Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

18-BOB

«G‘azabim alanga oladi»

«G‘azabim alanga oladi»

HIZQIYO 38:18

BU BOBDA: Go‘gning hujumi Yahovaning g‘azabini qo‘zg‘atadi; Armageddon jangi paytida Yahova O‘z xalqini himoya qiladi

1–3. a) Yahovaning qahr-g‘azabi nimaga sabab bo‘ladi? (Bobning boshidagi rasmga qarang.) b) Nimani ko‘rib chiqamiz?

ERKAKLAR, ayollar va bolalar birgalikda turib hamd-u sano qo‘shig‘ini kuylashdi. Keyin oqsoqol chin dildan ibodat qilib, Yahovadan ularni himoya qilishini so‘radi. Yahova g‘amxo‘rlik qilishiga jamoat a’zolarining ishonchi komil, lekin baribir ular tasalli va daldaga muhtoj. Tashqaridan urush tovushlari eshitilyapti. Armageddon boshlandi! (Vah. 16:14, 16)

2 Armageddonda Yahova g‘azabga minib odamlarni yo‘q qiladi. (Hizqiyo 38:18 ni o‘qing.) U g‘azabini nafaqat bir qo‘shin yoki xalqqa, balki butun yer yuzidagi son-sanoqsiz odamlarga sochadi. O‘sha kuni «Yahova qirib tashlagan odamlarning jasadlari yerning bir chetidan ikkinchi chetigacha yoyilib yotadi». (Yerm. 25:29, 33)

3 «Shafqatli va rahmdil, sabr-toqatli» deb ta’rif berilgan sevgi Xudosi bo‘lmish Yahova qahr-g‘azabga berilib bunday yo‘l tutishiga nima sabab bo‘ladi? (Chiq. 34:6; 1 Yuhan. 4:16) Keling, ushbu savolning javobini bilish qay yo‘sin bizga ulkan tasalli bag‘ishlashi, jasoratga to‘ldirishi va hozir va’zgo‘ylik ishida qatnashishga undashini ko‘rib chiqaylik.

Yahovaning g‘azabi alanga olishiga nima sabab bo‘ladi?

4, 5. Xudoning g‘azabi nomukammal insonlarnikidan nimasi bilan farq qiladi?

4 Avvaliga Yahovaning g‘azabi nomukammal insonlarnikidan farq qilishini anglashimiz lozim. Odamning g‘azabi qaynab harakatga tushganida ko‘pincha oqibatini nazorat qilish mushkul va u kamdan-kam hollarda yaxshi natija keltiradi. Masalan, Yahova Odamatoning to‘ng‘ich o‘g‘li Qobilning emas, uning ukasi Hobilning qurbonligini qabul qilganida «Qobilning qattiq jahli chiqqan». (Ibt. 4:3–8; Ibron. 11:4) Oqibati qanday bo‘lgan? Qobil odil inson bo‘lgan ukasini o‘ldirgan. (Ibt. 4:3–8; Ibron. 11:4) Yahovaning ko‘ngliga yoqadigan inson, deb ta’rif berilgan Dovud haqida ham o‘ylab ko‘raylik. (Havor. 13:22) Boy yer egasi Navol uni va odamlarini haqorat qilganini eshitganida hatto bu yaxshi inson ham dahshatli jinoyatga qo‘l urishiga sal qolgan. G‘azabga mingan Dovud va odamlari «qilichini beliga bog‘lab» nafaqat noshukur Navolni, balki uning xonadonidagi barcha erkaklarni o‘ldirmoqchi bo‘lgan. Yaxshiyamki, Navolning xotini Obigayl Dovudni va odamlarini qasos olmaslikka ko‘ndirgan. (1 Shoh. 25:9–14, 32, 33) Yahova Yoqubni: «G‘azabga beriladigan odam, Alloh talab etgan adolatga muvofiq yo‘l tuta olmaydi»,— deb yozishga ilhomlantirgani bejiz emas. (Yoqb. 1:20)

