Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

20-BOB

«Yurtni meros sifatida taqsimlab bering»

«Yurtni meros sifatida taqsimlab bering»

HIZQIYO 45:1

BU BOBDA: yurtning taqsimlanishi nimani anglatadi?

1, 2. a) Yahova Hizqiyoga qanday ko‘rsatmalar berdi? b) Qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz?

HIZQIYO hozirgina vahiy ko‘rdi. Bu vahiy uni xayolan 900-yilcha ilgari Muso va Yoshua yashagan paytga ko‘chirgan bo‘lsa kerak. O‘shanda Yahova Musoga va’da qilingan yurtning chegaralarini tasvirlab bergandi. Keyinroq esa Yoshuaga yurt Isroil qabilalari orasida qay yo‘sin taqsimlanishi kerakligini aytgandi. (Sah. 34:1–15; Yoshua 13:7; 22:4, 9) Hozir esa mil. avv. 593-yil va Yahova Hizqiyo hamda u bilan surgunda bo‘lganlarga va’da qilingan yurtni Isroil qabilalari orasida yana bir bor taqsimlashni aytdi. (Hiz. 45:1; 47:14; 48:29)

2 Xo‘sh, bu vahiy Hizqiyo va u bilan surgunda bo‘lganlar uchun qanday xabarni o‘z ichiga olgan? Nega mazkur vahiy Xudoning bugungi xalqi uchun dalda manbai, deb ayta olamiz? U kelajakda kengroq miqyosda amalga oshadimi?

Vahiydagi to‘rtta va’da

3, 4. a) Hizqiyo ko‘rgan so‘nggi vahiy surgunda bo‘lganlar uchun qaysi to‘rtta va’dani o‘z ichiga olgan? b) Mazkur bobda qaysi va’daga diqqat qaratamiz?

3 Hizqiyo ko‘rgan so‘nggi vahiy uning ismi bilan atalgan kitobning to‘qqizta bobini egallaydi. (Hiz. 40:1–48:35) U Isroil xalqining tiklanishi borasida to‘rtta va’dani o‘z ichiga olgan va bu surgunda bo‘lganlarga dalda baxsh etgan. Qiziq, bu qanday va’dalar ekan? Birinchisi, Xudoning ma’badida pok topinish tiklanadi. Ikkinchisi, odil ruhoniylar-u cho‘ponlar yurtga qaytgan xalqqa yetakchilik qiladi. Uchinchisi, Isroilga qaytganlarning barchasi yurtdan meros oladi. To‘rtinchisi, Yahova yana ularning orasida bo‘lib, ular bilan yashaydi.

4 Biz 13- va 14-boblarda haq topinish tiklanishi va odil cho‘ponlar yetakchilik qilishi haqidagi ilk ikkita va’da qay yo‘sin amalga oshganini ko‘rib chiqdik. Mazkur bobda esa yurt meros qilib olinishi haqidagi uchinchi va’daga diqqat qaratamiz. Navbatdagi bobda Yahova xalqining orasida bo‘lishi to‘g‘risidagi va’dani ko‘rib chiqamiz. (Hiz. 47:13–21; 48:1–7, 23–29)

«Bu yurt... sizlarga meros sifatida berildi»

5, 6. a) Hizqiyoning vahiysida qaysi hudud bo‘lib berilishi kerak edi? (Bobning boshidagi rasmga qarang.) b) Yurtni bo‘lib berish to‘g‘risidagi vahiyni berishdan maqsad nima edi?

5 Hizqiyo 47:14 ni o‘qing. Vahiyda Yahova Hizqiyoning e’tiborini ko‘p o‘tmay «Adan bog‘iday» bo‘ladigan yurtga qaratdi. (Hiz. 36:35) So‘ng Tangri Yahova: «Isroilning 12 qabilasiga shu hududni meros sifatida bo‘lib beringlar»,— dedi. (Hiz. 47:13) Bo‘lib beriladigan «hudud» surgunda bo‘lganlar qaytadigan Isroil yurti edi. Keyin esa, Hizqiyo 47:15–21 da yozilganiday, Yahova yurtning tashqi chegaralari qayerdan o‘tishini batafsil tasvirlab berdi.

