Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

9-BOB

«Ularni yakdil qilaman»

«Ularni yakdil qilaman»

HIZQIYO 11:19

BU BOBDA: tiklanish mavzusi va u Hizqiyo bashoratlarida qanday ochib berilishi

1–3. Bobilliklar Yahovaning xizmatchilarini qanday haqorat qilishgan va nega?

TASAVVUR QILING, siz Bobil shahrida yashayotgan sadoqatli yahudiysiz. Xalqingiz deyarli 50-yil davomida asirlikda. Odatingizga ko‘ra siz har Shabbat kuni Yahovaga birgalikda topinish uchun imondoshlaringiz bilan yig‘ilasiz. Sershovqin ko‘chalardan yurib borar ekansiz, ko‘plab hashamatli ibodatxonalar-u sajdagohlar yonidan o‘tasiz. U yerda ko‘p odamlar to‘planib, Marduk kabi butlarga qurbonliklar keltirishadi va ularga atab madhiyalar kuylashadi.

2 Olomondan narida siz imondoshlaringizning kichik guruhi bilan ko‘rishasiz. * Sizlar birgalikda ibodat qilish, sanolar kuylash hamda Alloh Kalomi ustida mulohaza yuritish uchun, ehtimol, shahar anhorlaridan birining bo‘yida tinchroq joy topasiz. Birgalikda ibodat qilar ekansiz, anhor bo‘yida turgan yog‘ochdan yasalgan qayiqlarning asta g‘irchillagan tovushlarini eshitasiz. Bu yerda biroz bo‘lsa-da xotirjamlikni his qilib, yengil tortasiz. Xayolingizdan shunday tashvishli fikr o‘tadi: «Ishqilib mahalliy odamlardan birortasi kelib, yig‘ilishimizni buzmasin-da». Mahalliy aholi nega bunday qiladi?

3 Bobil ko‘plab janglarda g‘alaba qozongan va shahar aholisi bu g‘alabalarga soxta xudolari tufayli erishganmiz, deb o‘ylaydi. Bobilliklarning fikricha, Quddus vayron bo‘lgani ularning xudosi Marduk Yahovadan qudratliroq ekanining tasdig‘i. Shu bois ular Xudoyingiz va xalqingizni haqorat qilishadi. Ba’zan ular ustingizdan kulib: «Sion haqida qo‘shiq kuylab beringlar»,— deyishadi. (Zab. 137:3) Ko‘plab sanolarda Sion, ya’ni Quddus Yahovaning dushmanlari ustidan g‘alaba qozongani kuylanadi. Ehtimol, bobilliklar aynan mana shunday sanolar ustidan kulishni yoqtirishadi. Boshqa sanolarda esa bobilliklarning o‘zlari haqida aytiladi. Masalan, ularning birida shunday so‘zlar bor: «Ular Quddusni xarobaga aylantirdi. [...] Atrofimizdagilarga masxara va kulgi bo‘ldik». (Zab. 79:1, 3, 4)

4, 5. a) Hizqiyoning bashoratida qanday umid haqida aytilgan? (Bobning boshidagi rasmga qarang.) b) Bu bobda nimani muhokama qilamiz?

4 Yahovaga hamda Uning payg‘ambarlariga bo‘lgan ishonchingiz ustidan kuladigan murtad yahudiylar ham bor. Bunday masxaralarga qaramay, pok topinish sizga va oilangizga taskin beradi. Birgalikda ibodat qilish hamda qo‘shiqlar kuylash qanday yaxshi! Allohning Kalomini o‘qish tasalli bag‘ishlaydi. (Zab. 94:19; Rim. 15:4) Tasavvur qiling, bir imondoshingiz bugungi uchrashuvga o‘zgacha narsa — Hizqiyoning bashoratlari yozilgan o‘rama bitikni olib keldi. Yahova O‘z xalqini ona yurtiga qaytarishi haqidagi va’dani eshitish siz uchun nihoyatda yoqimli. Bashorat ovoz chiqarib o‘qilgani sayin, qalbingiz zavqqa to‘ladi. Bir kun kelib oilangiz bilan ona yurtingizga qaytishingiz va pok topinish tiklanishida ishtirok etishingiz haqidagi umid ustida mulohaza qilasiz.

5 Hizqiyoning bashoratida tiklanish haqidagi va’dalar qayta-qayta takrorlangan. Keling, ushbu umidbaxsh mavzuni ko‘rib chiqaylik. Bu va’dalar asirlikda bo‘lgan yahudiylar uchun qay yo‘sin amalga oshgan? Bizning vaqtimizda bu bashoratlar qanday ahamiyatga ega? Kelajakda so‘nggi bor amalga oshadigan bashoratlarni ham ko‘rib chiqamiz.

