Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

19-BOB

«Daryo oqib o‘tgan joyda hamma narsa jonlanadi»

«Daryo oqib o‘tgan joyda hamma narsa jonlanadi»

HIZQIYO 47:9

BU BOBDA: ma’baddan oqib chiqayotgan daryo haqidagi bashoratli vahiyning o‘tmishda, hozir va kelajakda amalga oshishi

1, 2. Hizqiyo 47:1–12 ga ko‘ra, payg‘ambar nimani ko‘radi va bilib oladi? (Bobning boshidagi rasmga qarang.)

HIZQIYO ma’bad haqidagi vahiyni ko‘rayotib yana bir ajoyib narsaning guvohi bo‘ladi: muqaddas maskandan suv oqib chiqyapti! U billurday toza suv oqayotgan tomonga yo‘l olganini tasavvur qiling. (Hizqiyo 47:1–12 ni o‘qing.) Suv ma’bad ostonasi tagidan oqib chiqib, uning sharqqa qaragan darvozaxonasi yonidan oqib o‘tadi. Hizqiyoga yo‘lboshlovchilik qilayotgan farishta uni ma’baddan olib chiqib, yo‘l bo‘yi masofani o‘lchaydi. Farishta Hizqiyoni bir necha marta suvdan o‘tkazadi va payg‘ambar suv borgan sari chuqurlashayotganini ko‘radi. Ko‘p o‘tmay suv faqatgina suzib o‘tish mumkin bo‘lgan daryoga aylanadi.

2 Hizqiyo daryo suvlari O‘lik dengizga quyilishini bilib oladi. Daryo suvlari dengizning qayeriga yetib borsa, o‘sha yerdagi jonsiz, sho‘r suvni shirin qiladi va u yerda ko‘p baliqlar yashay boshlaydi. Payg‘ambar daryo bo‘ylarida ko‘plab turli-tuman mevali daraxtlar o‘sayotganini ko‘radi. Ular har oy yangi meva beradi. Ularning mevalari ozuqa, barglari esa shifo bo‘ladi. Ko‘rganlarining bari Hizqiyoning qalbiga xotirjamlik va umid baxsh etgandir. Xo‘sh, ma’bad haqidagi vahiyning ushbu qismi Hizqiyo va u bilan surgunda bo‘lgan yurtdoshlari uchun nimani anglatgan? Bugungi kunda biz uchun u qanday ahamiyatga ega?

Vahiydagi daryo surgundagilar uchun nimani anglatgan?

3. Nega qadimda yashagan yahudiylar Hizqiyoning daryo haqidagi vahiysini tom ma’noda tushunmagan?

3 Qadimda yashagan yahudiylar daryo haqidagi vahiyni tom ma’noda tushunmagani aniq. Aksincha, Muqaddas Yozuvlarning bu qismi ularga ilohiy ilhom ostida yozilgan tiklanish haqidagi boshqa bir bashoratni eslatgan bo‘lsa kerak. Uni ikki asrdan sal oshiqroq vaqt avval Yo‘el payg‘ambar yozgan edi. (Yo‘el 3:18 ni o‘qing.) Surgunda bo‘lgan yahudiylar Yo‘elning bashoratini o‘qiganda tom ma’noda «tog‘lardan shirin sharob, tepaliklardan sut» oqib tushishini ham, «Yahovaning uyidan buloq oqib chiqishini» ham kutishmagan. Shu singari, Hizqiyo bilan surgunda bo‘lganlar u bashoratli vahiy orqali yetkazmoqchi bo‘lgan xabar tom ma’nodagi daryo haqida emasligini tushungandir. * Xo‘sh, Yahova qanday xabarni yetkazmoqchi edi? Muqaddas Yozuvlar ushbu bashoratning ayrim tomonlarini tushunishga ko‘maklashadi. Mazkur bashoratli xabar orqali Yahova bizni sevgi ila qaysi uchta narsaga ishontirmoqchi ekanini ko‘rib chiqamiz.

4. a) Hizqiyo vahiyda daryoni ko‘rgani tufayli yahudiylar Yahovadan qanday barakalar olishni kutishi mumkin edi? b) Muqaddas Kitobda «daryo» va «suv» so‘zlari qo‘llanilgani Yahova xalqiga baraka berishiga bizni qanday qilib ishontiryapti? («Yahovadan barakalar keltiruvchi daryolar» nomli ramkaga qarang.)

