Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

12-BOB

«Ularni bir xalq qilaman»

«Ularni bir xalq qilaman»

HIZQIYO 37:22

BU BOBDA: Yahovaning O‘z xalqini birga yig‘ish to‘g‘risidagi va’dasi; ikkita tayoq haqida bashorat

1, 2. a) Surgundagilar nega vahimaga tushgan bo‘lishi mumkin? b) Nima ularni hayron qoldirdi? v) Qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz?

ILOHIY yo‘l-yo‘riqqa binoan, Hizqiyo Bobilda surgunda bo‘lganlarga bir qator bashoratlarni belgilar yordamida tasvirlab bergan. Hizqiyo tasvirlab bergan birinchi, ikkinchi, uchinchi va boshqa bashoratlar hukm xabarini o‘z ichiga olgan. (Hiz. 3:24–26; 4:1–7; 5:1; 12:3–6) Darhaqiqat, u yahudiylarga belgilar yordamida tasvirlab bergan barcha bashoratlar shafqatsiz hukm xabaridan iborat edi.

2 Hizqiyo navbatdagi bashoratni tasvirlab berish uchun surgundagilarning qarshisiga turib olganida ular vahimaga tushganini ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring. Ular: «Bu safar qanday shum xabar eshitar ekanmiz?» — deb o‘ylashgandir. Ammo ular hayron qolishdi. Hizqiyo bu gal tasvirlab bermoqchi bo‘lgan bashorat butkul farq qiladi. U dahshatli hukm emas, umid baxsh etuvchi va’dani o‘z ichiga oladi. (Hiz. 37:23) Hizqiyo surgundagilarga qanday xabarni yetkazgan? Uning ma’nosi qanaqa? Bugungi kundagi Xudoning xizmatchilariga u qanday ta’sir qiladi? Keling bilib olamiz.

«Ular qo‘limda bitta tayoq bo‘lib qoladi»

3. a) «Yahudo... uchun» tayoq nimani bildirardi? b) Qanaqasiga Efrayim o‘n qabilali shohlikni anglatardi?

3 Yahova Hizqiyoga ikkita tayoq olishni va birining ustiga «Yahudo... uchun», boshqasinikiga «Efrayimni bildiruvchi Yusufning tayog‘i... uchun» deb yozishni buyuradi. (Hizqiyo 37:15, 16 ni o‘qing.) Bu ikkita tayoq nimani bildirardi? «Yahudo... uchun» tayoq Yahudo va Benyamindan iborat ikki qabilali shohlikni bildirardi. Yahudodan kelib chiqqan shohlar ikkita qabila ustidan boshqarishgan; ruhoniylar ham ular bilan birlikda bo‘lishgan, chunki ruhoniylar Quddusdagi ma’badda xizmat qilishgan. (2 Sol. 11:13, 14; 34:30) Shuning uchun Yahudo shohligi Dovudning sulolasidan bo‘lgan shohlarni va levi ruhoniylarni qo‘llab-quvvatlagan. «Yusufning tayog‘i» Efrayimni bildirgan. Efrayim esa o‘n qabilali Isroil shohligini anglatardi. Qanaqasiga? O‘n qabilali shohlikning birinchi shohi Efrayim qabilasidan bo‘lgan Yorubom edi. Vaqt o‘tib Efrayim Isroilda ustuvor qabilaga aylandi. (Qonun. 33:17; 3 Shoh. 11:26) E’tiborli tomoni shundaki, o‘n qabilali Isroil shohligiga Dovudning sulolasidan bo‘lgan shohlar ham, levi ruhoniylar ham kirmagan.

4. Hizqiyoning tayoqlar bilan qilgan keyingi harakati nimani tasvirlagan? (Bobning boshidagi rasmga qarang.)

4 Keyin Hizqiyoga «bitta tayoq bo‘lishi uchun» ikkita tayoqni birga ushlash buyurildi. Surgundagilar vahimaga tushgan holda Hizqiyoni kuzatib turishar ekan, undan: «Bu nimani anglatishini bizga aytib bermaysanmi?»— deb so‘rashdi. Javoban u Yahovaning O‘zi amalga oshiradigan ishlarni tasvirlab berayotganini aytdi. Ikkita tayoq haqida Yahova shunday degan edi: «Ularni bitta tayoq qilaman va ular qo‘limda bitta tayoq bo‘lib qoladi». (Hiz. 37:17–19)

