Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

47- BOB

Armageddon yaqinligini qayerdan bilamiz?

Armageddon yaqinligini qayerdan bilamiz?

BYELGI nima ekanligini bilasizmi? ~ Ushbu kitobning 46- bobida o‘qiganimizdek, Xudo boshqa hech qachon dunyoni suv bilan yo‘q qilmasligini ko‘rsatadigan belgi bergan edi. Havoriylar ham Isodan uning qaytib kelishini va zamona oxirlab borayotganini ko‘rsatadigan belgi qanday bo‘lishini so‘rashgan edi (Matto 24:3).

Iso osmonda bo‘lgani sababli, uni ko‘rish imkonsizdir. Shu bois, odamlar uning boshqara boshlaganini bilib olishi uchun aniq belgi kerak edi. Shuning uchun Iso shogirdlariga yerda nimalar sodir bo‘lishini aytib bergan. Bundan tashqari, ular qanday hodisalarga e’tibor qaratishlari kerakligini aytgan. Bu hodisalar sodir bo‘lishni boshlaganida, Isoning qaytgani va osmonda Shoh bo‘lib boshqara boshlagani aniq bo‘lardi.

Iso shogirdlariga hushyor bo‘lishning muhimligini o‘rgatish uchun shunday degan: «Anjir va boshqa daraxtlarga e’tibor beringlar: ular kurtak chiqarayotganini ko‘rganingizda, yoz yaqin ekanini bilasizlar». Siz ham yoz yaqinlashayotganini aniqlay olasiz-a?! Xuddi shunday, Isoning aytganlari amalga oshayotganini ko‘rganingizda, bilingki, Armageddon yaqin (Luqo 21:29, 30).

Iso anjir daraxtini misol qilib, bizga nimani o‘rgatmoqchi edi?

Ushbu va keyingi betdagi suratlarda Iso aytgan belgilar qisman tasvirlangan va ular Xudoning Shohligi yaqinligiga ishora qilyapti. Bu belgilarning hammasi amalga oshganida, Xudoning Shohligi Isoning boshqaruvi ostida barcha hukumatlarni yer bilan yakson qiladi. Biz bu haqda 46- bobda o‘qigan edik.

Oldingi ikkita betdagi suratlarga diqqat bilan qarang. Hozir ular haqida suhbatlashamiz. Bu suratlarda keltirilgan hodisalar to‘g‘risida Matto 24:6–14; Luqo 21:9–11- oyatlarida o‘qishingiz mumkin. Har bir suratning raqami borligiga e’tibor bering. Xuddi shu raqamlarni rasmlar tushuntirilgan xat boshlarida ko‘rishingiz mumkin. Endi keling, Iso aytgan belgining aksariyat qismi bugungi kunda ro‘yobga chiqayotganini ko‘rib chiqamiz.

1. Iso shunday degan: «Har xil joylarda urushlar bo‘layotganini eshitasizlar. [...] Xalq xalqqa qarshi, podshohlik podshohlikka qarshi ko‘tariladi». Siz qachondir urushlar haqida xabar eshitganmisiz? ~ Birinchi jahon urushi 1914- yilda boshlanib, 1918- yilda tugagan. Ikkinchi jahon urushi esa 1939- yilda boshlanib, to 1945- yilgacha davom etgan. Hali hech qachon bunday jahon urushlari bo‘lmagandi! Bugungi kunda esa butun dunyo bo‘ylab urushlar bo‘lyapti. Deyarli har kuni televizor va radio orqali urushlar haqida eshitamiz yoki gazetalarda o‘qib qolamiz.

2. Yana Iso shunday deb aytgan: «Ko‘p joylarda oziq-ovqat yetishmovchiligi bo‘ladi». Ehtimol, siz hamma odamlarda ham yeyishga yetarlicha oziq-ovqat yo‘qligini bilsangiz kerak. Shu tufayli har kuni minglab odamlar o‘lmoqda.

3. Iso shularni ham aytgan: «Ko‘p joylarda o‘latlar bo‘ladi». O‘lat nima ekanligini bilasizmi? ~ Bu, ko‘pgina odamni o‘ldiradigan yuqumli kasallikdir. Birgina «ispanka» grippidan 1-yil ichida 20 million odam o‘lgan. Bugungi kunda esa bundan ham ko‘p odamlar OITS (SPID)dan o‘lish ehtimoli bor. Har yili minglab odamlar saraton, yurak xuruji yoki boshqa kasalliklardan o‘lishyapti.

