Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

40- BOB

Xudoni qanday xursand qila olamiz?

Xudoni qanday xursand qila olamiz?

XUDONI qanday xursand qilishimiz mumkin? Biz Unga nimadir bera olamizmi? ~ Yahova shunday deb aytmoqda: «Menikidir o‘rmondagi jamiki hayvon». Shuningdek, U: «Kumush Meniki oltin ham Menikidir»,— deb aytmoqda (Zabur 23:1; 49:10; Xaggey 2:8). Biroq biz Yahovaga bir narsa bera olamiz. Bu nima ekan, bilasizmi? ~

Yahova, Unga xizmat qilish-qilmaslikni o‘zimiz tanlashimizga yo‘l qo‘yyapti. U bizni O‘z irodasini bajarishga majburlamayapti. Keling, buning sababini bilib olaylik.

Siz robot nimaligini bilsangiz kerak. Robot, uni yasagan odamning xohishini bajaradigan bir mashinadir. Robotning o‘zi nima qilish-qilmaslikni hal qila olmaydi. Yahova bizlarni robot kabi yaratishi mumkin edi. Shunda biz hamma narsani faqat U xohlaganidek qilgan bo‘lardik. Biroq, Xudo bunday qilmadi. Bilasizmi, nimaga? ~ Shunday o‘yinchoq-robotlar borki, tugmachasini bossangiz, u harakatga kelib turli buyruqlarni bajaradi. Siz qachondir shunday o‘yinchoqlarni ko‘rganmisiz? ~ Odatda bunday o‘yinchoqlar tez jonga tegadi. Ular nuqul o‘sha-o‘sha harakatni takrorlayveradi. Xudo esa biz Unga robot kabi xizmat qilishimizni xohlamaydi. Yahova, biz Uni sevganimiz va Unga quloq solishni istaganimiz uchun xizmat qilishimizni xohlaydi.

Nima uchun Yahova bizlarni bu robot kabi yaratmadi?

Nima deb o‘ylaysiz, samoviy Otamizga o‘z xohishimiz bilan bo‘ysunsak, U nimani his qiladi? ~ Ayting-chi, sizning xulq-atvoringiz ota-onangizga qanday ta’sir qiladi? ~ Muqaddas Kitobda: «Dono farzand otaga shodlik keltiradi, nodon farzand esa onaga qayg‘u»,— deb yozilgan (Hikmatlar 10:1). Ota-onangizning aytganini qilganingizda, ular juda xursand bo‘lishganiga e’tibor berganmisiz? ~ Ammo siz ularga quloq solmasangiz, ular nimani his qilishadi? ~

Qanday qilib Yahovani hamda ota-onangizni xursand qila olasiz?

Endi keling, samoviy Otamiz Yahova haqida o‘ylab ko‘ramiz. U bizga Uni qanday xursand qilishimiz mumkinligini aytyapti. Marhamat, Muqaddas Kitobingizni olib, Hikmatlar 27- bob, 11- oyatni oching. Bu oyatda Xudo bizga shunday deyapti: «Ey, o‘g‘lim [yoki qizim], dono bo‘l, qalbimni quvontir, shunda birov meni tanqid qilsa ham, javob qaytara olaman». Kimnidir tanqid qilish nimani anglatadi, bilasizmi? ~ Bu, odam aytganlarining uddasidan chiqa olmaydi, deb mazax qilishni anglatadi. Shayton Yahovani nima deb tanqid qilgan? ~ Keling, ko‘rib chiqamiz.

Yodingizda bo‘lsa, ushbu kitobning 8- bobida, Shayton birinchi bo‘lishni istagani va hamma unga topinishini xohlab qolgani haqida bilib olgandik. Uning aytishicha, Yahova odamlarga abadiy hayot beraman, degani uchungina ular Unga topinyaptilar. Keyin Shayton Odamato bilan Momohavoni Xudoga itoatsizlik qilishga undab, Yahovaga tuhmat qildi. U Xudoga mana bunday dedi: «Odamlar Senga o‘z foydasini ko‘zlab xizmat qilyaptilar. Menga imkoniyat bersang, shunday qilamanki, hamma Sendan yuz o‘giradi».

Odamato va Momohavo gunoh qilishganida, Shayton Yahovaga qanday tuhmat qildi?

Muqaddas Kitobda aynan shunday yozilmagan. Lekin Ayub haqida o‘qiganimizda, Shaytonning Xudoga aytgan gaplaridan shunaqa ma’no kelib chiqayotganini ko‘ramiz. Ayubning Yahovaga sodiq qolish-qolmasligini bilish Yahova uchun ham, Shayton uchun ham muhim. Keling, Muqaddas Kitobdan Ayub 1-, 2- boblarini o‘qib, nima bo‘lganini bilib olaylik.