5. Hizqiyo ikkita tayoqni birlashtirgani nimani anglatgan? («Ikkita tayoqning birlashtirilishi» nomli ramkaga qarang.)

5 Keyin Yahova ikkita tayoqning birlashtirilishi nimani anglatishini tushuntirgan. (Hizqiyo 37:21, 22 ni o‘qing.) Ikki qabilali Yahudo shohligidan va o‘n qabilali Isroil (Efrayim) shohligidan bo‘lgan surgun qilinganlar Isroil yurtiga qaytarib olib kelinadi va u yerda ular «bir xalq» bo‘ladi. (Yerm. 30:1–3; 31:2–9; 33:7)

6. Hizqiyo 37-bobda bir-birini to‘ldiruvchi qanday bashoratlar yozilgan?

6 Hizqiyo 37-bobda yozilgan tiklanish — «qurib ketgan» suyaklar va ikkita tayoq — to‘g‘risidagi bir-birini to‘ldiruvchi bashoratlar naqadar ajoyib! Yahova nafaqat hayotga qaytaruvchi (1–14-oyatlar), balki birlikni tiklay oladigan (15–28-oyatlar) Xudo ekanini isbotlaydi. Ushbu ikkita bashorat orqali quyidagi daldali xabar yetkazib berilmoqda: o‘limning chorasi, bo‘linish kabi muammoning esa yechimi bor.

Qanday qilib Yahova ularni yig‘adi?

7. Qanday qilib 1 Solnomalar 9:2, 3 dagi bayonot «Tangri uchun imkonsiz narsa yo‘q» ekanini isbotlamoqda?

7 Insoniy nuqtai nazardan qaraganda surgunda bo‘lganlarning ozod etilishi va birlashishi umuman imkonsizday ko‘ringan. * «Ammo Tangri uchun imkonsiz narsa yo‘q». (Mat. 19:26) Yahova bashoratini amalga oshirdi. Bobilda surgunlikda bo‘lganlar mil. avv. 537-yilda ozod etilishdi, so‘ng ikkala shohlikka tegishli bo‘lganlar Quddusga qaytib kelib haq topinish tiklanishiga ko‘maklashishdi. Ilohiy ilhom bilan yozilgan manba tasdiqlab turganidek «Yahudo, Benyamin, Efrayim va Manashe avlodlaridan ba’zilar» Quddusga kelib o‘rnashdi. (1 Sol. 9:2, 3; Ezra 6:17) Darhaqiqat, Yahova bashorat qilganidek, o‘n qabilali Isroil shohligining a’zolari ikki qabilali Yahudo shohligining a’zolari bilan birlashishdi.

8. a) Ishayo nimani bashorat qilgan? b) Hizqiyo 37:21 da qanday ikkita muhim narsa haqida aytilgan?

8 Bundan taxminan 200-yil oldin Ishayo payg‘ambar asirlikdan keyin Isroil va Yahudo bilan nima yuz berishini bashorat qilgan. Uning bashoratiga ko‘ra, Yahova «Isroilning tarqalib ketganlarini» to‘playdi, «Yahudoning sochilib ketganlarini yerning to‘rt burchagidan», jumladan, Ossuriyadan yig‘ib oladi. (Ishayo 11:12, 13, 16) Chindan ham, Yahova bashorat qilganidek, «isroilliklar qaysi xalqlar oldiga borishgan bo‘lsa», ularni o‘sha yerdan olib kelgan. (Hizqiyo 37:21) Bu yerda ikkita muhim narsaga e’tibor qarating: shu yerdan boshlab Yahova surgunda bo‘lganlarga «Yahudo» va «Efrayim» deb emas, balki bir guruh sifatida «Isroil» deya murojaat qilgan. Shuningdek, isroilliklar bir xalqdan, ya’ni Bobildan deb emas, balki «har tomondan» deya turli xalqlardan olib kelingani eslatib o‘tilgan.

9. Surgundan qaytganlar birlashishi uchun Yahova qanday yordam berdi?

9 Surgunda bo‘lganlar Isroilga qaytganidan keyin birlashishlari uchun Yahova ularga qanday yordam berdi? U Isroilga Zarubabel, oliy ruhoniy Yoshua, Ezra va Naximiyo kabi ma’naviy cho‘ponlarni berdi. Shuningdek, Xudo Xaggey, Zakariyo va Malaki payg‘ambarlarni tayinladi. Ushbu sadoqatli erkaklar jon-jahdlari bilan xalqni Tangrining ko‘rsatmalariga rioya qilishga undashdi. (Naxim. 8:2, 3) Bundan tashqari, Yahova Isroil xalqini dushmanlari uyushtirgan fitnalardan himoya qildi. (Est. 9:24, 25; Zakr. 4:6)

Xalqi birlikka ega bo‘lishi uchun Yahova ma’naviy cho‘ponlarni taqdim etdi (9-xatboshiga qarang.)