4. Iso belgining yana bir qismini aytgan: «Ko‘p joylarda zilzilalar bo‘ladi». Zilzila nima ekanligini bilasizmi? ~ Bu, yer qimirlashi, tebranishi demakdir. Zilzila bo‘lganda uylar qulaydi va ko‘pincha odamlar o‘ladi. 1914- yildan boshlab, har yili ko‘plab zilzilalar bo‘lyapti. Siz zilzilalar haqida eshitganmisiz? ~

5. Iso belgining tag‘in bir qismini keltirib, «qonunsizlik ko‘payishi» to‘g‘risida aytgan. Ana shu sababdan, dunyoda o‘g‘rilik va zo‘ravonlik shunchalik ko‘payib ketgan. Odamlar uylariga o‘g‘ri tushishidan qo‘rqib yashamoqdalar. Hozir yer yuzida sodir etilayotgan jinoyat va zo‘ravonlik hali hech qachon shu darajaga yetmagan.

6. Iso yana bir muhim bo‘lgan belgining qismini aytgan: «Shohlik haqidagi xushxabar hamma xalqlarga shahodat berilishi uchun butun dunyo bo‘ylab va’z qilinadi. Ana o‘shandagina oxirat bo‘ladi» (Matto 24:14). Agar siz bu «xushxabar»ga ishonsangiz, unda boshqalarga ham uni aytib berishingiz kerak. Shunday yo‘l tutib, siz ham belgining bu qismi amalga oshishida ishtirok eta olasiz.

Biroq, ayrim odamlar Isoning aytganlari oldin ham bo‘lgan, deyishi mumkin. Lekin avvallari bu belgilarning hammasi bir paytning o‘zida, dunyoning ko‘p joylarida bo‘lmagan. Endi bu belgi nimani anglatishini tushundingizmi? ~ Bularning hammasi sodir bo‘layotganini ko‘rib, bu yovuz dunyoning oxiri yaqinligini va Xudoning yangi dunyosi kelishini tushunamiz.

Iso bu belgi haqida aytayotib, yilning o‘ziga xos bir faslini tilga olgan. U shunday degan: «Qochish vaqtingiz qishga to‘g‘ri kelib qolmasligi uchun ibodat qilinglar» (Matto 24:20). Sizningcha, u nimani nazarda tutgan? ~

Qish paytida yaqinlashib kelayotgan falokatdan qutulish osonmi? ~ Albatta, yo‘q. Chunki qishda havo judayam sovuq bo‘lib, qayergadir qochish qiyin kechadi. Hatto qochib ketgan taqdirda ham odam zo‘rg‘a qutuladi. Bordi-yu, u o‘z ishlari bilan ovora bo‘lib, ogohlantirishga parvo qilmagani tufayli o‘lib ketsa, alam qilmaydimi? ~

Iso qishda qochish to‘g‘risida aytib, bizga qanday saboq bermoqchi edi?

Iso nima uchun qishni kutmasdan qochib qutulish muhim, deb aytganini endi tushundingizmi? ~ Isoning so‘zlaridan, Armageddon yaqinligini bilib oldik. Shuning uchun Xudoni sevishimizni isbotlab, Unga xizmat qilishni kechiktirmasligimiz lozim. Agar Yahovaga xizmat qilishni paysalga solib yursak, biz uchun juda kech bo‘lishi mumkin. Shunda bizning ahvolimiz Nuhning davridagi To‘fongacha yashagan odamlarnikiga o‘xshab qolishi hech gap emas. Ular Nuhning ogohlantirishini eshitishgan, ammo kemaga kirishmagan.

Endi keling, Buyuk Armageddon jangi tugaganidan keyin hayot qanday bo‘lishi haqida gaplashaylik. Xudoni sevib, Unga xizmat qilayotgan barchamizga U nima tayyorlab qo‘yganini bilib olamiz.

Quyida keltirilgan oyatlar Armageddon yaqinligini ko‘rsatib turibdi: 2 Timo‘tiyga 3:1–5 va 2 Butrus 3:3, 4.