Yetakchi kengashdan xat.
Yahovaning suyukli xizmatchilari!
1971-yil bo‘lib o‘tgan «Ilohiy ism» nomli viloyat anjumaniga tashrif buyurganlar bir nechta yangi adabiyotni olishdan juda xursand bo‘lishgan. 1972-yilgi «Yilnoma»da aytilishicha, «mazkur adabiyotlar barcha tasavvur qilganidan ham ziyoda bo‘lgan». Ushbu yangi adabiyotlarning biri haqida bitta birodarimiz shunday dedi: «Kelajakda sodir bo‘ladigan voqealar hali hech bir adabiyotda bunchalar ajoyib tarzda yoritib berilmagandi!» Qiziq, u qaysi adabiyotni nazarda tutgan? Bu «“Men Yahova ekanimni xalqlar bilib olishadi”. Qanaqasiga?» nomli kitob edi. Biroq nega bu kitob odamlarda shunchalik qiziqish uyg‘otdi? Sababi unda Hizqiyo kitobidagi butun insoniyat kelajagiga ta’sir qiladigan bashoratlarning oydinlashgan tushunchalari keltirilgan edi.
«Yahova ekanimni bilib olishadi» nomli kitob chiqqan yildan beri Xudo xalqining soni shiddat bilan o‘sib, taxminan 1,5 milliondan 8 milliondan ziyodga yetdi. (Ishayo 60:22) Yahovaning ushbu millionlab xizmatchilari 1000 dan oshiq tillarda gapirishadi. (Zakr. 8:23) Ulardan ko‘pchiligi Hizqiyo payg‘ambarning ilohiy ilhom ostida yozilgan bashoratlarini batafsil yoritib beradigan kitobni tadqiq qilish imkoniyatiga ega bo‘lmagan.
Bundan tashqari, 1971-yildan beri ma’naviy nur borgan sari yorishib, ko‘pgina Muqaddas Kitob haqiqatlari borasidagi tushunchamiz ancha oydinlashdi. (Hik. 4:18) 1985-yilda «boshqa qo‘ylar» Xudoning do‘stlari sifatida odil, deb e’lon qilinishi nimani anglatishini yanada aniqroq tushuna boshladik. (Yuhan. 10:16; Rim. 5:18; Yoqb. 2:23) Kim «qo‘y» va kim «echki» ekani borasidagi so‘nggi hukm bo‘lajak «buyuk musibat» paytida chiqarilishini esa ilk bor 1995-yili tushundik. (Mat. 24:21; 25:31, 32) Ushbu barcha o‘zgarishlar Hizqiyo kitobini yaxshiroq tushunishimizga yordam berdi.
«Ey inson o‘g‘li, yaxshilab qara, diqqat bilan tingla va men senga ko‘rsatayotgan hamma narsaga e’tibor ber. Ana shu maqsadda sen bu yerga keltirilding». HIZQIYO 40:4
So‘nggi yillar davomida nur yanada yorishib boryapti. Misol uchun, Isoning masallaridan olgan saboqlar to‘g‘risida o‘ylab ko‘ring. Oydinlashgan tushunchalarimiz tufayli ko‘pgina saboqlarni aniqroq tushuna oldik. Ushbu masallarning aksariyati shiddat bilan yaqinlashib kelayotgan buyuk musibat paytida yuz beradigan voqealarga ishora qiladi. Shu singari, Hizqiyo kitobidagi ba’zi bashoratlar borasidagi tushunchamiz ham oydinlashdi. Mago‘g yurtidagi Go‘g (38-, 39-boblar), kotiblik asbobi bor kishining vazifasi (9-bob), qurigan suyaklarga to‘la vodiy hamda ikkita tayoqning ramziy birlashishi (37-bob) haqidagi bashoratlar shular jumlasidandir. Mazkur tushunchalarimizning bari oydinlashgan bo‘lib, bir necha yil oldin chiqqan «Yahova ekanimni bilib olishadi» nomli kitobda yozilganlardan farq qiladi.
Shu sababli, Yahovaning ko‘pgina xizmatchilari: «Hizqiyoning bashoratlari borasidagi oydinlashgan tushunchalar keltirilgan kitob qachon chiqadi?» — deb so‘rashgani bejiz emas. «Nihoyat pok topinish tiklandi!» nomli kitob aynan shunday adabiyotdir. Kitobdagi 22 ta bobni o‘qib, keltirilgan ajoyib rasmlar ustida mulohaza qilar ekansiz, uni tayyorlash jarayonida puxta izlanish olib borilganiga qoyil qolasiz. Hizqiyo kitobi yozib qoldirilishiga Yahova nega g‘amxo‘rlik qilganini tushunish uchun chin dildan ibodat qilib, chuqur mulohaza yuritdik. Masalan, quyidagi savollarga ayniqsa diqqat qaratdik: Hizqiyoning zamondoshlari uning kitobidan qanday saboqlar olishgan? Biz-chi, undan nimalarni o‘rgansak bo‘ladi?
Qaysi bashoratlarda kelajakda sodir bo‘ladigan voqealar haqida aytilgan? Hizqiyoning bashoratlarida timsollar va ular nimani bildirishiga e’tibor qaratishimiz kerakmi? Ushbu savollarga javob topish ko‘pchiligimiz maroq bilan o‘qiydigan mazkur kitobni yaxshiroq tushunishga yordam beradi.Hizqiyo kitobini boshidan oxirigacha o‘qir ekansiz, Yahova tashkilotining samoviy qismi sizda ehtirom hissini uyg‘otishi aniq. Shuningdek, Yahova osmonda va yerda Unga ma’qul tarzda topinishni xohlaydiganlar uchun o‘rnatgan yuksak me’yorlaridan hayratda qolishingiz shubhasiz. «Pok topinish» kitobi yordamida Yahova O‘z xalqi uchun qilgan va yaqin kelajakda qiladigan ishlar uchun minnatdorchiligingizni oshira olasiz. Qolaversa, ushbu kitobda ikkita mavzu qayta-qayta ta’kidlanganiga guvoh bo‘lasiz. Birinchidan, Yahovani mamnun qilish uchun Uni Olamning Hukmdori sifatida tanib-bilishimiz va tan olishimiz lozim. Ikkinchidan, Uning yuksak me’yorlari asosida hayotimizga o‘zgarishlar kiritib, Unga ma’qul tarzda topinishimiz kerak.
Ushbu adabiyot Yahovaning buyuk va muqaddas ismini ulug‘lagan holda Unga topinish qaroringizni mustahkamlashini chin dildan istaymiz. Shu bilan birga bu adabiyot barcha xalqlar U Yahova ekanini bilib oladigan vaqtni kutishda davom etishingizga turtki bo‘lsin. (Hiz. 36:23; 38:23)
Hizqiyo ilohiy ilhom ostida yozgan kitobni tushunish uchun qilgan harakatlaringizga sevuvchi Otamiz Yahova mo‘l-ko‘l baraka bersin.
Birodarlaringiz,
Yahova Shohidlarining Yetakchi kengashi