«Ular surgun qilinadi, asirlikka tushadi»

6. Xudo isyonkor xalqini qay yo‘sin qayta-qayta ogohlantirgan?

6 Hizqiyo orqali Yahova xalqining isyonkorligi uchun ularni qanday jazolashini ochiq aytadi. Yahova: «Ular surgun qilinadi, asirlikka tushadi»,— deydi. (Hiz. 12:11) Ushbu kitobning 6-bobidan bilib olganimizday, Hizqiyo bu hukmni yaqqol tasvirlab bergandi. Biroq u bunday ogohlantirishni e’lon qilgan birinchi kishi emasdi. Bundan deyarli ming yil ilgari, Muso payg‘ambar davrida Yahova xalqi isyonkorlik ruhini namoyon etsa, surgundan azob chekishi haqida aytgan edi. (Qonun. 28:36, 37) Ishayo va Yeremiyo kabi payg‘ambarlar ham shunga o‘xshash ogohlantirishni e’lon qilishgandi. (Ishayo 39:5–7; Yerm. 20:3–6)

7. Yahova xalqini qay yo‘sin jazolagan?

7 Afsuski, bu ogohlantirishlarga deyarli hech kim quloq solmadi. Yomon cho‘ponlarning ta’siri tufayli xalq isyonkorlik, butparastlik va sadoqatsizlikka berilib, buzilib ketganidan Yahovaning qalbi vayron bo‘ldi. Shuning uchun Alloh ular ocharchilikdan azob chekishiga yo‘l qo‘ydi. Bir vaqtlar «sut bilan asal oqib yotgan yurt»da yashagan xalq uchun bunday ahvolga tushish ham falokat, ham sharmandalik edi. (Hiz. 20:6, 7) So‘ng Yahova ancha avval bashorat qilganiday, o‘jar xalqi surgun qilinishiga yo‘l qo‘ydi. Mil. avv. 607-yili Bobil shohi Navuxodonosor yakuniy zarba berib Quddusni va undagi ma’badni vayron qildi. Omon qolgan minglab yahudiylar Bobilga surgun qilindi. Bu bobning boshida aytib o‘tilganiday, u yerda yahudiylar masxaralar-u qarshiliklardan aziyat chekishdi.

8, 9. Alloh masihiylar jamoatini murtadlikdan qay yo‘sin ogohlantirgan?

8 Masihiylar jamoati ham Bobil asirligi kabi holatni boshdan kechirganmi? Ha. Qadimda yashagan yahudiylar bilan bo‘lgani kabi, Masihning izdoshlari ham oldindan ogohlantirilgan. Xizmatining boshidayoq Iso shunday so‘zlarni aytgan: «Soxta payg‘ambarlardan ehtiyot bo‘linglar. Ular yoningizga qo‘y qiyofasida keladilar, aslida esa ular vahshiy bo‘rilardir». (Mat. 7:15) Yillar o‘tgach, havoriy Pavlus quyidagi ogohlantirishni yozishga ilhomlantirilgan: «Shuni bilamanki, men ketganimdan keyin orangizga yirtqich bo‘rilar kirib oladi. Ular suruvga shafqatsiz munosabatda bo‘lishadi. Hatto sizlarning orangizdan ham, shogirdlarni ortidan ergashtirish uchun noto‘g‘ri ta’limotlarni tarqatadigan kishilar chiqadi». (Havor. 20:29, 30)

9 Masihiylarga bunday xavfli kishilarni aniqlash va ulardan ehtiyot bo‘lish o‘rgatilgandi. Oqsoqollarga murtadlarni jamoatdan chiqarib tashlash haqida yo‘l-yo‘riq berilgandi. (1 Tim. 1:19; 2 Tim. 2:16–19; 2 Butr. 2:1–3; 2 Yuhan. 10) Biroq qadimiy Isroil va Yahudoda bo‘lgani kabi, ko‘plab masihiylar mehr ila berilgan ogohlantirishlarga bora-bora quloq solmay qo‘yishdi. Birinchi asr oxirlariga kelib murtadlik jamoatda tomir yoydi. Birinchi asrning oxirlarida hamon tirik bo‘lgan havoriy Yuhanno jamoat buzilishdan va tarqalib borayotgan isyonkorlikdan aziyat chekayotganiga guvoh bo‘lgan. U murtadlik keng tarqalib ketishining oldini olib turgan yagona kishi edi. (2 Salon. 2:6–8; 1 Yuhan. 2:18) Yuhannoning o‘limidan so‘ng nimalar yuz berdi?

10, 11. Isoning bug‘doy va begona o‘tlar haqidagi masali milodiy ikkinchi asrdan boshlab qanday amalga osha boshlagan?

10 Yuhannoning o‘limidan keyin Isoning bug‘doy va begona o‘tlar haqidagi masali amalga osha boshladi. (Matto 13:24–30 ni o‘qing.) Iso bashorat qilganiday, Shayton jamoatga «begona o‘tlarni», ya’ni soxta masihiylarni eka boshladi va buzilish jamoat bo‘ylab tezda tarqalib ketdi. O‘g‘li asos solgan jamoat butparastlik, butparastlikka oid bayram va urf-odatlar, xudosiz faylasuflar va yolg‘on dinlardan kirib kelgan soxta ta’limotlar bilan bulg‘anganini ko‘rish Yahovaga nihoyatda og‘ir botgan bo‘lsa kerak! Yahova nima qildi? Sadoqatsiz Isroil xalqi bilan bo‘lgani kabi, Xudo ularni ham asir qilib olishlariga yo‘l qo‘ydi. Milodiy ikkinchi asrdan bu yog‘iga soxta masihiylar shunchalik ko‘payib ketdiki, ularning orasidan bug‘doy singari bo‘lgan kishilarni topish qiyin bo‘lib qoldi. Natijada chin masihiylar jamoati soxta din imperiyasi bo‘lmish Buyuk Bobilning asirligiga tushdi. Holbuki, soxta masihiylar allaqachon buzilgan imperiyaning ta’siri ostida edi. Soxta masihiylar ko‘payib ketgani tufayli xristian olami vujudga keldi.

