Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

8-BOB

«Ularning ustidan bir cho‘ponni... qo‘yaman»

«Ularning ustidan bir cho‘ponni... qo‘yaman»

HIZQIYO 34:23

BU BOBDA: Masih bilan bog‘liq to‘rtta bashorat va ularning amalga oshishi

1–3. Nega Hizqiyoning qalbi g‘amga to‘la edi va u qanday bashoratni yozishga ilhomlantirildi?

HIZQIYO oltinchi yili surgunda edi. * Yuzlab kilometr olisda joylashgan aziz vatani, ya’ni Yahudo qanday boshqarilayotgani haqida o‘ylaganida payg‘ambarning qalbi g‘amga to‘ladi. U bir shoh boshqasiga almashganiga guvoh bo‘lgan.

2 Hizqiyo sadoqatli shoh Yo‘shiyo hukmronligining o‘rtalarida tug‘ilgandi. U shoh Yo‘shiyo o‘yma tasvirlarni yo‘q qilish va Yahudoda pok topinishni tiklash maqsadida nimalar qilganini eshitganda xursand bo‘lgandir. (2 Sol. 34:1–8) Ammo Yo‘shiyo qilgan o‘zgarishlar ko‘pga yetmadi, boisi, undan keyin taxtni egallagan shohlarning aksariyati butparastlik bilan shug‘ullandi. Bunday yomon boshqaruvchilar dastidan xalq ma’naviy va axloqiy botqoqqa battar botib ketganining ajablanarli joyi yo‘q. Xo‘sh, qandaydir umid bormidi? Bo‘lmasam-chi!

3 Yahova sadoqatli payg‘ambarni kelajakda pok topinishni abadiy tiklaydigan va Uning qo‘ylariga mehr ila g‘amxo‘rlik qiladigan bo‘lajak Boshqaruvchi va Cho‘pon, ya’ni Masih haqidagi bashoratni yozishga ilhomlantiradi. Bu, Masih haqidagi bir nechta bashoratdan birinchisidir. Mazkur bashoratlarni sinchkovlik ila ko‘rib chiqsak yaxshi bo‘lardi, chunki abadiy kelajagimiz ularning amalga oshishi bilan bog‘liq. Keling, Hizqiyo kitobidagi Masih bilan bog‘liq to‘rtta bashoratni tadqiq qilaylik.

«Yangi chiqqan novda» «ulkan kedrga aylanadi»

4. Hizqiyo qanday bashoratni aytdi va Yahova bu bashoratga kirish so‘zi sifatida nimani aytib berdi?

4 Taxminan mil. avv. 612-yili Yahova Hizqiyoga «so‘zini ayon qildi» va u Masih boshqaruvining ko‘lami hamda uning Shohligiga ishonishimiz kerakligini ko‘rsatuvchi bashoratni aytdi. Bu bashoratga kirish so‘zi sifatida Yahova Hizqiyoni u bilan surgunda bo‘lganlarga Yahudo boshqaruvchilarining sadoqatsizligini va adolatli Masihiy Boshqaruvchi kerakligini ta’kidlaydigan bashoratli mazmunga ega jumboqni aytishga ilhomlantirdi. (Hiz. 17:1, 2)

5. Jumboqning qisqacha mazmuni qanday?

5 Hizqiyo 17:3–10 ni o‘qing. Jumboqning qisqacha mazmuni quyidagicha edi: «katta... burgut» kedr daraxtining uchini uzib oladi va uni «savdogarlar shahriga» ekib qo‘yadi. So‘ng burgut «yurtdan urug‘ oladi» va uni «suvlar bo‘yidagi» unumdor dalaga ekadi. Urug‘ unib chiqib «yoyilgan tokka aylanadi». Keyin esa ikkinchi katta «burgut» uchib keladi. Tok suv bilan sug‘oriladigan yaxshiroq joyga ko‘chirilishni istab ildizlarini «jon-jahdi bilan burgut tomon» cho‘zadi. Yahova tokning harakatlarini qoralab ildizi bilan sug‘urib olinishini va «butunlay qurib qolishini» aytadi.

Birinchi katta burgut Bobil shohi Navuxodonosorni bildiradi (6-xatboshiga qarang.)

