Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

12- BOB

Iso bizga ibodat qilishni o‘rgatyapti

Iso bizga ibodat qilishni o‘rgatyapti

AYTING-CHI, siz Tangri Yahovaga ibodat qilasizmi? ~ U juda ham buni xohlaydi. Ibodat — Xudo bilan gaplashish degani. Iso tez-tez osmondagi Otasi bilan gaplashib turardi. Bir marta Iso Xudo bilan gaplashish uchun yolg‘iz qolishni xohladi. Muqaddas Kitobda aytilishicha, bir kuni u «ibodat qilish uchun toqqa chiqdi. Kechgacha u yerda yolg‘iz qoldi» (Matto 14:23).

Siz qayerda yolg‘iz qolib, Tangri Yahova bilan gaplashishingiz mumkin? ~ Balki siz buni kechki payt, uxlashdan oldin qila olarsiz. Iso ham shunday degan: «Siz esa ibodat qilayotganingizda o‘z xonangizga kiring va eshikni yopib, yashirin bo‘lgan samoviy Otangizga ibodat qiling» (Matto 6:6). Siz-chi, har kecha uxlashdan oldin Yahovaga ibodat qilasizmi? ~ Bunday qilishingiz zarur.

Iso yolg‘iz qolganda va boshqalar bilan birga bo‘lganda ibodat qilardi

Shuningdek, Iso boshqa odamlar bilan birga bo‘lganda ibodat qilardi. Do‘sti Lazar o‘lganda, Iso uning qabri yonida boshqalar bilan birga ibodat qilgan (Yuhanno 11:41, 42). Bundan tashqari, Iso shogirdlari bilan birga yig‘ilganda ham ibodat qilardi. Siz-chi, ibodat qilinadigan joylarga, ya’ni yig‘ilishlarga borasizmi? ~ Odatda u yerda katta kishilar ibodat qilishadi. Ularning nima deyayotganiga diqqat qiling, chunki ular sizning nomingizdan ham Xudoga gapirishadi. Keyin siz ibodatning oxirida «omin» deyishingiz mumkin. «Omin» so‘zi nimani anglatishini bilasizmi? ~ Bu degani, ibodat sizga yoqdi va siz aytilgan so‘zlarga rozilik bildiryapsiz hamda ibodatingizda ham shularni aytgan bo‘lardingiz.

Nega yig‘ilishlarda aytilgan ibodatlarni diqqat bilan tinglashingiz kerak?

Yana Iso ovqat yeyishdan oldin ibodat qilardi. U ovqat uchun Yahovaga minnatdorlik bildirardi. Siz-chi, ovqat yeyishdan oldin ibodat qilasizmi? ~ Ovqat yeyishdan oldin ibodatda Yahovaga rahmat aytish yaxshi. Dasturxon oldida hammalaringiz yig‘ilganingizda, kattalardan biri ibodat qilsa kerak. Ammo yolg‘iz ovqatlanganingizda-chi? Yoki siz Yahovaga rahmat demaydiganlar bilan birga tushlik qilayotgan bo‘lsangiz-chi? ~ Shunda siz o‘zingiz ibodat qilishingizga to‘g‘ri keladi.

Har doim ham ovoz chiqarib ibodat qilish kerakmi? Yoki Xudoyimiz Yahova ichimizda aytilgan ibodatni ham eshitadimi? ~ Bunga javob olish uchun keling, Naximiyo payg‘ambar bilan yuz bergan voqeani ko‘rib chiqaylik. U Yahovaning xizmatchisi bo‘lib, Fors shohi Axashverash saroyida ishlardi. Bir kuni Naximiyo rosa xafa bo‘ldi. Chunki u o‘z xalqi yashagan poytaxtning, ya’ni Quddus shahrining devorlari buzilganini eshitdi.

Qachon siz Naximiyo kabi ichingizda ibodat qilishingiz mumkin?

Shoh Naximiyodan nima uchun xafa bo‘lganini so‘raganda, Naximiyo javob berishdan oldin ichida ibodat qildi. Keyin Naximiyo shohga nimadan xafa bo‘lganini aytib berdi va devorlarni tiklash uchun Quddusga borishga ruxsat so‘radi. Xo‘sh, bundan keyin nima bo‘ldi? ~

Xudo Naximiyoning ibodatiga javob berdi. Shoh unga borishga ruxsat etdi! Buning ustiga shoh Naximiyoga devorlarni ko‘tarish uchun ko‘pgina yog‘och berdi. Bundan ko‘rinib turibdiki, Xudo ichimizda aytilgan ibodatlarga ham javob beradi (Naximiyo 1:2, 3; 2:4–8).

