Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

22-BOB

«Allohga sajda qil»

«Allohga sajda qil»

VAHIY 22:9

BU BOBDA: Hizqiyo kitobidagi asosiy mavzular hamda ular bugungi kunga va kelajakka qanday taalluqli ekani muhokama qilinadi

1, 2. a) Har birimiz qanday tanlov oldida turamiz? b) Sodiq farishta Yuhanno unga sajda qilmoqchi bo‘lganida qanday yo‘l tutgan?

HAR birimiz quyidagi muhim savolga javob berishimiz kerak: «Kimga topinaman?» Ko‘plar uchun bu oddiy savol bo‘lib, faqat Xudoga topinishimiz kerak, deyishadi. Biroq bu og‘izdagina bo‘lmasligi darkor. Qilayotgan ishimizdan biz Tangri Yahovaga yoki Shaytonga sajda qilayotganimiz ko‘rinadi.

2 Shayton boshqalar unga sajda qilishini juda istaydi. Bu ayniqsa u Isoni vasvasaga solganida ayon bo‘ldi. Kitobimizning 1-bobida muhokama qilganimizdek, Shayton Isoga ajoyib mukofotni — dunyodagi barcha shohliklar ustidan hokimiyatni — taklif qildi. Iblis evaziga nima istagan edi? U Isoga: «Menga... sajda qil»,— deb aytgan. (Mat. 4:9) Undan farqli o‘laroq, Yuhannoga vahiy keltirgan farishta Yuhanno unga topinishini istamagan. (Vahiy 22:8, 9 ni o‘qing.) Yuhanno farishtaga sajda qilmoqchi bo‘lganida Xudoning kamtar ruhiy o‘g‘li unga: «Bunday qila ko‘rma!» — degan. Farishta «menga sajda qil» emas, «Allohga sajda qil» deb aytgan.

3. a) Ushbu adabiyot qay maqsadda chiqarilgan? b) Hozir nimani ko‘rib chiqamiz?

3 Ushbu adabiyotning maqsadi — farishta buyurgandek yo‘l tutish, ya’ni faqatgina Tangri Yahovaga topinish qarorimizni mustahkamlash. (Qonun. 10:20; Mat. 4:10) Keling, Hizqiyoning bashoratlari hamda vahiylaridan pok topinish borasida nimalarni bilib olganimizni qisqacha ko‘rib chiqaylik. So‘ng oyatlar yordamida kelajakka, ya’ni yer yuzidagi har bir inson duch keladigan yakuniy sinov vaqtiga nazar solamiz. Bu sinov abadiy bor bo‘ladigan pok topinish butunlay tiklanganini ko‘rish uchun kimlar omon qolishini belgilab beradi.

Hizqiyo kitobida urg‘u berilgan uchta mavzu

4. Hizqiyo kitobida qanday uchta mavzuga urg‘u berilgan?

4 Hizqiyo kitobidan pok topinish rasmiy diniy marosimlardangina iborat emasligini bilib olyapmiz. Bizdan quyidagilar talab etiladi: 1) Yahovaga mutlaq sadoqatli bo‘lish, 2) pok topinishda birlikni saqlab qolish va 3) boshqalarga sevgini namoyon etish. Ushbu kitobda muhokama qilingan bashoratlar hamda vahiylar mazkur uchta mavzuga qanday urg‘u berayotganiga diqqat qarating.

Birinchi mavzu: Yahovaga mutlaq sadoqatli bo‘lish

5–9. Yahovaga mutlaq sadoqatli bo‘lish borasida nimani o‘rgandik?