6. Jumboq nimani anglatishini tushuntiring.

6 Ushbu jumboq nimani anglatardi? (Hizqiyo 17:11–15 ni o‘qing.) Mil. avv. 617-yili Bobil shohi Navuxodonosor (birinchi «katta... burgut») Quddusni qamal qilgan edi. U Yahudo shohi Yohayixinni («kedr daraxtining uchini») taxtdan tushirib, Bobilga («savdogarlar shahriga») olib ketgan edi. Navuxodonosor Zidqiyoni («yurtdan urug‘»ni, ya’ni shohlar sulolasidan bo‘lgan kishini) Quddusda taxtga o‘tqazdi. Yahudoning yangi shohi Xudoning ismi haqqi qasam ichib, Bobil shohining sadoqatli vassali bo‘lishga va’da berdi. (2 Sol. 36:13) Lekin Zidqiyo ichgan qasamini mensimadi; u Bobilga qarshi bosh ko‘tardi va harbiy yordam so‘rab Misr fir’avniga (ikkinchi katta «burgut»ga) murojaat qildi, biroq bundan hech qanday foyda bo‘lmadi. Yahova sadoqatsizlik qilib qasamini buzgan Zidqiyoni qoraladi. (Hiz. 17:16–21) Oxiri Zidqiyo taxtdan tushirildi va Bobilda zindonda vafot etdi. (Yerm. 52:6–11)

7. Bu bashoratli jumboqdan qanday saboqlar olyapmiz?

7 Bu bashoratli jumboqdan qanday saboqlar olyapmiz? Birinchidan, pok tarzda topinuvchilar sifatida so‘zimizda turishimiz kerak. Iso aytganidek, «“ha” deganingiz “ha” bo‘lsin, “yo‘q” deganingiz “yo‘q” bo‘lsin». (Mat. 5:37) Haqiqatni aytish uchun Xudo haqqi qasam ichish kerak, deb bilsak, bunga jiddiy yondashamiz. Ikkinchidan, kimga ishonayotganimizga diqqatli bo‘lishimiz zarur. Muqaddas Kitobda quyidagi ogohlantiruv yozilgan: «Umid bog‘lamang beklarga, najot berolmaydigan inson o‘g‘liga». (Zab. 146:3)

8–10. Yahova bo‘lajak Masihiy Boshqaruvchini qanday tasvirlagan va bu bashorat qay yo‘sin amalga oshgan? («Masihga oid bashorat — ulkan kedr daraxti» nomli ramkaga ham qarang.)

8 Biroq shunday boshqaruvchi borki, unga to‘liq ishonib, umid bog‘lashimiz mumkin. Ko‘chirib o‘tkazilgan daraxt uchi haqidagi bashoratli jumboqni aytgandan keyin Yahova bo‘lajak Masihiy Boshqaruvchini tasvirlash uchun shunga o‘xshash she’riy obrazdan foydalangan.

9 Bashoratda nima deyilgan? (Hizqiyo 17:22–24 ni o‘qing.) Biroq bu safar katta burgutlar emas, balki Yahovaning O‘zi harakatga kirishadi. U «baland kedr daraxtining uchidagi [yangi chiqqan] novdani uzib olib,.. uni baland, ulkan tog‘ning tepasiga ekib qo‘yadi». Novda «o‘sib... ulkan kedrga aylanadi. Uning ostida turli qushlar qo‘nim topadi». Shunda «daladagi barcha daraxtlar» Yahovaning O‘zi ushbu ulkan daraxtni o‘stirganini bilib olishadi.

10 Bashorat qanday amalga oshdi? Yahova O‘g‘li Iso Masihni shoh Dovudning sulolasidan («baland kedr daraxti»dan) uzib olib, samoviy Sion tog‘ining («baland, ulkan tog‘ning») tepasiga ekib qo‘ydi. (Zab. 2:6; Yerm. 23:5; Vah. 14:1) Garchi dushmanlari O‘g‘lini «eng ahamiyatsiz inson» deb bilgan bo‘lsa-da, Yahova unga «bobokaloni Dovudning taxtini» berib, uni yuksaltirdi. (Don. 4:17; Luqo 1:32, 33) Baland kedr daraxti singari Masihiy Boshqaruvchi Iso Masih osmondan turib butun yer yuzi ustidan boshqaradi va barcha fuqarolari uchun baraka manbai bo‘ladi. Darhaqiqat, u ishonchimizga loyiq Boshqaruvchidir. Iso boshqaradigan Shohlik soyasida yer yuzidagi itoatkor insonlar «bexatar yashaydi. Falokat uni [ularni] dahshatga solmaydi». (Hik. 1:33)

11. «Ulkan kedrga» aylangan «yangi chiqqan novda» haqidagi bashoratdan qanday muhim saboq olyapmiz?

