Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

4- BOB

Xudoning ismi bor

Xudoning ismi bor

SIZ birontasi bilan tanishayotib, birinchi bo‘lib undan nimani so‘raysiz? ~ To‘g‘ri, uning ismini. Hammamizning ismimiz bor. Xudo yer yuzidagi birinchi insonga Odam degan ism bergan. Uning xotiniga esa Havo degan ism qo‘yilgan. Ular insoniyatning ota-onasi bo‘lgani uchun Odamato va Momohavo deb ataladi.

Biroq, ism faqatgina insonlarga qo‘yilmaydi. Yana kimga yoki nimaga ism qo‘yilishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘ring-chi. Kimdir sizga qo‘g‘irchoq yoki kuchukcha sovg‘a qilsa, siz unga ism qo‘yasiz, to‘g‘rimi? ~ Ha, ismga ega bo‘lish juda muhim.

Kechasi osmonga qarasangiz, ko‘pgina yulduzlarni ko‘rasiz. Nima deb o‘ylaysiz, ularning ham ismlari bormi? ~ Albatta, Xudo har bitta yulduzchaga ism bergan. Muqaddas Kitobda aytilishicha, Xudo «yulduzlarning sonini aniqlab chiqadi, ularning hammasiga nom beradi» (Zabur 146:4).

Siz har bir yulduzning ismi borligini bilarmidingiz?

Sizningcha, butun olamda eng katta shaxs kim? ~ Barakalla, bu Xudodir. Qiziq, Uning ham ismi bormikan? ~ Bo‘lmasam-chi! Bir marta Iso ibodat qilib, Xudoning ismi borligini aytgan. U: «Men Sening ismingni shogirdlarimga aytdim»,— degan (Yuhanno 17:26). Xudoning ismi nima ekan, bilasizmi? ~ Buni bizga Xudoning O‘zi ochib bergan. U shunday degan: «Men Yahovaman. Bu mening ismimdir». Demak, Xudoning ismi YAHOVA ekan (Ishayo 42:8, YADT).

Birov sizning ismingizni esda tutsa, xursand bo‘lasizmi? ~ Albatta xursand bo‘lasiz, to‘g‘rimi? ~ Yahova ham, odamlar Uning ismini bilishlarini xohlaydi. Shuning uchun, biz Xudo to‘g‘risida gapirganimizda, Uning ismini aytishimiz kerak. Ulug‘ Ustoz ham odamlarga Xudo haqida gapirganda, doim Uning ismini aytardi. Bir marta Iso shunday degan: «Tangring Yahovani butun qalbing bilan sev» (Mark 12:30).

Iso bilardiki, «Yahova» — bu juda muhim ismdir. Shuning uchun u shogirdlariga Xudoning ismini aytishni o‘rgatgan. U hatto ibodatda Xudoning ismini aytish kerak degan. Axir Xudo, O‘zining Yahova degan ismini hamma bilib olishini xohlagan va Iso buni yaxshi tushungan.

Bir vaqtlar Xudo, ismining muhimligini Musoga ko‘rsatgan edi. Muso Isroil xalqidan bo‘lgan. O‘sha vaqtlarda isroilliklar Misr degan yurtda yashar edilar. Bu yurtda yashovchilar, misrliklar deb nomlanardi. Ular isroilliklarni qul qilib olib, ko‘p azob berishgan. Muso katta bo‘lgach, o‘zining xalqidan bo‘lgan bir kishiga yordam bermoqchi bo‘ldi. Bu haqda fir’avn deb atalgan Misr podshohi bilib qolib, rosa jahli chiqdi. U Musoni o‘ldirmoqchi edi! Shunda Muso Misrdan qochib ketishga majbur bo‘ldi.

Muso boshqa yurtga ketdi. Bu yurt Midiyon deb nomlanardi. O‘sha yerda u uylanib, oilasiga g‘amxo‘rlik qila boshladi. Bundan tashqari, Muso cho‘ponlik ham qilardi. Bir kuni u tog‘ yonida qo‘y boqib yurganda, ajoyib narsani ko‘rib qoldi. Muso qarasa, bir buta alangalanib turibdi-yu, yonib tugamayapti! Shunda u yaxshiroq ko‘ray, deb butaning yoniga bordi.

Keyin nima bo‘ldi, bilasizmi? ~ Muso yonayotgan butaning ichidan bir ovoz eshitdi. O‘sha ovoz: «Muso! Muso!» — deb chaqira boshladi. Qiziq, bu chaqirayotgan kim ekan? ~ Bu Xudoning ovozi edi! Xudo Musoga muhim bir topshiriq bermoqchi edi. U shunday dedi: «Men seni Misr podshohi oldiga yuboraman va sen xalqim Isroilni Misrdan olib chiqasan». Xudo bu ishda Musoga yordam berishni va’da qildi.

Muso yonayotgan buta oldida qanday muhim narsani bilib olgan?

Lekin Muso Xudoga shunday dedi: «Xo‘p, men Misrga borib, isroilliklarga: “Oldingizga meni Xudo yubordi”, deyman. Ammo ular: “Uning ismi nima?” — deb so‘rashsa, qanday javob beraman?» Shunda Xudo Musoga dedi: «Isroilliklarga: “Meni Yahova yubordi”,— deb ayt. Mening ismim toabad shunday bo‘lsin» (Chiqish 3:1–15, YADT). Bundan ko‘rinib turibdiki, Xudo O‘zining Yahova degan ismini abadiy saqlamoqchi. U ismini hech qachon o‘zgartirmaydi. Xudo, odamlar Uni doimo Yahova deb atashlarini xohlaydi.

