Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

15-BOB

«Sening fohishaligingga chek qo‘yaman»

«Sening fohishaligingga chek qo‘yaman»

HIZQIYO 16:41

BU BOBDA: Hizqiyo hamda Vahiy kitoblarida qalamga olingan fohishalar haqidagi bayonotlardan nimani o‘rganishimiz mumkin?

1, 2. O‘z xohishi bilan fohishalikni tanlagan ayolni tasvirlab bering.

FOHISHAGA aylangan ayolni ko‘rish juda ayanchli. Xayolimizga darhol «Bunday tuban hayotni tanlashga uni nima majbur qildi ekan?» degan fikr kelishi mumkin. Uyidagilari unga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lgani yoki tahqirlagani uchun yoshgina umrini ko‘chalarda xazon qilyaptimikin? Yoki muhtojlik tufayli o‘zini bunday qullikka sotishga majbur bo‘ldimikin? Yoxud u beshafqat eridan qochganmikin? Ushbu yovuz dunyoda shunday ayanchli voqealar tez-tez uchraydi. Shu bois, Iso Masih ayrim fohishalarga mehr ila muomala qilgani ajablanarli emas. U tavba qilganlar va hayot tarzini o‘zgartirganlar yaxshiroq hayotga umid qilishlari mumkinligini ta’kidlagan. (Mat. 21:28–32; Luqo 7:36–50)

2 Ammo, keling, o‘zgacha bir fohishani tasavvur qilaylik. U o‘z xohishi bilan bunday hayotni tanlagan. Ayol bunday yashashni tubanlik emas, ko‘p narsaga ega bo‘lish imkoni, deb biladi. Kasbi orqali u pul orttirishni va boshqalarga ta’sir qilishni juda istaydi. Eng yomoni, bu ayol mehribon va sadoqatli eri bo‘la turib, unga xiyonat qilgan hamda o‘z ixtiyori bilan fohishalikni tanlagan bo‘lsa-chi? Bunday ayoldan va u tanlagan hayot yo‘lidan jirkanishimiz tabiiy. Bu bizda shunchalik salbiy tuyg‘ularni uyg‘otishini bilgan holda, Tangri Yahova soxta dinga qanday munosabatda ekanini ko‘rsatish uchun uni qayta-qayta fohishaga o‘xshatgan.

3. Bu bobda qaysi bayonotlarni ko‘rib chiqamiz?

3 Hizqiyo kitobida fohishalik haqida ikkita bayonot yozilgan. Ularda Xudoning Isroil hamda Yahudodagi xalqi qilgan sadoqatsizlik tasvirlangan. (Hiz. 16- va 23-boblar.) Bu bayonotlarni batafsil ko‘rib chiqishdan oldin boshqa ramziy fohishaga diqqat qaratish o‘rinli bo‘lardi. U fohishalikni Hizqiyoning davridan, hatto Isroil xalqi vujudga kelishidan ancha oldin boshlagan va hozirgi kungacha ishini davom ettiryapti. U haqida Muqaddas Yozuvlarning so‘nggi kitobi bo‘lmish Vahiyda yozilgan.

«Yer yuzi fohishalari... onasi»

4, 5. «Buyuk Bobil» nimani anglatadi va buni qayerdan bilamiz? (Bobning boshidagi rasmga qarang.)

4 Milodiy birinchi asrning oxirida Iso havoriy Yuhannoga bergan vahiyda o‘zgacha bir obraz tasvirlangan. U «buyuk fohisha» hamda «Buyuk Bobil — yer yuzi fohishalari... onasi» deb atalgan. (Vah. 17:1, 5) Asrlar davomida din rahbarlari hamda ilohiyotshunoslar bu ayol kimni bildirishi ustida bosh qotirishgan. Ular turlicha fikr bildirib, u Bobil, Rim yoki rim-katolik cherkovini anglatadi deyishgan. Ammo Yahovaning Shohidlariga ushbu «buyuk fohisha» aslida kimni anglatishi o‘nlab yillardan beri ma’lum. U butun jahonga ta’sirini o‘tkazayotgan soxta din imperiyasidir. Buni qayerdan bilamiz?

