Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

28- BOB

Kimga bo‘ysunishni qanday hal qilasiz?

Kimga bo‘ysunishni qanday hal qilasiz?

BA’ZAN kimga bo‘ysunishni hal qilish qiyin kechadi. Bir tomondan ota-onangiz sizga u yoki bu ishni qil deydi. Ikkinchi tomondan esa o‘qituvchingiz yoki militsiya xodimi umuman boshqa ishni qil deydi. Bunday vaziyatda siz kimga bo‘ysunasiz? ~

Shu kitobning 7- bobida, Muqaddas Kitobning Efesliklarga 6:1–3- oyatlarini o‘qigan edik. U yerda farzandlar ota-onalariga bo‘ysunishlari kerakligi aytilgan. O‘sha oyatda: «Rabbimizning irodasiga muvofiq tarzda ota-onalaringizga bo‘ysuninglar»,— deyilgan. Xo‘sh, «Rabbimizning irodasiga muvofiq tarzda», degan so‘zlar nimani anglatadi? ~ Bu degani, ota-onangiz Rabbimizning irodasiga muvofiq tarzda sizga Xudoning qonunlarini o‘rgatishganda, ularga quloq solishingiz kerak.

Lekin ayrim kattalar Yahovaga ishonishmaydi. Agar ulardan biri sizga, imtihonda birovning ishini ko‘chirish yoki pulini to‘lamay, do‘kondan biror narsani olib ketishning yomon joyi yo‘q, desa-chi? Yosh bola yolg‘on gapirsa yoki o‘g‘rilik qilsa, yaxshi bo‘ladimi? ~

Esingizda bo‘lsa, bir marta shoh Navuxadnazar hammaga, o‘zi o‘rnatgan oltin haykalga sajda qilishni buyurgan edi. Shadrax, Meshax va Abednaxu esa shohning buyrug‘ini bajarishdan bosh tortishdi. Bilasizmi, nima uchun? ~ Chunki Muqaddas Kitobda, odamlar faqat Yahovaga topinishlari kerak, deyilgan (Chiqish 20:3; Matto 4:10).

Butrus Kayafaga nima deyapti?

Isoning o‘limidan so‘ng, havoriylarni Oliy mahkamaga, ya’ni yahudiylarning eng katta diniy sudiga olib kelishdi. O‘shanda oliy ruhoniy Kayafa shunday degan edi: «Biz sizlarga Isoning nomini tilga olib, boshqa ta’lim bermanglar, deb taqiqlagandik. Sizlar esa ta’limotlaring bilan butun Quddusni to‘ldirib yubordingiz». Nima uchun havoriylar Oliy mahkamaga bo‘ysunishmadi? ~ Butrus hamma havoriylarning nomidan Kayafaga shunday javob qaytardi: «Biz odamlardan ko‘ra Sarvari Olamga ko‘proq bo‘ysunishimiz kerak» (Havoriylar 5:27–29).

O‘sha vaqtdagi yahudiy din rahbarlari katta hokimiyatga ega bo‘lishgan. Ammo ularning davlati Rim hukumati boshqaruvi ostida edi. Yahudiylar Rim podshohiga bo‘ysunishni xohlashmasdi. Shunga qaramay, Rim hukumati xalq uchun ko‘pgina foydali ishlar qilardi. Hozirgi hukumatlar ham o‘z fuqarolari uchun ko‘p foydali ishlar qilishadi. Bilasizmi, qanaqa ishlar? ~

Hukumat bizni o‘ylab ravon yo‘llar quradi, xavfsizligimiz uchun militsiya va yong‘in o‘chiruvchilarga pul to‘laydi. Yana, bolalar uchun maktablar, qariyalar uchun shifoxonalar tashkil etadi. Bu ishlarga ko‘p pul sarflanadi. Hukumat pulni qayerdan oladi, bilasizmi? ~ Xalqdan. Xalq hukumatga to‘laydigan pul esa soliq, deb nomlanadi.

Ulug‘ Ustozimiz yer yuzida yashagan vaqtda, aksariyat yahudiylar Rim hukumatiga soliq to‘lashdan bosh tortishardi. Kunlarning birida ruhoniylar Isoning oldiga odam yuborib, uni noqulay ahvolga solish niyatida bir savol berishdi. Ular Isodan: «Podshohga soliq to‘lash kerakmi yoki yo‘qmi?» — deb so‘rashdi. Ular bu savolni bekordan-bekorga berishmagan. Agar Iso: «Ha, soliq to‘lashingiz shart»,— deganida, aksariyat yahudiylarning g‘ashi kelardi. Lekin Iso: «Yo‘q, to‘lamasligingiz kerak»,— ham deya olmasdi. Chunki bu yolg‘on bo‘lardi.

Xo‘sh, Iso nima qildi? U shunday dedi: «Qani, menga tangani ko‘rsatinglar-chi». Unga tangani ko‘rsatishganida, Iso ulardan: «Bu tangadagi surat va ism kimniki?» — deb so‘radi. Ular esa: «Podshohniki»,— deya javob qaytarishdi. Shunda Iso ularga: «Unda podshohning haqini podshohga, Xudoning haqini Xudoga beringlar»,— deb aytdi (Luqo 20:19–26).

