Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

36- BOB

Kimlar tiriladi? Ular qayerda yashaydi?

Kimlar tiriladi? Ular qayerda yashaydi?

OLDINGI ikkita bobdan tirilgan insonlar haqida o‘qigan edik. Esingizdami, ular necha kishi edi? ~ To‘g‘ri, besh kishi edi. Ular qatorida nechta bola bo‘lgan? ~ Uchta. To‘rtinchisi esa yigit edi. Bundan qanday xulosa chiqarishimiz mumkin? ~

Ha, Xudo bolalarni juda sevar ekan. Ammo U boshqa kishilarni ham tiriltiradi. Xo‘sh, Xudo faqat yaxshilik qilganlarni tiriltiradimi? ~ Shunday deb o‘ylashimiz mumkin. Biroq, ko‘p insonlar hech qachon Yahova va Uning O‘g‘li to‘g‘risida haqiqatni bilishmagan. Ular noto‘g‘ri narsalarga o‘rganishgani uchun yomon ishlar qilishgan. Nima deb o‘ylaysiz, Yahova bunday odamlarni tiriltiradimi? ~

Muqaddas Kitobda: «Adolatli odamlar ham, adolatsizlar ham tiriladi»,— deb aytilgan (Havoriylar 24:15). Nima uchun adolatsiz, ya’ni yaxshilik qilmagan odamlar tiriladi? ~ Chunki ular hech qachon Yahovaning odamlardan nima talab qilayotganini bilishmagan.

Nima uchun Xudo adolatsizlarni ham tiriltiradi?

Qachon tirilish bo‘ladi, nima deb o‘ylaysiz? ~ Yodingizda bo‘lsa, Lazar o‘lganda Iso uning opasi Martaga: «Ukangiz tiriladi»,— degandi. Marta esa: «Bilaman, oxirgi kunda, o‘lganlar hayotga qaytgan paytda tiriladi»,— deb aytgandi (Yuhanno 11:23, 24). Marta «oxirgi kunda» deganda nimani nazarda tutgan edi? ~

Iso bu kishiga va’da qilgan Jannat qayerda bo‘ladi?

U Isoning mana bu va’dasini eshitgan: «Mozorlarda bo‘lgan hamma chiqadi» (Yuhanno 5:28, 29). Shunday qilib «oxirgi kunda» Xudoning xotirasida bo‘lgan odamlar tiriladi. Bu oxirgi kun 24 soat davom etmaydi. Bu kun ming yil davom etadi. Muqaddas Kitobda aytilishicha, ushbu kunda Xudo butun yer yuzida yashovchi odamlarni hukm qiladi. Ularning orasida tirilganlar ham bo‘ladi (Havoriylar 17:31; 2 Butrus 3:8).

Bir o‘ylab ko‘ring, bu kun naqadar ajoyib bo‘ladi! Ming yil davom etadigan bu kunda millionlab o‘lgan insonlar hayotga qaytadi. Bu insonlar yashaydigan joyni Iso Jannat, deb nomlagan. Keling, Jannat qayerda va qanday bo‘lishini ko‘ramiz.

Iso o‘limidan uch soat oldin yonidagi azob ustuniga mixlangan kishiga Jannat haqida aytib bergan. Bu kishini, sodir etgan og‘ir jinoyati uchun o‘limga hukm qilishgan edi. Biroq bu jinoyatchi Isoning qanday inson ekanini ko‘rib, u haqidagi gaplarni eshitganidan keyin unga ishondi. U Isoga: «Shoh bo‘lganingizda meni eslang»,— dedi. Iso unga: «Bugunning o‘zida senga aytyapmanki, sen men bilan birga Jannatda bo‘lasan»,— deb aytdi (Luqo 23:42, 43).

Biz Jannatni qanday tasavvur qilishimiz kerak?

Isoning bu so‘zlari nimani anglatadi? Jannat o‘zi qayerda? ~ Keling, o‘ylab ko‘ramiz. Jannat oldin qayerda bo‘lgan? ~ Esingizda bo‘lsa, Xudo Odamato bilan Momohavoni yer yuzidagi jannatda joylashtirgan edi. Bu joy Adan bog‘i deb atalgan. Ushbu bog‘da ko‘p jonivorlar bo‘lib, ular hech kimga zarar yetkazmasdi. U yerda ko‘pgina mevali daraxtlar o‘sardi hamda katta daryo oqib o‘tardi. Adan bog‘i yashash uchun eng zo‘r joy edi! (Ibtido 2:8–10).

