Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Bolalarimiz nimaga muhtoj?

Bolalarimiz nimaga muhtoj?

OTA yoki ona bo‘layotgan har kim, aql bovar qilmaydigan ajoyib bir hodisaga guvoh bo‘ladi. Ota-ona yangi bir hayot paydo bo‘lishiga hissa qo‘shadi. Natijada, onaning qornida tirik jon shakllanib boradi. Bolaning dunyoga kelishini «tug‘ilish mo‘jizasi», deb bejiz aytishmas ekan-da.

Tabiiyki, farzandlar dunyoga kelishi bilan ota-onaning zimmasiga katta mas’uliyat yuklanadi. Avvaliga bolalar juda nozik va ota-onaning g‘amxo‘rligiga muhtoj bo‘lishadi. Ammo katta bo‘lgan sari, ular ko‘proq narsaga ehtiyoj sezishadi. Ha, farzandlarning aqlan, hissan, axloqan va ma’nan rivojlanishiga yordam kerak bo‘ladi.

Bola ulg‘ayib, yetuk kishi bo‘lishi uchun ota-onasi undan mehrini ayamasligi kerak. Albatta, ota-onalar bolalarini yaxshi ko‘rishayotganini aytishlari muhim. Biroq sevgini amalda ko‘rsatish, har narsadan ustun. Darhaqiqat, farzandlarga yaxshi o‘rnak ko‘rsatish zarur. Ularga odob-axloq borasida yo‘l-yo‘riq berib, hayotning asosiy prinsiplarini singdirish darkor. Tarbiyani imkon qadar ertaroq boshlash kerak. Aks holda kech bo‘ladi. Agar ota-ona bu masalada beparvolik qilsa, keyin ko‘p ko‘z yosh to‘kib, ruhan eziladi-da.

Bu borada eng zo‘r yo‘l-yo‘riqlarni Muqaddas Kitobdan topsa bo‘ladi. Undagi qonun-qoidalar asosida berilgan tarbiyaga hech narsa teng kela olmaydi. Bunday ta’lim-tarbiyani olgan farzand, unga o‘rgatilgan narsalar biron-bir odamdan emas, balki samoviy Otamiz bo‘lmish Parvardigori Olam — Yahovadan ekanligini tushunib yetadi. Chindan ham, bunga nima yetsin?!

Muqaddas Kitob ota-onani bolajonlariga odob-axloq normalarini singdirishga undaydi. Biroq, bola katta bo‘lgani sari odatda ba’zi muhim savollarni tushuntirish ota-onaga qiyinroq kechadi. «Ulug‘ Ustozga quloq soling» degan ushbu kitob ota-onaga bunday vaziyatlardan chiqib ketishga yordam beradi. Bu kitob, sizga va bolangizga birga o‘qish uchun zo‘r bir ma’naviy qo‘llanma bo‘la oladi. Boz ustiga, ushbu adabiyot bolajonlar bilan ularga o‘qib berayotgan kishilar o‘rtasida jonli suhbatlar uyushtirishga ko‘maklashadi.

Bu kitob bolalarni o‘z fikrini aytishga undaydi. Matnda ko‘p savollar uchraydi va ulardan keyin tilda belgisi (~) turadi. Bu, biroz to‘xtab, bolani o‘z fikrini aytishga undash kerakligini eslatib turadi. Bolajonlar savollarga javob berishni yoqtirishadi. Agar bolaga bunday imkoniyat bermasangiz, u muhokama qilinayotgan mavzuga qiziqishini tez yo‘qotadi.

Ammo eng muhimi, bu savollar sizga bolangizning tafakkurini tushunishga yordam beradi. Uning javoblari har doim ham to‘g‘ri bo‘lmaydi, albatta. Lekin savollardan keyingi matn bolaga to‘g‘ri xulosaga kelishga ko‘maklashadi.

Ushbu kitobda 230 dan ortiq rasm bor. Ularning ko‘pchiligiga savollar keltirilgan bo‘lib, bolani o‘tib bo‘lgan mavzu asosida javob berishga chorlaydi. Shunday ekan, bu rasmlarni birgalikda sinchkovlik bilan ko‘rib chiqib, muhokama qilinglar. Ular bolaga ta’lim-tarbiya va muhim saboqlar olishga yordamlashadi.

Kichkintoyingiz o‘zi o‘qishni o‘rganib olsa, bu kitobni sizga ovoz chiqarib hamda shaxsan o‘qishga undang. U qanchalik tez-tez bu kitobni o‘qisa, undagi narsalar shunchalik ko‘p uning aqli-yu qalbiga ta’sir qiladi. Lekin o‘zaro sevgi va hurmat o‘sishi uchun bu kitobni birga o‘qishni odat qilib oling.

O‘nlab yillar oldin aql bovar qilmagan narsalar bugungi kunda yuz beryapti. Masalan, bolalar jinsiy axloqsizlikka, spiritizm va boshqa jirkanch ishlarga qo‘shilish xavfi ostidadirlar. Shu sababli, bolalarga himoya zarur va bu kitob sizga farzandlaringizni himoya qilishga ko‘maklashadi. Kitobdagi barcha savollar o‘rinli tarzda yoritilib, ochiq-oydin muhokama qilinadi. Bolaning e’tiborini ilohiy donolikning Manbai bo‘lmish, samoviy Otamiz Tangri Yahovaga qaratishga undash muhim. Axir Ulug‘ Ustozimiz Iso ham shunday yo‘l tutgan-ku. Aminmizki, bu kitob sizga va butun oilangizga baxtli hamda Xudovand Yahovaga ma’qul tarzda hayot kechirishga yordam beradi. Bu esa sizga mangu qut-barakalar keltirsin, iloyim!