Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

14-BOB

«Bu, ma’bad bilan bog‘liq qonundir»

«Bu, ma’bad bilan bog‘liq qonundir»

HIZQIYO 43:12

BU BOBDA: ma’bad haqida vahiy. Hizqiyoning davri va bizning kunlar uchun amaliy saboqlar

1, 2. a) O‘tgan bobdan Hizqiyoning ma’bad haqidagi vahiysi borasida nimani bilib oldik? b) Ushbu bobda qanday ikkita savolni ko‘rib chiqamiz?

HIZQIYO vahiyda asrlar osha havoriy Pavlus ta’riflagan buyuk ramziy ma’badni ko‘rmagan. Buni o‘tgan bobdan bilib olgan edik. Shuningdek, vahiy Xudoning xalqiga pok topinish borasida ilohiy me’yorlar muhimligini o‘rgatish maqsadida berilganini bilib oldik. Faqatgina o‘sha me’yorlarga amal qilib xalq Yahova bilan qaytadan yaxshi munosabatlarga ega bo‘lishi mumkin edi. Bundan nega Yahova shu bitta oyatda: «Bu, ma’bad bilan bog‘liq qonundir»,— degan asosiy fikrni ikki marta takrorlaganini tushunamiz. (Hizqiyo 43:12 ni o‘qing.)

2 Hozir navbatdagi ikkita savolni ko‘rib chiqishimiz kerak. Birinchidan: ma’bad haqidagi vahiydan Hizqiyoning davridagi yahudiylar Yahovaning pok topinish borasidagi me’yorlar haqida qanday aniq saboqlar olgan bo‘lishi mumkin? Bu savolning javobi ikkinchi savolning javobini topishga yordam beradi: notinch oxirgi kunlarda ushbu vahiy biz uchun qanday ma’noga ega?

Qadimda vahiydan qanday saboqlar olingan?

3. Vahiydagi ma’bad baland tog‘ ustida joylashgani qanaqasiga xalqni xatolaridan uyalishga undagan?

3 Birinchi savolga javob olish uchun ma’bad haqidagi vahiyning ayrim hayratomuz xususiyatlariga diqqat qaratamiz. Baland tog‘. Odamlar Hizqiyoning vahiysidagi joyni Ishayoning qalbimizga iliqlik baxsh etadigan tiklanish haqidagi bashorati bilan bog‘lagan bo‘lishi mumkin. (Ishayo 2:2) Yahovaning uyi bunday baland tog‘da joylashganidan ular qanday saboq olishgan? Bu ularga pok topinish yuksalishi, ko‘tarilishi va boshqa barcha narsadan ustun qo‘yilishi kerakligini o‘rgatgan. Albatta pok topinish yuksalishi tabiiy, chunki uni «boshqa barcha xudolardan g‘oyat ustun» bo‘lgan Shaxs tashkillashtirgan. (Zab. 97:9) Biroq xalq o‘z tomonidan harakat qilmagan. Asrlar davomida ular pok topinish qadrini yo‘qotishiga, tark etilishiga va bulg‘anishiga qayta-qayta yo‘l qo‘yishgan. Xudoning muqaddas uyi yuksalganini, o‘zining sharafli va haqli o‘rniga ko‘tarilganini ko‘rish samimiy insonlarni o‘z xatolaridan uyalishga undagani aniq.

4, 5. Hizqiyoni tinglaganlar ma’badning darvozalari baland bo‘lganidan qanday saboq olishlari mumkin edi?

4 Baland darvozaxonalar. Vahiyning boshida Hizqiyo darvozaxonalarni o‘lchab yurgan va unga yo‘lboshlovchilik qilgan farishtani ko‘rgan edi. O‘sha inshootlarning balandligi taxminan 30 metr edi! (Hiz. 40:14) Ma’badga kirish joylarida soqchilar xonalari bor edi. Loyihani o‘rganganlar uchun bularning barchasi nimani anglatgan? Yahova Hizqiyoga shunday degan: «Ma’badga kirish joyiga... diqqatli bo‘l». Nega? Chunki xalq topinish uchun foydalanilgan Xudoning muqaddas uyiga «yuragi va tanasi sunnat qilinmagan» kishilarni olib kirgan. Xo‘sh, natijasi qanaqa bo‘lgan? Yahova: «Ular ma’badimni bulg‘ashdi»,— degan. (Hiz. 44:5, 7)