11 Bashoratdan qanday saboq olyapmiz? «Ulkan kedrga» aylangan «yangi chiqqan novda» haqidagi to‘lqinlantiruvchi bashorat «Biz kimga ishonishimiz kerak?» degan juda muhim savolga javob topishga yordam beradi. Insoniy hukumatlar va ularning harbiy kuchiga ishonish nodonlik bo‘lardi. Chinakam xavfsizlikka ega bo‘lish uchun Masihiy Shoh Isoga to‘liq ishonib, umid bog‘lasak oqilona yo‘l tutgan bo‘lamiz. Uning ishonchli qo‘llaridagi samoviy hukumat insoniyatning yagona umididir. (Vah. 11:15)

«Qonuniy huquqi bor» shaxs

12. Yahova Dovud bilan qilgan ahdini unutmaganini qanday ayon qildi?

12 Xudo ikkita burgut haqidagi bashoratli jumboqni Hizqiyoga tushuntirib berganida, u Dovudning sulolasidan bo‘lgan sadoqatsiz shoh Zidqiyo taxtdan tushirilishini va Bobilga asir qilib olib ketilishini anglagan. Ehtimol, payg‘ambar: «Xudoning Dovud bilan qilgan ahdi nima bo‘ladi? Va’daga ko‘ra, Dovudning sulolasidan bo‘lgan shoh abadiy hukmronlik qilishi kerak-ku»,— deb o‘ylagandir. (2 Shoh. 7:12, 16) Agar Hizqiyo bu savol ustida mulohaza qilgan bo‘lsa, javobini uzoq kutmadi. Taxminan mil. avv. 611-yili, surgunning yettinchi yili, hali Yahudoda Zidqiyo hukmronlik qilayotganida Yahova Hizqiyoga «so‘zini ayon qildi». (Hiz. 20:2) Yahova unga Masih haqida yana bir bashorat aytdi. Unga ko‘ra, Xudo Dovud bilan qilgan ahdini unutmagani ayon bo‘ldi. Bashoratga binoan, bo‘lajak Masihiy Boshqaruvchi Dovudning vorisi sifatida boshqarish uchun qonuniy huquqqa ega bo‘ladi.

13, 14. Hizqiyo 21:25–27 dagi bashoratning qisqacha mazmuni qanaqa va u qanday amalga oshdi?

13 Bashoratda nima deyilgan? (Hizqiyo 21:25–27 ni o‘qing.) Yahova Hizqiyo orqali «Isroilning... yovuz yo‘lboshchisi»ga murojaat qilib, uning jazo oladigan vaqti kelganini ochiqchasiga aytadi. Yahova ushbu yovuz boshqaruvchiga uning boshidagi «salla» va «toj» (hokimiyat ramzi) olib qo‘yilishini ma’lum qiladi. So‘ng pasaytirilgan hokimiyatlar yuksaltiriladi, yuksaltirilganlari pasaytiriladi. Yuksaltirilgan hokimiyatlar boshqarib turadi, biroq bu to «qonuniy huquqi bor kelmaguncha» davom etadi. Keyin Yahova unga Shohlikni topshiradi.

14 Bashorat qanday amalga oshdi? Quddus vayron qilinishi bilan, ya’ni mil. avv. 607-yili poytaxti Quddus bo‘lgan «yuksaltirilgan» Yahudo shohligi pasaytirildi. O‘shanda bobilliklar shaharni vayron qilib, taxtdan tushirilgan shoh Zidqiyoni asir qilib olishdi. Keyin shoh Dovudning sulolasidan bo‘lgan birorta ham shoh Quddusda hukmronlik qilmadi. «Pasaytirilgan» o‘zga xalqlar yuksaltirildi va yer yuzi ustidan boshqarish ularning qo‘liga o‘tdi. Biroq bu cheklangan vaqt davom etdi. 1914-yili Yahova hukmronlikni Iso Masihga topshirganida «o‘zga xalqlar davri» yakuniga yetdi. (Luqo 21:24) Shoh Dovudning avlodi sifatida Iso chindan ham Masihiy Shohlikni boshqarishga «qonuniy huquqi bor» shaxsdir. * (Ibt. 49:10) Yahova Dovudning avlodlaridan biri uning taxtida abadiy o‘tirib, mangu bor bo‘ladigan Shohlik ustidan boshqarishi haqidagi rasmiy va’dasini Isoda amalga oshirdi. (Luqo 1:32, 33)

Xudo Shohligining Shohi bo‘lishga Isoning qonuniy huquqi bor (15-xatboshiga qarang.)