5 3-bob. * Hayratga soluvchi vahiyda Yahovaning taxtini kamalak qurshab turgani va U qudratli ruhiy mavjudotlarni boshqarayotgani muhim bir haqiqatni yodimizga soladi — faqatgina Qodir Xudo topinishimizga loyiq. (Hiz. 1:4, 15–28)

6 5-bob. Vahiyda Yahovaning ma’badi bulg‘anganini ko‘rish kishini dahshatga soladi! Bu vahiydan Yahovadan hech narsa yashirin emasligini ko‘rish mumkin. U bevafoliklarni, masalan, xalqi odamlardan yashirincha butlarga topinsa ham buni ko‘rib turadi. Bunday ishlar Unga og‘riq keltiradi va bunday qilmishga qo‘l urganlarni U jazolaydi. (Hiz. 8:1–18)

7 7-bob. Isroilni «masxara qilgan» atrofdagi xalqlar hukm etilgani, Yahova Uning xalqiga yomon muomala qilganlarni javobgarlikka tortishini isbotlab turibdi. (Hiz. 25:6) Isroil va mazkur xalqlar o‘rtasidagi munosabatlardan yana bir saboq olamiz — biz hammadan ko‘ra Yahovaga sadoqatli bo‘lishimiz kerak. Yahovaga topinmaydigan qarindoshlarimizga ma’qul kelish uchun hech qachon me’yorlarimizni pasaytirmaymiz. Biz boylikka ham tayanmaymiz, faqat Yahova loyiq bo‘lgan sadoqatni insoniy hukumatlarga ko‘rsatib betarafligimizga ham zid yo‘l tutmaymiz.

8 13- va 14-boblar. Baland tog‘ ustida joylashgan ma’bad haqidagi vahiydan biz Yahovaning yuqori me’yorlariga rioya qilib yashashimiz hamda U boshqa barcha xudolardan ustun ekanini tan olishimiz kerakligini bilib oldik. (Hiz. 40:1–48:35)

9 15-bob. Isroil va Yahudoga bashoratli tavsif berilib ular fohishalarga o‘xshatilgani bizga ma’naviy zino Yahova uchun qanchalik jirkanch ekanini eslatib turadi. (Hiz. 16-, 23- boblar.)

Ikkinchi mavzu: pok topinishda birlikni saqlab qolish

10–14. Pok topinishda birlikni saqlab qolishimiz kerakligi qanday ta’kidlab o‘tilgan?

10 8-bob. Yahova xalqiga g‘amxo‘rlik qiladigan «bir cho‘ponni» tayinlashi haqidagi bashorat Masihning boshchiligida birlik va tinchlikda mehnat qilishimiz kerakligiga urg‘u beradi. (Hiz. 34:23, 24; 37:24–28)

11 9-bob. Bobil asirligida bo‘lgan Xudoning xalqi ozod etilishi va ular ona yurtiga qaytishi haqidagi Hizqiyoning bashoratlari bugungi kunda Yahovani mamnun qilishni istaydiganlar uchun ham xabarni o‘z ichiga oladi. Yahovaga pok tarzda topinadiganlar soxta dinning zaharli ta’siridan qutulib, ozod bo‘lib qolishlari kerak. Irqiy, iqtisodiy va ijtimoiy kelib chiqishimiz turlicha bo‘lishiga qaramay, bizni Xudoning xalqi sifatida ajratib turadigan birlikni saqlashimiz darkor. (Hiz. 11:17, 18; 12:24; Yuhan. 17:20–23)

12 10-bob. Birlik mavzusi qurigan suyaklarning tirilishi haqidagi vahiyda ham ta’kidlab o‘tilgan. Bir qo‘shinday faoliyat yuritayotgan ma’nan tozalangan topinuvchilarning tiklangan guruhi ichida bo‘lish naqadar katta sharaf! (Hiz. 37:1–14)

13 12-bob. Birlik ikkita tayoqning birlashtirilishi haqidagi bashoratda ayniqsa ta’kidlab o‘tilgan. Moylanganlar va boshqa qo‘ylar bu bashoratni amalga oshirayotganini ko‘rish imonimizni judayam mustahkamlamoqda! Diniy va siyosiy nafrat dastidan bo‘lingan dunyoda yashashimizga qaramay, sevgi va sadoqat tufayli birlikni saqlab kelmoqdamiz. (Hiz. 37:15–23)

14 16-bob. Kotiblik asbobi bor kishi va qo‘lida to‘qmog‘i bor kishilar haqidagi vahiy jiddiy ogohlantirishni o‘z ichiga oladi — buyuk musibatni pok topinuvchilar sifatida qarshi olganlargina qutuladiganlar sifatida belgi olishadi. (Mat. 24:21; Hiz. 9:1–11)

Uchinchi mavzu: boshqalarga sevgini namoyon etish

15–18. Nega sevgini namoyon etishda davom etishimiz lozim va buni qanday qila olamiz?