5 «Tanasi sunnat qilinmagan» kishilar Ibrohim davrida berilgan Xudoning aniq amriga rioya etishmagan. (Ibt. 17:9, 10; Lev. 12:1–3) «Yuragi... sunnat qilinmagan» kishilar esa yanada battar ahvolda bo‘lgan. Ular o‘jarlik qilib isyon ko‘tarishgan, Yahovaning ko‘rsatmasi va yo‘l-yo‘rig‘iga beparvo bo‘lishgan. Bunday kishilarga topinish uchun mo‘ljallangan Yahovaning muqaddas uyiga kirishga ruxsat etilmasligi kerak edi. Yahova ikkiyuzlamachilikdan nafratlanadi, xalqi esa Uning uyida ikkiyuzlamachilik urchib ketishiga yo‘l qo‘ygan edi. Ma’bad haqidagi vahiydagi darvozaxonalar va soqchilar xonalaridan aniq saboq olyapmiz: bunday tahqirlanishga endi yo‘l qo‘yilmaydi! Xudoning uyiga kirish uchun o‘rnatilgan yuqori me’yorlarga rioya qilinishi shart. Shundagina Yahova xalqining topinishini qabul qiladi.

6, 7. a) Xalqiga O‘z xabarini yetkazish uchun Yahova ma’bad binolari majmuasi atrofidagi devordan qanday foydalangan? b) Yahovaning xalqi o‘tmishda Uning uyiga qanday munosabatda bo‘lgan? (Izohga qarang.)

6 Devor. Ma’bad haqidagi vahiyning yana bir hayratomuz xususiyati uning butun hududi devor bilan o‘ralgani edi. Hizqiyoning aytishicha, har bir tomonga devor 500 tayoqni yoki qariyb 1,6 kilometrni tashkil etardi! (Hiz. 42:15–20) Ma’bad binolari va hovlilar to‘rtburchakni tashkil etardi. Uning bir tomoni 500 tirsakka yoki 259 metrga teng bo‘lgan. (Hiz. 45:2) Demak, ma’bad atrofida keng hudud bor bo‘lib, u tashqi devor bilan o‘ralgan edi. * U nima uchun kerak edi?

7 Yahova shunday degan: «Endi ular qilgan xiyonatini va o‘lik shohlarining jasadlarini Mendan uzoqlashtirishsin. Shunda Men ularning orasida abadiy yashayman». (Hiz. 43:9) «O‘lik shohlarining jasadlari» deganda butlar nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin. (Hiz. 43:7, izoh) Hizqiyoning ma’bad haqidagi vahiysida devor bilan o‘ralgan hududni ko‘rsatib, U shunday demoqchi edi: «Bu jirkanch narsalarni ko‘zimdan yo‘qoting. Ularni hatto yaqinlashtirmang». Agar ular topinishlarini pok saqlashsa, Yahova ularning orasida bo‘lardi. Bu esa ular uchun baraka edi.

8, 9. Yahova mas’ul kishilarga bergan jiddiy maslahatdan xalq nimani o‘rganishi mumkin edi?

8 Mas’ul kishilarga berilgan jiddiy maslahat. Yahova xalqi orasida katta mas’uliyatga ega bo‘lgan kishilarga jiddiy, biroq sevgi ila maslahat bergan edi. Xalq butparastlikka berilganida Yahova Undan uzoqlashib ketgan levilarga qattiq tanbeh bergan, shu bilan birga «muqaddas maskanimdagi ishlarga g‘amxo‘rlik qilishgan», deya Zodo‘x o‘g‘illarini maqtagan. U qilgan ishlariga muvofiq har bir guruhga adolat va rahm-shafqat ila muomala qilgan. (Hiz. 44:10, 12–16) Xuddi shunday U Isroilning yo‘lboshchilariga ham jiddiy maslahat bergan. (Hiz. 45:9)

9 Shu tariqa Yahova hokimiyatga ega bo‘lganlar va nozirlik qilganlar o‘z vazifalarini qanday bajarayotgani uchun Uning oldida javob berishlarini ochiq aytgan. Ular ham maslahat, tuzatilish va ta’lim-tarbiyaga muhtoj edi. Yahovaning me’yorlariga amal qilishda ular yetakchilik qilishi kerak edi.