Yahova jahlini doim nazorat qiladi va U nega g‘azablanayotganini aniq tushunamiz

5 Insonlardan farqli o‘laroq, Yahova jahlini doim nazorat qiladi va U nega g‘azablanayotganini aniq tushunamiz. Hatto qattiq g‘azablanganida ham Yahova adolat ila yo‘l tutadi. Dushmaniga qarshi kurashganida U hech qachon «odil insonni yovuz bilan yo‘q... qilmaydi». (Ibt. 18:22–25) Qolaversa, Yahova o‘rinli sabab bo‘lgandagina g‘azablanadi. Keling, buning ikkita sababini va ulardan qanday saboq olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqaylik.

6. Ismi bulg‘anganida Yahova qanday yo‘l tutadi?

6 Sabab: Yahovaning ismi bulg‘anishi. Yahovaning vakillarimiz, deb da’vo qila turib yovuzlik qiladiganlar Uning obro‘yiga dog‘ tushiradi va haqli ravishda g‘azabini qo‘zg‘aydi. (Hiz. 36:23) O‘tgan bobda muhokama qilinganiday, Isroil xalqi Yahovaning ismiga isnod keltirgan. Xalqning fikrlash tarzi-yu ishlari Yahovaning g‘azabini qo‘zg‘atgani tabiiy. Biroq U doim qahrini nazorat qilgan, ya’ni xalqini faqatgina yetarlicha jazolagan. (Yerm. 30:11) Berilgan jazo o‘z maqsadiga yetgach, Yahova butunlay jahlidan tushgan. (Zab. 103:9)

7, 8. Yahova isroilliklarga qilgan muomalasidan qanday saboqlar olishimiz mumkin?

7 Saboqlar: Yahova isroilliklarga qanday muomala qilgani biz uchun muhim ogohlantirish bo‘lib xizmat qiladi. Qadimgi Isroil xalqi singari biz ham Yahovaning nomi bilan atalish sharafiga egamiz. Biz Yahovaning Shohidlarimiz. (Ishayo 43:10) Shu bois, so‘zlarimiz-u ishlarimiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xudoning obro‘yiga ta’sir qiladi. Biz bila turib yomon ish qilishni va Yahovaning ismiga dog‘ tushirishni aslo istamaymiz. Chunki bu Yahovaning g‘azabini qo‘zg‘atadi va ertami-kechmi U O‘z obro‘yini himoya qilishga kirishadi. (Ibron. 3:13, 15; 2 Butr. 2:1, 2)

8 Yahovaning g‘azabi alanga olishi mumkinligi haqidagi ogohlantirish Unga yaqinlashishimizga to‘sqinlik qilishi kerakmi? Aslo. Yahova sabr-toqatli va kechirimli ekanini bilamiz. (Ishayo 55:7; Rim. 2:4) Ammo shu bilan birga U kerak bo‘lganda jazolashini ham tan olamiz. Darhaqiqat, biz Xudoga nisbatan ehtirom hissini tuyamiz, chunki Uning g‘azabi gunoh qilaverib diydasi qotib ketganlarga nisbatan alanga olishini va bundaylar Uning xalqi orasida qolishiga yo‘l qo‘ymasligini bilamiz. (1 Kor. 5:11–13) Yahova nima Uning jahlini chiqarishini bizga aniq aytgan. Shunday ekan, fikrlash tarzimiz va ishlarimiz bilan Uning g‘azabini qo‘zg‘ashdan qocha olamiz. (Yuhan. 3:36; Rim. 1:26–32; Yoqb. 4:8)

9, 10. Sadoqatli xalqiga tahdid solishganida Yahova qanday yo‘l tutadi? Misollar keltiring.

