Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

24- BOB

Hech qachon o‘g‘rilik qilmang!

Hech qachon o‘g‘rilik qilmang!

QACHONDIR sizning biron narsangizni o‘g‘irlashganmi? ~ O‘shanda o‘zingizni qanday his qilgansiz? ~ O‘g‘rilarni hech kim yoqtirmaydi. Inson qanday qilib o‘g‘ri bo‘lib qolishi mumkin? Nahotki, u o‘g‘ri bo‘lib tug‘ilsa? ~

Oldin bilib olganimizdek, hamma odamlar gunohkor bo‘lib tug‘ilishadi. Shuning uchun hammamiz nomukammalmiz. Biroq, hech kim o‘g‘ri bo‘lib tug‘ilmaydi. O‘g‘ri yaxshi axloqli oilada ulg‘ayishi mumkin. Uning ota-onasi, aka-uka va opa-singillari rostgo‘y bo‘lishi mumkin. Lekin pul va pulga sotib olinadigan narsalarga ega bo‘lish istagi odamni o‘g‘rilik qilishga undashi mumkin.

Birinchi o‘g‘ri kim bo‘lganini bilasizmi? ~ Keling, shu haqda o‘ylab ko‘raylik. Ulug‘ Ustozimiz uni osmonda yashaganida bilar edi. Bu o‘g‘ri farishta bo‘lgan. Lekin Xudo hamma farishtalarni mukammal qilib yaratgan-ku, unda qanday qilib bu mukammal farishta o‘g‘ri bo‘lib qolgan? ~ Shu kitobning 8- bobidan bilib olganimizdek, u o‘ziga tegishli bo‘lmagan narsaga ega chiqishni xohlagan. U nimaga ega bo‘lishni xohlagani esingizdami? ~

Xudo birinchi erkak va ayolni yaratganida, bu farishta ular unga topinishlarini xohladi. Aslida uning bunga haqqi yo‘q edi. Odamlar faqat Xudoga topinishlari kerak edi. Shayton esa buni o‘g‘irladi! Odamato bilan Momohavoni o‘ziga topinishga undab, o‘sha farishta o‘g‘riga aylandi. Shunday qilib, u Iblis Shayton bo‘lib qoldi.

Odam nima sababdan o‘g‘rilikka qo‘l uradi? ~ Unga tegishli bo‘lmagan narsaga ega bo‘lish istagi. Bu istak shunchalik kuchli bo‘ladiki, hatto yaxshi insonlar ham yomon ishlarga qo‘l urishadi. Ba’zida o‘g‘riga aylangan odamlar hech qachon yomon yo‘ldan qaytishmaydi. Misol uchun, Isoning havoriylaridan birini olaylik. Uning ismi Yahudo Ishqariyot edi.

Yahudo, Xudoning qonuniga ko‘ra o‘g‘rilik qilish noto‘g‘ri ekanligini yoshligidanoq bilardi. U, Xudo osmondan O‘z xalqiga: «O‘g‘rilik qilmanglar»,— deb aytganini ham bilardi (Chiqish 20:15). Yahudo ulg‘ayib, Ulug‘ Ustozni uchratganida uning shogirdlari qatoriga qo‘shildi. Keyinchalik Iso uni 12 havoriylaridan biri qilib tayinladi.

Iso bilan havoriylari doimo birga yurishardi. Ular birga ovqatlanishardi. Ularning pullari ham bitta qutida saqlanardi. Iso bu qutini Yahudoga ishonib topshirgandi. Albatta, bu pullar Yahudoga tegishli bo‘lmagan. Lekin ko‘p o‘tmay Yahudo nima qilganini bilasizmi? ~

Nimaga Yahudo o‘g‘rilik qila boshladi?

U ruxsat so‘ramay, qutidan pul ola boshladi. Bu ishni u hech kim ko‘rmaganda qilar va hatto qutini pulga to‘ldirish yo‘llarini izlardi. U nuqul pul haqida o‘ylardi. Keling, bu yomon istak qanday oqibatga olib kelganini ko‘rib chiqaylik. Bu voqea, Ulug‘ Ustozimiz o‘ldirilishidan bir necha kun oldin yuz berdi.

Isoning do‘sti Lazarning opasi Maryam qimmatbaho moy olib kelib, Isoning oyoqlariga quydi. Lekin Yahudo bunga norozilik bildirib: «Bu moyni sotib, pulini kambag‘allarga tarqatish kerak»,— dedi. Bilasizmi nimaga? ~ Aslida u qutidagi pullarni o‘g‘irlab olmoqchi edi (Yuhanno 12:1–6).

Shunda Iso Yahudoga Maryamni xijolat qilmaslikni buyurdi. Axir Maryam savob ish qilgan edi-da. Bu gap Yahudoga yoqmadi va u Isoning dushmanlari bo‘lmish bosh ruhoniylarning oldiga ketdi. Ular Isoni hibsga olishni xohlashardi, lekin hech kim ko‘rmasin, deb buni kechasi qilishmoqchi edi.

Yahudo ruhoniylarga shunday dedi: «Menga pul bersangiz, Isoni qanday ushlash mumkinligini sizlarga aytaman. Menga necha pul berasizlar?»

