Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

19A RAMKASI

Yahovadan barakalar keltiruvchi daryolar

Yahovadan barakalar keltiruvchi daryolar

Keling, Muqaddas Kitobda Yahovadan keladigan barakalarni tasvirlash uchun «daryo» va «suv» so‘zlari qo‘llanilgan ayrim bayonotlarni ko‘rib chiqaylik. Ularni bir yo‘la ko‘rib chiqib, Yahova bizga qay yo‘sin barakalar berishi haqida daldali narsalarni bilib olamiz. Bu nimalar ekan?

YO‘EL 3:18. Mazkur bashoratda ma’baddan oqib chiqayotgan buloq haqida aytilgan. Buloq «Shitim vodiysini» sug‘orish uchun oqib chiqayotgan edi. Yo‘el ham, Hizqiyo ham unumsiz yerlarni jonlantirgan daryoni ko‘rgan edi. Ikkala bashoratda ham daryo Yahovaning uyi yoki ma’badidan oqib chiqayotgan edi.

ZAKARIYO 14:8. Zakariyo payg‘ambar Quddus shahridan «hayot suvi» oqib chiqayotganini ko‘rgan. Suvning yarmi sharqdagi dengizga, ya’ni O‘lik dengizga, qolgan yarmi esa g‘arbdagi dengizga, ya’ni O‘rta dengizga quyilayotgandi. Quddus «ulug‘ Shohning shahri», ya’ni Xudovand Yahovaning shahri bo‘lgan. (Matto 5:35) Zakariyo bu shahar haqida eslatib o‘tgani Yahova yaqinda butun yer yuzi ustidan boshqarishini yodimizga soladi. Bizga anchadan beri ma’lumki, bashoratda aytilgan suvlar Yahova jannatda sadoqatli kishilarning ikkita guruhiga baraka berishini anglatadi. Bu buyuk musibatdan omon qoladiganlar va undan keyin tiriladiganlar.

VAHIY 22:1, 2. Havoriy Yuhanno Hizqiyo ko‘rgan daryoga ko‘p jihatdan o‘xshash ramziy daryoni ko‘rgan. Biroq ular o‘rtasida kichik farq bor. Yuhanno ko‘rgan daryo ma’baddan emas, Yahovaning taxtidan oqib chiqayotgan edi. Shunday ekan, Zakariyoning vahiysi kabi bu vahiyda ham ming yillik ilohiy boshqaruv keltiradigan barakalarga urg‘u berilayotganga o‘xshaydi.

Bunday farqqa qaramay, Yahovaning boshqaruvi keltiradigan barakalar ham, Hizqiyoning vahiysida daryo sifatida tasvirlangan barakalar ham Yahovadan kelib chiqadi va barcha sadoqatli kishilar ustiga yog‘diriladi.

ZABUR 46:4. Mazkur birgina oyat ikkala jihatni ham, ya’ni topinish va boshqaruvni o‘z ichiga olganiga diqqat qarating. Bu yerda daryo Shohlik va boshqaruvni anglatuvchi «Allohning shahri» hamda pok topinishni anglatuvchi «Xudoyi Taoloning muqaddas chodiriga» quvonch baxsh etishi haqida aytilganini ko‘ryapmiz.

Umumiy qilib olganda bu bayonotlar Yahova sadoqatli insoniyatga ikki jihatdan baraka berishiga bizni ishontirmoqda. Birinchidan Uning boshqaruvi, ikkinchidan, pok topinish uchun uyushtirgan tadbiri bizga abadiy foyda keltiradi. Keling, hozirdanoq Alloh Yahova hamda O‘g‘li taqdim etayotgan «hayotbaxsh suvni» ichish, ya’ni ular abadiy yashashimiz uchun sevgi ila taqdim etayotgan barcha narsani qabul qilish qarorimiz qat’iy bo‘lsin. (Yerm. 2:13; Yuhan. 4:10)