9 Sabab: Yahovaning sadoqatli xalqiga tahdid qilishganda. Yahovaning g‘azabi dushmanlar Unga sodiq va Undan panoh izlaydigan kishilarga hujum qilganida alanga oladi. Masalan, Isroil xalqi Misrni tark etgach, fir’avn va uning qudratli qo‘shini bu xalqqa hujum qilgan. Xalq Qizil dengiz bo‘yiga to‘planib olgan hamda himoyasizday tuyulgan. Ammo qudratli qo‘shin Isroil xalqining ortidan dengizning qurigan tubiga tushganida, Yahova jang aravalarining g‘ildiraklarini chiqarib yuborgan va misrliklarni dengizga uloqtirgan. «Ulardan birortasi ham omon qolmagan». (Chiq. 14:25–28) Yahova xalqiga mehr-sadoqatli bo‘lgani uchun misrliklarga nisbatan g‘azabi alanga olgan. (Chiqish 15:9–13 ni o‘qing.)

Hizqiyoning davrida farishta Xudoning xalqini ossuriyaliklardan himoya qilganiday, bizni ham farishtalar himoya qiladi (10-, 23-xatboshilariga qarang.)

10 Shu singari, shoh Hizqiyoning davrida Yahova xalqiga bo‘lgan sevgisi tufayli harakatga tushgan. O‘sha davrning eng qudratli va shafqatsiz qo‘shini bo‘lmish ossuriyaliklar Quddusga qarshi yurish qilgan. Yahovaning sodiq xizmatchilariga qamal ostida sekin va dahshatli o‘lim xavf solgan. (4 Shoh. 18:27) Shuning uchun Yahova bitta farishtasini yuborgan va u bir kechada 185 000 ta askarni o‘ldirgan. (4 Shoh. 19:34, 35) Ertasi kuni ossuriyaliklar qarorgohida vaziyat qanday bo‘lganini bir tasavvur qiling. Nayzalar, qalqonlar va qilichlar shundoqligicha yerda yotibdi. Burg‘u tovushi odamlarni uyg‘otmayapti. Harbiy bo‘linmalar saf tortmayapti. Chodirlar uzra qo‘rqinchli jimlik cho‘mgan va hamma joyda jasadlar yotibdi.

11. Xalqiga tahdid qilishganida Yahova qanday yo‘l tutgani haqidagi Muqaddas Kitobda yozilgan misollar bizga qay yo‘sin tasalli va jasorat baxsh etadi?

11 Saboqlar: xalqiga tahdid qilishganida Yahova qanday yo‘l tutgani haqidagi misollar dushmanlarimiz uchun kuchli ogohlantirish bo‘lib xizmat qiladi. Barhayot Alloh g‘azablanganida Uning «qo‘liga tushish dahshatlidir». (Ibron. 10:31) Mazkur misollar bizga tasalli va jasorat baxsh etadi. Eng asosiy dushmanimiz Shayton muvaffaqiyatga erishmasligini bilish ham bizga dalda beradi. Yaqinda u hukmronlik qilishi uchun ajratilgan qisqa vaqt o‘z nihoyasiga yetadi. (Vah. 12:12) Ungacha esa hech bir shaxs, tashkilot yoki hukumat Xudoning irodasini bajarishimizga to‘sqinlik qila olmasligini bilib jasorat ila xizmatimizni davom ettirishimiz mumkin. (Zabur 118:6–9 ni o‘qing.) Havoriy Pavlusning quyidagi so‘zlari bizdagi aminlikni yaxshi aks ettiradi: «Agar Tangri biz tarafda bo‘lsa, unda kim bizga qarshi chiqadi?» (Rim. 8:31)

