Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

11-BOB

«Seni... qo‘riqchi qilib tayinladim»

«Seni... qo‘riqchi qilib tayinladim»

HIZQIYO 33:7

BU BOBDA: Yahova qo‘riqchi tayinlaydi va uning vazifalarini sanab o‘tadi

1. Yahova tayinlagan qo‘riqchilar, ya’ni payg‘ambarlar nima qilishgan va keyin qanday voqealar yuz bergan?

QO‘RIQCHI Quddus devori ustida turibdi. Quyosh botar ekan, u qo‘lini ko‘zlari ustiga soyabon qilib ufqqa tikilib qarayapti. Bobil qo‘shini shaharga yaqinlashyapti! Xalqni ogohlantirish lozim. Qo‘riqchi burg‘usini oladi, o‘pkasini havoga to‘ldiradi-da, uni baland qilib chaladi. Ammo endi kech. Shaharning befarq aholisi qo‘riqchining ogohlantiruviga quloq solganidan foyda yo‘q. O‘nlab yillar davomida Yahova tayinlagan qo‘riqchilar, ya’ni payg‘ambarlar ushbu kun kelishi haqida ogohlantirishgan edi, biroq xalq tinglashni istamadi. Bobil qo‘shini shaharni qurshab oldi. Ko‘p oylar davom etgan qamaldan so‘ng askarlar shahar devorini yorib kirishdi va ma’badni vayron qilishdi. Ular Quddusning sadoqatsiz va butparast aholisini qilichdan o‘tkazishdi, qolganlarini esa asir qilib olib ketishdi.

2, 3. a) Bugungi kunda yer yuzi aholisi qanday vaziyatda? b) Qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz?

2 Bugungi kunda Yahovaning samoviy qo‘shini yer yuzining imonsiz aholisiga qarshi jang qilish uchun yo‘lga chiqqan. (Vah. 17:12–14) Bu to‘qnashuv insoniyat tarixidagi eng buyuk musibatning avj nuqtasi bo‘ladi. (Mat. 24:21) Ammo odamlarda Yahova O‘z qo‘riqchisi orqali berayotgan ogohlantirishga quloq solish uchun hali vaqt bor.

3 Qo‘riqchilarni tayinlashga Yahovani nima undagan? Qo‘riqchi qanday xabarni e’lon qilishi kerak? Bu vazifani kimlar bajarib kelyapti va bunga biz qanday hissa qo‘shishimiz mumkin? Keling, ushbu savollarning javoblarini ko‘rib chiqaylik.

«Ularni Mening nomimdan ogohlantirishing kerak»

4. Nima uchun Yahova qo‘riqchilarni tayinlagan? (Bobning boshidagi rasmga qarang.)

4 Hizqiyo 33:7 ni o‘qing. Odatda tom ma’nodagi qo‘riqchilar aholining xavfsizligini ta’minlash uchun shahar devori ustida turishardi. Qo‘riqchilarning borligi shahar boshqaruvchisi o‘z fuqarolariga g‘amxo‘rlik qilayotganining yaqqol dalili edi. Qo‘riqchi burg‘u chalganida uxlayotgan aholini cho‘chitib yuborgan bo‘lsa-da, quloqni qomatga keltiradigan bu tovushni eshitib chora ko‘rganlar omon qolishlari mumkin edi. Shu singari Yahova ham isroilliklarni hukm xabarlari bilan qo‘rqitish uchun emas, balki ular uchun qayg‘urgani va omon qolishlarini istagani uchun qo‘riqchilarni tayinlagan.

5, 6. Yahova adolatli ekanini ko‘rsatuvchi sohalardan biri qanday?

5 Yahova Hizqiyoni qo‘riqchi etib tayinlaganida, O‘z shaxsiyatining bizga dalda beradigan tomonlarini ochib bergan. Keling, ulardan atigi ikkitasini ko‘rib chiqaylik.