6 Yurtni bo‘lib berish to‘g‘risidagi vahiyni berishdan maqsad nima edi? Aniq belgilangan chegaralar tasvirlab berilgani Hizqiyo va u bilan surgunda bo‘lganlarni sevimli yurti albatta tiklanishiga ishontirgan. Yahova va’dasini batafsil va yorqin ta’riflab berganidan surgunda bo‘lganlarning ruhi qanchalik ko‘tarilganini bir tasavvur qiling! Xo‘sh, Xudoning qadimgi xalqi meros sifatida taqsimlangan yurtga chindan ham ega bo‘ldimi? Bo‘lmasam-chi!

7. a) Mil. avv. 537-yili qanday voqealar yuz bera boshladi va bu bizga nimani eslatyapti? b) Avval qaysi savolni ko‘rib chiqamiz?

7 Hizqiyo vahiyni ko‘rganidan taxminan 56-yil o‘tib, ya’ni mil. avv. 537-yili minglab surgunda bo‘lganlar Isroil yurtiga qaytib, uni egallay boshladi. Uzoq o‘tmishda yuz bergan bu ajoyib voqealar bizning davrimizda ham Xudoning xalqi bilan o‘xshash vaziyat yuz berayotganini esga soladi. Qaysidir ma’noda ular ham bu yurtdan ulush olgan. Qanaqasiga? Yahova xizmatchilari ma’naviy yurtga kirishiga va unga egalik qilishiga izn berdi. Shunday ekan, qadimgi va’da qilingan yurt tiklanganidan hozirda Xudo xalqining ma’naviy yurti tiklangani borasida ko‘p narsani o‘rgana olamiz. Bu saboqlarni ko‘rib chiqishdan avval, keling, quyidagi savolga javob topaylik: nima uchun bugungi kunda ma’naviy yurt chindan ham mavjud, deb ayta olamiz?

8. a) Yahova Isroil xalqining o‘rniga qaysi xalqni tanladi? b) Ma’naviy yurt yoki jannat nimani bildiradi? v) U qachon vujudga kelgan va u yerda kimlar yashayapti?

8 Hizqiyoga oldinroq berilgan vahiyda Yahova xizmatkori «Dovud», ya’ni Iso Masih Shoh sifatida boshqarishni boshlaganida, Isroilning tiklanishi to‘g‘risidagi bashoratlar kengroq miqyosda amalga oshishini aytgandi. (Hiz. 37:24) Bu mil. 1914-yili yuz berdi. O‘sha paytga kelib, Xudoning xalqi sifatida isroilliklarning o‘rnini muqaddas ruh bilan moylangan masihiylardan iborat ramziy Isroil egallaganiga ancha bo‘lgan edi. (Matto 21:43; 1 Butrus 2:9 ni o‘qing.) Yahova nafaqat Isroil xalqining o‘rniga ramziy Isroilni tanladi, balki tom ma’nodagi Isroil yurtining o‘rniga ham ma’naviy yurt yoki jannatni tanladi. (Ishayo 66:8) 17-bobda ko‘rib chiqqanimizday, ma’naviy yurt xavfsiz, ma’naviy tarafdan gullab-yashnayotgan jannat bo‘lib, moylanganlarning qolgan qismi 1919-yildan beri u yerda Yahovaga topinyapti. («Nega 1919-yil?» nomli 9B ramkasiga qarang.) Vaqt o‘tib yer yuzida yashash umidiga ega bo‘lganlar, ya’ni «boshqa qo‘ylar» ham bu ma’naviy yurtda yashay boshladi. (Yuhan. 10:16) Ma’naviy jannat gullab-yashnashda va kengayishda davom etar ekan, faqatgina Armageddondan so‘ng uning barakalariga to‘laqonli erisha olamiz.