5 Bu fohisha «yer yuzi podshohlari», ya’ni siyosiy kuchlar bilan zino qilganlikda ayblangan. Demak, u siyosiy kuchlarni anglatmasligi aniq. Bundan tashqari, Vahiy kitobida aytilishicha, Buyuk Bobil vayron qilinganida «dunyo savdogarlari», ya’ni dunyoning tijorat va biznes olami motam tutadi. Bundan chiqdi, Buyuk Bobil tijorat olamini bildirmaydi. Unda u nimani anglatadi? U «sehr-jodu» qilganlikda, butparastlikda va yolg‘onchilikda aybdor. Bu ayblovlar dunyodagi buzilgan diniy tashkilotlarga nihoyatda mos keladi. Qolaversa, bu fohisha dunyoning siyosiy kuchlari ustiga minib olgan, ya’ni ularga muayyan ta’sir o‘tkazish qudratiga ega, deb tasvirlangan. Shuningdek, u Tangri Yahovaning sadoqatli xizmatchilarini ta’qib qilmoqda. (Vah. 17:2, 3; 18:11, 23, 24) Hozirgi paytda soxta din aynan shunday qilyapti.

Soxta din bilan bog‘liq butun yer yuzi bo‘ylab tarqalgan barcha urf-odatlar, ta’limotlar va tashkilotlar qadimgi Bobildan kelib chiqqan (6-xatboshiga qarang.)

6. Qaysi ma’noda Buyuk Bobil «yer yuzi fohishalari... onasi»?

6 Nega Buyuk Bobil nafaqat «buyuk fohisha», balki «yer yuzi fohishalari... onasi» deb ham atalgan? Soxta din behisob oqimlar-u mazhablarga bo‘linib ketgan. Qadimgi Bobilda tillar aralashtirib yuborilganida soxta dinning ko‘plab ta’limotlari butun dunyo bo‘ylab tarqalgan va son-sanoqsiz dinlar paydo bo‘lgan. «Buyuk Bobil» o‘z nomini soxta dinlarning beshigi bo‘lmish Bobil shahridan olgani juda o‘rinli. (Ibt. 11:1–9) Shu bois, barcha dinlarni bitta tashkilotning, ya’ni buyuk fohishaning «qizlari» deyish mumkin. Odatda Shayton bunday dinlardan foydalanib odamlarni sehr-jodu, butparastlik hamda Xudoga isnod keltiradigan e’tiqodlar-u urf-odatlarga jalb qiladi. Butun jahonga ta’sirini o‘tkazayotgan buzilgan diniy tashkilot borasida Xudoning xalqiga quyidagi ogohlantirish berilgani ajablanarli emas: «Ey xalqim, uning gunohlariga sherik bo‘lma,.. undan chiqib ket!» (Vahiy 18:4, 5 ni o‘qing.)

7. Nega Buyuk Bobildan «chiqib ketish» haqidagi ogohlantirishga quloq solishimiz lozim?

7 Ushbu ogohlantirishga quloq soldingizmi? Aslida odamlar «ma’naviy narsalarga chanqoq bo‘lgani» uchun birorta dinga e’tiqod qilishga intiladi. Yahovaning O‘zi insoniyatni bunday chanqoq, ya’ni ehtiyoj bilan yaratgan. (Mat. 5:3) Faqatgina Yahovaga pok tarzda topinib inson bu ehtiyojini o‘rinli tarzda qondira oladi. Tabiiyki, Yahovaning xizmatchilari ma’naviy fohishalikning har qanday turidan iloji boricha uzoq bo‘lishga intiladi. Shayton Iblis esa boshqa maqsadni ko‘zlaydi. U Xudoning xalqini bunday fohishalik tuzog‘iga ilintirishni istaydi. Ko‘pincha u bu borada muvaffaqiyatga erishgan. Hizqiyoning davriga kelib Xudoning xalqi anchadan beri ma’naviy fohishalik bilan shug‘ullanayotgan edi. Ularning tarixini ko‘rib chiqsak, Yahovaning me’yorlari, adolati va rahm-shafqati haqida ko‘p narsani bilib olamiz.

«Fohishalik qila boshlading»

8–10. Soxta dinga aralashib qolsak, Yahova nimalarni his qilishini tushunishga pok topinishga oid qaysi muhim talab yordam beradi? Misol keltiring.

8 Hizqiyo kitobida Yahova fohisha misolidan foydalanib xalqining sadoqatsizligi Unga qanday ta’sir qilganini ko‘rsatib bergan. Hizqiyo ilohiy ilhom ostida ikkita yorqin bayonotni qalamga olgan. Ularda xalqining sadoqatsizligi-yu axloqsiz xulq-atvori Yahovaga qanchalik og‘riq keltirgani va O‘zini xiyonatga uchraganday his etgani aks ettirilgan. Nega U xalqini fohishalarga o‘xshatgan?