6 Adolat. Yahovaning adolati har birimizga alohida, yuzxotirchiliksiz muomala qilganidan ko‘rinadi. Masalan, Hizqiyo aytgan xabarni katta olomon tinglab rad etgan bo‘lsa-da, Yahova isroilliklarga bir to‘da isyonkorlar sifatida qaramagan; Yahova bu xabarga alohida odamlar qanday munosabatda bo‘lishini ko‘rishni istagan. U ko‘p marotaba «yovuz inson» va «odil inson»ga qarata gapirish lozimligini takrorlagan. Shuning uchun, Yahova har bir odam xabarga qanday munosabat bildirishiga qarab hukm chiqaradi. (Hiz. 33:8, 18–20)

7. Yahova nimaga asoslanib odamlarga hukm chiqaradi?

7 Yahovaning adolati U odamlarni qay yo‘sin hukm qilishidan ham ko‘rinadi. Har bir inson o‘tmishda qilgan ishlari asosida emas, balki hozirgi paytda aytilayotgan ogohlantirishni eshitib, qanday chora ko‘rganiga qarab hukm qilinadi. Yahova Hizqiyoga shunday degan: «Agar Men yovuz kishiga: “Sen albatta o‘lasan”,— desam, lekin u gunoh qilishni tashlab, adolatli hamda to‘g‘ri ishlarni qilsa,.. u albatta yashaydi». So‘ng Yahova diqqatimizga sazovor quyidagi so‘zlarni qo‘shib qo‘ygan: «Uning birorta gunohi yodga olinmaydi». (Hiz. 33:14–16) Boshqa tomondan, agar inson to‘g‘ri yo‘ldan yurgan bo‘lsa, uning o‘tmishdagi itoatkorligi hozir namoyon etayotgan isyonkorligini oqlamaydi. Yahova shuni ta’kidlab o‘tganki, agar inson «odilligiga ishonib yomonlik qilsa, uning birorta adolatli ishi yodga olinmaydi, aksincha, u qilgan yomonligi dastidan o‘ladi». (Hiz. 33:13)

8. Payg‘ambarlar orqali ogohlantirishlar aytilganidan Yahovaning adolati to‘g‘risida nimani bilib olyapmiz?

8 Yahovaning adolati U nimadir qilishdan oldin odamlarni ogohlantirib, ularga yetarlicha vaqt berganida ham namoyon bo‘ladi. Hizqiyo Bobil qo‘shini Quddusni vayron qilishidan olti yil oldin qo‘riqchilik vazifasini boshlagan. Ammo u Xudoning xalqini javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirgan ilk inson emasdi. Quddus vayron qilinishidan bir asrdan oshiqroq vaqt avval Yahova Ho‘sheya, Ishayo, Mixo, Odod va Yeremiyo kabi payg‘ambarlarini qo‘riqchi vazifasini bajarish uchun yuborgan. Yahova Yeremiyo orqali isroilliklarga quyidagicha eslatma bergan: «Men qo‘riqchi tayinladim. U: “Burg‘u ovoziga quloq soling!” — deb aytdi». (Yerm. 6:17) Bobilliklar Yahovaning hukmini ijro etganida odamlar hayotidan mahrum bo‘lgani uchun na Yahova, na qo‘riqchilar javobgar edi.

9. Yahova mehr-sadoqatni qay yo‘sin namoyon etgan?

9 Sevgi. Yahova nafaqat odil kishilarni, balki Uning qalbiga ozor bergan va obro‘yiga dog‘ tushirgan yovuz kishilarni ogohlantirish uchun ham qo‘riqchilarni yuborib mehr-sadoqatini namoyon etgan. Bir o‘ylab ko‘ring, isroilliklar Yahovaning xalqi sifatida tanilgan edi, lekin qayta-qayta Undan yuz o‘girib, soxta xudolarga sig‘inishardi! Bunday sadoqatsizlik Uning qalbiga qanchalik ozor berganini tasvirlash uchun Yahova xalqini «bevafo xotin»ga o‘xshatgan. (Hiz. 16:32) Shunga qaramay, Yahova ulardan tezda voz kechmagan. U jazolash emas, yarashish uchun sabab izlagan. U hukmni ijro etish uchun qilichini yalang‘ochlashga shoshilmagan, U buni so‘nggi chora deb bilgan. Nega? Yahova Hizqiyoga: «Men yovuz odamning o‘limidan zavq topmayman. Aksincha, u o‘z yo‘lidan qaytib yashashi Men uchun afzalroq»,— deb aytgan. (Hiz. 33:11) Yahova o‘tmishda shunday fikrda bo‘lgan, hozir ham Uning fikri o‘zgarmagan. (Mal. 3:6)

10, 11. Yahova xalqiga qilgan muomalasidan nimani o‘rganishimiz mumkin?