15. Nega Shoh bo‘lmish Iso Masihga to‘liq ishonishimiz mumkin?

15 Bashoratdan qanday saboq olyapmiz? Biz Shoh bo‘lmish Iso Masihga to‘liq ishonishimiz mumkin. Nega? Odamlar tomonidan tanlangan yoki hokimiyatni noqonuniy bosib olgan dunyoviy boshqaruvchilardan farqli o‘laroq, Isoni Yahovaning O‘zi tanladi va qonuniy huquqi borligi uchun unga bu «saltanat berildi». (Don. 7:13, 14) Darhaqiqat, Yahovaning O‘zi tayinlagan Shohga ishonishimiz mumkin!

«Xizmatkorim Dovud» «ularning cho‘poni bo‘ladi»

16. Yahova qo‘ylariga qanday munosabatda va Hizqiyo davridagi «Isroil cho‘ponlari» suruvga qanday muomala qilishgan?

16 Oliy Cho‘pon bo‘lmish Yahova qo‘ylarining — yer yuzida unga topinuvchilarning farovonligi uchun qattiq qayg‘uradi. (Zab. 100:3) Qo‘ylariga g‘amxo‘rlik qilishni yordamchi cho‘ponlarga ishonib topshirganida, bu cho‘ponlar qo‘ylariga qanday muomala qilayotganini U diqqat bilan kuzatib turadi. U holda Yahova Hizqiyo davridagi «Isroil cho‘ponlari» haqida qanday fikrda bo‘lganini ko‘z oldimizga keltirishimiz mumkin. Ular «berahmlik va zolimlik qilib» boshqarishgan. Natijada suruv aziyat chekkan, ko‘plar pok topinishni tark etgan. (Hiz. 34:1–6)

17. Yahova O‘z qo‘ylarini qanday qutqargan?

17 Yahova qanday yo‘l tutgan? U Isroilning berahm boshqaruvchilarini «javobgarlikka tortishni» aytgan. Keyin: «Qo‘ylarimni... qutqaraman»,— deb va’da qilgan. (Hiz. 34:10) Yahova hamisha so‘zlarini ro‘yobga chiqargan. (Yoshua 21:45) Mil. avv. 607-yili U bobillik bosqinchilardan foydalanib xudbin cho‘ponlarni hokimiyatidan mahrum etgan va qo‘ylarini qutqargan. Yetmish yildan keyin, U qo‘ylar kabi bo‘lgan topinuvchilarini Bobildan qutqargan va haq topinishni tiklashlari uchun ularni ona yurtiga qaytarib olib kelgan. Biroq Yahovaning qo‘ylari zaif holda bo‘lib, dunyoviy hokimiyatlarning boshqaruvi ostida bo‘lishgan. «O‘zga xalqlar davri» bir necha asr davom etgan. (Luqo 21:24)

18, 19. Mil. avv. 606-yili Hizqiyo qanday bashoratni aytgan? (Bobning boshidagi rasmga qarang.)

18 Mil. avv. 606-yili, Quddus vayron etilganidan taxminan bir yil o‘tgach, Yahova Hizqiyoni bir bashorat aytishga ilhomlantirgan. Ushbu bashoratda Oliy Cho‘pon qo‘ylari uchun qattiq qayg‘urishi va ular abadiy yashashini istashi haqida gap borgan. Mazkur bashoratda Masihiy Boshqaruvchi Yahovaning qo‘ylarini qanday boqishi tasvirlangan.

