Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

31- BOB

Qayerdan tasalli topish mumkin?

Qayerdan tasalli topish mumkin?

SIZ o‘zingizni xafa yoki yolg‘iz his etganmisiz? ~ Hech kim sizni sevmayotganday bo‘lib tuyulganmi? ~ Ba’zi bolalarda bunday tuyg‘ular bo‘lib turadi. Lekin Xudo: «Men seni aslo unutmayman!» — deb va’da beryapti (Ishayo 49:15). Buni bilish qanday ajoyib, shunday emasmi? ~ Ha, Tangri Yahova bizni juda sevadi!

Sizningcha, bu qo‘zichoq nimani his etyapti?

Muqaddas Kitob yozuvchilaridan biri mana bunday degan: «Ota-onam meni tark etsa hatto, Ey Egam, Sen meni qabul qilasan» (Zabur 26:10). Bu fikr bizga chindan ham tasalli beradi, to‘g‘rimi? ~ Axir, Yahovaning O‘zi: «Qo‘rqma, Men sen bilan birgaman... O‘zim yordamga kelaman»,— deb aytyapti (Ishayo 41:10).

Ammo ba’zida Yahova, Shaytonning bizni qiynashiga yo‘l qo‘yadi. Yahova hatto Shaytonga Uning xizmatchilarini sinashiga ruxsat beradi. Bir marta Iblis Isoga shunday azob berganki, u dod solib Yahovaga: «Allohim, Allohim, nega meni tashlab qo‘yding?» — degan (Matto 27:46). Iso azob chekkan bo‘lsa ham, Yahova uni sevishiga hech qachon shubha qilmagan (Yuhanno 10:17). Biroq Iso shuni ham bilar ediki, Xudo Shaytonga O‘zining xizmatchilarini sinab, ularga azob berishiga yo‘l qo‘yyapti. Nima uchun Xudo Shaytonning bunday qilishiga ruxsat berayotganini biz boshqa bir bobda muhokama qilamiz.

Kichkina bolalar ko‘p narsadan qo‘rqishadi. Masalan, siz biror marta yo‘qolib qolganmisiz? ~ O‘shanda qo‘rqqanmisiz? ~ Bunday vaziyatda ko‘p bolalarni qo‘rquv bosadi. Ulug‘ Ustozimiz bir marta kimningdir yo‘qolib qolganligi haqida hikoya aytib bergan. Lekin bu biron-bir bola emasdi. Bu qo‘zichoq edi.

Qaysidir jihatdan siz ham qo‘zichoqqa o‘xshaysiz. Qanaqasiga? Qo‘zichoqlar kichkina, kuchsiz bo‘lishadi. Birov ularga g‘amxo‘rlik qilib, himoyalashiga muhtoj bo‘lishadi. Qo‘ylarga g‘amxo‘rlik qiladigan insonni cho‘pon deyishadi.

Bir kuni Iso, yuzta qo‘yi bor bo‘lgan cho‘pon haqida hikoya aytib berdi. O‘sha cho‘ponning qo‘ylaridan biri yo‘qolib qolibdi. Ehtimol, u tepalikning narigi tomonida nima borligini ko‘rmoqchi bo‘lgandir. Ammo ko‘p o‘tmay, u podadan uzoqlashib, adashib qolibdi. Endi tasavvur qiling, o‘sha qo‘zichoq tik qiyalikdan qarab, yakka o‘zi qolganini sezgach, o‘zini qanday his qilgan ekan? ~

Sizningcha, qo‘ylaridan biri yo‘qolganini bilib qolsa, cho‘pon nima qiladi? «E-e, bu qo‘y o‘zi aybdor. Podadan ayrilmasligi kerak edi-da. Endi u bilan ishim yo‘q»,— deb o‘ylaydimi? Yoki u 99 ta qo‘yini bexatar joyda qoldirib, yo‘qolganini izlab ketadimi? Bitta qo‘y uchun shuncha urinish arziydimi? ~ Agar siz o‘sha qo‘zichoqning o‘rnida bo‘lganingizda, cho‘pon sizni axtarishini xohlarmidingiz? ~

Kim qo‘zichog‘ini qutqargan cho‘ponga o‘xshaydi?

Cho‘pon hamma qo‘ylarini, hatto yo‘qolib qolganini ham rosa yaxshi ko‘rardi. Shuning uchun u qo‘zichog‘ini axtargani chiqibdi. Qo‘zichoq cho‘ponni ko‘rganda qanchalik sevinganini bir tasavvur qiling-a! Isoning aytishicha, cho‘pon ham qo‘zichog‘ini topgach behad quvonibdi. U yo‘qolmagan 99 ta qo‘yi uchun ham shunchalik quvonmagan ekan. Xo‘sh, Isoning hikoyasidagi cho‘pon bizga kimni eslatadi? Kim bizga qo‘ylariga g‘amxo‘rlik qilayotgan cho‘pondek qaraydi? ~ Isoning aytishicha, bu uning osmondagi Otasi — Yahovadir.