15 4-bob. To‘rtta tirik mavjudot haqidagi vahiydan Yahovaning fazilatlari, ulardan eng asosiysi sevgi haqida bilib oldik. Sevgi ila gapirsak va yo‘l tutsak, Yahova bizning Xudoyimiz ekanini isbotlagan bo‘lamiz. (Hiz. 1:5–14; 1 Yuhan. 4:8)

16 6- va 11-boblar. Xudoning sevgisi Uni Hizqiyo singari qo‘riqchilarni tayinlashga undagan. Allohning O‘zi sevgi bo‘lgani bois, U Shaytonning yer yuzi ustidan boshqaruviga chek qo‘yganida hech kim halok bo‘lishini istamaydi. (2 Butr. 3:9) Zamonaviy qo‘riqchini qo‘llab-quvvatlab zimmamizdagi vazifani bajarganimizda Xudoning sevgisini aks ettirish sharafiga ega bo‘lamiz. (Hiz. 33:1–9)

17 17- va 18-boblar. Yahova ko‘plar Uning rahm-shafqatini rad etishini va Unga sadoqat ila topinadiganlarni yo‘q qilishga urinishini biladi. «Mago‘g yurtidagi Go‘g» Yahovaga sodiq bo‘lgan kishilarga hujum qilganida, sevgi Uni O‘z xalqini himoya qilishga undaydi. Yahova Uning xalqiga zulm qilmoqchi bo‘lganlarni yo‘q qiladi. Boshqalarga bo‘lgan sevgi bizni iloji boricha ko‘proq odamlarni bu haqida ogohlantirishga chorlaydi. (Hiz. 38:1–39:20; 2 Salon. 1:6, 7)

18 19-, 20- va 21-boblar. Yahovaning xalqiga bo‘lgan sevgisi hayotbaxsh suvning ma’baddan oqib chiqishi va yurt bo‘lib berilishi haqidagi vahiylar yorqin tarzda bayon etilganidan ko‘rinadi. Vahiylarda Yahova sevgisini a’lo darajada namoyon etgani qanday natija keltirgani tasvirlangan. Gunohlarimiz kechirilishi va Xudo oilasining a’zosi bo‘lib mukammal hayotdan bahramand bo‘lishimiz uchun U O‘g‘lining hayotini bergan. Odamlarga sevgimizni namoyon etishning eng yaxshi yo‘llaridan biri — Uning O‘g‘liga ishonganlar uchun Yahova go‘zal kelajakni tayyorlab qo‘ygani haqida aytib berishdir. (Hiz. 45:1–7; 47:1–48:35; Vah. 21:1–4; 22:17)

Ming yillik boshqaruvdan so‘ng, kamtarlikning ajoyib namunasi

19. Ming yillik boshqaruv paytida Iso nima qiladi?

19 Ming yillik boshqaruv paytida Iso milliardlab kishilarni hayotga qaytaradi va «dushman — o‘lim» keltirgan darddan forig‘ etadi. (1 Kor. 15:26; Mark 5:38–42; Havor. 24:15) Insoniyat tarixi qayg‘u va yo‘qotishlarga to‘la, qalbni ezuvchi hikoyaga o‘xshaydi. Har bir avlod hayotga qaytgach, Iso qora sahifalarni yo‘q qilib tashlab, tirilganlarga hayotni yangi sahifadan boshlash imkoniyatini taqdim etadi. To‘lov qurbonligi asosida u kasallik, urush, ofat va ocharchilik oqibatlarini yo‘qqa chiqaradi. Bundan tashqari, u qayg‘ularimiz negizi bo‘lmish Odamatodan meros bo‘lib o‘tgan gunohni tomiri bilan sug‘urib tashlaydi. (Rim. 5:18, 19) Iso «Iblisning ishlarini» butunlay barbod qiladi. (1 Yuhan. 3:8) Keyin nima yuz beradi?