12. Buyuk musibat paytida Yahovaning g‘azabi alanga olishiga nima sabab bo‘ladi?

12 Yahova misrliklar tomonidan tuzoqqa tushirilgan isroilliklarni hamda ossuriyaliklar tomonidan qamal qilingan Quddusdagi yahudiylarni himoya qilgani kabi yaqinlashib kelayotgan buyuk musibat paytida bizni ham himoya qiladi. Dushmanlar bizni yo‘q qilishga uringanida, bizni qattiq sevgani uchun Yahovaning g‘azabi ularga alanga oladi. Bizga nodonlarcha hujum qiladiganlar Yahovaning qorachig‘iga tekkanday bo‘ladi. U tezkorlik va qat’iylik bilan harakat qiladi. (Zakr. 2:8, 9) O‘shanda misli ko‘rilmagan qirg‘in bo‘ladi. Biroq Yahovaning dushmanlari U g‘azabini to‘kayotganini ko‘rib hayron qolishmaydi. Nega?

Yahova qanday ogohlantirishlar bergan?

13. Yahova nima to‘g‘risida ogohlantirishlar bergan?

13 Yahova sabr-toqatli va Unga qarshi chiqqan hamda xalqiga tahdid solganlarni yo‘q qilishi to‘g‘risida aniq ogohlantirishlar bergan. (Chiq. 34:6, 7) U Yeremiyo, Hizqiyo, Doniyor payg‘ambarlar, Iso Masih hamda havoriylar Butrus, Pavlus va Yuhanno orqali buyuk yakuniy jang haqida ogohlantirgan. («Buyuk jang haqidagi ogohlantirishlar» nomli ramkaga qarang.)

14, 15. Yahova qanday ishlarni amalga oshiryapti va nega?

14 Yahova mazkur ogohlantirishlarni Kalomiga yozdirgan. Shuningdek, U Muqaddas Kitob tarixdagi eng ko‘p tillarga tarjima qilingan hamda keng tarqalgan kitob bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qilgan. Xudo butun yer yuzi bo‘ylab ixtiyoriy xizmatchilardan iborat qo‘shinni to‘plagan. Ular boshqalarga Xudo bilan yaqin munosabatlarni rivojlantirishga ko‘maklashyapti va «Yahovaning ulug‘ kuni yaqin» ekani haqida ogohlantiryapti. (Zaf. 1:14; Zab. 2:10–12; 110:3) U xalqini Muqaddas Kitobni tadqiq qilishga ko‘maklashadigan adabiyotlarni yuzlab tillarga tarjima qilishga, shuningdek, har yili Kalomdagi va’dalar-u ogohlantirishlar haqida gapirishga yuz millionlab soat sarflashga undamoqda.

15 Yahova bularning barini qilayotganining sababi «U hech kimning halok bo‘lishini istamaydi, ammo hammaning tavba qilishini xohlaydi». (2 Butr. 3:9) Sevuvchi va sabr-toqatli Allohimizning vakillari bo‘lish hamda Uning xabari tarqalishida oz bo‘lsa-da hissa qo‘shish naqadar katta sharaf! Ammo ogohlantirishlarni nazar-pisand qilmayotganlar uchun yaqinda juda kech bo‘ladi.

Yahovaning g‘azabi qachon alanga oladi?

16, 17. Dushmanlar xalqiga qachon hujum qilishini Yahova qayerdan biladi?

16 Yahova yakuniy jang kunini belgilab qo‘ygan. U dushmanlar xalqiga qachon hujum qilishini oldindan biladi. (Mat. 24:36) Xo‘sh, U buni qayerdan biladi?

17 O‘tgan bobda ko‘rganimizday, Yahova Go‘gga: «Jag‘laringga ilgaklar solaman»,— degan edi. U xalqlarni hal qiluvchi to‘qnashuvga boshlaydi. (Hiz. 38:4) Bu Yahova birinchi bo‘lib hujum boshlashini, shuningdek, Unga qarshi chiqadiganlarni iroda erkinligidan mahrum qilishini bildirmaydi. Aksincha, U qalblarni ko‘rishini va yuzaga kelgan sharoitlarda dushmanlari qanday yo‘l tutishini bilishini anglatadi. (Zab. 94:11; Ishayo 46:9, 10; Yerm. 17:10)