Nima deb o‘ylaysiz, ibodat qilayotganingizda bosh egish yoki tiz cho‘kish shartmi? ~ Ba’zida Iso tiz cho‘kib, boshqa safar esa tikka turib ibodat qilgan. Shunaqa ham bo‘lganki, masalan Lazar to‘g‘risida ibodat qilganda, Iso osmonga qarab gapirgan.

Xo‘sh, bundan qanaqa xulosa chiqarishimiz mumkin? ~ Xulosa shuki, ibodat qilganimizda qay holatda bo‘lishimiz yoki qanaqa harakat qilishimiz ahamiyatga ega emas. Gohida ibodat qilganimizda boshimizni egib, ko‘zlarimizni yumsak yaxshi bo‘lardi. Ba’zi mahal, siz Isoga o‘xshab tiz cho‘kib ibodat qilishni xohlarsiz. Shuni unutmangki, biz Xudoga har vaqtda, kunduzimi, kechki paytdami ibodat qilishimiz mumkin va U bizni eshitadi. Faqat ibodat qilganimizda, Yahova ibodatlarimizni tinglashiga amin bo‘lishimiz muhim. Yahova sizning ibodatlaringizni eshitishiga ishonasizmi? ~

Xudoga nima haqda ibodat qilishingiz mumkin?

Lekin Yahovaga nima haqda ibodat qilsak bo‘larkan? ~ Qani ayting-chi, siz ibodat qilganingizda, Xudoga nimalarni gapirasiz? ~ Parvardigor Yahova bizga ko‘p narsalarni sovg‘a qilgan va bular uchun Unga rahmat aytishimiz mumkin, shunday emasmi? ~ Masalan, ovqat uchun rahmat deyishimiz mumkin. Siz qachondir Unga ko‘m-ko‘k osmon, yam-yashil daraxtlar va bir-biridan chiroyli gullar uchun rahmat deganmisiz? ~ Axir bularni ham Xudo yaratgan-ku.

Bir marta Isoning shogirdlari undan ibodat qilishni o‘rgatishini so‘rashgan edi. Shunda Ulug‘ Ustozimiz muhim narsalar to‘g‘risida ibodat qilish kerakligini aytgan. Bu qanday muhim narsalar ekan, bilasizmi? ~ Keling, Muqaddas Kitobimizni ochib, namunali ibodat yozilgan joyni, ya’ni Matto 6- bob, 9- dan 13- gacha bo‘lgan oyatlarni o‘qiylik.

Bu yerda Iso Xudoning ismi to‘g‘risida ibodat qilishimiz kerakligini ko‘rsatgan. U, Xudoning ismi muqaddas bo‘lishi haqida ibodat qilishimizni o‘rgatgan. Xo‘sh, Xudoning ismi nima? ~ Barakalla, Uning ismi Yahova. Biz bu ismni yaxshi ko‘rishimiz kerak.

Shuningdek, Iso Xudoning Shohligi kelishi to‘g‘risida ibodat qilishimizni o‘rgatgan. Bu Shohlik muhim ahamiyatga ega. Sababi, u orqali yer yuzida tinchlik va jannat bo‘ladi.

So‘ngra, Ulug‘ Ustozimiz aytganidek, biz Xudoning irodasi osmonda bo‘lgani kabi, yerda ham bajo bo‘lishi haqida ham so‘rashimiz kerak. Agar biz bu haqda ibodat qilayotgan bo‘lsak, demak bunga monand yo‘l tutishimiz lozim.

Ustozimiz Iso bizga Xudodan rizq-ro‘zimizni berishini so‘rab, ibodat qilishni o‘rgatgan. Shuningdek, biz yomon ish qilib qo‘yganimiz uchun Xudodan uzr so‘rashimiz kerak. Ammo Xudo bizni kechirishini xohlasak, biz ham o‘zimizni xafa qilganlarni kechirishimiz darkor. Ayting-chi, buni qilish siz uchun osonmi? ~

Oxirida Iso, Tangri Yahova bizni yovuz Shaytondan himoya qilsin, deya so‘rashni ham o‘rgatgan. Ha, bularning barchasi haqida ibodat qilish darkor.

Biz, Yahova ibodatlarimizni eshitishiga ishonishimiz kerak. Keling, faqat yordam so‘ramasdan, Unga rahmat ham aytaylik. Chin yurakdan ibodat qilib, to‘g‘ri narsalar haqida Undan so‘rasak, Yahovaga bu judayam yoqadi. Ishonavering, shunda U ibodatlarimizga javob beradi. Siz-chi, bunga ishonasizmi? ~

Ibodat to‘g‘risida ko‘p yaxshi maslahatlarni Rimliklarga 12:12; 1 Butrus 3:12 va 1 Yuhanno 5:14- oyatlardan topish mumkin.