10. Shayton oxiri qanday muvaffaqiyatga erishdi?

10 Yahova sevgi ila yordam berganiga qaramay, aksariyat isroilliklar pok tarzda topinmaydigan bo‘lishdi. Ularning qilmishlari surgundan qaytishganidan keyin yozilgan Muqaddas Kitob bayonotlarida aks ettirilgan. (Ezra 9:1–3; Naxim. 13:1, 2, 15) Surgundan qaytgan asrning o‘zida isroilliklar pok topinishdan shu qadar uzoqlashib ketishganki, Yahova ularni: «Menga qaytinglar»,— deb undashga majbur bo‘lgan. (Mal. 3:7) Iso yer yuziga kelgan paytda yahudiylarning dini bevafo cho‘ponlar yetakchilik qilgan bir qancha mazhablarga bo‘linib ketgan edi. (Mat. 16:6; Mark 7:5–8) Shayton to‘liq birlikka erishishga to‘sqinlik qilib, muvaffaqiyat qozondi. Shunga qaramay, Yahovaning birlashtirish to‘g‘risidagi bashorati puchga chiqmadi. Qanaqasiga?

«Xizmatkorim Dovud ularning shohi bo‘ladi»

11. a) Birlashtirish haqidagi bashorati borasida Yahova nimani oshkor etdi? b) Osmondan haydalganidan keyin Shayton nima qilishga qayta kirishdi?

11 Hizqiyo 37:24 ni o‘qing. Yahova xizmatkori «Dovud», ya’ni Iso Shoh bo‘lib boshqara boshlaganda birlashtirish haqidagi bashorati to‘liq amalga oshishini oshkor etdi. Bu voqea 1914-yili sodir bo‘ldi. * (2 Shoh. 7:16; Luqo 1:32) Bu paytga kelib Isroil xalqining o‘rnini ramziy Isroil, ya’ni moylanganlar egalladi. (Yerm. 31:33; Galat. 3:29) Shayton ayniqsa osmondan haydalganidan keyin Xudo xalqining birligini barbod qilishga qayta kirishdi. (Vah. 12:7–10) Misol uchun, 1916-yili birodarimiz Rassellning o‘limidan so‘ng, Shayton murtadlardan foydalanib moylanganlar orasida bo‘linish paydo qilish imkonini ko‘rdi. Biroq ko‘p o‘tmay o‘sha murtadlar tashkilotni tark etishdi. Shuningdek, yetakchilikni zimmasiga olgan birodarlarni qamoqqa tashlab Shayton muvaffaqiyatga erishdi, lekin bu ham Yahovaning xalqi yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelmadi. Yahovaga sadoqatli bo‘lgan moylangan birodarlar birlikni saqlashdi.

12. Nega Shaytonning ramziy Isroilni bo‘lib tashlash yo‘lidagi urinishlari besamar bo‘ldi?

12 Shunday qilib, Isroil xalqidan farqli o‘laroq, ramziy Isroil Shaytonning fitnalariga qarshi tura oldi. Nega Shaytonning urinishlari besamar bo‘ldi? Chunki moylanganlar jon-jahdi bilan Yahovaning me’yorlariga rioya qilishdi. Natijada ular Shayton ustidan g‘alaba qozonib kelayotgan Shohlari Iso Masihning himoyasiga ega bo‘lishdi. (Vah. 6:2)

Yahova Unga topinadiganlarni birlashtiradi

13. Ikkita tayoqning birlashtirilishi haqidagi bashoratdan qanday muhim haqiqatni bilib olyapmiz?

13 Ikkita tayoqning birlashtirilishi haqidagi bashorat bizning vaqtimizda qanday ahamiyatga ega? Bashorat ikkita guruh qay yo‘sin birlashishini tasvirlashini eslang. Bundan tashqari, bashoratda birlikka Yahova tufayli erishilishi ta’kidlab o‘tilgan. Xo‘sh, ikkita tayoq birlashtirilishi haqidagi bashorat pok topinish bilan bog‘liq qanday muhim haqiqatga urg‘u beryapti? Oddiy qilib aytganda, Yahovaning O‘zi Unga topinadiganlarni birlashtiradi. (Hiz. 37:19)

14. Qanday qilib 1919-yildan e’tiboran, ikkita tayoqning birlashtirilishi haqidagi bashorat keng ko‘lamda amalga osha boshladi?