10, 11. Surgundan qaytganlarning ba’zilari Hizqiyoning vahiysidan olingan saboqlarga rioya qilishganining qanday tasdig‘i bor?

10 Surgundan qaytganlar Hizqiyoning vahiysidan olingan saboqlarga rioya qilishdimi? O‘sha sadoqatli erkag-u ayollar bu ajoyib vahiy haqida qanday fikrda bo‘lishganini aniq bilmaymiz. Biroq surgundan qaytganlar nima qilgani va Yahovaga pok tarzda topinish borasida qanday xulosaga kelgani haqida Xudoning Kalomida ko‘p tafsilotlar bor. Ular Hizqiyoning vahiysidagi prinsiplarga amal qilishganmi? Qaysidir jihatdan rioya qilishgan, ayniqsa, Bobilga surgun qilinishdan oldin yashagan isyonkor ota-bobolari bilan solishtirganda.

11 Xaggey bilan Zakariyo payg‘ambar, ruhoniy hamda kotib bo‘lgan Ezra va hokim Naximiyo kabi sadoqatli kishilar Hizqiyoning ma’bad haqidagi vahiysida mavjud bo‘lgan prinsiplarga o‘xshash prinsiplarni xalqqa o‘rgatish uchun astoydil mehnat qilishgan. (Ezra 5:1, 2) Ular xalqni pok topinish yuksalishi va moddiy narsalar haqida haddan ortiq tashvishlanishdan hamda shaxsiy maqsadlar payida bo‘lishdan ustun turishi kerakligiga o‘rgatishgan. (Xag. 1:3, 4) Ular pok topinishda ishtirok etish uchun o‘rnatilgan me’yorlar hurmat qilinishi kerakligiga urg‘u berishgan. Misol uchun, Ezra va Naximiyo xalqqa o‘zga xalqlardan bo‘lgan xotinlarini qo‘yib yuborishni buyurib, jiddiy maslahat bergan. Chunki ular xalqning ma’naviyligini susaytirgan. (Ezra 10:10, 11 ni o‘qing; Naxim. 13:23–27, 30) Butparastlik haqida nima desa bo‘ladi? Hoynahoy, surgundan keyin xalq oxiri ushbu gunohga, ya’ni o‘z tarixi davomida tez-tez tushib turgan tuzoqqa nisbatan nafrat tuyg‘usini rivojlantira olgan. Ruhoniylar hamda yo‘lboshchilar, ya’ni beklar haqida nima desa bo‘ladi? Hizqiyoning vahiysidan ko‘rinib turganidek, Yahova maslahat bergan va tuzatgan kishilar qatorida ular ham bo‘lgan. (Naxim. 13:22, 28) Ko‘plar kamtarlik ila bu maslahatga amal qilgan. (Ezra 10:7–9, 12–14; Naxim. 9:1–3, 38)

Naximiyo xalq bilan yelkama-yelka mehnat qilib pok topinish to‘g‘risida ta’lim bermoqda (11-xatboshiga qarang.)