Bu odamlar Isoni noqulay ahvolga solmoqchi bo‘lishganda, u qanday javob bergan?

Bunday javobga hech kim e’tiroz bildira olmasdi. Agar podshoh xalqqa g‘amxo‘rlik qilayotgan bo‘lsa, bu uchun unga o‘zi chiqarayotgan pulni qaytarish adolatdandir. Shunday qilib Iso, hukumatga biz uchun qilayotgan ishlari evaziga soliq to‘lash muhimligini ko‘rsatdi.

Ehtimol, siz soliq to‘lash uchun hali voyaga yetmagandirsiz. Biroq hukumat oldida sizning ham majburiyatingiz bor. Qanaqa majburiyat ekan, bilasizmi? ~ Hukumat qonunlariga bo‘ysunish majburiyati. Muqaddas Kitobda: «Hukmron hokimiyatga bo‘ysuninglar»,— deb aytilgan. Hukmron hokimiyat — bu, boshqarish huquqiga ega bo‘lgan kishilarni anglatadi. Ha, hukumat qonunlariga bo‘ysunishni bizdan Xudoning O‘zi talab qilyapti (Rimliklarga 13:1, 2).

Masalan, ko‘chada yerga qog‘oz yoki axlat tashlashni taqiqlaydigan qonun bor, deylik. Siz bu qonunga bo‘ysunasizmi? ~ Albatta, chunki bunday qilishingizni Xudo xohlayapti. Militsiyaga-chi, quloq solishingiz kerakmi? ~ Axir, bizni himoya qilishi va tartibni saqlashi uchun hukumat militsiyaga pul to‘laydi-ku. Militsiyaga quloq solish, hukumatga bo‘ysunish bilan barobardir.

Tasavvur qiling: siz yo‘ldan o‘tmoqchi bo‘lyapsiz, ammo militsiya xodimi sizga: «To‘xtang!» — deyapti. Shunda siz nima qilasiz? ~ Boshqalar unga quloq solmay, chopib yo‘ldan o‘tishsa, siz ham ularning orqasidan yugurib ketasizmi? ~ Boshqalar unga bo‘ysunmasa ham, siz bo‘ysunishingiz zarur. Chunki buni sizdan Xudo talab qilyapti.

Ehtimol, ko‘chada biron-bir hodisa yuz bergani uchun militsiya xodimi: «Hamma uy-uyiga tarqalsin! Ko‘chaga chiqa ko‘rmanglar!» — deyayotgandir. Har tarafdan baqir-chaqir, qiy-chuv ovozlari eshitilyapti. Siz esa qiziqib, nima bo‘lganini bilishni xohlayapsiz. Xo‘sh, ko‘chaga chiqib, tomosha qilsangiz, to‘g‘ri bo‘ladimi? ~ Bu bilan «hukmron hokimiyatga» bo‘ysunayotgan bo‘lasizmi? ~

Odatda hukumat maktablar qurdiradi, o‘qituvchilarga ish haqini to‘laydi. Nima deb o‘ylaysiz, Xudo o‘qituvchiga bo‘ysunishingizni xohlaydimi? ~ Bir o‘ylab ko‘ring-da. Hukumat, xalqni himoya qilayotgani uchun militsiyaga haq to‘laganidek, bolalarni o‘qitayotgani uchun o‘qituvchiga pul beradi. Shunday ekan, militsiyaga yoki o‘qituvchiga quloq solish, hukumatga bo‘ysunish bilan barobardir.

Nima uchun biz militsiyaga bo‘ysunishimiz kerak?

Lekin o‘qituvchi sizga biron-bir suratga sajda qilishni buyursa-chi? Shunda nima qilasiz? ~ Hatto shoh Navuxadnazarning o‘zi haykalga sajda qilishni buyurgan bo‘lsa ham, uchta ibroniy yigit unga bo‘ysunmagan. Buning sababi esingizdami? ~ Chunki ular Xudoga itoatsiz bo‘lib qolishni xohlashmagan.

Tarixchi Uill Dyurant yozishicha, ilk masihiylar birinchi navbatda podshohga sadoqatli bo‘lish kerak, deb hisoblashmagan ekan. Ha, ular Yahovaga sadoqatli bo‘lishgan! Shuning uchun, Xudo hayotimizda birinchi o‘rinni egallashi kerakligini doimo yodda tuting.

Biz hukumatga bo‘ysunamiz, zero buni bizdan Xudo talab qiladi. Ammo hukumat bizga Xudoga ma’qul kelmaydigan ishni buyursa-chi? U holda biz havoriylarning oliy ruhoniyga aytgan shu so‘zlarini qaytaramiz: «Biz odamlardan ko‘ra Sarvari Olamga ko‘proq bo‘ysunishimiz kerak» (Havoriylar 5:29).

Muqaddas Kitob bizga qonunlarni hurmat qilishni o‘rgatyapti. Mana bu oyatlarda nima deb yozilganini o‘qib chiqing: Matto 5:41; Titusga 3:1 va 1 Butrus 2:12–14.