O‘sha jinoyatchining Jannatga kirishi haqida o‘qiganimizda, yer yuzi ajoyib bir boqqa aylanishini tasavvur qilishimiz mumkin. Iso o‘tmishda jinoyatchi bo‘lgan o‘sha kishi bilan birga yer yuzida, Jannatda yashaydimi? ~ Yo‘q. Sababini bilasizmi? ~

Chunki Iso osmonda Shoh bo‘lib, yer yuzidagi Jannatni boshqaradi. Demak, Iso o‘sha kishi bilan Jannatda bo‘lishi, uni tiriltirib g‘amxo‘rlik qilishini anglatadi. Biroq, nega Iso o‘tmishda jinoyatchi bo‘lgan o‘sha kishiga Jannatda yashashga ruxsat beradi? ~ Keling, ko‘rib chiqaylik.

O‘sha jinoyatchi Iso bilan gaplashishdan oldin Xudoning niyati haqida bilganmidi? ~ Yo‘q. U Xudo to‘g‘risida haqiqatni bilmagani uchun yomon ishlar qilgan. Jannatda esa u Xudoning niyatlari haqida bilib oladi. O‘shanda u Xudoni sevishini va Uning irodasiga muvofiq yashashini isbotlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Hamma tirilganlar yer yuzidagi Jannatda yashaydimi? ~ Yo‘q. Bilasizmi nimaga? ~ Chunki ulardan ba’zilari Iso bilan osmonda yashash uchun tiriladi. Ular Iso bilan birgalikda shoh bo‘lib yer yuzidagi Jannatni boshqarishadi. Buni qayerdan bilamiz, keling ko‘rib chiqamiz.

Iso o‘limidan oldingi kechada shogirdlariga shunday degan: «Osmondagi Otamning uyida yashash uchun joy ko‘p. Men sizlarga joy tayyorlagani ketyapman». Keyin Iso ularga quyidagicha va’da bergan: «Sizlar ham mening yonimda bo‘lishingiz uchun qaytib kelib, sizlarni olib ketaman» (Yuhanno 14:2, 3).

Iso tirilganidan so‘ng qayerga borgan? ~ Ha, u osmonga, Otasining yoniga qaytib ketgan (Yuhanno 17:4, 5). Shunday qilib, Iso havoriylariga va boshqa shogirdlariga, o‘zi bilan birgalikda osmonda bo‘lishlari uchun ularni tiriltirishini va’da qilgan. Ular u yerda nima qilishadi? ~ Muqaddas Kitobda aytilishicha, «birinchi tirilishda» ishtirok etgan shogirdlari osmonda yashaydi. Ular Iso bilan birgalikda yer yuzi ustidan ming yil shohlik qilishadi (Vahiy 5:10; 20:6; 2 Timo‘tiyga 2:12).

«Birinchi tirilishda» qancha odam ishtirok etadi va Iso bilan birgalikda shoh bo‘ladi? ~ Iso havoriylariga shunday degandi: «Qo‘rqma, ey kichik poda, chunki samoviy Otangiz sizlarga Shohlikni berishni ma’qul ko‘rdi» (Luqo 12:32). Osmonda Iso bilan birga shohlik qilish uchun tiriladigan bu kichik podaning soni aniq. Muqaddas Kitobga binoan, yer yuzidan 144 000 kishi olinib, osmonda yashash uchun tiriltiriladi (Vahiy 14:1, 3).

Tirilganlar qayerda yashaydi va ular u yerda nima qilishadi?

Yer yuzidagi Jannatda qancha odam yashaydi? ~ Muqaddas Kitobda bu haqda hech narsa aytilmagan. Biroq, Odamato va Momohavo Adan bog‘ida bo‘lganida, Xudo ularga ko‘payib yer yuzini to‘lg‘azishlarini aytgan edi. Ular bu vazifani bajara olishmadi. Lekin Xudo yerga nisbatan niyatini, ya’ni yerni yaxshi insonlar bilan to‘ldirishni amalga oshiradi (Ibtido 1:28; Ishayo 45:18; 55:11).

Jannatda yashash qanchalar ajoyib bo‘lishini bir o‘ylab ko‘ring-a! Butun yer yuzi go‘zal boqqa aylanadi. Bu bog‘da qushlar, hayvonlar, chiroyli daraxtlar va turli-tuman gullar mo‘l bo‘ladi. Boshqa hech kim kasallik va o‘limdan azob chekmaydi. Hamma bir-biri bilan do‘st bo‘ladi. Agar biz Jannatda abadiy yashashni istasak, unda hozirdanoq tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak.

Xudoning yerga nisbatan niyatlari haqida ko‘proq bilish uchun Hikmatlar 2:21, 22; Voiz 1:4; Ishayo 2:4; 11:6–9; 35:5, 6 va 65:21–24- oyatlarini o‘qing.