12. Surgunda bo‘lganlar yurtiga qaytgach, Yahova ularga qanday barakalar bergan?

12 Bunga javoban Yahova xalqiga baraka bergan. Xalq Yahova bilan yaqin munosabatlardan, yaxshi sog‘liqdan va ko‘p yillar davomida yetisholmagan tartibdan bahramand bo‘lgan. (Ezra 6:19–22; Naxim. 8:9–12; 12:27–30, 43) Nega? Chunki xalq nihoyat Yahovaning pok topinish uchun o‘rnatgan adolatli me’yorlariga rioya qila boshlagan edi. Ma’bad haqidagi vahiydan olingan saboqlar ko‘plab samimiy kishilarning qalbidan joy olgan. Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, Hizqiyoning ma’bad haqidagi vahiysi surgunda bo‘lganlarga ikki jihatdan foyda keltirgan: 1) ular vahiydan pok topinish uchun o‘rnatilgan me’yorlarga qanday amal qilish borasida amaliy saboqlar olishgan; 2) bu vahiy ularga kelajakka ishonch baxsh etgan. Bashorat qilinganiday, pok topinish tiklanadi va keyinchalik karomat qilinganiday, ular pok tarzda topinishsa, Yahova O‘z xalqiga baraka beradi. Biroq hozir bizni quyidagi savol qiziqtiradi: bugungi kunda ushbu bashorat amalga oshyaptimi?

Hizqiyoning vahiysidan nimani o‘rganyapmiz?

13, 14. a) Hizqiyoning ma’bad haqidagi vahiysi bizning paytda ham amalga oshayotganini qayerdan bilamiz? b) Qaysi ikkita jihatdan vahiy bizga foyda keltirmoqda? («Turli ma’badlar, turli saboqlar» nomli 13A ramkasiga ham qarang.)

13 Hizqiyoning ma’bad haqidagi vahiysi bugungi kunda bizga ham taalluqlimi? Ha. «Baland tog‘» ustida joylashgan Xudoning muqaddas uyi haqidagi Hizqiyoning vahiysi bilan Ishayoning «Yahovaning uyi turgan tog‘, tog‘ cho‘qqilaridan ham balandroq o‘rnatiladi», degan bashorati o‘rtasida o‘xshashliklar borligini eslang. Ishayo aniq qilib uning bashorati «oxirgi kunlarda» amalga oshishini aytgan. (Hiz. 40:2; Ishayo 2:2–4; Mixo 4:1–4 ga ham qarang.) Ushbu bashoratlar oxirgi kunlarga — 1919-yildan e’tiboran, ya’ni pok topinish go‘yoki baland tog‘ ustida o‘rnatilganday ko‘tarilgan, tiklangan paytga taalluqli. *

14 Shunisi aniqki, Hizqiyoning vahiysi bugungi kunda pok topinishga ham taalluqli. Qadimda surgunda bo‘lgan yahudiylarga u foyda keltirganidek, bugun bizga ham bu vahiy ikki jihatdan foyda keltirmoqda: 1) ushbu vahiydan pok topinish uchun o‘rnatilgan me’yorlarga qanday amal qilish borasida amaliy saboqlar olishimiz mumkin; 2) bu vahiy bizni pok topinish tiklanishiga va Yahova baraka berishiga ishontirmoqda.

Bugungi kunda pok topinish uchun o‘rnatilgan me’yorlar

15. Hizqiyoning ma’bad haqidagi vahiysidan saboqlar olayotib nimani unutmasligimiz kerak?

15 Keling, endi Hizqiyoning vahiysidagi ayrim o‘ziga xos xususiyatlarni ko‘rib chiqaylik. Faraz qiling, biz ma’bad haqidagi ta’sirchan vahiyda Hizqiyoga hamroh bo‘lyapmiz. Unutmang, biz buyuk ramziy ma’badni ko‘rmayapmiz, aksincha, bugungi kunda topinishimizga taalluqli saboqlar olyapmiz, xolos. Xo‘sh, bu qanday saboqlar ekan?