18. Nega odamlar Qodir Tangriga qarshi chiqishadi?

18 Yahova jangni O‘zi boshlamas va dushmanlarini urushishga majburlamas ekan, nega oddiy odamlar Qodir Tangriga qarshi chiqadi? Buning sabablaridan biri, ehtimol, o‘sha paytga kelib odamlar Xudo yo‘qligiga yoki U bor bo‘lsa ham odamlarning ishiga aralashmasligiga ishonishadi. Bunday fikrga borishlariga yer yuzidagi soxta diniy tashkilotlarni yo‘q qilib yuborishgani sabab bo‘lishi mumkin. Ular agar Xudo mavjud bo‘lganida o‘zlarini Uning vakillarimiz, deb atayotgan tashkilotlarni himoya qilgan bo‘lardi, deb o‘ylashar. Aslida esa Allohning O‘zi Uni sharmanda qilayotgan dinlarni yo‘q qilish fikrini ularning diliga solganini anglashmaydi. (Vah. 17:16, 17)

19. Soxta din yo‘q qilingach, hoynahoy, nima yuz beradi?

19 Soxta din yo‘q qilinganidan biroz vaqt o‘tgach, Yahovaning xalqi mudhish xabarni e’lon qiladi. Vahiy kitobida bu xabar har biri 20 kilogramm keladigan do‘lga o‘xshatilgan. (Vah. 16:21, izoh) Hoynahoy, bu xabar siyosat va tijorat yo‘q qilinishi haqida bo‘lib, uni eshitganlarga azob keltiradi va odamlar Xudoni la’natlay boshlashadi. Ehtimol, aynan shu xabar tufayli xalqlar Xudoning xalqiga yoppasiga hujum qilib, bizni birato‘la tinchitishga urinar. Ular bizni himoyasiz va osongina yo‘q qilib yuborish mumkin, deb o‘ylashadi. Ular qanchalik adashadi-ya!

Yahova g‘azabini qanday sochadi?

20, 21. Go‘g kim va u bilan nima yuz beradi?

20 O‘tgan 17-bobda ko‘rib chiqqanimizday, Hizqiyo bizga hujum qiladigan xalqlar ittifoqiga nisbatan «Mago‘g yurtidagi Go‘g» degan bashoratli nomni qo‘llagan. (Hiz. 38:2) Ammo bu ittifoq a’zolari orasida nomigagina birlik bo‘ladi. Ular o‘zaro hamkorlik qilayotganday tuyulsa-da, oralarida raqobat, mag‘rurlik va millatchilik davom etadi. Shuning uchun, Yahova osongina har birining qilichini «birodariga qarshi» qilib qo‘yadi. (Hiz. 38:21) Biroq xalqlar inson qo‘lidan yo‘q bo‘lib ketmaydi.

21 Yo‘q bo‘lib ketishdan oldin dushmanlarimiz «Inson O‘g‘lining alomati»ni, hoynahoy, Yahova hamda Isoning insonlarnikidan ustun turadigan qudrati namoyon bo‘lganini ko‘rishadi. (Mat. 24:30) Bizga qarshi chiqayotganlar dahshatga soluvchi narsalarning guvohi bo‘lishadi. Iso bashorat qilganiday, «odamlar yer yuziga kelayotgan hodisalarni kutib qo‘rquvdan ado bo‘lishadi». (Luqo 21:25–27) Ular Yahovaning xalqiga hujum qilib, qattiq adashganini anglashadi. Ular Yaratuvchini qo‘mondon, Qo‘shinlar Sarvari Yahova sifatida bilib olishadi. (Zab. 46:6–11; Hiz. 38:23) Shubhasizki, Yahova samoviy qo‘shini hamda tabiat kuchlaridan foydalanib sadoqatli xizmatchilarini himoya qiladi, dushmanlarini esa qirib tashlaydi. (2 Butrus 2:9 ni o‘qing.)