Tirilganlarga hayotni yangi sahifadan boshlash imkoniyati taqdim etiladi

20. Qanday qilib Iso va 144 000 kishi kamtarlikning ajoyib namunasini ko‘rsatishadi? Tushuntiring. (Bobning boshidagi rasmga qarang.)

20 Korinfliklarga birinchi maktub 15:24–28 ni o‘qing. Butun insoniyat mukammallikka erishgach va nihoyat yer yuzi Yahovaning ilk niyatiga ko‘ra jannatga aylangach, Iso va u bilan boshqaradigan 144 000 kishi Shohlikni Yahovaning qo‘liga topshirib kamtarlikning ajoyib namunasini ko‘rsatishadi. Ular ming yil ega bo‘lgan hokimiyatni o‘z ixtiyori bilan Xudoga qaytarishadi. Shohlik erishgan barcha yutuqlar abadiy bo‘ladi.

Yakuniy sinov

21, 22. a) Ming yilning oxirida dunyo qanday bo‘ladi? b) Nega Yahova Shaytonni va uning jinlarini ozodlikka chiqaradi?

21 Keyin Yahova yer yuzidagi fuqarolariga bo‘lgan katta ishonchidan darak beruvchi bir ish qiladi. U ming yilga qamab qo‘yilgan Shaytonni va uning jinlarini tubsizlikdan ozod etishga buyruq beradi. (Vahiy 20:1–3 ni o‘qing.) O‘shanda odamlar va yer yuzi ularga tanish bo‘lgan dunyodan butunlay farq qilishini ko‘rishadi. Armageddondan oldin insoniyatning aksar qismi Shayton tomonidan yo‘ldan ozdirilgan bo‘lib, odam zoti nafrat va noto‘g‘ri fikrlar dastidan bo‘lingan edi. (Vah. 12:9) Ming yilning oxirida butun insoniyat birlashgan va mehribon oila bo‘lib Yahovaga topinadi. Yer yuzi tinch jannatga aylanadi.

22 Nega Yahova jinoyatchilar bo‘lmish Shayton va uning jinlarini tozalangan yerda ozodlikka chiqaradi? Chunki ming yilning oxirida yashaydiganlarning aksariyati bundan oldin Yahovaning sodiq topinuvchilari sifatida hech qachon sinalmagan. Ularning ko‘pi Yahovani bilmay hayotdan ko‘z yumgan va jannatda tiriltirilgan bo‘ladi. Yahova ularga nafaqat hayot beradi, balki ularning barcha jismoniy va ma’naviy ehtiyojlarini ham qondiradi. Ular yomon ta’sirdan xoli bo‘ladi, ularga faqatgina yaxshi insonlar ta’sir ko‘rsatadi. Ularni Yahovani sevadigan va Unga xizmat qiladigan insonlar o‘rab turadi. Ayubni ayblaganidek, Shayton o‘sha tirilgan insonlarni ham ayblashi mumkin. Uning da’vosiga ko‘ra, odamlar Xudodan himoya va baraka olgani uchungina Unga xizmat qilishadi. (Ayub 1:9, 10) Xullas, ismlarimizni hayot kitobiga abadiy yozib qo‘yishdan oldin, Yahova bizga Uni Ota va Oliy Hukmdor deb bilganimiz uchun sodiqligimizni isbotlash imkonini taqdim etadi. (Vah. 20:12, 15)

23. Har bir kishi qanday tanlov oldida turishi mumkin?

23 Shaytonga qisqa vaqtga insoniyatni Xudoga xizmat qilishdan to‘xtatish imkoniyati beriladi. Bu qanday sinov bo‘ladi? Hoynahoy, har bir kishi Odamato va Momohavo duch kelgan sinovga o‘xshash tanlov oldida turadi — Yahovaning me’yorlarini qabul qilish, Uning boshqaruvini qo‘llab-quvvatlash va Unga topinish yoki Unga qarshi isyon ko‘tarib, Shayton tomonini egallash.