9 Bu savolning javobini tushunish uchun avvaliga 5-bobda ko‘rib chiqilgan pok topinishga oid muhim talabni eslashimiz lozim. Isroil xalqiga berilgan Tavrotda Yahova: «Mendan o‘zga xudolaringiz bo‘lmasin. [...] Men, Xudoyingiz Yahova mutlaq sadoqatni talab qiladigan Tangriman»,— deb aytgan. (Chiq. 20:3, 5) Keyinroq Alloh bu haqiqatni yana bir bor quyidagicha ta’kidlagan: «Boshqa xudolarga sajda qilmanglar. Chunki Yahova mutlaq sadoqatni talab etuvchi Tangri sifatida tanilgan. Darhaqiqat, U mutlaq sadoqatni talab qiluvchi Xudodir». (Chiq. 34:14) Yahova xohish-irodasini aniq-ravshan izhor etgan. Yahovaga ma’qul tarzda xizmat qilishni istasak, Unga mutlaq sadoqatni namoyon etishimiz kerak.

10 Misol tariqasida nikohni olaylik. Ham er, ham xotin qaysidir ma’noda bir-biridan mutlaq sadoqatni kutishga haqli. Bordi-yu, turmush o‘rtoqlardan biri nikohdan tashqari kimgadir ishqiy tuyg‘ularni rivojlantirsa yoki jinsiy munosabatda bo‘lsa, ikkinchisi rashk qilishi va o‘zini xiyonatga uchraganday his etishi tabiiy. (Ibroniylarga 13:4 ni o‘qing.) Topinish masalasida ham xuddi shunday, Yahovaga bag‘ishlangan xalq soxta xudolarga sig‘insa, U buni O‘ziga nisbatan xiyonat, deb hisoblaydi. Yahova bu boradagi tuyg‘ularini Hizqiyo 16-bobda ta’sirli tarzda izhor etgan.

11. Yahova Quddus va uning kelib chiqishi haqida nimani aytib beradi?

11 Yahovaning Hizqiyo 16-bobda keltirilgan so‘zlari Uning bu kitobdagi eng uzun nutqi, shuningdek, butun Ibroniycha yozuvlardagi eng uzun bashoratlaridan biridir. Yahova sadoqatsiz Yahudoni bildiruvchi Quddus shahriga diqqatini qaratadi. U Quddusning kelib chiqishi va xiyonati to‘g‘risida ayanchli va dahshatli hikoyani aytib beradi. Quddusni anglatuvchi ramziy ayol boshida kir va tashlandiq chaqaloqday edi. Uning ota-onasi butparast kan’onliklar yurtidan bo‘lgan. Chindan ham, Dovud bosib olishidan oldin, Quddus uzoq vaqt davomida Kan’onning yobusiylar qabilasi boshqaruvi ostida bo‘lgan. Bu tashlandiq chaqaloqqa Yahovaning rahmi keladi. Xudo uni tozalab, parvarishlaydi. Vaqt o‘tib, bu ayol Uning xotiniday bo‘ladi. Bu shaharda Yahova bilan ahd qilgan isroilliklar yashay boshlaydi. U Musoning davrida o‘z xohishi ila ahd shartlariga ko‘ngan edi. (Chiq. 24:7, 8) Quddus yurtning poytaxtiga aylanganida, Yahova unga baraka beradi, boy qiladi hamda badavlat va qudratli er o‘z xotinini zeb-ziynatlar bilan bezaganiday uni go‘zal qiladi. (Hiz. 16:1–14)

Sulaymon o‘zga xalqlardan bo‘lgan xotinlarining ta’siriga berilib, Quddusni butparastlik bilan bulg‘agan (12-xatboshiga qarang.)

