirgi kunlarida pok topinish tiklanishi uchun nimalar qilinayotgani ustida mulohaza yuritsak, Yahovaning aravasi harakatda ekanini yanada aniq ko‘ramiz. Bu tashkilot bilan bog‘liq bo‘lish va bunday Hukmdorga xizmat qilish kabi ehtirom hissini uyg‘otuvchi sharafga egamiz! (Zab. 84:10)

Yahova tashkilotining yer yuzidagi qismi doim harakatda (28-, 29-xatboshilariga qarang.)

30. Navbatdagi bobda nima haqida so‘z yuritiladi?

30 Ammo Hizqiyo ko‘rgan vahiydan yana ko‘proq narsalarni o‘rgana olamiz. Navbatdagi bobda o‘zgacha to‘rtta «tirik mavjudot»ga, ya’ni karublarga diqqat qaratamiz. Xo‘sh, ular ulug‘vor Hukmdorimiz Tangri Yahova to‘g‘risida nimalarni ochib bermoqda?

^ 5- x.b. Bu yerda to‘g‘ri masofa nazarda tutilgan, lekin surgunda bo‘lganlar bosib o‘tishi kerak bo‘lgan yo‘l bundan deyarli ikki barobar uzoqroq edi.