Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

5- BOB

«Bu mening o‘g‘lim»

«Bu mening o‘g‘lim»

BOLALAR o‘zlarini yaxshi tutishsa, ularni tarbiyalayotgan kattalar rosa xursand bo‘lishadi. Masalan, qizi bir ishni yaxshi bajarsa, dadasi suyunib, boshqalarga: «Bu mening qizim»,— deydi. O‘g‘li yaxshi ish qilsa, dadasi faxrlanib: «Bu mening o‘g‘lim»,— deydi.

Iso doimo Otasiga yoqadigan ishlarni qilgan. Shuning uchun Otasi u bilan faxrlanardi. Esingizdami, Iso uchta shogirdi bilan birga bo‘lganda, Otasi nima qilgan edi? ~ Ha, Xudo osmondan ularga gapirib: «Bu Mening sevikli O‘g‘limdir, undan mamnunman»,— degan (Matto 17:5).

Iso har doim, jon deb, Otasini xursand qiladigan ishlarni bajaradi. Bilasizmi nima uchun? Chunki u Otasini chin dildan sevadi. Bir ish shunchaki majburiyat yuzasidan qilinsa, qiyin bo‘lib ko‘rinadi. Ammo bajonidil qilinsa, ancha oson kechadi. Ishni bajonidil qilish nima degani, bilasizmi? ~ Uni katta istak bilan bajarish degani.

Iso yer yuziga kelishdan oldin ham, Otasi xohlagan hamma ishni bajonidil qilgan. Chunki u Otasi bo‘lmish Tangri Yahovani judayam yaxshi ko‘radi. Unga osmonda, Otasining yonida yashash yoqardi. Lekin vaqti kelib, Xudo Isoga muhim bir topshiriq berdi. Buni bajarish uchun Iso osmondagi uyini qoldirib, yer yuzida chaqaloq bo‘lib tug‘ilishi kerak edi. Iso bunga jon deb rozi bo‘ldi, axir bu ishni bajarishni Otasi Yahova iltimos qilgan edi-da.

Jabroil farishta Maryamga nima dedi?

Shunday qilib, Iso yer yuzida chaqaloq bo‘lib tug‘ildi. Uning onasi kim edi, bilasizmi? ~ Maryam edi. Yahova Maryamning oldiga osmondan Jabroil degan farishtasini yubordi. Jabroil Maryamga bir o‘g‘il tug‘ishini aytdi. Bolaning ismini Iso deb qo‘yishi kerak edi. Qiziq, uning dadasi kim bo‘larkan? ~ Farishtaning so‘zlariga ko‘ra, bolaning Otasi Tangri Yahova bo‘ladi. Ana shuning uchun Isoni Xudoning O‘g‘li deyishadi.

Nima deb o‘ylaysiz, buni eshitgach Maryam o‘zini qanday his qilgan ekan? ~ «Men Isoning onasi bo‘lishni xohlamayman»,— deb aytganmi? Yo‘q. Maryam Xudoning xohishini bajarishga tayyor edi. Biroq, osmonda yashagan Xudoning O‘g‘li, qanday qilib yer yuzida chaqaloq bo‘lib tug‘ilishi mumkin edi? Isoning tug‘ilishi boshqa bolalarnikidan nimasi bilan farq qilardi? Siz buni bilasizmi? ~

Xudo birinchi erkak bilan ayolni — Odamato va Momohavoni ajoyib yaratgan. Ular o‘zgacha tarzda yaqinlashishganda, onaning qornida bola katta bo‘la boshlaydi. Odamlar buni mo‘jiza deyishadi! Siz ham bunga qo‘shilsangiz kerak.

Lekin Xudo bundan ham zo‘r mo‘jiza yaratdi. U osmondagi O‘g‘lining hayotini olib, Maryamning qorniga solib qo‘ydi. Xudo hali hech qachon bunaqa qilmagan edi, bundan keyin ham qilmadi. Natijada Iso, boshqa bolalar kabi, onasi Maryamning qornida katta bo‘la boshladi. Keyinchalik, Maryam Yusufga turmushga chiqdi.

Isoning tug‘ilishi yaqinlashib qolganda, Maryam bilan Yusuf Baytlahm shahriga kelishdi. Ammo shaharda odam ko‘p edi. Maryam bilan Yusuf tunab qolish uchun uy topa olmay, hayvonlarni saqlaydigan joyda to‘xtashdi. O‘sha yerda Maryam Isoni tug‘di va rasmda ko‘rinib turganidek, uni oxurga yotqizib qo‘ydi. Oxur — bu hayvonlarga ovqat soladigan idishdir.

Nima uchun Isoni oxurga yotqizishyapti?