12. Qay yo‘sin Quddusga soxta topinish kirib keladi?

12 Keyin nima yuz berganiga e’tibor bering. Yahova shunday deydi: «Sen o‘z chiroyingga ishonding va dong taratganingdan foydalanib fohishalik qila boshlading. O‘tgan-ketgan bilan zino qilib, go‘zalligingni ularga berding». (Hiz. 16:15) Sulaymon davrida Yahova xalqiga baraka berib, ularni shunchalik boyitadiki, Quddus o‘sha paytdagi eng ulug‘vor va dong‘i ketgan shaharga aylanadi. (3 Shoh. 10:23, 27) Biroq sekin-asta Quddusga soxta topinish kirib keladi. Sulaymon o‘zga xalqlardan bo‘lgan ko‘plab xotinlarining ko‘nglini olish uchun Quddusni butlarga topinish bilan bulg‘aydi. (3 Shoh. 11:1–8) Undan keyin taxtga o‘tirganlar butun yurtni soxta topinish bilan bulg‘ab, ahvolni battar yomonlashtiradi. Bunday fohishalik va xiyonatga Yahova qanday munosabat bildiradi? U shunday deydi: «Bunaqasi avval bo‘lmagan edi, boshqa bo‘lmasligi ham kerak». (Hiz. 16:16) Lekin Uning o‘zboshimcha xalqi axloqsizlikka battar botib ketadi.

Ayrim isroilliklar bolalarini Mo‘lax kabi butlarga qurbonlikka keltirgan

13. Quddus aholisi qanday yovuzliklar qilgandi?

13 Tanlangan xalqining yovuzligini fosh qilayotib Yahova qanchalik og‘riqni his qilgani va jirkanganini tasavvur qiling. U quyidagilarni aytgan: «Fohishalik qilganing yetmaganmidi?! Menga tug‘ib bergan o‘g‘il-qizlaringni ham butlarga qurbonlikka keltirding. Sen bolalarimni o‘ldirding. Ularni olovga tashlab qurbon qilding». (Hiz. 16:20, 21) Quddus aholisi qilgan dahshatli ishlar Shayton qanchalik yovuz ekanini ko‘rsatmoqda. Yahovaning xalqini bunday jirkanch ishlarga og‘dirish Shaytonga juda yoqadi. Biroq Yahova hammasini ko‘rib turadi. Alloh Shaytonning vahshiyliklari keltirgan har qanday zararni qoplashga qodir va U adolatni o‘rnatadi. (Ayub 34:24 ni o‘qing.)

14. Yahova keltirgan masalda Quddusning opasi va singlisi kimlar bo‘lgan hamda ularning uchtasidan qay biri yovuzroq edi?

14 Ammo Quddusning yovuz ishlari o‘zini dahshatga solmaydi. U fohishaligini davom ettiradi. Yahova bu ayol boshqa fohishalardan ham uyatsiz ekanini aytadi, chunki u boshqalarga u bilan axloqsizlik qilishi uchun haq to‘laydi. (Hiz. 16:34) Xudo Quddus ham «onasiga», ya’ni bir paytlar yurtda yetakchilik qilgan butparast qabilalarga tortganini aytadi. (Hiz. 16:44, 45) Oila haqidagi misolini davom ettirib, Yahova Quddusni diniy fohishalikka boshlagan opasi Samariya haqida gapiradi. Alloh, shuningdek, Quddusning singlisi Sado‘mni tilga oladi. Bu barchaga o‘zining takabburligi va o‘taketgan axloqsizligi uchun yo‘q qilingan qadimgi Sado‘m shahrini eslatadi. Yahova Quddus shahri yovuzlik borasida opa-singlisi — Samariya va hatto Sado‘mdan ham oshib tushganini ta’kidlaydi. (Hiz. 16:46–50) Xudoning xalqi ko‘plab ogohlantirishlarga parvo qilmay, jirkanch hayot tarzini davom ettiradi.

15. Yahovaning Quddus ustidan hukmni ijro etishdan maqsadi nima edi, ammo U xalqiga qanday umid berdi?

15 Endi Yahova nima qiladi? U Quddusga shunday deydi: «Sendan lazzatlangan o‘ynashlaringni,.. birga yig‘aman. [...] Seni ularning qo‘liga beraman». Xudo xalqining butparast bo‘lgan sobiq ittifoqdoshlari Quddusning go‘zalligi va qimmatbaho narsalarini talon-toroj qilib, uni vayron qiladi. «Seni toshbo‘ron qilishadi. Qilichlari bilan seni o‘ldirishadi»,— deydi Yahova. Ushbu hukmni ijro etishdan Yahovaning maqsadi nima edi? U xalqini butunlay yo‘q qilib yubormoqchi emasdi. Aksincha, U maqsadini quyidagicha tushuntiradi: «Sening fohishaligingga chek qo‘yaman». Xudo: «Shunda qahrim bosilib, g‘azabimdan tushaman. Tinchlanib, boshqa O‘zimni tahqirlanganday his qilmayman»,— deb qo‘shib qo‘yadi. 9-bobda muhokama qilinganiday, Yahovaning anchadan beri ko‘zlagan niyati xalqini surgundan qaytarib olib kelgach, ularning orasida haq topinishni tiklashdan iborat edi. Nega Xudo bunday qilmoqchi bo‘ladi? U: «Sen bilan yoshligingda qilgan ahdimni yodga olaman»,— deb aytadi. (Hiz. 16:37–42, 60) Xalqidan farqli o‘laroq, Yahova butunlay sodiq ekanini isbotlaydi! (Vahiy 15:4 ni o‘qing.)