Dushmanlar xalqiga tahdid solganida Yahova qahrini sochish uchun samoviy qo‘shindan foydalanadi (21-xatboshiga qarang.)

22, 23. Xudoning xalqini kim himoya qiladi va ular o‘z vazifasi haqida qanday fikrda bo‘lishi shubhasiz?

Yahovaning kuni haqida bilganlarimiz bizni nima qilishga undashi lozim?

22 Samoviy qo‘shinni Xudoning dushmanlari ustiga boshlab borishni va Otasini sevadigan hamda Unga xizmat qiladigan kishilarni himoya qilishni Iso qanchalik istashi haqida o‘ylab ko‘ring. Moylanganlarning ko‘nglidan qanday tuyg‘ular o‘tishini ham tasavvur qilib ko‘ring. Armageddondan biroz oldin ularning yer yuzida qolgan qismi samoviy hayotga ko‘tariladi va 144 000 moylanganlarning bari Iso bilan jangda qatnashadi. (Vah. 17:12–14) Moylanganlarning ko‘pchiligi oxirzamon paytida boshqa qo‘ylardan bo‘lgan masihiylar bilan yelkama-yelka xizmat qilib yaqin munosabatlarni rivojlantirgan bo‘lishi shubhasiz. O‘shanda ularni qiyin damlarda sadoqat ila qo‘llab-quvvatlaganlarni himoya qilish uchun moylanganlarda ham hokimiyat, ham qudrat bo‘ladi. (Mat. 25:31–40)

23 Isoning samoviy qo‘shini tarkibida farishtalar ham bo‘ladi. (2 Salon. 1:7; Vah. 19:14) Ular Shaytonni va jinlarni samodan uloqtirishda Isoga yordam berishgandi. (Vah. 12:7–9) Farishtalar yer yuzida Yahovaga topinishni istovchilarni to‘plashda ham qatnashyapti. (Vah. 14:6, 7) Yahova sadoqatli xizmatchilarini himoya qilishda farishtalar ham qatnashishiga izn berishi juda oqilona, shunday emasmi?! Eng muhimi esa Yahovaning qo‘shiniga kiruvchi barcha Uning dushmanlarini yo‘q qilib, ismini yoki obro‘yini oqlashda qatnashishni sharaf, deb hisoblaydi. (Mat. 6:9, 10)

24. Buyuk olomonni tashkil etuvchi boshqa qo‘ylar o‘zini qanday tutishi kerak bo‘ladi?

24 Ularni shunday qudratli va ezgu niyatli qo‘shin himoya qilar ekan, buyuk olomonni tashkil etuvchi boshqa qo‘ylarning qo‘rqishiga zarracha ham asos yo‘q. Chindan ham, ular qomatini g‘oz tutib boshini ko‘tarishadi, zero xalos bo‘lish vaqti yaqinlashib qoldi. (Luqo 21:28) Yahovaning kuni kelguniga qadar imkon boricha ko‘proq odamlarga mehribon va g‘amxo‘r Otamizni tanib-bilishga hamda Unga mehr qo‘yishga ko‘maklashishimiz nihoyatda muhim. (Zafaniyo 2:2, 3 ni o‘qing.)

Armageddon paytida Yahovaning xalqi jang qilmaydi. Hujum qiluvchilar bir-biriga qarshi kurasha boshlaganida, farishtalar Xudoning xalqini himoya qiladi. (Hiz. 38:21) (22–24-xatboshilariga qarang.)

25. Keyingi bobda nima haqida gap yuritiladi?

25 Insonlar olib borgan urushlardan keyin tartibsizlig-u azob-uqubat qoladi. Bundan farqli ravishda Armageddon jangi tartib va baxt olib keladi. Yahova g‘azabidan tushib, qo‘shini qilichini qiniga solib qo‘yganida va buyuk jang nihoyasiga yetganida hayot qanday bo‘ladi? Keyingi bobda o‘sha ajoyib kelajak haqida gap yuritiladi.