10 Yahova isroilliklar bilan adolat va sevgi ila muomala qilganidan nimani o‘rganishimiz mumkin? Birinchi saboq — biz ham va’zgo‘ylikda uchratadigan kishilarga shunchaki bir to‘da odamlardan biri emas, alohida shaxs sifatida qarashimiz lozim. Agar odamning o‘tmishdagi xulq-atvori yoki irqi, qabilasi, moddiy ahvoli yo bo‘lmasa tili tufayli yuzxotirchilik qilib, xushxabarni eshitishga noloyiq deb o‘ylasak, katta xato qilgan bo‘lamiz. Yahova havoriy Butrusga bizning kunimizda ham dolzarb bo‘lgan quyidagi saboqni bergan: «Xudo yuzxotirchilik qilmas ekan. Ammo Undan qo‘rqib, to‘g‘ri yo‘l tutgan har bir kishini U millatiga qaramay qabul qilarkan». (Havor. 10:34, 35)

Odamlarga Yahovaning nuqtai nazari bilan qarayapmizmi? (10-xatboshiga qarang.)

11 Yana bir muhim saboq, o‘zimizga diqqatli bo‘lishimiz kerak; o‘tmishda qilgan adolatli ishlarimiz hozirgi xatolarimizni oqlamaydi. Biz va’zgo‘ylikda uchratadigan odamlarda bo‘lgani kabi o‘zimizda ham gunoh qilish moyilligi borligini yodda tutishimiz kerak. Havoriy Pavlus Korinf jamoatidagi masihiylarga bergan quyidagi maslahat bizga ham taalluqli: «Kim tik turibman deb o‘ylasa, ehtiyot bo‘lsin, tag‘in yiqilib tushmasin. Sizlar odamlar yo‘liqayotgan oddiy vasvasalarga duch kelyapsizlar». (1 Kor. 10:12, 13) Biz «odilligiga ishonib», yaxshi ishlar qilgani uchun xatolari jazosiz qoladi, deb o‘ylaydigan insonga o‘xshab qolishni aslo istamaymiz. (Hiz. 33:13) Yahovaga qancha vaqtdan beri xizmat qilayotganimizdan qat’i nazar, kamtarin va itoatkor bo‘lib qolishimiz muhim.

12. O‘tmishda jiddiy gunohlar qilgan bo‘lsak, nimani yodda tutishimiz kerak?

12 Lekin o‘tmishda qilgan jiddiy gunohlarimiz tufayli hozir ham vijdonimiz qiynayotgan bo‘lsa-chi? Hizqiyoning xabaridan shuni bilib oldikki, Yahova tavba qilmayotgan gunohkorlarni jazolaydi. Shuningdek, Yahova eng avvalo qasos emas, sevgi Xudosi ekanini bilib oldik. (1 Yuhan. 4:8) Agar tavba qilganimiz ishlarimizdan ko‘rinayotgan bo‘lsa, Xudoning rahm-shafqatiga loyiq emasmiz, deb aslo o‘ylamasligimiz kerak. (Yoqb. 5:14, 15) Yahova ramziy ma’noda bevafo bo‘lgan isroilliklarni kechirgan ekan, bizni ham kechirishga tayyor. (Zab. 86:5)

«Xalqing o‘g‘illariga... ayt»

13, 14. a) Qo‘riqchilar qanday xabarni e’lon qilishgan? b) Ishayo qanday xabarni aytgan?

13 Hizqiyo 33:2, 3 ni o‘qing. Yahova tayinlagan qo‘riqchilar qanday xabarni e’lon qilishgan? Ular asosan ogohlantiruvchi xabarlarni e’lon qilishgan. Biroq ular xushxabar ham aytishgan. Ayrim misollarni ko‘rib chiqaylik.