16, 17. a) Nega Oxola bilan Oxolibo xristian olamining bashoratli timsoli emas degan xulosaga keldik? («Fohisha opa-singil» nomli ramkaga qarang.) b) Hizqiyo kitobining 16- va 23-boblaridan qanday amaliy saboqlar olishimiz mumkin?

16 Yahova Hizqiyo kitobining 16-bobida yozilgan uzun va ta’sirli nutqi orqali O‘zining odil me’yorlari, adolat hissi va cheksiz rahm-shafqati to‘g‘risida bizga muhim saboq bermoqda. Hizqiyo 23- bob haqida ham shunday deyish mumkin. Bugungi kunda Xudoning chinakam xizmatchilari Uning qadimgi xalqi qilgan fohishalik haqidagi aniq bayonotlarga diqqat qaratishadi. Biz Yahudo va Quddus kabi Yahovani ranjitishni aslo istamaymiz! Shu bois, har qanday butparastlikdan qochishni xohlaymiz. Bu uning turlari bo‘lmish ochko‘zlik va molparastlikni ham o‘z ichiga oladi. (Mat. 6:24; Kolos. 3:5) Yahova rahm-shafqati ila ushbu oxirgi kunlarda pok topinishni tikladi va bundan buyon u bulg‘anishiga yo‘l qo‘ymaydi. Biz bu uchun minnatdorchilikni saqlab qolmoqchimiz. U ramziy Isroil bilan «doimiy ahd» qilgan. (Hiz. 16:60) Bu ahd hech qachon buzilmaydi, chunki mazkur xalq hech qachon sadoqatsizlik yoki ma’naviy fohishalik qilmaydi. Shunday ekan, Yahovaning pok xalqi orasida bo‘lish sharafini qadrlaylik.

17 Xo‘sh, Yahovaning Hizqiyo kitobida qalamga olingan fohishalarga qarshi aytgan so‘zlaridan «buyuk fohisha», ya’ni Buyuk Bobil haqida nimani bilib olyapmiz? Keling, ko‘rib chiqaylik.

U «aslo qad ko‘tarmaydi»

18, 19. Hizqiyo kitobidagi fohishalar bilan Vahiy kitobidagi fohisha o‘rtasida qanday o‘xshashliklar bor?

18 Yahova o‘zgarmaydi. (Yoqb. 1:17) Uning soxta dinga bo‘lgan munosabati buyuk fohishaning butun tarixi davomida hech ham o‘zgarmagan. Shuning uchun, Hizqiyo kitobidagi fohishalar ustidan ijro etilgan hukm bilan Vahiy kitobidagi «buyuk fohisha»ni kutayotgan yakun bir-biriga o‘xshash ekanidan hayron qolmaymiz.

19 Masalan, shunga e’tibor berishimiz mumkinki, Hizqiyoning bashoratidagi fohishalarga chiqarilgan hukmni shaxsan Yahova emas, balki Uning sadoqatsiz xalqi qaysi xalqlar bilan ma’naviy fohishalik qilgan bo‘lsa, o‘shalar ijro etgan. Shu singari, butun jahonga ta’sirini o‘tkazayotgan soxta din imperiyasi ham «yer yuzi podshohlari» bilan zino qilganlikda ayblangan. U kim orqali jazolanadi? Siyosiy kuchlar «fohishadan nafratlanishadi. Uni yalang‘ochlab, talon-toroj qilishadi. Tanasini yeyishadi, o‘zini esa o‘tda butunlay yoqib yuborishadi». Nega dunyo hukumatlari kutilmaganda bunday qilishadi? Chunki ular «Xudo ularning diliga solgan fikrni amalga oshirishadi». (Vah. 17:1–3, 15–17)

