Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

22- BOB

Nega aldamasligimiz kerak?

Nega aldamasligimiz kerak?

TASAVVUR QILING, qizaloq oyisiga: «Maktabdan darrov uyga kelaman»,— deb va’da berdi. Ammo darslar tugagandan so‘ng, u o‘rtoqlari bilan o‘ynashga qoldi. So‘ng oyijonisiga: «O‘qituvchim darslardan keyin qolishimni so‘radi»,— deb aytdi. Nima deb o‘ylaysiz, bunday gapirib u to‘g‘ri yo‘l tutdimi? ~

Bu bola qanday yomon ish qilib qo‘ydi?

Yoki bolakay dadasiga shunday aytsa: «Yo‘q, dadajon men uyda to‘p o‘ynamadim». Lekin u chindan ham o‘ynagan bo‘lsa-chi? Uning bu gapi rost, deb aytish mumkinmi? ~

Ulug‘ Ustozimiz qanday yo‘l tutishimiz kerakligini bizga tushuntirib, shunday degan: «“Ha” desangiz, bajaring, “yo‘q” desangiz, gapingizda turing. Bundan ortig‘i esa yovuz Shaytondandir» (Matto 5:37). Isoning so‘zlari nimani anglatadi? ~ Bu degani, ishlarimiz gaplarimiz bilan mos kelishi kerak.

Muqaddas Kitobda hamisha haqiqatni gapirish qanchalik muhim ekanligi to‘g‘risida bir hikoya bor. Bu hikoya Isoning shogirdlari bo‘lgan ikki odam haqida. Keling, ular bilan nima yuz berganini ko‘rib chiqaylik.

Isoning o‘limidan taxminan ikki oy o‘tdi. Yahudiylarning «Hosil bayrami» deb atalmish marosimni nishonlash uchun Quddusga uzoq-uzoq joylardan ko‘p odamlar kelishdi. Havoriy Butrus ajoyib bir nutq so‘zladi. Ya’ni u Iso haqida hamda Xudo uni qanday qilib tiriltirgani to‘g‘risida odamlarga aytib berdi. O‘shanda Quddusga kelgan aksariyat kishilar Iso to‘g‘risida birinchi marta eshitishdi. Bu odamlar u haqda yanada ko‘proq bilishmoqchi edi. Xo‘sh, ular nima qilishdi?

Ular Quddusda yana bir muddatga qolishdi. Lekin o‘sha odamlar u yerda ko‘proq vaqtga qolib ketishdi. Ularning hamma puli tugadi, hatto yegulik sotib olishga ham sariq chaqasi qolmadi. Bundan xabar topgach, Quddusdagi shogirdlar bu odamlarga yordam bermoqchi bo‘lishdi. Aksariyat shogirdlar mol-mulklarini sotib, pullarni Isoning havoriylariga olib kelishardi. Havoriylar esa bu pullarni muhtoj bo‘lganlarga tarqatishardi.

Quddusdagi masihiylar jamoatining a’zolari bo‘lmish er-u xotin — Hananiya va Saffira ham o‘z dalasini sotishdi. Bunday qilishga ularni hech kim majburlamagan. Bu, ularning shaxsiy qarori edi. Ammo ular buni Isoning yangi shogirdlarini sevishgani uchun qilishmagan. Aslida Hananiya bilan Saffira odamlarda yaxshi taassurot qoldirishni xohlashdi. Shunday qilib, ular boshqalarga yordam berish uchun bor pulimizni beryapmiz, deyishga qaror qilishdi. Xullas, ular pulning muayyan qismini berib, hammasini berdik, deyishdi. Sizningcha, ular to‘g‘ri ish qilishdimi? ~

Shunday qilib, Hananiya havoriylarning oldiga keldi va pullarni berdi. Ma’lumki, Xudodan hech narsani yashirib bo‘lmaydi. Albatta, u pulning muayyan qismini berganini Yahova biladi. Shu yo‘sin, Xudo havoriy Butrusga Hananiyaning yolg‘on gapirayotganini ochib berdi.

Hananiya nima deb Butrusni aldadi?

Butrus unga shunday dedi: «Hananiya, Shaytonga aldanib, yolg‘on gapirishga qanday jur’at etding? Axir yer seniki edi-ku. Seni hech kim majburlagani yo‘q. Yerni sotganda, tushgan pulni taqsimlash o‘z ixtiyoringda emasmidi? Pulning muayyan bir qismini berib, nega hammasini berdim, deb aytyapsan? Sen bizga emas, Allohga qarshi yolg‘on gapirding».

Bu judayam jiddiy masaladir. Hananiya yolg‘on gapirdi! Uning gaplari ishlariga to‘g‘ri kelmadi. Hananiya haqiqatni yashirdi. Muqaddas Kitobda shundan keyin nima sodir bo‘lgani haqida aytilgan: «Butrusning so‘zlaridan so‘ng Hananiya yerga yiqilib, jon berdi». Xudo Hananiyani urdi! Bundan so‘ng, uni olib borib ko‘mishdi.