11 Xristian olami yetakchilik qilgan o‘sha mash’um asrlar davomida Isoning masalidagi «bug‘doy», ya’ni samimiy masihiylar ham bor edi. Hizqiyo 6:9 da qalamga olingan asirlikda bo‘lgan yahudiylar singari ular ham haq Xudoni eslashgandi. Ularning ayrimlari jasorat ila xristian olamining soxta ta’limotlariga qarshi chiqishgandi. Ular masxara qilinish va ta’qiblarga duchor bo‘lishdi. Yahova xalqi doim ma’naviy zulmatda qolishiga yo‘l qo‘ydimi? Aslo! Qadimiy Isroil bilan bo‘lgani kabi, Yahovaning g‘azabi kerakli darajada va belgilangan muddat davomida namoyon bo‘ldi. (Yerm. 46:28) Bundan tashqari, Yahova xalqini umidsiz qoldirmagandi. Keling, qadimiy Bobilda asirlikda bo‘lgan yahudiylarga qaytib, Yahova ularning surgun payti tugashi borasida qanday umid berganini ko‘rib chiqaylik.

Asrlar davomida chin masihiylar Buyuk Bobilning ta’qiblariga uchragan (10-, 11-xatboshilariga qarang.)

«G‘azabim bosilib, jahlimdan tushaman»

12, 13. Nima sababli Yahova Hizqiyo davrida surgunda bo‘lgan xalqiga nisbatan jahlidan tushgan?

12 Yahova xalqidan jahli chiqqanini ochiq aytgan bo‘lsa-da, Uning adolatli g‘azabi abadiy davom etmasligiga ularni ishontirgandi. Masalan, Uning quyidagi so‘zlariga e’tibor bering: «G‘azabim bosilib, jahlimdan tushaman va taskin topaman. Ularga qahrimni sochishdan to‘xtaganimda, Men — Yahova mutlaq sadoqatni talab qilganim uchun bularni aytganimni bilib olishadi». (Hiz. 5:13) Nima uchun Yahova jahlidan tushadi?

13 Asir qilib olib ketilgan sadoqatsiz yahudiylar qatorida Xudoga sodiq bo‘lgan kishilar ham bor edi. Qolaversa, Hizqiyo orqali Xudo asirlikda bo‘lgan xalqi tavba qilishini bashorat qilgan edi. Unga ko‘ra, chin dildan tavba qilgan yahudiylar Allohga qarshi isyon ko‘tarib, qilgan barcha sharmandali ishlarini tan olishlari hamda Yahovadan kechirishini va marhamat ko‘rsatishini so‘rab yolvorishlari kerak edi. (Hiz. 6:8–10; 12:16) Hizqiyo, Doniyor payg‘ambar va uning uchta do‘sti shunday sadoqatli kishilardan edi. Doniyor payg‘ambar uzoq yashab, surgunning boshi va oxirini ko‘rdi. U Isroil xalqining gunohlari uchun tavba qilib chin dildan aytgan ibodati Doniyor kitobining 9- bobida bayon etilgan. Shubhasizki, uning hissiyotlari Yahovaning kechirimini va ularga yana barakalar berishini intiqib kutayotgan surgunda bo‘lgan minglab yahudiylarning tuyg‘ularini aks ettirgan. Hizqiyoning ozodlik va pok topinishning tiklanishi haqidagi ilohiy ilhom ostida yozilgan va’dalari surgunda bo‘lganlarga ulkan dalda baxsh etgan.

14. Nega Yahova xalqini ona yurtiga qaytargan?

14 Biroq Yahovaning xalqi ozod bo‘lishi va ular orasida pok topinish tiklanishining yanada muhimroq sababi bor edi. Uzoq davom etgan surgunlik nafaqat yahudiylar bunga loyiq bo‘lgani uchun, balki Yahova barcha xalqlar oldida O‘z ismini yana muqaddas qiladigan vaqt kelgani tufayli yakuniga yetadi. (Hiz. 36:22) Bobilliklar Marduk kabi yovuz xudolari Oliy Hukmdor Yahovaga aslo teng kela olmasligini uzil-kesil bilib olishadi! Keling, Yahova Hizqiyoni u bilan surgunda bo‘lgan yurtdoshlariga yetkazishga undagan beshta va’dani ko‘rib chiqaylik. Avvaliga har bir va’da o‘sha paytda yashagan sadoqatli kishilar uchun nimani anglatganini muhokama qilamiz. Keyin esa bu va’dalar keng miqyosda qanday amalga oshishini bilib olamiz.