Iso tug‘ilgan kechada ajoyib bir voqea yuz berdi. Baytlahm shahri yaqinida, ba’zi cho‘ponlarga farishta ko‘rindi. Farishta ularga Isoning muhim bir inson bo‘lishini aytdi. U shunday dedi: «Qo‘rqmanglar! Men sizlarga butun insonlarga cheksiz quvonch baxsh etadigan xabar keltirdim. Bugun sizlar uchun bir najotkor tug‘ildi» (Luqo 2:10, 11).

Bu farishtalardan biri cho‘ponlarga qanaqa xushxabar aytdi?

Farishta cho‘ponlarga, Isoning Baytlahmda oxurda yotganini aytdi. Shundan so‘ng, to‘satdan osmonda ko‘pgina boshqa farishtalar paydo bo‘ldi. Ular shunday deya Xudoni ulug‘lashardi: «Xudoga shon-sharaflar bo‘lsin! Yer yuzida ham, Uni mamnun qiluvchi insonlar tinch-totuvlikda yashashsin» (Luqo 2:12–14).

Farishtalar ketishi bilan, cho‘ponlar Baytlahmga borib, Isoni topishdi. Ular Yusuf bilan Maryamga barcha eshitganlarini aytib berishdi. O‘shanda Maryam Isoning onasi bo‘lishga rozilik berganidan qanchalar xursand bo‘lganini tasavvur qiling-a!

Vaqt o‘tib, Yusuf va Maryam Iso bilan birga Nosira shahriga ko‘chib ketishdi. O‘sha yerda Iso katta bo‘lib, juda muhim bir ta’lim berish ishini boshladi. Bu ish, Tangri Yahovaning unga bergan topshiriqlaridan biri edi. Iso osmondagi Otasini juda sevgani uchun bu topshiriqni jon deb bajardi.

Iso Ulug‘ Ustoz bo‘lishdan oldin, Yahyo payg‘ambar tomonidan Iordan daryosida suvga cho‘mdirildi. Bu bilan u Xudoning irodasini bajarishga tayyor ekanini ko‘rsatdi. O‘shanda ajoyib bir voqea yuz berdi! Iso suvdan chiqishi bilanoq, osmondan Yahovaning ovozi eshitildi. U shunday dedi: «Bu Mening sevikli O‘g‘limdir, undan mamnunman» (Matto 3:17). Ota-onangiz sizni yaxshi ko‘rishlarini aytishsa, bu sizga yoqadimi? ~ Isoga ham Otasining so‘zlari juda yoqqan bo‘lsa kerak.

Iso doimo to‘g‘ri yo‘l tutardi. U o‘zini boshqalardan farqli qilib ko‘rsatishga urinmasdi. U odamlarga, men Xudoman, demagan. Jabroil farishta Maryamga, Iso Xudoning O‘g‘li deb nomlanishini aytgan. Iso ham o‘zini Xudoning O‘g‘li deb nomlagan. U Otasidan ham ko‘proq bilishini aytmagan. Iso: «Otam mendan ulug‘roqdir»,— degan (Yuhanno 14:28).

Hatto osmonda bo‘lganida ham, Iso Otasi bergan vazifalarni bajarardi. U avvaliga: «Xo‘p, bo‘ladi»,— deb, keyin boshqa ishni qilmasdi. U Otasini yaxshi ko‘rardi. Shuning uchun u, Otasining gapiga quloq solardi. Keyinchalik, Iso yer yuziga kelganda, Otasi nima uchun yuborgan bo‘lsa, hammasini bajardi. U vaqtini bekorga o‘tkazmasdi. Shu sababdan, Yahova O‘g‘li bilan juda faxrlangan!

Biz ham Yahovani xursand qilishni xohlaymiz, to‘g‘rimi? ~ Unday bo‘lsa, Isoga o‘xshab, Xudoning gaplariga quloq solishimiz kerak. Xudo bizga Muqaddas Kitob orqali gapiradi. Agar o‘zimizni Xudoga quloq solganday qilib ko‘rsatib, Muqaddas Kitobga zid bo‘lgan narsalarga ishonsak yoki Xudoga yoqmaydigan ishlarni qilsak, to‘g‘ri bo‘ladimi? ~ Unutmang, Yahovani chin yurakdan sevsakkina, Unga yoqadigan ishlarni qila olamiz va bundan o‘zimiz ham baxtiyor bo‘lamiz.

Endi esa Muqaddas Kitobni ochib, Iso haqida bilishimiz va ishonishimiz kerak bo‘lgan narsalarni o‘qib chiqing: Matto 7:21–23; Yuhanno 4:25, 26 va 1 Timo‘tiyga 2:5, 6.