19 Bashoratda nima deyilgan? (Hizqiyo 34:22–24 ni o‘qing.) Xudo «bir cho‘ponni... qo‘yadi» va uni «xizmatkorim Dovud» deb ataydi. «Bir cho‘pon» iborasi va «xizmatkorim» so‘zi birlikda ishlatilgani, Boshqaruvchi Dovuddan kelib chiqadigan shohlar sulolasini tiklashiga emas, balki shohlikni Dovudning yagona abadiy vorisi sifatida meros qilib olishiga ishora qiladi. Ushbu Cho‘pon va Boshqaruvchi Xudoning qo‘ylarini boqib, «ularning yo‘lboshchisi bo‘ladi». Yahova O‘z qo‘ylari bilan «tinchlik ahdini qiladi». Shunda «barakalar yomg‘ir kabi [ularning ustiga] yog‘iladi» va ular yoqimli xavfsizlik, tetiklik baxsh etuvchi farovonlikka erishib, serpusht bo‘lishadi. Nafaqat insonlar o‘rtasida, balki insonlar-u hayvonlar o‘rtasida tinchlik mo‘l bo‘ladi! (Hiz. 34:25–28)

20, 21. a) «Xizmatkorim Dovud» haqidagi bashorat qanday amalga oshdi? b) Hizqiyoning «tinchlik ahdi» haqidagi so‘zlari kelajakda qanday amalga oshadi?

20 Bashorat qanday amalga oshdi? Boshqaruvchini «xizmatkorim Dovud» deb atab, Xudo bashorat orqali shohlik qilishga qonuniy huquqi bo‘lgan va Dovudning avlodi hisoblangan Isoga ishora qilgan. (Zab. 89:35, 36) Yer yuzida bo‘lganida Iso qo‘ylari uchun o‘z jonini bag‘ishlab «yaxshi cho‘pon» ekanini isbotlagan. (Yuhan. 10:14, 15) Hozir esa u samoviy Cho‘pon. (Ibron. 13:20) 1914-yili Xudo Isoni Shoh etib tayinladi va unga yer yuzidagi qo‘ylariga cho‘ponlik qilish hamda ularni boqish mas’uliyatini ishonib topshirdi. Bu voqeadan ko‘p o‘tmay, 1919-yili yaqinda taxtga o‘tirgan Shoh «uyidagilarga» — samoda yoki yer yuzida yashash umidiga ega bo‘lgan Xudoning sadoqatli topinuvchilariga — rizq-ro‘zni berib turish uchun «ishonchli va aqlli xizmatkor»ni tayinladi. (Mat. 24:45–47) Masih boshchiligida ishonchli xizmatkor Xudoning qo‘ylarini ma’naviy ozuqa bilan yaxshi boqyapti. Bu ozuqa ularga ma’naviy jannatda tinchlik va xavfsizlikni saqlashga ko‘maklashib kelmoqda. Ushbu ma’naviy jannat kengayishda davom etmoqda.

21 Hizqiyoning «tinchlik ahdi» va barakalar yomg‘ir kabi yog‘ishi haqidagi so‘zlari kelajakda qanday amalga oshadi? Yaqinda bo‘ladigan yangi dunyoda yer yuzida Yahovaga pok tarzda topinadiganlar «tinchlik ahdi»ning barakalariga to‘liq ega bo‘lishadi. Tom ma’noda kurrai zaminda bo‘ladigan jannatda Xudoga sadoqatli insonlar urush, jinoyat, ochlik, kasallik yoki yirtqich hayvonlardan aziyat chekishmaydi. (Ishayo 11:6–9; 35:5, 6; 65:21–23) Yer yuzidagi jannatda abadiy yashash istiqbolidan nahotki qalbingiz hayajonga to‘lmasa?! O‘shanda Xudoning qo‘ylari «xavfsizlikda yashashadi, hech kim ularni qo‘rqitmaydi». (Hiz. 34:28)

Iso samoviy Cho‘pon sifatida Xudoning qo‘ylariga qanday muomala qilinayotganini kuzatmoqda (22-xatboshiga qarang.)