Tangri Yahova O‘z xalqining Ulug‘ Cho‘ponidir. U O‘zining hamma xizmatchilarini, jumladan, sizdek kichkintoylarni ham yaxshi ko‘radi. Yahova bizning azob chekishimizni yoki halok bo‘lishimizni xohlamaydi. Xudo bizni shunchalik avaylayotganini bilish naqadar zo‘r-a?! (Matto 18:12–14).

Siz Yahovani xuddi o‘z otangizdek yoki sizga g‘amxo‘rlik qilayotgan kishidek tasavvur qila olasizmi?

Siz Tangri Yahovaga chindan ham ishonasizmi? ~ Uni xuddi o‘z otangizdek yoki sizga g‘amxo‘rlik qilayotgan kishidek tasavvur qila olasizmi? ~ To‘g‘ri, biz Yahovani ko‘ra olmaymiz. U ruhiy shaxs bo‘lgani uchun, Uning tanasi bizning ko‘zimizga ko‘rinmaydi. Biroq U chindan ham bor shaxs va bizni ko‘rib turibdi. Bizga yordam kerak bo‘lganda ham U buni biladi. Biz Unga ibodatda go‘yo biron-bir kishi bilan gaplashganday murojaat qilishimiz mumkin. Buni bizga Yahovaning O‘zi taklif qilyapti.

Demak, o‘zingizni xafa yoki yolg‘iz his etganingizda nima qilishingiz kerak? ~ Bu haqda Yahovaga aytib bering. Unga yaqinlashing, o‘shanda U sizga tasalli berib, yordam qiladi. Unutmang, siz o‘zingizni yolg‘iz his etganingizda ham Yahova sizni sevadi. Keling, Muqaddas Kitobimizni ochib, Zaburning 22- sanosini o‘qib chiqaylik. 1- oyatdan boshlab, shunday deyilgan: «Yahova mening Cho‘ponimdir. Men hech narsaga muhtoj bo‘lmayman. U meni yam-yashil yaylovlarda yotqizar; orombaxsh suvlar bo‘ylab meni yetaklab borar».

O‘sha sanoning 4- oyatida nima deyilganiga e’tibor bering: «Hatto zulmat vodiysida yursam ham, xavf-xatardan qo‘rqmayman, axir, Sen men bilan birgasan; Sening tayog‘ing va xiviching menga tasalli beradi». Ha, Tangri Yahovaning xizmatchilari o‘zlarini ana shunday his qilishadi. Ular qiyin ahvolga tushganda tasalli topishadi. Siz ham o‘zingizni shunday his etasizmi? ~

Yahova O‘zining xizmatchilariga xuddi mehribon cho‘pondek g‘amxo‘rlik qiladi. Yahova ularni to‘g‘ri yo‘ldan yetaklab borgani uchun, ular xursand bo‘lib, Uning ortidan ergashib ketishadi. Bu yo‘lda qiyinchiliklarga duchor bo‘lishsa ham, ular qo‘rqmasligi kerak. Cho‘pon qo‘ylarni yovvoyi hayvonlardan himoyalash uchun doimo yonida tayoq olib yuradi. Muqaddas Kitobda, qo‘ylarini sher va ayiqdan himoya qilgan Dovud ismli yosh bir cho‘pon haqida yozilgan (1 Shohlar 17:34–36). Shuning uchun Xudoning xalqi, Yahova ularni himoya qilishiga amin. Xudo ular bilan birga bo‘lgani uchun ular o‘zlarini bexatar his qilishadi.

Kim bizga qiyinchilik paytida dovyurak cho‘pondek yordam bera oladi?

Yahova chindan ham qo‘zichoqlarini sevadi va ularga mehr ila g‘amxo‘rlik qiladi. Bu haqda Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Cho‘pon kabi U O‘z suruvini boqadi. Qo‘zilarni qo‘llarida ko‘taradi. Ularni ko‘tarib, bag‘riga bosadi» (Ishayo 40:11).

Tangrimiz Yahova shunday mehribon ekanini bilish nahotki tasalli bermasa? ~ Siz ham Uning qo‘zichog‘i bo‘lishni xohlaysizmi? ~ Qo‘ylar cho‘ponning ovozini tinglashadi. Ular cho‘pondan uzoqlashishmaydi. Siz ham Yahovaga quloq solyapsizmi? ~ Unga yaqinlashyapsizmi? ~ Unday bo‘lsa, hech narsadan qo‘rqishingizga hojat yo‘q. Yahova siz bilan birga bo‘ladi.

Yahova O‘zining xizmatchilariga mehr ila g‘amxo‘rlik qiladi. Keling, bu haqda Muqaddas Kitobda nima deyilganini o‘qib chiqaylik: Zabur 36:25; 54:23 va Luqo 12:29–31.