14 Taxminan mil. avv. 778–732-yillarda xizmat qilgan Ishayo payg‘ambar bobilliklar Quddusni bosib olishi va uning aholisini asir qilib olib ketishi haqida ogohlantirgan. (Ishayo 39:5–7) Ammo u quyidagi so‘zlarni yozishga ham ilhomlantirilgan: «Quloq sol! Soqchilaring baqirmoqda. Ular bir ovozdan quvonib hayqirmoqda, chunki ular Yahova Sionni qaytarib kelayotganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rmoqda». (Ishayo 52:8) Ishayo eng zo‘r xabarni, ya’ni pok topinish tiklanishini e’lon qilgan!

15. Yeremiyo qanday xabarni e’lon qilgan?

15 Mil. avv. 647–580-yillarda xizmat qilgan Yeremiyo payg‘ambarga odamlar ko‘pincha «falokat xabarchisi» deb nohaq laqab qo‘yishgan. U yovuz isroilliklarni Yahova keltirmoqchi bo‘lgan musibat haqida ogohlantirish uchun ko‘p mehnat qilgani shubhasiz. * Ammo u Xudoning xalqi o‘z yurtiga qaytishi va u yerda haq topinish tiklanishi haqida bashorat aytib, xushxabarni e’lon qilgan. (Yerm. 29:10–14; 33:10, 11)

16. Hizqiyoning xabari Bobilda surgunda bo‘lganlarga qanday foyda keltirgan?

16 Hizqiyo mil. avv. 613-yili qo‘riqchi etib tayinlangan va bu vazifani deyarli mil. avv. 591-yilgacha bajargan. Ushbu kitobning 5- va 6-boblarida muhokama qilinganiday, Hizqiyo hayotidan mahrum bo‘ladigan kishilarning qoni to‘kilishida aybdor bo‘lib qolmaslik uchun Isroil xalqini ularni kutayotgan musibat haqida g‘ayrat ila ogohlantirgan. Bu ishni bajarish jarayonida u surgunda bo‘lganlarni Yahova Quddusdagi murtadlarni jazolashi haqida ogohlantirgan. Shuningdek, Bobilga asir qilib olib ketilganlarga ma’nan tirik va kelajakda bajariladigan ish uchun layoqatli bo‘lib qolishga ko‘maklashgan. 70-yillik surgun o‘z nihoyasiga yetgach, Yahova omon qolgan yahudiylarni tiklangan Isroil yurtiga qaytaradi. (Hiz. 36:7–11) Yurtga qaytadiganlar Hizqiyoning so‘zlariga quloq solgan kishilarning farzandlari-yu nabiralaridan iborat bo‘ladi. Mazkur adabiyotning 3-bo‘limidagi boblarda ta’kidlanganiday, Hizqiyo Quddusda pok topinish tiklanishi haqida ko‘plab yaxshi xabarlarni e’lon qilgan.

17. Yahova odatda qaysi paytlarda qo‘riqchilarni tayinlagan?

17 Mil. avv. 607-yili Quddus vayron qilinishidan oldingi va keyingi davr ichida payg‘ambarlar Xudoning xalqiga Uning xabarlarini yetkazishgan. Yahova qo‘riqchilar sifatida faqat bir necha kishidan foydalanganmi? Albatta yo‘q. Niyati amalga oshishiga hissa qo‘shadigan har bir muhim hodisadan oldin Yahova yovuzlarni ogohlantirish va xushxabarni e’lon qilish uchun qo‘riqchilarni tayinlagan.

Birinchi asrdagi qo‘riqchilar

18. Odamlarni suvga cho‘mdirgan Yahyo qanday ishlarni bajargan?

18 Milodiy birinchi asrda odamlarni suvga cho‘mdirgan Yahyo qo‘riqchi bo‘lib xizmat qilgan. U Isroil xonadonini yaqinda Xudo tomonidan rad etilishi haqida ogohlantirgan. (Mat. 3:1, 2, 9–11) Ammo u bu bilan chegaralanib qolmagan. Iso aytganidek, Yahyo Masih uchun yo‘l hozirlagan bashorat qilingan «xabarchi» bo‘lgan. (Mal. 3:1; Mat. 11:7–10) Yahyoning ishiga xushxabar aytish, ya’ni «Xudoning Qo‘zisi» bo‘lmish Iso kelgani va u «dunyoning gunohini bartaraf» etishi haqida e’lon qilish ham kirgan. (Yuhan. 1:29, 30)

19, 20. Qay yo‘sin Iso va uning shogirdlari qo‘riqchilar sifatida yo‘l tutishgan?