22. Iso qo‘ylarga qanday muomala qiladi va yordamchi cho‘ponlar Isoga qay yo‘sin taqlid qilishlari mumkin?

22 Bashoratdan qanday saboq olyapmiz? Otasi kabi Iso ham qo‘ylarning farovonligi uchun qattiq qayg‘uradi. Cho‘pon-u Shoh sifatida u Otasining qo‘ylari ma’naviy ozuqa bilan yaxshi boqilishiga va ma’naviy jannatda tinchlik hamda xavfsizlikdan bahramand bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qilyapti. Bunday Boshqaruvchi bizga g‘amxo‘rlik qilishi naqadar daldali! Yordamchi cho‘pon bo‘lib xizmat qiladiganlar qo‘ylarga Iso kabi muomala qilishlari kerak. Oqsoqollar «bajonidil» va «ishtiyoq bilan» suruvga cho‘ponlik qilib, qo‘ylarga «o‘rnak ko‘rsatish»lari darkor. (1 Butr. 5:2, 3) Oqsoqol Yahovaning hech bir qo‘yiga yomon muomala qilmasligi lozim! Hizqiyoning davridagi berahm Isroil cho‘ponlariga aytilgan Yahovaning mana bu so‘zlarini yodda tuting: «Men... ularni javobgarlikka tortaman». (Hiz. 34:10) Oliy Cho‘pon qo‘ylariga qanday muomala qilinayotganini diqqat bilan kuzatib turibdi, Uning O‘g‘li ham shunday yo‘l tutmoqda.

«Xizmatkorim Dovud abadiy ularning yo‘lboshchisi bo‘ladi»

23. Isroil xalqini birlashtirish haqida Yahova qanday va’da bergan va bu qanday amalga oshgan?

23 Yahova Unga topinadigan kishilar yakdil bo‘lib xizmat qilishlarini istaydi. Tiklanish haqidagi bashoratda Xudo O‘z xalqini — ikki qabilali Yahudo shohligini hamda o‘n qabilali Isroil shohligini — yig‘ib olishini va ular «bir xalq» bo‘lishini va’da qilgan. Bashoratga ko‘ra, ikkita «tayoq» Uning qo‘lida «bitta tayoq bo‘lib qoladi». (Hiz. 37:15–23) Bashorat amalga oshishi uchun Xudo mil. avv. 537-yili va’da qilingan yurtda Isroil xalqini tikladi, ya’ni qayta birlashtirdi. * Biroq bu, ulkan va kelajakda yuz beradigan abadiy davom etuvchi birlashishning kichik namunasi edi, xolos. Isroilning birlashishini va’da qilgandan keyin, Yahova Hizqiyoga qanday qilib bo‘lajak Boshqaruvchi butun dunyodagi haq topinuvchilarni abadiy davom etadigan birlik rishtalari bilan bog‘lashini ayon qiladi.

24. Yahova Masihiy Boshqaruvchiga qanday tavsif bergan va bu Shohning boshqaruvi qanday bo‘ladi?

24 Bashoratda nima deyilgan? (Hizqiyo 37:24–28 ni o‘qing.) Yahova Masihiy Boshqaruvchiga ishora qilib uni yana bir bor «xizmatkorim Dovud», «bir cho‘pon» va «yo‘lboshchi» deb ataydi. Biroq endi Yahova uni «shoh» deb ham ataydi. (Hiz 37:22) Bu Shohning boshqaruvi qanday bo‘ladi? Uning boshqaruvi abadiy bo‘ladi. Oyatlarda «mangu» va «abadiy» so‘zlari ushbu Shoh boshqarganda barakalarning cheki bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda. * Uning boshqaruvi birlik borligi bilan ajralib turadi. «Bitta shoh» boshqarganda sadoqatli fuqarolar o‘sha-o‘sha «hukmlar»ga rioya qilib, birgalikda «yerda istiqomat qilishadi». Shohning boshqaruvi uning fuqarolariga Tangri Yahovaga yaqinroq bo‘lishga yordam beradi. Yahova ushbu fuqarolar bilan «tinchlik ahdi»ni tuzadi. Yahova ularning Xudosi, ular esa Uning xalqi bo‘lishadi. Uning ma’badi «ularning orasida abadiy» bo‘ladi.

25. Masihiy Shoh haqidagi bashorat qanday amalga oshdi?

25 Bashorat qanday amalga oshdi? 1919-yili sadoqatli moylanganlar «bir cho‘pon», ya’ni Masihiy Shoh Iso Masih boshchiligida birlashishdi. Keyin «har bir millatdan, qabiladan, xalqdan va tildan bo‘lgan... ulkan olomon» imondoshlari bo‘lmish moylanganlar bilan birlashdi. (Vah. 7:9) Birgalikda ular «bir cho‘pon» boshchiligida «bir suruv»ni tashkil etishdi. (Yuhan. 10:16) Umidi osmonda yashash bo‘ladimi yoki yerdami, ularning barchasi Yahovaning hukmlari, ya’ni qonunlariga itoat qilishmoqda. Natijada umumjahon birodarlik sifatida ular ma’naviy jannatda birga yashashmoqda. Baraka sifatida Yahova ularga tinchlik ato etdi va pok topinishni anglatuvchi Uning ma’badi ularning orasidadir. Yahova ularning Xudosi. Ular hozir va abadiy Uning topinuvchilari bo‘lishdan faxrlanishadi!