4 Barakalar keltiruvchi daryo. Muqaddas Kitobda ko‘pincha daryolar va suv Yahova baraka yog‘dirishini anglatadi. Hizqiyo ma’baddan oqib chiqayotgan daryoni ko‘rgan edi. Demak, vahiyni eshitgan Xudoning xalqi pok topinishni qo‘llab-quvvatlasa, Yahovadan ma’naviy barakalar oqib kelishini kutishi mumkin edi. Bu qanday barakalar? Ular yana ruhoniylardan ma’naviy yo‘l-yo‘riq olishardi. Ma’badda keltirilgan qurbonliklar tufayli ularning gunohlari yuvilardi. (Hiz. 44:15, 23; 45:17) Shu yo‘sin, ular ma’baddan oqib chiqayotgan sof suv bilan yuvilganday yana toza bo‘lishlari mumkin edi.

5. Qay yo‘sin vahiyda ko‘rsatilgan daryo barakalar doim hamma uchun yetarli bo‘ladimi, degan xavotirlarga chek qo‘ydi?

5 Barakalar doim hamma uchun yetarli bo‘ladimi? Vahiyda oqib chiqayotgan suv mo‘jizaviy tarzda bor yo‘g‘i 2 kilometrcha narida daryoga aylangani bunday xavotirlarga chek qo‘ydi. (Hiz. 47:3–5) Ona yurtiga qaytgan yahudiylarning soni ortib borishi mumkin edi, ammo Yahovaning barakalari ularning bariga yetardi. Daryo mo‘l-ko‘lchilik ramzi edi!

6. a) Bashoratda ishonch baxsh etuvchi qanday va’da aks ettirilgan? b) Vahiyda qanday ogohlantirish aytib o‘tilgan? (Izohga qarang.)

6 Hayotbaxsh suv. Hizqiyo ko‘rgan vahiyda daryo O‘lik dengizga quyiladi va undagi suvning aksariyat qismi shirin bo‘ladi. E’tibor bersak, bu suvlar tufayli O‘lik dengizda ham Buyuk dengiz, ya’ni O‘rta dengizda bo‘lgani kabi turli xil baliqlar g‘uj-g‘uj bo‘lib yashaydi. Bir-biridan, ehtimol, ancha uzoqda joylashgan ikki shahar o‘rtasidagi O‘lik dengiz sohilida hatto baliqchilik ham rivojlanadi. Farishta: «Daryo oqib o‘tgan joyda hamma narsa jonlanadi»,— deb aytadi. Bu Yahovaning uyidan oqib chiqayotgan suv O‘lik dengizning hamma joyiga yetib borishini anglatadimi? Yo‘q. Farishta ayrim botqoq joylarga hayotbaxsh suv yetib bormasligini tushuntiradi. «Ularni tuz bosib yotaveradi». * (Hiz. 47:8–11) Demak, mazkur bashoratda pok topinish odamlarni jonlantirib, ularning gullab-yashnashiga sabab bo‘lishiga ishontiruvchi va’da aks ettirilgan. Biroq unda quyidagi ogohlantirish ham aytib o‘tilgan: hamma ham Yahovaning barakasini qabul qilmaydi va shifo topmaydi.

7. Vahiydagi daryo bo‘yida daraxtlar borligi surgundagi yahudiylarni nimaga ishontirgan?

7 Ozuqa va shifo bo‘ladigan daraxtlar. Daryo bo‘yidagi daraxtlar haqida nima desa bo‘ladi? Ular manzaraning go‘zalligiga go‘zallik qo‘shadi, shunday emasmi? Ular muayyan ma’noga ham ega. Shubhasizki, har oy yangi hosil beradigan bu daraxtlarning mazali mevalari to‘g‘risida o‘ylash Hizqiyo va yurtdoshlari uchun yoqimli bo‘lgan. Mazkur yoqimli manzara Yahova ularni ma’naviy ozuqa bilan ta’minlashiga ishontirgan. Daraxtlar haqida yana nima deyish mumkin? Bu daraxtlarning barglari «shifo bo‘ladi» deyilganiga diqqat qarating. (Hiz. 47:12) Yahova bilganki, surgundan qaytganlar eng avvalo ma’nan shifo topishga muhtoj bo‘lishadi va U buni amalga oshirishni va’da qilgan. Yahova buni qanday amalga oshirganini tiklanish haqidagi boshqa bashoratlar muhokama qilingan 9-bobda ko‘rib chiqdik.