Ruhoniylar: «O‘ttiz kumush tanga beramiz»,— deyishdi (Matto 26:14–16).

Yahudo pullarni oldi. Shunday qilib, u Ulug‘ Ustozni o‘sha odamlarga sotib yubordi! Dahshat! Buni tasavvur ham qilib bo‘lmaydi, to‘g‘rimi? ~ Yahudo pulni shunchalik yaxshi ko‘rganki, uni odamlardan va hatto Xudodan ustun qo‘ygan.

Balki siz: «Men Tangri Yahovadan boshqa hech narsani yaxshi ko‘rmayman»,— dersiz. Bunday o‘ylashingiz juda yaxshi. Ammo Yahudo ham Iso tomonidan havoriy etib tayinlaganida, ehtimol shunday o‘ylagan. O‘g‘riga aylangan boshqa insonlar ham ilgari shunaqa deb o‘ylashgandir. Keling, ulardan ayrimlari haqida bilib olaylik.

Oxun va Dovud qanday yomon narsalar haqida o‘ylashyapti?

Ulug‘ Ustozimiz dunyoga kelishidan ancha oldin Oxun ismli Xudoning xizmatchisi yashagan. Oxun chiroyli to‘nni, bir bo‘lak tillani va bir qancha kumush tangalarni ko‘rib qolgan. Bu narsalar unga tegishli emasdi. Muqaddas Kitobda aytilishicha, bu narsalar Yahovaga tegishli edi, chunki ular Xudoning dushmanlaridan olib qo‘yilgandi. Lekin Oxun bu narsalarga ega bo‘lishni xohlab, ularni o‘g‘irlab oldi (Yoshua 6:19; 7:11, 20–22).

Yana bir misolni olaylik. Qadim zamonlarda Yahova Dovudni Isroil xalqi ustidan shoh etib saylagan edi. Dovud bir kuni Botsheva degan chiroyli ayolni ko‘rib qoldi. U Botshevaga hadeb qarayvergani uchun uni uyiga olib kelib, u bilan yotish haqida o‘ylay boshladi. Biroq, u Uriyo degan kishining xotini edi. Xo‘sh, Dovud nima qilishi kerak edi? ~

Dovud Botsheva haqida o‘ylashni bas qilishi kerak edi. Lekin u bunday qilmadi. Dovud uni o‘z uyiga olib keltirdi. Keyin u Uriyoni o‘ldirishni buyurdi. Nima uchun u bunday yomon ish qildi? ~ Chunki u birovning xotiniga ko‘z olaytirgan edi (2 Shohlar 11:2–27).

Nima uchun Absalomni o‘g‘ri desa bo‘ladi?

Dovud juda pushaymon bo‘lgani uchun Yahova uni o‘ldirmadi. Biroq, Dovud o‘ziga ko‘pgina muammolar orttirib oldi. Uning o‘g‘li Absalom otasining o‘rniga shoh bo‘lishni istadi. Dovudni ko‘rishga kelgan odamlarni Absalom quchoqlab, o‘pib kutib olardi. Muqaddas Kitobda aytilishicha: «Absalom Isroil xalqini o‘ziga og‘dirib oldi». Shunday qilib, u o‘zini Dovudning o‘rniga shoh etib tayinlashga odamlarni ko‘ndirdi (2 Shohlar 15:1–12).

Siz ham Oxun, Dovud va Absalom kabi biror narsaga ega bo‘lishni juda xohlaganmisiz? ~ Agar o‘sha narsa birovga tegishli bo‘lsa, uni ruxsatsiz olish o‘g‘rilik hisoblanadi-ku. Ilk o‘g‘ri — Shayton nimani xohlagan edi, esingizdami? ~ Odamlar Xudoga emas, balki unga topinishlarini istagan. Odamato bilan Momohavoni o‘ziga og‘dirib olib, Shayton o‘g‘rilik qildi.

Biror narsadan kim foydalanishi mumkinligini faqat uning egasi hal qiladi. Aytaylik, siz o‘rtoqlaringiz bilan o‘ynash uchun ularning uyiga bordingiz. Ularning uyidan biror narsani o‘z uyingizga olib ketishingiz to‘g‘ri bo‘larmidi? ~ Yo‘q, o‘rtoqlaringizning ota-onasi ruxsat bermasa, olishingiz noto‘g‘ri bo‘ladi. Agar biror narsani beruxsat olsangiz, bu o‘g‘rilik hisoblanadi.

Qiziq, nima uchun sizda o‘g‘irlash vasvasasi paydo bo‘lishi mumkin? ~ Chunki sizga tegishli bo‘lmagan narsani olishni xohlab qolarsiz. Hatto atrofingizda hech kim bo‘lmasa ham, biror narsani olayotganingizni kim ko‘rib turadi? ~ Tangri Yahova. Xudo o‘g‘rilikdan nafratlanishini doimo yodda tutishimiz kerak. Xullas, Xudoni va insonlarni yaxshi ko‘rsak, hech qachon o‘g‘rilik qilmaymiz.

Muqaddas Kitobda, o‘g‘rilik qilish yomon ekanligi aniq ko‘rsatilgan. Marhamat qilib, Mark 10:17–19; Rimliklarga 13:9 va Efesliklarga 4:28- oyatlarini o‘qib chiqing.