16. Hizqiyoning vahiysida hamma narsa o‘lchanganidan nimani bilib olyapmiz? (Bobning boshidagi rasmga qarang.)

16 Nega hamma narsa o‘lchangan? Hizqiyo ko‘rinishi misday tovlanadigan farishta ma’badni, shuningdek, devorlarni, darvozaxonalarni, soqchilarning xonalarini, hovlilarni va qurbongohni yaxshilab o‘lchab chiqqanini ko‘rgan edi. Tafsilotlarning ko‘pligi o‘quvchini esankiratib qo‘yishi mumkin. (Hiz. 40:1–42:20; 43:13, 14) Biroq bu tafsilotlardan muhim fikrlarni topishimiz mumkinligi haqida o‘ylang. Shu tariqa Yahova Uning me’yorlari muhim ekaniga katta urg‘u bermoqchi. Ularni o‘rnatadigan odamlar emas, Uning O‘zidir. Xudoga qanday topinishning ahamiyati yo‘q, deydiganlar qattiq adashadi. Bundan tashqari, ma’bad batafsil o‘lchab chiqilgani bilan Yahova pok topinish tiklanishi muqarrar ekaniga ishontirmoqchi. O‘lchamlar aniq bo‘lganiday, Xudoning va’dasi amalga oshishi ham tayindir. Shu yo‘sin Yahova bizni pok topinish oxirgi kunlarda tiklanishiga Hizqiyo orqali ishontirmoqda.

Ma’badning o‘lchamlari aniq bo‘lganidan nimani o‘rgandingiz? (16-xatboshiga qarang.)

17. Ma’bad atrofidagi hudud devor bilan o‘ralgani bizga nimani eslatmoqda?

17 Devor. Yuqorida ko‘rib chiqqanimizday, Hizqiyo vahiyda ma’bad atrofidagi hudud devor bilan o‘ralganini ko‘rgan. Bu xususiyat Xudoning xalqiga har qanday diniy nopoklik pok topinishdan uzoqda bo‘lishi, Xudoning uyini aslo bulg‘amasligi kerakligini eslatgan. (Hizqiyo 43:7–9 ni o‘qing.) Ushbu maslahat bugungi kunda ham o‘rinli. Xudoning xalqi yuzlab yillar davom etgan Buyuk Bobil asirligidan ozod bo‘lgach, 1919-yili Masih ishonchli va aqlli xizmatkorni tayinladi. Ayniqsa shu vaqtdan boshlab Xudoning xalqi butparastlik va majusiylik bilan bog‘liq soxta ta’limotlardan va urf-odatlardan qutulish uchun astoydil harakat qilgan. Biz ma’naviy nopoklik pok topinishga yaqin yo‘lamasligiga jon-jahdimiz bilan harakat qilyapmiz. Boz ustiga, topinishni dunyoviy ishlar bilan aralashtirmaslik uchun Yig‘ilish zallarimizda tijorat bilan shug‘ullanmaymiz. (Mark 11:15, 16)

18, 19. a) Vahiydagi darvozalar baland bo‘lganidan qanday saboqlar olishimiz mumkin? b) Yahovaning yuqori axloqiy me’yorlarini pasaytirmoqchi bo‘lganlarga qanday javob berishimiz kerak? Misol keltiring.

18 Baland darvozaxonalar. Hizqiyo ko‘rgan o‘sha baland darvozaxonalarni ko‘z oldimizga keltirsak, qanday saboqlar olishimiz mumkin? Ma’bad haqidagi vahiyning ushbu xususiyati surgunda bo‘lgan yahudiylarga Yahovaning yuqori axloqiy me’yorlari borligini o‘rgatgani shubhasiz. Qadimda shunday bo‘lgan bo‘lsa, u bugungi kunga ham taalluqlimi? Biz Yahovaning buyuk ramziy ma’badida topinyapmiz. Ikkiyuzlamachilikdan xoli xulq-atvorga ega bo‘lish bugun yanada muhim emasmi?! (Rim. 12:9; 1 Butr. 1:14, 15) Oxirgi kunlarda Yahova O‘z xalqini Uning axloqqa oid me’yorlariga qat’iy amal qilishga bosqichma-bosqich yetaklab bormoqda. * Masalan, qilmishida tavba qilmagan kishilar jamoatdan chetlatiladi. (1 Kor. 5:11–13) Bundan tashqari, o‘sha darvozaxonalarning kiraverishidagi soqchilarning xonalari bizga shuni eslatadiki, Xudoning roziligini olmagan hech kim Unga topinish uchun ramziy ma’badga kiritilmaydi. Misol uchun, ikki xil hayot tarzini olib borayotgan kishi Yig‘ilish zaliga kirishi mumkin, biroq Xudoning nazarida to‘g‘ri bo‘lgan ishlarni qilmayotgan ekan, u Yahovaning roziligini ololmaydi va ramziy ma’badda topinishga ruxsat berilmaydi. (Yoqb. 4:8) Chindan ham, ushbu buzilgan, axloqsiz dunyoda Yahova pok topinishni nopoklikdan himoya qilmoqda!