8. Hizqiyo ko‘rgan bashoratli vahiy yanada kengroq miqyosda amalga oshishi kerak bo‘lgani nimadan ko‘rinyapti?

8 Ammo o‘sha 9-bobda muhokama qilinganiday, surgundan qaytganlarda bunday bashoratlar faqat qisman amalga oshgan. Bunga xalqning o‘zi aybdor edi. To‘g‘ri-da, ular imondan qaytib, itoatsizlik qilsa va hadeb pok topinishni pisand qilmasa, Yahova ularga qanday qilib to‘liq baraka yog‘dirsin?! Xudoga sadoqatli kishilar yurtdoshlarining xulq-atvorini ko‘rib azob chekkan va tushkunlikka tushgan. Biroq Yahovaning sodiq topinuvchilari Uning va’dalari bajarilmay qolmasligini, albatta amalga oshishini bilgan. (Yoshua 23:14 ni o‘qing.) Vaqti kelib Hizqiyo ko‘rgan bashoratli vahiy yanada kengroq miqyosda amalga oshishi kerak edi. Lekin qachon?

Daryo bugungi kunda ham oqmoqda!

9. Hizqiyoning ma’bad haqidagi bashoratli vahiysi qachon keng miqyosda amalga osha boshladi?

9 Biz 14-bobda ko‘rib chiqqanimizday, Hizqiyoning ma’bad haqidagi bashoratli vahiysi «oxirgi kunlarda», ya’ni pok topinish misli ko‘rilmagan darajada yuksalgan paytda keng miqyosda amalga osha boshladi. (Ishayo 2:2) Hizqiyo ko‘rgan vahiyning daryo haqidagi qismi bugungi kunda qay yo‘sin amalga oshyapti?

10, 11. a) Bugungi kunda qanday barakalar bizga daryo kabi oqib kelyapti? b) Ortib borayotgan ehtiyojlarni qondirish uchun Yahovaning barakalari qay yo‘sin yanada ko‘proq oqyapti?

10 Barakalar keltiruvchi daryo. Yahovaning uyidan oqib chiqayotgan suv bugungi kundagi qaysi barakalarni yodimizga soladi? Ma’nan sog‘lom va to‘q bo‘lishimizga hissa qo‘shayotgan barcha narsani. Eng avvalo gunohlarimizni yuvib, Yahovaning kechirimiga ega bo‘lishimizga imkon yaratayotgan Masihning to‘lov qurbonligi xayolimizga keladi. Alloh Kalomidagi sof haqiqatlar ham bizni axloqan va ma’nan poklay oladigan hayotbaxsh suvga o‘xshatilgan. (Efes. 5:25–27) Barakalar keltiruvchi mazkur daryo bizning davrimizda qay yo‘sin oqmoqda?

11 Masalan, 1919-yili Yahovaning xizmatchilari bir necha ming kishini tashkil etardi, xolos va ular kerakli ma’naviy ozuqani olishganidan nihoyatda baxtiyor edi. Keyingi o‘nlab yillar davomida ularning safi kengayib bordi. Hozir Xudoning xalqi sakkiz milliondan ham oshdi. Haqiqatning sof suvlari oqishda davom etyaptimi? Ha! Bizga Muqaddas Kitobdagi ko‘plab haqiqatlar tushuntirib berildi. O‘tgan asrda milliardlab Muqaddas Kitoblar, kitoblar, jurnallar, risola-yu buklamalar Xudoning xalqiga taqdim etildi. Hizqiyo vahiyda ko‘rgan daryo kabi, butun dunyodagi ma’nan chanqoq insonlarning ortib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun, haqiqatning sof suvi yanada ko‘proq oqa boshladi. Odamlar anchadan beri Muqaddas Kitobga asoslangan adabiyotlarni bosma shaklda o‘qish imkoniga ega. Shuningdek, hozir jw.org veb-sayti tufayli bunday adabiyotlar elektron shaklda 1 000 dan oshiq tilda mavjud. Bu haqiqat suvlari samimiy insonlarga qanday ta’sir qilyapti?

12. a) Muqaddas Kitobdagi haqiqatlar odamlarga qanday foyda keltiryapti? b) Vahiyda biz uchun o‘z vaqtida berilgan qanday ogohlantirish bor? (Izohga ham qarang.)

