7-DARS
Xudoning Shohligi nima?
1. Xudoning Shohligi nima?
Xudoning Shohligi samoviy hukumatdir. U boshqa barcha hukumatlarning o‘rnini egallab, Allohning irodasini osmonda ham, yerda ham amalga oshiradi. Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xabar — xushxabar. Yaqinda bu Shohlik insonlarning yaxshi hukumat haqidagi orzusini ro‘yobga chiqaradi. U yer yuzida yashovchi barchani birlashtiradi. Doniyor 2:44; Matto 6:9, 10; 24:14 ni o‘qing.
Har qanday hukumatning podshohi bor. Shunday ekan, Yahova Iso Masihni O‘z Shohligining Shohi etib tayinladi. Vahiy 11:15 ni o‘qing.
2. Nega Iso eng yaxshi Shoh?
Hazrati Iso mehribon bo‘lib, odillikni sevgani bois, u eng yaxshi Shoh. (Matto 11:28–30) Iso yer yuzi ustidan osmonda turib boshqaradi. Shuning uchun odamlarga yordam berishga qudrati yetadi. Iso tirilgach, osmonga ko‘tarilgan va Yahovaning o‘ng tomoniga o‘tirgan. (Ibroniylarga 10:12, 13) Vaqti kelib, Alloh unga hokimiyatni ato etgan va u hukm surishni boshlagan. Doniyor 7:13, 14 ni o‘qing.
3. Iso bilan birga yana kimlar boshqaradi?
«Muqaddas xalq» bo‘lgan guruh Iso bilan birga osmonda boshqaradi. (Doniyor 7:27) Iso o‘z shogirdlari orasidan bir guruh kishilarni tanlab, ularni «havoriylar» deb atagan. Bu sadoqatli havoriylar muqaddas xalq sifatida tanlanganlar orasida birinchilardan bo‘lgan. Yahova bugungi kungacha sadoqatli erkak va ayollarni muqaddas xalq sifatida tanlamoqda. Iso singari ular ham ruhiy tanada tiriltirilmoqda. Yuhanno 14:1–3; 1 Korinfliklarga 15:42–44 ni o‘qing.
Osmonga nechta kishi ketadi? Iso ularni «kichik poda» deb atagan. (Luqo 12:32) Ularning soni 144 000 nafar. Ular Iso bilan birgalikda yer yuzi ustidan boshqarishadi. Vahiy 14:1 ni o‘qing.
4. Iso taxtga o‘tirganida nima yuz bergan?
Xudoning Shohligi 1914-yilda boshqaruvini boshlagan *. Iso Shoh sifatida birinchi navbatda Shaytonni va uning jinlarini yer yuziga uloqtirgan. Oqibatda Shayton qahr-g‘azabga minib, yer yuzi bo‘ylab turli baxtsizliklarni keltirib chiqara boshlagan. (Vahiy 12:7–10, 12) O‘shandan beri insoniyatning azob-uqubatlari yanada ko‘payib ketdi. Ochlik, urushlar, zilzilalar va o‘latlar — Xudoning Shohligi yerdagi ishlarga aralashishiga vaqt oz qolganidan dalolat beruvchi «belgining» bir qismi. Luqo 21:7, 10, 11, 31 ni o‘qing.
5. Xudoning Shohligi nimalarni amalga oshiradi?
Yer yuzi bo‘ylab xushxabar va’z qilinayotgani tufayli Xudoning Shohligi hozirning o‘zidayoq ulkan olomonni birlashtirmoqda. Millionlab kamtarin insonlar Isoning boshqaruvi ostidagi bu Shohlikning fuqarolari bo‘lishyapti. Ushbu yovuz dunyo yo‘q qilingan vaqtda Xudoning Shohligi ularni himoyalaydi. Shu bois Xudoning Shohligi boshqaruvi ostida yashashni istovchilar Isoga itoat etishni o‘rganishlari darkor. Vahiy 7:9, 14, 16, 17 ni o‘qing.
Isoning Ming yillik boshqaruvi davrida bu Shohlik Allohning insoniyatga nisbatan ilk niyatini amalga oshiradi. Butun yer yuzi jannatga aylanadi. Bundan so‘ng, Iso Masih Shohlikni Xudoga qaytarib topshiradi. (1 Korinfliklarga 15:24–26) Xudoning Shohligi haqida kimga aytishni xohlardingiz? Zabur 37:10, 11, 29 ni o‘qing.
^ 6- x.b. Muqaddas Kitobdagi 1914-yilga ishora qiluvchi bashoratlar «Muqaddas Kitob haqiqatlari» kitobining 217–220-sahifalarida muhokama qilingan.