24. Nega isyon ko‘taradiganlar Go‘g bilan Mago‘g deb atalgan?

24 Vahiy 20:7–10 ni o‘qing. Qizig‘i shundaki, ming yilning oxirida isyon ko‘taradiganlar Go‘g bilan Mago‘g deb atalgan. Ular Hizqiyoning bashoratidagi buyuk musibat paytida Xudoning xalqiga hujum qiladigan isyonchilarga xos fe’l-atvorni namoyon etishadi. O‘sha odamlar guruhi, ya’ni «Mago‘g yurtidagi Go‘g» buyuk musibat paytida Xudoning boshqaruviga qarshi chiqadigan turli xalqlardan tarkib topgan bo‘ladi. (Hiz. 38:2) Shu kabi Masihning Ming yillik boshqaruvi oxirida isyon ko‘taradiganlar «xalqlar» deb atalgan. Ular «xalqlar» deb atalgani qiziqarli. Nega? Ming yillik boshqaruv davomida milliy guruhlar tushunchasi yo‘qolib ketadi. Barcha xalqlar bitta hukumat, ya’ni Xudo Shohligining fuqarolari bo‘lishadi. Barchamiz yagona millatga mansub bo‘lamiz. Mazkur isyonchilar bashoratda Go‘g bilan Mago‘g hamda «xalqlar» deya atalgani, Shayton Xudo xalqi orasida bo‘linishlar keltirib chiqarishga muvaffaq bo‘lishini ko‘rsatmoqda. Hech kim Yahovaning yoki Shaytonning tarafini egallashga majbur qilinmaydi. Har bir mukammal shaxs o‘zi qaror chiqaradi.

Isyonchilar Go‘g bilan Mago‘g deb atalgan (24-xatboshiga qarang.)

25, 26. Qancha odam Shayton tarafini egallaydi va ular bilan nima yuz beradi?

25 Qancha odam Shayton tarafini egallaydi? Isyon ko‘taradiganlar soni «dengiz qumiday sanoqsiz» bo‘ladi. Ammo ushbu ibora insoniyatning katta foizi isyon ko‘taradi, degani emas. Buni qayerdan bilamiz? Ibrohimga berilgan va’dani ko‘rib chiqaylik. Yahova Ibrohimga uning zurriyoti «dengiz sohilidagi qumday» ko‘p bo‘lishini aytgan. (Ibt. 22:17, 18) Shunga qaramay, zurriyotni tashkil etadiganlar soni oxir-oqibat 144 001 kishidan iborat bo‘ldi. (Galat. 3:16, 29) Bu son ko‘p bo‘lsa ham, butun insoniyatning bir qismigina, xolos. Shu kabi Shayton tarafini egallaydiganlar soni ko‘p bo‘lsa-da, lekin ular behisob bo‘lmaydi. Isyonchilar Xudoning sadoqatli xizmatchilarini yo‘q qila olmaydi.

26 Isyonga qo‘shilganlar darhol yo‘q qilib yuboriladi. Shayton va uning jinlari qatori ular boshqa mavjud bo‘lmaydi, ya’ni ularda qachondir hayotga qaytish umidi bo‘lmaydi. Ammo ularning noto‘g‘ri qarorlari va o‘sha qarorlarning oqibatlari hech qachon esdan chiqarilmaydi. (Vah. 20:10)

27–29. Yakuniy sinovdan o‘tganlarni nima kutmoqda? («Yakuniy sinov» nomli ramkaga qarang.)

27 Yakuniy sinovdan o‘tganlarning ismlari esa «hayot kitobi»ga abadiy yozib qo‘yiladi. (Vah. 20:15) So‘ng bir oila bo‘lib birlashganlar — Yahovaning barcha sadoqatli o‘g‘il-u qizlari — Unga topinadi. Zero, U haqli ravishda bunga loyiq.