19 Muqaddas Kitobda ushbu dunyo oxirat kelishidan oldin buzilib ketishi bashorat qilingan. U yerda shunday deyilganini o‘qiymiz: «Yomon insonlar va yolg‘onchilar o‘zlari yanglishibgina qolmay, boshqalarni ham yo‘ldan ozdirib, tobora razillashib boradilar». (2 Tim. 3:13) Bugungi kunda ko‘pdan-ko‘p insonlar Yahovaning me’yorlari insonni chegaralab qo‘yadigan, eskirgan yoki noto‘g‘ri degan fikrlarga aldanib kelmoqda. Sizni ham aldashlariga yo‘l qo‘yasizmi? Masalan, agar kimdir Xudoning gomoseksual xulq borasidagi me’yorlari noto‘g‘ri, deb sizni ishontirmoqchi bo‘lsa, uning fikriga qo‘shilasizmi? Yoki bunday ishlarni qiluvchilar «iflos ishlar»ga qo‘l uryapti, degan Muqaddas Kitobda aniq qilib yozilgan Yahovaning so‘zlariga qo‘shilasizmi? Xudo bizni axloqsiz xulqni ma’qullash xavfli ekanidan ogohlantirmoqda. (Rim. 1:24–27, 32) Bunday masalalarga duch kelganda Hizqiyo vahiyda ko‘rgan ma’badni, uning baland darvozaxonalarini ko‘z oldimizga keltirib, quyidagini esda saqlaylik: nima yaxshi va nima yomon ekani borasidagi dunyoning nuqtai nazari o‘zgarishiga qaramay, Yahova O‘zining adolatli me’yorlarini pasaytirmaydi. Samoviy Otamizning fikriga qo‘shilib, to‘g‘ri narsalar tarafini egallaymizmi?

Pok tarzda topinib «hamd-u sano qurbonligini» keltiramiz

20. «Ulkan olomon» Hizqiyoning vahiysidan dalda beradigan qanday eslatmalar olmoqda?

20 Hovlilar. Hizqiyo ma’badning keng tashqi hovlisini ko‘rganida, u yerga Yahovaga topinuvchi juda ko‘p baxtiyor kishilar yig‘ilishi haqida o‘ylab ta’sirlanib ketgan bo‘lsa kerak. Bugun masihiylar yanada muqaddas joyda topinishmoqda. Yahovaning ramziy ma’badining tashqi hovlisida topinayotgan «ulkan olomon» Hizqiyoning vahiysidagi eslatmalardan dalda olmoqda. (Vah. 7:9, 10, 14, 15) Hizqiyo tashqi hovli bo‘ylab oshxonalar borligini ko‘radi. Topinuvchilar o‘sha oshxonalarda o‘zlari olib kelgan tinchlik qurbonliklarini tanovul qilishlari mumkin edi. (Hiz. 40:17) Qaysidir ma’noda, ular tinch va do‘stona munosabatlar belgisi sifatida Tangri Yahova bilan birga taom tanovul qilishgan! Bugun biz Tavrotga rioya qilgan yahudiylarga o‘xshab qurbonliklar keltirmaymiz. Buning o‘rniga, imonimizni namoyon etib yig‘ilishlarda sharhlar berish yoki va’zgo‘ylik xizmatida ishtirok etish orqali pok tarzda topinib «hamd-u sano qurbonligini» keltiramiz. (Ibron. 13:15) Shuningdek, Yahova taqdim etayotgan ma’naviy ozuqani tanovul qilamiz. Biz ham Yahovaga quyidagicha kuylagan Ko‘raxning o‘g‘illari kabi hissiyotlarni tuysak ajab emas: «Hovlilaringda o‘tgan bir kun, boshqa yerda o‘tgan ming kundan yaxshiroqdir!» (Zab. 84:10)