20. Bobilga chiqarilgan hukm so‘nggi hukm bo‘lishi nimadan ko‘rinyapti?

20 Demak, barcha soxta dinlar, jumladan, xristian olamidagi ko‘plab dinlar ustidan hukmini ijro etishda Yahova dunyo xalqlaridan foydalanadi. Bu so‘nggi hukm bo‘ladi; soxta din ortiq kechirilmaydi va hayot yo‘lini o‘zgartirishi uchun unga boshqa imkon berilmaydi. Vahiy kitobida Bobil «aslo qad ko‘tarmaydi» deyilgan. (Vah. 18:21) Xudoning farishtalari Bobil yo‘q qilinganidan quvonib, shunday deyishadi: «Yahga hamdlar bo‘lsin! Bobildan chiqayotgan tutun abadulabad burqiraydi». (Vah. 19:3) Bu uzil-kesil hukm bo‘ladi! Soxta din yana paydo bo‘lishiga va pok topinishni bulg‘ashiga aslo yo‘l qo‘yilmaydi. Bobil ustidan olovli hukm chiqarilgach va u yo‘q qilingach, ramziy ma’noda aytganda undan abadiy tutun chiqib turadi.

Buyuk Bobil ko‘pdan beri yo‘ldan urib, o‘z ta’sirin o‘tkazib kelayotgan xalqlar unga qarshi chiqishadi va uni yo‘q qilishadi (19-, 20-xatboshilariga qarang.)

21. Soxta dinning yo‘q qilinishi qanday payt boshlanganining belgisi bo‘ladi va bu payt nima bilan yakun topadi?

21 Dunyo hukumatlari Buyuk Bobilga qarshi chiqishganida Xudoning hukmini ijro etishadi. Bu esa Yahovaning niyati amalga oshishida ulkan ahamiyatga ega voqea bo‘ladi. Bu voqea buyuk musibat, ya’ni misli ko‘rilmagan tartibsizlik payti boshlanganining belgisi bo‘ladi. (Mat. 24:21) Yahovaning bu yovuz zamonaga qarshi jangi, ya’ni Armageddon ushbu musibatning avj nuqtasi bo‘ladi. (Vah. 16:14, 16) Keyingi boblardan shuni bilib olamizki, Hizqiyo kitobida buyuk musibat paytida voqealar qanday rivoj topishi haqida ko‘p narsalar ochib berilgan. Ungacha esa Hizqiyo 16- va 23-boblaridan qanday saboqlar chiqarishimiz va ularni amalda qo‘llashimiz mumkin?

Xudoning hukmini ijro etish uchun bu dunyo hukumatlari Buyuk Bobilga qarshi chiqishadi (21-xatboshiga qarang.)

22, 23. Hizqiyo hamda Vahiy kitoblarida fohishalar haqida yozilganlarni ko‘rib chiqish topinishimizga qanday ta’sir qilishi lozim?

22 Shayton Xudoga pok tarzda topinayotganlarni yo‘ldan urishni istaydi. U bizni pok topinishni qoldirib, Hizqiyo kitobida qalamga olingan fohishalarning hayot tarzini tanlashga og‘dirmoqchi. Hech narsa unga bundan-da ortiq xursandchilik keltirmaydi. Shuni yodda tutishimiz lozimki, Yahova topinishda bevafolig-u sadoqatsizlikka chidab turmaydi! (Sah. 25:11) Xudoning nazarida «harom» bo‘lgan narsaga tegmaslik uchun, soxta dindan uzoqroq yurishga intilamiz. (Ishayo 52:11) Shunga o‘xshash sabablarga ko‘ra, ushbu bo‘lingan dunyodagi siyosiy kelishmovchiliklar-u kurashlarda Xudoga sodiq qolib, betaraflikni saqlaymiz. (Yuhan. 15:19) Biz uchun millatchilikning Shayton olg‘a surayotgan ko‘plab soxta dinlardan farqi yo‘q va biz millatchilik qilmaymiz.

23 Eng muhimi, keling, Yahovaga Uning pok ramziy ma’badida topinish sharafiga ega ekanimizni yodda tutaylik. Mazkur bebaho tadbirni qadrlar ekanmiz, soxta din va uning fohishaligiga hech qanday aloqamiz bo‘lmasligiga qat’iy qaror qilaylik!