12 Hayotbaxsh suv. Hizqiyoga: «Daryo oqib o‘tgan joyda hamma narsa jonlanadi»,— deyilgandi. Tiklangan ma’naviy yurtimizga kelgan barcha odamlarning hayotiga haqiqat suvlari qanday ta’sir qilganini bir o‘ylab ko‘ring. Muqaddas Kitobdagi haqiqatlar millionlab insonlarning qalbini zabt etdi va ular Yahovaga nisbatan imonni rivojlantirishiga ko‘maklashdi. Biroq vahiyda o‘z vaqtida berilgan ogohlantirish bor: hamma ham haqiqatni sevishda davom etmaydi. Hizqiyo vahiyda O‘lik dengizning ayrim botqoq va balchiq joylarini ko‘rganiday, ba’zi odamlar Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarni qadrlamay qo‘yadi va Yahovani tark etadi. * Iloyim, biz bilan hech qachon bunday bo‘lmasin! (Qonunlar 10:16–18 ni o‘qing.)

13. Vahiyda daraxtlar haqida aytilganidan biz qanday saboqlar olishimiz mumkinmi?

13 Ozuqa va shifo bo‘ladigan daraxtlar. Vahiyda daryo bo‘yida o‘sayotgan daraxtlar haqida aytilganidan biz daldali saboqlar olishimiz mumkinmi? Albatta! O‘sha daraxtlar har oy yangi mazali mevalar berishini va barglari shifo bo‘lishini eslaylik. (Hiz. 47:12) Ular saxiy Xudoga xizmat qilayotganimizni yodimizga soladi. U bizni eng muhim jihatdan, ya’ni ma’nan oziqlantiradi va shifo beradi. Hozirgi paytda dunyo ma’nan kasal va och. Bundan farqli o‘laroq, Yahova bizga taqdim etayotgan narsalar haqida o‘ylab ko‘raylik. Siz ham birorta jurnalimizdagi maqolani o‘qigach, anjuman so‘ngida qo‘shiq kuylagach, video yoki oylik ko‘rsatuvni tomosha qilgach, shunday ma’naviy ozuqaga ega bo‘lish ulkan baraka ekanini his etganmisiz? Darhaqiqat, biz yaxshi oziqlanyapmiz. (Ishayo 65:13, 14) Xo‘sh, bu ozuqa ma’nan sog‘lom bo‘lishimizga yordam beryaptimi? Biz olayotgan foydali maslahatlar butkul Muqaddas Kitobga asoslangan bo‘lib, jinsiy axloqsizlik, ochko‘zlik hamda imonsizlik kabi gunohlardan qochishimizga ko‘maklashyapti. Jiddiy gunohga qo‘l urgani tufayli ma’nan kasal bo‘lib qolgan masihiylarga yordam berish uchun ham Yahova maxsus tadbir uyushtirgan. (Yoqub 5:14 ni o‘qing.) Chindan ham, Hizqiyo vahiyda ko‘rgan daraxtlarning ma’nosiga muvofiq biz ulkan barakalar olyapmiz.

14, 15. a) Hizqiyoning vahiysida botqoqligicha qoladigan joylar haqida aytilganidan qanaqa saboq chiqarishimiz kerak? b) Hizqiyoning vahiysidagi daryo bizga qanday foyda keltiryapti?

14 Shu bilan birga vahiyda botqoqligicha qoladigan joylar haqida aytilganidan ham saboq olsak bo‘ladi. Yahovaning barakalari hayotimizga kirib kelishda davom etishiga to‘sqinlik qilishni aslo istamaymiz. Bu dunyodagi aksariyat odamlar kabi ma’nan shifo topmagan holda qolish ayanchli bo‘lardi. (Mat. 13:15) Biz esa barakalar keltiruvchi daryodan foyda olishdan mamnuniyat topamiz. Alloh Kalomidagi haqiqatning sof suvlarini ichganimizda, va’zgo‘ylikda bu haqiqatlarni boshqalar bilan bo‘lishganimizda, ishonchli xizmatkordan ta’lim olgan oqsoqollardan sevgi ila berilgan yo‘l-yo‘riq, tasalli va yordam olganimizda Hizqiyoning vahiysidagi daryo haqida mulohaza yuritishimiz mumkin. Bu daryo qayerga oqib bormasin, o‘sha joyga hayot va shifo keltiradi!

15 Daryo haqidagi bashoratli vahiy kelajakda qanday amalga oshishi haqida nima desa bo‘ladi? Keling, bo‘lajak jannatda ushbu daryo yanada to‘la ma’noda oqishini ko‘rib chiqaylik.