21. Hizqiyoning vahiysidagi ruhoniylik xizmatidan moylangan masihiylar nimani o‘rganishi mumkin?

21 Ruhoniylik xizmati. Hizqiyo ichki hovliga ruhoniylar va levilar darvozaxonalar orqali kirganini ko‘radi. Bu darvozaxonalar ruhoniylar qabilasidan bo‘lmagan kishilar kirgan tashqi hovlining darvozaxonalari bilan o‘lchami va shakli jihatdan bir xil edi. Bu ruhoniylar sinfidan bo‘lganlarga ular ham pok topinishga oid Yahovaning me’yorlariga mos kelishi kerakligi haqida yaxshi eslatma edi. Bugungi kunda bu ayniqsa kim uchun foydali? Hozir Xudoning xizmatchilari ruhoniylik xizmatini meros qilib olishmaydi, biroq moylangan masihiylar haqida: «Tanlangan nasl, ruhoniylar shohligi»,— deb aytilgan. (1 Butr. 2:9) Qadimgi Isroilda ruhoniylar alohida hovlida topinishardi. Bugun moylangan masihiylar tom ma’noda imondoshlaridan alohida bo‘lib topinishmaydi, lekin ular farzandlikka qabul qilinishgani bois, Yahova bilan o‘zgacha munosabatlarga ega. (Galat. 4:4–6) Hizqiyoning vahiysidan ular ham o‘zi uchun foydali eslatmalarni topishi mumkin. Masalan, o‘tmishda yashagan ruhoniylarga o‘xshab ular ham maslahat va ta’lim-tarbiyaga muhtoj ekanini tan olishadi. Barcha masihiylar «bir cho‘pon» boshchiligi ostida xizmat qilayotgan «bir suruv»ning qismi ekanini yodda tutishsa yaxshi bo‘ladi. (Yuhanno 10:16 ni o‘qing.)

22, 23. a) Hizqiyoning vahiysidagi yo‘lboshchidan oqsoqollar nimani o‘rganishi mumkin? b) Kelajakda nima yuz berishi mumkin?

22 Yo‘lboshchi. Hizqiyoning vahiysida yo‘lboshchi yuqori mavqega ega odam bo‘lgan. U ruhoniylar qabilasidan emas edi va ma’badda bo‘lganda ruhoniylarning boshchiligiga bo‘ysungan. Biroq xalq orasida u nozir sifatida faoliyat yuritgan va ayrim qurbonliklarni taqdi etishda ularga ko‘maklashgan. (Hiz. 44:2, 3; 45:16, 17; 46:2) Demak, u bugun jamoatda muayyan mas’uliyatga ega bo‘lgan masihiylarga o‘rnakdir. Axir oqsoqollar, shu qatorda ko‘chma nozirlar moylangan ishonchli xizmatkorga itoatli bo‘lishlari kerak. (Ibron. 13:17) Oqsoqollar yig‘ilishlarda va xizmatda hamd-u sano qurbonliklarini keltirishda Xudoning xalqiga yordam berish uchun astoydil mehnat qilishadi. (Efes. 4:11, 12) Shuningdek, oqsoqollar Yahova hokimiyatini suiiste’mol qilgan Isroilning yo‘lboshchilariga tanbeh berganini ham inobatga olishlari mumkin. (Hiz. 45:9) Shunga o‘xshab oqsoqollar maslahat va tuzatilishga muhtoj emasmiz, deb o‘ylashmaydi. Aksincha, yanada samarali cho‘ponlar va nozirlar bo‘lish uchun Yahova sayqal beradigan har qanday imkoniyatni ular qadrlashadi. (1 Butrus 5:1–3 ni o‘qing.)