15. Yurtiga qaytgan yahudiylarning topinishida qanday o‘zgarishlar yuz bergan?

15 1-VA’DA. Butparastlik va soxta din bilan bog‘liq boshqa jirkanch ishlarga chek qo‘yiladi. (Hizqiyo 11:18; 12:24 ni o‘qing.) Ushbu kitobning 5-bobida muhokama qilinganidek, Quddus va u yerdagi ma’bad butparastlik kabi soxta din bilan bog‘liq ishlar bilan bulg‘angan edi. Odamlar buzilib ketgandi va Yahovadan yuz o‘girgandi. Hizqiyo orqali bashorat qilib, Yahova surgunda bo‘lgan xalqi yana pok va bulg‘anmagan topinishda qatnashadigan vaqtni intiqib kutishi mumkinligini aytgandi. Tiklanish keltiradigan boshqa barcha barakalar esa asosiy masala, ya’ni Xudoga pok tarzda topinishning tiklanishi bilan bog‘liq edi.

16. Yahova xalqiga ona yurti haqida qanday va’da bergan?

16 2-VA’DA. Ona yurtiga qaytishadi. Yahova surgunda bo‘lganlarga: «Isroil yurtini sizlarga beraman»,— deb aytgan. (Hiz. 11:17) Bu o‘zgacha va’da edi, chunki bobilliklar surgunda bo‘lgan Xudoning xalqi ustidan kulib, qadrli ona yurtiga qaytishiga aslo umid bermagan. (Ishayo 14:4, 17) Bundan tashqari, yurtiga qaytganlar Xudoga sadoqatini saqlashsa, yerlari serhosil bo‘lib, ularda doim oziq-ovqati va yaxshi ishi bo‘lardi. Sharmandalik va ocharchilik keltiradigan azoblar o‘tmishda qolardi. (Hizqiyo 36:30 ni o‘qing.)

17. Yahovaga keltiriladigan qurbonliklar bilan nima bo‘ladi?

17 3-VA’DA. Yahovaning qurbongohiga yana nazrlar keltiriladi. Ushbu kitobning 2-bobida aytib o‘tilgandek, Tavrotga ko‘ra, qurbonlik va nazrlar pok topinishning muhim qismini tashkil etardi. Surgundan qaytganlar itoatkor va ma’nan pok bo‘lib qolishsagina, ularning nazrlari Yahovaga ma’qul bo‘lardi. Xalq gunohlarini yuvib, Alloh bilan yaqin munosabatlarini saqlab qolishi mumkin edi. Yahova shunday deb va’da beradi: «Butun Isroil — ularning hammasi o‘sha yerda Menga xizmat qiladi. O‘sha yerda ulardan mamnun bo‘laman. Muqaddas narsalaringizning hammasini — xayr-ehsonlaringizu nazr qilib keltirgan birinchi hosilingizni o‘sha yerda qabul qilaman». (Hiz. 20:40) Pok topinish butunlay tiklanib, Xudoning xalqiga barakalar keltiradi.

18. Yahova xalqiga qanday g‘amxo‘rlik qiladi?

18 4-VA’DA. Yomon cho‘ponlar yo‘q qilinadi. Rahbarlikni zimmasiga olgan buzuq kishilarning ta’siri tufayli Xudoning xalqi jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ygandi. Yahova vaziyatni o‘zgartirishini va’da berdi. Bunday cho‘ponlar haqida Yahova shunday dedi: «Qo‘ylarimni boqishga ortiq izn bermayman. [...] Qo‘ylarimni ularning og‘zidan qutqaraman». Yahova sadoqatli xizmatchilarini: «Qo‘ylarimga g‘amxo‘rlik qilaman»,— deb ishontirdi. (Hiz. 34:10, 12) U buni qanday qiladi? U sadoqatli kishilarni cho‘ponlar etib tayinlaydi.

19. Yahova birlik haqida qanday va’da bergan?

19 5-VA’DA. Yahovaga topinuvchilar orasida birlik bo‘ladi. Surgundan oldin xalq orasida hukm surgan tarqoqlikni ko‘rib, Xudoning sadoqatli topinuvchilari qanchalik tushkunlikka tushganini bir tasavvur qiling. Soxta payg‘ambarlar va buzuq cho‘ponlarning ta’siri ostida xalq Yahovaning vakillari bo‘lmish sadoqatli payg‘ambarlarga qarshi chiqqandi; xalq hatto bir-biriga qarshilik qilgan guruhlarga bo‘linib ketgandi. Shu bois tiklanishning eng diqqatga sazovor tomonlaridan biri Hizqiyo orqali berilgan quyidagi va’da edi: «Ularni yakdil qilaman. Ularga yangi ruh ato etaman». (Hizqiyo 11:19) Agar yurtiga qaytgan yahudiylar Alloh Yahova bilan hamda o‘zaro birlikni saqlashsa, hech bir dushman ularni mag‘lub qila olmasdi. Ular ortiq Yahovaning ismiga dog‘ tushirmay, bir xalq sifatida yana Uni sharaflay olishardi.

20, 21. Xudoning va’dalari surgundan qaytgan yahudiylarda qanday amalga oshgan?