Ushbu bashoratli vahiy jannatda qanday amalga oshadi?

16, 17. a) Qaysi ma’noda ramziy daryo jannatda yanada kengayadi? b) Jannatda ramziy daryo bizga qanday barakalar keltiradi?

16 Tasavvur qiling, siz jannatda, do‘stlar-u oila a’zolaringiz davrasida hayotdan zavq olib yashayapsiz. Hizqiyoning vahiysidagi daryo haqida tadqiq olib borish, mazkur manzarani yanada yorqinroq tasavvur qilishingizga yordam beradi. Qanday qilib? Bu vahiydagi Yahovaning sevgisini aks ettiruvchi uchta jihatni yana bir bor ko‘rib chiqaylik.

17 Barakalar keltiruvchi daryo. Ushbu ramziy daryo jannatda yanada kengayadi, chunki u nafaqat ma’naviy, balki jismoniy tomonlama ham foyda keltiradi. Isoning Ming yillik boshqaruvi paytida Xudoning Shohligi sadoqatli kishilarga to‘lovdan yanada ko‘proq foyda olishga ko‘maklashadi. Sekin-asta ular mukammallikka erishadi! Kasalliklar boshqa bo‘lmaydi va shifokorlar, hamshiralar, kasalxonalar-u dori-darmonlarga ehtiyoj qolmaydi! Hayot suvi Armageddonda omon qolgan millionlab odamlar, ya’ni «buyuk musibatdan» chiqib keladigan «ulkan olomon» tomon oqadi. (Vah. 7:9, 14) Ammo bu daryo boshida keltiradigan barakalar hayratlanarli bo‘lib ko‘rinsa-da, keyinroq yuz beradigan voqealar oldida bu shunchaki jilg‘aday tuyuladi. Hizqiyoning vahiysida bo‘lgani kabi, daryo ortib boradigan ehtiyojlarni qondirish uchun yanada kengayadi.

Jannatda barakalar keltiruvchi daryo tufayli hamma yosh va sog‘lom bo‘ladi (17-xatboshiga qarang.)

18. Ming yillik boshqaruv paytida «obi hayot daryosi» qaysi ma’noda to‘lib-toshib oqadi

18 Hayotbaxsh suv. Ming yillik boshqaruv paytida «obi hayot daryosi» to‘lib-toshib oqadi. (Vah. 22:1) Millionlab, hatto milliardlab o‘lganlar tiriltiriladi va ularga jannatda abadiy yashash imkoni taklif qilinadi. Ha, Yahova Shohlik orqali beradigan barakalar qatoriga son-sanoqsiz o‘lganlar, ko‘pdan beri yer bag‘rida kuchsiz yotganlarning hayotga qaytishi ham kiradi. (Ishayo 26:19) Ammo ushbu tirilgan insonlar abadiy yashaydimi?

19. a) Jannatda ham Yahovadan haqiqat suvlarini olishda davom etishimizni qayerdan bilamiz? b) Qaysi ma’noda ayrimlar «tuz bosib yotaveradigan» joylar kabi bo‘ladi?

19 Buni har bir inson o‘zi tanlaydi. Jannatda ham Yahovadan haqiqat suvlarini olishda davom etamiz. Bu “suvlarga” yangi kitoblar kiradi. Ularda biz Yahovadan o‘rganadigan yangi narsalar va oladigan yangi yo‘l-yo‘riqlar yozilgan bo‘ladi. Bunday istiqbol haqida o‘ylash juda hayajonli, shunday emasmi?! Ming yillik boshqaruv paytida ayrim kishilar isyon ko‘tarishi mumkin, biroq ularga jannatdagi tinchlikni buzishga izn berilmaydi. (Ishayo 65:20) Shunda Hizqiyoning vahiysi esimizga tushar va undagi botqoqligicha qolib, «tuz bosib yotaveradigan» joylar haqida o‘ylarmiz. O‘jarlik qilib bebaho hayot suvini ichishdan bosh tortadigan insonlar naqadar aqlsiz! Ming yillik boshqaruv tugagach, bir guruh isyonkorlar Shaytonning tomonini egallaydi. Yahovaning adolatli qonun-qoidalarini rad etadiganlarni bir xil yakun — abadiy yo‘q qilinish kutadi. (Vah. 20:7–12)

20. Ming yillik boshqaruv paytida bizning foydamiz uchun uyushtiriladigan qaysi tadbir Hizqiyo vahiyda ko‘rgan daraxtlarni eslatadi?