Xudo Qizil dengiz yonida ismini qanday taniqli qildi?

Shunday qilib, Muso Misrga qaytib bordi. O‘sha davrda misrliklar Yahovani isroilliklarning kichik bir xudosi, deb o‘ylashardi. Aslida Yahova butun olamning Parvardigori ekanini ular xayoliga ham keltirishmasdi. Shu sababli, Yahova Misr podshohiga: «Men ismimni butun dunyoga tanitmoqchiman»,— dedi (Chiqish 9:16, YADT). Haqiqatan ham Yahova aytganiday qildi. Buni qanday qildi, bilasizmi? ~

Xudo Musoga isroilliklarni Misrdan chiqarishni buyurdi. Ular Qizil dengiz yoniga kelishganda, Yahova dengizni yorib, o‘rtadan yo‘l ochdi. Shunda isroilliklar quruq yerdan yurib, narigi tomonga o‘tishdi. Fir’avn esa o‘zining askarlari bilan ularning orqasidan quvib ketdi. O‘shanda devor kabi tik turgan dengiz suvlari birdan yopilib, misrliklarni cho‘ktirib yubordi va hammasi o‘ldi.

Ko‘p o‘tmay, Yahova Qizil dengizda nima qilgani haqida barcha xalqlar bilib oldi. Biz buni qayerdan bilamiz? ~ Oradan 40-yilcha o‘tib, isroilliklar Kan’on yurtiga yetib kelishdi. Yahova bu yurtni ularga berishni va’da qilgan edi. O‘sha yerda Rahoba ismli bir ayol, ikkita isroillik kishiga shunday degan edi: «Sizlar Misrdan chiqqaningizdan keyin Yahova oldingizda Qizil dengiz suvlarini quritganini biz eshitdik» (Yoshua 2:10, YADT).

Hozirgi vaqtda ko‘p odamlar o‘sha misrliklarga o‘xshashadi. Ular, Yahova butun olamning Parvardigori ekaniga ishonishmaydi. Shuning uchun Yahova, xizmatchilari U haqda boshqalarga aytib berishlarini xohlaydi. Iso aynan shunday qilardi. Yer yuzidagi hayotining oxirgi damlarida u Yahovaga ibodat qilib: «Men Sening ismingni ularga aytdim»,— degan (Yuhanno 17:26).

Iso Xudoning ismini boshqalarga aytardi. Siz Muqaddas Kitobdan Xudoning ismini ko‘rsata olasizmi?

Siz ham Iso kabi bo‘lishni xohlaysizmi? Unda boshqalarga, Xudoning ismi Yahova ekanligini ayting. Ko‘rasiz, ko‘pchilik buni bilmaydi. Sababi, Muqaddas Kitobni tarjima qilayotib, ba’zi odamlar Xudoning ismini olib qo‘yib, o‘rniga «Egamiz» deb yozishgan. Misol uchun, Chiqish 3:15- oyati va izohidagi ma’lumotga qarang. Shuningdek, Tavrot kitobining lug‘atida ham: «Ko‘p tarjimalar, jumladan, bizning tarjimamiz ham... Xudoning atoqli ismini ishlatmay, o‘sha so‘zning o‘rniga Ega so‘zining ma’nosini beradigan so‘z ishlatadi»,— deyilgan.

Yuqoridagi oyatdan nimani bilib oldik? ~ Ha, ko‘ryapmizki, Yahova — dunyodagi eng muhim ism ekan. Bu, Isoning Otasi bo‘lmish Qodir Xudoning ismidir. Bu, hamma narsani yaratgan Zotning ismidir. Esingizda bo‘lsa Iso, Xudoyimiz Yahovani butun qalbimiz bilan sevishimiz kerak, deb aytgan edi. Siz Yahovani yaxshi ko‘rasizmi? ~

Yahovani yaxshi ko‘rishimizni qanday ko‘rsata olamiz? ~ Biz U bilan yaxshiroq tanishib, do‘stlashib olishimiz kerak. Yana, Uning ismi Yahova ekanini boshqalarga aytishimiz lozim. Shuningdek, Yahovaning biz uchun qilgan ko‘pgina ajoyib ishlari va yaxshiliklari to‘g‘risida gapirib bersangiz bo‘ladi. Yahova bundan judayam xursand bo‘ladi, chunki boshqalar U haqda bilib olishlarini xohlaydi-da. Biz esa, U haqda bilganlarimizni boshqalarga aytib berishimiz mumkin, to‘g‘rimi? ~

Lekin hamma odamlar ham Yahova haqida eshitgisi kelmaydi. Hatto Ulug‘ Ustozimiz Iso Xudo to‘g‘risida gapirganda ham, ba’zilar uni tinglamagan. Ammo Iso baribir Yahova haqida gapiravergan.

Shunday ekan, biz ham Isoga o‘xshab, Yahova to‘g‘risida gapiraveraylik. Shunday qilsak, biz Yahovaning ismini yaxshi ko‘rganimizni ko‘rsatamiz. Xudoyimiz Yahova esa bundan judayam xursand bo‘ladi.

Endi keling, birgalikda Muqaddas Kitobni ochib, bir nechta oyatni o‘qiylik. Bu oyatlarda, Xudoning ismi qanchalik muhimligi ko‘rsatilgan: Ishayo 12:4, 5; Matto 6:9; Yuhanno 17:6 va Rimliklarga 10:13.