26. Ma’naviy jannatdagi birlikka o‘z hissangizni qanday qo‘sha olasiz?

26 Bashoratdan qanday saboq olyapmiz? Yahovaga pok tarzda topinayotgan umumjahon birodarlik bilan birlashish sharafiga ega bo‘ldik. Biroq bunday sharaf zimmamizga mas’uliyat yuklaydi. Biz birlikka hissa qo‘shishimiz kerak. Shu sababdan, e’tiqod va qilgan ishlarimizda uyg‘unlik bo‘lishiga harakat qilishimiz darkor. (1 Kor. 1:10) Buning uchun biz o‘sha-o‘sha ma’naviy ozuqani chin dildan tanovul qilishga, xulqqa oid Muqaddas Kitob me’yorlariga rioya etishga va o‘sha-o‘sha Shohlik xabarini va’z qilish va shogird tayyorlashdek muhim ishda qatnashishga intilyapmiz. Birligimizning chinakam kaliti — sevgi. Agar sevgini va uning ko‘pgina qirralarini, jumladan, hamdardlik, rahm-shafqat va kechirimlilikni rivojlantirib namoyon etsak, birlikka hissa qo‘shamiz. Muqaddas Kitobda «sevgi» «yetuk darajada birlashtiradi», deyilgan. (Kolos. 3:12–14; 1 Kor. 13:4–7)

Umumjahon birodarlikni sevadigan topinuvchilariga Yahova baraka bermoqda (26-xatboshiga qarang.)

27. a) Hizqiyo kitobidagi Masihga oid bashoratlar sizda qanday tuyg‘ularni uyg‘otyapti? b) Keyingi boblarda nima haqida gap boradi?

27 Hizqiyo kitobida Masihga oid bashoratlar borligidan juda minnatdormiz! Ushbu bashoratlarni o‘qish va ustida mulohaza yuritish suyukli Shohimiz Iso Masih ishonchimizga loyiq ekanini, boshqarish uchun uning qonuniy huquqi borligini, mehr ila bizga cho‘ponlik qilishini va abadiy davom etadigan birlik rishtalari bilan bizni bog‘lashini ko‘rsatmoqda. Masihiy Shohning fuqarolari bo‘lish katta sharaf! Keling, Masihga oid ushbu bashoratlar Hizqiyo kitobida ochib berilgan tiklanish haqidagi umumiy mavzuning bir qismi ekanini yodda tutaylik. Yahova O‘z xalqini birga yig‘ib, pok topinishni ularning orasida tiklashda Isodan foydalanmoqda. (Hiz. 20:41) Ushbu kitobning keyingi boblarida to‘lqinlantiruvchi tiklanish mavzusi va u Hizqiyo kitobida qanday ochib berilishi haqida gap boradi.

^ 1- x.b. Surgunning birinchi yili mil. avv. 617-yilda boshlangan. O‘shanda yahudiylar ilk bor Bobilga asir qilib olib ketilgan. Demak, surgunning oltinchi yili mil. avv. 612-yili boshlangan.

^ 14- x.b. Iso Dovudning avlodi ekani ilhomlantirilgan Injil bayonotlarida batafsil yozilgan. (Mat. 1:1–16; Luqo 3:23–31)

^ 23- x.b. Hizqiyoning ikkita tayoq haqidagi bashorati va u qanday amalga oshgani mazkur kitobning 12-bobida muhokama qilinadi.

^ 24- x.b. «Mangu» va «abadiy» deb o‘girilgan ibroniycha so‘zga bir manbada shunday izoh berilgan: «Davomiylik ma’nosidan tashqari bu so‘z doimiylik, turg‘unlik, barqarorlik, qaytarib bo‘lmaslik va o‘zgarmaslik degan qirralarga ega».