20 Ozuqa va shifo bo‘ladigan daraxtlar. Yahova hech birimiz abadiy hayotdan mahrum bo‘lishimizni istamaydi. U taklif qilayotgan ajoyib imkoniyatni mahkam ushlashimizga yordam berish uchun jannatda ham bir tadbirni uyushtiradi. Bu tadbirni Hizqiyo vahiyda ko‘rgan daraxtlar bilan solishtirsa bo‘ladi. Iso Masih va u bilan hukmronlik qiladigan 144 000 kishi osmondan turib shohlik qilishadi. Ruhoniylar sifatida Iso va 144 000 kishi sadoqatli insonlarga to‘lov qurbonligi asosida mukammallikka erishishga yordam berishadi. (Vah. 20:6) Insoniyatga jismoniy va ma’naviy tomonlama shifo keltiradigan mazkur tadbir Hizqiyo daryo bo‘yida o‘sayotgan daraxtlarni ko‘rganini eslatadi. Bu daraxtlarning mevalari ozuqa, barglari esa shifo bo‘lardi. Hizqiyo ko‘rgan vahiy havoriy Yuhanno yozib qoldirgan boshqa bir ajoyib vahiyga o‘xshab ketadi. (Vahiy 22:1, 2 ni o‘qing.) Yuhanno ko‘rgan daraxtlarning barglari «xalqlarga shifo baxsh etardi». Shu singari, 144 000 kishining ruhoniylik xizmati millionlab sadoqatli insonlarga foyda keltiradi.

21. Hizqiyo vahiyda ko‘rgan daryo haqida mulohaza yuritish sizga qanday ta’sir qilyapti va keyingi boblarda nimani ko‘rib chiqamiz? («Oqib chiqayotgan suv daryoga aylanadi!» nomli ramkaga qarang.)

21 Hizqiyo vahiyda ko‘rgan daryo haqida mulohaza yuritar ekansiz, qalbingiz xotirjamlik va umidga to‘ladi, shunday emasmi?! Bizni naqadar ajoyib vaqtlar kutyapti! Bir o‘ylab ko‘ring, Yahova jannatda hayot qanday bo‘lishini tasavvur qila olishimiz uchun minglab yillar avval ko‘pgina bashoratlarni aytgan. U sabrni namoyon etib, bizni bashoratlardagi va’dalar yanada keng miqyosda amalga oshganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rishga taklif qilyapti. Xo‘sh, siz bu taklifni qabul qilasizmi? Ehtimol, «Men chindan ham jannatdan joy olishim mumkinmi?» deb o‘ylayotgandirsiz. Keling, Hizqiyo bashoratining yakuniy qismi bizga bu borada qanday aminlik baxsh etishini ko‘rib chiqamiz.

^ 3- x.b. Qolaversa, ona yurtining geografik joylashuvi yodida bo‘lgan yahudiylar Quddusdan O‘lik dengizga daryo oqib bora olmasligini bilishgandir. Aks holda muayyan joylarda suv tepalikka qarab oqishi kerak bo‘lardi.

^ 6- x.b. Ayrim ilohiyotshunoslarning fikricha, bu so‘zlar ijobiy ma’noga ega. Chunki O‘lik dengiz hududlarida saqlovchi xususiyatga ega tuzni qazib olish ko‘pdan beri daromadli sanoat hisoblanadi. Biroq Ibroniycha yozuvlarning asl matnida bu botqoq joylardagi suvlar «shifo topmaydi» deyilgan. Yahovaning uyidan oqib chiqayotgan hayotbaxsh suv bu joylargacha yetib bormagani uchun ular jonsiz bo‘lib yotaveradi va shifo topmaydi. Bundan xulosa, bu bashoratda botqoq joylar sho‘rligicha qolishi salbiy ma’noda aytilganga o‘xshaydi. (Zab. 107:33, 34; Yerm. 17:6)

^ 12- x.b. Shuningdek, Isoning to‘r haqidagi masaliga diqqat qaratsak bo‘ladi. To‘rga turli baliqlar tushadi, lekin ularning hammasi ham «yaxshi» deb topilmaydi. Yaroqsizlari tashlab yuboriladi. Shu yo‘sin, Iso Yahovaning tashkilotiga kelgan insonlarning anchasi muayyan vaqtga kelib sadoqatsiz bo‘lib qolishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi. (Mat. 13:47–50; 2 Tim. 2:20, 21)