23 Yahova yaqinda yer yuzida bo‘ladigan jannatda qobiliyatli va sevuvchi nozirlarni taqdim etishda davom etadi. Jannatda yordami tegadigan va qobiliyatli cho‘ponlar bo‘lish uchun bugungi kunda ko‘plab oqsoqollar ta’lim olmoqda. (Zab. 45:16) Yangi dunyoda bunday kishilar naqadar ajoyib baraka bo‘lishi haqida bir o‘ylab ko‘ring! Tiklanish haqidagi boshqa bashoratlar qatori, Hizqiyoning vahiysi borasidagi tushunchamiz Yahova belgilagan vaqtda yanada oydinlashishi mumkin. Ayni paytda vahiyning ayrim xususiyatlari qanday amalga oshishini to‘liq tushunmayotgan bo‘lsak-da, kelajakda ular hayratomuz tarzda amalga oshsa ajab emas. Buyog‘ini vaqt ko‘rsatadi.

Darvozaxonalar baland bo‘lganidan va hovlilardan topinishimizga taalluqli qanday saboqlar olyapmiz? (18–21-xatboshilariga qarang.)

Yahovaning pok topinishga bergan barakalari

24, 25. Xalqi Unga pok tarzda topinsa, Yahova unga barakalar berishi Hizqiyoning vahiysida qanday tasvirlangan?

24 Yakunida keling Hizqiyoning vahiysidan o‘rin olgan buyuk bir voqeani yodga olaylik. Vahiydagi bu ma’badga Yahova kirib keladi va xalq pok topinish uchun o‘rnatilgan me’yorlarga sadoqat ila qancha amal qilsa, shuncha U o‘sha yerda qolishini va’da beradi. (Hiz. 43:4–9) Yahova ma’badga kirgani Uning xalqiga va ularning yurtiga qanday ta’sir qiladi?

25 Vahiyda ilohiy barakalar bashoratli mazmunga ega ikkita narsa ko‘rinishida tasvirlangan: 1) muqaddas maskandan, ya’ni ma’baddan daryo oqib chiqadi va uning suvlari oqib borgan joylarda hamma narsa jonlanadi hamda yurt hosildor bo‘ladi; 2) yurt tartib bilan, aniq bo‘linib, ma’bad va unga tegishli yerlar esa uning markazida joylashadi. Bugungi kunda ushbu ikkita narsani qanday tushunishimiz kerak? Axir biz Yahova yanada muqaddas topinish tuzumi bo‘lmish buyuk ramziy ma’badga kirgan, uni tozalagan va ma’qullagan bir paytda yashayapmiz. (Mal. 3:1–4) Bashoratli mazmunga ega ushbu ikkita narsani 19–21-boblarda muhokama qilamiz.

^ 6- x.b. Yahova vahiyda ko‘rsatgani o‘tmishda xalqi Uning muqaddas uyiga qanday munosabatda bo‘lganidan butunlay farq qilgan. Yahova bunday degan: «Ular Mening ostonam oldiga o‘zlarining ostonasini, Mening kesakim yoniga o‘zlarining kesakisini o‘rnatib (bizni faqatgina devor ajratib turar edi), jirkanch ishlari bilan Mening muqaddas ismimni bulg‘ashdi». (Hiz. 43:8) Qadimgi Quddusda Yahovaning ma’badini nopok binolardan faqatgina devor ajratib turgan. Xalq Yahovaning adolatli me’yorlaridan uzoqlashgach, nopok narsalarini va butlarini naq Yahovaning uyi yoniga olib kelib qo‘ygan. Bunga ortiq chidab bo‘lmasdi!

^ 13- x.b. Hizqiyoning ma’bad haqidagi vahiysi oxirgi kunlarda amalga oshayotgan tiklanish haqidagi boshqa bashoratlar bilan bog‘liq. Masalan, Hizqiyo 43:1–9 va Malaki 3:1–5; Hizqiyo 47:1–12 hamda Yo‘el 3:18 o‘rtasidagi o‘xshashliklarga e’tibor bering.

^ 18- x.b. Iso mil. 29-yili suvga cho‘mib Oliy ruhoniy sifatida faoliyat yurita boshlaganida ramziy ma’bad vujudga kelgan. Biroq Isoning havoriylari o‘lganidan keyin pok topinish yer yuzida asrlar davomida e’tibordan chetda qolgan. 1919-yildan buyon haq topinish yuksaldi.