Yurtni teng bo‘lish

9. Yurtni taqsimlash borasida Yahova qanday batafsil ko‘rsatmalar berdi?

9 Hizqiyo 48:1, 28 ni o‘qing. Yurtning tashqi chegaralarini belgilagach, Yahova uni qay yo‘sin taqsimlashni batafsil tasvirlab berdi. Uning ko‘rsatmasiga binoan, 12 qabilaga tegishli meros shimoldan janubgacha teng bo‘linishi kerak edi. Yurtning eng shimoliy qismida Dan qabilasining ulushi, eng janubiy qismida esa Gad qabilasining ulushi bo‘lishi lozim edi. 12 ta ulushning har biri ko‘ndalangiga bo‘lingan bo‘lib, ular yurtning sharqdagi tashqi chegarasidan boshlanib g‘arbdagi Buyuk dengiz, ya’ni O‘rta dengizgacha cho‘zilgandi. (Hiz. 47:20; «Yurtning taqsimlanishi» nomli ramkadagi xaritaga qarang.)

10. Vahiyning bu qismi surgunda bo‘lganlarni nimaga ishontirgan bo‘lishi mumkin?

10 Vahiyning bu qismi surgunda bo‘lganlarni nimaga ishontirgan bo‘lishi mumkin? Ehtimol, Hizqiyo yurtning taqsimlanishini batafsil tasvirlab bergani surgunda bo‘lganlarni yurtning bo‘linishi ajoyib tarzda tashkillashtirilishiga ishontirgan. Shuningdek, yurt 12 ta qabila orasida teng bo‘linishi surgundan qaytganlarning barchasi tiklangan yurtda albatta ulush olishini ta’kidlagan. Ha, yurtiga qaytganlardan hech kim yersiz yoki uysiz qolib ketmas edi.

11. Yurtning taqsimlanishi haqidagi bashoratli vahiydan qanday saboqlar olyapmiz? («Yurtning taqsimlanishi» nomli ramkaga qarang.)

11 Mazkur vahiydan bugungi kunda dalda baxsh etuvchi qanday saboqlar olyapmiz? Va’da qilingan yurt tiklanganida, u yerda nafaqat ruhoniylar, levilar va yo‘lboshchilar uchun, balki 12 ta qabilaning barcha a’zolari uchun joy bo‘lgan. (Hiz. 45:4, 5, 7, 8) Shu singari, hozirda ham ma’naviy jannatda faqatgina moylanganlarning qolgan qismi va «ulkan olomon» orasida boshchilikni zimmasiga olganlar uchun emas, balki uning barcha a’zolari uchun joy bor. * (Vah. 7:9) Tashkilotda bajarayotgan vazifamiz qanchalik kichik bo‘lmasin, ma’naviy yurtda xavfsiz joyimiz bor va muhim topshiriqni bajaramiz. Naqadar daldali so‘zlar!

Yahovaning tashkilotida qanday mas’uliyatga ega bo‘lmaylik, U harakatlarimizni qadrlaydi (11-xatboshiga qarang.)

Ikkita katta farq — ular biz uchun nimani anglatadi?

12, 13. Yurtni qabilalar orasida taqsimlash borasida Yahova qanday o‘zgacha ko‘rsatmalar berdi?

12 Yahova yurtning taqsimlanishi borasida bergan ayrim ko‘rsatmalar Hizqiyoni o‘ylantirib qo‘ygan bo‘lsa kerak. Boisi, ular Musoga berilgan ko‘rsatmalardan farq qilardi. Keling, ularning ikkitasiga diqqat qaratamiz. Biri yurt bilan, ikkinchisi esa unda istiqomat qiluvchilar bilan bog‘liq.

13 Birinchisi, yurt. Musoga kattaroq qabilalarga kichikroqlariga qaraganda ko‘proq yer berish aytilgan edi. (Sah. 26:52–54) Ammo Hizqiyoning vahiysida Yahova o‘zgacha ko‘rsatmalar berib, barcha qabilalarga «teng ulush» taqsimlashni aytdi. (Hiz. 47:14) Shunday qilib, 12 ta qabilaga taqsimlangan har bir ulushning shimoliy chegarasidan janubiy chegarasigacha masofa bir xil bo‘lishi kerak edi. Barcha isroilliklar — qaysi qabilaga tegishli bo‘lishidan qat’i nazar — yaxshi sug‘oriladigan va’da qilingan yurtning tabiiy ne’matlariga birday ega bo‘la olardi.