19 Qo‘riqchilar ichida Iso eng buyugi bo‘lgan. Hizqiyo kabi uni ham Yahova «Isroil xonadoniga» yuborgan. (Hiz. 3:17; Mat. 15:24) Iso Isroil xalqini yaqinda rad etilishi va Quddus vayron qilinishi to‘g‘risida ogohlantirgan. (Mat. 23:37, 38; 24:1, 2; Luqo 21:20–24) Ammo uning asosiy vazifasiga xushxabarni va’z qilish kirgan. (Luqo 4:17–21)

20 Yer yuzida bo‘lganida Iso shogirdlariga: «Hushyor turinglar»,— deb aniq aytgan. (Mat. 24:42) Ular Isoning amriga quloq solishgan hamda qo‘riqchilar sifatida yo‘l tutib, Yahova Isroil xonadonini va yer yuzidagi Quddus shahrini rad etishi haqida odamlarni ogohlantirishgan. (Rim. 9:6–8; Galat. 4:25, 26) O‘zlaridan oldin yashagan qo‘riqchilar singari ular ham xushxabarni va’z qilishgan. Endi o‘zga xalq vakillari ham muqaddas ruh bilan moylangan Xudoning Isroili qatoriga kira olishi va yer yuzida pok topinishni tiklashda Masihga yordam berish sharafiga ega bo‘lishi haqidagi ajoyib xabar ham bu xushxabarga kirgan. (Havor. 15:14; Galat. 6:15, 16; Vah. 5:9, 10)

21. Pavlus qanday o‘rnak qoldirgan?

21 Birinchi asrdagi qo‘riqchilar ichida havoriy Pavlus a’lo o‘rnak ko‘rsatgan. U o‘z mas’uliyatiga jiddiy yondashgan. Hizqiyo kabi u ham o‘z topshirig‘ini bajarmasa qon to‘kilishida aybdor bo‘lib qolishini bilgan. (Havor. 20:26, 27) Boshqa qo‘riqchilarning o‘rnagiga ergashib Pavlus nafaqat ogohlantirishlarni, balki xushxabarni ham e’lon qilgan. (Havor. 15:35; Rim. 1:1–4) Darhaqiqat, muqaddas ruh ta’siri ostida u Ishayo payg‘ambarning: «Xushxabarni e’lon qilib yurganning qadamlari naqadar go‘zal!» — degan bashoratidan iqtibos keltirgan va uni Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xushxabarni va’z qilayotgan Masihning izdoshlariga qo‘llagan. (Ishayo 52:7, 8; Rim. 10:13–15)

22. Havoriylarning o‘limidan so‘ng nima yuz bergan?

22 Havoriylarning o‘limidan so‘ng, bashorat qilinganiday, masihiylar jamoatini murtadlar bosib ketgan. (Havor. 20:29, 30; 2 Salon. 2:3–8) Uzoq davom etgan o‘sish paytida bug‘doyga o‘xshash Masihning sadoqatli izdoshlaridan ko‘ra, begona o‘tlar singari bo‘lgan soxta masihiylar ko‘payib ketgan va Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi aniq xabarni soxta ta’limotlar to‘sib qo‘ygan. (Mat. 13:36–43) Biroq Yahova insonlarning ishlariga aralashadigan vaqt yaqinlashganida, odamlarni ogohlantirish va xushxabarni e’lon qilish uchun qo‘riqchilarni tayinlab, yana O‘z sevgisi-yu adolatini namoyon etgan. Bu qo‘riqchilar kimlar edi?

