Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

38- BOB

Nima uchun Isoni sevishimiz kerak?

Nima uchun Isoni sevishimiz kerak?

TASAVVUR qiling, siz cho‘kayotgan qayiqdasiz. Birov sizni qutqarib olishini xohlarmidingiz? ~ Buning uchun kimdir hayotini qurbon qilishiga to‘g‘ri kelsa-chi? ~ Iso aynan shunday yo‘l tutgan. 37- bobdan bilib olganimizdek, u bizni qutqarish uchun o‘z hayotini to‘lov sifatida bergan.

Albatta, Iso bizni cho‘kib ketishdan qutqargani yo‘q. Esingizdami, u bizni nimadan qutqargan? ~ Odamatodan meros bo‘lib o‘tgan gunoh va o‘limdan. Ayrim odamlar juda yomon ishlar qilishganiga qaramay, Iso ular uchun ham jonini bergan. Siz bunday insonlarni qutqarish uchun hayotingizni xavf-xatarga qo‘ygan bo‘larmidingiz? ~

Muqaddas Kitobda aytilishicha: «Odil kishi uchun biror kimsaning o‘lishi amrimahol, himmatli kishi uchun esa balki o‘lishga kimningdir yuragi dov berar». Biroq Muqaddas Kitobda tushuntirilishicha, Iso «yomon ishlar qilgan odamlar uchun o‘lgan». Ularning orasida Xudoga xizmat qilmagan odamlar ham bo‘lgan. Bu oyatlarning davomida quyidagilarni o‘qiymiz: «Lekin biz hali gunohkor bo‘lganimizda [yomon ishlar qilganimizda], Masih biz uchun o‘ldi» (Rimliklarga 5:6–8).

Oldin juda yomon ishlar qilib yurgan, keyin esa havoriyga aylangan kishi kim edi, esingizdami? ~ Bu havoriy Pavlus edi. U shunday deb yozgan: «Iso Masih gunohkorlarni qutqarish uchun dunyoga keldi. O‘sha gunohkorlarning birinchisi menman». Havoriy Pavlus o‘zi haqida «oldinlari aqlsiz» va «yaramas» edim deb yozgan (1 Timo‘tiyga 1:15; Titusga 3:3).

Xudo mana shunday insonlar uchun O‘z O‘g‘lini bergani, sevgisi naqadar kuchli ekanidan dalolat beryapti! Marhamat, Muqaddas Kitobingizni ochib, Yuhanno 3- bob, 16- oyatda bu haqda nima deyilganini o‘qing. Bu yerda quyidagicha yozilgan: «Alloh odamzodni shu qadar qattiq sevdiki, hatto ular uchun yagona O‘g‘lini berdi. Toki unga ishongan har bir kishi halok bo‘lmasin, balki mangu hayotga ega bo‘lsin».

Iso biz uchun o‘z jonini berib, qanday azoblarni boshdan kechirgan?

Iso o‘zining bizlarga bo‘lgan sevgisi xuddi Otasiniki kabi kuchli ekanligini isbotladi. Esingizda bo‘lsa, ushbu kitobning 30- bobida, Iso hibsga olingan kechada qanday azoblarni boshdan kechirgani haqida o‘qigan edik. Uni oliy ruhoniy Kayafaning uyiga olib borib, hukm qilishgan. Soxta guvohlar Iso haqida yolg‘on gapirishgan. Ba’zilari esa unga musht tushirishgan. O‘sha paytda Butrus Isoni rad etgan. Keling, keyin nimalar bo‘lganini tasavvur qilib ko‘raylik.

Tong otgan edi. Iso tuni bo‘yi uxlamay chiqdi. Uni tunda hukm qilishgani noqonuniy edi. Shuning uchun ruhoniylar darhol Oliy Mahkamani yig‘ishdi. Ular yana Isoni Xudoga qarshi jinoyat qilgan, deb ayblashdi.

Keyin uni kishanlab, Rim hukmdori Pontiy Pilatning oldiga olib borishdi. Ular Pilatga: «Bu odam hukumatga qarshi chiqyapti. Uni qatl qilish kerak»,— deb aytishdi. Biroq Pilat, ruhoniylar yolg‘on gapirishayotganini tushunib turardi. U ruhoniylarga: «Men bu odamdan biron ayb topolmayapman. Shuning uchun uni qo‘yib yuboraman»,— deb aytdi. Lekin ular va boshqa odamlar: «Yo‘q! Uni o‘ldiring!» — deb baqirishdi.