14 Xudoning xalqi ma’nan tozalanib, ma’naviy jannatga kira boshlaganidan so‘ng, ya’ni 1919-yildan e’tiboran, ikkita tayoqning birlashtirilishi haqidagi bashorat keng ko‘lamda amalga osha boshladi. Bu paytga kelib birlashgan holda bo‘lganlarning ko‘pi osmonda shohlar va ruhoniylar bo‘lish umidiga ega edi. (Vah. 20:6) Ramziy ma’noda o‘sha moylanganlar «Yahudo... uchun» tayoq — Dovudning sulolasidan bo‘lgan shohlar va levi ruhoniylardan tarkib topgan xalq kabi edi. Vaqt o‘tgani sayin bu ramziy yahudiylarga yer yuzida yashashga umid qilgan kishilar qo‘shilaverdi. Bunday kishilar Efrayimni bildirgan «Yusufning tayog‘i» — Dovudning sulolasidan bo‘lmagan shohlar, levi ruhoniylar qatoriga kirmagan xalq kabi edi. Bu ikkala guruh Yahovaning xalqi sifatida, yagona Shohlari bo‘lmish Iso Masihning boshchiligi ostida, birlashgan holda xizmat qilmoqda. (Hiz. 37:24)

«Ular Mening xalqim» bo‘ladi

15. Hizqiyo 37:26, 27 dagi bashoratli so‘zlar bugungi kunda qanday bajo bo‘lmoqda?

15 Hizqiyoning bashoratiga ko‘ra, ko‘plar moylanganlar bilan birgalikda pok tarzda topinishga xohish bildiradi. Yahova O‘z xalqi to‘g‘risida shunday degan: «Ularni... ko‘paytiraman. [...] Chodirim ularning ustida bo‘ladi». (Hiz. 37:26, 27, izoh) Bu so‘zlar bizga Hizqiyoning davridan qariyb 700-yil keyin yashagan havoriy Yuhannoning: «Taxtda O‘tirgan esa chodirini ularning [ulkan olomonning] ustiga yoyadi»,— degan so‘zlarini eslatadi. (Vah. 7:9, 15) Bugun moylanganlar va ulkan olomon bir xalq — Xudoning xalqi bo‘lib, Uning himoya beruvchi chodiri ostida yashab kelmoqda.

16. Ramziy Isroilning yer yuzida yashashga umidi bor kishilar bilan birlashishi haqida Zakariyo qanday bashorat aytgan?

16 Ramziy yahudiylarning yer yuzida yashashga umidi bo‘lganlar bilan birlashishi surgundan qaytgan Zakariyo payg‘ambar tomonidan ham bashorat qilingan edi. Uning yozishicha, «barcha xalqlardan bo‘lgan... o‘n kishi bir yahudiyning kiyimidan... mahkam ushlab olib: “Biz siz bilan boramiz, chunki Xudo sizlar bilan ekanini eshitdik”», deydi. (Zakr. 8:23) «Yahudiy» degan so‘z alohida bir kishini emas, balki bir guruh insonlarni, «sizlar» degani esa bugun moylanganlarning qolgan qismini, ya’ni ramziy yahudiylarni bildiradi. (Rim. 2:28, 29) «O‘n kishi» yer yuzida yashashga umidi bor kishilarni anglatadi. Ular moylanganlarni «mahkam ushlab olib», ular bilan borishadi. (Ishayo 2:2, 3; Mat. 25:40) «Mahkam ushlab olib» va «siz bilan boramiz» iboralari bu ikkala guruh butunlay birlikda ekanini ta’kidlamoqda.

17. Biz bahramand bo‘layotgan birlikni Iso qanday tasvirlagan?

17 Iso qo‘ylariga (moylanganlar) va boshqa qo‘ylariga (yer yuzida yashashga umidi borlar) cho‘ponlik qilishi va ular «bir suruv» bo‘lishi to‘g‘risida gapirganida, Hizqiyoning birlashtirish haqidagi bashoratini nazarda tutgan bo‘lishi mumkin. (Yuhan. 10:16; Hiz. 34:23; 37:24, 25) Umidimiz qanaqa bo‘lishidan qat’i nazar, Isoning ushbu so‘zlari va qadimgi payg‘ambarlarning bashoratlari biz bahramand bo‘layotgan hayratomuz birlikni ajoyib tarzda tasvirlamoqda! Soxta din son-sanoqsiz mazhablarga bo‘linib ketgan bir paytda, biz mo‘jizaviy birlikni his etyapmiz.

Bugun moylanganlar va «boshqa qo‘ylar» «bir suruv» bo‘lib Yahovaga topinmoqda (17-xatboshiga qarang.)