Yahova yovuzlarni ogohlantirish uchun yana qo‘riqchilarni tayinlaydi

23. CH. T. Rassell va uning maslakdoshlari qanday vazifani bajarishgan?

23 Charlz Teyz Rassell va uning maslakdoshlari 1914-yilgacha bo‘lgan muayyan vaqt oralig‘ida Masihiy Shohlik o‘rnatilishidan oldin «yo‘l hozirlaydi»gan «xabarchi» sifatida yo‘l tutishgan. * (Mal. 3:1) Shuningdek, ushbu guruh qo‘riqchi sifatida faoliyat yuritib, «Sion qo‘riqchi minorasi va Masih hozir bo‘lishining darakchisi» nomli jurnal yordamida Xudoning hukmi to‘g‘risida ogohlantirgan va Xudoning Shohligi haqidagi xushxabarni yoygan.

24. a) Qanday qilib ishonchli xizmatkor qo‘riqchi sifatida faoliyat yurityapti? b) O‘tmishda yashagan qo‘riqchilardan nimani o‘rgandingiz? («Ayrim o‘rnakli qo‘riqchilar» nomli ramkaga qarang.)

24 Shohlik o‘rnatilgach, Iso erkaklardan iborat kichik bir guruhni ishonchli xizmatkor etib tayinlagan. (Mat. 24:45–47) O‘shandan beri, hozir Yetakchi kengash deb tanilgan ishonchli xizmatkor qo‘riqchi vazifasini bajarib kelyapti. Bu guruh nafaqat «Tangrimizning qasos kuni» haqida ogohlantirishda, balki «Yahovaning iltifot yili» to‘g‘risida e’lon qilishda ham yetakchilikni o‘z zimmasiga olib kelmoqda. (Ishayo 61:2; 2 Korinfliklarga 6:1, 2 ga ham qarang.)

25, 26. a) Masihning barcha izdoshlari qaysi ishda qatnashishi kerak va u qanday bajarilyapti? b) Keyingi bobda nimani muhokama qilamiz?

25 Qo‘riqchilik ishiga yetakchilik qilish ishonchli xizmatkorning zimmasida bo‘lsa-da, Iso «barcha» izdoshlariga: «Hushyor turinglar»,— deb aytgan. (Mark 13:33–37) Ma’nan hushyor tursak hamda zamonaviy qo‘riqchini sadoqat ila qo‘llab-quvvatlasak, ushbu amrga bo‘ysungan bo‘lamiz. Va’z qilish mas’uliyatini ado etib, hushyor ekanimizni isbotlaymiz. (2 Tim. 4:2) Bunga bizni nima undaydi? Qisman odamlarning hayotini qutqarib qolish istagi. (1 Tim. 4:16) Tez orada ko‘plab odamlar zamonaviy qo‘riqchining ogohlantirishiga parvo qilmagani uchun hayotidan mahrum bo‘lishadi. (Hiz. 3:19) Ammo bizni hushyor turishga undaydigan asosiy narsa eng a’lo xabarni, ya’ni pok topinish tiklanganini e’lon qilish istagidir! «Yahovaning iltifot yili» davom etar ekan, ko‘p odamlar adolatli va sevuvchi Xudoyimiz Yahovaga topinishda bizga qo‘shilishi uchun eshik hali ham ochiq turibdi. Yaqinda bu yovuz dunyo yo‘q qilinganida yer yuzida omon qolganlar Uning O‘g‘li Iso Masihning shafqatli boshqaruvi keltiradigan barakalardan bahramand bo‘lishadi. Shunday ajoyib xabarni e’lon qilishda zamonaviy qo‘riqchiga yordam bermay bo‘ladimi?! (Mat. 24:14)

Xushxabarni va’z qilishda qatnashib, zamonaviy qo‘riqchiga quvonch ila yordam beryapmiz (25-xatboshiga qarang.)

26 Ushbu yovuz dunyoning yakuni yaqinlashib qolgan bo‘lsa-da, Yahova O‘z xalqini mo‘jizaviy tarzda birlashtirmoqda. Keyingi bobda bu qay yo‘sin yuz berayotganini tasvirlovchi ikkita tayoq haqidagi bashorat ko‘rib chiqiladi.

^ 15- x.b. Yeremiyo kitobida «musibat», «falokat» va «kulfat» so‘zlari ko‘p marotaba uchraydi.

^ 23- x.b. Ushbu bashorat va u qanday amalga oshgani to‘g‘risida bilib olish uchun «Xudoning Shohligi boshqarmoqda» nomli (rus) kitobning 2-bobiga qarang.