Ayub kitobining 1- bobida Yahovaning oldiga farishtalar yig‘ilganda, Shayton ham o‘sha yerda bo‘lgani haqida yozilgan. Yahova Shaytondan: «Qaerdan kelyapsan?» — deb so‘radi. Shayton: «Yer yuzining u yog‘idan bu yog‘iga yurib, aylanib chiqdim»,— deb aytdi. Shunda Yahova unga: «Ayubga e’tibor berdingmi? U Menga xizmat qilib, hech qanday yomon ishga qo‘l urmaydi»,— dedi (Ayub 1:6–8).

Shayton darrov bahona topib: «Ayub umuman qiyinchilik ko‘rmagani uchun Senga topinadi. Sen uni himoyalamay, barakalamay qo‘ysang, u Seni la’natlaydi»,— dedi. Yahova esa: «Bo‘pti, Ayubning nimasi bo‘lsa, sening qo‘lingda, faqat o‘ziga tegma!» — dedi (Ayub 1:9–12).

Shayton nima qildi, bilasizmi? ~ U shunday qildiki, o‘g‘rilar Ayubning qoramol va eshaklarini o‘g‘irlab, xizmatkorlarini o‘ldirib ketishdi. Keyin uning hamma qo‘yu cho‘ponlarini yashin urdi. Ayubning tuyalarini o‘g‘irlab, tuyaboqarlarni esa o‘ldirib ketishdi. Shayton kuchli bo‘ron ko‘tardi, natijada Ayubning o‘nta farzandi yig‘ilgan uy qulab tushib, hamma bolalari o‘ldi. Lekin bu ko‘rgiliklarga qaramay, Ayub Yahovaga sodiq qoldi (Ayub 1:13–22).

Shayton Yahovaning oldiga yana kelganida, Yahova uning e’tiborini Ayubning sadoqatiga qaratdi. Biroq Shayton yana bahona topib, shunday dedi: «Menga uning jonini og‘ritishga ruxsat etsang bas, u seni la’natlaydi». Shunda Yahova Shaytonga: «Mayli, unga zarar keltirishing mumkin, ammo uni o‘ldirib qo‘yma»,— dedi.

Ayub nimalarni boshdan kechirdi? Nega uning xatti-harakati Xudoni quvontirdi?

Shayton Ayubni og‘ir kasallikka yo‘liqtirdi. Uning tanasiga yaralar toshib, shunday yomon hid chiqara boshladiki, hech kim uning yoniga yaqinlashgisi kelmasdi. Hatto xotini ham unga: «Xudoni la’natlang-da, o‘lib qo‘ya qoling!» — deb aytdi. Bir kuni o‘zini do‘st qilib ko‘rsatgan odamlar Ayubning yoniga kelishdi. Ular, Ayub bu qiyinchiliklarga bekordan duch kelmayapti, balki oldin qilgan noto‘g‘ri ishlari uchun jazo olyapti, deb aytishdi. Shayton Ayubga azob va zarar keltirganiga qaramay, Ayub Yahovaga sodiq qoldi (Ayub 2:1–13; 7:5; 19:13–20).

Nima deb o‘ylaysiz, Ayubning sadoqatini ko‘rib, Yahova nimani his qilgan? ~ Bu Yahovani rosa quvontirgan. Shuning uchun U Shaytonga shunday dedi: «Ayubga qara! U menga o‘z xohishi bilan xizmat qilyapti». Siz ham Ayub kabi Xudoga sodiq qolib, Shaytonning yolg‘onchi ekanini isbotlaysizmi? ~ Shunday yo‘l tutsangiz, Yahova siz bilan faxrlanadi. Axir bu katta sharaf-ku! Chunki Shayton hammani Yahovadan yuz o‘girishga undayman, degandi. Siz esa uning yolg‘onchi ekanini isbotlagan bo‘lasiz. Shubhasizki, Iso ham buni sharaf deb bilgan.

Ulug‘ Ustozimiz hech qachon Shaytonning uni qandaydir noto‘g‘ri yo‘l tutishga undashiga yo‘l qo‘ymasdi. Uning Otasi qanchalik quvonganini bir tasavvur qilib ko‘ring! Yahova Isoga ishora qilib, Shaytonga shunday deyishi mumkin edi: «O‘g‘limga qara! U Meni sevgani uchun oxirigacha sodiq qoldi!» Iso ham Otasini xursand qilganidan rosa quvongan. Bu quvonch uni hatto azob ustunidagi o‘limga chidashiga yordam bergan (Ibroniylarga 12:2).

Siz ham Ulug‘ Ustozimizga o‘xshab, Yahovani xursand qilishni istaysizmi? ~ Unda Yahova bizdan nima istayotganini o‘rganishda davom eting va shunday yo‘l tutib, Uni quvontiring!

Iso Xudoni quvontirish uchun nima qilgan va biz ham nima qilishimiz kerakligi haqida quyidagi oyatlardan o‘qing: Hikmatlar 23:22–25; Yuhanno 5:30; 6:38; 8:28 va 2 Yuhanno 4.