20 Ushbu beshta va’daning barchasi surgundan qaytgan yahudiylarda amalga oshdimi? O‘tmishda yashagan sadoqatli Yoshuaning quyidagi so‘zlarini yodga olaylik: «Xudoyingiz Yahova qanday yaxshi va’dalar bergan bo‘lsa, hech biri bajarilmay qolmadi. Va’dalarining hammasi amalga oshdi, birortasi ham puchga chiqmadi». (Yoshua 23:14) Yoshuaning davrida shunday bo‘lgan ekan, surgundan ona yurtiga qaytgan yahudiylar paytida ham bu amalga oshadi.

21 Yahudiylar ularni Yahovadan uzoqlashtirgan butparastlik va soxta din bilan bog‘liq boshqa jirkanch ishlardan voz kechishdi. Bu imkonsizday tuyulgan bo‘lsa-da, ular ona yurtiga qaytib, yerga ishlov berishdi va uning ne’matlaridan bahramand bo‘lib yashay boshlashdi. Yahudiylar Quddusga qaytgach, eng avval qilgan ishlaridan biri Yahovaning qurbongohini tiklab, unda Xudoga ma’qul nazrlar keltirish bo‘ldi. (Ezra 3:2–6) Yahova ularga baraka ato etib, ma’naviy tomondan g‘amxo‘rlik qiladigan cho‘ponlarni, masalan, sadoqatli ruhoniy va kotib Ezra, hokimlar Naximiyo va Zarubabel, oliy ruhoniy Yoshua hamda Xaggey, Zakariyo va Malaki kabi jasoratli payg‘ambarlarni berdi. Xalq Yahovaning yo‘l-yo‘riqlariga itoat etar ekan, uzoq vaqt davomida misli ko‘rilmagan birlikdan zavqlana olardi. (Ishayo 61:1–4; Yeremiyo 3:15 ni o‘qing.)

22. Tiklanish haqidagi va’dalarning ilk amalga oshishi kelajakda yuz beradigan buyukroq xodisalarning soyasi bo‘lganini qayerdan bilamiz?

22 Shubhasizki, Yahovaning tiklanish haqidagi va’dalari ilk bor amalga oshishi nihoyatda daldali bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, bu kelajakda yuz beradigan buyukroq xodisalarning soyasi edi, xolos. Buni qayerdan bilamiz? Yahova ushbu va’dalarni faqat muayyan shart asosida, ya’ni xalq itoatkor bo‘lib qolsagina amalga oshirardi. Vaqt o‘tib yahudiylar yana itoatsiz va isyonkor bo‘lib ketdi. Ammo Yoshua ta’kidlaganidek, Yahovaning so‘zlari doim amalga oshadi. Demak, bu va’dalar yanada kengroq miqyosda amalga oshishi kerak edi. Keling, bu qanday yuz berganini bilib olaylik.

«Meni mamnun etasizlar»

23, 24. Barcha narsani «o‘z o‘rniga» qo‘yish, ya’ni tiklanish vaqti qachon boshlangan?

23 Muqaddas Kitobni tadqiq qiluvchi insonlar sifatida biz bu yovuz dunyoning oxirgi kunlari 1914-yili boshlanganini bilamiz. Ammo bu Yahovaning xizmatchilarini qayg‘uga solmaydi. Ha, Muqaddas Kitobda 1914-yili nihoyatda o‘zgacha davr — Alloh barcha narsani «o‘z o‘rniga» qo‘yish, ya’ni tiklanish vaqti boshlangani ta’kidlangan. (Havor. 3:21) Buni qayerdan bilamiz? Xo‘sh, 1914-yili osmonda nima yuz berdi? Iso Masihiy Shohlikning Shohi sifatida taxtga o‘tirdi. Bu voqeaning tiklanish vaqtiga qanday aloqasi bor? Yodingizda bo‘lsa, Yahova shoh Dovudning sulolasi abadiy shohlik qilishi to‘g‘risida va’da bergandi. (1 Sol. 17:11–14) Mil. avv. 607-yili bobilliklar Quddusni vayron qilganda Dovud sulolasidan bo‘lgan shohlar boshqaruviga chek qo‘yilgandi.

24 «Inson O‘g‘li» sifatida Iso Dovudning avlodidan bo‘lgan va uning taxtida o‘tirishga qonuniy huquqi bor edi. (Mat. 1:1; 16:13–16; Luqo 1:32, 33) 1914-yili Yahova Isoga samoviy taxtni berganida barcha narsani «o‘z o‘rniga» qo‘yish, ya’ni tiklanish vaqti boshlandi. Endi tiklash ishini davom ettirish uchun Yahovada mukammal Shohdan foydalanish imkoni paydo bo‘ldi.

25, 26. a) Uzoq davom etgan Buyuk Bobil asirligi qachon yakunlangan va biz buni qayerdan bilamiz? («Nega 1919-yil?» nomli ramkaga qarang.) b) 1919-yildan boshlab nima amalga osha boshlagan?