28 Bu kelajak haqida o‘ylab ko‘ring. Arzigulik ishingiz va yaxshilanishingizga ko‘maklashadigan do‘stlaringiz bo‘ladi. Siz ham, yaqinlaringiz ham aslo azob chekmaysiz. Siz Yahovaning oldida gunohdan butunlay xoli, vositachiga muhtoj bo‘lmagan inson sifatida tura olasiz. O‘rtada hech qanday to‘siq bo‘lmagani bois, har bir inson Xudo bilan do‘stlasha oladi. Eng muhimi esa yer-u osmonda Xudoga pok tarzda topinish mukammal darajada amalga oshiriladi. Pok topinish batamom tiklanadi.

Mukammallikka erishganingizda Yahovaning oldida gunohdan butunlay xoli, vositachiga muhtoj bo‘lmagan inson sifatida tura olasiz (28-xatboshiga qarang.)

29 Bu ajoyib paytni ko‘rish uchun siz ham o‘sha yerda bo‘lasizmi? Hizqiyo kitobidagi ushbu uchta muhim saboqni amalda qo‘llashda davom etsangiz, o‘sha yerda bo‘lasiz: Yahovaga mutlaq sadoqatli bo‘lish, pok topinishda birlikni saqlab qolish va boshqalarga sevgini namoyon etish. Hizqiyoning bashoratlaridan yana bitta so‘nggi, muhim saboq chiqarsa bo‘ladi. Qanaqa saboq ekan?

Yer-u osmondagi barcha mavjudot pok topinishda birlashganida qanday xursandchilik bo‘lishini tasavvur qiling (27–29-xatboshilariga qarang.)

«Men Yahova ekanimni... bilib olishadi»

30, 31. a) «Men Yahova ekanimni... bilib olishadi» degan so‘zlar Xudoning dushmanlari uchun nimani bildiradi? b) Xudoning xalqi uchun nimani bildiradi?

30 Butun Hizqiyo kitobida «Men Yahova ekanimni... bilib olishadi» degan ibora qayta-qayta takrorlanadi. (Hiz. 6:10; 39:28) Tangrining dushmanlari uchun bu so‘zlar jang va o‘limni anglatadi. Ular Yahova mavjudligini tan olishdan ko‘proq narsani qilishga majbur bo‘lishadi. O‘zining achchiq tajribasida ular ushbu buyuk ismning «U bo‘ldiradi» degan ma’nosini bilib olishadi. «Qo‘shinlar Sarvari Yahova» ularga qarshi kurashadigan «qudratli jangchi» bo‘ladi. (1 Shoh. 17:45; Chiq. 15:3) Hech narsa Yahovani O‘z niyatini amalga oshirishdan to‘xtata olmaydi, degan muhim haqiqatni ular juda kech anglab yetishadi.

31 «Men Yahova ekanimni... bilib olishadi» degan so‘zlar Xudoning xalqi uchun tinchlik va hayot deganidir. Yahova Uning fazilatlarini mukammal darajada aks ettiradigan o‘g‘il-u qizlar bo‘lishdek biz uchun qilgan ilk niyatini bo‘ldiradi. (Ibt. 1:26) Yahova biz uchun sevuvchi Ota va himoya beruvchi Cho‘pon bo‘lib kelmoqda. Tez orada U g‘olib Shohimiz bo‘ladi. O‘sha kunga qadar, keling, Hizqiyoning xabarini dilimizga tugib qo‘yaylik. Har kuni so‘zlarimiz-u ishlarimiz bilan Yahovaning kimligini va U qanday Xudo ekanini bilishimizni ko‘rsataylik. Buyuk musibatning halokat shamollari qo‘yib yuborilganida biz qo‘rqmaymiz. Chunki xalos bo‘lish vaqtimiz yaqinlashib qolganini bilib, boshimizni ko‘taramiz. (Luqo 21:28) Ungacha esa, har yerdagi insonlarga topinishga loyiq bo‘lgan yagona Xudoni, eng ulug‘ ism sohibi Yahovani tanib-bilishga va sevishga yordam beraylik. (Hiz. 28:26)

^ 5- x.b. Bu yerdagi raqamlar adabiyotdagi boblarga ishora qiladi.