14. Yahovaning musofirlar borasida bergan ko‘rsatmalari Musoning Tavrot kitobida yozilganlardan nimasi bilan farq qilgan?

14 Ikkinchisi, unda istiqomat qiluvchilar. Musoning Tavrot kitobiga ko‘ra, musofirlar himoya ostida bo‘lib, Yahovaga topinishi mumkin edi. Ammo ular yurtdan ulush ololmasdi. (Lev. 19:33, 34) Endi esa Yahova Hizqiyoga aytganlari Tavrotda yozilganlardan umuman farq qilardi. Yahova shunday dedi: «Musofir kishiga o‘zi yashayotgan qabila hududida meros beringlar». U bunday amr berib, «mahalliy isroilliklar» va yurtdagi musofirlar o‘rtasidagi katta farqni yo‘qqa chiqardi. (Hiz. 47:22, 23) Hizqiyo tiklangan yurt to‘g‘risidagi vahiyda u yerda istiqomat qiluvchilar o‘zaro tenglik va yakdillikda topinayotganini ko‘rdi. (Lev. 25:23)

15. Yurt va uning aholisi haqidagi ko‘rsatmalar Yahova to‘g‘risida qaysi o‘zgarmas haqiqatni tasdiqlagan?

15 Yurt va uning aholisi haqida Hizqiyo olgan mazkur ikkita o‘zgacha ko‘rsatma surgunda bo‘lganlarning ishonchini mustahkamlagan bo‘lsa kerak. Ular shuni bilganki, mahalliy isroillik bo‘ladimi yoki Yahovaga topinayotgan musofirmi, Yahova ularga teng ulush beradi. (Ezra 8:20; Naxim. 3:26; 7:6, 25; Ishayo 56:3, 8) Shuningdek, bu ko‘rsatmalar daldali va o‘zgarmas haqiqatni — Yahova barcha xizmatchilarini birdek qadrlashini tasdiqlagan. (Xaggey 2:7 ni o‘qing.) Bugungi kunda biz ham — samoviy umidga egamizmi yoki yer yuzida yashash umidigami — mazkur haqiqatni yodda tutamiz.

16, 17. a) Yurt va uning aholisi haqidagi tafsilotlarni ko‘rib chiqish bizga qanday foyda keltiradi? b) Kelasi bobda nimani bilib olamiz?

16 Yurt va uning aholisi haqidagi tafsilotlarni ko‘rib chiqish bizga qanday foyda keltiradi? Ular tenglik va yakdillik umumjahon birodarligimizda yaqqol ko‘rinishi kerakligini eslatyapti. Yahova yuzxotirchilik qilmaydi. O‘zimizga quyidagi savollarni berishimiz lozim: «Yuzxotirchilik qilmaslikda Yahovaga taqlid qilyapmanmi? Har bir imondoshimga irqi yoki sharoiti qanday bo‘lishidan qat’i nazar, hurmat ko‘rsatyapmanmi?» (Rim. 12:10) Yahova ma’naviy jannatga kirishga barchamizga teng huquq bergani uchun minnatdormiz. U yerda samoviy Otamizga butun qalbimiz bilan muqaddas xizmatni ado etamiz va barakalaridan bahramand bo‘lamiz. (Galat. 3:26–29; Vah. 7:9)

Yuzxotirchilik qilmaslikda Yahovaga taqlid qilib, barchaga chin dildan hurmat ko‘rsatyapmizmi? (15-, 16-xatboshilariga qarang.)

17 Keling, Hizqiyo ko‘rgan so‘nggi vahiyning oxirgi qismida berilgan to‘rtinchi va’dani — Yahova surgundagilar bilan birga bo‘lishini ko‘rib chiqamiz. Mazkur va’dadan qanday saboqlar olishimiz mumkin? Kelasi bobda buning javobini bilib olamiz.

^ 11- x.b. Yahova ma’naviy yurtda ruhoniylarga va yo‘lboshchilarga alohida o‘rin ajratgani hamda vazifa topshirgani borasida ko‘proq bilib olish uchun 14-bobga qarang.