25 Masih Shoh sifatida qilgan ilk ishlardan biri Otasi bilan birga Xudo xalqining topinishini tekshirish bo‘ldi. (Mal. 3:1–5) Iso bug‘doy va begona o‘tlar haqidagi masalida bashorat qilganiday, uzoq vaqt davomida bug‘doyni begona o‘tlardan, ya’ni haqiqiy moylangan masihiylarni soxtalaridan ajratish qiyin bo‘lgan. * 1914-yili «o‘rim-yig‘im payti» boshlanganida ularning farqi aniq ko‘rindi. 1914-yildan avvalgi bir necha o‘n yil davomida sadoqatli Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari xristian olamining og‘ir gunohlarini fosh qilib, ushbu buzilgan tashkilotdan ajralib chiqa boshladi. Bu Yahova uchun pok topinishni to‘liq tiklash vaqti edi. Shu yo‘sin 1919-yilning boshlarida, «o‘rim-yig‘im payti» boshlanganiga atigi bir necha yil bo‘lganida, Xudoning xalqi Buyuk Bobil asirligidan butkul ozod bo‘ldi. (Mat. 13:30) Ha, asirlik yakuniga yetdi!

26 Hizqiyoning tiklanish haqidagi bashoratlari qadim zamonlardan beri hali hech qachon yuz bermagan darajada, keng miqyosda amalga osha boshladi. Keling, biz ko‘rib chiqqan beshta bashorat kengroq miqyosda qay yo‘sin amalga oshganini bilib olaylik.

27. Xudo O‘z xalqini butparastlikdan qanday tozalagan?

27 1-VA’DA. Butparastlik va soxta din bilan bog‘liq boshqa jirkanch ishlarga chek qo‘yiladi. 19- asr oxirlari 20- asr boshlarida sadoqatli masihiylar birgalikda yig‘ilib, soxta din ta’limotlarini fosh qila boshlashdi. Uchlikka sig‘inish, insonning o‘lmas joni borligi va do‘zax haqidagi ta’limotlar ildizi soxta dinga borib taqaladigan va Muqaddas Kitobga asoslanmagan ta’limotlar sifatida qat’iyan rad etildi. Topinishda tasvirlardan foydalanish butparastlik ekani ochiq aytildi. Asta-sekin Xudoning xalqi topinishda xochdan foydalanish ham butparastlikning bir turi ekanini anglab yetdi. (Hiz. 14:6)

28. Qaysi ma’noda Yahovaning xalqi o‘z yurtiga qaytgan?

28 2-VA’DA. Xudoning xalqi ma’naviy yurtiga qaytadi. Buyuk Bobilning soxta dinlarini tark etgach, sadoqatli masihiylar ma’naviy yurtiga qaytishdi. Ma’naviy yurt — ular aslo ma’naviy ochlikdan azob chekmaydigan, Xudo baraka ato etadigan muhitni yoki sharoitni anglatadi. (Hizqiyo 34:13, 14 ni o‘qing.) Ushbu kitobning 19-bobidan shuni bilib olamizki, Yahova bu yurtga baraka berib, unda ma’naviy ozuqa mo‘l-ko‘l bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qilmoqda. (Hiz. 11:17)

29. 1919-yildan beri va’zgo‘ylik ishi qay yo‘sin keng quloch yoza boshlagan?

29 3-VA’DA. Yahovaning qurbongohiga yana nazrlar keltiriladi. Milodiy birinchi asrdayoq masihiylar Xudoga qurbonlik sifatida tom ma’nodagi hayvonlarni emas, balki yanada qadrliroq hadyalarni taqdim etishlari kerakligi haqida aytilgandi. Bu hadyalarga ular Yahovani sharaflab aytgan so‘zlar va boshqalarga U haqida va’z qilishgani kirardi. (Ibron. 13:15) Xudoning xalqi Buyuk Bobil asirligida bo‘lgan yuzlab yillar davomida, Xudoga bunday hadyalarni taqdim etish uchun hech qanday tadbir tashkillashtirilmagan edi. Biroq asirlik yakuniga yetganida, Allohning xalqi bunday hamd-u sano qurbonliklarini keltira boshlagandi. Ular va’zgo‘ylik ishi bilan band bo‘lib, o‘z uchrashuvlarida quvonch ila Xudoni sharaflashayotgan edi. 1919-yildan beri «ishonchli va aqlli xizmatkor» bor kuchini va’zgo‘ylik ishiga solib, uni keng ko‘lamda tashkillashtirgan. (Mat. 24:45–47) Yahovaning ko‘payib borayotgan xizmatchilari Uning muqaddas ismiga atab hamdu-sano aytgani bois Uning qurbongohi bunday qurbonliklar bilan to‘lib-toshgandi.