«Muqaddas maskanim ularning orasida abadiy» o‘rnatiladi

18. Hizqiyo 37:28 dan ko‘rinib turganidek, Xudoning xalqi «dunyoga tegishli» bo‘lmasligi nega juda muhim?

18 Hizqiyoning birlashtirish haqidagi bashoratida keltirilgan yakuniy so‘zlarda birligimiz aslo buzilmasligiga bizni nima ishontirishi ta’kidlangan. (Hizqiyo 37:28 ni o‘qing.) Yahovaning muqaddas maskani, ya’ni pok topinish «ularning orasida» bo‘lgani uchun, Uning xalqi birlikda. Ular o‘zini muqaddas, ya’ni Shaytonning dunyosidan ajratilgan holda saqlashsagina Yahovaning muqaddas maskani ularning orasida bo‘ladi. (1 Kor. 6:11; Vah. 7:14) Iso ham bu dunyoga tegishli bo‘lmaslik muhim ekanini ta’kidlagan edi. Yer yuzidagi umrining so‘nggi kechasida qilgan qaynoq ibodatida u shunday degan: «Ey Muqaddas Otam, ular ham... bir bo‘lishlari uchun... ularni himoyalagin. [...] Ular ham dunyoga tegishli emas. Ularni haqiqat yordamida muqaddas qilgin». (Yuhan. 17:11, 16, 17) Iso «bir bo‘lish» va «dunyoga tegishli emas» degan iboralarni bir-biri bilan qanday bog‘laganiga e’tibor bering.

19. a) «Allohga taqlid qilinglar» degan da’vatga muvofiq yo‘l tutayotganimizni qanday isbotlaymiz? b) O‘limidan oldingi kechada Iso shogirdlariga birlik to‘g‘risida qanday muhim haqiqatni ta’kidlagan edi?

19 Bu Iso Xudoga «Muqaddas Otam» deya murojaat qilgani yozilgan yagona oyat. Yahova butunlay pok va to‘g‘ridir. Yahova qadimgi Isroil xalqiga: «Muqaddas bo‘linglar, chunki Men muqaddasman»,— deb amr etgan. (Lev. 11:45) «Allohga taqlid qilinglar» degan da’vatga muvofiq, biz butun yurish-turishimizda mazkur amrga rioya qilishni istaymiz. (Efes. 5:1; 1 Butr. 1:14, 15) «Muqaddas» so‘zi insonlarga qarata aytilganda «ajratib olingan» degan ma’noga ega. Demak, o‘zini bu dunyodan va uning bo‘linish keltirib chiqaruvchi ruhidan ajratilgan holda saqlagan taqdirdagina oralarida birlik bo‘ladi, degan fikrni Iso o‘limidan oldingi kechada shogirdlariga ta’kidlagan edi.

«Ularni Shaytondan himoyalashingni iltimos qilaman»

20, 21. a) Yahovaning himoyasiga bo‘lgan ishonchimizni nima yanada oshirmoqda? b) Nima qilishga qaror qildingiz?

20 Butun dunyo bo‘ylab Yahovaning Shohidlari o‘rtasida misli ko‘rilmagan birlik borligi, Isoning: «Ularni... Shaytondan himoyalashingni iltimos qilaman»,— degan iltimosiga Yahova javob berganini yaqqol isbotlamoqda. (Yuhanno 17:14, 15 ni o‘qing.) Xudo xalqining birligini barbod qilish yo‘lidagi Shaytonning urinishlari besamar bo‘lganini ko‘rish, Tangrimizning himoyasiga bo‘lgan ishonchimizni yanada oshirmoqda. Yahova Hizqiyoning bashoratida aytganidek, ikkita tayoq Uning qo‘lida bitta bo‘lib qoladi. Demak, Yahova himoya beruvchi qo‘li ostida O‘z xalqini mo‘jizaviy ravishda birlashtirdi. Shayton bu yerda ojiz edi.

21 Xo‘sh, qarorimiz qanday bo‘lishi kerak? Hozir bahramand bo‘layotgan qimmatbaho birligimizga hissa qo‘shish uchun jon-jahdimiz bilan mehnat qilishni davom ettirishimiz darkor. Qanday muhim yo‘l bilan har birimiz buni qila olamiz? Yahovaning ramziy ma’badida muntazam ravishda pok topinishda ishtirok etish orqali. Bunday topinishga nima kirishi navbatdagi boblarda muhokama qilinadi.

^ 7- x.b. Hizqiyo ushbu bashoratni olishdan taxminan ikki asr oldin, o‘n qabilali shohlikda yashovchilar (Efrayimni bildirgan «Yusufning tayog‘i») ossuriyaliklar tomonidan surgun qilingan edi. (4 Shoh. 17:23)

^ 11- x.b. Mazkur bashorat 8-bobda batafsil muhokama qilingan.