Keyinroq, Pilat Isoni ozod etmoqchi ekanligini xaloyiqqa aytishga yana harakat qildi. Ammo ruhoniylar xaloyiqni gijgijlab: «Agar uni ozod qilsangiz, siz ham hukumatga qarshi chiqqan bo‘lasiz! Uni o‘ldiring!» — deb baqirishga undashardi. Shunda ular battar shovqin ko‘tarishdi. Bilasizmi, oxiri Pilat nima qildi? ~

U rozi bo‘ldi. Avval u Isoni qamchilatdi. Keyin esa uni qatl etish uchun askarlarning qo‘liga topshirdi. Askarlar Isoning boshiga tikanakdan to‘qilgan toj kiydirib, unga tiz cho‘kib masxara qilishdi. So‘ng unga katta xoda ya’ni ustun berib shahar tashqarisidagi «Boshsuyagi», degan joyga olib ketishdi. U yerga yetib kelishgach, askarlar Isoni ustunga yotqizib, qo‘l-oyoqlariga mix qoqishdi. Ustunni ko‘tarishganida uning yaralaridan qon oqa boshladi. Og‘riq zo‘raydi.

Isoning joni o‘sha zahotiyoq uzilmadi. Shu ahvolda u ustunda bir muddat osilib turdi. Bosh ruhoniylar uni mazax qilishdi. Bu joydan o‘tib ketayotganlar: «Agar sen Xudoning o‘g‘li bo‘lsang, azob ustunidan tush-chi!» — deb haqoratlashardi. Biroq, Iso Otasi uni nima uchun yerga yuborganini yodda tutgan. Ya’ni, biz abadiy hayotga erishishimiz uchun u o‘z mukammal tanasini qurbon qilishi zarurligini bilardi. Vaqt peshindan o‘tib, soat uchlar chamasida Iso Otasiga iltijo qildi va joni uzildi (Matto 26:36–27:50; Mark 15:1; Luqo 22:39–23:46; Yuhanno 18:1–19:30).

Iso Odamatodan qanchalar farq qilgan-a?! Odamato Xudoga quloq solmagan va bu bilan u Xudoni sevmasligini ko‘rsatgan. Shuningdek, u bizni ham sevmasligini ko‘rsatgan. Odamato gunoh qilganligi tufayli hammamiz gunohkor bo‘lib tug‘ilganmiz. Iso esa Xudoni hamda bizni sevishini namoyon qilgan. U hamisha Xudoga quloq solgan. Iso o‘z jonini biz uchun fido qilib, Odamato yetkazgan zararni bartaraf etgan.

Isoni sevishimizni qanday ko‘rsata olamiz?

Uning bu mehribonligi uchun minnatdormisiz? ~ Xudoga ibodat qilayotganingizda, U bizga O‘z O‘g‘lini bergani uchun rahmat deyapsizmi? ~ Havoriy Pavlus Masihning u uchun qilgan hamma yaxshiliklaridan minnatdor edi. Pavlus shunday deb yozgan: «Xudoning O‘g‘li meni sevgan va o‘z jonini men uchun fido qilgan» (Galatiyaliklarga 2:20). Iso siz va men uchun ham jonini fido qilgan. U o‘z mukammal hayotini biz abadiy yashay olishimiz uchun bergan. Aynan shu tufayli biz Isoni sevishimiz lozim.

Havoriy Pavlus Korinf shahridagi masihiylarga quyidagicha yozgan: «Bizni Masihning sevgisi chorlaydi». Nima qilishga chorlaydi? Siz nima deb o‘ylaysiz? ~ Pavlus davom etib: «Masih hammani deb o‘ldi, toki tirik bo‘lganlar endi o‘zlari uchun emas [o‘zlarini xursand qilish uchun emas], balki ularni deb o‘lgan kishi uchun yashasinlar» (2 Korinfliklarga 5:14, 15).

Masih uchun yashayotganingizni qanday ko‘rsata olasiz? ~ Buning usullaridan biri, u haqda olayotgan bilimlaringizni boshqalarga aytishdir. Yoki faraz qiling: siz uyda yolg‘iz qoldingiz. Na dadangiz, na oyingiz, na boshqa bir kimsa nima qilayotganingizni ko‘rmayapti. Shunda siz televizorda yoki Internetda Isoga yoqmaydigan narsalarni tomosha qilasizmi? ~ Esingizda bo‘lsin, Iso hozir tirik va u nima qilayotganimizni ko‘rib turadi!

Qilayotgan ishlarimizni kim ko‘rib turadi?

Nima uchun Isoni sevishimiz kerakligining yana bir sababi, biz Yahovaga taqlid qilishni istaymiz. Iso: «Otam meni sevadi»,— deb aytgan. Bilasizmi, nima uchun Yahova Isoni yaxshi ko‘radi va nega biz ham uni sevishimiz kerak? ~ Chunki Iso o‘z xohishi bilan jonini fido qilib, Xudoning irodasini bajargan (Yuhanno 10:17). Keling, Muqaddas Kitobda aytilgan mana bu so‘zlarga rioya qilaylik: «Sevikli bolalar singari Allohga taqlid qilinglar va sevgi yo‘lida yuringlar. Masih sizlarni sevib, o‘zini sizlar uchun qurbon qildi» (Efesliklarga 5:1, 2).

Isoga va uning bizni deb qilgan ishlariga nisbatan minnatdorlik hissini uyg‘otish uchun, marhamat, quyidagi oyatlarni o‘qing: Yuhanno 3:35; 15:9, 10 va 1 Yuhanno 5:11, 12.