30. Iso suruvida yaxshi cho‘ponlar bo‘lishi uchun nima qilgan?

30 4-VA’DA. Yomon cho‘ponlar yo‘q qilinadi. Masih Xudoning xalqini xristian olamining noinsof, xudbin va soxta cho‘ponlaridan qutqardi. Masihning suruvida o‘zini o‘sha soxta cho‘ponlar kabi tutadiganlar ham o‘z mavqeidan mahrum qilindi. (Hiz. 20:38) Yaxshi Cho‘pon sifatida Iso qo‘ylariga o‘rinli tarzda g‘amxo‘rlik qilinishini ta’minladi. 1919-yili u ishonchli va aqlli xizmatkorni tayinladi. Moylangan masihiylarning ushbu kichik guruhi Xudoning xalqi ma’naviy ozuqa bilan ta’minlanib, yaxshi boqilishida rahbarlikni o‘z zimmasiga oldi. Vaqt o‘tib, «Allohning suruviga» g‘amxo‘rlik qilishda ko‘maklashish uchun oqsoqollar ta’lim olishdi. (1 Butr. 5:1, 2) Masihiy cho‘ponlarga Alloh Yahova hamda Iso Masih tomonidan o‘rnatilgan me’yorni eslatib turish uchun Hizqiyo 34:15, 16 dagi so‘zlar tez-tez takrorlanardi.

31. Yahova Hizqiyo 11:19 dagi bashoratni qay yo‘sin amalga oshirgan?

31 5-VA’DA. Yahovaga topinuvchilar orasida birlik bo‘ladi. Asrlar osha xristian olami bir-biriga butunlay qarshi bo‘lgan o‘n minglab dinlar va mazhablarga bo‘linib ketdi. Ulardan farqli o‘laroq, Yahova qayta tiklangan xalqi orasida chinakam mo‘jiza yaratdi. Uning Hizqiyo orqali: «Ularni yakdil qilaman»,— degan so‘zlari ulug‘vor tarzda amalga oshdi. (Hiz. 11:19) Dunyo bo‘ylab Masihning irqi, iqtisodiy va ijtimoiy kelib chiqishi turlicha bo‘lgan millionlab izdoshlari bor. Lekin ularning bari o‘sha-o‘sha haqiqatlarni o‘rganib, beqiyos uyg‘unlikda bitta ishni bajarishadi. Yer yuzidagi hayotining so‘nggi kechasida, Iso izdoshlari orasida birlik bo‘lishini so‘rab iltijo qilgandi. (Yuhanno 17:11, 20–23 ni o‘qing.) Bizning kunlarimizda Yahova ushbu tilakni ajoyib tarzda amalga oshiryapti.

32. Tiklanish haqidagi bashoratlar amalga oshgani sizga qanday ta’sir qilyapti? («Asirlik va tiklanish haqidagi bashoratlar» nomli ramkaga qarang.)

32 Ushbu ajoyib tiklanish davrida yashayotganimizdan nihoyatda xursandmiz, shunday emasmi?! Bugungi kunda topinishimizning har bir sohasida Hizqiyoning bashoratlari amalga oshayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Yahova Hizqiyo orqali: «Meni mamnun etasizlar»,— deb bashorat qilganiday, hozir xalqidan mamnun ekaniga amin bo‘lishimiz mumkin. (Hiz. 20:41) Siz orasida birlik hukm surayotgan, ma’nan yaxshi oziqlanayotgan va dunyo bo‘ylab Yahovaga sharaflar keltirayotgan, yuzlab yillik ma’naviy asirlikdan ozod bo‘lgan xalqning a’zosisiz. Bu qanchalik katta sharaf ekanini anglayapsizmi? Ammo Hizqiyoning tiklanish haqidagi bashoratlaridan ayrimlari yanada kengroq miqyosda amalga oshadi.

Adan bog‘iga o‘xshash yurt

33–35. a) Hizqiyo 36:35 dagi so‘zlar surgunda bo‘lgan yahudiylar uchun nimani anglatgan? b) Bu bashorat bugungi kunda Xudoning xalqi uchun nimani anglatadi? («Barcha narsani “o‘z o‘rniga” qo‘yish vaqti» nomli ramkaga qarang.)

33 Bilib olganimizday, barcha narsani «o‘z o‘rniga» qo‘yish, ya’ni tiklanish vaqti 1914-yili Iso taxtga o‘tirganida — Dovud avlodidan bo‘lgan shohlar sulolasi tiklanishi bilan — boshlandi. (Hiz. 37:24) Keyin Yahova yuzlab yillik ma’naviy asirlikdan ozod bo‘lgan xalqi orasida pok topinishni tiklashi uchun Masihga vakolat berdi. Shu bilan Masih boshlagan tiklash ishi yakuniga yetdimi? Aslo! Bu ish kelajakda ham hayratomuz tarzda davom etadi va Hizqiyoning bashoratlari bu boradagi qiziqarli tafsilotlarni ochib beryapti.

34 Misol uchun, quyidagi ilhomlantirilgan so‘zlarga e’tibor bering: «Shunda odamlar: “Tashlandiq yurt Adan bog‘iday bo‘libdi...”,— deyishadi». (Hiz. 36:35) Bu so‘zlar Hizqiyo va u bilan surgunda bo‘lgan kishilar uchun nimani anglatgan? Albatta ular bu bashorat tom ma’noda amalga oshishini, ya’ni ularning tiklangan ona yurti bir vaqtlar Yahovaning O‘zi barpo etgan Adan bog‘iday bo‘lishini kutishmagan. (Ibt. 2:8) Aksincha, Yahova bu so‘zlar bilan tiklangan ona yurtlari go‘zal va serhosil bo‘lishiga ularni ishontirmoqchi ekanini anglashgan.

