12-DARS
Allohga qanday yaqinlashishingiz mumkin?
1. Xudo barcha ibodatlarni eshitadimi?
Tangrimiz hamma millatdagi insonlarni Unga ibodat qilib, yaqinlashishga taklif etmoqda. (Zabur 65:2) Biroq U barcha ibodatlarni qabul qilavermaydi. Masalan, xotini bilan yomon munosabatda bo‘lgan kishining ibodati ijobat bo‘lmasligi mumkin. (1 Butrus 3:7) Alloh yomon ishlarni qilishda davom etgan Isroil xalqining ibodatlarini eshitishni rad etgan. Ammo U gunohini tan olib, tavba qilgan kishilarning ibodatini tinglashga tayyor. Darhaqiqat, Xudoga ibodat qilish katta sharaf ekanini yodda tutish muhim. Ishayo 1:15; 55:7 ni o‘qing.
2. Qanday ibodat qilishimiz kerak?
Ibodat topinishimizning bir qismi bo‘lgani uchun, faqat Parvardigorimiz Yahovaga ibodat qilishimiz darkor. (Matto 4:10; 6:9) Nomukammal ekanmiz, Xudoga Iso payg‘ambar orqali murojaat etishimiz kerak, chunki u gunohlarimiz uchun jonini fido qilgan. (Yuhanno 14:6) Tangri Yahova yodlangan yoki yozib olingan duolarni aytishimizni xohlamaydi. U shaxsiy fikrlarimiz hamda his-tuyg‘ularimiz bilan bo‘lishishimizni istaydi. Matto 6:7; Filippiliklarga 4:6, 7 ni o‘qing.
Yaratuvchimiz hatto ovoz chiqarmay aytilgan ibodatlarni ham eshitadi. (1 Shohlar 1:12, 13) U bizni har qanday vaziyatda, masalan, ertalab uyg‘onganda, kechqurun yotishdan oldin, ovqatlanganda hamda muammolar yuzaga kelganda ibodat qilishga undaydi. Zabur 55:22; Matto 15:36 ni o‘qing.
3. Nega biz birgalikda yig‘ilamiz?
Xudoga yaqinlashish oson emas, chunki Xudoga ishonmaydigan odamlar orasida yashayapmiz. Bunday odamlar Uning yer yuzida tinchlik bo‘lishi to‘g‘risidagi va’dasi ustidan kulishadi. (2 Timo‘tiyga 3:1, 4; 2 Butrus 3:3, 13) Shu bois imondoshlarimiz bilan muloqotda bo‘lib, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab turishimiz juda muhim. Ibroniylarga 10:24, 25 ni o‘qing.
Xudoni sevadigan kishilar bilan muloqot qilish Allohga yaqinlashishimizga yordam beradi. Yahova Shohidlarining yig‘ilishlari imonni mustahkamlashga yaxshi imkoniyat yaratadi. Rimliklarga 1:11, 12 ni o‘qing.
4. Qay yo‘sin Allohga yaqinlashishingiz mumkin?
Xudoning Kalomidan bilib olganingiz ustidan mulohaza yuritib, Tangri Yahovaga yaqinlasha olasiz. Shu bois Uning ishlari, qonunlari va niyatlari haqida fikr yuriting. Ibodat va mulohaza Xudovandning sevgisi hamda donoligi qanchalik yuksak ekanini tushunishimizga ko‘maklashadi. Yoshua 1:8; Zabur 1:1–3 ni o‘qing.
Allohga yaqinlashish uchun Unga tayanib, imonni namoyon etishingiz darkor. Imonni o‘simlikka o‘xshatsa bo‘ladi. O‘simlik o‘sishi uchun sug‘orilishga muhtoj bo‘lganidek, imonimiz mustahkam bo‘lishi uchun bilim orttirish muhim. Shu bois, e’tiqodingiz haqida chuqurroq tushunchaga ega bo‘lib, u qanchalik asosli ekanini tekshirib turishingiz kerak. Matto 4:4; Ibroniylarga 11:1, 6 ni o‘qing.
5. Xudoga yaqinlashish sizga qanday barakalar keltiradi?
Tangri Yahova Uni sevadigan kishilarga g‘amxo‘rlik qiladi. U bunday insonlarni imoniga va abadiy yashash umidiga xavf tug‘diradigan har narsadan himoyalaydi. (Zabur 91:1, 2, 7–10) Alloh sog‘ligimizga hamda baxtimizga putur yetkazadigan hayot tarzidan ogohlantiradi. Xudovand Yahova bizga eng yaxshi hayot yo‘lini o‘rgatadi. Zabur 73:27, 28; Yoqub 4:4, 8 ni o‘qing.