Yolg‘on gapirgani uchun Hananiyaga nima bo‘ldi?

Taxminan uch soatdan keyin havoriylarning oldiga Saffira ham keldi. U eri bilan nima sodir bo‘lganidan bexabar edi. Butrus undan: «Menga ayt-chi, sizlar yerni falon pulga sotdilaringmi?» — deb so‘radi.

Saffira javob berib: «Ha, yerni shunchaga sotdik»,— dedi. Ammo bu g‘irt yolg‘on edi! Ular yerni sotib, pulning muayyan qismini yashirib qo‘yishdi. Shuning uchun Xudo Saffirani ham o‘limga mubtalo qildi (Havoriylar 5:1–11).

Hananiya va Saffira bilan sodir bo‘lgan voqeadan qanday saboq olishimiz kerak? ~ Xudo aldoqchilarni yomon ko‘radi. U, hamisha rost gapirishimizni xohlaydi. Lekin ko‘pchilik odamlar yolg‘on gapirishning yoki kimnidir aldashning yomon joyi yo‘q, deb aytishadi. Nima deb o‘ylaysiz, bu odamlarning gapi to‘g‘rimi? ~ Barcha kasalliklar, azob-uqubatlar va o‘lim yolg‘onning oqibati ekanini bilarmidingiz? ~

Iso aytganidek, kim birinchi yolg‘on gapirdi va oqibati nima bo‘ldi?

Esingizda bo‘lsa, Iblis birinchi ayolni aldagani to‘g‘risida suhbatlashgandik. Shayton o‘sha ayolga aytganki, Xudoga quloq solmasa va Xudo unga yema degan mevadan yesa, o‘lmaydi. Momohavo Iblisga ishondi va mevani yedi. Ayol Odamatoni ham mevadan yeyishga ko‘ndirdi. Ular bu ishni qilib, gunohga botishdi va hamma bolalari ham gunohkor bo‘lib tug‘ilishdi. Odamatoning bolalari gunohkor bo‘lgani uchun barchasi azob chekib o‘lyapti. Ammo bu nimadan boshlandi? ~ Hammasi yolg‘ondan boshlandi.

Iso Iblisni «yolg‘onchi va yolg‘onning otasi», deb atagani ajablanarli emas! Shayton birinchi bo‘lib yolg‘on gapirdi. Shunday ekan, kimdir yolg‘on gapirsa, u Iblisning birinchi qilgan ishini qaytargan bo‘ladi. Buni, ayniqsa yolg‘on gapirish vasvasasiga tushganimizda yodda tutish muhim (Yuhanno 8:44).

Xo‘sh, bu vasvasa qachon paydo bo‘lishi mumkin? ~ Biron-bir yomon ish qilib qo‘yganimizda, shunday emasmi? ~ Masalan, siz biron narsani tushirib, sindirib qo‘yishingiz mumkin. Albatta, siz bunday qilishni istamas edingiz. Ammo sizdan: «Bu kimning ishi?» — deb so‘rashsa, ukangiz yoki singlingizga to‘nkaysizmi? Yoki o‘zingizni hech narsani bilmaganga solasizmi? ~

Qachon yolg‘on gapirish vasvasasiga tushib qolishingiz mumkin?

Mana yana boshqa misol: siz uy vazifasini bajarishingiz kerak, ammo siz faqat bir qismini bajardingiz. «Men hamma darsimni qilib bo‘ldim»,— deyish to‘g‘ri bo‘larmidi? ~ Biz Hananiya va Saffiraning misolini esimizdan chiqarmasligimiz kerak. Ular bor haqiqatni gapirishmagani sababli, hayotdan mahrum bo‘lishdi. Xudo ularni jazoladi va bu bilan yolg‘onga qanday munosabatda ekanini ko‘rsatdi.

Shunday ekan, qilmishimiz qanchalik og‘ir bo‘lmasin, yolg‘on gapirib o‘zimizga zarar yetkazamiz. Shuningdek, haqiqatning yarmini emas, balki borini gapirishimiz kerak. Muqaddas Kitobda: «Haqiqatni gapiringlar»,— deb aytilgan. Bundan tashqari, unda: «Bir-biringizga yolg‘on gapirmanglar»,— deyilgan. Tangri Yahova har doim haqiqatni gapiradi va U bizning ham bunday yo‘l tutishimizni xohlaydi (Efesliklarga 4:25; Kolosaliklarga 3:9).

Biz hamisha haqiqatni gapirishimiz kerak. Bu fikr quyidagi oyatlarda ta’kidlangan: Chiqish 20:16; Hikmatlar 6:16–19; 12:19; 14:5; 16:6 va Ibroniylarga 4:13.