35 Ushbu bashorat biz uchun nimani anglatadi? Shayton Iblis boshqarayotgan yovuz dunyoda yashayotgan ekanmiz, bu bashorat hozir tom ma’noda amalga oshishini kutmayapmiz. Aksincha, bu so‘zlar bugungi kunda ramziy ma’noda amalga oshayotganini tushunamiz. Yahovaning xizmatchilari sifatida biz qayta tiklangan ma’naviy yurtda, ma’naviy jannatda yashayapmiz. Bu yerda biz samarali xizmat qilib, muqaddas xizmatimizni hayotimizda birinchi o‘ringa qo‘yyapmiz. Ushbu ma’naviy yurt sekin-asta va to‘xtovsiz go‘zallashib boryapti. Kelajak haqida-chi, nima desa bo‘ladi?

36, 37. Kelajakda bo‘ladigan jannatda qaysi va’dalar amalga oshadi?

36 Buyuk Armageddon jangidan so‘ng Iso tiklash ishini yanada kengaytiradi va bu ish tom ma’noda butun yer yuzini qamrab oladi. Ming yillik boshqaruvi paytida u butun yer yuzi Yahovaning azaliy niyatiga ko‘ra Adan bog‘iga, ya’ni jannatga aylanishi uchun insoniyatga boshchilik qiladi. (Luqo 23:43) Shunda butun insoniyat o‘zaro tinch-totuv hayot kechirib, yer yuziga yaxshi g‘amxo‘rlik qiladi va yer ham ularga o‘zining eng a’lo ne’matlarini beradi. Xavf-xatardan xoli hayot kechiramiz. Quyidagi va’da amalga oshadigan vaqtni bir ko‘z o‘ngingizga keltiring: «Men ular bilan tinchlik ahdini qilaman va yurtni yirtqich hayvonlardan ozod etaman. Shunda ular sahroda xavfsiz hayot kechirib, o‘rmonlarda uxlashadi». (Hiz. 34:25)

37 Quyidagilarni tasavvur qila olasizmi? Siz qo‘rqmasdan ulkan yerimizning istalgan joyiga borishingiz mumkin. Hech qanday hayvon sizga zarar yetkazmaydi. Hech qanday xavf tinchligingizni buzmaydi. Hatto o‘rmon bag‘riga yolg‘iz o‘zingiz sayohat qilib, uning mahobatli go‘zalligidan zavqlanishingiz, butkul xavfsizlikda uyquga ketib, tiniqib dam olgan va hech qanday ziyon ko‘rmagan holda uyg‘onishingiz mumkin!

Hatto «o‘rmonlarda uxlash» xavfsiz bo‘ladigan paytni bir tasavvur qiling (36-, 37-xatboshilariga qarang.)

38. Hizqiyo 28:26 da yozilgan bashorat amalga oshishini ko‘rishingiz haqida o‘ylaganda nimalarni his qilasiz?

38 Biz mana bu va’da amalga oshganini ko‘ramiz: «Ular tinchlik va osoyishtalikda yashaydilar, uylar qurib, uzumzorlar barpo qiladilar. Ularni mazax qilgan atrofdagi barcha xalqlar ustidan hukmimni ijro etganimda, ular tinchlikda yashaydilar. Shunda Men — Yahova ularning Xudosi ekanimni bilib oladilar». (Hiz. 28:26) Yahovaning barcha dushmanlari yo‘q qilingach, biz butun dunyo bo‘ylab bo‘ladigan tinchlik va xavfsizlikdan bahra olamiz. Biz yer yuziga g‘amxo‘rlik qilish bilan birga, o‘zimiz va sevikli kishilarimizning ehtiyojlarini ham qondira olamiz, yashash uchun qulay uylar qurib, uzumzorlar barpo etamiz.

39. Hizqiyo jannat haqida yozgan bashoratlar amalga oshishiga nega amin bo‘lishingiz mumkin?

39 Bu va’dalar sizga shunchaki xomxayolday tuyulyaptimi? Unda hozirgi tiklanish vaqtida nimalarga guvoh bo‘lganingiz haqida o‘ylab ko‘ring. Shaytonning ayovsiz qarshiliklariga qaramay, Isoga ushbu dunyoning so‘nggi kunlarida pok topinishni tiklash vakolati berildi. Bu, Hizqiyo orqali berilgan Xudoning barcha va’dalari amalga oshishining kuchli isboti!

^ 2- x.b. Asir qilib olib ketilgan yahudiylarning aksariyati Bobil shahridan muayyan masofa uzoqlikda joylashgan qishloqlarda yashashgan. Masalan, Hizqiyo Kavor daryosi bo‘yidagi yahudiylar orasida yashagan. (Hiz. 3:15) Lekin asir qilib olib ketilgan yahudiylarning ozchiligi shaharning o‘zida yashagan. Ular qatoriga «shohlar va asilzodalar naslidan bo‘lgan odamlar» kirgan. (Don. 1:3, 6; 4 Shoh. 24:15)

^ 25- x.b. Masalan, 16-asrda yashagan protestant islohotchilaridan qay birlari moylangan masihiylar bo‘lganini aniq ayta olmaymiz.